OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulg'ayish azobi (Erkin Vohidov va Qulman Ochilov suhbati) (1990)

-Erkin aka, avvalo O'zbekiston SSR xalq deputati, Oliy Kengashimiz Oshkoralik qo‘mitasining raisi sifatida, oshkoralikning jumhuriyatimizdagi bugungi ahvoli to‘g‘risida gapirib bersangiz.

- O'zbekistonda oshkoralik, so‘z erkinligi bobida ma'lum qadamlar ilgari qo‘yildi. Masalan, Oliy Kengashimiz sessiyalarining oynai jahon orqali to‘liq namoyish etilishi ham oshkoralikning bir ko‘rinishi. Ammo o‘zimizni Rossiya, Boltiqbo‘yi, Ukraina, Belorussiya, Gurjiston va boshqa regionlarga solishtirib ko‘rsak, bizda oshkoralik yo‘q darajada. Bu ko‘pchilikka ma'lum.

Shuning uchun, mening birinchi e'tirozim ommaviy-axborot vositalarimizga bo‘ladi. Ular erkin fikrga bag‘rini keng ochmayaptilar. To‘g‘ri, bir-ikki ro‘znoma-jaridalarimizda bag‘rikenglikning ishoralari sezilib turadi, ba'zan. Masalan, O'zbekiston adabiyoti va san'ati, Yosh leninchi, Fan va turmush, Sharq yulduzida. Ammo asosiy matbuot organlari - partiya ro‘znoma-jaridalarida deyarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Ayniqsa, otaxon nashrlarimiz - Sovet O'zbekistoni, Pravda Vostoka ro‘znomalaridan kishining ko‘ngli tobora sovumoqda. Yaqinda Sovet O'zbekistonining sobiq muharriri Maqsud Qorievga: O'qib quvonsangiz kerak, Maqsud aka! Sovet O'zbekistoni sizning davringizda qanday bo‘lsa, hozir ham shunday - zerikarli. Qayta qurish ham, muharririning uch, marta almashgani ham, uni o‘zgartirolmadi, deb hazillashdim. Bu gaplardan u kishi xafa bo‘lib: Bizning davrda u jasoratli gazetalardan biri edi, dedilar. Bu gapda ozmi-ko‘pmi jon bor.

- Matbuotda oshkoralikning sustligiga, meningcha, nuqul muharrirlarni ayblayverish ham unchalik to‘g‘ri emas. Sababi: matbuotda hali kompartiya yakkahokimligi saqlanib turibdi. Partiya saflarida esa konservativ kuchlar bor.

- Bu yakkahokimlik endi tugatiladi. Bu borada KPSS XXVIII s'ezdida ma'lum qarorlar qabul qilinadi va partiya o‘z ixtiyori bilan yakkaxo‘jayinlikdan voz kechadi, degan umiddaman. Qolaversa, mamlakatimizda Matbuot to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Endi biz jumhuriyatimizda ham shunday qonun qabul qilishimiz va uning birinchi satrlari: Ommaviy axborot vositalariga nisbatan hech bir tashkilotning shaxsning yakkahokimligiga yo‘l qo‘yilmaydi, degan e'tirofdan iborat bo‘lmog‘i kerak.

Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlarning, materiallarning saviyasini, mazmunini tubdan o‘zgartirish kerak. Ularda hali-hamon, hech kimni qiziqtirmaydigan xabarlarni beramiz. Masalan, Axborotni qarang. Falon kolxozda chigit ekish tugallanganligining million-million odamga nima qizig‘i bor? Falon fabrikadagi qaysidir tsex ishchilari yarim yillik planini bajarganligining-chi? Bajaribdimi, rahmat, ishlayversin. Lekin magazin peshtaxtalari huvillab yotgan kezlarda bunday siyqa xabarlarni aytib, millionlab odamlardan suyunchi olishimiz shartmi?..

Olamda, mamlakatimizda fikr shunchalik tez o‘smoqdaki, yangi gap bir kunda emas, bir soatda eskirib qolmoqda. Shunday zamonda kutilmaganroq fikr aytsangiz, bunday gaplar hali Moskvada ham yo‘q-ku, deb qaltirashadi. Qachongacha birovlarning eski kovushini kiyib qadam tashlaymiz?!

Matbuot xalqimizning ko‘zini ochadigan, o‘zligini tanishiga xizmat qiladigan, qiziqarli materiallarni berishga o‘rganishi kerak.

- Bu aytishga oson, Erkin aka, sal dadilroq maqola bersa, muharrir bechora ayrim idoralarga suhbatga qatnayverib charchaydi. O'zingizga ma'lum...

- Gapingiz to‘g‘ri. Ammo bir gapni unutmasligimiz kerak: Jon kuydirmasang, jonona qayda. Oshkoralik nisbatan rivojlangan regiondagi gazeta-jurnallarning muharrirlariga, umuman, ijodkorlariga ham oson bo‘lmayotir. Argumentы i faktы, Ogonyok, Moskovskie novosti nashrlari tahrir hay'atlarining bayonotlarini o‘qigansiz.

Qayta qurish - kurash. Xalqining, millatining mustaqilligini, umuman, kelajagini o‘zi o‘tirgan kursidan ustun qo‘ya olgan muharrirlargina dadil ishlar qilib, elining hurmat-e'tiboriga sazovor bo‘lishi kerak.

Barcha kulfat shundaki, bizda balandroq kursi, mo‘may mukofot yoxud deputatlik nishoni va'da qilinsa, millat, xalq, Vatan taqdirini unutib qo‘yadigan eldoshlarimiz ko‘p.

Ikkinchidan, necha yillardan, balki asrlardan buyon qon-qonimizga singib ketgan juda yomon aqida bor. Men sizni yoki tasarrufingizdagi sohani tanqid qilsam, kamchiliklaringizni ko‘rsatsam, xafa bo‘lasiz. Bu odamga nima yomonlik qildim ekan, deb o‘ylay boshlaysiz. Biz ana shu qoloq psixologiyadan qutulishimiz kerak. Hech bir odam xato va kamchiliklardan xoli emas - tabiatan shunday yaralgan. Demak, uni do‘stona tanqid qilish, kamchiliklarini ko‘rsatish mumkin va zarur. Bu falsafani hamma, avvalo, turli toifadagi rahbarlar, ayniqsa, partiya xodimlari tan olishi va unga ko‘nikishi kerak. Bu ko‘nikish endi rahbarlarning obro‘sini tushirmaydi, aksincha uni bezaydi, bag‘rikeng, tanqidga toqatli sardor sifatida xalq orasida hurmatini oshiradi.

- Erkin aka, shu o‘rinda bir misol yodimga tushib ketdi. AQSh prezidenti Ronald Reygandan, o‘n yil mobaynida mamlakatga muvaffaqiyatli rahbarlik qilishingizga kim sizga ko‘proq yordam berdi, deb so‘rashganida u Meni ayovsiz tanqid qilib turgan jurnalistlar. Ular aytgan fikrlardan o‘zimning xato-kamchiliklarimni ko‘rib-bilib, ishlarimni to‘g‘rilab bordim, deb javob bergan ekan.

- Albatta. Bugun har birimiz o‘zimizda shakllantirishimiz lozim bo‘lgan bosh fazilatlardan biri - tanqidni yordamchi deb bilish va unga keng yo‘l ochish.

Mana, ikkalamiz suhbatlashib o‘tiribmiz. Siz mening fikrimga qo‘shilmasligingiz mumkin, ya'ni har bir ongli inson ma'lum voqea-hodisa yoki narsa haqida o‘z fikriga ega bo‘lishi mumkin. Biz hayotning ana shu oddiy qonunini tan olishni istamayapmiz. Deylik, kimdir, kompartiya faoliyati menga yoqmayapti desa bu o‘sha odamning shaxsiy fikri, ammo kompartiya haqida hamma yomon fikrda degani emas-ku?! Aksincha, men uni ko‘klarga ko‘tarib maqtasam, yaxshi ham bo‘lib qolmaydi. Turli fikrlarning to‘qnashuvidan haqiqat yuzaga chiqadi.

Qadimgi Yunonistonning olam tarixida naqadar ulug‘ va boy iz qoldirganligi ma'lum. Qisqa davr ichida ul zamin tengsiz rivojlanish pallasiga kirib, olamga qanchadan-qancha daholarni berganligining sababi nimada deb o‘ylaysiz? Yozishlaricha, Yunonistonning har bir fuqarosi mamlakatning tashqi va ichki siyosati, hayotidagi voqea-hodisalar haqida o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lishi lozimligi qonun tomonidan belgilab qo‘yilgan ekan. Shaxsiy fikrga ega bo‘lmagan fuqaroga, hatto jazo berilgan... Biz esa yetmish-sakson yildan buyon shaxsiy fikrga ega bo‘lgan vatandoshlarimizni quvg‘inu qirg‘inlarga giriftor etib kelyapmiz.

Ammo shaxsiy fikrim niqobi ostida, so‘nggi paytda ayrim akjumanlarda guvoh bo‘layotganimiz kabi, jumhuriyatimiz rahbarlari sha'niga maqtovlar, hamdu sanolar o‘qish, yaltoqlanishlar (bularni o‘zining burchi deb yurganlar hamma zamonlarda topiladi), boshlansa va hech kim bu sinalgan illatning oldini olmasa, sho‘rimizning qurigani! Aminmanki, buni eshitgan olam ahli ustimizdan mayna qilib kuladi.

Hech ko‘z oldimdan ketmaydi. SSSR xalq deputatlarining o‘tgan s'ezdida zaldan turib, kimdir, Gorbachyovga qaragancha, qo‘llarini siltab-siltab, keskin-keskin gapirdi. Aftidan, shaxsiga tegadigan gap aytdi. Nima deganini aniq eshitolmadim, - mikrofon ulanmagan edi. Mixail Sergeevich, xafa bo‘lgandek, biroz jim qoldi-da: Afsuski, shunaqa gaplarni ham eshitishga to‘g‘ri keladi, dedi va ishini davom ettiraverdi. Havasim keldi. Rahbarimizda, tanqid qilgan yoki biroz qaltisroq fikr bildirgan odamga nisbatan, shoshmay tur, hali senga ko‘rsatib qo‘yaman, degan johil, qoloq odamga xos tushuncha, kek saqlash yo‘q ekan!

Bugun biz, jur'ati yetib, o‘z fikrini ochiq aytgan kishini rag‘batlantirishga o‘rganmog‘imiz kerak. Agar bu ishni rahbar qilsa, o‘sha dadil kishiga rahmat aytsa, sizning fikringizni ham inobatga olaman desa, uning obro‘si xalqning nazarida ming barobar o‘sadi. Katta-kichik yig‘inlarda ko‘pincha notiqlar rahbarlarning fikrini ma'qullab gapiraveradilar. yo‘q, ularda ham boshliqlarning fikriga nisbatan qandaydir e'tirozlar bor, bo‘lmasligi mumkin emas; hurmatli Falonchi Falonchievich, siz aytgan ish mundayroq bo‘lishi kerak, sababi falon-falon, degisi kelib turadi. Ammo qo‘rqadi. Uni tanqid qilsam yoki e'tiroz bildirsam, maqsadimni to‘g‘ri tushunmaydi, oramiz buzilib, keyin meni bir umr quvg‘inga oladi deb o‘ylaydi.

Jamiyatni orqaga tortadigan, buzadigan eng katta dushman mana shu qo‘rquv. Bunday qo‘rquv hukmron yurtga tankalaru raketalar bilan bostirib kirish shart emas. Shusiz ham odamlar bir-birining etini yeb, mamlakatni g‘orat qiladi. Agar ko‘ngildagi gapni rahbarning yuziga shartta aytadigan zamonlar bo‘lganida, Stalin qirg‘inlarini qo‘ya turaylik, qo‘shinlarimiz Afg‘onistonga bostirib kirmas, BAM degan sarson qurilishga milliard-milliard pullarimiz sochilmas, Orol qurib, paxta yakkaziroatchiligi kelib chiqmas, Agroprom tashkil etilmas edi...

Bularning hammasi yangi tafakkurga ko‘nikishimiz qiyin, azobli kechayotganligidan dalolat. Eski psixologiya - kattaning fikriga moslashtirib gapirish hamon davom etayapti. O'tgan xatolarimizni, o‘z vaqtida nodonligi tufayli, anglamay, jim yurganlarni kechirsa bo‘lar. Ammo fojialarni oldindan ko‘ra-bila turib, o‘z tinchini, zig‘irdekkina jonini o‘ylab, xalqining, millatining boshiga tushajak kulfatlarga befarq qarab turganlarni aslo kechirish mumkin emas.

Bir kishi, deylik, rahbar, donishmandlarning donishmandi bo‘lganida ham, barcha sohani qamrab ololmaydi, - hayot shu darajada murakkab. Avvalo, rahbarlikning iqtidori shundaki, u o‘z atrofiga aqlli, dono, jasoratli, haqgo‘y, hatto noqulay odamlarni yig‘adi. Nodon rahbar yaltoqi, noto‘g‘ri fikrni ham doim qo‘llab-quvvatlaydigan, manfaatparast, suvoqchi shaxslar bilan davra quradi. O'ylashimcha, hozirgi rahbariyatimiz o‘z atrofiga dadil va aqlli odamlarni torta boshlaganga o‘xshaydi.

- O'zbekiston SSR xalq deputatlari rahbarlarimizning o‘ziga xos maslahatchilariga, ko‘makdoshlariga aylanib bormoqdalar. Ammo ular orasida huquqshunoslar, iqtisodchilar, siyosatshunoslar, faylasuflarning kamligi sessiyalar ishiga ta'sir etmoqda. Bu saylovlardan imkon qadar foydalana olmaganligimizdan dalolat. O'tgan saylovlar sizga bugun, uzoq masofadan turib qanday ko‘rinadi?

- Qo‘mitamizga kelayotgan ko‘p sonli maktublardan ko‘rinib turibdiki, saylovlar paytida apparat, xalq nomzodini ko‘rsatgan kishilarni deputatlikka o‘tkazmaslik uchun, talay o‘yinlar qilgan. Xalq nomzodlariga, faol, elparvar saylovchilarga har tomonlama tazyiqlar o‘tkazilgan. Bugungi deputatlar orasida partiya, sovet apparati xodimlari, turli toifadagi rahbarlarning nihoyatda ko‘pligi ham fikrimizni isbotlaydi. Turg‘unlik yillarida ham ular bunchalik ko‘p saylanishmagan. Ba'zan Oliy Kengashimiz sessiyasida o‘tiribsanmi yoki partiya-xo‘jalik faollari yig‘ilishidami - birdan anglab olishing qiyin. Buni qarangki, demokratiya yo‘llari ochila boshlagach, partiya xodimlari, har xil rahbarlar o‘zlarini deputatlik mandati tomon urishdi.

- Apparat esa ularning bu tashabbusini, imkoni boricha, rag‘batlantirib turdi...

- Albatta, buning sababi bor. Chunki, hokimiyat Sovetlarga o‘tyapti va buni partiya apparati sezyapti. Shuning uchun partiyani g‘orat qilgan, obro‘sini to‘kkan olg‘irlar ham endi o‘z vaqtida etaklarini yopishib, Sovetlar tomon chopmoqdalar va ko‘p joylarda niyatlariga osongina yetmoqdalar ham.

Hayotga real qaraydigan bo‘lsak, hozir ham hokimiyat partapparat qo‘lida. Matbuot, rahbarlik, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish partiyaning tasarrufida. Hali eski qoliplar sindirilgani yo‘q.

Qoliplarni sindirishning yagona yo‘li ko‘ppartiyaviylik. Bu jihatdan KPSS XXVIII s'ezdidan so‘ng boshqa partiyalar faoliyatiga ham keng va teng yo‘l ochiladi, degan umiddaman. Tenghuquqli bu partiyalar Sovetlarda o‘zaro kelishuv asosida koalitsion boshqaruvni vujudga keltiradilar. Boshqacha aytganda, dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi, yirik siyosiy kuchlar bir markazga jamlanadi. Mamlakatni boshqarish osonlashadi, o‘zaro raqobat asosiga qurilgan bahs-munozaralar bois ichki va tashqi siyosatimizda xatolar kamroq bo‘ladi. O'ylaymanki, bunday kunlar yaqin va O'zbekistonda ham shunday imkoniyatlar ochiladi.

- Fikringizdan shuni uqdimki, ko‘ppartiyaviylikka ham kompartiyaning o‘zi ruxsat berishi kerak!

- Ha, hozircha vaziyat. shuni talab qiladi. Kompartiyamiz ham, agar qayta qurishning, xalqning taqdirini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ysa, shunga jasorat topishi kerak. O'ylashimcha, hozirgi rahbarlarimiz, prezidentimiz, u kishining yonida turgan maslahatchilari asta-sekin aynan shu yo‘ldan ketishyapti.

- Sekin-asta!..

- Ha, aynan shunday. Chunki, bu qaltis qadamlarni ozgina tezlatish ko‘ngilsiz hodisalarga olib borishi mumkin. Barcha tomonni hisobga olish, pishiq-puxta o‘ylash kerak. Inson bir kuni ertalab turib, butunlay boshqacha tuzumda yashab ketishi qiyin. Yangicha munosabatlarga sekin-asta ko‘nikib borishimiz uchun ma'lum vaqt kerak bo‘ladi. Uzoq davr qorong‘u yerto‘lada o‘tirgan odam birdan quyoshga qarasa, ko‘zlari butunlay ojizlanib qoladi.

Biz uyimizning ichida yashab turgan holda, uni qayta quryapmiz, butunlay o‘zgartiryapmiz. O'zga boshpanamiz yo‘q. Bu istaysizmi-yo‘qmi, ma'lum qiyinchiliklar, hatto besaranjomliklar tug‘diradi. Dim havoli, xonalari ko‘p va nihoyatda sumbatli eski uyimizni birdaniga buzib tashlab, yangisini qurmoqchi bo‘lsak, vayronada qorning sovuqning, jaziramaning girdobida qolib, qirilib ketamiz. Shuning uchun biz, qirqiga chidagan jafokash xalq, eng so‘nggi qirq birinchi sinovga ham bardosh berishimiz kerak. Negaki, shu xalq, shu Vatan, shu rahbarlar - o‘zimizniki. Boshqa zaminga, yurtga chiqib ketolmaymiz. O'zga yurtlardan, deylik, Yaponiya yoxud AQShdan rahbar olib kelolmaymizki, u o‘n kunda hammayoqni tartibga solib, bizni o‘z mamlakatidagi kabi farovon hayotga oshno etsa. Shuning uchun uyimizni, fikru ongimizni sekin-asta o‘zgartirib borishimizga to‘g‘ri keladi. Shu ma'noda rahbariyatimizning tutayotgan yo‘li to‘g‘ri, deb o‘ylayman.

O'zbeklardek mehnatkash, qo‘ligul, uddaburon, xokisor millat kam topiladi. Qani endi bugun g‘o‘za o‘sib yotgan yerlarning, hech bo‘lmaganda, yarmini bu xalqqa bo‘lib berolsang. U nafaqat O'zbekistonni, yarim dunyoni oziq-ovqat bilan ta'minlashga qodir bo‘lardi. Shunday boy zaminga, imkoniyatga ega xalq shunchalar xor-zorki, oxiri yo‘q. Uning huquqlari torayib, talonchining o‘ljasiga aylanib qolgan.

O'zbek ham, o‘ris ham, boshqalar ham talangan bo‘lsa, Moskvaning ahvoli yaxshidir, boyligimiz umumdavlat xazinasida yig‘ilib yotgandir, deb umidvor bo‘lasan. Yo‘q, Moskvada ham o‘sha xo‘roz qichqirgan, davlat xazinasi ham bo‘shab yotibdi. Shunda, zo‘r bilan qurilgan imorat vayron bo‘ladi, degan naql yodga tushadi. Butun dunyo yo‘qsillari umid bog‘lagan tuzumimiz zo‘rlash asosiga qurilgan ediki, bugun bunday ayanchli holga tushib o‘tiribmiz. Insoniy mehr-oqibat, diyonat, erkinlik, imon-e'tiqod, hurmat-izzat, qadr-qimmat toptalgan yurtdagina shunday bo‘ladi. Olam kezib shunga ishonch hosil qildimki, dunyoning barcha taraqqiy etgan mamlakatlarida bizdagi kabi millionlab odamlar har kuni ertalab, turmaga borgandek, ishxonasiga kirishi bilan temir daftarga qo‘l qo‘yib, kechqurun yana unga imzo chekib qaytmaydi. Bizning kolxoz va sovxozlarimizdagi kabi mehnatkashlar tepasida boshliqlar dag‘dag‘a qilib turmaydi. Odamlarimiz tongdan shomgacha urinishadi, ammo bu majburiy urinishdan na ishida, na oladigan daromadida unum bor. Shuning uchun ular nihoyatda asabiy. Qilgan mehnatining natijasiga yarasha haq olmasa, qadr topmasa, yayramasa, - u inson baxtsizdir. Mamlakatimiz baxtsizlar mamlakatiga aylanib qolgan. Shuning uchun odamlar darg‘azab, ko‘ksi dunyoga, odamlarga nisbatan nafrat o‘ti bilan to‘la. Mehnatdagi, hayotdagi adolatsizliklar yillar davomida ularda nafrat, norozilik hissini yig‘ib keldi. Ular bir-birlariga nisbatan shafqatsiz bo‘lib qoldilar. Bu nafratni to‘kib solish uchun esa imkon bermadi.

- Suhbatlaringizdan birida, kutilmaganda, futbol ishqibozi bo‘lib qolgan do‘stingiz haqida eslagan edingiz.

- Ha, u ham dardi dunyosi qorong‘u bo‘lib yurganlardan ekan, Stadionga futbol tomosha qilgani emas, baqirib-chaqirgani, humordan chiqib, so‘kingani boraman, - derdi. - Uyimda dardimni yozolmasam, ko‘chada dardimni aytolmasam, ishxonada birov, ahvoling qalay, demasa. Stadionda esa dunyoni, yomon odamlarni, yomon rahbarlarni ko‘z oldimga keltirib so‘kinaveraman... Dardim yengillashib qaytaman.

Jamiyat uchun eng xavfli shaxs - dardi ichiga haydalgan odam. Shunday aqlli, uddaburon odamlarimiz borki, ular o‘zlarini ham, jamiyatni ham boyitish imkoniyatiga ega. Afsuski, ularning hammasi bo‘g‘ilib, qisilib, oyoq-qo‘li bog‘lab tashlangan. Bizning jamiyatimizda boylarga o‘rin yo‘q, boyishing mumkin emas. Och qolsak ham, hammamiz teng bo‘laylik. Zavod-fabrikaga, 3-4 gektar yerga egalik qilishni, ularda 20-30 kishini ishlatishni-ku, xayolingga ham keltirma!.. Ana, biz sakson yil ishonib kelgan aqida! Axir, besh qo‘l barobar emas-ku? Tabiat kimgadir faqat kimningdir qo‘li ostida, yo‘l-yo‘rig‘i bilangina ishlash qobiliyatini, yana birovga esa ishni tashkil etish, uyushtirish - rahbarlik iqtidorini bergan. Ana shunday tadbirkor odamlarga erk, imkoniyat berilsa, jamiyatda hamma narsa, hamma odam o‘z-o‘zidan o‘rnini topib ketadi.

Yo‘q, biz ruhan qul bo‘lgan odamlarni boshliq qilib, ularning qo‘liga tashkilotchi, uddaburon kishilarni bog‘lab beramiz. Ruhan qul bo‘lgan odamning tasarrufida daryo bo‘lganida ham, sizga bir kosa suv bermaydi, berolmaydi. Chunki, o‘sha daryodan yuqorining ruxsatisiz o‘zi ham suv ichgani qo‘rqadi! Jamiyatmizning barcha kulfatlari odamlardan mol-mulk, zavod-fabrikalar tortib olingan kundan boshlangan. Mol-mulkdan judo qilingan inson erkidan judo qilingan bilan teng. Bizda hamma narsani, vazifani davlat o‘z qo‘liga yig‘ib olgan. Otamiz davlatdir, onamiz davlat- bizlar inkubator jo‘jalarimiz, degandek, hamma-butun xalq davlatdan iltimoschi, tilanchi bo‘lib qoldi. Saylov arafasida, uchrashuvlarda hamma yozg‘iradi: Davlatimiz uy-joy, kasalxona, maktab, bog‘cha, klub qurib bersa... Suv keltirsa, gaz keltirsa, chiroq keltirsa, yo‘l solsa... Tilanishlarning adog‘i yo‘q, hammasini davlat qilib berishi kerak. Ko‘ryapsizmi, davlat hamma narsani o‘z qo‘liga tortib olganki, uddalab bo‘lmas holga kelgan. Dunyoning rivojlangan mamlakatlariga nazar solsak, buning aksini ko‘ramiz, ularda iqtisodiyotning (ekonomikaning) o‘z egalari bor. Kasalxona qurish - shifoxona egasining ishi, gaz keltirish - gaz bilan savdo qiluvchi kompaniyaning ishi va hokazo.

Biz insonni inson ekspluatatsiya qilmaydigan tuzum quramiz deb, shunday holga tushdikki, davlatning o‘zi shafqatsiz ekspluatatorga aylanib qoldi. Hisoblab ko‘ring, bizda vatandoshlarimiz o‘z mehnati natijasining 25 foizini ham ololmas ekan. Boshqacha aytganda, yuz so‘mlik ish qilsangiz, davlat sizdan 75-80 so‘mini tortib oladi. Ilg‘or kapitalistik mamlakatlarda esa, aksincha, fuqaro qilgan mehnatining 75-80 foizigacha qo‘liga oladi.

Bizdagi bu shafqatsizlik, ekspluatatsiya odamlarni olamdagi eng ulug‘ ne'mat, eng yaxshi tarbiya vositasi - mehnatdan bezdirdi. Odamgarchilikdan chiqardi. Davlat fuqarolarni halollikka, pokizalikka, odillikka tinimsiz chaqirib, ikkinchi tomondan ularni talayverdi... Davlatimiz bizdan, mehnatimizdan quvonib yashash saodatini olib qo‘ygan. Halol pul topish - azob, jasorat. Topsang, oladigan narsaning o‘zi yo‘q...

- Bunday damlarda yaqindagina qabul qilingan Mulkchilik, Yer to‘g‘risidagi qonunlarimiz dilimizda umid tug‘diradi.

- Ha. Endi bizda ham xususiy mulkdilikka, yollanma mehnatga yo‘l ochiladi. Mulkchilik to‘g‘risidagi qonunni muhokama qilish chog‘ida deputatlardan biri, yana Mirzakarimboyu Yo‘lchilarning zamoniga qaytib, insonni inson, ekspluatatsiya qilishiga yo‘l ochib beramiz, dedi. Shunday shubhalarning tug‘ilishi tabiiy: xususiy mulkchilik, yollanma mehnat, ekspluatatsiya to‘g‘risidagi yetmish yillik yolg‘on tashviqot odamlarimizning qon-qoniga singib ketgan.

Inqilobdan avvalgi davrni ideallashtirish noto‘g‘ri. Ammo Mirzakarimboylarimiz tirik qolishganida, bizning Rokfellerlarimiz, Hammerlarimizga aylangan bo‘lishardi. Balki bugungi Yo‘lchilarni ham bu darajada g‘arib ko‘rmasdik.

- Xususiy mulkchilikka, yollanma mehnatga yo‘l ochilgani yaxshi. Ammo endi mulkdor bilan yollanma ishchi o‘rtasidagi munosabatlar qanday kechadi? Buning ustiga, jumhuriyatda bir million ishsiz bor...

- Ekspluatatsiya, yollanma mehnat bor joyda istaysizmi-yo‘qmi, adolat hamisha ham to‘kis bo‘lavermaydi. Ammo hozirgi zamon demokratiya institutlari shunchalik rivojlanganki, ekspluatatsiya qilinuvchi ham unchalik yutqazayotgani yo‘q. Masalan, AQSh da eng kam maosh - soatiga 5 dollar, yollovchi o‘z ishchisiga, yoshidan, millatidan, ma'lumotidan qat'i nazar, bundan kam haq to‘lashi mumkin emas. Davlat tomonidan qat'iy belgilangan. Eng kam maosh to‘laydigan ishga kirsangiz ham, soatiga kamida 5 dollar olasiz. Sakkiz soatdan 20 kun ishlasangiz - 800 dollar eng kam maosh. O'rtacha ish haqi esa uch ming dollar. O'sha kezlarda bizda bu ko‘rsatgich 150 so‘m edi. Dollarning qudratini hisob-kitob qilib, o‘zimcha shunday xulosaga keldim: Amriqoliklar bizdan 400 baravar yaxshiroq yashashar ekan!

-Unda biz ustidan sakrab o‘tgan kapitalizm qaerda qoldi?

- Amin bo‘ldimki, sotsializmning biz ilgari surgan barcha g‘oyalarini kapitalizm o‘ziga olgan, nomini sotsializm deb atamagan, xolos! Biz esa aksincha, A. Saxarov aytganidek, davlat kapitalizmi o‘pqoniga tushib qolganmiz. Bizda asosiy kapitalist - davlat. Sotsializm nima? Inson farovonligi. Ular allaqachon bunday farovonlikka erishganlar. Sotsializm insonning ijtimoiy muhofazasi. Ular bunga ham erishganlar. Fuqaro ishsiz, qarovchisiz qolsa, keksaysa, davlat nafaqa bilan ta'minlaydi. Sotsializmning bosh g‘oyalaridan yana biri - inson huquqlarini himoya etish. Inson huquqlari - ozodligi, erki, qalbining ifodasi - hamma narsadan muqaddas. Buni qarangki, insonning farovonligi, ozodligi, erki, qalbining shodligi, baxti kuylangan yurtda bunday ne'matlar bo‘lmagan, ular esa shunga erishganlar.

Endi tafakkurimizda qotib qolgan tushunchalardan qutulishimiz kerak. Davlatimiz o‘zi eplay olmay qolgan narsalardan, sohalardan qutulishi, ularni odamlarga bo‘lib berishi, sotishi kerak. Minglab-millionlab na xalqqa, na davlatga foydasi tegmaydigan dargohlarni tugatish kerak. Axir, qanchadan-qancha dargohlar borki, odamlar ertalab ishga kelib, kun bo‘yi salqingina xonalarda choy ichib o‘tirganliklari uchungina maosh olishadi. Masalan, Gosstandart degan nom bilan ataluvchi idorani olaylik. Unda mingdan ortiq odam ishlaydi va ular mahsulot sifatini nazorat qilishlari kerak. Korxonalarda, xo‘jaliklarda, hatto oshxonalarda ham sifat komissiyalari, texnik nazorat bo‘limlari (OTK) bor. Bundan tashqari, ikki-uch yil burun harbiy sanoatdan ibrat olib, davlat qabulini (gospriyomka) amalga oshiruvchi nazoratchilarning yangi guruhi paydo bo‘ldi. Ularga berilgan haq-huquqlar, imtiyozlar, maosh korxona rahbarlarinikidan ham yuqori. Ammo insof bilan tan olaylik - mahsulotlar sifati yaxshilanib qoldimi? Yo‘q! Sifat uchun haq to‘lanadigan yoki bozor raqobatiga o‘tilmas ekan, har bir ishchi-xizmatchining tepasida o‘ntadan nazoratchi tursa ham, ko‘ngildagi natijaga erisholmaymiz.

Gosstandartga o‘xshash yana bir sistema borki, to‘xtamasdan , o‘tolmayman. Bilasiz, mamlakatimizda sotsialistik mulk degan tushuncha bor. U o‘rtadagi dasturxonga suzib qo‘yilgan, ammo yeyish mumkin bo‘lmagan osh. Bu oshdan o‘zingga ajratib berilganiga to‘ymaysan kishi. O'rtadagi lagandan esa ololmaysan, qoshig‘ingni uzatsang, qo‘lga tushasan - xonumoning kuyib, qamalasan. Ammo uddasidan chiqqan laganni g‘orat qilib yotibdi. Shuning uchun bu mulkni himoya qilish, qo‘riqlash uchun o‘nlab zabardast tashkilotlar, millionlab odamlar safarbar etilgan. Lekin ular ishining samarasi sust.

Ma'muriy buyruqbozlik silsilasining farzandi bo‘lgan bu tashkilotlarning hammasini bozor iqtisodiyoti tartibga soladi, degan umiddaman. Menga qolsa, ularning vakolatlarini cheklab, xalq saylab qo‘yadigan sudlarga kengroq imkoniyatlar bergan bo‘lardim. Yuqorida sanalgan organlardan yuqori turishi kerak bo‘lgan sudlar esa bizning zamonamizda eng obro‘siz, huquqsiz muassasaga aylanib qolgan. Nohiya xalq sudining raisi raykom kotibiga mute bo‘lib qolganligi oddiy hol sanaladi.

- Bunday damlarda xayolingga moziydan misollar kelaveradi. Ilgari butun bir dahaga bitta qozi bulgan.

- To‘g‘ri. Tarixning guvohlik berishicha, xalifalar zamonida, to‘rt yuz yil mobaynida, bor-yo‘g‘i olti kishining o‘g‘riligi isbotlanib, qo‘li kesilgan ekan. Ayrimlar taklif qilayotganidek, bizning zamonlarda ham o‘g‘rilik qilganning barmog‘i kesilsa, bilmadim, qancha odam sog‘ qolardi.

Yana bir misol, Anushirvoni Odil zamonida bir kishi yigirma yil qozilik qilib, birorta ham ariza-shikoyat, jinoiy ishga duch kelmagan. Natijada, u hokimning oldiga borib, mehnat qilmasdan moyana olaversam, gunohga qolaman, deb qozilikni topshirib ketgan ekan! Odamlarda insof, imon-e'tiqod, mulkka egalik huquqi bo‘lsa, jinoyatga o‘rin qolmaydi. Shunday holni men Hindistonda ko‘rdim: Odamlar och-yalang‘och, tilanchilar bir burdagina non bering, deb zor yig‘laydi. Ammo jomadoningni ko‘chaga tashlab ketsang, birov ko‘z olaytirmaydi.

Million-million qo‘riqchimiz bo‘lishiga qaramay, kechalari ko‘chada yolg‘iz yurish, eshikni qulflamasdan yotish tobora xavfli bo‘lib bormoqda. O'g‘rilik esa ayb sanalmay qoldi.

Hozir bu so‘z avvalgi bo‘yog‘ini yo‘qotib, ko‘pchilikning nazarida uddaburon tushunchasi bilan tenglashgan!

Inson zotini ana shunday ko‘yga solib qo‘ygani uchun, avvalo, tuzum aybdor. Bizda ishlovchi har besh-olti kishiga bittadan rahbar to‘g‘ri keladi. Bunga sud, prokuratura, militsiya, DXQ, armiya va boshqa qo‘riqchi tashkilotlarning posbonlari kirmaydi. Qonunlarimiz tobora keskinlashib, o‘g‘rilik, suiiste'molchilik, poraxo‘rlik kabi qilmishlari uchun beriladigan jazolar og‘irlashmoqda. Organ xodimlari soni ko‘paymoqda. Ammo mulkka, erkka, umuman, insonga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarmas ekan, har bir fuqaro qoshida o‘ntadan qo‘riqchi tursa-da, o‘g‘rilik-jinoyat kamaymaydi...

Biz necha asrlarga cho‘zilgan uyqudan uyg‘onishimiz kerak!

- Huzuringizga kelayotib, Oliy Kengashimiz Hay'ati binosi yo‘laklaridagi, eshiklardagi yozuvlarga e'tibor berdim. Deyarli barcha yozuvlar haligacha rus tilida ekanligidan hayratlandim. Davlat tili haqidagi qonunni ishlab chiqqan shunday obro‘li tashkilot o‘zi unga rioya qilmasa!

- Biz esa hayratlanmay qo‘ydik. E'tibor bering. Jumhuriyatimizning Oliy idorasida Davlat tili to‘g‘risidagi qonun qabul qilinguncha, birorta ham o‘zbekcha mashinka bo‘lmagan. Hozir ham kam. Hujjatlar, ish yuritish ilgari qanday bo‘lsa, hozir ham deyarli shunday, - rus tilida yuritiladi. Farqi - tarjimonlar bor - keyin o‘zbek tiliga o‘giriladi. Oliy Kengashimiz Hay'ati o‘z ishlarini yaqin o‘rtada o‘zbek tiliga o‘tkaza olmaydi. Sababi - apparatning mas'ul xodimlari orasida o‘zbekzabonlar, nari borsa, 30 foizni tashkil etadi. Ular ham hujjatlarni ona tilimizda olib borishga ko‘nikishmagan. Afsuski, bunday idoralar kam emas. O'zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mi, jumhuriyat Vazirlar Kengashi va boshqa qator idoralarddgi mas'ul xodimlar safida o‘zbeklar, beozor qilib aytganda, nisbatan, juda kamchilikni tashkil etadi. O'zbekiston SSJ Fizkultura va sport qo‘mitasida ishlovchi 56 kishidan yaqin-yaqingacha bor-yo‘g‘i oltitasigina o‘zbek edi.

Yo‘q, men barcha idora xodimlari o‘zbeklardan bo‘lsin, demoqchi emasman. Ammo yerlik xalq jumhuriyat aholisining 85 foizini tashkil etarkan, idora va muassasalarda ishlovchi xodimlar orasida ham o‘zbeklar kamida shuncha bo‘lmog‘i kerak!

Bularning hammasi, milliy kadrlarga e'tibor berilmaganidan. Rahbarlar Moskvaning qovog‘iga qarab o‘rganib qolishganidan. Rahbar poytaxtdan ishora bo‘lsa, harakat qilgan, yo‘qsa, jim. Kechqurun Moskvadan ruxsat olib uyiga ketgan: Bugungi ishimni tugatdim, uyimga ketaversam, maylimi? Ertalab kelgach, yana markazga sim qoqqan: Joyimga kelib o‘tirdim. Shattabiz! Iplar hammasi Moskvaga bog‘langan, birov tortmasa, dunyoni o‘t olib ketsa ham, mustaqil biror qaror qabul qilolmagan. Yorqin misol: 1966 yili Toshkentda zilzila bo‘lganida, avval Moskvadan xabar qilingan. Farg‘ona fojiasining tafsilotini ham Moskvadan bildik.

Aslida milliy kadrlarning yutuqlari hamisha eslatib turilgan: Mana o‘zbekdan akademik chiqdi, kompozitor chiqdi, baletchi chiqdi, deb to‘xtovsiz jar solingan, go‘yo o‘zbek deganlari aqlan past xalqu orasidan ilgari bunday odamlar chiqmagan. Bitta baletchining chiqishi sovet zamonasining ulug‘ sharofati qilib ko‘rsatilavergan.

Men xalqimizning milliy iftixor tuyg‘usi baland bo‘lishini istardim. Bunday xalq, avvalo, farzand tarbiyasiga e'tibor beradi. Bu borada o‘tgan yetmish yil ichida qilolmagan ishlarimizni yaqin besh-o‘n yil ichida uddalamasak, taraqqiyot bizni tarix sahnasidan surib tashlaydi. Ichimizdagi qo‘rquvni, haddan tashqari kamsuqumlikni haydashamiz, dadilroq bo‘lishimiz kerak.

- Toshkentda Erkin Vohidov KPSS safidan o‘z ixtiyori bilan chiqqan emish, degan mish-mishlar yuribdi...

- Yo‘q, hozircha partiya biletimni topshirganimcha yo‘q. KPSS XXVIII s'ezdining yakuniy hujjatlarini kutyapman. Partiyadan avvalroq ham o‘chishim mumkin edi, ammo ko‘pchilikning diqqatini o‘zimga qaratib, o‘ris do‘stlarimiz aytganidek, olaqarg‘a bo‘lib yurgim kelmadi. KPSSning shu kecha-kunduzda qabul qilinajak yangi Ustavida partiya safidan erkin chiqish huquqi saqlanib qoladi, degan umiddaman.

- Partiyadan ketishga nima sabab bo‘lishi mumkin?

- Men partiyamizning ideali bo‘lgan kommunizm qurish g‘oyasiga chin yurakdan ishonganim bois, KPSS safiga o‘tgan, bu g‘oyani ba'zan balandparvoz ohanglarda bo‘lsa-da, ammo beg‘ubor ishonch-e'tiqod bilan kuylagan edim. Endi ko‘zim ochilib, bilsamki, kommunizm degan jamiyat - ertak. Inson qobiliyatiga yarasha ishlab, ehtiyojiga yarasha iste'mol qilishi mumkin emas. Chunki, ehtiyojning chegarasi yo‘q. Bugun oddiy velosipedga qanoat qilib yurgan odamlarda ertaga Marsga uchish ehtiyoji tug‘ilishi mumkin.

Kompartiyaning nomi, ideallari eskiligicha qolsa, uning safida bo‘lolmayman, e'tiqodimga qarshi borolmayman.

Istagim: Jamiyatimiz demokratiya sari yo‘nalib, ko‘pchilikning to‘g‘ri-noto‘g‘ri fikrlarini sabr-toqat bilan eshitib, zarur xulosalar chiqarish mumkin bo‘lgan bir paytda, hammamiz o‘zimizdagi jamiki demokratik fazilatlarni kamolotga yetkazib borishimiz maqbul.

Qulman OCHIL suhbatlashdi.

«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.