OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin A’zam: “Gap – nimani tanlab, nimadan voz kechishda!” (2011)

Ijod kishisi bilan qilinadigan har bir muloqot, aslida, uning bitiklari sharhi, tahlilidir. Negaki, ijod ahli o‘zini mutolaa qilishga ko‘proq qobildirki, shu bois, yozuvchi bilan suhbat bevosita ko‘ngil haqida bo‘lmog‘i tabiiy. Ko‘ngilda esa gap ko‘p. Taniqli adib Erkin A’ZAM bilan quyidagi suhbatimiz ham bolalik, umr manzillari, ijod va ijodkorlik matlabi xususida.

Erkin A’ZAM: — ...61 yoshga kirdim. Ko‘nglimni endi 61 yillik yuk bosib turibdi, ehtiroslar ham anchagina bosilib qolganday, nazarimda. Bir vaqtlar Boysunga dovon oshib borar edik. U Sakirtma deb atalardi. Dovondan tug‘ilgan yurtim manzarasi ko‘rinishi bilan yuragim urib to‘liqib ketar edim.

Buni qarangki, vaqt o‘tishi bilan endi Boysunga borganimda ahvol ­boshqacha. Hozir yo‘llar ham tekis, yurak ham dukillamay qo‘ygan. Menimcha, bu – tuyg‘ularning dag‘allashuvidan bo‘lsa kerak.

Umrimning asosiy qismi Toshkentda o‘tyapti. Ammo chet ellarga borsam Toshkent xayolimga kelmaydi, Boysunimni sog‘inaman. Bo‘lmasa bolalarim, oilam shu shaharda-ku! Boysunga yilda bir-ikki marta qarindoshlarimni, keksa onamni ko‘rgani boraman, xolos.

To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam: hozir mening ul Boysunim qolmagan. Bilarsiz, shu kunlarda ko‘proq kinoga stsenariylar yozyapman. Rejissyorlar men tasvirlagan joylarni, odamlarni hozirgi Boysundan topolmay ovora. Ko‘p narsa o‘zgarib ketgan. Ona tuprog‘imning mening yuragimdagi, xotiralarimdagi fayzu tarovati boshqacha edi-da!.. Shoir do‘stim aytganiday, “Qaerlarga ketding, Boysunjon!” deya “oh” chekib yuribman...

Toshkentga o‘n yetti yoshda kelganman. Odamning bolalikdan qolgan taassurotlari uning keyingi umridagi taassurotlardan zalvorliroq bo‘lar ekan. Ana shu salmoq ijodkorga ko‘p narsa berishi mumkin.

Har yili tug‘ilgan kunimda Boysundan do‘stlarim keladi. Ular bilan bolalikdagi xotiralardan gurung qilamiz. Tanigan-bilgan hamqishloqlarimizning fe’l-atvoriyu goho ko‘z ilg‘amas qiliqlarigacha aniq-tiniq eslay boshlasam, jo‘ralarim hayratda qoladi. Bu narsa xotiraning zo‘rligidan emas, balki o‘sha – toshga o‘yilgan bolalik taassurotlari bilan bog‘liq jarayon.

Bolaligimda sodir bo‘lgan bir voqeani gapirib beray. Olti yoshlarda edim chamasi. Bobomning o‘ttiz sotixcha keladigan katta hovlisida turardik. Hovli kolxozning bog‘iga tutashib ketgan. Hatto o‘shanda kiygan kiyimim ham esimda: otamning “po‘rim” kostyum-shimidan onam bo‘yimga moslab tikib bergan edi. U zamonlarda yosh bolalarga mos bunaqa kostyum-shimni magazinlardan topish amrimahol edi-da.

Xullas, kostyum-shim kiyib, yasanvolib ammalarim bilan kolxozning bog‘iga tushganmiz. Olchazoru o‘rikzorlar oralab ketayotganimizda adashib, yolg‘iz qolganman. “Endi butunlay shu yerda qolib ketdim”, degan vahimada shunaqa qo‘rqqanmanki, o‘tirib olib rosa yig‘laganman. Keyinchalik o‘sha bog‘ bilan uyimizning o‘rtasidagi masofani chamalab ko‘rsam bor-yo‘g‘i ikki yuz qadam kelar ekan. Lekin daraxtzor juda quyuq bo‘lgan-da. Shu hodisa xotiramga mahkam muhrlanib qolgan. Garchi bu gapga 55 yil bo‘layotgan bo‘lsa-da, hozir ham ba’zan o‘shanday holatga tushaman. Meni hech kim tushunmagan kezlar ko‘pincha shunday bo‘ladi. Sizni hech kim tushunmasa, yo‘qolganday gap-da, to‘g‘rimi? Goho o‘ylayman: yo‘qolish hodisasi mening qismatimga uyqash bir hol ekan-da...

Muxtasar TOJIMAMATOVA: – Har bir bolaning ichida daho yashaydi, degan hikmat bor. Agar shu bola bo‘lajak yozuvchi bo‘lsa, endi bu bolalik yanada rangin, xayol va tasavvurlarga boy bo‘lmog‘i lozim, shunday emasmi?

– Kitobxon bolalik chindan-da sehr­li, savollari mo‘l. Goho Alpomishga aylansang, goh Avazxonga jo‘ra tushasan. Bolalikda o‘qigan dostonlarim esimda: “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish”,”Alpomish”lar... Pushkinning “Kapitan qizi” asarini yaxshi ko‘rardim. Tushunsam-tushunmasam “Xamsa”ni o‘qirdim. Garchi yangi bo‘lmasa-da, mehmonxonamizni “yangi uy”, deb atardik. O‘sha yerda otamning tuzukkina kutubxonalari bor edi. Bolalikda ko‘rgan-bilgan voqealarimdan ham ko‘ra o‘sha o‘qigan kitoblarimdan ko‘proq ta’sirlanganman.

Shu o‘rinda bir gapni ta’kidlab o‘tsam – yozadigan odamga baribir Toshkent yaxshi, Toshkent qulay. Shuni anglabmi, bu azim shaharda qolib ketdim. Shoirona aytganda, shu yerda “nash’u namo topdim”.

Bolaligimda nihoyatda ta’sirchan, tajang bola edim, uncha-muncha gapga jizillab ketaverardim. Hozir aytsa kulgili tuyular, biz o‘qituvchilarimizga “o‘rtoq muallim”, deb murojaat qilardik. “Domla” yoki “ustoz” degan gaplar yo‘q edi. Ikkinchi kursda o‘qiyotganimda o‘sha maktab davrlarini eslab “Kechirasiz, o‘rtoq muallim!” degan qissa yozganman. Ijarada birga turgan akamiz Ne’mat Qurbon u yer-bu yerga olib borsa, “Sovet pedagogikasiga to‘g‘ri kelmaydi bu”, deb qaytib berilgan.

Yaqinda lotin alifbosida to‘plamim nashr etildi. “Shu narsani ham qo‘shsak qanday bo‘lar ekan”, deb Nabijon Boqiyga maslahat solgan edim, “Qaytaga o‘sha vaqtlarda yaxshi yozgan ekansiz”, deya to‘plamga kiritib yubordi.

– “Tafakkur” jurnalida e’lon qilinayotgan maqolalarning saviyasi, umuman, sizning muharrirlik mas’uliyatini chuqur anglab, bu vazifani ­sidqidildan ado etayotganingizga, to‘g‘risi, bir jurnalxon sifatida havasimiz keladi. Menga, ayniqsa, “hoziriylar” haqidagi mulohazalaringiz ma’qul bo‘lgan.

– “Hoziriylar” haqidagisi deng... Bu mening voqelikka talabchanroq munosabatimdan tug‘ilgan bo‘lsa kerak. Axir, umr bo‘yi yaxshi-yomon maqolalarni saralab ish ko‘rdim. Do‘st orttirgan bo‘lsam ham – shuning ustidan, nodo‘st orttirgan bo‘lsam ham. Masalan, siz olib kelgan maqolani maqtasam, “Erkin A’zam deganlari yaxshi odam ekan”, deysiz, bordiyu qo‘lyozmangizni qaytarsam – dushman tayyor-da! Bu tabiiy hol.

Bugun endi tahririyatga kelgan qo‘lyozma egalariga iloji boricha yaxshi gap bilan javob qaytarishga harakat qilaman. Agar qo‘lyozmasi yoqmasa, “Yaxshi-yu, bir oz qiyomiga yetmabdi-da”, deyman. Aslida esa, “Siz bu turgan-bitgani azob, mashaqqatli hunarni qo‘ying, og‘ayni, yaxshisi, biron bir mansabning payidan bo‘lganingiz tuzuk”, deb dangal aytish kerak.

– Biz ko‘p duch keladiganimiz “Ijod bu – qismatdir” kabi mulohazalarga sizning munosabatingiz?..

– O‘tgan yili tobim qochib kasalxonaga tushgan edim, bir hamshira opamiz “Erkin aka, yozuvchi ekansiz, men haqimda biror narsa yozsangiz-chi”, deb qoldi. “Qani, ko‘nglingizda nima dardingiz bor?” deb so‘radim ajablanib. “Oilam risoladagiday, qaynona-qaynotam ham, erim ham yaxshi. Bolalarimning hammasi esli-hushli. Taqdirdan hech bir shikoyatim yo‘q”, deb javob berdi u. “Unda shukrona aytib yashayvermaysizmi, axir! Armonu azoblardan, darddan xoli hech bir taqdirda yozuvchi uchun qiziq narsa yo‘q. Dardsiz esa hech narsa yozib bo‘lmaydi”, dedim unga.

Darhaqiqat, dard – ijodkorning yuragini ishga soladigan buyuk kuch, desak adashmaymiz. Uning o‘z qonuniyatlari bor. Shu dardning yog‘dusi ijod kishisini o‘ziga joduday tortaveradi.

Ammo, to‘g‘risi, “ijod” so‘zi menga kitobiy, erishroq tuyuladi. Shu yoshga kirib hali biror joyda “mening ijodim, mening asarim” deb lafz qilmaganman. Yaqinda televizorda bir yosh aktrisa bilan suhbat bo‘ldi. “Mening ijodim”, deya gap boshlagan edi, ensam qotib ketdi. Ijod, ijodkor degan so‘zlarga mas’uliyat bilan qarash kerak-da... Rahmatli ustozimiz Asqad Muxtor “Yozuvchiman desangiz – yaxshi odamman deganday. Adibman deb qo‘ya qolaman”, derdilar. Aytganday, ig‘vogar kishini ham ba’zan yozuvchi, yozg‘uvchi deb ataydilar-da.

— Yozuvchi sayoz joyda cho‘kadi, degan gap bor. Shu ma’noda, ustoz adib sifatida adabiyotda xolislik mezonini nimalarda ko‘rasiz? Adabiyotimizda ayni paytda o‘tkir so‘zning, xolis ­fikrning salmog‘i bir oz pasaygandek, nazarimda...

– “Ofarinchilik”, noxolislik bemaza ish-da. Yaxshi narsani g‘araz bilan yomonga chiqarsak, yomon narsani yaxshi deb ko‘pirtirsak, xudoga ham yoqmas... Masalan, biron yosh ijodkorga “Sendan baribir shoir chiqmaydi”, deb har qancha zug‘um qilmang, u baribir tanlagan yo‘lidan qolmaydi. Asl iste’dodni egib, iste’dodsizlikni esa davolab bo‘lmaydi. Chingiz Aytmatovning gapi yodga tushadi: “Umr bo‘yi iste’dodsiz kimsalarga qarshi kurashdim, ammo qo‘limdan hech narsa kelmadi...”.

Bilib qo‘ying, iste’dodli odamning joni qattiq bo‘ladi. Siz uni har qancha inkor qilmang, kamsitmang, toshning orasidan bo‘lsa ham yorib chiqaveradi. Aytmoqchimanki, to‘g‘ri, xolis gapdan adabiyot ham, o‘zimiz ham yutamiz. Samimiyat baribir yengadi-da...

–Zamonamiz qahramoni – sizning talqiningizda kim va u qanday bo‘lmog‘i kerak?

– Badiiy asarning qahramoni, avvalo, jonli inson bo‘lishi lozimligini hamma biladi. Deylik, hozirgi kunda ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Boysunga temir yo‘l bordi, Qamchiq dovoni qurildi... Bunday bunyodkorliklarga bosh qo‘shgan odamni haqiqatan ham “qahramon” deb atasa bo‘ladi. Shunisi ham borki, bugungi adib qahramonning ijtimoiy faoliyati bilangina emas, ichki dunyosi, ruhiyati bilan ish ko‘rmog‘i kerak.

Zamonamiz qahramoni deganlari birinchi galda imon-insofli, halol inson bo‘lishi kerak. Ko‘pchilikning manfaati turganda o‘z manfaatini nari suradigan fidoyi inson. Biroq har qanday yaxshi odamning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bo‘ladi. Axir, duoga qo‘l ochganimizda ham “Bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni O‘zing kechirgaysan”, deb iltijo qilamiz-ku. Yozuvchi ana shularni bor-boricha, haqqoniyat bilan tasvirlab bermog‘i lozim. Insonni insonday yozish kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sho‘rolar zamonida buyurtma bilan yozilgan, ko‘tar-ko‘tar qilingan, mukofotlarga sazovor bo‘lgan “polotno”lar bugun qayoqqa ketdi? Hozir so‘rasa, uncha-munchasini eslayolmaysiz ham. Lekin Abdulla Qodiriy qoldi, Oybegu Qahhorlar qoldi. Nega bunday – o‘ylab ko‘ring-da.

Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, o‘tkinchi voqea-hodisalar tasviridan iborat yuzaki asarlar vaqt sinovidan o‘ta olmaydi, o‘chib ketadi. Inson qoladi – chigal taqdirli, qalbi siru jumboqlarga to‘la inson. Hayoti silliq kechmayotgan, ko‘ngli bezovta bo‘lsa-da, ko‘kragi baland, nomusli odamlarimiz judayam ko‘p. Yozuvchi qahramonni ana shunday odamlar sirasidan tanlasa adashmaydi.

– Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga e’tibor” asarida shunday so‘zlar bor: “Xalqimiz yillar, asrlar davomida orziqib kutgan ozodlikka erishib, o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olganidan keyin har qanday tahdid va xatarlarga qaramasdan, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, mustaqillikni mustahkamlash, erkin va farovon hayot qurish maqsadida amalga oshirayotgan ishlarimizni, eng muhimi, bu borada qanday og‘ir yo‘llardan, qanday murakkab bosqichlardan o‘tishga to‘g‘ri kelayotganini chuqur anglab yetishi kerak. Adiblarimiz aynan mana shunday masalalar ustida, bugungi kunda ularning so‘zi xalq qalbida qanday aks sado berayotgani haqida yana bir bor o‘ylab ko‘rishlarini istardim”. Ayni shu mulohazalardan kelib chiqib sizdan so‘ramoqchiman: ozodlik tufayli odamlarimiz ruhiyatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

– Eng avvalo, yozuvchiman degan mardum uchun bir dunyo mavzu-materialga yo‘l ochildi. Kechagi zamondagi mavzular doirasidan xabaringiz bor; deylik, odamga kommunist yoki kommunist emasligiga qarab narx qo‘yilar edi. Mustaqillik ana shu g‘ayriinsoniy tamoyilga barham berdi.

Barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz, Yurtboshimiz tomonidan ijodkorlarimizga munosib sharoit yaratib berilmoqda,katta g‘amxo‘rliklar qilinmoqda. Shu bilan birga muammolar ham yo‘q emas. Biri shuki, hozir hamma yozishga tushgan, bo‘lsa-bo‘lmasa, qo‘lidan kelsa-kelmasa, katta-katta kitoblar chiqarib yotibdi. Qo‘pollikka yo‘ymang-u, bu ijod emas, qalloblik! Ana o‘shalar o‘zini o‘zi iste’dodli shoir yoki yozuvchi deb ataydi. Xabaringiz bo‘lsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida shu mavzuda bir qator ­tanqidiy maqolalar ham e’lon qilindi. Yozuvchi yoki shoirning iste’dodi uning to‘planmayu jamlanmalari bilan emas, yozgan asarining badiiy salmog‘i bilan belgilanishini unutmasligimiz darkor.

Yana bir gap – kitob chiqarayotganingizda nashriyot xodimlari “O‘zingiz haqingizda tavsifnoma yozib keling, yoki – ie, bu nimasi, hatto shogirdlaringiz ham o‘zlarini “taniqliyu iste’dodli” deb ta’riflab kelishyapti-ku?” deya taajjublanishadi. Shunday paytlarda ustoz Qahhorning “Men yozuvchining axloq kodeksiga halollik va shijoatni qo‘shgan bo‘lardim”, degan gaplarini eslayman. Men esa o‘sha ­kodeksga or-nomusni, uyatni ham qo‘shgan bo‘lardim.

– Shuning uchun ham siz kabi ustozlarimiz yanada hushyorroq, talabchanroq bo‘lishi kerak-da!..

– “Chapaklar yoxud chalpaklar mamlakatida” degan qissamda shunday gap bor: “...Bir vaqt qarasam, quloq-miyamdagi doimiy g‘uvillash tingan – uni tayyoraning bo‘g‘iq shovqini bosib ketibdi. Daroz do‘xtir xato qilgan ekan. Dunyoda chorasiz dard yo‘q. Gap – nimani tanlab, nimadan voz kechishda!” Keling, ushbu iqtibos bilan suhbatimizga yakun yasasak...

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 45-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.