OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zilzilaning kuchini kamaytirish mumkinmi?

Yaqinda Indoneziyada ro‘y bergan kuchli zilzilalar seysmik fojialarni oldindan aniq aytishning murakkabligiga yana bir bor jahon olimlari e’tiborini qaratdi. Keyingi yetmish yil davomida MDH hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar ikki yuz mingga yaqin kishining hayotiga zomin bo‘lgan. YuNYeSKO hisob-kitobiga ko‘ra, har yili zilzilalar tufayli ko‘rilayotgan zarar miqdori milliardlab dollarni tashkil etmoqda. Tokio, Mexiko, Nyu-York, Shanxay, Kalkutta, Jakarta kabi yirik megapolislar esa yerning tektonik yoriqlari ustida joylashgan. Ularda 161 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Zilzilalarni oldindan aytishning yagona usuli esa, hanuzga qadar yaratilmagan. Rossiya Fanlar akademiyasining bir guruh tadqiqotchilari vayrongarchilikka sabab bo‘luvchi zilzila kuchini kamaytirish yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surmoqdalar. Texnika fanlari nomzodi V. Novikov geofizikada impulsli energetika laboratoriyasiga yetakchilik qiladi. O‘tgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillari raketa texnikasida qo‘llanilgan muvaqqat sharoitlarda elektr toki hosil qilish qurilmasi shu maqsadga xizmat qilishi mumkin. Ushbu raketamonand dvigatel ichida bosimni 40 atmosfera, haroratni esa to‘rt ming darajaga yetkazsa bo‘ladi. Unda plazma oqimi sekundiga ikki ming metrga qadar tezlikka yetkazilishi mumkin. Uning magnit qutblari bilan o‘zaro ta’siri natijasida magnit tizimida elektr toki hosil bo‘ladi. Shunday uskunalardan birining quvvatini butun bir Dnepr GES quvvati bilan tenglashtirish mumkin.

Akademik Ye. Velixov o‘tgan asrning yetmishinchi yillari bu qurilmadan yer osti qatlamlarini zondlashni taklif etgan. Ya’ni mazkur qurilma orqali yerning eng chuqur qatlamlariga elektr toki yuborish yo‘li bilan ularning tuzilishi haqida muayyan ma’lumot olish mumkin ekan. Shu yo‘l bilan neft va gaz boyliklarini ham topsa bo‘larkan. Biroq hozircha bunday qurilmalar sanoqli, tadqiqotlar esa davom ettirilmasdan qolib ketgan. O‘z davrida mavjud qurilmalardan Sharqiy Sibir va Kaspiybo‘yi pasttekisligi konlarini qidirib topishda foydalanilgan.

O‘shanda mazkur qurilmalardan zilzilalarni keltirib chiqaruvchi kuchlarni aniqlash ham taklif etilgandi. Buning sababi shundaki, yer ostida elektr kuchlanishlari haddan ziyod oshganda yer qa’rining elektrga qarshiligi keskin tushib ketadi. Sho‘rolar davrida bu boradagi eksperemental tadqiqotlar zilzila ko‘p yuz beradigan Pomir va Shimoliy Tiyonshon tog‘larida amalga oshirib ko‘rilgan. Ya’ni impulsli generatorga ulangan ikkita elektrod bir-biridan 4 kilometrli masofada yer qa’riga 10 soniya davomida bir necha ming amperli elektr impulslarini yuboradi. Bu impulslar zilzila o‘chog‘i, deb taxmin qilingan joylarda yer tubiga 15-20 kilometr chuqurlikka qadar yetib boradi. Qabul qiluvchi stantsiyalar ana shu impulslarga kelgan javob signallariga qarab yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzilalar haqida ma’lumot olishi ko‘zda tutilgan edi. Tajribalar yakunlangach, qiziq bir holat qayd etilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni eksperementlar davom etayotgan paytda generator joylashgan hududlar atrofida nisbatan kuchli deb hisoblangan zilzilalar soni kamayib, ularning o‘rniga kuchsiz zilzilalar bo‘lib o‘tgan.

“Ilmiy til bilan aytganda shunday taxmin qilish mumkinki, —deydi V. Novikov, — impulsli generator yer tubiga yuboradigan elektr zaryadlari yordamida yer qa’rida sun’iy deformatsiya jarayoni hosil qilinadi. Bu energiyaning qayta taqsimlanishiga olib keladi. Yer qa’ridagi deformatsiya jarayonlarini sun’iy usulda boshqarish kuchli zilzilalarning oldini olishi mumkinligi keyingi eksperementlarimizda ham o‘z tasdig‘ini topdi”.

Albatta, shu usulda ishlovchi real texnologiyalarni yaratish uchun vaqt va katta kuch kerak bo‘ladi. Biroq shuni esda tutish zarurki, zilzila xavfi katta bo‘lgan hududlarda yerning o‘sha yoriq joylarida o‘rnashgan aholini vaqtincha ko‘chirib, mazkur impulsli generator yordamida “engil zilzila” hosil qilish yuz yilga qadar zilzila xavfidan xalos bo‘lish imkonini berishi tayin.

“AiF”ning 2010 yil, 45-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.