Sevimli yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” nomli qissasida shunday so‘zlar bor: “Qo‘shig‘ing eng avvalo studentlarga yoqdimi, demak, mashhur bo‘lganing shu”. Bugungi kunda chiqayotgan xususiy gazetalar haqida yuqoridagi gapni sal o‘zgartirib aytish mumkin: ya’ni “Gazetang bozorchi ayollar qo‘liga (demakki, nazariga) tushdimi, bas, uning xaridorgir bo‘lgani shu!” Ayniqsa, oldi-qochdi voqealar, chunonchi, seriallar haqida yoziladigan, skanvordli gazetalarning bozori chaqqon. Gazetachilarning yana bir e’tirofi bor: skanvordlar sodda bo‘lishi kerak, aks holda xaridorning qiziqishi so‘nib qolishi mumkin. Ko‘p gazetalarning eng tepasiga katta raqamlar bilan yutuqlar miqdori yozib qo‘yiladi. Skanvordlar esa nazaringizda juda oddiyga o‘xshaydi. Darrov yechib tashlashga chog‘lanasiz. Bunaqada muxlislarga yutuq pullarini to‘layverib, gazetalar kasodga uchramaydimi? Buning ham siri bor ekan: sovrinli skanvordlarning bitta-ikkita savolini jinday murakkabroq qilinsa bas, shunda mukofot yoningga qolishi tayin.
Bir kuni bozorda g‘alati savol-javobga guvoh bo‘ldim: skanvord yechayotgan kartoshkafurush xotin yonidagi erkakdan so‘radi:
— Aristotelning millati nima? To‘rtta harf ekan.
Erkak hech o‘ylab o‘tirmasdan:
— Shved bo‘lsa kerak. O‘zi fizik olim bo‘lgan, — deya javob berdi.
Ayol ham: “Iya, to‘g‘ri keldi”, deb “javob”ni yozib qo‘ydi...
Meni bir savol o‘ylantiradi: mayli, yengil-elpi, oldi-qochdidan iborat “sariq matbuot”ni bo‘lsa-da, odamlarimizning o‘qigani yaxshimi yoki aksinchami?
“Odamning ulug‘ligi uning bo‘y-basti bilan o‘lchanmaganidek, millatning buyukligi son-sanog‘i bilan belgilanmaydi. Yagona o‘lchov — uning ma’naviyatidir”, degan ekan mashhur frantsuz yozuvchisi Viktor Gyugo. Ko‘pincha “Bilimli odam ko‘p pul topadi”, deyishadi. Aslida ham shundaymi? Ko‘p pul ishlash bilimga bog‘liqmi? Buyuk olim Albert Eynshteyn bir umr moddiy jihatdan, yumshoq qilib aytganda, “o‘ta kamtarona” yashagan ekan. Qolaversa, bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Juda g‘alati, shunday emasmi? Buning ustiga inson kasbiy mahoratda yetuk yoki ilm-fanni chuqur egallashi bilan ma’naviyatli bo‘lmasligi ham mumkin ekan. Yo‘qsa, yunon donishmandi Arastuning mana bu gapini qanday izohlash mumkin? “Bilim bobida juda ilgarilab ketib, ma’naviyat bobida ortda qolgan odam oldinga emas, orqaga qarab ketayotgan bo‘ladi”.
Demak, ma’naviyat — bu har sohada yetuklik demakdir.
Ba’zi insonlar yaxshi mutaxassis bo‘lishi mumkin, ammo o‘z fikrlarini yozma bayon qila olmaydi. Ular o‘z kamchiliklarini: “Biz filolog emasmiz, yozuv-chizuv ularning ishi”, deb oqlashga urinadilar. Bu ham odam ma’naviyatidagi bir kemtiklik sanaladi.
Ma’naviyat insonning har bir xatti-harakatida, so‘zlarida aks etib turadi. Bu haqda qadimgi Xitoy hikmatida shunday deyiladi: «Ruhi uyg‘ongan kishilar so‘zi nazokatlidir. Donishmandlar so‘zi sodda. Munosib kishilar so‘zi aniq-tiniq. Chakana odamlar nutqi ko‘p so‘zli. Past odamlar nutqi zerikarli». Buni hayotda juda ko‘p kuzatganmiz: ba’zi ustozlarning ma’ruzasi avvalidayoq odamni uyqu bossa, ba’zilarida esa qiziqishning zo‘ridan ko‘zlarimiz charaqlab ketadi. Yana aytadilarki, “Kitob o‘qishdan avval o‘z qalbingni poklab ol. Yo‘qsa, kitobdagi hikmatlar bilan o‘z kamchiliklaringni “suvab” yuborishni istab qolasan; biror ezgu fazilatni bilib olib, o‘zing uchun foydani ko‘zlay boshlaysan”.
Demak, “Hamma ham Ustoz bo‘lavermaydi”, degan gapda ham hikmat ko‘p ekan. Hattoki, “Ped. akademiya”ni ikki marta bitirganda ham! Ustoz eng avvalo yetuk ma’naviyatli bo‘lmog‘i lozim. Shundagina uning aytgan o‘gitlari shogird qalbidan mustahkam joy oladi. Agar ustoz ma’naviyatsiz bo‘lsa, so‘zda va amalda boshqa-boshqa bo‘lsa, bundaylarga nisbatan xalqimizda: “Ustozning aytganini qil-u, qilganini qilma”, degan maqol bor. Deylik, o‘zi poraxo‘r bo‘lsa-yu, “Chiroqlarim, halol bo‘ling”, deya uqtirsa, uning o‘giti beta’sir bo‘lar ekan!
Buyuk alloma bobokalonimiz az-Zamaxshariy shunday deganlar: “To‘g‘ri va haq yo‘ldan borayotgan odamning qadam tashlashi arslonning yurishidan ham haybatliroqdir”. Vo ajabo, shunday ekan, bizga yana nima kerak?! Keling, Sharq xalqlari ma’naviyatining durdonasi bo‘lgan mana bu fikrlarga ham quloq osaylik: “Ko‘pincha inson tirikchiligini o‘tkazish, oilani to‘ydirish uchun noloyiq yo‘llarga kirishga ham majbur bo‘lib qolib, rasvo bo‘ladi. Shu ravishda u dunyoni ham, bu dunyoni ham qo‘ldan berib qo‘yadi. Sho‘rob joyda bitgan, har kim shoxini egib, sindirib ketgan daraxt har kimdan turtki yeb, do‘stga zor bo‘lgan kambag‘alga o‘xshaydi. Kambag‘allik eng katta baxtsizlik va zo‘r musibatdir. Muhtojlik odamni hammaga dushman, behayo qiladi, insof va muruvvatini qo‘lidan oladi, quvvat va idrokini zaiflashtiradi. Muhtojlik gunoh va fasod manbaidir. Kimki kambag‘allik va muhtojlikka tushsa, uning sharmi, obro‘si ham ketadi. Hayoni qo‘ldan bergan odam kek saqlaydigan va so‘kinadigan bo‘ladi, g‘am pardasi uning aqlini qoplaydi, farosati, zehn-zakosi ozayadi. Bunday baxtsizlikka mubtalo bo‘lgan odamning butun qilgan ishi, so‘zi hammaga yomon ko‘rinadi, beradigan maslahatlari o‘ziga ziyon yetkazadi. Ilgari uni yaxshi deb yurgan do‘stlari endi yomon odam deb hisoblaydilar, boshqalarning gunohini ham unga to‘nkaydilar. Boylar aytganda maqtovga sazovor bo‘lgan so‘zni kambag‘al aytsa, uni nafrat va ta’na bilan qarshi oladilar. Agar kambag‘al shijoat ko‘rsatsa, uni qo‘pol va nodon deydilar, saxiylik qilsa, isrofgar deydilar, muloyim bo‘lsa, qo‘rqoq deydilar, hikmatli so‘zlar aytsa, sergap deb, xomush va sokin o‘tirsa, tilsiz hayvon deydilar. Xullas, bunday yo‘qsillikdan o‘lim yaxshiroqdir.
Ilon og‘ziga qo‘l tiqib zahar olmoq yoki och sher oldidan go‘sht olib qochmoq nomard odamdan bir narsa so‘ragandan osondir.
Debdurlarki, sog‘ayish ehtimoli bo‘lmagan xastalik, visol umidi bo‘lmagan hijron, umrbod g‘ariblik — yo‘qsillik va tilanchilikdan yaxshidir.
Ko‘pincha inson uyalganidan yoki izzat-nafsi kuchliligidan kambag‘al va nochor ekanligini ayta olmaydi. Muhtojlik zo‘r bo‘lsa, nomusli odamni g‘am oxirida xiyonatga, xalqning moliga qo‘l cho‘zishga majbur etadi. Olimlar debdurlarki, “Indamaslik — yolg‘on gapirishdan, duduqlanish — so‘kishdan, kambag‘allikka chidash — o‘g‘rilik bilan mol to‘plashdan yaxshidir”.
Bog‘lanib, sandiqqa solingan sher o‘z kuchini yo‘qotmagani kabi, ilm va hunar egasi ham badavlat bo‘lmasa-da, o‘z izzat-hurmatini yo‘qotmaydi. Aksincha, itning bo‘yniga oltin zanjir bog‘lansa-da, hamma joyda harom hisoblangani kabi iste’dodsiz, saxovatsiz davlatmand ham nafratga duchor bo‘ladi”.
Men bularni nega esladim? Bir hadis tufayli: “Hikmatli so‘z — mo‘min kishining mulkidir. Uni qaerdan topsa, o‘zlashtirib olishga haqlidir”. Shuni sizga ham ilindim...
FarDU talabasi