OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dunyo tillari ikki baravar qisqaradi

Yashash uchun turli tillar o‘ylab topilgan edi. Odamlar yana yashash uchun ularni o‘zlari qisqartirmoqda. "Qachonlardir odamlar Yer yuzida juda baxtli hayot kechira boshlashibdi. Ular shu qadar farovonlik va to‘kislikda yashabdilarki, o‘z imkoniyatlaridagi deyarli barcha narsalarga erishibdilar. Shunda chegara bilmas inson istaklari yettinchi osmonga yetishmoqni xohlab qolibdi va insoniyat buning uchun osmono‘par minora bino qilishga kirishibdi.

Ammo Yaratgan bandalarining ushbu harakatidan norozi bo‘lib, inshoot oxirigacha bitmasligi uchun odamlarni bir-birini tushuna olmaydigan qilib, barchasining tillarini o‘zgartirib qo‘yibdi. Ana shu tarzda dunyo tillari vujudga kelibdi", deyiladi Bobil minorasining qurilish tarixida.

Bu inson tasavvuri bilan bog‘liq rivoyatlardan biri. Bugungi kunda insoniyat o‘zaro muloqot qilayotgan 6000 dan ortiq (bu raqam turli manbalarda 2500 dan 5000 gacha va undan ortiq shaklda ko‘rsatiladi. Negaki, turli tillar va bir til dialektlari orasidagi farq juda shartli hisoblanadi) tillarning nega bu qadar ko‘pligiga ushbu afsona orqali ma'lum ma'noda sabab izlanadi.

Ammo asrimiz boshida dunyo tillari juda ko‘p, degan ta'kid o‘z kuchini yo‘qotishi aniq bo‘lib qoldi. Cababki, olimlar mavjud tillarning 40 foizi shu asrning o‘zidayoq yo‘qolib ketishi haqida bong ura boshladilar.

Lingvistik "Qizil kitob"

Bunday favqulodda bayonot bilan amerikalik tilshunos ad'yunkt-professor  Devid Xarrison birinchilardan bo‘lib chiqish qilgandi. Uning ma'lum qilishicha, tillar sayyoradagi tirik tabiat vakillariga nisbatan tezroq "o‘layotgan" ekan. E'tibor bering, ayni paytda yer yuzidan yo‘qolib ketishi xavfi mavjud bo‘lgan o‘simlik turlari 8 foiz, sut emizuvchilar turlari 18 foizni tashkil etadi. Bu hisob-kitobda tillar, yuqorida ko‘rsatilganidek, 40 foizdan past­ga tushmayapti!

Tabiat qonunlarining ustuvorligiga hech kim shubha bildirolmaydi. Chunki ular mavjudlikning asosiy tamoyilini tashkil etadi. Xuddi tabiatdagidek, tillar olamida ham kuchlilarning tirik qolayotgani buning yana bir isboti. Zamonamizning eng kuchli tillari qatoriga esa olimlar ingliz, rus va xitoy tillarini kiritishmoqda.

Bu tillarda dunyo aholisining 80 foizi muloqot olib boradi. Qamrov doirasi kichikroq tillar esa o‘rtacha hisobda har ikki haftada bittadan kamayib ketmoqda. 

G‘arb olimlari hatto yo‘qolayotgan tillar xaritasini ham yaratishdi. Ular tillarning yo‘qolish xavfi kuchli bo‘lgan hududlar reytingini quyidagi tartibda tuzishgan:

1. Avstraliyaning shimoliy hududi.

2. Boliviya, Braziliya, Kolumbiya, Peru va Ekvadorning hindular istiqomat qiluvchi hududlari.

3. AQShdagi Oregon va Vashing­ton shtatlari hamda Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provintsiyasi.

4. Rossiyaning Markaziy Sibir hududi.

5. Rossiyadagi Uzoq Sharq shimoli.

Ushbu mintaqalar qo‘riqlashning imkoni bo‘lmagan lingvistik qo‘riqxonalarga o‘xshaydi. Ularda kichik xalqlar, qabilalar tillari turli sabablar bilan izsiz yo‘qolib ketmoqda.

"O‘lim" sababi

Shu o‘rinda "turli sabablar" jumlasiga aniqlik kiritish kerak. Olimlar ushbu muammoning bir necha sababini ko‘rsatadilar. Albatta, yana globalizatsiya. Ushbu ijtimoiy hodisa bizning sabablarimiz ro‘yxatida ham birinchi o‘rinni egallaydi. Umumlashish, birikish davrida tillarning rang-barangligini saqlab qolishning imkoniyatlari juda past darajada. Tabiiy jarayon - migratsiya ham tillar sonining kamayishiga xizmat qiladi. Bir joydan boshqa joyga ko‘chib o‘tgan odamlar o‘z tillarini yangi hududga olib o‘tadilar yoki o‘zlari o‘sha hudud tiliga moslashadilar.

Madaniy qadriyatlarning televizor ekrani va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali shiddat bilan bostirib kelayotgan zamonaviylik hujumiga bardosh bera olmasligi ham tillar zavoli bo‘layapti. Masalaning siyosiy jihati ham yo‘q emas. Ayrim hollarda mamlakat hukumati tomonidan aholini bir tilda gaplashishga undash ba'zi bir til va shevalarning butkul yo‘qolib ketishiga olib kelmoqda. Jumladan, Rossiyadagi an'anaviy hayot tarziga ega ma'lum bir kichik xalqlarning tillari ruslashtirish harakatining qurboni bo‘layapti.

Katta tillarning kichik tillarni "eb qo‘yayotgani" esa ortiqcha izoh talab qilmaydigan sabab. Umuman olganda, ushbu omilni kam sonli so‘zlashuvchilarga ega tillarning birinchi dushmani deyish  ham mumkin.

"Ona tilim o‘lmaydi"

Hech bir millat o‘z tilining butkul yo‘qolib ketishi u yoqda tursin, hatto mavqeining ham pasayishini istamaydi. Ammo... o‘layotgan mavjudotdan o‘lmaslikni iltimos qilish foydasiz. Shunday til va shevalar borki, ularda gaplashishni faqat bir kishi biladi. Olimlar tillarning yo‘qolishini tabiiy jarayon deya hisoblaydi. Tilga nisbatan talab yo‘qolsa, tabiiyki, uning o‘zi ham yo‘qlikka mahkum etiladi.

Unda nima uchun ular tabiiylik qonunlaridan norozi, nega tillarning yo‘qolib ketayotganidan bunchalik tashvishga tushishgan? Gap shundaki, til bilan birgalikda unga egalik qilayotgan xalqning butun tadrijiy rivoji davomida to‘plagan bilimlari va madaniyati ham izsiz yo‘qolib ketadi. Shuningdek, olimlarning fikricha, o‘lik tillar, yo‘qolib borayotgan tillar fanga noma'lum ko‘plab o‘simlik va jonivorlarni kashf etishda yordam berishi mumkin. Masalan, Braziliyada yashovchi kayapo hindulari arilarning 60 dan ortiq turlarini farqlay oladilar. Ularning har biriga alohida nom qo‘yilgan.

Ayni paytda ispan va portugal tillari ta'sirida tanazzulga uchrab borayotganlar qatorida And tog‘larining sharqiy qismida qo‘llanuvchi Kallavaya tillari guruhini keltirish mumkin. Biroq mazkur tillar guruhida dorivor o‘simliklar haqidagi ma'lumotlarni boy berib qo‘ymaslik maqsadida maxfiy qadimiy til saqlanib qolgan. Ehtimol, shu kabi qimmatli bilimlarni o‘zida jamlagani uchun ham ushbu til 400 yildan ortiqroq vaqt davomida umr ko‘rib kelayotgandir.

Ingliz tili - zarurat, yapon tili - havas

Tillarning bugungi kundagi nufuzi anchayin aniq manzara. Ularning kelajak taqdiri-chi? G‘arb olimlari bu borada ingliz tili hali uzoq vaqt yetakchilikni o‘zida saqlab qolishini ta'kidlashmoqda. Bugungi kunda mazkur tilda 450 million kishi so‘zlashadi. To‘g‘ri, xitoy tilida so‘zlashuvchilar soni undan ham ko‘p, ammo bu raqamlarning asosiy ulushi xitoyliklarning o‘ziga to‘g‘ri kelishini ham inobatga olish lozim. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, yashovchanlik bo‘yicha keyingi o‘rinlarni ispan, uning ortidan frantsuz va nemis tillari egallaydi. Mazkur tillarning barchasida deyarli 100 milliondan ortiq odam gaplashadi. Shuningdek, frantsuz tiliga nisbatan talab ortgani haqidagi ma'lumotlar ham yo‘q emas. Lekin, nima bo‘lganda ham, ingliz tili xalqaro til nuqtai nazaridan birinchilikni hali-beri qo‘ldan bermaydi. Harqalay, Amerika va ingliz iqtisodiyotining kuchi buni ta'minlab turadi.

Tinimsiz oldinga intilayotgan xitoy tili bilan birgalikda yapon tili ham diqqat markaziga tushib borayotir. Lekin yapon tilini o‘rganish zarurat emas, ko‘proq havasdir. Odamlar bu tilni undan xalqaro muloqotda foydalanish uchun emas, shunchaki til ularga yoqqani uchungina o‘rganmoqdalar.

Himoyalanish uchun bir tilda gaplashamiz

Ibtidoiy davr odamlari birgalikda ov qilish, boshpana qurish, xavf-xatarga qarshi turish, bir so‘z bilan aytganda, yashab qolish uchun gaplashishni o‘rganishdi. Bu - tilning birinchi vazifasi edi. Bugun tashqi va ichki xavflar umumiylik kasb eta boshladi. Iqlim o‘zgarishlari inson tassavvur eta olmaydigan fojealarni keltirib chiqarmoqda. Bitta tugma bilan dunyoni yo‘q qilish "imkoni" paydo bo‘lgan. Inson bugun ham yashab qolish muammosiga ro‘baro‘ keldi. Yana hamma bir-birini tushunishi zarurati tug‘ildi. Yer yuzidagi falokatlarning ma'lum bir foizi insonlar bir-birini tushunmagani, yo bo‘lmasa, noto‘g‘ri tushungani oqibatida yuz berar ekan.

Balki xuddi shu sababdan ham tillar o‘lib borar. Insoniyat ham xuddi qishda jon saqlash va yangi davrga o‘tish uchun o‘z yaproqlarini to‘kadigan daraxtlar kabi ko‘plab tillardan voz kechayotgandir. Shu sababli, ularni sun'iy ravishda bog‘lab qo‘yishning hojati yo‘q, deb hisoblashadi mutaxassislar.

Ammo olimlar tillarni saqlab qolishga, o‘lik tillarni esa o‘rganishga harakat qilaveradilar. Zero, ulardagi yashirin qimmatli ma'lumotlar bunday mashaqqatli izlanishga arziydi.

So‘zlashuvchilar soniga ko‘ra dunyoda eng keng tarqalgan tillar:

1. Xitoy                       1 mlrd. 100 mln.
2. Ingliz                       450 mln. 
3. Ispan                       250 mln.
4. Hind                        200 mln.
5. Arab                        150 mln.  
6. Bengal                     150 mln.
7. Rus                         150 mln. 
8. Yapon                      130 mln. 
9. Portugal                      130 mln.
10. Nemis                    100 mln. 

Nargiza To‘xliyeva
“Ma'rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.