Insonning o‘zini anglashi va anglatishi til orqali amalga oshganidek, kishilarning millat sifatida birikuvi, xalq sifatida shakllanib, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida ham til yetakchi ma’naviy va ruhiy omil sanaladi. Jahon xalqlari tillari orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan o‘zbek tili dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgani tarixdan ma’lum. Chunonchi, “Alpomish”dek buyuk eposni bergan, “Xamsa”dek muazzam badiiy obida yaratilgan o‘zbek tili insoniyat madaniyati, badiiy tafakkuri miqyoslarini bor butunicha qamrab olishga qodir tillar sirasidandir.
Biz har yili ona tilimizga davlat tili maqomi berilganini quvonch bilan nishonlaymiz. Zotan, bu shodiyona xalqimiz birligi va birdamligi, ozodligimizning oliy timsoli bo‘lmish ona tilimiz tantanasi nishonasidir.
Bu qutlug‘ kun arafasida muxbirimiz atoqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Abduzuhur Abduazizov bilan uchrashib suhbatlashdi.
— Har bir xalq hayotida, har bir davlat taraqqiyotida tilning o‘rni va ahamiyati beqiyos ahamiyatga ega. Zero, millatning tili uning o‘zi kabi betakror xazina. Xususan, bizning ona tilimiz ham daho shoirimiz hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda “mamlakatni yakqalam” qilgan — turkiy qavmlar va elatlarni birlashtirgan qudratli kuch bo‘lgani tarixdan ma’lum.
Biroq o‘tgan asrda, aniqrog‘i, mustamlaka sharoitida o‘zbek tili ravnaqiga qo‘yilgan to‘siqlar o‘zidan asoratlar qoldirgani ham sir emas. Ne baxtki, xalqimiz xohish-irodasi, Yurtboshimiz Islom Karimovning shijoati, oqilona siyosati tufayli bu to‘siqlar butkul bartaraf bo‘ldi.
Mustabid sho‘ro mafkurasining adolatsiz siyosati oqibatida milliy va rasmiy mavqeidan mahrum etilgan ona tilimiz endilikda erkin va mustaqil tarzda rivojlanib bormoqda. Uning yanada boyib, faoliyat ko‘lami kengayishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Endilikda davlat va jamoat idoralarida ish yuritish, hujjatlar tayyorlash, ariza va takliflar qabul qilish, turli majlislar, ilmiy va amaliy anjumanlar davlat tilida olib borilmoqda. Vatanimiz o‘zining valyutasi — so‘mi, pochta markalari va lotoreyasini o‘zbek tilida chop etmoqda. Yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining tillari ham ravnaq topayotir, ularni ham o‘z o‘rnida qo‘llash mumkinligi “Davlat tili haqida”gi qonunimizda mustahkamlab qo‘yilgan.
Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida ona tilimizning taqdiri, qariyb bir asrlik qaramlikdan so‘ng, o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘lgani, mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasi qatorida turadigan muqaddas timsollardan biriga aylanganini faxr bilan yozadi. Yurtboshimizning ko‘rsatishicha, o‘zbek tilining istiqboli bilan bog‘liq muammolar ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan o‘rganilishi zarur.
Haqiqatan, hozirgi o‘zbek tilshunosligida ko‘pgina dolzarb muammolar mavjud. Jumladan, o‘zbek tilining fonetika, fonologiya va morfologiyasi, grammatikasi, leksika va semantikasi, stilistikasiga doir fundamental tadqiqotlar yaratish, ularni nashr etish lozim. Chunki bunday tadqiqotlarga ehtiyoj katta. Ayni paytda fan va texnikaning turli sohalariga oid ikki (o‘zbekcha-inglizcha) va uch tildagi (o‘zbekcha-inglizcha-ruscha) katta va kichik lug‘atlar, o‘zbek tili qatori xorijiy tillarni ham amaliy o‘rganuvchilar uchun turli dasturlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etilayotgani quvonarli hol. Zero, bugungi o‘zbek tilini uning mustabid sho‘ro zamonidagi ahvoli bilan qiyoslasak, juda katta farq borligi yaqqol ko‘rinadi. Ona tilimiz jahondagi eng yirik tillarda mavjud bo‘lgan belgilarga ega. Endilikda tilimiz xalqaro anjumanlarda, nufuzli sammitlarda, internetda qo‘llanilishi bilan yuksak muloqot vositasiga aylandi. Bu, albatta, mustaqilligimiz sharofatidir.
— Jahondagi mavjud tillarni jamiyatda qo‘llanishiga ko‘ra tasnif qilganda, asosan, ularning qaysi jihatlari e’tiborga olinadi?
— Tillarni jamiyatda qo‘llanishiga ko‘ra tasniflaganda, avvalo, tilning qonuniy maqomga egaligi, ya’ni davlat tili maqomi, konstitutsiyaviy maqomi, ko‘p tilda so‘zlashiladigan jamiyatda qo‘llana olishi inobatga olinadi. Shu bilan birga, tilning muloqot vositasi sifatida qo‘llovchilar soni, tilning yozuv birligi, milliy va adabiy mezoni mavjudligi, hududiy muloqot vositasi sifatida ishlatilishi, umumta’lim, o‘rta va oliy o‘quv muassasalarida alohida qo‘llanilishi kabi bir qator xususiyatlari ham e’tiborda tutiladi.
O‘zbek tili yuqorida ko‘rsatilgan belgilarning barchasini qamrab olgan. Zotan, o‘zbek tili bir yo‘la davlat tili va konstitutsiyaviy til maqomlariga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida o‘zbek tilining davlat tili maqomiga ega ekanligi alohida ko‘rsatilgan.
Sirasini aytganda, “davlat tili” iborasi jahonda kam mamlakatlarda qo‘llanadi. Ko‘pgina davlatlarda “rasmiy til” iborasi ishlatiladi. Lekin davlat tili maqomi “rasmiy til” iborasidan yuqoriroq mavqega ega. Xalqaro YuNYeSKO ekspertlarining ta’rificha, davlat tili ma’lum davlatning siyosiy-ijtimoiy va madaniy doirasida integratsion funktsiyani bajaruvchi va shu davlatning ramziy belgisi hisoblanuvchi tildir. Darhaqiqat, davlat tili o‘z nomi bilan davlatning ramziy belgisi bo‘lib, u shu davlatning gerbi, madhiyasi va bayrog‘i kabi muqaddasdir. Davlat tili sifatida o‘zbek tili ana shunday maqomga ega.
— Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning bir asr muqaddam “Ikki emas, to‘rt til kerak”, degan da’vati bugun ham dolzarbdir. Zero, shiddatkor zamon xorijiy tillarni puxta o‘rganishni taqoza etayotir. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli, deya olamizmi, ayni yo‘nalishda qanday vazifalar kun tartibida turibdi?
— Xorijiy tilni bilish — tuganmas boylikka ega bo‘lish bilan baravar. “Bir tilni bilgan bir shaharni bilganga teng”, degan qadimdan qolgan gap ham bor. Endilikda zamon loaqal bir-ikkita xorijiy tilni yaxshi bilishni talab qilmoqda.
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar aniq belgilab berildi. Demak, chet tillarini o‘rgatishning zamonaviy metodikasi asosida yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ko‘p tildagi lug‘atlar va ayniqsa, kichkintoylar, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun rasmli, ko‘rgazmali vositalar, turli o‘yinlar tasvirlangan videofilmlar tayyorlash birinchi galda vazifalar sirasidan. Qoniqish bilan ta’kidlash joizki, bu boradagi ishlar ancha jonlanib qoldi. Xususan, televidenieda tashkil etilgan “Mening inglizcha lug‘atim”, “Ingliz tili saboqlari”, “Children and nature” (“Bolalar va tabiat”), “Alifbo yulduzlari” kabi qator ko‘rsatuvlar yosh avlodga xorijiy tillarni o‘zlashtirishda ta’sirchan saboqlar vazifasini o‘tamoqda. Muhimi, ularni ham ko‘rib, ham eshitib til o‘rgangan bola, ayniqsa, xorijiy tildagi so‘zlar talaffuzini puxta va tez o‘zlashtirib oladi.
Shu o‘rinda men bir gapni alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Har qanday jorijiy tilni o‘rganishda ona tilining xizmati juda katta. Ona tilini yaxshi bilmay chet tilini o‘rganish qiyin, degan fikr ayni haqiqatdir. Buni biror-bir xorijiy tilni o‘rganishga kirishganlar yaxshi his etishadi: zero, bu jarayonda o‘z tilimizni qay darajada bilishimiz sezilib qoladi. Ayni paytda chet tili qonun-qoidalarini o‘rganish ona tilining muhim xususiyatlari, alomatlarini chuqurroq bilib olishda yordam beradi.
— Bugungi adabiy jarayonga razm solsak, o‘zbek ijodkorlarining hikoyalar, she’rlar to‘plamlari xorijiy tillarda chop etilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur jarayon asta-sekin izchillik kasb etib, muayyan yutuqlarga olib kelishidan umid qilsa bo‘ladi. Ayni paytda xorijliklarning o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishlari ortib borayotgani quvonarli hol. Bu borada ijodkorlar, tarjimonlar, ona tilimiz bilimdonlari o‘z zimmalariga qanday vazifalarni olishlari lozim, deb o‘ylaysiz?
— Avvallari o‘zbek yozuvchi, shoirlarning asarlari dastlab rus tiliga, keyin boshqa xorijiy tilga tarjima qilinardi. Xorijlik adiblarning asarlari ham rus tili orqali o‘zbek tiliga ag‘darilib kelindi. Bunda rus tili vositachi til vazifasini bajardi. Bunday tarjimalarni kamsitmagan holda aytish joizki, endilikda asliyatdan tarjima izga tushayotirki, asliyatdan tarjima — asl tarjima, degan gapda teran ma’no mujassam.
Bir qator xorijiy mamlakatlar universitetlarida o‘zbek tili o‘qitilmoqda, o‘rganilmoqda. Xorijlik til o‘rganuvchilar uchun alohida o‘zbek tili so‘zlashuv kitobi, kichik izohli lug‘at, sodda va ixcham grammatik qoidalar to‘plami, o‘qish kitobi, so‘zlarni eshitib his etish uchun turli disklar, videofilmlar tayyorlash dolzarb vazifalar sirasidan.
Biz tilshunoslar oldida ham bir qator muhim vazifalar turibdi. Chunonchi, o‘zbek tilining ilmiy-nazariy jihatdan zamonaviy jahon tilshunosligi talablariga javob bera oladigan katta akademik grammatikasini yaratish zarur. Bu kitobga o‘zbek tili fonologiyasi va morfologiyasi, sintaksisi, leksikologiyasi va semasiologiyasi hamda stilistikasiga doir nazariy fikrlarni jamlash zarur. Shu bilan birga barchaga birdek zarur o‘zbek tilining talaffuzi lug‘atini tuzish lozim. Bunday lug‘atda o‘zbek tilidagi so‘zlar talaffuzi xalqaro Fonetik assotsiatsiyasi taklif etgan transkriptsiya belgilari bilan berilsa, so‘zlar bo‘g‘inlarga ajratilib, asosiy (birinchi darajali) urg‘uning o‘rni ko‘rsatilsa, juda qulay va foydali bo‘lar edi. G‘oyatda boy va rang-barang ona tilimizning o‘zi bunday yirik ishlarni amalga oshirishimizda bizga ruh va kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, deb o‘ylayman.
Mana, sizga bir misol keltiray. AQSh tilshunosi Ya.Madiesonning yozishicha, 317ta jahon tillarida unli fonemalar soni uchtadan qirq oltitagacha bo‘lsa, undosh fonemalar soni oltitadan to‘qson beshtagacha yetadi. Cho‘ziq, qisqa va o‘rta cho‘ziqlikdagi unlilar ham topiladi. Olloh bizga in’om etgan tilimizda bir-biriga o‘xshaydigan oltita unli fonema va yigirmata undosh fonema (ts, j chet tillardan o‘zlashgan so‘zlarda uchraydi:tsirk, jurnal kabi). Ana shu soddagina o‘zbek tilining fonetik sistemasi lug‘atimizdagi shuncha so‘zu iboralarni, askiya va kinoyalarni ifodalashiga qoyil qolasiz! Yana har bir so‘zning asosiy ma’nosidan tashqari unga biror qo‘shimcha grammatik ma’no bermoqchi bo‘lsangiz, bu ma’nolarning har birini ifodalovchi qo‘shimchalarni so‘zdan keyin sakkiztagacha qo‘shishingiz mumkin. Masalan, bog‘-lar-i-miz-ni-ki-da-gi-dek. Bir so‘zning o‘nlab ma’nolarini ifodalash imkoniyati, tilimizdagi ko‘pma’noli so‘zlarning ko‘pligi kishini hayratga soladi. Afsuski, hali o‘zbek tilidagi juda ko‘p xususiyatlar chuqur ilmiy o‘rganilgani yo‘q.
Jahon tilshunosligidagi mavjud sotsiolingvistika va psixolingvistika, neyrolingvistika va antrolingvistika, etnolingvistik va paralingvistik, kongnitiv tilshunoslik va lingvomadaniyatshunoslik kabi ilmiy-nazariy sohalarda tadqiqotlar olib borishda o‘zbek tilidan foydalanish yangi g‘oya va qarashlarga yo‘l ochadi. Binobarin, bebaho boyligimiz — ona tilimizni har tomonlama o‘rganish uning istiqboli yanada porloq ekanini namoyon qiladi.
— Har bir yurtdoshimizning ma’naviy kamolotida, jamiyatimizning madaniy-ma’naviy yuksalishida o‘zbek tilining o‘rni juda muhimligini nazarda tutsak, ona tilini bilish, unga hurmat-ehtirom ko‘rsatishning o‘zi yetarlimi?
— Juda yaxshi savol berdingiz. Ona tilini bilish, unga hurmat-ehtirom ko‘rsatishning o‘zi yetarli emas. Ulug‘ alloma bobomiz Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida “Odobning boshi tildir”, deb yozadi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostonida “til ardami”(til odobi)ga oid quyidagi kabi teran hikmatlar talaygina: “Aql ko‘rki so‘zdir va til ko‘rki so‘z, Kishi ko‘rki yuzdir, bu yuz ko‘rki ko‘z”. Biz ona tilimizga hurmat-ehtiromimizni amalda ko‘rsatishimiz zarur. Har birimiz — kim xizmatchi, kim olim, talaba yoki o‘qituvchi bo‘lmaylik, avvalo, ona tilimizda toza, ravon va tiniq gapirishga odatlanishimiz kerak. Nutq odobi va til madaniyatiga rioya qilish nafaqat ziyolilarning, balki har qanday kasbukor egasining burchi.
Biroq ushbu burchni har kim har xil tushunadi, shekilli. Matbuotda reklama, e’lon va boshqa yozuvlardagi xatolar ko‘p tanqid qilinadi. Bunday tanqidlar, albatta, kerak, toki do‘kon, kafe yoki restoran ochayotgan ayrim ishbilarmonlar qulog‘iga bu gaplar yetib borsin. Mana, kuni kecha ko‘zim tushgan do‘konu restoranlarning nomlari: “Florentsiya”, “Fudziyama”, “Beladjio”, “Ati-bati”... Ehtimol, bu joylarda yaponcha yoki italyancha taomlar pishirilsa kerak, dersiz. Men ham qiziqib ko‘rdim: asosan o‘zbek milliy taomlari tayyorlanarkan. Yana bir misol: ayrim taksilarning orqa tomoniga “Litsenziyasiz yo‘lovchilarni tashish qonunga xilof!”, deb noto‘g‘ri yozilgani bir necha bor matbuotda tanqid qilindi. Lekin ahvol o‘zgargani yo‘q. Nahotki, “Yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish mumkin emas!”, deb o‘zgartirib yozish shunchalik qiyin. Bir idoraga kirganimda devordagi “Chekilmasin!”, degan yozuvga ko‘zim tushdi. Boshqa bir idorada “Chekmasangiz, xursand bo‘lamiz”, degan yozuvni o‘qigandim. Doira ichiga olingan sigareta rasmi ustidan qizil chiziq tortib qo‘yilgan belgi ham uchraydi. Qanday yaxshi! “Eshikni yopib yurilsin!”, “Deraza ochilmasin”! deb emas, “Marhamat qilib eshikni yopib yuring”, “Iltimos, deraza ochilmasin”, deb yozilsa, o‘ylaymizki, keyingi iboralardagi odob ifodasi ularning ta’sir kuchini oshiradi.
Xullas, ona tilimiz bizdan nafaqat hurmat-e’tiborni, ayni paytda, savodxon bo‘lishni, aytiladigan va yoziladigan har bir so‘zga mas’uliyat bilan yondoshishni taqozo etadi. Muhimi, loqayd bo‘lmaylik, shunda ona tilimizning nufuzi ham, mavqei, martabasi ham yuksalib boraveradi.
Ahmad Otaboyev suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 41-sonidan olindi.