OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Insultning oldini olish mumkinmi?

Bosh miyaga qon quyilishi yoki miya tomirlariga laxta qon tiqilishi oqibatida ro‘y beradigan og‘ir xastalik ilmiy tabobatda insult, deb nomlanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, insultga chalinish bilan bog‘liq o‘lim hollari yurak xastaliklari tufayli ro‘y beradigan o‘lim holatlaridan aytarli kam emas. Keyingi paytda yoshlar, hatto homilador ayollar orasida ham bunday xastalik uchramoqda. Aslida har kim insultga chalinmaslikni uddalashi mumkin, biroq har qanday odam buning uchun sa’y-harakat qilishga tayyor emas. Holbuki, saraton xastaligidan farqli o‘laroq, u qadar murakkab bo‘lmagan qoidalarga amal qilish orqali insultga chalinishning oldini olish mumkin.

Xo‘sh, insultga chalinmaslik uchun qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak? Arterial gipertoniya bo‘yicha professor O.Ostroumovaning ogoh etishicha, avvalo, qo‘l va oyoqning uvishib qolishiga e’tiborsiz bo‘lmaslik kerak. Negaki, qo‘l va oyoqning biri yoki ularning chap yoki o‘ng tomonlarida kuchsizlik sezilishi — insult yoki miyaga qon quyilishining ilk belgilaridir. Ba’zan butunlay harakatdan qolish holatlari ham kuzatiladi.

Ikkinchi muhim belgisi — nutq buzilib, so‘zlash qiyinlashadi (yuzda assimetriya paydo bo‘lib, og‘iz cheti qimirlamaydi); hatto nutq butunlay yo‘qolishi ham mumkin. Eng yomoni, ushbu alomatlar bir paydo bo‘lib, bir yo‘qolib turadi. Odatdagi insultda bu belgilar uzoq vaqt saqlanadi. Shuning uchun ushbu alomatlar sezilishi bilan “tez yordam” chaqirish, shifokor kelguncha o‘zingizni yaxshi his etayotgan bo‘lsangiz ham, ularga bu belgilarni aytib qo‘yishingiz lozim.

Insult ro‘y berganda yurak ham, bosh ham og‘rimaydi. Yurak infarkti holatida, odatda, odam kuchli og‘riq sezsa, insult biror belgi bermaydi, bosh miya tomirlarida patologik jarayonlar davom etaveradi. Insultni faqat keksayganda yuz beradigan xastalik, deb qarash noto‘g‘ri. O‘sh o‘tgan sayin bu kasallikka chalinish xavfi oshib boradi. Biroq keyingi paytda chekish, ichkilikni suiiste’mol qilish, vazn oshib ketishi bilan bog‘liq ravishda yoshlar ham bu xastalikka chalinishmoqda. Ayni chog‘da irsiy jihatdan qon quyuqlashishiga moyillik, gripp asorati ham shu xastalikka olib kelishi mumkin. O‘shi o‘tgan homilador ayollarda goho insultga chalinish kuzatilmoqda. Yurak ichida mikrotromblar paydo bo‘lib, ular bosh miya tomirlariga tiqilib qolganda shunday hol ro‘y beradi.

Har qanday vaziyatda ham insultga chalinmaslik uchun shifokor tavsiya etgan dorilarni ichib yurish kerak. Hozir samarasi yuqori bo‘lgan yangi dorilar chiqqan. Ular insultga chalinish xavfini 35 foizga, bosh miya ichiga qon quyulishini esa 60 foizga kamaytiradi. Biroq dorilar yordamida qon bosimini birdaniga tushirib yuborish ham xavfli. Bunda qon aylanishi buzilishi mumkin. Shu bois, har qanday dorini shifokor bilan bamaslahat qabul qilishga odatlaning. Qon bosimini tushirish uchun uyqudan oldin dori ichib yotishga odatlanmang. Uyqu vaqtida qon bosimi o‘z-o‘zidan pasayadi. Buning ustiga dori ichib bosimni pasaytirsangiz, sog‘lig‘ingizni jiddiy xavf ostiga qo‘yasiz. Har safar hapdoriga zo‘r beravermang, shifokor bilan bamaslahat ularni qachon va qanday qabul qilish sxemasini ishlab chiqish zarur.

Qon tomirlar nima sababdan elastikligini yo‘qotadi va miyaga qon quyilish sodir bo‘ladi? Professor O.Ostroumovaning yozishicha, bunga bir necha omillar sabab bo‘larkan. Avvalo, taom va salatlarga tuzni kamroq solish kerak. Negaki, tuz qon bosimini ko‘taradi. Tuzlanmagan taom — ideal taom. Marinalangan, konservalangan va achitilgan mahsulotlarda tuz juda ko‘p bo‘ladi. Turli kolbasalar, tortlar ham tuzga boy. Bularni kam iste’mol qilish yoki umuman iste’mol qilmaslik sho‘r taomlarni cheklashning eng maqbul yo‘li.

Ikkinchidan, sabzavot-mevalarni ko‘proq iste’mol qilish insultga chalinish xavfini kamaytiradi. Chunki ular qon bosimini 5 mm. ustunga qadar tushiradi. Hatto qon bosimining atigi 2 mm. ustun tushishi ham insultga chalinish xavfini 10 foizga kamaytiradi. Kuniga besh miqdor (besh portsiya) sabzavot-meva iste’mol qilish mo‘‘tadil me’yor hisoblanadi. Bir miqdor — bir stakan yangi chiqarilgan sharbat, o‘rtacha kattalikdagi sabzavot yoki meva, bir kosacha yangi archilgan sabzavot, yarim kosa bug‘da yoki qaynatib pishirilgan sabzavotdan iborat. Ziravorlardan voz kechish semirib ketishning, binobarin, insultning oldini oladi. Negaki, ziravor taomning organizmga so‘rilishini kuchaytiradi.

Jismoniy mashqlar ham tengsiz muolaja hisoblanadi. Haftada uch-to‘rt marta yarim soat-bir soatdan piyoda sayr qilish, yugurish, suzish, chang‘ida uchish, jismoniy kuch taqozo etadigan o‘yinlar bilan band bo‘lish haftada bir marta uch soat fitnes bilan shug‘ullangandan ko‘ra samaralidir. Eng qulayi esa, yuqori qavatlarga chiqib-tushishda liftdan foydalanmaslik.

Taomlar tarkibida baliqning ko‘proq bo‘lishida hikmat ko‘p. Haftada ikki bor tuzlanmagan, yog‘siz baliq iste’mol qilish kerak.

Atmosfera bosimining anomal darajada oshib ketishi ham sog‘liqqa ziyon yetkazadi. Nevrolog V. Kossning aytishicha, qon bosimi past bo‘lganlar (gipotoniklar) bunga ta’sirchan bo‘lishadi. Atmosfera bosimi oshganda ularning boshi og‘riydi. Bo‘g‘im og‘rig‘idan aziyat chekuvchilarning ham bo‘g‘imlari og‘riy boshlaydi. Bunday hollar yuz berishining oldini olish uchun, albatta, sport bilan shug‘ullanish zarur. Agar sog‘lig‘ingiz ko‘tarsa, yugurish va suzishga qatnasangiz, aerobika bilan shug‘ullansangiz foydadan xoli bo‘lmaydi. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, bo‘yin sohasini uqalash ham ta’sirlanishni kamaytirishi mumkin.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.