OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’rmonda ham bolalar bog’chasi bor

Farzandga tarbiya berish, avvalo, oiladan boshlanadi. Biroq bola tarbiyasida  maktabgacha ta'lim muassasalari ham muhim o‘rin tutadi. Shuni hisobga olgan holda, dunyo bog‘chalari haqida ma'lumot berib borishga harakat qilamiz. Dastlab rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiruvchi Germaniya bog‘chalari xususida. Germaniyada  bolalarni  tarbiyalovchi turli xil muassasalar mavjud bo‘lib, ular kun bo‘yi yoki ma'lum vaqtgacha chegaralangan holda faoliyat yuritadi. Kun bo‘yi tarbiyalanuvchi bolalar yasliga uch yoshdan boshlab qabul qilinadi. Germaniya G‘arbiy hududining barcha joylarida ham bolalar bog‘chalari mavjud emas va bunga sabab bolalar uchun bo‘sh joy o‘rinlari yetishmasligi ekan. Shar­qiy qismida esa bu muammo  kam uchraydi. Kunduzgi sxema bo‘yicha bolalar 4 soat, ba'zi joylarda ertalab 6 dan kechki 18 gacha bog‘chada bo‘ladilar. Germaniya maktabgacha ta'lim muassasalarining o‘ziga xos xususiyatlari;

- Nemis bog‘chalarida  aralash  guruhlar mavjud va bu  «Oilaviy» guruh deb ataladi. Ularda bolalar soni 15 nafardan oshmaydi. Yana bir sharti - 9 oylik chaqaloqlardan tortib, 3 yoshga to‘lguncha bo‘lgan guruhlarda bolalar soni  25 nafardan oshmasligi lozim.

- Ta'lim berish tarbiyachining majburiyatiga kirmaydi. Ular faqat bolakaylarni nazorat qilish, o‘yinlar tashkil etish, ov­qatlantirish, sayr qildirishlari kerak, xolos. Pedagogning asosiy ishi  bu - bolalarni erkin, mustaqil bo‘lishga o‘rgatishdan iborat.

- Kun tartibi barcha shahar bog‘chalarida dam olish (uyqu) soatining yo‘qligi bilan ham farq qilishi mumkin. Buning ikki sababi bor. Birinchisi - joyning juda tanqisligi bo‘lsa, ikkinchi sabab - ota-onalar bolalarining kechqurun ham tetik bo‘lishlarini istamasligida. Chunki bolalarning uyquga yotish vaqti soat 19.30.

O‘rnatilgan tartib bo‘yicha nonushtani bolalar uylaridan olib keladilar. Ko‘pchilik bog‘chalarda hatto oshxona va oziq-ovqat saqlash xonalari yo‘q. Ba'zilarida oshxona bor, lekin oshpaz yo‘q. Bunday bog‘chalarda ovqatni bog‘cha opalarning o‘zlari pishiradilar.

- Bog‘cha hududidagi o‘yin maydonchalari ham biznikidan ancha farq qiladi. O‘zbekistonda bog‘chalarning har bir guruhi uchun maydonchalar ajratilgan  va ularning atrofi yashil gul devorlar bilan o‘ralgan bo‘ladi. Germaniya bog‘chalarida  maydonchalar umumiy bo‘lib, ko‘m-ko‘k o‘t, daraxtlar, butalar bilan qoplangan bo‘ladi.

- Bolalar bog‘chasi ishini tarbiyachi, bog‘cha opalar va  mudirlar tashkil etadi. Boshqa davlatlardagi kabi xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir, kiyim-kechak uchun mas'ul kishi, uslubchi, musiqa o‘qituvchisi, hamshira va vrachlar ushbu bog‘chalarda mavjud emas.

Germaniyaning  Dyusseldorf shahrida noan'anaviy kontseptsiyaviy bog‘chalar bor. Bu maktabgacha ta'lim muassasalari ham maxsus bog‘chalarga bo‘linadi.

Valdorf bolalar bog‘chasi

Bu yerda kompyuter o‘yinlari, barbi qo‘g‘irchoqlarini o‘ynash, bog‘chaga yelim o‘yinchoqlarini olib kelish man etilgan. Tabiiy daraxt va tabiiy materiallar, tinchlantiruvchi rangdagi qog‘ozlardan yasalgan o‘yinchoqlarni o‘ynash mumkin, xolos. Bu yerda toza havo va erkin ijod uchun barcha sharoit mujassam.

O‘rmondagi bolalar bog‘chasi

Bu bog‘chada bolakaylar ildizlar, barglar, qarag‘ay g‘uddasi bilan o‘ynaydilar. O‘t va daraxtlar orasida bolakaylar o‘z uylaridagidek yurib, tabiatni sevishga o‘rganadilar.

«Jismoniy tarbiya» bog‘chasi

Bu bog‘chada jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun ko‘p vaqt ajratiladi. Nemis tilida Bewegung­skin der gaerten deb ataladi. Bu status tarbiyalanuvchilari sport bilan bevosita shug‘ullanadigan bog‘chalarga beriladi.

Ikki tilli bog‘chalar

Til o‘rganish muhim masala, lekin til o‘rgatuvchi bog‘chalar Dyusseldorfda juda kam: 2 ta frantsuz va 5 ta ingliz tilida tarbiya beruvchi bog‘chalar bor. Endilikda Germaniyada rus-nemis bog‘chalarini ochish rejalashtirilgan.

Durdona Botirova  tayyorladi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.