OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sirli xilqat yoxud “Ikkinchi darajali insonlar” haqida

Jannat -onalar oyog‘i ostidadir. Payg‘ambar Muhammad, u kishiga Allohning salomi bo‘lsin, onalarni (ularning, avvalo, ayol ekanini unutmaylik) shunday e'zozlagan. Siz ham, biz ham, dunyoning buyuk daholari ham, hatto payg‘ambarlar ham shu ayol zotidan dunyoga kelgan. Demak, ularni haqli ravishda e'zozlash, jamiyatda ularga o‘zlarining mos o‘rinlarini berish bizning nafaqat farzandlik, balki insoniylik burchimiz hamdir. 

Yurtimizda, Sharq musulmon xalqlarida ayollarni hurmat qilish, ularni nafaqat moddiy-jismoniy, balki ma'naviy himoya qilish an'anasi chuqur ildiz otgan. Ularga ko‘rsatish lozim bo‘lgan oliy hurmat namunasi payg‘ambarimizning yuqoridagi hadislarida o‘zining yuksak e'tirofini topgan.

Ammo tarixni o‘rgansak, uning aksariyat davrida ayol jinsi jamiyatning ikkinchi darajali toifasi sifatida hukmron erkaklar tomonidan ko‘p bor tahqirlanganining guvohi bo‘lamiz. Yaqin o‘tmishda ham, masalan, XIX asrda, bugun ayollar huquqi keng e'tirof topgan Yevropa mamlakatlarida ayol zoti har qanday haq-huquqlardan mahrum edi. Unga erkakning mulki sifatida qaralib, uy ishlaridan boshqa biror faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lish uy bekasi uchun taqiqlangan edi. Yoki qadim yahudiylar jamiyatida ayol kishi iblisning sherigi sanalgan. Barcha yomonliklar boshi ayol kishidandir degan aqida jamiyatda keng hukm surgan. Ayniqsa, hayz yo nifos davrida bo‘lgan ayollar umuman insonlik safidan chiqarilib, ular oziq-ovqatga, ro‘zg‘or ishlariga mutlaqo yaqinlashtirilmagan. Ularga bu paytda nafrat ko‘zi bilan qarashgan.

Tarixchilar insoniyat o‘tmishini va hatto bugunini ayol-erkak munosabatlariga ko‘ra patriarxizm davri deb atashadi. Ma'lumki, patriarx jamiyatda erkaklar hukmron bo‘lib, ayol kishi ikkinchi darajali fuqaro hisoblanadi. Bu qarashda haqiqat bor. O‘tmish xalqlari jamiyatida ayol o‘rni va mavqeini o‘rganadigan bo‘lsak, aksariyatida ayollar ikkinchi darajali toifa sanalganining guvohi bo‘lamiz. Shunday jamiyatlar ham bo‘lganki, ularda ayol kishi jonli bir mulkdan boshqa ahamiyatga ega bo‘lmagan.

Kishanlardan xalos bo‘lish payti keldi

XIX asr oxiri va XX asr boshiga kelib, G‘arbda feminizm harakati vujudga keldi. Jamiyatning ilg‘or va yetakchi ayollari boshchilik qilgan bu yangi oqim zaifalar jinsini patriarxizm kishanidan ozod qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Ularga ko‘ra, ayol va erkak har jabha va maqomda teng bo‘lib, bir jinsni o‘rtadagi jismoniy va biologik tafovut bois ikkinchi jinsdan past ko‘rish yoki har ikkisi uchun jamiyatda farqli maqomlar berish mutlaqo noto‘g‘ri va asossizdir. Harakat AQShda keng quloch yozib, alal-oqibat ayollar jamiyatda erkaklar bilan har sohada teng huquqlilikni qo‘lga kiritishlari bilan yakun topdi. Feministlar shunchalikka yetib bordilarki, ayollarning "kishan"lardan to‘la ozodlikka chiqib, erkin qush bo‘lib har tomonga uchishlari oqibatida jamiyatda "jinsiy inqilob" atalmish yangi madaniy-ijtimoiy o‘zgarish yuzaga keldi. U olib kelgan oqibat - erkak va ayollarning jinsiy huquqlarda ham tengligi qoidasiga ko‘ra, ayol yoki erkak istagan kishisi bilan istagan payt o‘zaro rozichilik asosida ko‘ngilxushlik rishtalarini bog‘lashi mumkin. Ularning aqidasi shunday edi: Istaganingni qilishing mumkin, birovning arpasini xom o‘rmasang bas.

Bular an'anaviy Sharq hayot tarzidagi ayol mavqeiga nisbatan jiddiy zarba bo‘ldi.

BMT ayollarni himoya qiladi

Yuqorida feministlar ayol va erkak huquqlari tengligi borasida biroz hadlaridan oshgani haqida fikr yuritdik. Bu faraz G‘arb jamiyati uchun to‘g‘ri, desak bo‘ladi. Ammo ayrim hudud va mamlakatlarda ayollar hadlaridan oshish uyoqda tursin, jamiyatning qonuniy a'zolari sifatida birlamchi huquqlarini ham qo‘lga kirita olganlari yo‘q. Hali dunyoning ko‘plab nuqtalarida ayollarga munosib o‘rin va mavqe berilmayapti. Ayollarga ikkinchi toifali odamzot sifatida qaraladigan jamiyatlar tamoman yo‘qolib bitmagan. Bu esa XXI asr insoniyati uchun uyatdir.

Davrning mas'ul kishilari to‘plangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) zaifalarni himoya qilish masalasini yangi mingyillikda qilinishi lozim bo‘lgan eng muhim sakkiz vazifa qatoriga kiritdi. Uning o‘ta qashshoqlik va savodsizlik muammolaridan keyin uchinchi o‘rinda tilga olinishi ham mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ayollarning erkaklar bilan teng huquqlarga ega ekani, ularga nisbatan jinsiy kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi e'lon qilinganidan so‘ng 60 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay hanuz o‘tmish asrlar xurofoti ta'sirida ayol zotining o‘zi kabi bir inson ekanini tan olgisi kelmaydigan erkaklar bor. Bu oliy qonun hujjatini qabul qilmagan, tasdiqlamagan davlat yer yuzida bugun deyarli qolmagan bo‘lsa-da, lekin ayollarga teng huquqli bo‘lish uchun yetarli sharoit yaratib bermayotgan, balki amalda norasmiy tarzda patriarxal siyosat yuritayotgan davlatlar, hukumatlar yo‘q emas. Ahvol shunday ekan, ojizalarning holidan xabar olishni, ularni adolatsiz xo‘rlanish va kamsitilishdan himoya qilishni oliy dunyo yig‘ini bo‘lmish BMT o‘z zimasiga oldi.

2000 yili qabul qilingan Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) doirasida 2015 yilgacha ta'lim tizimida erkaklar va ayollar teng huquqliligini ta'minlashga dunyo miqyosida erishish BMT oldidagi bosh maqsad qilib olindi. Lekin bunga erishishning birinchi bosqichi bo‘lgan muhlatda - 2005 yilgacha boshlang‘ich va o‘rta ta'limda tenglikka erishish masalasida faqat sakkiz mamlakatgina muvaffaqiyat qozona oldi xolos. 113 davlatda esa vaziyat hamon yomon. Dunyo bo‘yicha ta'lim olish imkoniyatidan bebahra aholining aksariyatini hanuz ayollar tashkil etmoqda. Parlament va hukumat idoralarida ayollar sonining kamligi ham zaifalarning ijtimoiy-siyosiy hayotda faol qatnashishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratilmagani bilan izohlanadi. Dunyo davlatlari orasida faqat 20 mamlakatdagina Parlamentdagi o‘rinlarning 30 foizi ayollar tomonidan band etilgan bo‘lib (bu nisbatan yaxshi ko‘rsatkich), ularning birortasi ham Osiyo vakili emas. Demak, ayollar huquqlari borasida ahvol Osiyoda chatoq. Shu yilning yanvar oyidagi ma'lumotga ko‘ra, 150 mamlakatning saylangan davlat rahbarlari orasida faqat yetti kishigina ayollardir. BMTga a'zo 192 davlatidagi hukumat rahbarlarining ham faqat sakkiztasinigina ayollar tashkil etadi.

MRM qabul qilingan sanadan shu kungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ayollar haq-huquqlarini ta'minlash borasida jiddiy chora-tadbirlar, global loyihalar amalga oshirildi. Masalan, 2003 yili qabul qilingan Ruanda Konstitutsiyasida Parlamentda kamida 30 foiz o‘rin ayollar uchun berilishi belgilab qo‘yildi. Shu boisdan bugun Ruanda dunyoda ayollari qonun chiqaruvchi organda eng ko‘p (48 foizdan ziyod) joy egallagan 5 mamlakatning birinchisi bo‘lib turibdi (undan keyingi o‘rinda Shvetsiya (47 foiz), Kuba (43,2 foiz), Finlandiya (41,5 foiz) va Argentina (40 foiz) turadi). 2006 yil Quvayt tarixida birinchi marotaba ayollar mamlakat Parlamenti saylovlarida ishtirok etdi. 1991 yildan hozirgacha har yili 25 noyabrdan 10 dekabrgacha dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida "Jinsiy zo‘rovonlikka qarshi 16 kunlik harakat" ommaviy yig‘inlari o‘tkazilmoqda. Ular rejasidan ayollarga nisbatan zo‘rovonlik ishlatish holatlarini kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilishi ko‘zlangan turli tadbirlar joy olgan.

Yurtimizda ayollar qanchalik e'zoz topgan?

Ayollar yurtimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. O‘zbekiston ta'lim tizimining boshlang‘ich va o‘rta ta'lim bosqichlarida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi miqdoriy tafovutlar deyarli sezilmaydi. Oliy ta'limda qizlar nisbati 1995 yilda 25 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2005 yilda bu ko‘rsatkich 45,3 foizga o‘sgan. Fan doktori unvoniga ega bo‘lish uchun tadqiqot olib borayotgan ayollar soni ham mamlakatimizda yil sayin oshib bormoqda. Ularning soni 1995 yilda 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilda 37,1 foizga yetgan.

Ta'limdagi jinsiy tenglik Konstitutsiya bilan kafolatlangan. 1997 yilda qabul qilingan "Ta'lim to‘g‘risida"gi Qonunda ham kasb tanlash va barcha o‘quv yurtlarida ta'lim olish bo‘yicha erkaklar va ayollar teng huquqli ekani ta'kidlangan.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi darajasida yigit va qizlar miqdorida biroz tafovut ko‘zga tashlanadi. Masalan, akademik litsey o‘quvchilarining 66 foizini o‘g‘il bolalar, 34 foizini qizlar tashkil qiladi. Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasida esa o‘g‘il va qiz bolalar nisbati 55 va 45 foizlarni tashkil etadi. 

O‘zbekistonda ayollarning siyosiy faoliyatda ishtirok etishlari darajasi ham oshib bormoqda. Yangi joriy etilgan kvotalar tizimiga ko‘ra, siyosiy partiyalarning qonun chiqaruvchi va vakillik organlariga ko‘rsatuvchi nomzodlari umumiy sonining kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi kerak. Hozirda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlarining 21 nafari (18%)   va Senat a'zolarining 15 nafari (15 foiz)  ayollardir. Sud organlarida esa ayollar vakillari 22,7 foizni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Mamlakat bo‘ylab qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar ishtirokini kuchaytirish maqsadida viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari rahbarlari ham viloyat hokimlari o‘rinbosarlari vazifasini bajarib, ular mahalliy darajada xotin-qizlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mas'uldirlar. 

Hukumat qator qonunlar va milliy dasturlar, shu jumladan O‘zbekistonda ayollarning ahvolini yaxshilash strategiyasi va ustuvor sohalarini belgilaydigan Milliy harakat platformasini (1998-2005) qabul qilgan. Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani, shu asosda ayollar uchun yangi ish joylarini yaratish hisobiga ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda ularning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli dasturning ishlab chiqilishi ham yurtimizda ayollarga bo‘lgan davlat darajasidagi yuksak hurmat-e'tibordan dalolatdir. Dasturda, shuningdek, ayollarning siyosiy va ijtimoiy faoliyatdagi ishtirokini kuchaytirish choralarini amalga oshirish ham nazarda tutilgan.

Zaifalar xo‘rlanishda davom etadimi?

Zaifalar nohaq xo‘rlanish qismatidan to‘la qutila olganlari yo‘q. Hanuz dunyoning ayrim hududlarida ularga nisbatan adolatsiz munosabat, kamsitish, bir xil ish uchun erkaklarga nisbatan kam haq to‘lash, jinsiy zo‘ravonlik kabi holatlar davom etyapti. Qul qilib sotish yoki tanasini pullash uchun tashkil etilayotgan inson savdosi mojarolarining qurboni ham, asosan, ayollar...

Shunday ekan, ayollarni himoya qilish borasida BMT rahbarligidagi global, hukumatlarning milliy hamda shaxslarning individual chora-tadbirlari davom etadi...

Ayol zoti Xudoning yaratgani bo‘yicha ham jismonan, ham tabiatan himoyaga muhtojdir. Uning nozik xilqati parvarishni, e'tiborni istaydi. Shu boisdan ham kecha xo‘rlagan erkaklarning o‘zi bugun uni yana himoya qilish uchun sahnaga chiqyapti. Agar ayol zoti zaifa bo‘lmaganida erkak zotinining xo‘rlashiga, Patriarxal tizimning ildiz otishiga o‘zi yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Ular ojiza bo‘lganlari bois ham shu qismatga duchor bo‘lishdi. Demak, ular erkaklarning maxsus e'tiboriga, himoyasiga doim ehtiyoj bo‘ladi.

Behzod Mamadiyev,
"Ma'rifat" gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.