OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adabiy aloqalar — ijodiy jarayon ko‘zgusi (davra suhbati) (2014)

Adabiy aloqalar badiiy tarjima, adabiy ta’sir, ­jonli muloqotlar, ijodiy hamkorlik, do‘stona munosabatlar, ustoz-shogird an’analari o‘zanida shakllangan, ­millatning ma’naviy-madaniy taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega ­jarayondir.

O‘zbek adabiyoti tarixining barcha davrlarida adabiy aloqalar maqsad va vazifalariga ko‘ra turli ko‘rinishlarda davom etib kelgan. Hozirgi paytda mazkur soha jahoniy miqyosda rivoj topib, uning yangi shakllari paydo bo‘ldi, jumladan, ­ijodkorlarning badiiy tarjima vositasida jahon adabiyoti tajribalariga murojaati kuchaydi.

Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida adabiy aloqalar ijodiy jarayonning faol jabhasiga aylandi. Albatta, bu borada qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga, oldimizda turgan vazifalar ko‘lami ham anchagina keng. Birinchi galda adabiyotimiz istiqbolini ko‘zlab amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Shu nuqtai nazardan biz taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, tadqiqotchilar ishtirokida “Adabiy aloqalar — ijodiy jaran ko‘zgusi” deb nomlangan mavzuda davra suhbati tashkil etib, ­mazkur sohaga doir vazifalarga, muammolarga oydinlik kiritib olishni maqsad qildik.

Davra suhbatimizni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq yozuvchisi Muhammad Ali boshlab berdi. Suhbatda taniqli adabiyotshunos olimlar Naim Karimov, Baxtiyor Nazarov, Suvon Meli, Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashi rahbari Adhambek Alimbekov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizaev, O‘zR FA Til va adabiyot instituti ilmiy xodimlari Rahmatilla Barakaev, Zulxumor Mirzaeva ishtirok etib, ­mavzuga doir fikr-mulohazalari, taklif va istaklarini bildirdilar.

http://ziyouz.uz/images/01_m.ali.jpgMuhammad Ali: — Adabiy ­aloqalar adabiy-ijodiy munosabatlarning o‘ziga xos yo‘nalishi sifatida qadimdan mamlakatlar, xalqlar va buyuk ijodkorlarning o‘zaro hamkorligi va hamfikrligini ta’minlovchi omil bo‘lib kelgan.

Bugungi kunda jug‘rofiy jihatdan Xitoydan tortib Janubi-Sharqiy Yevropagacha, uzoq shimoliy davlatlardan Yaqin Sharq mamlakatlari hududlarigacha tarqalib ketgan turkiygo‘y xalqlarning, xususan, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, ma’naviyati, hatto mumtoz musiqasini ham o‘rganishga G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida qiziqish benihoya kuchli. Ko‘p marta xorijiy safarlarda borib bunga amin bo‘lganman.

Bugungi kunda adabiy aloqalar orqali boy adabiyotimiz, jumladan, mustaqillik yillaridagi ijod namunalarini dunyo xalqlari tillariga tarjima qilish dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashining faoliyat ufqlari juda keng. Kengash a’zolari tomonidan qo‘lyozmalar muhokamasi muntazam o‘tkazib borilyapti. “O‘zbek hikoyalari antologiyasi” ­(koreys tilida) nashrga topshirildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari xitoy tiliga tarjima qilindi. “XX asr o‘zbek hikoyalaridan namunalar” koreys tiliga, uch kitobdan iborat “O‘zbek adabiyotining tanlangan asarlari” turk tiliga, “O‘zbek xalq ­ertaklari” (tarjimon: Jasur ­Ziyomuhammedov) xitoy tiliga o‘girildi. O‘zbek adiblarining “Reka dushi moey” to‘plami (tarjimon: Saodat ­Komilova) rus tiliga tarjima ­qilinib nashr etildi. Shuningdek, “Mumtoz ­koreys nasri namunalari xrestomatiyasi” o‘zbek tilida chop etildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda ­Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, To‘lqin Hayitning “Vafo ­malikasi” asarlari ingliz tiliga tarjima qilindi.

Adabiy aloqalar va badiiy tarjima borasida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti singari yetakchi ilm dargohlarida davra suhbatlari o‘tkazish an’anaga aylandi. “Do‘rmon” ijod uyida yosh ijodkorlarning “Iste’dod maktabi” seminarida kengash a’zolari muntazam ishtirok etib, suhbatlar uyushtirishadi.

Abdulla Qodiriy tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab buyuk adibimizning “O‘tkan kunlar” romani Germaniyada qayta nashr etilayotgani, professor Ingeborg Baldauf esa “Mehrobdan chayon” romanini nemis tiliga tarjima qilishga kirishgani, albatta, adabiy hamkorlikka oid quvonchli yangiliklar sirasidan.

Ayni vaqtda Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish loyihasi ustida ish olib ­borilmoqda.

Meningcha, bugungi kunda adabiy aloqalarning adabiy haftaliklar, adabiyot va san’at o‘n kunligi, uchrashuvlar singari shakllarini yanada jonlantirish fursati keldi. Istiqlol bizga ana shunday buyuk imkoniyatlarni yaratdi. Shu boisdan ham yigirma yildan ortiq vaqt davomida yurtimizda barcha sohalarda, jumladan, milliy adabiyotimizda ham sezilarli yangiliklar ro‘y berdi. Bu ijodiy yuksalish mevalarini butun jahonga faxr bilan namoyish etish imkoni o‘z qo‘limizda.

http://ziyouz.uz/images/02_n.karimov.jpgNaim Karimov: —Qaysi bir milliy adabiyotning shakllanish va taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasangiz, uning rivojlanishida adabiy aloqalar va adabiy ta’sirning muhim ahamiyat kasb etganini ko‘rasiz. Binobarin, adabiy aloqalar bardavomligi bugungi kunda ham milliy adabiyotimizning taraqqiy etishiga yordam beruvchi omil bo‘lib qoladi.

Mazkur davra suhbati mavzusi “Adabiy aloqalar yangi bosqichda” deb nomlanishi bejiz emas. So‘nggi o‘nyillikda ushbu aloqalarning shakl va turlari rang-barangligini inobatga olsak, munosib voqealar, albatta, bor.

Bugun biz o‘zbek adabiyotini jahon adabiy jarayonining ajralmas va tarkibiy qismi sifatida tasavvur etamiz. Adabiyotshunoslarning tafakkuridagi bu o‘zgarish bizdan hozirgi o‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti kontekstida tadqiq etishni, buning uchun esa o‘zbek-xorijiy adabiy aloqalarini yangi va yuksak bosqichga ko‘tarishni taqozo etadi. Bu murakkab va sharafli vazifani ado etish uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ham, Til va adabiyot ­institutida ham adabiy aloqalar va adabiy hamkorlik sho‘‘ba hamda bo‘limlari faoliyatini jonlantirish talab etiladi. Uyushma qoshidagi “Ijod” fondi ham bu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shsa nur ­ustiga nur bo‘lardi.

Hozirgi o‘zbek adabiyotining ko‘rki bo‘lgan asarlarni boshqa tillarga, xorijiy xalqlar adabiyotining mumtoz namunalarini esa o‘zbek tiliga tarjima qilish, bir tomondan, milliy adabiyotimizga yangi adabiy havoning kirib kelishiga, yangi badiiy-uslubiy izlanishlarning g‘uncha ochishiga imkon bersa, ikkinchi tomondan, xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi, binobarin, notinch dunyoda tinchlik-totuvlik, mehr va muhabbat qaldirg‘ochlarining parvoz qilishiga sharoit ­yaratadi.

http://ziyouz.uz/images/03_b.nazarov.jpgBaxtiyor Nazarov: — Adabiy aloqalarga adabiyot ilmida ijodiy jarayonning muhim qonuniyatlaridan biri, har bir milliy adabiyot taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatuvchi yetakchi omil sifatida qaralsa-da, u badiiy adabiyot masalalaridan ko‘ra kengroq mohiyatni qamrab oladi. Uning dunyoqarash, millat, ma’naviyat, madaniyat, jamiyat ravnaqiga ­ta’sir ko‘rsata oladigan qirralari bisyor.

Mustaqillik davrida adabiy aloqalarning o‘zini ham, bu masalani (adabiy ta’sir, tarjima muammolari bilan uzviy bog‘liqlikda, albatta) tadqiq etishni ham tamomila yangicha yo‘lga qo‘ymog‘imiz va yangi ­bosqichga olib chiqmog‘imiz ­zarur.

Xo‘sh, ular nimalardan iborat?

Adabiy aloqa faqat bordi-keldi va tadbirlarda ishtirok etishdangina iborat emas. Adabiy aloqaga, eng avvalo, adabiyotimizning badiiy teranligiga faol ta’sir ko‘rsatadigan, uni xalqaro miqyoslarga ko‘tarish va jahon adabiyoti kontekstida o‘z o‘rnini egallashida muhim ahamiyat kasb etadigan, milliy g‘oyalarimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy ravnaqimizning muhim belgilarini ko‘rsatib, komil shaxs yo‘nalishidagi insonni tarbiyalash ishi bilan mustahkam bog‘langan jarayon sifatida qarashimiz lozim.

Shu o‘rinda adabiy aloqalarning eng muhim omillaridan biri — tarjima masalasiga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Jahon adabiyotini o‘zbek tiliga tarjima qilish masalasida biz jahon xalqlari ichida ilg‘orlardan birimiz. Lekin asarlarimizni jahon tillariga, hatto uning yetakchi ­ayrim tillariga o‘girish borasida sustmiz. Nega? Shunga munosib asarlarimiz yo‘qmi? Bor. Bu borada ayrim ishlar qilinyapti ham. Biroq juda sust ravishda.

To‘g‘ri, tarjima ishida, asarlarimiz qaysi tilga o‘girilsa, shu ­xalqning adabiy-badiiy tilini mukammal biluvchi mutaxassis asosiy rol o‘ynaydi, albatta. Bu haqda boshqacha fikr bo‘lishi mumkin emas. Biroq qachon ana shunday mutarjimlar topilib, bizning asarlarimizni tarjima qilishga kirishadi, deb kutib o‘tirish yoxud ularni bu ishga jalb etish, tarix ko‘rsatishicha, uzoq muddatli, sekin ­kechadigan jarayondir.

Biz bu borada o‘z tarjimonlarimizni, hech bo‘lmaganda, o‘sha xorijiy mutarjimlar bilan baqamti ishlaydigan o‘z tarjimonlarimizni, ularning maxsus maktabini tashkil etish ustida astoydil qayg‘urmas ekanmiz, ishimiz avvalgidek bir joyda turaveradi.

http://ziyouz.uz/images/04_suvon_meli.jpgSuvon Meli: —Adabiy aloqalar madaniy aloqalarning tarkibiy qismi sifatida ijtimoiy hayotimizda mavjud siyosiy, iqtisodiy va boshqa aloqalar bilan bir qatorda turuvchi, inson va xalq ma’naviyatiga doxilligi bois inson ong-tafakkuri va qalbiga ta’sir etuvchi kuch, omil sifatida hatto ulardan muhimroq.

Darhaqiqat, Yurtboshimiz «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» kitobida yozganidek, «...dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini tarjima qilish, chop etish, o‘rganish bilan bog‘liq tajribalar, chet el yozuvchilari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish masalasiga bugun yetarlicha ahamiyat bermayapmiz. Holbuki,biz ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga intilayotgan ekanmiz, hech qachon o‘z qobig‘imizga o‘ralashib qolmasligimiz kerak».

Adabiy aloqalar bir yozuvchi ijodining bir yozuvchi ijodiga samarali ta’siri, ikki asar orasidagi badiiy-g‘oyaviy robitalar kabi mushtarak jihatlarni ham qamrab oladi. Tipologik mushtarakliklar izlash samaradorligi shunda ko‘rinadiki, qiyosiy aspektda bir-biriga oyna qilib qo‘yilgan asar va obrazlarning avval ko‘rilmagan, ko‘zga tashlanmagan qirralari bo‘rtib namoyon bo‘lishi kuzatiladi. Men shu yilgi an’anaviy navoiyshunoslik anjumanida “Farhod va Faust ­(obraz tipologiyasiga doir)” mavzusida ma’ruza qildim. Tabiiyki, bunda “Farhod va Shirin” dostoni hamda ­Gyotening “Faust” tragediyasi tipologik qiyoslandi. Tadqiqot jarayonida har ikki asarning ayrim jihatlari, ayniqsa, xotima qismi sho‘ro davrida noto‘g‘ri talqin etilgani, bundagi buyuk ma’nodan ko‘z yumish, ko‘rib ko‘rmaslikka olish yoki uning mohiyatini pasaytirish hollari har qadamda uchrashi ma’lum bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, ­talqindan ilohiy qatlam mutlaqo olib tashlangan. Vaholanki, ­“Farhod va Shirin” ham, “Faust” ham ilohiy-irfoniy badiiy yechim bilan yakun topadi, ushbu yechimlarsiz ikki buyuk asar salkam yarim kuchidan ­mosuvo bo‘ladi.

Gap shundaki, malaklar shayton iskanjasidan qutulgan Faust ­ruhini olib Arshi a’loga ko‘tarilishi, Navoiy dostoni xotimasida ­Farhod va Shirin jannatda nurdan yasalgan taxtda tasvirlanishi har ikki buyuk asarning yaxlit ma’no-mohiyati uchun nihoyatda muhim.

http://ziyouz.uz/images/05_alimbekov.jpgAdhambek Alimbekov: — Ma’naviy boyligimiz o‘zga xalqlar adabiyoti, madaniyati, san’ati bilan tanisha borganimiz sari yuksaladi. Bu borada esa badiiy tarjimaning o‘rni beqiyos. O‘zbek kitobxonlari dunyo adabiyoti durdonalaridan ko‘plab namunalarni ona tilida o‘qimoqdalar. Bugungi kunda tarjimonlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan biri o‘zbek adabiyotining yaxshi namunalarini jahon kitobxonlariga yetkazishdir.

Davr talabidan kelib chiqib, ­O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilishga muhim vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda. Avvalo, xorijiy tillar o‘qitiladigan bir qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, bu ilm maskanlarida tarjima kengashining sho‘‘balari ochildi. Keyingi ikki yilda “XX asr o‘zbek she’riyatidan namunalar” koreys tilida (tarjimonlar: Kim Se Xek, Sh.Qosimova), “Qalbim sizga intiladi” to‘plami ingliz tilida (tarjimon: B.Xolbekova), Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyalar to‘plami nemis tilida (tarjimon: O. Ostonov), “O‘zbek xalq ertaklari” nemis tilida (tarjimon: Z.Akromxonov) nashr etildi.

Yosh tarjimonlarni malakaviy tarbiyalashda ustoz tarjimonlarga biriktirish, amaliy seminarlar o‘tkazish yaxshi samara berayotir. Samarqand davlat chet tillari ­instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Badiiy tarjimaning lingvopoetik muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bu sohadagi muhim ishlardan biri bo‘ldi, desak adashmaymiz. Anjuman materiallari va “Yosh tarjimonlar almanaxi” alohida kitob holida nashr etildi. Ammo bularning barchasi qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning debochasidir. Milliy madaniyatimizni, adabiyotimizni dunyoga tanitishga hissa qo‘shish har bir ziyolining muqaddas burchidir. Adabiyotimiz namunalarini xorijdan kelib o‘rganishsa, tarjimalar qilishsa nur ustiga nur. Ammo o‘zimiz ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaylik. Adabiyotimizni jahonga tanitishda o‘zimiz tashabbusni qo‘lga olishimiz kerak.

http://ziyouz.uz/images/06_rizaev.jpgShuhrat Rizayev: — Adabiy aloqa har qanday adabiyotning rivoji uchun nihoyatda zarur omillardan. Adabiy mahdudlik va badiiy tafakkurning biqiq holga tushib qolishi, avvalo, boshqa adabiyotlarni o‘rganmaslik, o‘z adabiyotiga tanqidiy nazar bilan qaray bilmaslik, qiyoslash, solishtirish imkoniyatidan mahrumlik hisobiga ro‘y beradi. Shu ma’noda uzoq va yaqin xorijdagi barcha adabiy hodisalarni o‘rganib borish, badiiy yangiliklardan boxabarlik, mutolaa va ijodiy aloqalarga kirishish muayyan ­xalqqa mansub har qanday adabiy ­jarayonni professional jihatdan oziqlantirish demakdir.

O‘zbekistonda mustaqillik davrida adabiy aloqa va tarjima masalalariga davlat miqyosida e’tibor berilib, keng imkoniyatlar yaratilmoqdaki, buni hech mubolag‘asiz adabiy aloqalarning yangi bosqichi deb atasak ­yanglishmaymiz. Bu yo‘nalishdagi eng muhim amaliy ishlardan biri ­O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ­Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashining tashkil etilib, “Ijod” fondi mablag‘lari asosida istiqbolli rejalar belgilanayotganidir.

Albatta, adabiy aloqa faqat adabiy-badiiy tarjima bilan belgilanmaydi. Jonli adabiy aloqa, bordi-keldi munosabatlar, xalqaro adabiy anjumanlar, ijodiy sanalarning nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlar adabiy aloqa tushunchasini to‘ldiradi. Agar bular yoniga adabiy ta’sirlarning ilmiy ­tadqiqi ham qo‘shilsa, tushuncha yaxlitlik kasb etadi. Afsuski, tarjima borasidagi harakatlar anchayin qoniqarli kechayotgani holda, jonli adabiy aloqa va ta’sirlar tadqiqi bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘ngildagidek emas. Masalan, o‘zbek kitobxonlari yapon, koreys, ayniqsa, xitoy she’riyati, prozasining eng qadimgi namunalaridan tortib, XX asr so‘nggi choragigacha bo‘lgan izlanish, taraqqiyot xususiyatlarini tasavvur eta olish darajasidagi tarjima asarlaridan xabardor. Lekin keyingi chorak asrdan ortiqroq davomiylikdagi adabiyoti, yozuvchi, shoir va munaqqidlari faoliyati, umuman, ulardagi mavjud adabiy jarayondan qanchalik boxabar? Bizning ular bilan qanday umumiy va o‘zaro o‘rganadigan jihatlarimiz mavjud? Ularning eng so‘nggi adabiyoti namunalari bilan bizning Istiqlol davri adabiyotimizdan qaysi asarlarni tarjima qilib, ma’naviy aloqalarni o‘rnatish mumkin? Mana shu kabi masalalar o‘zaro bordi-keldi aloqalar orqali amaliy ijrosini topsa, ko‘plab adabiy-badiiy loyi-­ ha­­lar­ga yo‘l ochilsa, o‘z navbatida ­xalqlarimizning yaqinlashuviga muhim hissa bo‘lib qo‘shilardi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ­siyosiy va iqtisodiy aloqalar havas qilarlik darajada yuksalib borayotgan bir paytda O‘zbekiston va ­Xitoy adabiy hamkorligi, aloqalari ham yanada mustahkamlansa, har jihatdan ­maqbul ish bo‘lar edi. Qolaversa, bizni Xitoy madaniyati, jumladan, adabiyotining o‘tmishi va buguni ­bilan bog‘laydigan nuqtalar ko‘p.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot institutida adabiy aloqalarni tadqiq etishga yo‘naltirilgan maxsus bo‘lim va mutaxassislar bor. Ular baholi qudrat ishlashyapti. Ilmiy ishlanmalar uchun zarur o‘rinlarda buyurtmalar berish imkoniyati adabiy aloqalarni o‘rganish, ­tadqiq etish masalasida ham juda yaxshi samaralar berishi, bu boradagi o‘ziga xos harakat dasturi, adabiy-tashkiliy taktika va strategiyani belgilab olish uchun qo‘l kelishi aniq. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Ijod» fondi orqali shunday amaliyotga ham ­dastlabki tajriba sifatida urnab ko‘rilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi. Aksincha, adabiy aloqa va ta’sirlarning tarjima, amaliy munosabatlar va ilmiy tadqiqot sifatidagi barcha tarkibiy yo‘nalishlarini bir maromda harakatga solish, rivojlantirish uchun yana bir samarali jiddiy qadam bo‘lar edi.

http://ziyouz.uz/images/07_barakaev.jpgRahmatilla Barakayev:— 2011 yilning 11-12 oktyabrida Ozarboyjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida Turkiy xalqlar bolalar adabiyoti 2-xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etishga otlanar ekanman, ozarboyjon adabiyotining mashhur ­namoyandalaridan Shayx Imomiddin Nasimiy va taniqli adib Anorning 2011 yili o‘zbek tilida chop etilgan ikki kitobini ham olib bordim. Bizni Ozarboyjon televideniesining 1-kanaliga davra suhbatiga taklif etishdi. Albatta, suhbatning asosiy qismi milliy bolalar adabiyotlarining bugungi kundagi ahvoli haqida bo‘ldi. Davra suhbatini olib borayotgan telejurnalist kutilmaganda menga: «Ozarboyjon — o‘zbek adabiy aloqalarining bugungi kundagi ahvoli haqida nima deya olasiz?» deb savol berib qoldi. Haligi ikki kitob yonimda edi, ularni ko‘rsatib: «Ozarboyjon — o‘zbek adabiy aloqalari hech qachon to‘xtab qolgan emas. Ozarboyjon mumtoz va zamonaviy adabiyotlarining yetakchi ikki namoyandasi kitobi shu yil o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilganligi ham fikrimni tasdiqlaydi», dedim. Ozarboyjonlik do‘stlarimiz darhol ikkala kitobni teleekranda namoyish qilib, minnatdorlik ­bildirdilar.

Bu, aslida, kichik bir misol. Zero, adabiy aloqalar u yoki bu ­tarzda ­izchil davom etib boradigan hodisa.

Yana bir misol. Bundan ikki-uch yil avval ijodkorlar va san’atkorlar bilan hamkorlikda viloyatlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdik. Uchrashuvda qatnashgan bir ijodkor: «Mening asarlarim ingliz tiliga tarjima qilinib, Hindistonda nashr qilingan», deb bir necha kitobni ko‘rsatdi. Uning o‘zbek adabiyoti qiyofasini xorijda namoyish qiladigan darajadagi ijodkor ekanligini bilmasligimni «tan olishim»ga to‘g‘ri keldi. Biroq uchrashuvda o‘qigan she’rlarini eshitib, ­nahotki shu she’rlarni hindlar o‘zbek adabiyotining yuksak namunalari sifatida qabul qilgan bo‘lsa, deb o‘ylanib qoldim...

Nazarimda, Yozuvchilar uyushmasi adabiyotimizning tom ma’nodagi qiyofasini belgilaydigan namunalarining jahon tillariga tarjimasini o‘z qo‘liga olishi, bu borada xorijiy mamlakatlar yozuvchilari bilan izchil adabiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.

O‘zbek mumtoz adabiyoti va xalq og‘zaki ijodi namunalarini boshqa tillarga tarjima qilishda muayyan ilmiy markazlarning ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan ilmiy-adabiy hamkorliklari yetakchi o‘rin tutadi. Jumladan, Rossiyaning e’tiborli ilmiy nashrlarida o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va mumtoz adabiyotining bir necha namunalari «Klassika literatur stran sodrujestva nezavisimыx gosudarstv. Folklor i literaturnыe pamyatniki stran SNG» seriyasida «Smyateniya pravednыx» (2009), «Nauka na nebo vedet...» (2010), «Aromat rastsvetayuщix roz» (2011) nomlari bilan ingliz va rus tillarida chop etilgan bo‘lsa, «O‘zbek xalq dostonlari» seriyasida «Erali va Sherali» (2009), «Xushkeldi. Balogardon» (2011) dostonlari Anqara(Turkiya)da o‘zbek va turk tillarida, 2013 yilda Almati(Qozog‘iston)da o‘zbek, turk va qozoq tillarida o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va mumtoz adabiyoti namunalarini qamrab olgan «Turkiy tarbiya bo‘stoni» nomli antologiya nashr qilinganligi fikrimiz ­dalilidir.

Ta’kidlash kerakki, istiqlol sharofati bilan o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib va tashviq qilish borasida jiddiy yutuqlarga erishildi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy xodimlari birgina 2013 yilning o‘zida Sharqda Koreya va Xitoydan Erongacha, G‘arbda Germaniya, Ruminiya, Polshadan Amerika Qo‘shma Shtatlarigacha bo‘lgan o‘nlab mamlakatlarning e’tiborli ilmiy jurnallarida 40 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qildilar, jahonning 10 dan ortiq mamlakatida bo‘lib o‘tgan 20 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlarda ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Biroq bularning barchasi, aslida, tomchidan zarra bo‘lib, qilingan ishlardan ko‘ra qilinadiganlari ko‘proq.

http://ziyouz.uz/images/08_mirzaeva.jpgZulxumor Mirzayeva: — Bugunga kelib ijodiy hamkorlik boshqa sohalar qatorida yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Bu bosqich tarakqiyotida, ayniqsa, badiiy tarjima, ijodiy ta’sir muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ustoz tarjimonlar qatoridan tilni yaxshi biladigan yosh mutaxassislar ham joy oldi. Jahon adabiyotining eng sara namunalarini asliyatdan tarjima qilish jarayonlari boshlandi. Bu kabi tarjimalar ta’sir hodisasini yuzaga keltirib, adabiy jarayonning rivojlanishida, o‘zbek ijodkorlarining jahoniy tafakkur tarzi shakllanishida, o‘zbek adabiyoti bag‘rida jahon so‘z san’atiga hamnafas, yangicha yo‘nalishdagi asarlarning yaratilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalari rivojlangan mamlakatlar tillariga tarjima qilingani va bu jarayon qizg‘in davom ­etayotganligini e’tirof etish joiz. ­Lekin tarjima variantlari ­O‘zbekistonning o‘zida nashr qilinishi ularning ko‘p sonli xorijlik kitobxonlar qo‘liga yetib borish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Nazarimda, katta kuch, vaqt, mahorat, bilim va tajriba asosida yaratilayotgan bu kabi tarjimalar imkon qadar chet el nashriyotlarida chop etilsa, ularning muxlislari bir necha barobarga ko‘payishi, ko‘psonli kitobxonlar orasida muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Millat adabiyoti bag‘rida tarjima qilishga arziydigan, jahonning nufuzli kutubxonalaridan o‘rin egallashga haqli, chet elda ham o‘zining ko‘p sonli kitobxonlarini topa oladigan badiiy asarlar talaygina.

Yurtimizda Istiqlol shabadalari esgan yillardan boshlab jahon adabiy ilmi, xususan, xorijdagi o‘zbek adabiyotshunosligi tarixida ham yangi bosqichga qadam qo‘yilib, eski avlod o‘zbekshunoslari estetik tafakkurida yangilanish jarayonlari boshlangan. Keyingi bosqichda yaratilgan ­tadqiqotlarda avvalgi ­siyosiy-g‘oyaviy tahlil usulining susayganini va sof adabiyotshunoslik mezonlari nuqtai nazaridan chuqur va atroflicha tahlil tamoyillarini ko‘rish mumkin. Xorij o‘zbek adabiyotshunosligiga Garri Dik, Roberta Mariya, Lion Shoun, Ahmet Og‘ir, Reychel Harrel, Mark Ris, Jekson Kellog, Kristofor Fort kabi tilni yaxshi biladigan, milliy manbalarni bemalol o‘qib, adabiyotning estetik tushunchalar mohiyatini teran tushuna oladigan mutaxassislar kirib keldi. Ular mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillari ijodini jahon adabiyotshunosligi nazariyalari asosida tahlil etganlar. Jumladan, Roberta Mariya XX asr o‘zbek adabiyotini yaxlit yo‘nalishda ijtimoiy-g‘oyaviy, badiiy-estetik sinkretizm nuqtai nazaridan monografik planda o‘rgangan. Tadqiqot doirasida tahlilga jalb etilgan badiiy asar namunalari tarixiy aspektda adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan struktural tadqiq usuli vositasida amalga oshirilgan. Olima tadqiqotida 1890 va 1996 yillar oralig‘idagi adabiy jarayonning xronologik evolyutsiyasi aks etgan bo‘lib, har bir davrga xos siyosiy-ijtimoiy, adabiy jarayonlarning ijodkorlar faoliyatiga ta’siri, davr voqealari badiiy asarda aks etganlik darajasi tahlil qilinadi. Vatanparvarlik, millatparvarlik g‘oyalarining evolyutsion bosqichlari muayyan ­davrdagi adabiy janrlar, badiiy obrazlar, ularga yuklatilgan ma’no-mohiyat asosida belgilangan.

Xorijdagi o‘zbek adabiyotshunosligining eng yosh vakillaridan biri ­Indiana universiteti magistranti Jekson Kellog esa «O‘tkan kunlar» romanini tarixiy aspektda, ­manbashunoslik nuqtai nazaridan o‘rgangan.

Bu kabi misollarni yana davom ettirish mumkin, ammo bir suhbat doirasida ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning barchasiga tavsif berish yoki tadqiq etish imkonsiz. Ma’lum bo‘lyaptiki, yuqoridagi tahlillar birgina Amerika olimlari misolida kuzatilmoqda. Endi bu jarayonni jahon o‘zbekshunosligi misolida tasavvur qilib ko‘ring! Uning qamrovidagi barcha ma’no qatlamlari turli xil qarashlar, munosabatlar, turfa dunyoqarashga ega olimlar tafakkuri vositasida kashf qilinadi. O‘z dunyoqarashini g‘oyaviy kurashlar ta’siridan ­poklashni uddalagan, yangilangan davr estetik me’yorlari, plyuralistik tafakkur hamda murosa falsafasiga qurgan yangi avlod xorij olimlari yaratayotgan tadqiqotlar milliy manbalarni boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi izlanishlar o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shajagiga, kelajakda milliy tanqidchilik yo‘nalishidagi aloqalar ham rivojlanib, uning jahoniy ­miqyos kasb etishiga umid uyg‘otadi.

Davra suhbatini Ahmad Otaboyev tayyorladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 13-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.