OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yugurish afzalmi yoki piyoda sayr qilish?

“Infarktdan yugurib qutiling”, degan shior bugun eskirdi. Chunki yurak xastaliklaridan forig‘ bo‘lishning samarali yo‘llari kashf etildi. Xususan, olimlar yugurish emas, piyoda sayr qilish yurak-qon tomir xastaliklari xavfini yetti barobar kamaytirib, umrni 5-7 yilga uzaytirishi mumkinligini isbotlashdi.

Ijtimoiy so‘rovlarda aniqlanishicha, aholining 9,2 foizi oyiga bir-ikki marta piyoda yuradi, oltmish foizdan ortig‘i esa uyidan ishgacha transportda borib kelishni ma’qul ko‘rarkan. Mashhur yurak jarrohi L.Bokeriya o‘zi ibrat ko‘rsatib, vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi direktori shanba kunlari erta tongda bir guruh xohlovchilar bilan piyoda sayr qiladi. Har qanday ob-havoda ham to‘xtab qolmaydigan bu sayrga har oy kamida ikki marta chiqiladi.

“AiF“ muxbirining yozishicha, piyodalar orasida ozg‘in keksa ayollar va yigitlardek qaddi raso o‘rta yoshli erkaklar ko‘p ekan. Aksariyat akademik L.Bokeriya bilan suhbatlashish nasib etsa, uning fikrini eshitaman, degan umidda kasallik tarixi va tashxiz qog‘ozlarini ham cho‘ntaklariga solib olisharkan. Bir keksa ayol ikki yil burun operatsiya qilingan nabirasi bilan kelibdi, nabirasining hayotini saqlab qolgani uchun Leo Antonovichga minnatdorlik bildirmoqchi ekan. Piyodalar sayr ­oldidan qon bosimi, tomir urishi, shuningdek, qand miqdorini o‘lchatarkanlar.

— Ko‘p joylarda salomatlik markazlari tashkil etilgan. Istagan kishi ularda to‘liq tekshiruvdan o‘tishi mumkin, — deydi akademik. — Biroq mijozlar kam. Federal okruglarda ochilgan yurak-qon tomir jarrohligi markazlarida ham belgilangan kvotani bajarish mushkul, bemorlar kamchil. Odamlar onda-sonda murojaat qilishadi. Negadir shifokorlardan ko‘ra tabiblarga borishni ma’qul ko‘rishadi.

Akademikka arterial qon bosimi bo‘yicha ko‘p savol berisharkan. Yig‘ilganlar orasidan bir kishi “Qon bosimi me’yori qancha bo‘lishi kerak?” deb so‘radi. Qisqacha javob shunday bo‘ldi: 120/80 — 110/70 bo‘lishiga harakat qilish zarur. Bundan boshqacha bo‘lsa, darhol shifokorga uchrashing. Shu mavzuda yana bir savol: “Qon bosimi ko‘tarilishining ilk bosqichlarida nima qilish kerak?” Javob lo‘nda bo‘ldi: ortiqcha taom yemaslik, ortiqcha ichib qo‘ymaslik va harakatdan to‘xtamaslik kerak! Gipertoniyaning ilk bosqichini jismoniy mashg‘ulotlar, masalan, piyoda sayr yordamida muvaffaqiyatli davolash mumkin.

Sayr chog‘i muxbir akademikka shunday savol bilan murojaat qildi: “Ko‘plar ishga borish va qaytishda transportlarning ­biridan ikkinchisiga chopqillab jismoniy faollik normasini oshirib bajaramiz, deb o‘ylaydi. Shu to‘g‘rimi?”

— Uy bilan ishxona o‘rtasidagi yugur-yugurlarning jismoniy faollikka hech qanday aloqasi yo‘q, — deydi akademik. — Chopqillash, yugur-yugurlar stress, ya’ni ruhiy zarba olishning ayni o‘zi. Sayru sayohat bilan stress bir-biriga zid holatlardir. Sayr toza havoda, bir maromda, muntazam ravishda bir xil masofani bosib o‘tishdir.

— Ob-havo, magnit bo‘ronlari kayfiyatga ta’sir etadimi?

— Yuragi xasta kishilarning ahvoli-ruhiyasi haqiqatdan ham ob-havoga bog‘liq. Ular harorat va bosim mo‘‘tadil bo‘lgan ­vaqtda o‘zlarini yaxshi his etadilar. Bosim va harorat keskin o‘zgarganda esa, shifokorga ko‘p murojaat qiladilar. Bunday paytda organizmni mustahkamlovchi harakatlarga (suzish, ko‘proq sayr qilish) e’tibor berib, ichayotgan dorilari dozasini biroz oshirish kerak bo‘ladi.

— Shifokorlar bilimini muttasil oshirib boradi. Ularning mijozlari haqida ham shunday deyish mumkinmi?

— Bugun umrni uzaytirishning imkoniyatlari juda ko‘p. Shifokor hatto o‘ta xasta bemor umriga ham o‘n yillab umr qo‘shishi mumkin. Biroq odamning bemorlik tufayli mashaqqat bilan yashab yurishi emas, balki to‘laqonli hayot kechira olishi faqat uning o‘ziga bog‘liq. Bu — eng muhimi. Odamlar mana shu haqiqatni anglashlari kerak.

... Bir mahal akademikning hamkasblari yoniga yig‘idan ko‘zi yoshlangan o‘rta yashar ayol keldi. Olga ismli bu ayolning aytishicha, uning talaba o‘g‘li og‘ir xasta, shifokorlar unga har qanday jismoniy mashqni taqiqlab qo‘yganmish. Jarrohlik amali zarur ekan. Shu joyning o‘zida rentgen tasviri, kardiogramma, ultratovush tekshiruvi natijalari ko‘zdan kechirilib, yigitcha soppa-sog‘, deb topildi. Faqat uning yuragida qo‘shimcha xorda borligi, bu yurakdagi kichik notabiiylik bo‘lib, kayfiyatga ham, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aytildi. Ayol sayrni davom ettirgan shifokorlar ortidan uzoq qarab turdi. Xayolidan yolg‘iz o‘g‘lining umriga tahdid solayotgan “o‘lim vahmi” arigan bu ayol kabi, ayni holatda odam rostdan ham qayoqqa borishini bilmay qolarkan...

* * *

— Amerikalik va shvetsiyalik olimlar tadqiqot olib borib, vazni og‘ir, semiz odamlar orasida ham sog‘lom kishilar ko‘p, degan xulosaga kelishdi. Tekshiruvdan o‘tgan semiz kishilarning 46 foizida modda almashinuvi me’yoridaligi, ular ozg‘in kishilarga nisbatan yurak xastaliklariga kamroq chalinishi aniqlandi. Bunga ishonsa bo‘ladimi?

Tibbiyot fanlari nomzodi I.Reshetnikovning javobi shunday:

— Tekshiruvdan o‘tgan semiz odamlarning yarmiga yaqinida modda almashinuvi me’yorida bo‘lsa-da, ularda qandli diabet, surunkali pankreatit va gastrit (oshqozon shilliq pardalarining yallig‘lanishi), hayz kelishining to‘xtashi va jinsiy ojizlik, harsillash, a’zolarda shishlarning bo‘lishi shubhasiz. Bu hali semizlikka “doimiy hamroh” bo‘lgan xastaliklarning hammasi emas. Bundan tashqari, yurakning yog‘ bosishi yurak-qon tomir tizimini izdan chiqaradi. Shu bois, men hamisha ortiqcha to‘yib ovqatlanmaslikni maslahat bergan bo‘lur edim. Vaznning me’yordagidan hatto o‘n kiloga oshishi ham ko‘pgina kasalliklarning kelib chiqish xavfini paydo qiladi.

“AiFning 2012 yil 37-, 39-sonlaridan “O‘zAS” tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.