OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kunlardan bir kun...

Bernard Shouning oldiga omadi chopmagan basketbolchi keldi va dabdurustdan yozuvchi bo‘lish uchun nimalar qilishi kerakligini so‘radi. Uning romani qo‘lyozmasini o‘qib chiqib, Shou dedi:
– Sizdan nima uchun basketbolchi chiqmaganligini endi tushundim.
– Nima uchun?
– Siz o‘z vaqtida savatga tashlashni bilmas ekansiz.

* * *

Velosiped haydovchisi yo‘lda Bernard Shou bilan to‘qnashib ketdi. Ikkalalari ham qo‘rqib ketishdi. Haydovchi astoydil uzr so‘ragan edi, Shou e’tiroz bildirib dedi:
– Omadingiz kelmadi-da, janob. Yana jinday kuch sarflaganingizda, mening qotilim sifatida tarixda qolardingiz.

* * *

Bir kuni Bernard Shouning huzuriga uning ashaddiy muxlislaridan bo‘lgan yosh va go‘zal ayol tashrif buyurdi, biroz suhbatlashgach, ayol dedi:
– Siz bilan bizning bolalarimiz juda ajoyib bo‘lishadi, deb tasavvur qilaman. Ular mendan go‘zallikni, sizdan zo‘r aqlni olishsa...
– O‘-o‘, xonim, – qoshini chimirdi Shou, – bordi-yu, buning aksi bo‘lib, birinchisini mendan, ikkinchisini sizdan olishsa-chi?..

* * *

Bernard Shouning huzuriga yosh dramaturg keldi va o‘zining oxirgi pesasi bilan tanishib, fikr bildirishini so‘radi.
Ertasiga Shou dedi:
– Bunaqa narsalarni yoshingiz ulg‘ayib, taniqli bo‘lib ketganingizda yozsangiz bo‘ladi. Ungacha yaxshiroq narsalar yozib turishingizga to‘g‘ri keladi.

* * *

Tunda ijod qilayogan Balzak qo‘shni xonadan shovqin eshitdi. Ma’lum bo‘lishicha, uyga o‘g‘ri tushgan ekan. Uni tutib olgan yozuvchi dedi:
— Muhtaram o‘g‘ri, bu yerda arzigulik biror narsa topaman desangiz, xato qilasiz... Lekin, mening sizga yordam berganim bo‘lsin. Siz kattagina narsani qo‘lga kiritishingiz mumkin bo‘lgan joy ham uzoq emas: qo‘shni ko‘chada mening noshirim yashaydi.

* * *

Bir odam Pushkinni mot qilish niyatida undan so‘radi:
— Men bilan quyosh o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?
Shoir o‘ylab-netib o‘tirmay javob qildi:
— Sizning basharangizga ham, quyoshga ham peshonani tirishtirmasdan qarab bo‘lmaydi.
 
* * *

Pushkin jurnallarning biridan she’ri uchun to‘lanadigan qalam haqini yuborishini so‘rab, noshirga yozma ravishda murojaat qildi.
Javob xatida noshir so‘radi: “Pulni qachon olmoqchisiz, dushanbami yoki seshanba, ikki yuz so‘mning hammasini bir yo‘la jo‘nataylikmi yoki hozircha yuz so‘minimi?
Pushkin javob qaytarib yubordi: “Dushanba seshanbadan oldin kelishi bilan, ikki yuz esa yuzdan ko‘pligi bilan yaxshiroq”.

* * *

Henrix Hayne deydi:
— Onam bolaligimda she’rlar o‘qib berardi, men shoir bo‘ldim. Amakivachcham Sulaymonning onasi faqat qaroqchilar haqida kitoblar o‘qib berardi, u bankir bo‘ldi.

* * *

Ma’lumki, Mixail Zoshchenko hikoyalarini sahnada yaxshi o‘qib ko‘pchilikka manzur qilish kamdan-kam aktyorlarga nasib etgan. Ammo, yozuvchi asarlarining xalq orasida ommalashgani va ulardagi o‘ziga xos yumor ko‘pchilik ijrochilarning e’tiborini tortgan.
Zoshchenko hikoyalarini o‘z repertuariga kiritishga chog‘lanayotgan ijrochilardan biri yozuvchidan so‘radi:
— Tinglovchilar orasida muvaffaqiyat qozonish uchun hikoyalaringizni qanday o‘qishim kerak?
— Ovoz chiqarib, — javob berdi Zoshchenko.

* * *

Oksford universitetining o‘qituvchisi Kerol ish orasida “Alisa ajoyibotlar mamlakatida” nomli ertak yozadi. Angliya qirolichasi bir kun ana shu ertakni o‘qib, nihoyatda ta’sirlanadi va Kerolning boshqa asarlarini ham zudlik bilan sotib olishni buyuradi. Lekin, Kerolning boshqa barcha kitoblari oliy matematika bo‘yicha ekanligini ko‘rganda qirolicha battar hayratga tushadi.

* * *

Amerikalik bir yirik moliyachi matbuot bayramida o‘z xayollari bilan band bo‘lgan Bernard Shou bilan uchrashib qolibdi.
– Sizning nima haqda o‘ylayotganingizni bilish uchun, janob Shou, men bir dollar berishga roziman, – debdi u.
– E-e, mening o‘ylarim bir dollarga arzimaydi, – javob beribdi dramaturg.
– Qanday bo‘lganda ham, – kovlashtirishni davom ettiribdi moliyachi,– nima haqda o‘ylayotgan edingiz?
– Siz haqingizda,– mamnun javob beribdi Shou.

* * *

Afinada bir kuni kechki ovqatlanishga yig‘ilganlar bir sozandaning yomon chalayotganidan norozi bo‘lishibdi. Faqat Diogengina uni astoydil maqtabdi.
– Men uni maqtayman,–tushuntirdi faylasuf,– shuning uchunki, unchalik yaxshi chalmasa ham umid bilan soz ko‘tarib yuribdi, har qalay chalyapti, o‘g‘ri bo‘lib ketmayapti.

* * *

Peterburg harbiy-tibbiyot akademiyasida taniqli rus shifokori Sergey Petrovich Botkin huzuriga bir talaba imtihon topshirish uchun uchinchi marta kelibdi. Ma’ruzalarga ham, amaliy mashg‘ulotlarga ham qatnashmagan bu yigit birorta ham savolga jo‘yali javob aytolmabdi. Botkin bu gal ham uni quvib solibdi. Birozdan keyin professorning huzuriga dangasa talabaning do‘stlari tashvishlanib kirib kelishibdi. Ular talaba navbatdagi muvaffaqiyatsizlikdan juda asabiylashayotganini, o‘zini o‘ldirish haqida o‘ylarga borayotgani, yuragiga pichoq sanchmoqchi bo‘lib qo‘rqitayotganini aytishibdi.
–Tashvishlanmanglar, – deya ularni tinchlantiribdi Botkin. –Do‘stingiz inson tanasining tuzilishini bilmaydi. U yuragini topolmaydi.

* * *

Buyuk frantsuz yozuvchisi Viktor Gyugo bir kuni yangi chop etilgan kitobining sotilishi qanday ekanligini bilish uchun noshirga maktub yo‘llabdi. Nomada birgina savol alomati qo‘yilgan edi. Noshir ham topqirlikda adibdan qolishmasligini namoyon etib, aniq javob yo‘lladi: “!”

* * *

Bir kuni Nyuton do‘stini tushlikka taklif etibdi-yu, ish bilan ovora bo‘lib xayolidan ko‘tarilibdi, tushlikni bir kishilik olib kelishibdi.
Mehmon kelsa stolda tushlik tayyor turibdi, olim esa hisob-kitoblar bilan band. Nyutonni bezovta qilgisi kelmay o‘zi ovqatlanib ketaveribdi.
– Qiziq, – depti Nyuton biror soatlardan keyin bo‘sh idishlarni ko‘rib. –Agar mana shunday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan dalillar bo‘lmaganda men bugun tushlik qilmadim, deb o‘ylashim mumkin edi.

* * *

Bir kuni yunon donishmandi Diogendan so‘rashibdi: Kimning ko‘zi o‘tkir?
– Hasadgo‘yning ko‘zi, – javob beribdi donishmand, – chunk iular senda yo‘q narsani ham ko‘rishadi.

* * *

Kunlardan bir kuni Eynshteyn poezdda ketib borardi. Qorni ochganligini his qilib vagon-restoraniga o‘tibdi. Taomnomani qo‘lga olib, olim ko‘zoynagini izlay boshlabdi. Uni topolmagach, yonidan o‘tib borayotgan ofitsiantdan taomlar ro‘yxatini ovoz chiqarib o‘qib berishini so‘rabdi. Ofitsiant salobatli, sochlari oppoq, chiroyli kiyingan kishiga hamdardlik bilan boqib bosh chayqabdi va sekin debdi:
– Kechirasiz, afsuski, men ham o‘qishni bilmayman.

* * *

Mashhur qadimgi yunon masalnavisi Ezop, ma’lumki qul bo‘lgan. Bir kuni uni xo‘jayini qandaydir arzimas ish bilan shaharga yuboribdi. Yo‘lda Ezopga qozi duch kelibdi va so‘rabdi:
– Qayoqqa ketyapsan?
– Bilmayman, –javob beribdi Ezop.
Bunday javob qoziga shubhali tuyulibdi va Ezopni zindonga olib boribdi.
– Men chindan haqiqatni aytgandim, – e’tiroz bildiribdi Ezop. –Haqiqatdan ham zindonga kelishimni bilmagandim.
Qozi kulibdi va uni qo‘yib yuboribdi.

* * *

Bir o‘g‘ri mashhur yunon notig‘i Demosfenning uyiga o‘g‘irlikka tushibdi. Kimning uyini urganligini bilgach, qaytib kelib xonadon egasidan uzr so‘rabdi.
– Sening uying ekanligini bilmagan edim, – debdi u o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
– Sening uying emasligini ham bilmaganmiding? –so‘rabdi Demosfen.

* * *

Ingliz yozuvchisi Sheridan ovni yaxshi ko‘rar, biroq har gal ovdan quruq qo‘l bilan qaytardi. Kunlardan bir kuni u hovuz bo‘yida o‘rdaklarni kuzatib turgan kishini ko‘rdi.
– Men ularni otsam, qancha to‘lashim kerak? – so‘radi Sheridan. –Besh kron bersam bo‘ladimi?
Hovuz bo‘yidagi kishi avval taajjublandi, keyin bosh silkib rozilik bildirdi.
Sheridan unga pulni berdi va otdi. Otilgan o‘rdaklarni xaltasiga joylar ekan Sheridan dedi:
– Menimcha, biz bugun siz bilan ancha manfaatli ish qildik.
– Ayniqsa men, –kuldi notanish kishi. –Chunki, o‘rdaklar meniki emas-da.

* * *

Kunlardan bir kuni qadimgi yunon faylasufidan shogirdlari so‘rashibdi:
– Ustoz, siz nima uchun savollarga javob beraturib shubhalanib turasiz? Bizga ular aniq va tiniqdek tuyuladi. Siz bizdan ko‘ra ko‘p narsani bilasiz-ku.
Faylasuf qumga ikkita katta va kichik doira chizibdi va debdi:
– Katta doira mening bilimlarim, kichigi sizlarniki. Ammo, doiradan tashqaridagisi menga ham, sizlarga ham ma’lum emas. O‘z bilimingizni oshirib borish uchun doimo shubhalaning.
 
* * *

Kunlardan bir kuni mashhur masalnavis Krilovdan ajoyib qobiliyat egasi bo‘laturib nima uchun buncha kam yozishi sababini so‘rashibdi.
– Nima uchun yozasiz o‘zi, deb so‘raganlaridan ko‘ra, nima uchun kam yozasiz, deb so‘raganlari yaxshi-da, – javob beribdi Krilov.

* * *

Bir boshlovchi rassom mashhur musavvir Byoklinga maslahat so‘rab, murojaat qildi. U yaratayotgan asarlariga xaridorlarning kamligidan shikoyat qilibdi.
– Bilasizmi, – dedi u Byoklinga, – men rasmni ikki-uch kunda chizib tashlayman, sotilishiga esa ikki-uch yil vaqt ketadi.
– Aksincha qilishga harakat qilib ko‘ring. Asar ustida ikki-uch yil ishlasan-giz, ehtimol, u ikki-uch kunda sotilib ketar.

* * *

Yoshlik yillarida buyuk rus fiziologi Ivan Pavlovning egnidagi ancha uringan eski kostyumni ko‘rgan do‘stlari yangi kostyum olish uchun bir oz pul to‘plab berishibdi.
– Rahmat, do‘stlar! –debdi Pavlov minnatdor bo‘lib.
Ertasiga yosh olim laboratoriyaga ko‘zlari yonib, uzun arqonda bog‘langan har xil zotli itlarni yetaklab kirib kelibdi.
– Sizlar u pullar menga qanchalik asqotganini tasavvur ham qilolmaysizlar. Endi tajribalarini ancha keng qo‘yish mumkin... Kostyum?.. Qo‘ysanglar-chi! Eskisi hali anchaga yetadi...

* * *

Amerikalik buyuk elektrotexnik Tomas Edison muntazam ravishda nimalarnidir ixtiro qilib yurishi bilan mashhur edi. Bir kuni uning dala hovlisida mehmon bo‘lgan do‘stlaridan biri hovliga kiraverishdagi kichkina eshikning ochilishi qiyin bo‘lganligidan nolidi.
– Uni ochish uchun bor kuchimni sarflashimga to‘g‘ri keldi, – dedi u.
–Tushunarli, –dedi Edison, – lekin, kuchingiz bekor ketgani yo‘q. Siz o‘sha eshikni ochish bilan tomdagi suv idishga o‘ttiz litr suv ko‘tardingiz.

* * *

Mehmondorchilikda Bernard Shou bir to‘qimachi boyning xotini bilan yonma-yon o‘tirib qoldi.
– Muhtaram janob Shou, – muloyim jilmayib, buyuk yozuvchiga murojaat qildi ayol, – semirib ketishdan saqlaydigan yaxshiroq vositani bilmaysizmi?
Shou yonidagi ayolga diqqatlik bilan tikildi va soxta jiddiylik bilan soqolini o‘ychan silab dedi:
– Men bir vositani bilaman, ammo uni sizga qanday tarjima qilib berishga boshim qotyapti: «ish” siz uchun xorijcha so‘z-da.

* * *

Bir ayol taniqli yozuvchidan Fransuaz Saganning so‘nggi romanini o‘qigan-o‘qimaganligini so‘radi.
– Siz shoshilishingiz kerak, – dedi u rad javobini eshitgach. –Romanning chop etilganiga uch oy bo‘ldi.
– Siz Dantening “Ilohiy komediya”sini o‘qiganmisiz? –o‘z navbatida so‘radi yozuvchi.
– Yo‘q.
– Unda shoshiling: uning nashr etilganiga olti yuz yil bo‘ldi.
 
* * *

Bir o‘rtamiyona, lekin o‘zini iste’dodli deb hisoblaydigan musiqachi buyuk venger kompozitori Ferents Listning huzuriga kelib asarlari bilan tanishib fikr bildirishini so‘rabdi. Ko‘rib chiqqanlarini muallifga qaytarar ekan, List debdi:
– Sizning asarlaringizda ko‘p ajoyib va ko‘p yangi narsalar bor.
– Siz shunday, deb hisoblaysizmi, –mamnun jilmayibdi musiqachi. Ammo List uning gapini bo‘libdi:
– Lekin, afsuski, ajoyiblari yangi emas, yangilari ajoyib emas-da!

Rus tilidan Habib Siddiq tarjimasi.

* * *

Bernard Shou kutubxonasidagi bir kitobni do‘stiga ko‘rsatarkan, shunday deydi:
– Ushbu kitob dunyodagi eng noyob kitobdir, uni o‘qishga so‘rab olib, qaytarib berishgan!..

* * *

Bernard Shou ko‘chada bir semiz kishi bilan uchrashib qoladi. U odam qotmadan kelgan Shouni masxaralab gap qotadi:
– Sizni ko‘rgan odam Angliyada ochlik ekan deb o‘ylaydi.
– Sizni ko‘rgan odam esa ana o‘sha ochlikning sababchisi bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi.

* * *

Mashhur yunon faylasufi Suqrotdan shogirdlari so‘rashibdi:
– Nikoh ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun qanday shartlar kerak?
– Buning uchun ikki narsa kerak,– debdi Suqrot, – er kar, xotin so‘qir bo‘lishi kerak.

* * *

Albert Eynshteyn Charli Chaplinning filmlarini yaxshi ko‘rar, bu aktyorga ixlosi baland edi. Kunlardan bir kun u aktyorga shunday maktub bitadi: «Sizga qoyilman, san’atingiz hammaga tushunarli, Siz kelajakda buyuk odam bo‘lasiz.Eynshteyn».
Oradan ko‘p o‘tmay javob xati keladi: «Men esa Sizga qayta-qayta qoyil qolaman.Sizning nisbiylik nazariyangizni jahonda kamdan-kam odam tushunadi, lekin baribir Siz ulug‘ odamsiz.Chaplin.»

* * *

Mashhur rus kimyogari Beketov o‘z xonasida ishlab o‘tirganda xizmatkori hovliqib kiradi:
– Nikolay Nikolayevich! Kutubxonangizda o‘g‘rilar yurishibdi.
Parishonxotir olim arang boshini ko‘tarib so‘rabdi:
– Ular qanday kitoblarni o‘qishyapti?

* * *

Ingliz qiroli Genrix VIII fransuz shahzodasi Fransisga elchi orqali noxushroq bir xabarni yubormoqchi bo‘ladi. Shahzodaning qahri qattiqligini yaxshi bilgani uchun elchi bunday sovuq xabarni yetkazishga rag‘bat bildirmabdi.
– Siz qo‘rqmang, – debdi qirol. – Agar fransuz qiroli mabodo kallangizni olguday bo‘lsa, men Angliyadagi hamma frantsuz elchilarining kallasini olaman.
– Bu chindan ham shohona himmat, – debdi elchi, – lekin u kallalarning birontasi mening yelkamga to‘g‘ri kelarmikan?

* * *

Fransuz qiroli Lyudovik XIV she’r mashq qilib turar va ularga baho berishni faqat Bualoga ishonarkan. Qirolning navbatdagi bemaza she’rlarini o‘qigan Bualo qaltis fikrini shunday ifodalagan ekan: «Hazrat oliylari! Sizning qo‘lingizdan kelmaydigan ish yo‘q! Mana, bemaza she’r qanday bo‘lishining bir ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan ekansiz, bu ishni qoyilmaqom qilib uddalabsiz!»

* * *

Xeminguey juda ashaddiy ovchi bo‘lgan. Bir kuni ov sarguzashtlaridan hikoya qilayotganida tinglovchilardan biri nogoh so‘rab qoladi:
– Mabodo odam qo‘lida yonib turgan mash’ala olib yursa, bironta ham hayvon unga daf qilmaydi, deyishadi. Shu gap rostmi?
– Bu narsa mash’alani qanday tezlikda olib yurishga bog‘liq,– debdi adib.

* * *

Mashhur italyan qo‘shiqchisi Enriko Karuzo chek bilan katta miqdorda pul olishi kerak ekan. Ammo bankka kelganida yonida hujjati yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.G‘aznachi unga pul berolmasligini aytadi. Shunda qo‘shiqchi «Toska» operasidan bir ariyani hafsala bilan ijro etadi. Bank xodimlari hayratdan lol qolishadi. Xijolat tortgan g‘aznachi ham darhol pulni berib yuboradi.

* * *

Yengiltakroq bir shoir Abdurahmon Jomiy huzurida maqtanib qoldi:
– Kecha tushimda Xizr payg‘ambar janoblari og‘zimga muborak tupugidan tufladi.
Jomiy unga shunday javob qildi:
– Hizr payg‘ambar aslida sening yuzingga tuflagan. Og‘zingni ochib turganing uchun tupugi og‘zingga ham tushgan bo‘lsa kerak.

* * *

Faylasuf Suqrot bir boy bilan hamroh bo‘lib safarga chiqibdi. Nogoh ular qaroqchilarga yo‘liqib qolishibdi.
– Ey voh, mabodo ular meni tanib qolishsa sho‘rim quriydi-ku! – debdi boy qo‘rqib-qaltirab.
– Ey voh, ular meni tanishmasa nima qilaman? – dermish Suqrot.

* * *

Bir ziyofatda jahonga mashhur aktrisa Sofi Loren bank xo‘jayinining xotini bilan tanishib qoladi.
– Nihoyatda go‘zal, kelishgan ayol ekansiz. Bemalol kinoda rol o‘ynasangiz ham bo‘lar ekan.
– Men Sofi Lorenman-da...
– Nima bo‘pti! Ismi sharifingizni o‘zgartirasiz-qo‘yasiz!

* * *

«Rus aviatsiyasining otasi» hisoblanmish Jukovskiy juda parishonxotir odam ekan. Bir oqshom o‘z uyida mehmonlar bilan uzoq gurunglashgach, nogoh o‘rnidan turib, shosha-pisha jo‘nay boshlabdi.
– Ie, yo‘l bo‘lsin? – deb so‘rashadi mehmonlar hayrat bilan.
– Kechirasiz, janoblar, ancha o‘tirib qolibman, endi uyga bormasam bo‘lmaydi.

* * *

Mashhur italyan bastakori Rossiniga haykal o‘rnatmoqchi bo‘lishganda u endigina o‘ttiz yoshda edi.
– Yodgorlik qanchaga tusharkan? – deb so‘raydi kompozitor shahar ma’muriyati vakilidan.
– Uch yuz ming liraga.
– Voy-bo‘y! Uch yuz ming lira? – hayrat bilan xitob qiladi Rossini.– O‘sha pulni o‘zimga bera qolinglar. Men buning evaziga Rimning qoq markaziy ko‘chasida kuniga bir necha soat tippa-tik turib beraman.

* * *

Dunyoga mashhur rassom Pablo Pikasso bir kishining portretini chizib bo‘lgach, unga dedi:
– Mana, rasmingiz ham tayyor bo‘ldi. Endi o‘zingiz unga o‘xshashga harakat qiling!

* * *

Shekspirning «Qirol Richard III» tragediyasida nemis aktyori Devrient rol ijro etayotgandi. Aktyor «Ot! Ot! Otga yarim qirolligimni almashtiraman!» degan o‘sha mashhur xitobini aytganida tomoshabinlar orasidan shunday qitmir luqma eshitiladi:
– Eshak bo‘lmaydimi?
– Bo‘ladi, keling tezroq! – deydi hozirjavob aktyor.

* * *

Fransuz matematigi Amper xayolan murakkab bir masalani hisob-kitob qilib borayotganida xuddi auditoriyadagiga o‘xshash qora taxtaga duch kelib qoladi. U suyungancha taxta yoniga chopib borib, doimo cho‘ntagida olib yuradigan bo‘rni chiqardi-da, formulalarni yozishga tushdi. Ammo shu lahza taxta joyidan jilib qoldi. Mashg‘ulotiga berilib ketgan olim beixtiyor unga ergashdi. Taxta tezlashdi. Amper ham chopa boshladi. Faqatgina yon-atrofdagi o‘tkinchilarning kulgusi uni o‘ziga keltirdi. Mundoq qarasa – formulaga to‘lgan qora taxta karetaning (o‘sha davrdagi ot qo‘shilgan arava) orqa to‘sig‘i ekan.

* * *

Mashhur bastakor Rossini huzuriga yosh bastakor kelib, yangi asarini tinglab ko‘rishni iltimos qiladi.
Rossini partiturani diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, kulimsirab shunday deydi:
– Nima ham derdim, sizning asaringizda ajoyib, yangi narsalar bor, ammo ajoyiblari yangi emas, yangilari esa ajoyib emas!..

* * *

Italyan bastakori Rudjero Leonkavalloning «Masxarabozlar» operasi ko‘rigi bo‘layotgan edi. Shu mahal kutilmaganda zalda qo‘nji baland etik va chavandozlar kiyimini kiyib olgan bir barzangi paydo bo‘ladi. Bastakor bu noma’lum kimsaning yoniga borib, unga minnatdorchilik bildiradi.
– Xo‘sh, nima uchun menga rahmat aytyapsiz?– barzangi hayron bo‘ladi.
– Siz bu yerga yana otingiz bilan kelmaganingiz uchun shukur qilyapman!– deya javob qiladi bastakor.

* * *

Vena ko‘chalarida bir gadoy Motsartdan sadaqa so‘raydi. Motsart unga bir nima bermoqchi bo‘lib cho‘ntagini qarasa puli yo‘q ekan. Shunda u gadoydan kutib turishini so‘raydi va bir necha lahzada menuet yozib beradi. Keyin asariga xat ilova qilib, gadoyga uzatadi va noshirga uchrashini maslahat beradi.
Gadoy ishonqiramay noshirga uchraydi. Noshir haligi asar uchun mo‘maygina pul berganda gadoy hayratdan lol qoladi.

* * *

Hukumat idorasida katta amaldor bo‘lgan buyuk olmon shoiri Iogann Volfgang Gyote mashhur bastakor Betxoven bilan tez-tez uchrashib turardi.
Kunlardan bir kuni ular Venadagi istirohatgohda aylanib yurishgandi. Atrofdan o‘tayotganlar ularga ta’zim qilib hurmat-ehtiromlarini izhor etishardi. Ta’zimlarga faqat Gyotegina shlyapasini sal ko‘tarib qo‘yib javob qilardi. Axiyri bu iltifotlardan bezor bo‘lgan shoir hamrohiga shunday gap qotadi:
– Bu ta’zimlar jonimga tegdi!
– Aziyat chekmasinlar, hazrat oliylari, – deydi Betxoven vazminlik bilan. – Balki bu ta’zimlarning menga ham oz-moz daxli bordir!..

* * *

Raxmaninov Amerikaga kelganda bir tanqidchi undan so‘rab qoladi:
– Namuncha bunaqa oddiy kiyinasiz, maestro?
– Menga baribir. Axir meni bu yerda hech kim tanimaydi-ku!– deb javob qiladi mashhur bastakor.
Oradan bir yil o‘tadi.
O‘sha tanqidchi Raxmaninovni uchratib, yana o‘sha savolni beradi.
– Menga baribir, – deydi bastakor kulimsirab.–Axir meni shundog‘am hamma taniydi-ku!

* * *

Kunlardan bir kuni mashhur italyan qo‘shiqchisi Karuzo pulini olish uchun pochtaga keladi. Yonida pasporti bo‘lmagani uchun pochtachi pulni bermaydi. Shunda Karuzo o‘z shaxsini tasdiqlash uchun bir operadan ariyani qoyilmaqom ijro etib, pulini oladi.
Bu voqeani eshitgan bir tanqidchi Karuzoga iddao qilib deydi:
– Enriko, bu axir san’atni tahqirlash-ku!
– Ishing qistalang bo‘lib turganda ko‘zingga san’at ham ko‘rinmaydi!– deya javob qiladi Karuzo.

* * *

1926 yili kinematografiya arboblari Parijda xalqaro kongressga yig‘iladilar. Aka-uka Lyumerlar ixtiro qilgan kino san’atining ahamiyati va taraqqiyoti haqida otashin nutqlar irod qilinadi. Shu mahal majlis qatnashchilari zalning bir burchagida yupungina kiyingan bir cholni ko‘rib qolishadi. Ko‘rinishidan u bu yerga tasodifan kirib qolganga o‘xshardi.
– Sizga nima kerak bu yerda?– deya qariyadan tahdid bilan so‘rashadi.– Bu kongressga qanday aloqangiz bor?
Notanish odam tortinib-qimtinib javob qiladi:
– Bilasizmi, men o‘sha... Lyumerman.
Shoshilinchda buyuk ixtirochini taklif etish unutilgan ekan.

* * *

Ovozsiz kinoning mashhur aktyori, amerikalik Lon Chaney boshqalarning qiyofasiga kirishga usta edi.
Kunlardan bir kuni Charli Chaplin u bilan aylanib yurganda yo‘l chetidagi katta qo‘ng‘izni ko‘rib qoladi.
– Ehtiyot bo‘ling, – deydi Chaplin, – uni bosib olmang! Ehtimol u qo‘ng‘iz qiyofasiga kirib olgan Lon Chaneydir.

* * *

Mashhur dramaturg Bernard Shou Nitshe falsafasi ta’sirida «Mafusailga qaytish» degan pyesa yozadi. Asar ko‘rigidan so‘ng u tomoshabinlarga egilib ta’zim qiladi. Shu mahal kutilmaganda gulduros qarsaklar barobarida yuqoridagi o‘rindiqda o‘tirgan bir tomoshabin jahl bilan hushtak chalvoradi.
Shou yuqoriga qaraydi, qo‘lini cho‘zib baland ovoz bilan xitob qiladi:
– Men ham shunaqa fikrdaman, do‘stim. Ammo ikkimiz mana bu qarsakbozlarga qarshi nima ham qila olardik!

* * *

Kunlardan bir kuni Tristan Bernar havaskor bir dramaturgning pesasi ko‘rigida qatnashayotgan edi.
Ikkinchi ko‘rinish paytida mashhur dramaturg o‘tirgan joyga muallif kelib so‘raydi:
– Maestro, sizga pesam yoqyaptimi?
– Menga go‘yo tashqarida chelaklab yomg‘ir yog‘ayotganga o‘xshayapti.
– Tushunmadim, nega endi?
– Axir shu paytgacha zaldan hech kim chiqmadi-ku!

* * *

Mashhur rus artisti Aleksandr Vertinskiy uzoq yillar Vatandan ayriliqda yashab, yurtiga qaytadi.
O‘ta hayajonlangan qo‘shiqchi vagondan tushib, atrofiga alanglaydi... Perronga jomadonini qo‘yib, ehtiros bilan xitob qiladi:
– O Rossiya! Bu o‘zingmisan? Seni tanimay qoldim.
Artist oppoq ro‘molchasi bilan beixtiyor to‘kilgan ko‘z yoshlarini artib, jomadonini olish uchun engashib qarasa...uni o‘g‘ri urib ketibdi.
Qo‘shiqchi ma’yus ohangda shivirlaydi:
– Endi seni tanidim, Rossiya...

* * *

Sobiq sovet artisti Saveliy Kramarov Amerikaning Los-Anjelos shahrida yashayotganida Boris Sichkinga do‘xtirlar ko‘zini operatsiya qilganini, ammo g‘ilayligi saqlanib qolganini aytib hasrat qiladi. Bir oqshom ular sayr qilib yurishganda Saveliy duch kelgan yo‘lovchidan soat necha bo‘lganini so‘raydi. Qo‘rqib ketgan yo‘lovchi dar-hol soatini va yana sakson dollarini topshirib qochib qoladi.
– Saveliy, – deydi shunda Sichkin, – do‘xtirlar senga yaxshilik qilishgan. Nyu-Yorkka ko‘chib o‘t. Oqshomda sayr qilib yurib ikki marta soatni so‘rab qo‘ysang bas – bir haftalik tirikchiligingni g‘amlab olaverasan!

* * *

Mashhur rus qo‘shiqchisi Fyodor Mixaylovich Shalyapin hamisha artistlarning mehnatini yengil deb hisoblovchi kishilarni yoqtirmasdi.
Kunlardan bir kuni u Moskva bo‘ylab faytonda ketayotgan edi, aravakash to‘satdan so‘rab qoladi:
– Xo‘sh, xo‘jayin, o‘zlari nima ish bilan shug‘ullanadilar?
– Men... shu endi... qo‘shiq aytaman.
– Men buni aytayotganim yo‘q. Nima ish qilishingni so‘rayapman. Qo‘shiqni hamma aytaveradi.

* * *

Mashhur italyan qo‘shiqchisi Karuzo safarga chiqqanida mashinasi buzilib qolib, bir fermerning qo‘rg‘oniga tushadi.
Qo‘shiqchi o‘z ismini aytganida fermer o‘rnidan sakrab turadi va Karuzoning qo‘lini hayajon bilan qisib, shunday xitob qiladi:
– Men qachonlardir bir kuni o‘z uyimda mashhur sayohatchi Robinzon Karuzoni ko‘rarman deb o‘ylamagan edim!

* * *

Karuzo uy sotib olib, ta’mirlash uchun ustalarni yollaydi. U o‘zicha qo‘shiq va ariyalarni xirgoyi qilib turganda xonaga ustalarning ishboshisi kirib keladi:
– Men bir daqiqaga... Siz hoynahoy uyingizning tezroq ta’mirlanishini xohlasangiz kerak?
– Albatta, – deya javob qiladi Karuzo.
– Unday bo‘lsa qo‘shiq aytishni bas qiling. Ustalar qo‘shig‘ingizga andarmon bo‘lib ishlay olishmayapti.

Shodmon Otabek tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.