OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kimning qanday bayrami bor?

 Holi — bo‘yoqlar festivali (Hindiston)

Hindistondagi savdo shaxobchalarida bu bayram munosabati bilan maxsus paketlarda turli bo‘yoqlar sotuvga chiqariladi. Holi festivali jaholatni haydash va hayotni tiklashdek ramziy ma’noni ifodalaydi. Afsonalarga ko‘ra, bu kunda Holik nomidagi insu jinslar olovda yoqib, halok qilingan. Keyinchalik marosim «Holi» deb qisqartirilgan. Bayram oy to‘lgach, ikki kun davomida nishonlanadi.

 


Dastavval yovuz ruhlar olovda «kuydirilgach», ertalab chiroyli tadbir boshlanadi. Odamlar ko‘chaga chiqib, bir-birlariga qizil, yashil, sariq, ko‘k rangli suvlarni sepadilar, turli poroshoklarni otadilar. Rangli pufakchalar, hattoki mashinalar oynasiga ham sachraydi. Agar bo‘yoq  kimningdir kostyumiga tegsa, xafa bo‘lishga haqqi yo‘q. U ertasi kuni ko‘chaga chiqmay qo‘ya qoladi. Shu bois o‘sha kuni bayramga yangi, hashamdor libos kiyishning hojati yo‘q.

Tomatina (Ispaniya)

Ispaniyaning Bunol shahrida avgust oyining so‘nggi haftasida Tomatina (pomidor jangi) o‘tkaziladi. Ishtirokchilarni o‘yin-kulgi va iltifot kutadi. Shahar bosh maydonidagi pomidor jangi, ayniqsa, qiziqarlidir.
O‘yin qoidasiga ko‘ra, pomidor ushlab olgan kishi uni o‘zi taniydigan odamga qarab og‘riq kuchli bo‘lmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan otadi. Maydonga yuk mashinasida keltirilgan pomidorga tashlanuvchilarning sanog‘iga yetolmaysiz, «jang» kamida bir soatga mo‘ljallangan. Pomidor sharbati bilan to‘ldirilgan suv havzasi o‘yin g‘oliblarini aniqlaydi.

Xalqaro Poncho kuni (Kolumbiya)

Kolumbiyaning Nobsa shahrida o‘tkaziladigan o‘yin mahalliy dizaynerlar tomonidan o‘ylab topilgan. Ular poncho, ya’ni, bo‘yindan kiyiladigan keng bichiqdagi uzun kiyim tikishadi. Uni kiyganlar namoyishi shahar aholisining olqishi bilan yakun topadi. Axir, haddan tashqari uzun libosda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. 

Erkaklar jangi (Yaponiya)

Bu o‘yinga uncha-muncha yapon erkagi rozi bo‘lavermaydi. Chunki ishtirokchi deyarli kiyimsiz bo‘lishi kerak. Sumo, ya’ni, yapon kurashchilari kiyadigan libosga o‘xshash sake ishtirokchilarga tekin beriladi. Ibodatxona atrofida yugurgan erkaklar Yoshi daryosi qirg‘oqlarida bir-birlari bilan kurash tushadilar.

Maymunlar uchun ziyofat (Tailand)

Lop-Buri provintsiyasi o‘sha kuni yovvoyi maymunlarga to‘lib ketadi. Ular xuddi o‘zlarini o‘rmonda sayr qilayotgan olmaxonlar kabi tutishadi. Sayyohlar maymunlarni bilib-bilmay xafa qilib qo‘yishlari mumkin. Ammo mahalliy aholi ularning tilini tushunadi. 
Bir yilda bir marotaba uyushtiriladigan tadbirga maymunlar keltiriladi. Ushbu ziyofatda mezbonlar maymunlarni mehmon qilishadi. Diametri 12 metr bo‘lgan stolga banan, pirojniy, mevali salatlar, guruchdan iborat 3 tonnalik oziq-ovqat qo‘yiladi. Maymunlar esa bu noz-ne’matlarni ko‘rdim demay paqqos tushirishadi. 

Hulkar To'ymanova
“Ma'rifat” gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.