OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahonda yagona qo‘lyozma (filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov bilan suhbat) (2012)

Alisher Navoiy ixlosmandlari tomonidan tuzilgan yangi devoni topildi

Filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov izlanuvchan navoiyshunoslarimizdan. U o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari, xususan, tarkibiga Alisher Navoiy asarlari ham kiritilgan qo‘lyozma manbalar ustida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi. Olim Germaniya, Frantsiya, Turkiya, Yaponiya va Avstriya mamlakatlaridagi qo‘lyozmalar xazinalari bilan tanishgan; shu mamlakatlar ilmiy markazlari va universitetlarida tadqiqotlar olib borgan. U DAAD va Didro, Maks van Bershem nomidagi xalqaro ilmiy stipendiyalarga sazovor bo‘lgan. Ayni vaqtda, Angliyadagi islom davri qo‘lyozmalari xalqaro ilmiy tashkiloti a’zosi.

Aftondil Erkinov mustaqillik sharofati bilan horijiy mamlakatlarda o‘zbek mumtoz adabiyoti, madaniyati tarixi va Navoiy ijodiga doir ingliz, frantsuz, nemis tillarida yigirmadan ziyod maqolalar e’lon qildi. Tadqiqotchining 2004 yili Berlinda “Chor Rossiyasi davrida Turkiston va Xiva xonligida xutba va duolar” hamda 2009 yili Tokioda “1898 yil Andijon qo‘zg‘oloni va uning yo‘lboshchisi Dukchi eshon – davr shoirlari bahosida” nomli kitoblari ingliz tilida nashr etildi. 2003 yili Parij milliy kutubxonasidan Qo‘qon xoni Muhammadalixon uchun ko‘chirilgan bayozni topdi va 2007 yili o‘z vaqtida Miyon Buzruk Solihov tilga olgan, Qo‘qon xoni Umarxon tomonidan turk sultoniga yuborilgan “Muhabbatnoma” qo‘lyozmasining Istanbul universitetida mavjudligini aniqladi. 2009 yili esa, Alisher Navoiy ixlosmandlari 1471 yili tuzgan navoiyshunoslikka ilgari ma’lum bo‘lmagan yagona nusxadagi qo‘lyozmani aniqladi.

Biz adabiyotshunosning Alisher Navoiy she’rlarining noma’lum qo‘lyozmasini topganligini bir muncha vaqt ilgari eshitgandik. Navoiy kunlari munosabati bilan olimdan o‘sha yagona qo‘lyozma haqda batafsil so‘zlab berishini iltimos qildik. U bizga qo‘lyozma mavjudligidan qachon xabar topgani, uning fotonusxasini qo‘lga kiritish uchun izlanishlari, pirovardida devonning nusxasini qo‘lga kiritgani va devonda mavjud she’rlar haqidagi fikrlarini so‘zlab berdi.

Mahmud Sa’diy

Jahonda yagona qo‘lyozma

– Hammasi juda g‘alati boshlandi va yillar davomidagi izlanishlar muvaffaqiyatli samara berdi, – dedi Aftondil Erkinov,– 2006 yili Berlinda bir chet ellik san’atshunos olim menga ikkita miniatyura fotonusxasini ko‘rsatdi. Miniatyuralar Alisher Navoiy devoni qo‘lyozmasiga ishlangan edi. U bu miniatyuralardagi tasvirlarning ular bilan yonma-yon berilgan Navoiy g‘azali mazmuniga qanchalik mos kelish-kelmasligini aniqlab berishimni so‘radi. O‘zi eski o‘zbek tilidan bexabarligini ta’kidladi. Rosti, Alisher Navoiyning miniatyurali qo‘lyozmalari oz emas, ular chet el kutubxonalarida uchrab turadi. Shuning uchun qo‘lyozmaga ko‘p ham alohida ahamiyat bermadim. Buning ustiga g‘azalda an’anaviy mazmun kuchli bo‘lganligi uchun unga ishlangan minityuralar ham an’anaviy syujetga ega bo‘lishi, hamma vaqt ham she’r mazmuniga mos kelavermasligi odatiy hol edi. Men miniatyuralarni ko‘rib mana shu fikrimni aytdim. Shu bilan masala tugagandek edi. Lekin diqqatimni bir jihat jalb qilgandi. Miniatyura yonidagi Navoiy g‘azali tili bizdagi zamonaviy nashrlardagi Navoiy tilidan biroz farq qilardi.

Masalan, qo‘lyozma sahifasidagi g‘azalda shunday misralar keltirilgandi:

Ul gunashtekkim, anga moni’ o‘lur abri bahor.

Navoiy nashrlarida mazkur misra quyidagicha berilgan:

Ul quyoshdekkim, anga moni’ bo‘lur abri bahor

“Quyosh” so‘zi o‘rniga uning o‘g‘uz tillaridagi varianti – “gunash”ning qo‘llaganganligi yagona misol emasdi. Navoiy tilida bunday o‘g‘uzcha elementlar ikkala miniatyura yonidagi g‘azallar boshqa misralarida ham uchrardi. Masalan, “o‘lmas” o‘rniga “o‘lmaz” yozilgandi, “bor” so‘zi “vor”, “qani” so‘zi “xani” deb berilgandi. Men, tabiiyki, o‘sha olimdan mazkur minatyuralarga ega qo‘lyozmaning qaerda ko‘chirilgani va saqlanish yerini so‘radim. Olim qo‘lyozmaning o‘rta asrlarda hozirgi Kavkaz yoki Eron territoriyasida ko‘chirilganligidan boshqa u haqda hech qanday ma’lumotga ega emasligini, bir tanishidan shu fotonusxalarnigina olganligini aytdi. Buni tushunsa bo‘lardi, chunki u miniatyura bo‘yicha mutaxassis bo‘lganligi bois uni qo‘lyozmadagi she’rlar emas, rasmlar, ularning uslubigina qiziqtirardi, xolos. Bu olim menga qo‘lyozmaning saqlanish joyini topishga yordam berishga va’da berdi. Ammo aniq bir natija bo‘lmadi. Men turli kitoblar, fehrestlardan bu qo‘lyozmaga oid ma’lumotlarni qidirdim. Ammo yillar davomida mazkur qo‘lyozmaga olib boruvchi izlar o‘chib borar, borgan sari qo‘lyozmani topishdan umidim ham uzilib bo‘lgandi.

2010 yili Parijda Oqquyunlilar sulolasi davri miniatyuralari bo‘yicha izlanish olib borayotgan frantsuz olimi Simon Rettig bilan tasodifan gaplashib qoldim. Undan o‘zim izlayotgan qo‘lyozma haqida so‘radim. U Oqquyunlilar (mazkur sulola o‘g‘uz turklariga tegishli bo‘lib, hozirgi Ozarboyjon va g‘arbiy Eron territoriyasida hukmronlik qilgan (1378–1508) davrida Navoiy devoniga ishlangan ikki minatyura haqida eshitganligini, ammo mazkur qo‘lyozmani o‘zi ko‘rmaganligini aytdi. U bu qo‘lyozma Qohirada saqlanishini ma’lum qildi. Ayni qo‘lyozma men izlagan manba ekanligiga hali yuz foiz ishonishga asos yo‘q edi. Turgan gapki, buning uchun qo‘lyozmaning asl nusxasini ko‘rishim lozim. Demak, hech bo‘lmaganda, umid uchqunlari paydo bo‘ldi.

Men Qohiradagi qo‘lyozmlar fondlari (bu shahar kutubxonalarida bir necha yuz ming qo‘lyozma saqlanadi) bilan bog‘lanish yo‘llarini izlab turganimda frantsiyalik san’atshunos olimdan xabar keldi. U qo‘lyozmaning Qohiradagii qaysi kutubxonasida saqlanishi va qo‘lyozma haqidagi mavjud fikrlar manbasini ma’lum qilgandi. Ko‘p urinishlardan keyin 2010 yili so‘ngida qo‘lyozmaning fotonusxasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldim. Unda Navoiyning jami 229 ta she’ri bor ekan: 224 g‘azal, bir mustazod, uch muxammas va bitta tarje’band. Lekin qo‘lyozmaning tilidagi o‘zgarishlardan ko‘ra qo‘lyozma bilan bog‘liq muhimroq yangiliklar paydo bo‘ldi. Bu qo‘lyozma Navoiy o‘z devonlarini tuzishga boshlashidan avvalroq – 1471 yilda ko‘chirilgandi. Shu vaqtgacha fanga Navoiy ixlosmandlari tomonidan tuzilgan yagona to‘plami – “Ilk devon” ma’lum edi. Yangi topilgan Navoiy devoni uning ixlosmandlari tomonidan tuzilgan hozirgacha navoiyshunoslikka noma’lum bo‘lgan she’riy majmuasi bo‘lib chiqdi.

Nima deb o‘ylaysiz, Navoiyning mazkur qo‘lyozmadan xabari bo‘lganmikan?

— Bunga aniq dalilimiz yo‘q. Ammo Navoiy she’rlarining yoyilishiga doir fikrlari bilvosita ishora bo‘lib xizmat qilishi mumkin. O‘sha zamonlarda Temuriylar va ularga qo‘shni bo‘lgan Oqquyunlilar sulolasi o‘rtasida yaxshi munosabatlar mavjud bo‘lgan. Navoiyning she’rlarini nafaqat o‘zi yashagan hududdagi turkiy xalqlar, balki Tabriz va Sherozdagi o‘quvchilar orasida ham tarqalganini qayd qilib o‘tgan:

Olibmen tahti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
 
Xuroson demakim, Sherozu Tabrez,
Ki, qilmishdur nayi kilkim shakarrez.

Aynan Sheroz va Tabriz Oqquyunlilar saltanatining markaziy shaharlari bo‘lgan. Bundan tashqari Navoiy o‘z she’rlari turkiy xalqlar ichidagina emas, turkmon – o‘g‘uz turklarining orasida ham e’tirofga sazovor bo‘lganini ta’kidlab o‘tadiki, bular Oqquyunlilar devonining vujudga kelishi bejiz emasligini ko‘rsatadi:

Ko‘ngul bermish so‘zumga turk jon ham,
Ne yolg‘uz turk, balkim turkmon ham.

Navoiyning Oqquyunlilar saroyida yoki mazkur sulola saltanatida mashhur bo‘lganligiga o‘sha davrda yashagan ozar shoiri Kishvariyning Temruiylar saroyiga havas bilan qaraganligini ko‘rsatuvchi quyidagi bayti ham isbotlay oladi:

Kishvariy she’ri Navoiy she’rindin aksik emas,
Baxtina dushsaydi bir Sulton Husayn Boyqaro, –

ya’ni, Kishvariyning she’rlari Navoiy she’rlaridan qolishmaydi, qaniydi uning ham Navoiyda bo‘lgani kabi Husayn Boyqarodek hukmdor homiysi bo‘lsaydi...

Oqquyunlilar saltanatidagi o‘g‘uz turklari hozirgi ozarboyjon tilining qadimgi variantida matn bitganlar. Shuning uchun Navoiy she’rlarini ko‘chirishda izlaganimiz qo‘lyozmada o‘g‘uz elementlari qo‘llangan ekan. Masalan, Navoiyning quyidagi mashhur g‘azalining Oqquyunlilar saroyi qo‘lyozmasida berilishiga diqqat qiling:

Mehr cho‘x ko‘rsatdim, ammo mehribone dopmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone dopmadim.
 
G‘am bila jonima yetdim, g‘amgusore ko‘rmadim,
Hajr ila dilxasta o‘ldum, dilsitone dopmadim.
 
Ishq aro yuz ming malomat o‘xina o‘ldum nishon,
Bir kamonabro‘da duzlukdin nishone dopmadim.
 
Ko‘nglum ichra sarv o‘xdur, g‘uncha paykon, gul tikan,
Dahr bog‘i ichra bo‘yla gulsitone dopmadim.
 
Husn mulki ichra sentek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq ko‘yinda o‘zumtek notavone dopmadim.
 
Cho‘x o‘xidum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin,
O‘z ishimdin bul’ajabrog‘ dostone dopmadim.
 
Ul amon ichinda o‘lsun, ey Navoiy, garchi men
Bir zamon ishqinda mehnatdin amone dopmadim.
 
Tab’ ganjindan maoniy xurdasin, yuz qatla hayf
Kim, nisor aytmog‘a shohi xurdadone dopmadim.

Qo‘lyozmaning navoiyshunoslik uchun ahamiyati yana bir jihatda ko‘rinadi: to‘plamda Navoiyning hozirgacha mavjud nashrlarida uchramaydigan ikki g‘azal bor. Ulardan biri, masalan, quyidagicha boshlangan:

Munchakim hardam ... jismuma hajringdin g‘ame,
Ro‘ze o‘lmasun manga sensiz nishot etmak dame...

Mana shu g‘azallarni Navoiyning turli qo‘lyozmalaridan izlashni davom ettirayapman.

— Odatda, ko‘pgina qo‘lyozmalar so‘ngida uni ko‘chirgan xattot va ko‘chirilish davri haqida ma’lumot bo‘ladi. Siz topgan qo‘lyozmada ham shundaymi?

— Qo‘lyozmani Anisiy taxallusi bilan she’rlar yozgan shoir va xattot Abdurahim ibn Abdurahmon Xorazmiy 1471 yili ko‘chirib tugallagan. Bu xattotning ajdodlari Xorazmdan bo‘lgani bois ham shunday nisbani tanlagan. Lekin Navoiyning mazkur devonidagi she’rlarda o‘g‘uz elementlari uchrashiga xattotning kelib chiqishi Xorazmdan ekanligi sababchi emas, deb uylayman. Maqsad Navoiy she’rlari tilini Oqquyunlilar muhitidagi turkiy kitobxonlarga yaqinlashtirish bo‘lgan. Demak, 1471 yili, hali 30 yoshlardagi shoir Navoiy Oqquyunlilar saroyida ehtirom topgan va ular Navoiy she’rlarini o‘zlari saylab olib, devon shaklida tartib berganlar. Bu kezlarda Navoiy shoir sifatida tanilgan, Husayn Boyqaro saroyidagi siyosiy faoliyatini endigina boshlayotgan edi.

Navoiy o‘zi tartib bergan dastlabki devoni – “Badoe’ul bidoya” debochasida xalq ichida o‘zining 1000-2000 baytdan ortiqroq she’rlarini to‘plab ko‘chirilib, tarqalganini, ya’ni ixlosmandlari tomonidan tuzilgan bunday to‘plamlar bir nechta bo‘lganini ta’kidlaydi: “...xaloyiq arosida ming bayt – ikki ming bayt ortug‘roq–o‘ksukrakkim o‘zlari jam’ qilib erdilar, bag‘oyat mashhur bo‘lub erdi”.

Shu ma’noda 1465-1466 yilda Hirotda Navoiy she’riyati ixlosmandlari tomonidan tuzilib, Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan “Ilk devon”dan besh yillar keyin, 1471 yili, yangi bir to‘plam –“Oqquyunlilar saroyi qo‘lyozmasi”ning tartib berilishi Navoiy fikrlarini tasdiqlaydi. Shunisi qiziqki, mana shu yangi topilgan to‘plam Navoiy aytgan hajm atrofida – 1300 dan ko‘proq bayt she’rga ega.

Som Mirzo Safaviy shoirlarga bag‘ishlangan “Tuxfai Somiy” tazkirasida Navoiy devoni qo‘lyozmasining ko‘chiruvchisi Abdurahim Xorazmiyni Mavlono Anisiy nomli shoir sifatida sifatida tanishtirib, shunday ma’lumot keltiradi: “Mavlono Anisiy asli Xoramzlikdir. Sulton Yoqub xizmatida bo‘lgan. Nasta’liq xatini yuksak mahorat bilan yozgani uchun xalq uni Sultonali Mashhadiydek deb bilardi”. Qozi Ahmad esa, xattotlar va rassomlar to‘g‘risidagi risolasida Anisiy o‘z taxallusini Oqquyunlilar hukmdori Sulton Yoqub uni o‘ziga yaqin tutib, uni shunday deb nomganligi asosida olganligini ta’kidlaydi. U yana ko‘pgina Sheroz shoirlari Anisiy shogirdlari bo‘lib, uning uslubiga ergashib she’r bitishlarini aytgan. Demak, Anisiy – Abdurahim Xorazmiy yaxshigina shoir ham bo‘lgan ekan. U o‘ttiz yilddan ko‘proq davr mobaynida Oqquyunlilar saroyida xizmat qilib, sulola hukmdorlari uchun bir necha qo‘lyozmalarni ko‘chirgan. Miniatyurashunos Pristilla Sujek shunday deb yozadi: “Navoiy devoni Abdurahim Xorazmiy ko‘chirgan mana shu qo‘lyozmalardan biri bo‘lib, u 1471 yili Sherozga hokim qilib tayinlangan oqquyunli sultoni Uzun Hasanning (1453–1478) o‘g‘li Halilga yoki biror mansabdorga atab ko‘chirilgan bo‘lishi kerak. Chunki mazkur qo‘lyozmaga miniatyura ishlagan rassom Darvish Muhammad ham Halil saroyida yashab ijod etgan”.

Mazkur qo‘lyozmaning Navoiy she’riy ijodxonasini o‘rganishdagi o‘rni katta. Navoiy o‘zi tuzgan dastlabki devoni “Badoyi’ ul-bidoya” edi. Ungacha qo‘limizda Navoiy she’rlariga ega va uning ixlosmandlari tomonidan tuzilgan, Sultonali Mahshadiy tomonidan 1465-1466 yillar ko‘chirilgan “Ilk devon”gina mavjud edi. 1471 yili, ya’ni “Ilk devon”dan besh yillar chamasi keyin Oqquyunlilar saroyi devoni qo‘lyozmasining ko‘chirilishi ham “Badoyi’ ul-bidoya”ning tuzilishidan avvalgi davrga to‘g‘ri keladi. Demak, “Ilk devon” bizga 25 yoshgacha bo‘lgan Navoiy she’riyatini ko‘rsatsa, Oqquyunlilar devoni 30 yoshlardagi shoir Navoiyning ijod olamini o‘rganishga ko‘maklashadi. Agar “Ilk devon”da 391 ta g‘azal bor bo‘lsa, ularning o‘ndan biridan kami Oqquyunlilar devoniga o‘tgan. Demak, yangi devondagi g‘azallarning katta qismi 1466–1471 yillar oralig‘ida yozilgan bo‘lib chiqadi. Mana shu davrda yaratilgan g‘azallar sirasiga “Mehr ko‘p ko‘rguzdum...” deb boshlanuvchi g‘azalni, Oqquyunlilar devonidagi dastlabki

Ey, safhai ruxsoring azal xattidin insho,
Debochayi husnungda abad nuqtasi tug‘ro,

– deb boshlanuvchi g‘azal kabilarni ham kirtish mumkin.

Mazkur yangi qo‘lyozma Navoiy ijod ustaxonasini o‘rganishda katta ahamiyatga ega deb aytish mumkin.

Navoiyshunoslikda hozirga qadar Navoiy she’riyati to‘rt davr – bosqichga bo‘lib o‘rganilib kelingan. Bunda Navoiy devonlarini vujudga kelish davridan kelib chiqqan holda quyidagi tarib belgilangandi:

“Ilk devon”,

“Badoyi’ ul-bidoya”,

“Navodir un-nihoya”,

“Xazoyin ul-maoniy”.

Oqquyunlilar saroyida ko‘chirilgan devoning topilishi munosabati bilan endi Navoiy she’riyati besh davr – bosqichda o‘rganilishiga imkon tug‘iladi. Yangilangan tartib shunday bo‘ladi:

“Ilk devon”,

“Oqquyunlilar devoni”

“Badoyi’ ul-bidoya”,

“Navodir un-nihoya”,

“Xazoyin ul-maoniy”.

Nega Oqquyunlilar devoniga ko‘proq “Ilk devon”ga kirmagan, ya’ni 1466–1471 yillar orasidagi she’rlar kiritilgan? Anisiy Navoiyning keyingi davr she’rlariga ko‘proq diqqat qaratganmi?

— Meni bu masala ustida ko‘p o‘yladim. Anisiyni o‘z davrining Sultonali Mashhadiyisi deb atashayapti. Balki uning Sultonali Mashhadiy bilan xattot sifatida ichki raqobati bor bo‘lgan. Anisiy “Ilk devon” bilan tanishgan va bu devondan uzoqlashish uchun Navoiyning undan keyingi besh yilda yaratilgan she’rlarini o‘z majmuasiga kiritgan. Yoki uni Navoiyning yangi g‘azallarigina qiziqtirgan. Balki yildan yilga mahorati oshib borayotgan shoir Navoiyni eng yangi she’rlari bilan o‘z muhiti o‘quvchilariga tanishtirish Anisiy uchun muhim bo‘lgandir. Shunisi qiziqki, Oqquyunlilar devonidagi g‘azallarning aksariyat qismi yetti baytdan tarkib topgan. Bu devondan avval ham ma’lum bo‘lgan g‘azallar ham shu hajm atrofida. Ya’ni, Abdurahim Xorazmiy g‘azallarni qisqartitish yo‘lidan borgan ko‘rinadi.

Oqquyunlilar devoni turli yangi xulosalarga olib kelishi mumkin. Bu majmuadagi 224 g‘azaldan 217 tasi “Badoyi’ ul-bidoya”ga va faqat bittasigina “Navodir un-nihoya”ga o‘tgan.

Quyida yangi topilgan devondagi g‘azallardan namunalar keltirdik. Bunda Navoiyning hozirgi o‘quvchilar orasida kengroq yoyilgan g‘azallarini qiyoslash oson bo‘lsin deya keltirdik. Qo‘lyozmadagi o‘g‘uz turkchasining asl holatini tiklash ishi murakkabligini hisobga olib, eski o‘zbek tili va o‘g‘uz turkchasi uchun o‘rta variantni tanladik va shu asosda matn tilini ifodalashga urindik. Bundan tashqari keltirilayotgan g‘azallar “Ilk devon”da uchramaydi va ularni Navoiy 1466–1471 yillar oralig‘ida yozgan deb hisoblash mumkin bo‘ladi.

* * *

Orazin yopg‘ach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
Uylakim paydo o‘lur yulduz nihon o‘lg‘ach quyosh.

Qut bir bodomu yerim go‘shayi mehrob edi,
G‘orati din etdi nogah bir balolu ko‘zu qosh.

Bo‘sae qildi muruvvat, asru qattidur labing,
Desam og‘zi ichra aydur: la’l ham vor nav’i dosh.

Bu damodam ohim insho aylar ul oy ishqini,
Subhning bot-bot dami andoxkim aylar mehr fosh.

Qoshi ollinda Navoiy versa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo‘yasidur barcha bosh.

* * *

Ko‘rali husningni zoru mubtalo o‘ldum sanga,
Ne balolu kun edikim, oshno o‘ldum sanga.

Har necha dedimki, kun-kundin uzam sendin ko‘ngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo o‘ldum sanga.

Men xachon dedim, vafo qilgil manga, zulm aylading,
Sen xachon deding, fido o‘lgil mango o‘ldum sanga.

Qay pari paykarga dersen telba o‘ldung bu sifat,
Ey pari paykar, na qilsang qil sanga o‘ldum sanga.

Ey ko‘ngul, tarki nasihat ayladum, ovora o‘l,
Yuz balo yetmazki, men ham bir balo o‘ldum sanga.

Jomi Jam ichra Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado o‘ldum sanga.

G‘ussa changidin navoe dopmadim ushshoq aro,
To Navoiytek asiru benavo o‘ldum sanga.

* * *

Ko‘nglakimdur subhning pirohanindin chokrak,
Kirpukim shabnam to‘kulan sabzadin namnokrak.

Layli andin qo‘ydi Majnun ko‘nglina raxti g‘amin,
Kim yo‘x edi manzil ul vodiyda ondin pokrak.

Uyla mujgon xanjarina yopishupdur durri ashk,
Kim magar ondin yatime yo‘xdurur bebokrak.

Jon olurda lablaringdin barcha el quldur sanga,
Jon verurda bir qo‘ling yo‘x bandadin bebokrak.

Necha o‘xlasang Navoiy ko‘ngli zaxminrak o‘lur,
Ko‘rmaduk zaxmeki, tekdugingcha o‘la chokrak.

* * *

Chixdi yorim kecha yo‘l azmin qilub ul bag‘ri dosh,
Bas ajoyibdur qarong‘u kecha chixmog‘lig‘ quyosh.

Gar quyosha el nazar qilsa ko‘zina yosh do‘lar,
Ul quyosh vorg‘ach nazardin, ko‘zlarima do‘ldi yosh.

Furqatingdan yig‘layub haqdin visoling istasam,
Gah socharmen bosha tuprog‘, gah uraram yera bosh.

Qatra sularkim domar ko‘ksuma uran doshdin,
Bag‘rim urandan erur yo yig‘lar ahvolima dosh.

Fosh edar mehrin Navoiyning soru ruxsorasi,
Subhtekkim, sororub ruxsori aylar mehr fosh.

Suhbatni Mahmud Sa’diy olib bordi.

Aftondil Erkinov. “Jahonda yagona qo‘lyozma”.
 // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 2012 yil, 17 fevral.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.