OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tush ko’rasizmi?

 Shunday holat borki, unda inson harakatlansa-da, o‘ylash va his qilishdan mahrumdir. Bu paytda u o‘zini anglay olmaydi. Shunga qaramay uning qon tomirlari urishda davom etadi, yuragi bir torayib, bir kengayadi. O‘pkasi esa hayotbaxsh havo olib ishlayveradi.

Bu ta’riflangan holat uyqu ekanligini ziyraklik bilan topgan bo‘lsangiz, ajab emas. Ha, barchamiz uyquni yaxshi ko‘ramiz. Hatto umrimizning uchdan bir qismi uyqu bilan o‘tib ketishini ba’zida payqamay ham qolamiz. Chunki uyqu asnosida tabiat bizning hayot tashvishlaridan charchagan asablarimizni allalaydi, miyamizga dam beradi va ruhimiz orom topadi. Asablarimizning bo‘shashi va miyamizning dam olishi natijasida ruhimiz ozodlikka chiqqandek bo‘ladi. Bu holat biz deyarli har kuni ko‘rayotgan tushlarimizdir.

«999 tush ta’biri» kitobida aytilishicha, tushlar uch xil bo‘ladi: ilohiy, shaytoniy va insoniy tushlar. Ilohiy tushda yaxshi xabarlar yetkaziladi va bo‘lajak bir voqea xususida ogohlantiriladi. Shaytoniy tushlar qo‘rqinchli bo‘lib, kishi vahimaga tushadi. Insoniy tushlarni kundalik tushlar deb sharhlash mumkin. Bu tush kishining o‘ngidagi kechinmalari, o‘ylari, ruhiy va jismoniy holati ta’sirida sodir bo‘ladi. Shuningdek, kitobda shaytoniy va insoniy tushlar ta’bir qilinmaydi, chunki ular xabar bildirmaydi, deyilgan.

Galen, Gippokrat, ar-Roziy  va Ibn Sino fikrlari bo‘yicha, inson mijozi qanday bo‘lsa, tushi ham shunga yarasha bo‘lar ekan.

Masalan, o‘ta issiq mijozli odam juda qotib uxlab, og‘ir tushlar ko‘radi. O‘rta darajada issiq va o‘rtacha quruq mijozli odamlar esa yengil uxlab, yoqimli tushlar ko‘rar ekan.

Uyqu masalasida buyuk tabibimiz Ibn Sino «Inson ovqatga to‘yib uxlaganda aloq-chaloq tushlar ko‘rishi bilan birga pishib terlaydi, bu tarzda uxlagan odamning ruhi dam olmaydi, agar kam ovqatlanib uxlasa, yaxshi tushlar ko‘rishi mumkin. Bu holatda uyqu o‘z joyini topadi, qon aylanishi mo‘tadillashib, kishiga yangitdan kuch bag‘ishlaydi» deydi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kunduzgi uyqu ham turli xil kasalliklarni yuzaga keltirar ekan. Kunduzgi uyqu teri rangini o‘zgartiradi, asablarni bo‘shashtirib, odamni dangasa qiladi, ishtahani bo‘g‘adi, hatto bezgak kasalligi ham shu tufayli qo‘zg‘alishi mumkin. Chunki kunduzgi uyqu oz bo‘lib, inson organizmiga yetarli darajada dam berolmaydi.

Tush ko‘rishni masofadan turib fikr uzatish desa ham bo‘ladi. Chunki tush ko‘rib kashfiyot qilgan yoki buyuk asarlar yozgan adiblar, olimlar haqida ko‘p eshitganmiz. Masalan, Abdulla Qodiriy «Mehrobdan chayon» romanini yozishdan oldin Solih Mahdumni tushida ko‘rganligini o‘zi e’tirof etadi. Yoki D.I. Mendeleyev barcha kimyoviy elementlarni tushida ko‘rgach, o‘z jadvalini yaratadi. Shuningdek, mashhur skripkachi Tartani ko‘rgan tushi ta’sirida «Shaytoniy shodiyonalar» sonatasini yaratgan.

Tush ko‘rgan odam o‘sha voqealarni tushunmasa va ularni yo‘ya bilmasa, har kimga ham murojaat qilmasligi lozim. Tushni bilimdon va xushmuomala ta’birchiga aytish kerak, deyilgan hadislarda.

Xalqimizda «Tushingni suvga ayt» degan naql bor. Bu maqol hozirda kinoyaga aylangan. Yaxshi-yomon tushni ham oqar suvga aytish kerak, binobarin, suv tushlarning yomonini oqizib ketadi, barcha g‘uborlarni tozalaydi.

Tibbiyot xodimlarining kuzatishicha, inson tungi 1 dan to 4 gacha miriqib uxlar ekan. Bu paytda inson tana harorati 36,2dan 35 darajaga tushib ketar ekan. Demak, uyqu bizning tana haroratimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib,  keyingi kunga yangidan kuch bag‘ishlar ekan.

Aziza Haydarova tayyorladi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.