OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Yoshlar bilan suhbat (1958)

http://ziyouz.uz/images/ernest-hemingway.jpg

Savol: Mister Xeminguey, Siz kitob yozishni qanday qilib o‘rgangansiz?

Javob: Men yoshligimdanoq yozuvchi bo‘lishni orzu qilardim. Hamma ish yoshlar gazetasiga kichik-kichik xabarlar yozishimdan boshlangani aniq esimda. Ilk mustaqil qadamim ham jurnalistika bilan bog‘liq – o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng Kanzas-Sitiga borib, u yerda «Star» gazetasiga xizmatga kirdim. Redaktsiyada oddiy sharhlovchi edim: «Kimni kim otib qo‘ydi? Kim nimani o‘marib ketdi va aynan qaerda? Qachon? Qanday qilib? Qaerda?» kabi oldi-qochdilar to‘g‘risida yozardik. Hodisalarning asl sababi («Nima uchun?») haqida esa lom-mim demas edik.Xeminguey

Savol: «Qo‘ng‘iroq kimni chorlayapti?» kitobingizga taalluqli bo‘lgan bir narsani so‘ramoqchiman. Ispaniyadagi grajdanlar urushi davrida u yerga borganingizni ko‘pchilik biladi. Ayting-chi, Siz u yerda nima ish qilgan edingiz?

Javob: Men Shimoliy Amerika Matbuot birlashmasining muxbiri sifatida safarga chiqqan edim. Biz o‘zimiz bilan birga respublikachilar Ispaniyasi uchun bir necha tibbiy yordam mashinalari ham olib borgan edik.

Savol: Kitob yozish niyati odamda qayoqdan paydo bo‘ladi? Aytaylik, «Chol va dengiz»ni yozish uchun qachon ish stoliga o‘tirgansiz?

Javob: Menga bir baliqchining boshidan kechgan hodisa haqida, qayig‘u dengizda nimalar bo‘lganidan tortib uning baliq bilan keskin olishganlarigacha oqizmay-tomizmay hikoya qilib berishgan edi. Shundan keyin men o‘zim yildan beri yaxshi biladigan baliqchi og‘aynimni ko‘z oldimga keltirdim-da, o‘zimni uning o‘rnida, xuddi o‘shanday sharoitda tasavvur qilib ko‘rdim. Shu, xolos.

Savol: Shaxsiy uslubingizni qanday qilib yaratgansiz? Uslub yaratishdan avval, xaridorlar talabini yoki jamoatchilik ehtiyojini hisobga olganmisiz?

Javob: Men hayot haqiqatini baholi qudrat ro‘y-rost aks ettirishga harakat qilsam-da, ba’zan o‘zim istagandek to‘g‘ri yozishga kuchim yetmay qolar edi. Ya’ni, egri-bugri yozib yuborar edim-da, qisqasi. Mening ana o‘sha g‘adir-budir ifoda yo‘sinimga «shaxsiy uslub» yorlig‘ini yopishtirishdi. Men yo‘l qo‘ygan xatoyu g‘alizliklarni izlab olish unchalik qiyin emas, lekin, buni qarangki, ular mening «uslubim» emish!

Savol: Bir kitobni yozib tugatish uchun qancha vaqt kerak?

Javob: Bu, yozilayotgan kitobgayu ish unumiga bog‘liq. Yaxshi kitob taxminan bir-bir yarim yilda yoziladi.

Savol: Bir kunda necha soat ishlaysiz?

Javob: Men ertalab soat oltida o‘rnimdan turib, o‘n ikkigacha hamma ishlarimni saranjomlashga harakat qilaman.

Savol: Kechasi o‘n ikkigachami?

Javob: Yo‘g‘-e, tushgi o‘n ikkigacha.

Savol: Boshingizga hech kulfat tushganmi?

Javob: Mabodo ish yurishmasa, har kuni kulfat. Faqat yozishni endi boshlagan qalamkashgina g‘urbatdan yiroq bo‘ladi. Chunki u nimani yozmasin, hammasi ko‘ziga bag‘oyat ajoyibdek ko‘rinaveradi-da! Bunday paytda o‘zingni arshi a’loda his qilasan kishi. Yozivchilik ham osongina ishdek tuyuladi, maza qilib to‘xtovsiz yozaverasan. Lekin faqat o‘zing uchun yozasan, xolos, asaringni o‘qiydigan kitobxon esa yetti uxlab tushingga ham kirmaydi. Kitobxonni nazardan qochirmay yozish kerakligini tushungandan so‘ng yozuvchilik naqadar mashaqqatli hunar ekanligiga ishonch hosil qilasan. Shu darajada qattiq ishonch hosil qilasanki, hatto qo‘lyozma ustidagi ish nihoyasiga yetgandan keyin ham tunu kun chekkan azoblaring bir umr yodingda qoladi.

Savol: Yozishni endigina o‘rgangan paytlaringiz tanqiddan qo‘rqarmidingiz?

Javob: U paytlarda men nimadan qo‘rqishni ham bilmas edim. Chunki mashqlarim deyarli hech qanday daromad keltirmasdi. Shunchaki, qo‘limdan kelgancha yozardimu qo‘yardim, xolos. Lekin to‘g‘ri yozayotganimga ishonchim komil edi. Mobodo asarlarim kimningdir g‘ashiga tegayotgan bo‘lsa, menda nima ayb, boshimni devorga urib yorishim kerakmi, deb o‘ylardim. Umuman, kitoblarim qachondir haqiqiy bahosini olajagiga ishonar edim. Qolaversa, tanqid bilan deyarli jiddiy to‘qnashmaganman, u boshqa ishlarga ko‘milib yotardi. Odatda, adabiyotdagi ilk qadamlaringni hech kim payqamay qoladi. Bu ham yosh yozuvchining baxti.

Savol: Biror marta ishingiz baroridan kelmasligini oldindan sezganmisiz?

Javob: Agar mash’um hodisa ro‘y berishini ko‘ngling sezsa, albatta boshingga kulfat tushadi. Bunday damlarda ko‘zaning qachon sinishini kutib o‘tirmay, darhol ehtiyot choralari izlash lozim. Aqli raso kishi xuddi shunday qiladi. Biroq baland dorga osilgan odam oyoqning yerga tegish-tegmasligini o‘ylab o‘tirmaydi.

Savol: Siz kitob yozishdan avval qat’iy ish plani tuzib olasizmi yoki xomaki reja asosida ishlayverasizmi?

Javob: Unisini ham, bunisini ham qilmayman. Badiiy asar – yozuvchidagi mavjud bilimlar zaminida moddiylashadigan xayoldir. Agar bafurja o‘ylab ichingdan to‘qib chiqarsang, xotirangdagi o‘lik faktlardan ham ishonarliroq, jonliroq manzaralar yaratish mumkin. Falakning gardishi chappa aylanib, mashhur adiblar badiiy adabiyot bilan shug‘ullanmaganlarida bormi, ular uchiga chiqqan lofchi bo‘lib yetishardilar.

Savol: «Falon» narsani yozganingiz yoki yozmoqchi bo‘lganingiz uchun Sizga do‘q-po‘pisa qilishmaganmi?

Javob: Nega do‘q qilishmas ekan, qilishgan. Hatto, kitoblarim chop etilgach, gumdon qilib ketamiz, deb ham qo‘rqitishgan edi.

Savol: Siz nechta kitob yozgansiz?

Javob: Unchalik ko‘p emas, o‘n uchta, shekilli. Lekin men qo‘lyozma ustida juda ko‘p ter to‘kaman. Ustiga-ustak, tez-tez ishni to‘xtatib, ko‘ngilxushliklar bilan shug‘ullanib turaman. Bundan tashqari, mening ijodiy rejalarimni chippakka chiqargan urishlar haddan ziyod ko‘p bo‘ldi.

Savol: «Alvido, qurol!» kitobingizni qancha vaqt mobaynida yozgansiz?

Javob. U kitobni qishda, Parijda boshalaganman. Erta bahorda Kuba va Ki-Uestda (Florida shtati), keyin xotinimning ota-onasi yashaydigan Pigot (Arkanzas shtati) shaharlarida ishni davom ettirdim. So‘ngra biz Kanzas-Sitiga ko‘chib o‘tdik, u yerda bir o‘g‘lim tug‘ildi. Nihoyat, so‘nggi nuqtani kuzda, Bagxori (Vayoming shtati) shahrida qo‘ydim. Birinchi variantini sakkiz oyda yozib tugatgan bo‘lsam-da, qayta ishlashga yana besh oy ketdi, hammasi bo‘lib – o‘n uch oy.

Savol: Ayting-chi, boshlagan ishingizdan ko‘nglingiz sovib, kitobni chala qoldirgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

Javob: To‘g‘ri, ba’zan yozish ham jonimga tegib ketar edi. Lekin hech qachon ishni chala-chulpa qoldirgan emasman. Ishga chap berib yurish mumkin, biroq undan qochib qutulib bo‘larmidi!

Savol: Asarlaringiz qahramonlarini tez-tez mushkul ahvolga duchor qilib turasizmi?

Javob: Unchalik emas. Aks holda, o‘zimga ham qiyin bo‘lishi mumkin.

Savol: Afrika to‘g‘risida bir talay hikoyalaringiz bor. Ayting-chi, bu qit’ani nega bunchalik yaxshi ko‘rasiz?

Javob: Dunyoda shunaqangi g‘aroyib o‘lkalar borki, beixtiyor yaxshi ko‘rib qolasan kishi. Ba’zi joylarni esa ko‘rgani ko‘zing, otgani o‘qing bo‘lmaydi. Nega shunday ekan – hech tushunmayman. Menga ko‘proq Afrika yoqadi, vassalom. Sizning Aydaxo shtatingizda ham Afrika yoki Ispaniyani eslatadigan bir joy bor. Bu joyga ko‘plab basklar (Ispaniyaning shimoli-g‘arbi va Frantsiyaning janubi-g‘arbida istiqomat qiladigan xalq) ko‘chib kelganiga sabab ham shu bo‘lsa kerak.

Savol: Ko‘p kitob o‘qiysizmi?

Javob: Ha, ko‘p o‘qiyman. Ishdan charchagan paytlarimda birorta kitob o‘qib hordiq chiqaraman.

Savol: Bo‘lajak kitobingizga persanaj sifatida asqotib qolishini o‘ylab duch kelgan odamni o‘rganaverasizmi?

Javob: Mening prototip qidirib izg‘iydigan odatim yo‘q. Rizqim qayoqqa sochilgan bo‘lsa, o‘sha yerga beraveraman. Dunyodagi ba’zi ishlarni o‘z xohishing bilan bajarsang, boshqalarini istasang-istamasang, bajarishga burchlisan. Tabiiyki, har ikki holatda ham bo‘lajak qahromonlaring bilan uchrashasan.

Savol: Kitoblaringiz asosida suratga olingan filmlar o‘zingizga yoqadimi?

Javob: Ming afsuski, ular bir pulga qimmat. Gollivud kinokampaniyasining mahsulotlari ichida bittasi – «Qotillar» menga sal-pal ma’qul tushgan, xolos. Aytmoqchi, «Chol va dengiz» ham. Chunki bu fil’m bevosita nazoratim ostida suratga olingan edi. Qolganlarining birontasini ham oxirigacha tomosha qilishga toqatim yetmagan.

Savol: «Alvido, qurol!»ni yozishga Sizni nima majbur qilgan?

Javob: Men o‘smirlik chog‘imda Italiyaga adashib borib qoldim, u yerdagi urush esa ko‘zimni moshdek ochib qo‘ydi.

Savol: Kinoteatrga tez-tez borib turasizmi?

Javob: Ha. Menimcha, «Kvay daryosining ko‘prigi», «Dunyo bo‘ylab sakson kun» filmlari keyingi paytda yaratilgan eng yaxshi kartinalardir. «Dunyo bo‘ylab…» filmi ancha zerikarli boshlanadi-yu, keyin birdan o‘zining sehrli komiga tortib ketganini sezmay ham qolasan kishi. U go‘yo go‘zal orzuga o‘xshab ketadi. Faqat yaxshi filmgina inson qalbida ana shunday beg‘ubor tuyg‘ular uyg‘otishi mumkin.

Savol: «Advido, qurol!» filmini ko‘rdingizmi?

Javob: Keyingisinimi?

Savol: Ha, keyingisini. Haligi, Rok Xadson suratga tushgani bor-ku…

Javob: Baxtimdan bo‘lib, ko‘rganim yo‘q. Biroq, menga ma’lum bo‘lishicha, la’nati kinochilar romanimni bulg‘ashibdi.

Savol: Siz ularga kitobingizni ekranlashtirish uchun ruxsat berganmisiz?

Javob: Qayoqda! Biror kimsa mendan loaqfl ruxsat so‘ragani yo‘q-ku! Menga hatto bir chaqa ham berishmadi…

Savol: Qo‘lyozmani bitirganingizdan keyin ustidan yana bir bor o‘qiysizmi?

Javob: Albatta. Masalan, men bugun qo‘lyozmani qayta o‘qib chiqsam, kamida to‘rt bobni boshqatdan yozaman. Chunki birinchi variantni xuddi bahs paytida qizishib ketgan odamdek pala-partish yozaverasan. Hovuring bosilgach, zaruriy tuzatishlar kiritish mumkin.

Savol: Siz odatda kuniga necha soat ishlaysiz?

Javob: Olti soatdan ko‘p emas. Shundan oshib ketsa, toliqaman va yomon yoza boshlayman. Lekin muntazam ishlayman. Faqat yakshanba kunigina dam olaman, xolos. Negadir dam olish kuni ishim unmaydi. Bir necha marta yakshanba kuni ham ishlashga urinib ko‘rdim-u, baribir, ko‘ngildagidek hech narsa yoza olmadim.

Nabijon Boqiy tarjimasi

Yoshlik» jurnalining 1985 yil 3-sonidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.