OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yigit ori

Yangier shohbekatida avtobus kutib turgandim. Ittifoqo bir guruh hali mo‘ylabiga ustara tegmagan yosh-yalang avtobusning orqa eshigi yoniga kelib to‘xtadi. Yigitlarning bir-biriga qilayotgan muomalasi, yurish-turishi, o‘zlarini tutishi beixtiyor e'tiborimni tortdi. Ular bir-biriga beandisha so‘zlar aytishar, yigitlarga xos bo‘lmagan ingichka, g‘alati ovozda hiy-hiylashib qiyqirishardi. "Sarxushlik oqibati" - xayolimga kelgan dastlabki fikrdan g‘ashim keldi. Axir yigit degani ko‘cha-ko‘yda sal o‘zini tutib, izzatini saqlasa tuzuk edi. 

...Shu payt anchagina "zamonaviy" ki­yingan, sog‘lom tanasini ko‘z-ko‘z qilayotgan bir qiz ularning yonidan o‘tib qoldi. Yigitlardan biri qiz tomon be­o‘xshov cho‘zilib, "Qizgina, oh-oh qizgina!" deya hirs to‘la nigohini unga tikib, xunuk bir harakat qildi. Yonidagilar hiy-hiylashib unga jo‘r bo‘lishdi. Qiz yurishda sekinlashdi. "Yigitning sho‘ri quridi, - beixtiyor ko‘nglimdan shu o‘y kechdi. - Hozir qizginasi tushmagur uning sha'nini yer bilan yakson qilmasaydi", deb o‘yladim. Qiz sekinladi-yu, go‘yo shoiri zamondan qasida eshitgan nozanindek, yigitga "shirin bir tabassum" "hadya" etib, viqor bilan o‘tib ketdi. "Nima balo, qizlar hayosizligini, yigitlar orsizligini ko‘z-ko‘z qiladigan orolga tushib qoldimmi?.." Ichki bir og‘riq dilimni tirnadi.

O‘qigan bir kitobimda ruslar istilosidan oldingi ma'naviy muhit haqida hikoya qilingandi. Bir qishloqlik O‘ng‘ar polvon shayton vos-vosiga uchib qiz o‘g‘irlamoqchi bo‘lib qo‘lga tushadi. Qishloq ahli oqsoqol boshchiligida o‘g‘rini sud qilish uchun to‘planishadi. Oqsoqol O‘ng‘ar polvonga qirq darra urishni buyuradi. O‘ng‘ar polvonda yo‘lbarsning kuchi bor edi. Ammo u darra uruvchilarga osongina tutqich berdi. Polvonni darralay boshladilar. Har darraki, davra qurib, nafasini ichiga yutib turgan tomoshabinlar ihrab yuborishayotir. Biroq, qir­qinchi darrani urganda ham polvon "ih" demadi. Nihoyat oqsoqol hukmning davomini e'lon qildi: "Xaloyiq, bugundan boshlab, O‘ng‘ar polvonni polvon emas, "O‘ng‘ar o‘g‘ri", deb atangiz!" xaloyiq oqsoqolning bu gapini eshitgan hamoni O‘ng‘arbek "gurs" etib yiqildi.

Bu o‘rinda ortiqcha izohga hojat yo‘q. O‘ng‘arga urilgan qirq darra zarbini uning yigitlik g‘ururi o‘ziga olgan edi. Ammo u g‘ururni "o‘g‘ri" degan isnod cho‘pdek sindirdi, polvonni polvon qilgan shernikidek yurakni tig‘siz jarohatladi. Bobolarimiz yigitlik g‘ururini, or-nomusni osmon qadar baland tutishgan. Afsuski, hozirgi ayrim yoshlar qo‘ni-qo‘shnining tomorqasini o‘ragan sim to‘siqni, hovlidagi mis tog‘ora-yu, alyumin obdastani o‘g‘irlab "tadbirkor metalchi"nikiga eltishdan or qilmaydi.Mahalladoshning tovug‘ini o‘g‘irlab, huddi hech narsa bo‘lmagandek qora kursida bez bo‘lib o‘tiraverishadi.

... O‘sha kuni ta'bim ancha xira bo‘ldi. Yigitlar avtobusga "gurr" etib chiqishib, bir-birini surishib orqa o‘rindiqlarni to‘ldirishdi. Manzilga yetguncha xuddi avtobusda ulardan boshqa hech kim yo‘qday, baqirib-chaqirib, almoyi-aljoyi so‘ylashib borishdi. Na bobosi tengi mo‘ysafiddan, na momosi tengi onaxonlardan, na tengdoshlariyu qiz-juvonlardan uyalishdi. Bunchalar uyatsiz bo‘lmasa edi. Ular oriyatining, yigitlik orining bahosi shumi?! Men ko‘rgan yoshlar qaysi makonda tarbiya topyapti, qanday "joningga to‘zim bergur" ustoz o‘gitiga quloq tutyapti? Balki ular bolaligida alla eshitmay ulg‘ayishgandir? Axir, alla eshitmay o‘sgan go‘dak har qanday illatga moyil bo‘ladi, deyishadi-ku. Ular uylarida opa-singillariga, ota-onalariga, bilim dargohida ustozlariga, to‘y-ma'rakalarda qarindosh-urug‘lariga ham "qizgina"ga bo‘lganday munosabatda bo‘lisharmikin? Uyda unday qilmas-ov, deysizmi? Uyda in­sonu, ko‘chada... "Har yigitning aslin bilay desangiz, ma'rakada o‘tirib-turishin ko‘ring", deb Mahtumquli bejizga she'r bitmagan ekan-da.

Biz hamma jab­halarda bobolarimiz buyuk bo‘lganligini ko‘p takrorlaymiz. Ularni jahon tan olgan, biz ko‘proq munosib avlod bo‘lish haqida qayg‘urishimiz kerak. Yigitlarimizni shunday tarbiyalaylikki, ular ko‘cha-ko‘yda qiz-juvonlarga onaga, o‘z singlisiga qaragandek nazar solsinlar. Shunda ko‘cha-ko‘yda turli bezoriliklar ham kamroq bo‘ladi, ayollarimiz tunda ham o‘zlari dunyoga keltirgan yigitlardan cho‘chimay yura olishadi.

Yaqinda kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmay qoladigan yana bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Yangier markaziy bozoriga yetishga uch yuz qadamcha masofa qolgan. Oldinda ko‘rinishidan anchagina og‘ir sumkani ko‘targan juvon ketyapti. Men bilan yonma-yon ketayotgan ziyolinamo, istarasi issiq yigit juvonga yetgach, "Sumkangizni bering, kennoyi, bozorgacha oborishay", - dedi qo‘lini cho‘zib. "Qo‘lim singani yo‘q, o‘zim eplayman!" Javob keskin va zardali bo‘ldi. Yigit bir zum dovdiradi, ayb ish qilgandek qizarib, "Uzr, kennoyi, qo‘lingizni ko‘rmabman", deya ildamlab ketdi.

Juvon yordam bermoqchi bo‘lgan yigitga qilgan shartakiligi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Ammo bir narsa aniq edi, juvonning o‘z yordamini taklif etgan shilqimlardan "og‘zi kuygani" bor gap. Masalaning boshqa tomoni ham borki, bunday shartaki munosabat yigitlardagi hojatbarorlik hislarining yo‘qolib ketishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Muhtaram gazetxon, bir narsani tan olaylik: ko‘cha-ko‘yda, to‘y-hashamda, jamoat transportlarida qiz-juvonlarga behayolarcha tikilgan, besharm so‘zlar qotgan yigitchalarni loaqal bir marta bo‘lsa-da har birimiz ko‘rganmiz. Ko‘rib ko‘rmaslikka olganmiz. Bizning bunday loqaydligimiz esa boyagi singlimizning ba'zida esli-hushli yigitlarni ham no­o‘rin mulzam qilib qo‘yishiga sabab bo‘ladi. Xovos shahrida ma'rakada o‘tirganimizda bir akaxonimiz o‘zi guvoh bo‘lgan noxush voqea haqida kuyunib gapirdi.

- Ikki gapning birida yosh-yalang, yigit-qizlar deysizlar, - afsuslanib gapirdi u, - ular osmondan tushganmi? Mening, sizning, manavining o‘g‘il-qizlari-da, ular. Biz bolalarimizga qanday ibrat ko‘rsatyapmiz? Ekkanimizni o‘rib olyapmiz-da. Tunov kuni Guliston shahriga ish bilan tushgandim. Horib-charchaganimdan hech qayoqqa qaramay to‘g‘ri bekatga yurdim. Guliston - Jizzax avtobusiga men bilan izma-iz yetmish yoshlardagi mo‘ysafid ham ayol hamrohligida chiqdi. Hali avtobus jo‘nashiga ancha vaqt bor ekan. Yo‘lovchilar bozordagi narx-navo, ob-havodan gap so‘rashdi. Shu payt qo‘lida chiroyli qilib somsa terilgan patnis ushlagan juvon orqa eshikdan chiqib, yo‘lovchilarga issiq somsa taklif qila boshladi. Oldingi eshikka yaqinlashganda boyagi mo‘ysafid behayolarcha tikilib turib, orqadan gap boshladi: "Jizzaxga olib ketadiganakan-a?" Juvon gap kimga atalganini anglamadi yoki anglasayam andisha zo‘rlik qildimi, indamay tushib ketdi. Asablarim pand berdi, o‘zimni tutib turolmadim, qanday qilib chol o‘tirgan o‘rindiq yoniga borib qolganimni bilmayman. "Qariganda imoningizni kuydirdingiz-ku, uyat emasmi sizga?, - dedim bo‘g‘ilib. -Uyingizda ham kelinlar bordir, qizlar o‘sayotgandir, qanday or-nomussiz cholsiz". "Oshiq" chol ham, uning ayol hamrohi ham miq etmadi. "Dunyo­ni mana shunaqa tarbiyasiz, johil g‘alamislar buzadi-da" - orqa o‘rindiqda o‘tirgan ziyolinamo kishining bu so‘zlari menga "Yetar endi, chol nasibasini oldi", deganday tuyuldi.

- Balki haligi men ko‘rgan yigitlar ham ora-sira uchrab turadigan haligi chollarning dilbandlarimikin? Buncha vahima qilasiz, bir-ikkita betayin bo‘lsa bordir, sholi ham kurmaksiz bo‘lmaydi dersiz. Aslo! Biz bir narsani unutmaylik, alohida olingan har bir shaxsda millat yashaydi. Oramizda bor-yo‘g‘i birgina "betayin"ning borligi ham jamiyat uchun ko‘plik qiladi. Oramizda loaqal bir nafar noqobilning ham bo‘lmasligi uchun tarbiya, tarbiya va yana tarbiya haqida o‘ylashimiz kerak. Vatanni sevmoq esa iymondandir deydilar. Iymon nima? Uning uchdan biri aql, uchdan biri hayo, uchdan biri jo‘mardlikdir, degan ekanlar Hazrat Umar raziyallohu anhu. Har kim o‘z pushti kamaridan dunyoga keltirgan farzandiga yaxshi tarbiya bera olsa, marra bizniki, ohimiz Allohga yetgani shu! Ana shundagina ota-onalarimiz keksayganda "Saxovat" uylarining to‘rini egallamaydi. "Qariyalar" uylari tarbiyalanuvchilarining o‘ksik ko‘ngillariga malham izlab esimiz ketmaydi. Mehr-oqibat millatimiz sha'ni-shavkati bo‘lib qolaveradi. Ozod va obod yurt bog‘ida xas-cho‘plar uchramaydi, el yurt erkinligi, mamlakat ravnaqi yo‘lida jonini tikishga shaylangan yigit-qizlar kelajakda yurtimizni dunyoga bo‘ylatadi.

Ertamiz egalari - har bir yigit-qizning qalbida Alloh zikri tug‘yon urib tursa, yurtimizda fisqu fasodga, ig‘voyu qutqularga, beimonliklarga o‘rin qolmaydi.

Safar Xolboyev,
"Hurriyat" gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.