OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar qori Tursunov: «Islom asoslarini o‘rganmay turib Navoiyni tushunib bo‘lmaydi» (2013)

Anvar qori Tursunov 1958 yili Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetitini (1981), Imom Buxoriy nomli Toshkent Islom institutini (2001) tamomlagan. 1995 yildan beri imom-xatiblik vazifasida faoliyat yuritmoqda. 1999 yildan beri Toshkent shahar bosh imom-xatibi. 1999 yildan «Hidoyat sari» ko‘rsatuvining boshlovchisi. 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi)  muharrirlik qilgan. Naysaburiyning «Asbobun nuzul» kitobini tarjima qilgan. «Musulmon axloqi» nomli kitobi nashrga tayyorlanmoqda. 
Anvar qori Tursunov hazrat Navoiy ijodining ham yetuk bilimdonlaridan biri. Toshkent davlat universitetining aspiranturasida ta’lim olgan paytlari «Navoiy va Islom» mavzusida ilmiy ishni tayyorlagan. Lekin o‘sha davr taqazosiga ko‘ra, ilmiy ishni yoqlashga ruxsat berishmagan. Suhbatimiz Alisher Navoiyning haqsevar shoir ekanligi haqidadir.

Bismillahir rohmanir rohiym.

— Qori aka, Alisher Navoiy hazratlarini buyuk shoir va davlat arbobi sifatida yaxshi taniymiz. Lekin u zotning diniy olim bo‘lganliklari, tasavvuf ahlidan ekanliklari haqida umumiy ma’lumotlarni bilamiz xolos. U kishining islomiyatdan ulushlari qay darajada bo‘lgan? Qur’oni karimni necha yoshda xatm qilganlar? Hadis, fiqh, aqida va tasavvufda ustozlari kim bo‘lgan?
— Alhamdulillah. Assolatu vassalamu ala Rasululloh. Assalamu alaykum va rahmatulloh. Menga hurmat ko‘rsatib, buyuk zot haqlarida Alloh qodir qilgancha o‘z fikrlarimni bildirishga imkon berganingiz uchun tashakkur. Hazrat Navoiyni ummonga qiyoslasak bo‘ladi. O‘zbekman degan har bir inson u kishining ummoni durlaridan bahramand bo‘lishi shart.
Katta iste’dod, salohiyat egasi, millatimizning faxri, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiyning hayot va ijodlari haqida gapirish insondan katta mas’uliyat talab qiladi. 
Alisher Navoiy ijodlarini Qur’oni karim, hadisi sharif, Islom tarixi, arab tilining fasohatu balog‘atini bilmasdan turib o‘rganishlik mutlaqo mumkin emas. Hazratni o‘rganayotgan navoiyshunos olimlarga hurmat saqlagan holda shuni aytamanki, shoirning ijodini sharh qilish, she’rdagi majoz va tashbehlarni tushunish uchun avvalo diniy savodxonlik yetarli bo‘lishi kerak. Navoiy «Nasoyimul muhabbat» asarida ustozlari Jomiydan ushbu hikmatni keltiradilar: «Al majazu qantaratul haqiqah»(ya’ni, majoz, obrazli tafakkur haqiqatning ko‘prigidir).
Alisher Navoiy katta diniy olim, faqih, naqshbandiya tariqatining mutasavvufi bo‘lganlar. Hazrat Qur’oni karimni yodlagan, qalblariga joylagan zot edilar. U kishining har bir baytlarida bevosita va bilvosita Qur’oni karim va hadisi sharifdan olingan xulosalar majoziy uslubda bayon etiladi. 
Alloh taolo Oli-Imron surasi 104-oyatida shunday marhamat qiladi: «Oralaringizdan yaxshilikka (islomga) da’vat qiladigan, ibodat-itoatga buyuradigan va isyon-gunohdan qaytaradigan bir jamoat bo‘lsin. Ana o‘shalar najot topguvchilardir».
Mana shu oyati karimadan kelib chiqib, Alisher Navoiy «Lisonut tayr»da shunday deydilar:
Amru nahyi barchamizg‘a farzi ayn,
Tarki amru nahyida yuz sho‘ru shayn.
Ya’ni, har birimizga amri ma’ruf – yaxshilikka chaqirish va nahyi munkar – gunohlardan qaytarish farzi ayndir. Kimki buni tark etsa unga baxtsizlik yetadi.
«Xamsa»dan:
Kahfi baqo ichra alar bo‘lsa gum,
Men ham o‘lay robi’uhum kalbuhum.
Hazrat kamoli kamtarlik bilan ustozlari Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyni baqo g‘origa kirgan Ashobi Kahfga qiyoslamoqdalar. Men ularning to‘rtinchisi – it bo‘lib, sadoqat bilan g‘orga kiray deydilar. Qur’oni karimdagi Kahf qissasini o‘qimagan, Alloh taolo kitobining balog‘atiga tushunmagan kishi bu baytlarning asl ma’nosini anglamaydi.
Ra’d surasining 28-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: «Ular iymon keltirgan qalblari Allohni zikr qilish — eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur».
Bu oyatning ta’sirida Navoiy shunday yozadilar:
Mosivalloh xotirimdin salb qil,
Anda zikringni huzuri qalb qil.
Ya’ni, mening xotirimdan o‘tkinchi narsalarning muhabbatini yo‘q qil. Qalbimni Sening zikring huzur etsin.
Yana Hazrat aytadilar:
Zihi takallumi mo‘jiz nizomki kelgach,
Arab fasihlariga harom qildi hadis.
Ulusni tutdi Navoiy so‘zi aning birla
Magar Rasul alayhissalom qildi hadis.
Ya’ni, arab kalomida juda fasohatli bo‘lgan zotlar mo‘‘jiz nizom – Rasululloh alayhissalom kelgach so‘z aytishga ojiz bo‘lib qoldilar. Qur’on insonning so‘zi emasdi, hadis vahiy edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yetkazgani uchun Navoiyning so‘zi ulusni tutdi.
Alisher Navoiyning «Nasoyimul muhabbat» asarlarini o‘qish shoirning ijodlarini tushunishga kalit bo‘ladi. Bu kitobda 770 nafar avliyo zotning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Hazratning sof diniy asarlari ham bor. Navoiyning «Sirojul muslimiyn» kitoblari fiqhiy asar bo‘lib, unda Islom asoslari she’riy usulda bayon etilgan. «Tarixi anbiyo va hukamo» asarlarida payg‘ambar va hakimlar tarixini daqiq hikoyalar bilan keltirganlar. Eng sahih hadislardan 40 tasini saralab olib, uning mazmunini bir ruboiyda talqin qilib, «Arba’in» («40 hadis») asarini yozganlar.   

— Alisher Navoiy qurdirgan masjid, madrasa, xonaqoh va boshqa majmualar haqida ma’lumot bersangiz.
— Hazrat «Vaqfiya» asarlarida o‘zlari qurdirgan imoratlar vaqfi haqida yozadilar. Mirxondning «Ravzatus-safo», Zayniddin Vosifiyning «Badoye’ul vaqoye» asarlarida Navoiyning xayriya ishlari haqida ma’lumotlar berilgan. Alisher Navoiy boy kishi bo‘lganlar, lekin shunday bo‘lsa-da, «men zakot berishga qodir bo‘lmasdim» deb yozadilar. Chunki qo‘llariga kelgan boylikni doimo muhtojlarga xayr qilib yuborardilar. 
Zayniddin Vosifiyning «Badoye’ul vaqoye» asarida keltirilishicha, Navoiy 369 masjid,  20 madrasa qurdirganlar, 2 kanal qazdirganlar. Bu kanallar qazilishida hatto o‘zlari ishtirok etganlar. Xondamirning qayd qilishicha, Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirganlar. Ular orasida Hirotdagi «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan «Dorul-huffoz» binosi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi, Mashhaddagi «Dorul-huffoz» xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.
«Vaqfiya» asarida yozishlaricha, u zot o‘zlaridan keyin qolgan mol-mulklarini muhtojlarga har juma ulashib berishni vasiyat qilganlar. 
«Badoye’ul vaqoye»da keltirilishicha, Samarqand shahridan faqih zot Hirotga «Hidoya» kitobidan ta’lim berish uchun borgan ekanlar. U kishini hech kim kutib olmay, marhamat ko‘rsatmagandan so‘ng hazrat Navoiyga uchrang deb maslahat berishgan ekan. Navoiy vaziyatni bilgach, «Nizomiya» madrasasi yaqinidagi o‘z hovlilarini samarqandlik faqihga bo‘shatib bergan ekanlar.

— Bilamizki, uylanish go‘zal sunnatlardan biri. Alisher Navoiyning uylanmaganliklari sababi nimada bo‘lgan?
— Hazrati Anas roziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:«Mening ba’zi bir xos ummatlarim bo‘ladi. Ularni oila mening zikrimdan mashg‘ul qila olmaydi». 
Ulamolar ushbu hadisni misol qilib Hazrat Alisher Navoiyning Allohga bo‘lgan kuchli ishqlari, umr bo‘yi ilm tahsili va kitoblar tasnifoti, davlat va jamiyat xizmati sabab uylanolmaganliklarini izohlashadi. Yuqoridagi hadisda hukm faqatgina xos zotlar uchun bo‘lib, boshqalarga tavsiya etilmaydi.
«Aksari avqotim ahodis va tafosir mutolaasi bilan o‘tardi» deydilar Hazrat Navoiy. U zotning xos ishqlari shu qadar ediki, bu muhabbat o‘rtasiga ahli ayol sig‘masdi.    
Ishqing o‘tin gar Navoiy desangkim aylay raqam,
So‘zdin kuyar qalam, qurur qaro, erur davat.
Ya’ni, Allohga bo‘lgan ishqim o‘tini raqam bilan bayon qilay desam so‘zdan qalam kuyib, siyoh qurib, dovot erib ketadi. 
Avliyo zotlarni quddisa sirrahu (ularning sirlarini Alloh taolo pok qilsin) deymiz. Alisher Navoiyning uylanmaganliklari ham mana shunday pok sirlardan. Lekin bu behikmat bo‘lgan emas. Uning hikmatiga yetish uchun o‘sha avliyoullohlar darajasida bo‘lmoq zarur. Vallohu a’lam. 

 — Alisher Navoiy asarlaridagi yor obrazi haqida turli fikrlar mavjud. Ba’zilar yorni butkul ilohiy ishq tajallisi deb bilsa, ba’zilar Navoiyning muhabbati ayolga nisbatan sevgidir deb baholaydi. Ba’zilar esa Navoiy asarlarida ham Iloh, ham ayol sevgisi mavjud deydi. Ayni bitta g‘azalning turli olimlar qilgan sharhida ham yuqoridagi uch fikrni uchratamiz. Sizning fikringiz qanday?
— Alisher Navoiy asarlarida yor obrazi orqali avvalo Alloh taolo, Payg‘ambar alayhissalom, shuningdek piru ustozlar ifodalanadi. Yor deyilganda ba’zida qalb ham tushuniladi.
Davlati vasl iltimosi ne hikoyatdur manga,
Buki yoding birla jon bersam kifoyatdur manga,
deydilar Navoiy. Ya’ni, bu dunyoda Sening vaslingga yetish mumkin emas. Sening yoding bilan jon bersam, menga kifoyadir.
«Mahbubul qulub»da Navoiy aytadilar:
«Suvdin asrag‘ulukdur tufroq va balchig‘ uyin. Va o‘tdin asrag‘uluqdur yag‘och va qamish uyin. Va yeldin asrag‘ulukdur bo‘z uyin. Va tufrog‘din asrag‘ulukdur ko‘z uyin. Jami’i mosivallohdin asrag‘ulukdur ko‘ngul uyin».
Ya’ni, tuproqdan bo‘lgan uyni suvdan asrash kerak. Yog‘och va qamishdan bo‘lgan uyni o‘tdan asrash kerak. Bo‘zdan bo‘lgan uyni shamoldan asrash kerak. Ko‘zni tuproqdan asrash kerak. Allohdan tashqari har narsadan ko‘ngil uyini asrash kerak.
Navoiy asarlarinini zohiran tushunmaslik kerak. Uning botini anglash uchun insonda islomiy ilmlar ham bo‘lmog‘i lozim. Masalan, hazratning 
May birla yuzing tim-tim, ahmarmi ekan oyo,
Yo shu’la aro bir-bir, ahgarmi ekan oyo,
baytlarining zohirini olib, mayxo‘rlar o‘zlariga shior qilib olishlari ham mumkin. Lekin, uning botiniy ma’nosi umuman boshqachadir. Bu yerdagi may — ma’rifat, iymon, Yaratganga bo‘lgan ishqdir. Navoiy tajohili orifona san’atini ishlatib, o‘z qalblariga murojaat etmoqdalar. May ichib, yuzlaring tim-tim, qizarib ketdimi? Yoki Uning ishqida yonib, cho‘g‘ga aylandingmi? Yoki:
Sen gumon qilg‘ondin o‘zga jomu may mavjud erur,
Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.
Tashnalab o‘lma, Navoiy, chun azal soqiysidin
«Ishrabu yo ayyuhal-atshon» kelur har dam nido.
Ya’ni, «Ey tashnalar, ichinglar», deganini sharob deb tushunmang. Chunki, siz gumon qilgandan o‘zga ma’rifat, iymon mayi ham bor.
Hazratning 
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi
matla’li g‘azallarini ruhiy tarbiya ulamolari shunday sharhlaydilar: Alisher Navoiy yoshliklarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tush ko‘radilar. O‘shanda Rasul alayhissalom: «Men yana kelaman», degan ekanlar. O‘sha holatni, gul yuzli Muhammad alayhissalomni sog‘inish asnosida ushbu g‘azal yozilgan.  
Alisher Navoiy Alloh taolo insonni azizu mukarram, ashraful maxluqot qilib yaratganligi uchun uni hurmat qilish Yaratganga muhabbatning belgisi deb e’tiqod qilganlar. Insonning husni ham Alloh taolo yaratgan buyuk san’at namunasidir. Odamning ko‘rinishidagi Yaratganning buyuk qudratini ta’rif etishda esa hech qanday shaxvoniyat bo‘lishi mumkin emas. Zero, Navoiy «Mahbubul qulub»da xoslar ishqiga ta’rif berganidek, «ul pok ko‘zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko‘ngul ul pok yuz oshubidin qo‘zg‘olmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq»dir.

— Alisher Navoiy avliyo zot bo‘lganlar, deyiladi tazkiralarda. U kishining karomatlari haqida ham ma’lumotlar saqlanganmi?
— Hazrat Navoiy yoshliklaridan Alloh taoloning muhabbatini qalblariga joylagan zohid zot bo‘lganlar. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisherning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, u kishining:
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh
matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim...» deganlar.
«Ruhul bayon» tafsiri asosida ulamolarimiz faqih shoir Mavlono Lutfiyning bu e’tirofini she’r uchun emas, balki Navoiyda yosh bo‘lishlariga qaramasdan paydo bo‘lgan ishqi ilohiy uchun deb bayon qiladilar. Avliyoulloh zotlarning qalbida kechasi, subhi sodiqqa bir soat qolganda nur paydo bo‘larkan. Shu nuri ilohiy ta’sirida jazba hosil bo‘lib, Allohga yaqinlik his etisharkan. Bu holat katta riyozat, ta’limdan so‘ng hosil bo‘ladigan ne’mat bo‘lib, Mavlono Lutfiyni hayratga solgan narsa shu holning yosh Navoiyda paydo bo‘lgani edi.
 
— Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l,
Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l.
Ushbu baytlarni sharhlagan holda hazratning nima uchun Navoiy taxallusini tanlaganliklariga ham izoh bersangiz.

— G‘azallarda navo so‘zi kuy, ohang, xonish ma’nosidan tashqari ma’rifat, haqiqat, Yaratganga bo‘lgan ishq ta’siridagi nolavor ovoz kabi ma’nolarda keladi. Navoiyning tavoze’lari, kamtarliklari ushbu baytdan ham bilinadi. Sen ma’rifatsiz, johil xalqqa ma’rifat tarqatguvchi bo‘l, garchi Navoiy yomon bo‘lsa-da, sen yaxshi bo‘laver, demoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kimki o‘z aybini tuzatib, boshqalarning aybini topishga vaqti bo‘lmasa, unga jannat bo‘lsin». O‘zini o‘zi taftish qilish, nafsi bilan mujodala qilish insonni komillikka olib boradi. O‘z aybini ko‘rmasdan boshqalardan nuqson qidirish esa ma’naviy tanazzulga olib boradi. 

— Alisher Navoiy davlat arbobi va murabbiy sifatida mamlakat, din va millatning taraqqiy etishi uchun qanday g‘oyalarni  ilgari surganlar?
— Hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan «ommaviy madaniyat», ma’naviyatga qarshi buhronlarning oldini olishda eng yaxshi davolardan biri Hazrati Navoiyni o‘rganishdir.
Alisher Navoiy hayotlarining oxirlarida «Mahbub ul-qulub» nasriy asarini yozdilar. Bu asar buyuk ijodkorning hayoti davomida olgan xulosalari qaymog‘idir. Har bir faslida muallif o‘zlari yashagan davrdagi bir tabaqa hayoti, axloqi va vazifalari haqida suhbat yuritib, ularning yaxshi ishlari haqida ham, ayb va nuqsonlari haqida ham goh halimlik bilan, goh g‘azab-nafrat bilan mulohaza yuritadilar, amri ma’ruf, nahyi munkar qiladilar. 
Yoshlar Navoiyni ko‘p o‘qishi kerak, o‘rganishi kerak. U zot bayon qilgan haqiqatlarni hayotga tatbiq etish kerak. Navoiyni tushunib o‘qigan avloddan esa hech qachon yomonlik chiqmaydi.
Alloh u zotdan rozi  bo‘lsin!

Davronbek Tojialiyev suhbatlashdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.