OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Solihboy falsafasi yoxud pul haqida kuyunchak mulohazalar

Pulni o‘ylamaydigan, pulga ishi tushmagan, pul bilan bog‘liq muammolarga duch kelmagan odam bo‘lmaydi. Bundoq qaraganda, hamma pul uchun, pul topish uchun yashayotgandek tuyuladi. Aslida unday emas, albatta. Pulning g‘alati bir xususiyati bor — u kashf etilganidan buyon yetishmaydi. Agar kambag‘al tong sahardan bir burda non g‘amida kuymalansa, puldor pulini yanada ko‘paytirish tashvishida o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradi. Puli kamayib qolishidan cho‘chiydi, odamlarning qarz so‘rashidan yuragi bezillaydi. “Hammaga qarz beraversam boy bo‘larmidim?”, deya iddao qiladi.

Xo‘sh, dunyo dunyo bo‘lgandan buyon had-hisobsiz fojealar, urushlar, turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lgan, yaqin do‘stlar, hatto tug‘ishgan og‘a-inilar o‘rtasiga rahna solgan, ayni chog‘da xayrli, bunyodkorlik ishlariga vosita bo‘lgan, ko‘pgina mushkulotlarning osongina yechimini topgan pulning biz bilmagan, biz yaxshi ilg‘amagan sir-sinoati bormi? Nega ko‘p narsa aylanib kelib yana pulga taqalaveradi? Nega? Nega?..

O‘zbek tilining yangi nashr etilgan besh jildlik izohli lug‘atida pulga shunday ta’rif berilgan: «Pul (forscha — pul, aqcha, baliq tangasi) 1. Oldi-sotdi yoki to‘lov muomalalarida narx, baho, qiymat o‘lchovi bo‘lgan metall yoki qog‘oz belgi, aqcha. 2. Sarmoya mablag‘. 3. Ish haqi, maosh. 4. Ba’zi yerlarda yarim tiyinga, ba’zi yerlarda bir tiyinga teng bo‘lgan pul o‘lchov birligi va shu qiymatdagi mayda pulning o‘zi».

Dono xalqimiz pul haqida ko‘plab rivoyatlar, purhikmat maqollar to‘qigan: “Pul — belga quvvat, boshga toj”, “Pul bo‘lsa changalda sho‘rva”, “Pul jigardan bunyod bo‘lar”, “Pul ketsa ketsin, or ketmasin”, “Pul ko‘paysa, odam buzilar”, “Puli kuygan qalampir chaynar... ”.

Pul haqida hazilomuz iboralar ham paydo bo‘lgan: “Baxt pulda emas, pulning miqdorida”, “Puling bo‘lsa xaltada, dam olasan Yaltada”, “Pul o‘lsin-a pul o‘lsin!”...

Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dramasidagi Solihboyning o‘sha mashhur gapi esingizdadir. Pulning kuchiga, qudratiga ishongan boy shunday deydi: “Hali shundaymi? Ha-ha... Ko‘ramiz... Kim zo‘r ekan? Sendagi sevgi bilan vafolarmi yoki mening cho‘ntagimdagi oltinlarmi?”.

Darvoqe, Solihboy rolining mohir ijrochisi Obid Jalilov vafot etgach, o‘rniga munosib artistni uzoq qidirishadi. Axiyri Amin Turdiev nomzodi ma’qul topiladi. Amin aka rozi bo‘lishdan oldin bir shart qo‘yadi:

— Menga ko‘p pul berasizlar.

— Ie, pulni nima qilasiz?

— Rol ijro etishdan oldin pulni belimga bog‘lab olaman. Ana o‘shanda o‘zimni rostdan ham boydek his etaman, ijrom ham zo‘r bo‘ladi.

Xo‘sh, pulning lug‘aviy ma’nosini bir chetga qo‘ya turaylik, pul nima o‘zi? Bu savolga har kimning o‘z javobi bor, albatta.

Yaqinda o‘zining oltmish yoshini nishonlagan Rossiya estradasining yulduzi Alla Pugachyova muxbirning yuqoridagi savoliga shunday javob beradi: “Pul — menga o‘zimni kamsitilgandek his qilmasligim uchun kerak bo‘ladigan vosita”.

Yaxshi javob, albatta. Bunday aqida bilan ish tutadigan odamni pulga ortiqcha ruju qo‘yishda ayblash qiyin.

Dramaturg Sharof Boshbekovning bir hajviyasini o‘qigandim. Qisqacha mazmuni shunday: bir odam ertalab ishga jo‘naydi. Yo‘lda sadaqa so‘rab turgan gadoyga yirikroq pul beradi, qaytimini olmaydi, g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi. Taksi haydovchisiga ham katta pul uzatadi, yana qaytimini olmaydi, g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi. Ishga kelgach, peshtaxta ortiga o‘tib, xalatini kiygach, yeng shimarib ...g‘urur to‘plashga kirishadi.

Milliard-millard puli bo‘lsa ham tinimsiz boylik to‘plashga ruju qo‘ygan kimsalarning dunyoqarashi, falsafasi, psixologiyasini men yaxshi tushunavermayman, shu bois ularning yuqoridagi savolga qanday javob berishini tasavvur qilish qiyin. Fikrimcha, aksariyat odamlar uchun pul, avvalo yashash, tirikchilik vositasi, farovon turmush, emin-erkinlik muqobili. Ayni chog‘da pul topish yagona maqsad, hayotning asosiy ma’nosi bo‘lib qolmasligi kerak. Qadimgi donolardan biri hukmdorga qarata: “Sen yeyish uchun yashaysan, men yashash uchun yeyman, farqimiz shunda!” deya bejiz aytmagan.

Xo‘sh endi asosiy savolga kelsak — pul odamni buzadimi?

Bu savolga har kim o‘z tushunchasi, dunyoqarashidan kelib chiqib, turlicha javob berishi mumkin. Avvalo, pul odamni buzishi uchun o‘sha ortiqcha pulning o‘zi bo‘lishi kerak. Ammo pul shunday narsaki, u hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Shu bois, nazarimda, pul odamni buzadi, deb hisoblovchilar u qadar ko‘p emas.

Agar odam pulni jonini koyitmay, osonlik bilan topsa, amalini boylik orttirish manbaiga aylantirsa, pul vositasida hamma narsaga osonlik bilan erishsa, shuning oqibatida unda kalondimog‘lik paydo bo‘lsa, odamlarga past nazar bilan qaray boshlasa, nopok ishlarga qo‘l ursa, unday kimsalarni xalq “Pul quturtirgan!” deb hisoblaydi, ulardan nafratlanadi va to‘g‘ri qiladi. Xalq hech qachon adashmaydi.

Aql — eng katta boylik. Halol, peshona teri bilan, aql bilan topilgan boylikning qadru qimmati ham bo‘lakcha bo‘ladi. Qariyalar, pensiyachilarning puli barakaliroq bo‘lishi ham bejiz emas. Harom-harish yo‘llar bilan topilgan pulning esa barakasi bo‘lmaydi. Kimlarnidir norozi qilib, qon qaqshatib topilgan pul ham egasiga yuqmaydi. Pulning bunday xususiyatida bir hikmat bor, albatta.

Sarmoyadorlar, puldorlarning hammasiga shubha bilan qarash, ularni qing‘irlikda, nohalollikda ayblash to‘g‘ri emas, albatta. Afsuski, bizda boylarni, boylikni to‘g‘ri tushunish madaniyati hali shakllanmagan. Havas emas, hasad kuchli. Hasad odamning ichini kemiradi.

Boylarga, har qanday boylikka qandaydir bir shubha, gumon bilan qarash sho‘rolarning manfur siyosati tufayli (Boy bo‘lish aybgina emas, katta jinoyat hisoblangan, shu bois boylar bola-chaqasi bilan ayovsiz qatag‘on qilingan, surgunlarda azob chekib o‘lib ketishgan) ongu shuurimizga singdirilgan.

Sho‘rolar siyosatini qo‘ya turaylik, mustaqilligimiz arafasida o‘sha qadimiy Navro‘z bayramimizni eskilik sarqiti, diniy bayram, deya qatag‘on qilgan kaltabin siyosatchilar moddiy jihatdan ozgina qaddini rostlab olgan, o‘zlariga yoqmagan ayrim shaxslarga ozmuncha zug‘um o‘tkazdimi? Rahmatli ustoz Ozod Sharafiddinovning halol, peshona teri evaziga qurgan dalahovlisi ayovsiz buzdirib tashlangani jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Xayriyatki, istiqlol tafayli bunday o‘zboshimchaliklarga barham berildi.

Inson hayotga bir marta keladi. Hayot insonga berilgan eng oliy ne’mat. Shunday ekan, hayotda hamma narsa — ro‘shnolik, farovon turmush ham o‘z vaqti soatida bo‘lgani yaxshi, albatta. Ammo goho hamma narsaga erishib, bola-chaqalarni uylab-joylab, endi og‘zing oshga yetay deganda Olloh omonatini so‘rab qoladi. Shunisi achinarli. Shunisi alam qiladi. Kechagina bag‘rimizni to‘ldirib, davralarga fayz kiritib yurgan akaxon va ukaxonlarimiz bugun oramizda yo‘q. Beixtiyor shoirning “O, inson qismati, bunchalar chigal...”, degan satrlari esga tushadi. Shu bois, hamisha hayotni g‘animat deb bilishimiz kerak. O‘lchovli umrni ezgu ishlarga sarflamoq joiz. Bu kitobiy gap emas. O‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘larimiz, tabarruk siymolarning shaxsiy hayotlari bu jihatdan katta ibratdir. Buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiyning ulug‘ bunyodkorlik ishlari, ko‘plab koshonalar, madrasalar, ko‘priklar, hammomlar, bog‘-rog‘lar barpo etgani, ilm va ijod ahliga hamisha yordam qo‘lini cho‘zib, homiylik qilishgani jahon miqyosida qayta-qayta e’tirof etilgan. Ularning ezgu, savobli, xayrli ishlari Tretyakov, Nobellarning xizmatidan ko‘ra ulug‘vorroq, ibratliroq.

Zamona zayli, mustaqillik sharofati bilan o‘zimizdan ham katta pul topayotgan tadbirkorlar, badavlat kishilar yetishib chiqmoqda. Biz bundan mamnun bo‘lishimiz kerak. Yurtboshimizning katta-kichik yig‘inlarda hamisha tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash lozimligi haqida kuyinib gapirishi ham bejiz emas. Lekin qars ikki qo‘ldan bo‘lmog‘i lozim. Negadir bizning yangi boylarimiz muhtojlarga yordam qilish uchun unchalik shoshilmayotganga o‘xshaydi.

Biz goho hamma narsa pulga borib taqalayotganidan, hamma narsa pul bilan o‘lchanayotganidan noliymiz. To‘g‘ri, bu gaplarda jon bor. Ayni chog‘da, hamma narsa o‘zimizga bog‘liq ekanini o‘ylamaymiz. Haqiqat tashqarida emas, o‘zimizning ichimizda ekani esimizga kelmaydi. Hayot, kundalik turish-turmushimiz kun tartibiga qo‘yayotgan muammolarni hech kim chetdan kelib biz uchun hal qilib bermaydi. Qur’oni karimdagi “Fe’lingizni o‘zgartirmaguningizcha taqdiringizni o‘zgartirmayman“, degan purhikmat kalimani unutishga haqqimiz yo‘q.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 20-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.