OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Imtihonlarsiz maktab: U yerda hatto baho ham qo‘yilmaydi

 Firma darsxonasidan butun dunyoga

Aslida, bugun jahonda tan olingan ta’lim tizimlari qatoriga qo‘shilgan, o‘ziga xosligi bilan alohida e’tirofga sazovor bo‘lgan Valdorf o‘qish tizimi o‘z davrining mutafakkiri Rudolf Shtayner tomonidan Germaniyada ishlab chiqilgan.  Shunday maktablarning birinchisi 1919 yilda “Valdorf Astoriya” firmasi ishchilarining farzandlari uchun ochilgan. Gap shundaki, o‘sha paytlarda korxonalarda nafaqat erkaklar, balki ayollar ham yelkama-elka ishlagan. Ishchilarning bolalari o‘zlariga yaqinroq joyda bo‘lishini ta’minlash uchungina firma ichida darsxona tashkil etishga qaror qilingan. Aynan shu sababli biroz fursat o‘tib shuhrat qozongan mazkur o‘qitish usuli Valdorf nomi bilan tilga tushgan. Keyinchalik u keng tarqaldi hamda 1938 yilga kelib, bunday usulda faoliyat olib boruvchi maktablar AQSh, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Gollandiya, Norvegiya, Avstriya, Vengriya va boshqa davlatlarda ham tashkil etildi. Germaniyada natsistlar rejimining o‘rnatilishi ko‘plab Valdorf maktablarining yopilib ketishiga sabab bo‘ldi. Biroq ikkinchi jahon urushidan keyin ular tiklandi.
Hozirgi kunda jahonning 60 ta davlatida Valdorf maktablari bo‘lib, birgina Yevropada 400 ta shunday o‘quv muassasalari mavjud. Umumiy hisobda esa dunyoda 950 ta maktab va 1400 ta bolalar bog‘chasi ushbu tizimni o‘zlashtirgan.
Valdorf maktablaridagi ta’lim jarayonida o‘qituvchi bor-yo‘g‘i uch marta o‘zgartiriladi. Ilk tarbiyachi maktabgacha ta’lim muassasasida bolani olti yoshgacha o‘rta maktabga tayyorlab boradi, 6 yoshdan esa bosh¬qa muallim dars beradi va so‘nggi murabbiy o‘smirni 14 yoshda qabul qilib, unga 18 yoshgacha ta’lim beradi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday tizim o‘qituvchi bilan bola o‘rtasida ishonch va hurmatni shakllantirib, murabbiy uning haqiqiy oila a’zosiga aylanadi. Qolaversa, o‘qituvchi ham o‘z o‘quvchisining yetuk va ilmli bo‘lib yetishishiga astoydil harakat qiladi, chunki yillar davomida birgina bolalar guruhiga dars berib borish mobaynida unda o‘quvchilariga nisbatan mas’uliyat hissi yanada ortadi. 

Asosiy fan — “Dunyoni bilish va sevish”

Germaniyaning bu turdagi maktablarining o‘quv tizimi frantsuz faylasufi Montenning «Har qanday bilim tuyg‘ularimiz orqali egallanadi. Bilim tuyg‘udan boshlanadi va u bilan tugaydi» degan hikmatli so‘zlarining amaldagi ko‘rinishi desak, adashmagan bo‘lamiz. 
Shtayner maktabiga 7 yoshga to‘lgan bolalar qabul qilinadi. Boshlang‘ich¬ sinflarda darslar ikki soat tanaffussiz davom etib, birinchi ikki yillik o‘qish davomida akademik darslarga kamroq e’tibor qaratiladi. Ikkinchi sinfgacha matnni o‘qish bo‘yicha saboq berilmaydi, biroq harflar bilan tanishuv ikki yil mobaynida davom etaveradi. O‘rta maktab birinchidan sakkizinchi sinfgacha bo‘lib, unda chet tillari, boshqa maktablarda ikkinchi darajali bo‘lgan san’at, musiqa, bog‘dorchilik kabi fanlardan dars beriladi. O‘quvchida sabr-toqatli bo‘lishni shakllantirish maqsadida deyarli barcha bolalarga to‘qish va nay chalish o‘rgatiladi. Birinchi sinfdanoq bolakayga o‘z tili bilan birgalikda yana ikki tildan saboq beriladi va o‘quvchida baynalmilallik hissini uyg‘otish ko‘zda tutiladi. Bu esa mamlakatda mavjud millatchilik g‘oyalariga bolta urishga ko‘maklashardi. 
Germaniyaning o‘ziga xos bunday maktablarida yana bir qiziq holatni kuzatish mumkin. U yerda musobaqa tamoyili rad etilib, bolalarga hech qanday baho qo‘yilmaydi. Faqat murabbiy o‘quv yilining oxirida har bir o‘quvchi uchun chuqur tafsilotlar bilan hisobot-tavsifnoma yozadi. Ammo o‘quvchi bir bosqichdan ikkinchisiga, masalan, boshlang‘ich maktabdan o‘rta maktabga o‘tayotgan bo‘lsa, baho qo‘yiladi. Bundan tashqari, bolani qattiq hayajondan himoya qilish maqsadida imtihonlar ham o‘tkazilmaydi.
Yosh avlodda ishonch, hamdardlik kabi insoniy fazilatlar, azaliy an’anaga va qadriyatlarga hurmat hissini, hayot haqiqatini ob’ektiv ko‘rish, yaxshini yomondan ajrata olish ko‘nikmalarini Shtayner yaratgan tizimda musiqa, ritmika, rassomchilik, teatr, haykaltaroshlik kabilar orqali har bir o‘quvchida shakllantirishga harakat qilinadi. Valdorf ta’lim tizimi to‘liq “dunyo¬ni bilish va sevish”ga yo‘naltirilgan.
Maktablarda qishning kirib kelishi, qorning erishi, mevalar pisha boshlashi, birinchi gulning ochilishi kabi ba’zida e’tiborimizdan qolgan tabiat hodisalari munosabati bilan bayramlar o‘tkaziladi. Kichik sinflarda kuzning so‘nggi kunlarida o‘ziga xos chiroqlar bayrami nishonlanadi. Aynan mana shu pallada tunlar uzayib kunlar qisqara boradi. Shunday kechalardan birida bolakaylar murabbiylari boshchiligida o‘z qo‘llari bilan yasagan turfa xil chiroqlari bilan ko‘chaga chiqadilar. Ushbu chiqish bilan bolalar odamlarga qahraton qish abadiy davom etmasligi, undan keyin, albatta, Quyosh chiqib, yer yuzi yana yorishishini izhor etishga harakat qiladilar. Bunday bayramlar natijasida odam va tabiatning o‘zaro chambarchas bog‘liqligi bola ongida sekin-asta shakllanib boradi.
O‘qishning har choragida ota-onalar maktabga taklif etiladi va bolalarning o‘zlari ularga nimalarni o‘rganib olgani haqida gapirib beradi. Ana shu tarzda ularning umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot olinadi. 

Bola geometriyani o‘z tanasida o‘rganadi

O‘quvchilarga bilim berish va uni qabul qilish uch bosqich — ko‘rish, boshidan kechirish, hayratlanish tamoyili asosida kechadi. Misol qilib geometriya darsini olishimiz mumkin. 1-sinfda bolalar geometriyani o‘z tana tuzilishlari, harakatlari orqali o‘rganib boradilar. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kichkintoylar uchburchak, to‘rtburchak, sakkizburchak shaklida yuradi, doira ichida o‘ynaydi, xullas, tanalari yordamida geometrik shakl yasaydilar. Shunday yo‘l bilan o‘quvchilar “geometriya” so‘zini bilmasa-da, uning mag‘zini tushunib olishga erishadilar. 5-sinfda aylana chizib, ichini turli chiziqlar bilan to‘ldiradilar, oxir-oqibat qandaydir geometrik shakl paydo bo‘ladi, shunda ham ular o‘rganayotgan fanning nomini bilmaydilar. 6-sinfga borib, fan nomi aniqlashtiriladi. Ilgari turli o‘yinchoqlar yordamida u yoki bu shaklni qog‘ozga tushirishgan bo‘lsa, endilikda geometriyada foydalaniladigan asosiy qurollar – tsirkul va chizg‘ich ishga tushadi. Aynan mana shu qurollar yordamida qog‘ozga o‘sha tanish shakllar tushiriladi, bolalar bunday mashqni oldin ham turli o‘yinlar davomida bajarganliklarini tushunib yetadilar hamda ular uchun bu qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ta’lim berishning bu tarzda o‘tishi yuqorida keltirilgan «ko‘rish, boshidan kechirish, hayratlanish» qonuniyatiga to‘la mos keladi. Ya’ni, geometrik shakl hisoblangan aylana, dastavval, bolaga tanishtiriladi — ko‘radi; keyin uning shaklini o‘z tanasi orqali hosil qilishga harakat qiladi, undan turli boshqa shakllar yasaydi — boshidan kechiradi; so‘nggi bosqichda geometriya fani dars jadvaliga kiritiladi, darsda aylanaga oid mashq¬larni bajarayotganda bularni ilgari ham qilganini anglaydi — hayratlanadi. Yillar davomida bir narsani har xil yo‘sinda o‘rgangan bola uchun ularni eslab qolish ancha oson kechadi. Shu sababli Valdorf bolalar bog‘chalari va maktablarining faoliyat maydoni tobora kengaymoqda. 

80 yildan beri direktorsiz

Shtayner maktablarining boshqa¬ruviga to‘xtaladigan bo‘lsak, u yerda direktor yo‘q, ma’muriyat-o‘qituvchi, ota-onalar hamda maktab xo‘jaligining boshqaruvchisidan iborat. Barcha mavjud Valdorf o‘quv muassasalarini esa Shtayner o‘quv muassasalari assotsiatsiyasi boshqaradi va unga o‘quv jarayoni haqida muntazam ravishda hisobot berib turiladi. 
Salkam 80 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Shtayner ta’lim tizimi ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zini oqladi. Shu sababli bo‘lsa kerak, ular dunyoning turli burchaklarida tarqalmoqda.

Madina Tog‘ayeva,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.