OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Argentinada qor, Chin mamlakatida toshqin

bu tabiat qonuniyatimi yoki inson ta’siri oqibati?


Bu yilgi yoz mavsumi insoniyatga ustma-ust “sovg‘alar” taqdim etishda davom etmoqda. So‘nggi marta noqulay ob-havo sharoiti Lotin Amerikasini dog‘da qoldirdi.

Asrning birinchi qori

O‘tgan haftada Argentinada so‘nggi 90 yil (ayrim ma'lumotlarga ko‘ra 80 yil) mobaynida ilk marotaba yoqqan qorni minglab argentinaliklar hayrat bilan  kuzatishdan charchamadi.

Argentina milliy ob-havo xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Buenos-Ayresda so‘nggi marta 1918 yil 22 iyunda (ba'zi o‘rinlarda 1928 yil 27 iyulda) qor yoqqan. Odatda bunday holatlar mamlakatda 100 yilda bir marta qayd etilar ekan. Meteorologlar bu holatni oldindan aytib berish imkonsiz ekanini ta'kidlashmoqda.

Garchi Lotin Amerikasida qor yog‘ishi noodatiy tabiat hodisasi hisoblansa-da, keyin­gi paytlarda u sertashrif bo‘lib qoldi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarib, sovuq shamollar Arktikadan mazkur mintaqaga sovuq ob-havo, qor va jalaga sabab bo‘luvchi tsiklonlarni olib kelmoqda.

Hatto, Lotin Amerikasi plyajlarida sovuq tushishi bilan pingvinlar paydo bo‘lib qoladi. Ular bu yerdagi keskin ob-havo o‘zgarishlaridan bir necha kun ilgari sayyohlar ko‘z oldida  Braziliyadagi mash­hur Kopakabana plyajiga suzib kelishgan.

Qachon qor yoqqandi?

Yer yuzida qor ko‘rmay yashaydigan xalqlar nihoyatda ko‘p. Ular uchun mazkur tabiat hodisasi bir mo‘'jizadek gap. Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, ana shu mo‘'jizaning tez-tez kuzatilayotganligiga amin bo‘lamiz.

2002 yil 15 yanvarda Saudiya Arabistonida 40 yil mobaynida ilk marotaba qor yoqqan. Iroq va Iordaniya chegarasida qor qalinligi 20 santimetrga yetgan.

2004 yil 31 dekabrda Birlashgan Arab Amirliklarida mamlakat tarixida birinchi bor qor yog‘di. Yozda havo harorati +50 darajadan tushmaydigan, qishda esa Fors ko‘rfazi suvida cho‘milish mumkin bo‘lgan joyda favqulodda havo harorati -5 darajaga tushib ketgan va ikki kun qor yoqqan.

2005 yil 26 avgustda Braziliyaga haqiqiy qish keldi. Mahalliy aholining quvonchi cheksiz edi. Ular qorbo‘ron o‘ynashdek "ushalmas orzusi»ga o‘shanda yetishgandi.

Keyinchalik bunday kutilmagan qor yog‘ishi JARning Yoxannesburg shahrida, Nepal poytaxti Katmandu, Portugaliya kabi bir necha hududlarda ham kuzatildi.

Suv ostidagi Xitoy

Lotin Amerikasi qorbo‘ron o‘ynash bilan ovora bo‘lgan bir paytda Xitoy cho‘kib ketmaslik taraddudida edi. Bu yerda ro‘y bergan kuchli jala va ko‘chki oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 101 kishiga yetdi, 26 kishi bedarak yo‘qoldi.

Yakuniy hisob-kitobga ko‘ra, mazkur yomg‘irlar mavsumida mamlakatda suv toshqinlari oqibatida 360 kishi qurbon bo‘lgan. Mamlakatning suv tosh­qinlari va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish davlat shtabi vakilining aytishicha, 10 iyul holatiga ko‘ra, tabiiy ofatdan 42,85 mln. ga. qishloq xo‘jaligi yerlari zarar ko‘rgan, 217 ming turar joy binolari vayron bo‘lgan, iqtisodiy zarar miqdori esa 24,3 milliard yuan, ya'ni 3,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Nega shunday bo‘lyapti?

Bugun har qanday iqlim o‘zgarishi global isish jarayoni bilan bog‘lanadi. Olimlar 2002 yilni so‘nggi 143 yil davomidagi eng issiq yil, deya e'lon qilishgandi. Ammo o‘tgan yil oxirida 2007 yil sayyora tarixida eng issiq yil bo‘lishi bashorat qilindi.  BMTning iqlim bo‘yicha komissiyasi xulosalariga ko‘ra, global isish yog‘ingarchilik ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ya'ni, odatiy yomg‘ir endi jalaga aylanadi. Shuning­dek, ularning mavsumiy miqdori ham ortadi. Masalan, Germaniyada, agar XX asr boshida yiliga o‘rtacha uch kun "yog‘in kuni" bo‘lsa, endi ularning soni 5 taga yetadi.

Xo‘sh, global isishga, iqlim o‘zgarishlariga nima sabab bo‘lmoqda?

- Iqlim o‘zgarishining eng asosiy sababi antropogen, ya'ni, inson faoliyati bilan bog‘liq omillardir. Keyingi yuz yilda bu omilning ko‘rsatkichi 60-70 foizni tashkil etgan. Yana bir asosiy sabablardan biri issiqxona gazlarining ko‘payishi va daraxtlarning keskin kamayishi hisoblanadi. Umuman olganda, iqlim o‘zgarishi bahsli masala. Bu borada turlicha fikrlar mavjud"- deydi «Ekosan­inform» axborot tahlil markazi rahbari, «Ekosan» xalqaro tashkiloti raisi o‘rinbosari Xoniya Asilbekova. - Yaqinda Parijda humatlararo ekspert­lar guruhining uchrashuvida ilmiy asoslangan ma'ruza chop etildi. Unda aytilishicha, o‘tgan o‘n yil davomida havoning o‘rtacha harorati 0,4 dan 0,6 darajaga ko‘tarilgan. Oqibatda Arktika va Antarktida muzliklari eriy boshlagan. Okean sathi 10-25 santimetrga ko‘tarilgan. Markaziy Osiyo va Osiyo mintaqalarida yog‘ingarchilik ko‘paygan, shu bilan birga qurg‘oqchilik va sahrolanish kuchaygan. Bu esa ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirdi. Dunyo miqyosida inson ta'sirida yuzaga kelgan cho‘llar maydoni 9,1 million kvadrat kilometrga yetgan.

Yuqorida aytilganidek, bu borada turli qarashlar ilgari suriladi. Odatda sanoat chiqindilari, azon qatlamining qisqarishi kabi bir qator asosli omillar ham bunga sabab qilib ko‘rsatilmoqda. So‘nggi yillarda esa global isishning yana bir necha sabablari aniqlangan.

«Sayens» jurnalida aytilishicha, Atlantika, Tinch va Hind okeanlarining Antraktidaga yondash janubiy qismlarida karbonat kislotasining yutilishi sezilarli ravishda kamaygan. Xalqaro tadqiqotchilar guruhining bashoratiga ko‘ra, karbonat kislota gazining havoda qolishi sayyoramizdagi global isish jarayonini tezlashtiradi. To‘g‘ri, avval ham mazkur gazning okeanda yutilishi hajmi kamayishi aytilgan, biroq bu kamida 40 yillardan so‘ng sodir bo‘lishi kutilayotgandi. Ayrim olimlar esa yutilish darajasi emas, havoga chiqarilayotgan gaz miqdori ko‘payganligini aytishmoqda.

Olimlar Yerimizdagi mazkur holatni tushunish uchun Mars tarixiga nazar tashlashga qaror qilishdi. Ma'lumki, Yerdagi global isish jarayoni Marsni allaqachon zabt etib bo‘lgan. Aniqlanishicha, Marsning ayrim hududlaridagi yorqin chang havoga ko‘tarilgan va quyosh radiatsiyasini yuta boshlagan. Sayyoraning isib borishi kuchli shamollarga sabab bo‘ldi. Bu esa changni yana ham ko‘paytirdi. Planetar geolog Pol Geyslerning aytishicha, aynan mana shu jarayon Marsdagi qutb muzliklarining erishiga sabab bo‘lgan. So‘nggi 30 yil davomida sayyoradagi qorong‘u va yorug‘ hududlar joylashuvida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bergan va bu iqlim o‘zgarishining bir belgisi hisoblangan. To‘g‘ri, Yerda bunday chang mavjud emas. Ammo sayyoramizda iqlim o‘zgarishiga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan mexanizmlar bor. Ularning harakati okeanlar va qor qatlamlariga asoslanadi.

Jahon olimlari tomonidan e'tirof etilgan yana bir sabab bu QUYoShAyrim olimlar Quyoshning faollashuvi natijasida global isish jarayoni yuzaga keladi, degan fikrda. Ular quyosh nurlarining integral oqimi ortganligini aytishmoqda. Bu fikrni NASA ning 1999-2005 yillarda parallel ravishda Mars iqlimining isishi haqidagi xulosalari ham tasdiqlaydi.  «Marsda ham xuddi shunday global isish sodir bo‘lgan, lekin issiqxona effekti va "marsliklar" ta'sirisiz. Ikki sayyorada bir vaqtda kuzatilgan holatning sababi bitta quyosh nurlari intensivligining uzoq muddatli o‘zgarishi bo‘lishi mumkin",- deya mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildiradi Rossiya fanlar akademiyasi bosh astronomik observatoriyasi kosmik tadqi­qotlar laboratoriyasi rahbari Habibullo Abdusamatov ("Novosti" axborot agentligi).

Olimning aytishicha, XX asr­dagidek quyosh nurlari oqimining ortishi kamida 600 yil kuzatilmagan. Quyosh yorug‘ligining bir asrlik kuchayishi 1990 yillarda o‘z cho‘qqisiga yetdi.  Hozir quyosh yorug‘ligi bir asr tsiklida pasayish davriga kelgan, lekin Yerning termal inertsiyasi hozircha mavjud global issiqlik holatini saqlab turibdi va bu biz so‘nggi yillarda kuzatayotgan turli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.  Buni obrazli tarzda oddiyroq qilib «qizdirilgan tova effekti» deyish ham mumkin. Agar tova tagiga o‘t yoqilsa va o‘chirilsa, tova biroz muddat o‘zidagi issiqlikni saqlab qoladi.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, bu jarayon yana 6-8 yil davom etadi, keyin esa havo juda sekinlik bilan soviy boshlaydi.

Olimlar tomonidan ko‘rsatilgan quyidagi ikki sababga ko‘ra esa global isishda insonlar ta'siri benihoya katta bo‘lib chiqadi.

Kaliforniya universiteti olimlari Tessa Xill va Jeyms Kennett boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi o‘tgan davrlarda okean tubidagi metan global isishga sabab bo‘lgan, degan fikrni ilgari surgan. 

Neft bilan birgalikda okean tubida issiq metan ham ajraladi. U suv yuzasiga chiqqan va atmosferaga o‘tgan. Bu esa havo haroratining ko‘tarilishiga va issiqxona effektining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.  Havo haroratining o‘zgarishi esa Yerdagi organizm­larning tur tarkibini sezilarli ravishda o‘zgartirib yuborgan.

Iqlimshunoslar ilgari surayotgan yana bir fikr ishlangan gaz (is gazi) bilan bog‘liq. Ta'kidlanishicha, avtomobil, qurilish texnikasi, aviatsiya va kosmik raketalar yoqilg‘isi qoldig‘i bo‘lgan gazlar havo haroratining global ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday gazlarni derazada chang ko‘rinishida yoki qor ustidagi qoramtir qatlam tarzida uchratish mumkin. Bu taxmin sanoat chiqindilari haqidagi fikrdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.

Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bunday gazlar atmosferaga chiqqandan so‘ng, taxminan besh kundan keyin, yerga yog‘inlar ko‘rinishida qaytib tushadi. Ularning tarkibida esa sulfatlar va boshqa kimyoviy birikmalar hamda chang bo‘ladi. 

Yaxshi yashash yaxshi(mi)?

Endi suv toshqinlariga kelsak, olimlar bunday tabiiy ofatlarga faqat global isish emas, insonlarning o‘zlari va ularning chek-chegarasiz istaklari ham sabab bo‘layotganini ta'kidlashmoqda.

Yaxshi yashashni istamaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Sayyoramizdagi odamlar soni yildan-yilga tobora o‘sib bormoqda. Ular yaxshi hayotning bir turi sifatida dengiz bo‘ylarida istiqomat qilishni istashadi va unga erishmoq yo‘lida mavjud suv toshqini xavfiga ham ko‘z yumishadi. Aytish lozimki, urbanizatsiya jadal ravishda rivojlanayotgan hududlar sirasiga O‘rta dengiz qirg‘oqlari, Reyn havzasi hududlarini kiritish mumkin. Shunday ekan, suv toshqinlari qurbonlari va undan ko‘rilgan zarar miqdori yildan-yilga o‘sib borayotganiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

Ba'zi hollarda esa yirik miqyosdagi talofatlarga sabab bo‘luvchi toshqinlarni insonlarning o‘zlari keltirib chiqarar ekan. Mana qarang, ular xavfsizlik yoki boshqa "ezgu" maqsadlar yo‘lida damba va to‘g‘onlar barpo etadilar. Ammo mazkur suv inshootlari suv toshqinini to‘xtatmaydi, uni boshqa joyga yo‘naltirib yuboradi, xolos. Ustiga-ustak qarshilikka uchragan oqim, to‘lqin kuchi bir necha barobarga ortishga ham ulguradi. 

Masalaning boshqa tomoni ham bor. To‘g‘onlar qurilgach, ko‘ngil ancha xotirjam bo‘ladi-da, katta binolar, asfalt yo‘llar qurila boshlaydi. Ular suv shimilishiga to‘sqinlik qilgani bois, toshqin talofatlarini bir necha barobarga orttiradi. Suv toshqinlari paytida dambalarning buzilib ketishi esa dahshatli fojialarga sabab bo‘lishi tayin. Bunday vaqtdagi talofatlar dambasiz joylardagiga nisbatan ancha yuqori bo‘ladi. 

Nimani taklif qilasiz?

Insoniyat tabiat bilan shu darajada to‘qnash keldiki, o‘zining bir necha asrlik o‘zboshimchaligi uchun javob bermay iloji qolmadi. Endi odamlar global isish va insonning tabiatga ta'siri darajasini kamaytirish uchun turli g‘oyalarni ilgari surmoqda. Mana, masalan...

Global isishga qarshi Germaniya ekologiya vazirligi ajoyib taklif bilan chiqdi. Ular bir kilovatt soat elektr energiyasi va bir litr suyuq yoqilg‘i narxini 1 yevrotsentga ko‘tarishni taklif etishgan, deya xabar beradi, "Frants-press".

Germaniyaning  «Frankfurter Algemayne Zonntagstsaytung» gazetasining yozishicha, mazkur dastur hukumatga yiliga 1 milliard yevro qo‘shimcha daromad olib keladi. Bu global isishga qarshi kurashish va mamlakatda energiya resurslarini tejashga qaratilgan ishlarni moliyalashtirish imkonini beradi.

AQShning Kioto protokolini ratifikatsiya qilishdan bosh tortayotganligiga qaramay (vaholanki, jahon bo‘yicha atmosferaga chiqariladigan zaharli gazlarning 20 foizi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi), bunga o‘xshash takliflar juda ko‘p. Ular insoniyat o‘z kelajagi hamda sayyora taqdiriga va nihoyat e'tibor qaratayotganidan dalolat. Zero tabiat hodisalari inson ta'siri oqibati emas, balki  tabiiy qonuniyatlari asosida sodir bo‘lishi lozim.

Nargiza To‘xliyeva, "Ma'rifat" muxbiri

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.