OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoshingiz nechada?

Insonlardan necha yoshga kirganlarini so'rashni madaniyatsiz savol, deb hisoblashadi. Bu yozilmagan qonun noqulay vaziyatga solmaslik maqsadida o'ylab chiqarilgan bo'lsa kerak. Tavallud ayyomini kimdir yuzda kulgu, yana kimdir yurakda tashvish bilan qarshi oladi. "Yana bir yoshga ulg'aydimmi?!". Bu yoshlikka intiladiganlar havotiri, bebaho yoshlikka esa deyarli hammamiz intilamiz.

Nisbatan olganda qizlar o'zlarini yoshroq ko'rsatishga harakat qilishadi (buning sababi bor), yigitlar esa yoshlariga yosh qo'shib, o'zlarini ulg'aygan va har jihatdan ustun his qilishni yoqtirishadi (nega, bilmadim).

Men bir necha yil oldin yoshimni aytishga uyalardim. "Voy, shunaqa kichkina qizmisiz?" reaksiyasidan to'yib ketganimdan, yigitlar uslubidan foydalanib, yoshimga yosh qo'shib yoki ayni paytdagi emas, endi to'ladigan yoshimni aytishni yaxshi ko'rardim. Keyinchalik bu shart bo'lmay qoldi. Tug'ilgan kunida xafa bo'ladigan yoshga yetishimga esa hali vaqt bor. Lekin men bundan oldin "Evrika" deyishga arzigulik falsafani tushundim. Yosh - nisbiy, mutlaqo nisbiy narsa. Tahmin qilmang, aytmoqchi bo'lganim ko'ngil yoshligi masalasi emas. Aqlimizning ancha yoshligi masalasidir.

Bu fikrga kelishimga menga bir aforizm turtki berdi. "Anglangan lahzalar umr hisoblanadi". Bu tushunolgan o'quvchi uchun gangitib qo'yadigan so'z. Anglangan lahza umr hisoblanadigan bo'lsa, men qancha lahzani angladim? Qancha umr ko'rdim? 100 ga kirib, televizorda hammani havasini keltiratyotgan otaxon aslida necha yoshda? Qancha vaqtini anglay oldi?

Men o'zligingizni anglashga chaqirayotganim yo'q, so'zlarimda zarracha nasihat sezgan bo'lsangiz, davomini o'qimang. Bu - mutlaqo tabiiy va biz xato o'ylab yurgan narsa ekanligini aytmoqchiman xolos. Umr o'tishi oson. Ertalab uyqudan uyg'ongach, 4 soat to'shakda hayol surib yotsak ham, xo'roz qichqirmasdan turib g'imir-g'imir qilsak ham umr o'tadi. Agar men birinchi usulda 10 yil vaqt o'tkazsamu, qo'shnim ikkinchi yo'lni tanlasa, ikkimiz ham baravar ulg'ayamiz. Yoshga doir imkoniyatlarimiz teng hisoblanadi. Siz bolangizga 2 yoshida kitob olib berdingiz, qo'shningiz 1 sentyabrdan 2 kun oldin bu ishni qildi. Farzandlaringiz teng  - 7 yoshdan maktabga chiqishdi. Ular tengdosh, ha, jismonan teng hisoblanadi, jamiyat har ikkisini ham baravar qabul qiladi.

Mentalitetimizga xos odat - kattaga hurmat. Avtobusda kattalarga joy beramiz, do'konda kattalarni navbatsiz o'tkazib yuboramiz, Falonchi aka bo'shagan rahbar o'rniga munosib nomzod - u jamoada eng kattasi. Oilada ham. "Akangni aytganini qil - u sendan katta", "Opangga qarashib yubor - sen kichkinasan". Aslida kim kattaligini to'g'ri farqlay oldikmi? Axir anglangan lahzalargina umr-ku! 16 yoshli o'spirin atrofidagi 40-50 yoshdagilardan ko'proq o'ylagandir, ko'proq o'qigan, mushohada qilgandir balki? 20 yosh tengdoshim emas, 10 yosh men bilan teppa-teng bo'lib chiqsa-chi? Yo'q, biz buni tan ololmaymiz, ko'rib-bilib tursak ham, bir-ikki yosh tanishimizdan yordam olishni or deb bilamiz. Bayram kunlari xursandchilik qilishni, tilaklar eshitib, sovg'alar olishni, ichdan "bir yoshga ulg'aydim" deb xafa bo'lib qo'yishni bilamizu, bir yil, aqalli, o'tgan va bu yil orasidagi anglagan lahzalarimizni hisoblab ko'rish hayolimizga ham kelmaydi.

Agar yosh ham jismoniy o'sishga qarab bevosita emas, ilmiy darajalar singari ma'lum ishni qilgandan so'ng, uni oqlagan insonga berilganda (bu albatta bo'lmaydigan narsa), "Yosh ko'rinarkansiz" so'zi kompliment emas, haqorat deb qabul qilingan bo'larmidi. Shunda tug'ilgan kunimizni nishonlasak yarasharmidi...

Hayot bamisoli internet foydlanuvchisining "online-offline" holati. O'z maqsadingizga egamisiz, qilayotgan ishingizning mazmunidan habardormisiz, yangi fikrlarga egamisiz, eshitishdan tashqari sizni ham boshqalar eshitishiga undayapsizmi, hech bo'lmasa mahmadonalik qilib turibsizmi - siz "online"siz, siz tiriksiz! Kuningiz o'tsa bas, hayotda maqsadingiz ham, orzuingiz ham yo'q, kim nima desa ergashasiz, boshqalarning gapini to'g'ri hisoblaysiz, taqiqlarga qarshi kurashmaysiz, vaqtingizni tejamaysiz - siz "offline"siz, siz shiddatkor hayotda yashamayapsiz, ma'nan yoshingizga yosh qo'shilmayapti.

"Anglangan lahzalar umr hisoblanadi" aforizmi, haqqoniylik bilan aytganda, hammaga ham go'zal o'ylarni, o'z umrini sarhisob qilish imkoniyatini bermaydi. Shaxsan o'zim endi boshqacha qaray boshlayapman. "Yosh - nisbiy tushuncha. Nega men amakiga navbatimni berishim kerak? Aksincha, men undan yoshman, o'qish-ishim bor, undan ko'ra bandroqman-ku", "Nega gap qaytarmasligim kerak? Kim kafolat beradi bu domla chindan ham mendan, do'stlarimdan kattaligiga? Balki umrining 1 yilinigina anglagandir?". Bu masalaning boshqa tomoni. Sizga rostini aytgan holda, bunday o'ylashni unchalik tavsiya qilmagan bo'lardim. Yana o'zingiz bilasiz.

Balki endi yoshingizni so'rashganda javob berishga ikkilanib qolarsiz? Balki tavallud ayyomingizda bir yoshga ulg'ayganlik emas, shu yoshga loyiq-loyiq emaslik o'yi sizni qiynar? Nima bo'lganda ham anglangan lahzalar - umringiz qanchaligini hisoblab chiqib, boshingiz qotishi aniq. Asosiysi - har doim ham yosh bilan hisoblashmang. Agar bunga jon-jahdingiz bilan yopishib olsangiz, "Men hali bunga yoshlik qilaman, qo'limdan kelmaydi" yoki aksincha, "Yosh bolamidim? Bu ishlarni o'zimga ep ko'rmayman" deya  cheklovlar girdobiga tushib qolasiz va sodda qilib aytganda, ko'p narsadan quruq qolasiz!

"Anglangan lahzalargina umr hisoblanadi" fikriga unchalik tuhsunolmagan yoxud qabul qilolmayotgan bo'lsangiz, sizga boshqa tanish iborani aytaman: "Aql yoshda emas, boshda".

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.