OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Agar so‘zi chindur — ko‘rinur yuzi...» (adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul bilan suhbat) (2009)

O‘zbek adabiy tilining boshqa xalqlar tillaridan qolishmasligi, unda ham istalgan janrda benazir, badiiy, yetuk ilmiy asarlar yaratish mumkinligini Alisher Navoiy o‘zining ijodiy merosida isbotlab berdi. Shu bois shoir asarlari necha asrdan buyon adabiyotimiz xazinasini boyitib kelmoqda.

Atoqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulning Navoiyning shaxsiyati, dunyoqarashi, ijodining badiiy jozibasi haqida olib borgan ilmiy tadqiqotlari va maqolalarini maroq bilan o‘qimagan kitobxon bo‘lmasa kerak.

– Ko‘nglumda ne ma’ni o‘lsa erdi paydo,
Til aylar erdi nazm libosida ado.
Ul nazmg‘a jonin qilibon xalq fido,
Solurlar edi gumbazi gardung‘a sado...

Navoiy she’riyatini teran anglagan kishilar ko‘nglida mana shunday sado yangraydi, — deydi suhbatimiz avvalida Ibrohim Haqqul.

— Mana, besh yuz yildan ortiq muddatki, Alisher Navoiy she’riyat mulkining sultoni sifatida xalqimizning faxriga aylanib kelmoqda. Lekin Navoiyning Navoiy bo‘lishida temuriyzoda Husayn Boyqaro boshqargan saltanat ham muhim o‘rin tutadi. Bu ikki buyuk zotni bog‘lagan ulug‘ rishtalar, mushtarak maqsadlar talaygina. Keling, suhbatimizni ana shu mavzudan boshlasak...

— Husayn Boyqaro va Navoiy munosabati, ular orasidagi axloqiy, siyosiy, madaniy aloqalar navoiyshunoslikdagi dolzarb mavzulardan biri. Bu haqda ma’lum bir fikrlar aytilgan bo‘lsa ham, sho‘ro mafkurasi erkin gapirish va Boyqaroning tarixiy xizmatlarini xolis baholashga to‘la imkon bermagan. Holbuki, Boyqaroning hukmdorlikdagi yutuq va zafarlarini Navoiysiz, Navoiyning ijoddagi olamshumul natijalarga erishishini Boyqarosiz tasavvur etish mumkin emas. Navoiy va Boyqaroni eng avvalo bolalik, o‘smirlikning beg‘ubor hislari o‘zaro yaqinlashtirgan. Keyin ularni davlat, saltanat, millat manfaatlari kamarbasta aylagan. Albatta, shohlikning o‘ziga xos murakkablik va keskinliklari bo‘lgan. Lekin Navoiy bularning aksariyatiga chidab, Boyqaroni ezgu ishlarga chorlashdan hech chekinmagan. Boyqaroning ulkan saltanat sohibi sifatida shuhrat topishida Navoiyning xizmatlari beqiyosdir.

— Xuroson va Movarounnahr tarixida Navoiyning nafaqat buyuk shoirlik sifatlari balki qudratli shaxs bo‘lgani, siyosiy faolligi, bunyodkorlik ishlaridagi g‘ayrati alohida tilga olinadi. Bugun Navoiyning qaysi jihatlarini chuqur o‘rganmoq muhim, deb o‘ylaysiz?

— Odamlar hayotini umumiy tarzda ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi, tabiiy, ya’ni sodda, to‘g‘ri, halol, samimiy, ayni paytda bir qadar qiyinchilik, aziyat, anduh va armondan xoli bo‘lmagan turmush tarzi. Ko‘pchilik doim shunday yashagan. Ikkinchisi, sun’iy, ya’ni aldam-qaldam, yolg‘on, aldov va har turli nayrangbozliklarga asoslangan hayot tarzidir. Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, odamlar oldingi davrdagilarga nisbatan bir-biridan ko‘proq cho‘chiydigan, bir-biriga inonmaydiganroq bo‘lib qolishdi. Nega? Chunki tabiiy hayot tarzi qanaqa-yu, sun’iy hayot yo‘li qanaqa – buni farqlash, bunga munosabat bildirish istagi sezilarli zaylda susaydi.

Tabiiy hayot tushunchasini chuqur anglash va uni chidam ila amalda joriy eta bilish hikmatini, menimcha, bugun ko‘proq Navoiydan o‘rganish zarur. Ana shunda adashish, chalg‘ish, ikkilanishlar ancha kamayadi. Millat, yurt, haqiqat, ilm-ma’rifat dardi bilan yashashda Navoiy shaxsi va faoliyati eng ulug‘ ibratdir…

– Navoiy va Jomiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik rishtalari haqida ham so‘zlab bersangiz...

— Hazrat Jomiyning purma’no ijod xazinasi bizga nechog‘li qadrli bo‘lsa, uning Alisher Navoiy bilan do‘stligi, ustoz-shogirdligi shu darajada e’tiborli va ehtiromli. Bu – xalqlar, adabiyotlar, ilm-fan, madaniyatlar tarixida nihoyatda siyrak uchraydigan hodisa. Jomiy va Navoiyga o‘xshab dunyoqarashi-dunyoqarashiga, shaxsiyati-shaxsiyatiga, maslagi-maslagiga bog‘lanib, ijodiyoti va mahorati o‘zaro uyg‘unlik kasb etgan ikki millat, ikki adabiyot vakilini adabiyotimiz tarixida kam ko‘rganmiz. Asarlarida Navoiy Jomiy ta’rifida, Jomiy Navoiy madhida so‘z yuritar ekan, ularning har ikkalasi ham go‘yo bir tafakkur iqlimida nafas olib, bir dard va shodlik gulshanida kezib ulug‘ iste’dod, mislsiz badiiy kashfiyotlarni sharaflayotganga o‘xshaydi. Navoiyning Jomiyga, Jomiyning Navoiyga qalb yaqinligi, mehr-muhabbati, ishonchi qanday bo‘lsa, uni o‘shandoq o‘rganish lozim. Jomiy ijodiyotini o‘qib-o‘rganmay, Navoiy sha’niga madhiya to‘qish tarixiy, hayotiy, badiiy haqiqatga qanchalik zid bo‘lsa, Navoiy dahosining kuch-quvvatini his qilmay, ijodiyotining mohiyat olamiga kirib bormay Jomiyning Navoiyga ta’siri xususida mubohasa boshlash shunchalik bema’nilikdir.

— Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida eng ko‘p keltirgan kitoblardan biri Ali bin Usmon Abu Ali Jo‘lobiy Hujviriyning “Kashfu’l mahjub”idir. Bu nodir asar nimasi bilan shunday ulug‘ shoir­ning e’tiborini qozongan?

— Ali bin Usmon Abu Ali Jo‘lobiy Hujviriy XI asrning ikkinchi yarmida G‘aznaviylar davlatining poytaxti G‘aznada yashab ijod qilgan. U ham shoir, ham sermahsul olim bo‘lgan. Lekin uning eng mashhur asari “Kashfu’l mahjub”dir. Hujviriy bu kitobni yozishda Sulamiyning “Tabaqoti so‘fiyya”, Abu Nasr Sarrojning “Al-Lum’a”, Qushayriyning mashhur risolasidan foydalangan. Va o‘z navbatida tasavvuf masalalari tadqiqiga bag‘ishlangan bu bebaho kitob Attorning “Tazkiratu’l avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafohat al-uns”ining yozilishiga ta’sir o‘tkazgan. U yetti qismdan tarkib topgan. Uchinchi qismda tasavvufiy firqalar (mazhablar) va qarashlar yoritilgan bo‘lsa, to‘rtinchi qismda tasavvufiy haqiqatlar va muomalalar xususida fikr yuritilgan. Menimcha, “Kashfu’l mahjub”ning nihoyatda qiziqarli sahifalari yetti bo‘limdan iborat so‘fiylarning hol tarjimalariga doir fikr-mulohazalardir.

Kitobdan o‘rin olgan malomatiylar to‘g‘risida aytilgan gaplar ham alohida diqqatga loyiq erur. Olmoniyalik mashhur tasavvufshunos olima Anna Mariya Shimmelning ta’kidlashicha, “Hujviriyning eng muhim yangiligi “Kashfu’l mahjub”ni forsiyda yozgani va tasavvuf adabiyotida yangi bir davrning boshlanishiga erishganidir”. Bu kitob avvalo ana shu jihatdan Navoiyning diqqatini o‘ziga jalb etgan. Shuningdek, tasavvufning bir qator murakkab va munozarali muammolarini oson anglashda buyuk shoirga yaqindan yordam ko‘rsatgan. Umuman, Navoiyning Hujviriyga munosabatini tadqiq etish bir qancha yangiliklarga yo‘l ochishi shubhasizdir. Boz ustiga Hujviriy Farg‘onaga ham sayohat qilib, turk mashoyixlari to‘g‘risida gapirgan.

– Navoiyshunos olimlarning ko‘pchiligi «Navoiy xoslar shoiri» deyishadi. Siz ulug‘ shoir asarlarining irfoniy mo­hiyati, ilohiy haqiqatlari haqida nima deysiz?

– Cheklanish, mahdudlik mayda shaxsiyatli ijodkorlarga xosdir. Navoiy esa daho san’atkor, ya’ni butun millat va insoniyat shoiri. Uning irfoniy qarash va ifodalarida ham hech qanaqa chegaralanish yo‘q. Faqat Navoiyni anglashda oqsamasak bo‘lgani. Ana shunda xosu avomga ajratishga hech hojat qolmaydi.

— Navoiy ijodiga bo‘lgan qardosh xalqlarning bugungi munosabati, e’tirofi va asriy aloqalari haqida gapirib bersangiz?

— Navoiy qardosh xalqlar tomonidan hamisha mehr-muhabbat bilan o‘qilgan, bundan so‘ng ham shunday bo‘laveradi. Buning bir dalili o‘laroq o‘tgan yili Ozarbayjonning markazi Boku shahrida buyuk bobomizga qo‘yilgan haykalni eslatish mumkin.

— Navoiy nafaqat g‘azallarini, balki, zamondoshlarining ham minglab misralarini yoddan bilgan. Bugungi ayrim shoirlar Navoiyni o‘qish u yoqda tursin, o‘z she’r­larini ham yoddan aytib berolmaydilar. Umuman, bugungi ijodga bo‘lgan talab sizni qoniqtiradimi?

— She’r haqiqiy zavq, yuksak ilhom mahsulidan yaralsa, xotirada albatta saqlanib qoladi. Nafsoniy mayllardan paydo bo‘lgan qofiyali misralar esa deyarli hech kimning yodida qolmaydi. “Ijodga bo‘lgan talab”ga kelsak, menimcha, bunday tushunchaning o‘zi bugun deyarli unutildi. Adabiyotning hozirgi holati – qarovsiz bir ahvolda. Kim nimani xohlasa, shuni yozayotir. Kim eplasa, o‘sha kitob chiqarayotir. Yaroqlisi qaysi, qay birlari yaroqsiz – bu xususda bosh qotiruvchi ham, gapiruvchi ham topilmaydi. Bu holat yana ma’lum bir muddat davom etsa, adabiy tanqid va adabiyotshunoslikni eslatishga ham hojat qolmaydi. Bunaqa loqaydlik, bunaqa betaraflik qayondan bosh ko‘tardi – buni izohlash qiyin.

– Kitobxonlarimizga Navoiy asaridagi eng yaxshi ko‘rgan baytingizni sharhlab bersangiz?

— Agar so‘zi chindur — ko‘rinur yuzi,

Ko‘rinmas yuzi — bo‘lsa yolg‘on so‘zi.

Bu bayt “Saddi Iskandariy” dostonidan. Unda faqat rost so‘zdagina inson mustaqil qiyofa kasb eta olishi, yolg‘on so‘zlash esa ma’naviy-axloqiy qiyofadan mahrumlik ekani ta’kidlangan. Bizningcha, eng yomon yuzsizlik ham mana shu.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.