OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oshqovoqning xosiyati

Oshqovoq mag‘izi salomatlik uchun koni foyda ekani qadimdan ma’lum. Olimlar bugun uning yangi-yangi xosiyatlarini kashf etishmoqda. Xususan, oshqovoq tarkibida karotinoidlar miqdori ko‘pligi bois, organizmda ulardan A darmondorisi (retinol) hosil bo‘ladi. Ezilgan oshqovoq mag‘izi esa har xil yaralar, kuygan joylarga yaxshi malham. Buning uchun terining kuygan yoki yara bo‘lgan joyiga shu mag‘iz ertalab ikki-uch soat, kechasi esa ertalabga qadar kompress qilib bog‘lanadi.

Oshqovoqda temir moddasi ko‘p. Bu modda yetishmasligi kamqonlikni paydo qiladi. Qoni kamlar uchun oshqovoq bebaho ne’mat. Imkonga qarab har kuni oshqovoq bo‘tqasi iste’mol etilsa qon ko‘payadi.

Oshqovoq mag‘izida pektin tolalari ko‘p. Bu tolalar modda almashuv jarayonida hosil bo‘ladigan zararli moddalar, ortiqcha xolesterin va shlaklarning organizmdan chiqib ketishiga yordam beradi. Shu xususiyatiga ko‘ra ham oshqovoq yurak og‘rig‘idan aziyat chekuvchi va organizmini tozalashni xohlovchilar uchun juda foydalidir.

Oshqovoq urug‘i tarkibida rux moddasi bo‘lib, u prostata bezi to‘qimalari rivojiga to‘sqinlik qiladi. Bu holat adenoma va prostatitda kuzatiladi. Quritilgan oshqovoq urug‘i shu xastaliklarga chalingan erkaklar uchun nihoyatda zarur. Yaxshi natijaga erishmoq uchun ikki oy kuniga 50-60 tadan oshqovoq urug‘i iste’mol qilgan ma’qul. Oshqovoq urug‘i tarkibidagi rux o‘smirlarda shu mikroelement kamayishi oqibatida yuz beradigan har xil toshmalar toshganda ham qo‘l keladi. Bu holda ham ikki oy mobaynida kuniga 50-60 tadan oshqovoq urug‘i iste’mol qilinadi.

Oshqovoq urug‘i tarkibidagi kukurbitin aminokislotasi ichki a’zolarimizga in qurgan qurtlar uchun zahar hisoblanadi. Odamlarning 50 foizga yaqinining o‘t qopida shunday parazitlar yashaydi. Ularga qiron keltirish uchun oshqovoq urug‘ini iste’mol qilib turish kerak. Agar uch kun mobaynida har kuni ertalab nonushta o‘rniga 100 grammdan oshqovoq urug‘i iste’mol qilib, ustidan suv yoki choy ichsangiz “chaqirilmagan mehmonlar”dan qutulasiz.

Oshqovoq sharbatida kaliy moddasi ko‘pligi bois, organizmdan suyuqlik ajralib chiqishini kuchaytiradi. Siydik haydash xususiyati tufayli bunday sharbatlar yuragi xasta hamda buyragida shish hosil bo‘lganlar uchun juda foydali.

Oshqovoq sharbatida eng kamyob hisoblangan T darmondorisi ham mavjud. U qon ketishini to‘xtatuvchi to‘qimalar — trombotsitlar hosil bo‘lishiga ko‘maklashadi. Shuning uchun qon ketishidan aziyat chekkanda yoki milklar tez-tez qonaganda, oshqovoq sharbatini ichib turgan ma’qul.

Tarkibida A darmondorisi ko‘pligi bois, ko‘zlarimiz sog‘lomligi uchun ham oshqovoqning nafi katta. Ko‘z nurini oshirish, ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun ham oshqovoq foydali.

Oshqovoq sharbati sabzi va olma sharbatlariga teng miqdorda qo‘shib ichilsa, uning samarasi yanada oshadi. Sharbatlarning bunday aralashmasini ertalab va kunduzi ovqatdan 30-40 daqiqa avval bir stakandan ichish kerak. Agar kechqurun va yotishdan avval ichilsa, siydik haydagani bois, uyquni bo‘lishga to‘g‘ri keladi.

Sabzavot sharbatlari kletchatka, organik kislotalar, pektin, efir moylari kabi biologik faol moddalarga boy. Biroq ular tayyorlangandan so‘ng yarim soat ichidayoq iste’mol qilingani ma’qul. Sharbatlar, odatda, ovqatdan yarim soat avval yoki taomdan 1,5-2 soat so‘ng ichiladi. Unga suv qo‘shsa ham bo‘ladi, ammo shakar va tuz qo‘shmang. Sharbat naycha orqali oz-ozdan, og‘izda ta’mini his etib ichilsa organizmga yaxshi singadi.

Sabzi sharbati ishtahani ochib, taom hazm bo‘lishini yaxshilaydi (oshqozon yarasida foydali), tishlarni mustahkamlab immunitetni oshiradi, teri holatini yaxshilaydi, ko‘z nurini oshiradi. Sabzidagi A darmondorisi tarkibida eruvchan yog‘lar mavjud. Shu sababli me’yordan ortiq iste’mol qilinsa, gipervitaminoz va jigar xastaligiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, sabzi sharbati bilan birga tarkibida kraxmal bo‘lgan kartoshkali va xamirli taomlarni ham iste’mol qilmaslik kerak. Agar sharbatga uning mag‘izi ham aralashgan bo‘lsa, yaxshisi dokadan o‘tkazib oling. Sharbatga biroz suyuq qaymoq (slivki) qo‘shib ichilsa, A darmondorisi organizmga yaxshi singadi.

www.aif.ru saytidan tarjima.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.