OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Janni Rodarining o‘zbek shogirdi (Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan suhbat) (2013)

– Har qanday millat adabiyotining kattagina qismini bolalar adabiyoti tashkil etadi. Bolalar uchun yaratilgan asarlar ularning murg‘ak qalbi va toza ruhiyatiga mos bo‘lishi zarur. Shu ma’noda sizning “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Besh bolali yigitcha” kabi asarlaringiz 20-asr o‘zbek bolalar adabiyotining katta yutuqlari sanaladi. Biroq siz ijodingizning dastlabki bosqichida qalami o‘tkir feletonchi sifatida tanilgansiz. Xudoyberdi To‘xtaboevning tanqidiy nazariga duch kelishdan manaman degan arboblar ham cho‘chigani haqida eshitganmiz. Ayting-chi, mashhur feletonchi qanday qilib beozorgina bolalar yozuvchisiga aylanib qoldi?

– Savolingiz qiziq, juda-juda qiziq. Shu bilan birga murakkabroq ham. Shuning uchun ham qiziqki, bu savol turli janrlarda qalam tebratgan barcha ijodkorlarga birdek taalluqli. Bir xil ruhiy holatdan boshqa bir ruhiy holatga o‘tish albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ta’kidlaganingizdek, juda shafqatsiz ho­latda yoziladigan feletondan quvnoq va beozor bolalar adabiyotiga o‘tib ketishimdan oldin bir qancha ichki, ya’ni ruhiy bosqichlardan o‘tganman. Bunday kat­ta qaror qabul qilish uchun bir-ikkita sabab ozlik qilar ekan. Shu sabablardan ayrimlarini sanab o‘tsam deyman.

Birinchidan, bolaligimda yetim qolib, buvimdan ko‘p ertaklar eshitganman. 1949 yili Qo‘qon pedagogika bilim yurtini tamomlagunimcha, ishonsangiz, kitob o‘qish u yoqda tursin, kitobning o‘zini ham ko‘rgan emasman. Demak, hamisha xursandchilik, yaxshilik bilan tugaydigan ertaklar ta’sirida unib- o‘sganman.

Ikkinchidan, mehnat faoliyatimni beg‘ubor, oq­ko‘n­gil, ishonuvchan, xayolparast bolalar o‘rtasida – mak­tabda boshlaganman. Yana ham ochiqroq qilib aytsam, birinchi sinflarga dars berganman. Oh, o‘sha yillar, bolalarning oqko‘ngilligi, xayolparastligiyu orzularga tez berilishi hali-hali tushlarimga kirib chiqadi.

Uchinchidan, feleton olamidagi jinoyatchilik, qal­­loblik, yolg‘onchilik, quvlik, shumlik, ikkiyuzlamachiliklar shunday ko‘p ediki, goho dod deb yuborgim kelardi. Bir feletonchi kechasi uxlamay, hayotdagi muttahamlik, bag‘ritoshlikka o‘xshash holatlardan naqd 99 tasini yozib, ertasiga boshqa feletonchiga maq­tanibdi. O‘rtog‘i “Ko‘chirib olay, men ham foydalanaman”, deb iltimos qilibdi. Feletonchi “Yo‘q, og‘ayni, men kechasi bilan jonimni qiynab yozdim, kerak bo‘lsa o‘zing o‘ylab yoz”, deb bermabdi. Jahli chiqqan o‘rtog‘i “Bo‘lmasa, 100-illat – qizg‘anchiqlikni ham yozib qo‘y”, degan ekan. Aslida, men bir so‘z bilan “illat” deb ataladigan, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan holatlar orasida 15 yildan ortiq ishladim… Oh, beg‘ubor, oq­ko‘ngil bolalar o‘rtasida qachon yashar ekanman, deb ko‘chalarga chiqib ketgan vaqtlarim ham bo‘lardi. Ha, jamiyatga xavf soladigan turli illatlar haqida yozardim, ularning urchib borayotganidan faryod chekkan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Shu o‘rinda qiziq bir voqea yodimga tushdi. Kunlarning birida xonamga savdo idoralaridan birining rahbari jahl bilan kirib:

– Go‘sht qachon paydo bo‘lganini bilasizmi? – deb so‘radi.

– Bilmayman, – dedim.

– Bilmasangiz bilib qo‘ying, go‘sht paydo bo‘l­gan­dan buyon, qonxo‘r arilar gurillab kelib go‘shtga yopishadi. Qassob qo‘lidagi gavron bilan bir uradi, yuz aridan biri o‘ladi. Bir nafas o‘tar-o‘tmas haligi go‘shtxo‘r ari­lar yopirilib kelaveradi. Go‘sht paydo bo‘lgandan buyon, qarang-a, qassob va ari o‘rtasida ana shunday jang ketadi. Chunki ari go‘sht yema­sa o‘ladi. Savdo ham xuddi shunday. Ertalab savdoga chiqayotgan azamat “Shu bugun 100 so‘m topmasam uyga qaytmayman” deb yeng shimaradi. O‘sha yuz so‘mni topish uchun bo‘yi va enidan, qaytimidan uradi… bas qiling feletonni deyapman…

To‘rtinchidan, bolalar dunyosiga yanada kuchliroq mehr qo‘yishim va tez-tez sog‘inib yurganim – bolalar adabiyotiga keskin o‘tib ketishimga mashhur bolalar adibi va ertakchisi Janni Rodari janoblarining kamina haqida aytgan iliq fikrlari ham turtki bo‘lgan edi. U Italiyaning Rim shahrida o‘tkazilgan, bolalar adabiyotiga bag‘ishlangan Xalqaro forumda jajjigina bir kitobcham haqida kattagina gap aytgan, “Sehrli qalpoqchadagi quvnoq yumor, boy fantaziya menga ma’qul bo‘ldi” degan so‘zlari bilan mening yuragimda o‘z maqsadlarimga nisbatan ishonch tuyg‘usini uyg‘otgan edi. Buyuk yozuvchining o‘sha so‘zlari ikkilanib yurgan holatimga bir aniqlik, yorqinlik, dadillik kiritganday bo‘ldi. Chunki o‘sha kezlari “qo‘limni musht qilib jinoyatchilar bilan tokaygacha olishib yuraman” degan paytlarim ham tez-tez bo‘lib turardi. Shunday paytlarda ustozim Said Ahmad shunday der edi: “Menga qara, feletonchi ukam, feleton nimaga o‘xshaydi, aytaymi: feleton ragatkaga kesak solib, bostirib kelayotgan tankani to‘xtatib qo‘yishga intilgandek bir gap”. Ustoz “Xalq so‘zi” gazetasining 2000 yil, 19 yanvar kungi sonida e’lon qilingan “Iste’dodning olmos qirrasi” nomli maqolasida ijodimga bo‘lgan munosabatini ochiq-oydin bayon etgan edi: “Nima bo‘ldi-yu, oltmishinchi yillarga kelib Xudoyberdi yozishdan bir muddat to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Qissalar yozmay qo‘ydi. O‘zini feletonchilikka urdi. Respublika gazetalarida kun ora feletoni bosiladigan bo‘lib qoldi. Men bu bolaga mehr qo‘ygan edim, undan yangi-yangi qissalar kutar edim. Ammo u feleton yozishdan bo‘shamadi. Bu orada bolalar adabiyotidan bir qadar fayz keta boshlaganga o‘xshardi. Uni qidirib redaksiyaga bordim, popirus tutatib allaqanday sud hukmlari, militsiya tuzgan aktlarga ko‘milib feleton yozayotgan ekan. Xudoyberdi meni ustoz deb qo‘l bergan, yozganlarini nazarimdan o‘tkazib turadigan shogird edi. Keyingi ikki yilda negadir mendan o‘zini olib qochadigan, uchrashib qolganlarimizda qandaydir bir gunoh ish qilgan boladek ko‘zini yashirishga joy topolmay qolardi. Bu holat menga juda tanish, chunki men ham ustoz Abdulla Qahhor oldida xuddi shunday ahvolga tushgandim. Bu voqea bir umr esimdan chiqmaydigan saboq bo‘lgan edi.

Ming to‘qqiz yuz qirq olti, qirq yettinchi yillarda hikoya yozishni tashlab, feleton yozishga berilib ketgandim. Nazarimda o‘sha vaqtlari butun O‘zbekistonda mendan mashhur, mendan obro‘li yozuvchi yo‘qdek edi. Sartaroshxonalarga meni benavbat kiritib yuborardi, restoranlarda esa mutloq notanish odamlar yemoq-ichmoq haqini to‘lab qo‘yishardi. Mehmondorchilikka borsam dasturxonning to‘riga o‘tqazishar, to o‘tirmagunimcha qo‘l qovushtirib “odob” saqlab turishardi. O‘zimga o‘zim “hikoya yozib bekorga vaqtimni sarflab o‘tiribman, feleton g‘irt mazza ekan”, deb, o‘zimdan ketgan paytlarim edi. Ana o‘shanday uchib-qo‘nib yurgan paytlarimda redaksiyaga Abdulla Qahhor kelib qoldi. He yo‘q, be yo‘q “Yozuvchilar soyuzidan chiqishga ariza berasizmi, yoki o‘zimiz chiqaraveraylikmi?” deb qoldi. Nima uchun unaqa deyotganiga ikkilanib qoldim. Nima uchun ariza yozib berishim kerak? Tilimga gap kelmay chaynalib qoldim.

– Nega unaqa deyapsiz, domla? – dedim qo‘rqa-pisa.

– Soyuz a’zolarining hammasi asar yozishayapti, uch yildan buyon birorta hikoyangizni o‘qimadim. Demak, siz yozuvchilikni tashlagansiz, unday bo‘lsa soyuzni bo‘shatib qo‘yish kerak.

– Feletonlarimni o‘qimayapsizmi?

– Feleton adabiyot emas, jurnalistikaga kiradi.

– Ikki oycha bo‘ldi, bitta hikoyam bosilgandi. O‘qi­dingizmi?

– O‘qiganman, – dedi domla. – Hikoyangizdan qa­moq­­­­xonaning hidi kelyapdi. Feleton yozaverib, odamlardan fazilat emas, nuqson qidiradigan bo‘lib qo­libsiz. Adabiyot o‘quvchi qalbiga nur olib kiradi, go‘zallik, odamiylik, rahm-shafqat, hayotga, odamlarga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Siz esa odamlarda faqat yomonlikni, yovuzlikni ko‘rgansiz, attang-attang, sizdan qanchadan-qancha umidlarimiz bor edi.

Abdulla Qahhor boshqa gap aytmadi. Xayr ham demay chiqib ketdi. O‘tirgan joyimda bir zambil loy bo‘lib qolaverdim. Domlaning gaplari qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqat edi, bu gap, bu xil muomala jon-jonimdan o‘tib ketdi, feletonchilikni butunlay tashlab yubordim. Mana, ellik besh yil bo‘ldiki, domla aytgan gaplarning zahri tanamdan ketmaydi. Shu ellik besh yil davomida atigi uchta feleton yozibman. Ochig‘ini aytsam, hikoyadan ancha qo‘lim chiqib qolgan ekan. O‘zimni o‘nglab olgunimcha ancha qiyin bo‘ldi.

Shu tobda yoshligim, feleton “qiroli” bo‘lgan paytimga ro‘baro‘ kelib o‘tiribman. Xudoyberdi mening yoshligim edi, men qilgan xatolarni aynan takrorlab turgan payti edi. Unda jindek havo paydo bo‘lgan, g‘ururi ham anchagina balandda edi.

– Ahvollar qalay ukam? – dedim, nimadan gap boshlashni bilmay. U stol tortmasidan o‘ntacha bir xil yorliqlarni, dastro‘molga tugilgan qo‘zichoqning ili­gidek bir narsani allaqanday maqtanish bilan stol­ga qo‘ydi:

– Bilasizmi bu nima, bu kumush hushtak!

U shunday deya ro‘molchani yechib, ichidan chindan ham kumush hushtak olib menga uzatdi.

– Buni ichki ishlar xodimlari to‘g‘risida yozilgan eng yaxshi materiallar uchun mukofotlashgan. Chalib ko‘­ring, bitta puflab ko‘ring, ovozi ham boshqacha.

Xudoyberdi bir vaqtlar yaxshi yozuvchi bo‘lishni orzu qilgan, yozgan-chizganlari ertaga yaxshi yozuvchi bo‘­lishiga kafolat beradigan talantini bitta kumush hushtakka almashtirishga tayyor turgan va lekin hali danagi qotmagan, o‘z istiqboliga beparvoroq, uch ko‘cha boshida qayoqqa borishni bilmay hayron turgan “yozuvchi” edi. Unga qancha tushuntirma, qancha nasihat qilma, hamma gaplardan kumush hushtak afzaldek edi. Uni adabiyotga qanday qaytarish mumkinligini o‘ylab o‘yimga yetolmadim. Bu yo‘ldan qaytarishning birdan-bir yo‘li Abdulla Qahhor uslubi edi. Xudoyberdi juda odobli, madaniyatli, mayin yigit, dilini og‘ritgim kelmadi. Menda Qahhor domlaning qahri yo‘q, boyatdan beri uning jon-jonidan o‘tib ketadigan gaplarni o‘ylab o‘tirgan edim. Aytishga tilim bormadi. Uzundan-uzoq leksiya boshladim.

– Gazeta bir kunlik axborot vositasi. Ertasiga o‘rniga boshqa gazeta chiqadi. Demak, sen yozgan feleton ham bir kunda o‘tmishga aylanadi. Bilasanmi, men ikki yuzdan ortiq feleton yozganman. Qani ular? Hammaning yodidan chiqib ketdi…

Oradan bir yil o‘tib Xudoyberdining qissa va ro­manlari ketma-ket e’lon qilina boshladi…”

Ustoz Said Ahmadning maqolasidan olingan mazkur iqtibos savolingizga to‘la aniqlik kiritadi, deb o‘ylayman.

– Mashhur adiblardan biri buyuk ertakchi Andersen haqida yozar ekan, shunday deydi: “U kattalardan hamdard topolmagach, bolalarga murojaat qildi. Bolalar uni tushunishlarini, unga achinishlarini istadi. Ammo u yanglishdi. Chunki bolalar achinmaydilar, ular achinishni bilmaydilar”. Bundan kelib chiqadiki, bolalar yozuvchisini bolalik olamiga bog‘lab turadigan qandaydir sabab, rishta mavjud bo‘ladi. Sizni bolalar uchun yozishga undagan ichki da’vat nima?

– Savolingizning birinchi qismida “Buyuk bolalar ertakchisi Andersen kattalardan hamdard topolmagach, bolalarga murojaat qildi” degan gap bor. Tirik odam hamisha hamfikr, hamdard axtaradi, uni tushunadigan do‘st izlaydi. Adabiyot ham bundan mustasno emas. Senga hamfikr va hamdard bo‘ladigan insonni topish, seni tushunib, fikrlaringni quvvatlaydigan kishini axtarish aslida kattalar adabiyotining ham, bolalar adabiyotining ham bosh vazifalaridan biri hisoblanadi. Har qanday yozuvchi, xoh kattalar, xoh bolalar uchun yozsin, insondagi nimanidir tasdiqlagisi, nimanidir inkor qilgisi keladi. Tasdiqlab turib inkor qiladi, inkor qilaturib tasdiqlaydi. Xuddi ana shu ruhiy, axloqiy holatni yozuvchilar ijobiy yo salbiy obrazlar orqali ko‘rsatishadi. Demak, yozuvchi o‘z asarida ijobiy obrazlarni yaratar ekan o‘ziga hamdard axtaradi, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini mana shu obraz orqali yo tasdiqlaydi, yo inkor qiladi. Xuddi shu paytda bir gap esimga tushib ketdi. Birov menga “Kattalarga aytgan gaping, ular beparvo bo‘lganlari uchun, tarvuzning ustidan quyilgan suvdek o‘tib ketadi”, deb aytgan edi. Bola zoti esa tamomila o‘zgacha xilqat. Agar u senga mehr qo‘ysa, sen aytgan gapni, jon qulog‘i bilan tinglaydi, shu gapni sendan eshitgani uchun maqtanib ham yuradi. Xuddi ana shu ma’noda buyuk Andersen hamdard sifatida bolalarni tanlagan bo‘lishi mumkin. Bolalar achinmaydilar, achinishni bilmaydilar, degan fikr menimcha bahsli, munozaralidir. Chunki bolalar buyuk ertakchini tushunganlari va unga achinganlari uchun ham uning asarlarini salkam ikki yuz yildan buyon qo‘ldan qo‘ymay o‘qib kelmoqdalar.

Mendan yana, kaminani bolalarga bog‘lab turadigan qanday ichki dard borligini hazilnamo qilib so‘rayapsiz. Meni bolalarga bog‘laydigan ichki dardim ularga bo‘lgan bitmas muhabbatim va achinishimdir. Yig‘layotgan bolalarni ko‘rsam, yoniga o‘tirib yupatsam deyman. Yaxshi o‘qimayotgan bolani ko‘rsam “esizgina, shu paytda vaqtini bekorga o‘tkazmay, ko‘proq o‘rganib, ko‘proq o‘qisa, ma’naviyati butunroq o‘sadi” deya achinaman. Har bir boladagi Alloh bergan qobiliyat ertaroq ochilsa yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman. Bolalar uchun tug‘ildim, bolalar uchun yashadim, yana bolalar uchun yashayveraman deb maqtanib ham yuraman. Yozayotganimda esa keksa yoshdagi odam bo‘lib emas, xuddi bolaning o‘zi bo‘lib, yoki yaqin o‘rtog‘iga aylanib yozaman. Qaysi yoshdagi bola, yoki o‘smir uchun asar yozmoqchi bo‘lsam o‘sha yoshdagi bola yo o‘smirlar davrasida bo‘lishga harakat qilaman. “Jannati odamlar” romanimni yozayotganimda, ko‘p vaqtimni bog‘chadagi yuqori bosqich bolalari, maktabdagi birinchi sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazdim.

– Inson bolalik chog‘ida mo‘‘jiza va sarguzashtlarni, o‘quvchini o‘z ortidan ergashtirib ke­­­­tadigan g‘aroyib voqealarni yoqtiradi. Nazarimda, yosh kitobxonlarni Xudoyberdi To‘xtaboev asarlariga bog‘lab qo‘yadigan ohanrabo ham shunda... Ijodkor esa asarni yozish jarayonida ma’lum muddat undagi voqealar ichida yashaydi. Yanayam aniqrog‘i, yozayotganlariga avvalo o‘zi ishonadi. A. Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani ustida ishlar ekan, Kumush o‘limi haqidagi bobni yozib tugatgach, o‘kirib yig‘lagani, “Kumush o‘ldi!” deya xitob qilganini o‘qiganmiz. So‘z mulkining sultoni Hazrat Navoiy esa “Layli va Majnun” dos­toni yakunida bu dostonni “yig‘lay-yig‘lay tu­­­gatgani”ni bayon qiladi. Asarlaringizdagi sar­­­­­­guzashtlarga, aytaylik, Hoshimjonning sehr­li qalpog‘iga o‘zingiz ham ishonib qolgan paytla­­rin­giz bo‘lganmi? Bu voqealarni qanday o‘ylab top­­ganingiz faqat bolalarga emas, biz kattalarga ham qiziq tuyuladi.

– Islomiy ta’limotda “chaqaloq musulmon bo‘lib tug‘iladi“ degan hikmat bor. Yana bir ta’limotda “cha­qaloq ona qornida shakllanayotgan paytda Alloh chaqaloqning qalbiga adolat, haqiqat, ma’sumlik, kamolot tuyg‘ularini qo‘shib yaratadi” degan yana ham go‘­zalroq fikrlar mavjud. Bu tuyg‘ularning har birini alohida-alohida olib, alohida-alohida tahlil qilib, katta-katta kitoblar yozsa bo‘ladi, deydilar. Ana shu bir-biridan go‘zal tuyg‘ular ichida alohida o‘ringa ega bo‘lgani kamolot tuyg‘usi hisoblanadi. Ka­molot tuyg‘usi insonni yuksalishga da’vat etib turadigan buyuk tuyg‘udir. Bola aqlini taniy boshlashi bilan dunyoni bilishga, atrofini o‘rab turgan moddiy va ma’naviy dunyoni tushunishga, sekin- asta ichki bir tuyg‘u ta’sirida o‘zini ham anglashga intiladi. Bu holat unda tabiiy bo‘ladi, tug‘ma bo‘ladi. Chunki bu gendan kelayotgan ilohiy ovozdir. Bu paytda bolalar shunaqangi sersavol, shunaqangi qiziquvchan bo‘­ladilar-ki, hamma narsani tezroq bilib olishni istashadi. Tinimsiz savol berib, ba’zan kattalarni ham bezitib yuborishadi. Savollariga javob olisholmasa, yig‘lab ham yuboradilar. Chunki miya po‘stlog‘i ostida joylashgan ma’lum markaz beto‘xtov “ozuqa” so‘rab turadi. Uning ozuqasi yorug‘ olamga daxldor bilimlardir. Bolalik va o‘smirlik pallasining xarakterli xususiyati mana shunda. Kattalarga berilgan savollar va olingan javoblar vositasida bola yoki o‘smirning shaxsi shakllanib boradi.

Beg‘ubor, o‘yinlarga to‘la bolalik tugab, asta-se­kin mas’uliyatli o‘smirlik pallasi boshlanadi. Bu ham tabiiy, bu ham kamolot tuyg‘usining qistovi.Bu tuyg‘u bola yoki o‘smirning rivojlanishiga qarab, birida kuchsizroq, boshqasida kuchli bo‘lishi mumkin. O‘smirning oilada, maktabda, o‘rtoqlari o‘rtasida eshit­­ganlari uni qoniqtirmay qoladi. Favqulodda, ju­da qiziqarli yoki qo‘rqinchli kechinmalarni boshidan kechirgisi keladi. Poyonsiz o‘rmonda adashib, so‘ng yo‘l topib chiqib ketsa, qo‘rqinchli qaroqchilar bilan uchrashib ularni yengsa, hech kimning aqli yetmaydigan yangi bir mashinani kashf qilsa, paxtaning shunday bir navini yaratsa, ko‘sak pishib ochilsa-yu, lo‘ppi-lo‘ppi paxtalar o‘z-o‘zidan oqib kelib, xirmonda to‘planaversa. Sigirning qornida sutni pishloqqa aylantiradigan apparat ixtiro qilsa... Xullas, o‘smir ana shunday xayolot olami qurshovida yashay boshlaydi.Hayotda qandaydir yutuqqa erishganlarni ko‘rsa, ularga havas bilan qaraydi, hatto taqlid qiladi. Goho maqsadiga erisholmay qolgan bolalar va o‘smirlar uylaridan qochib ham ketishadi.

“Qasoskorning oltin boshi” romanimni oltinchi sinf o‘quvchisi o‘g‘lim Baxtiyor va uning tengqur o‘r­toq­lariga atab yozganman. Romanni tarixiy sarguzasht janri talablariga rioya qilgan holda yozganman. Nomoz Pirimqul o‘g‘lini romanning qahramoni etib tanlaganman. Bu kambag‘alparvar, yetimparvar jasur yigit 1870-1907 yillar o‘rtasida yashab, Samarqand vohasida kambag‘allar va xo‘rlanganlarning yonini olib ko‘p jasoratlar ko‘rsatgan tarixiy shaxs edi. Rus tadqiqotchisi Piyaskovskiy yozgan kitobida, “Nomoz boshliq qasoskor yigitlar Toshkent, Samarqand, Qarshi, Buxoro viloyatlarida general Sakulskiy, general Fon Gesketlarning tish-tirnog‘igacha qurollangan kallakesarlariga qarshi kurash olib borgan edilar”, deyilgan. Nomoz to‘dasidagi yigitlarning ko‘ksidagi tumorida:

Ne uchun dunyoga keldik,

Yaxshini bilmasak biz.

Ne uchun dunyoga keldik,

Yaxshilik qilmasak biz, – degan so‘zlar qasamyod ta­riqasida yozilgan ekan.

Tarixiy manbalarni chuqurroq o‘rganganim, o‘sha davrlarni ko‘rgan keksalar bilan ko‘proq suh­bat­lash­ganim sari o‘ttiz yetti yoshida xoinlar tomonidan o‘l­dirilgan bu jasur yigitni astoydil, misoli o‘z o‘g‘­limdek yaxshi ko‘rib qoldim. Yozayotgan paytimda uning har bir xayrli ishidan olam-olam zavq olardim, qiyinchilikka tushib qolsa undan ko‘proq qayg‘urardim.

Tarixiy manbalarda Nomoz hokimlarning navkarlari, jazo otryadining maxsus askarlari qurshovida qoladi, aqli, jasorati, topqirligi sababli uch yuz kishilik askar qurshovidan eson-omon chiqib ketadi. Eson- omon chiqib ketishgach, yigitlarga dam berib, o‘zi ham jindek mizg‘ib olmoqchi bo‘ladi. Yonida hamisha birga yurgan Kenja Qora degan yigiti uning boshiga tosh bilan urib o‘ldiradi. Tarixiy manbalarda Nomozning boshi Samarqandga, Fon Gesket janoblariga keltirilgan degan gaplar bor. Mukofotlanganlar orasida o‘zining noibi bo‘lib yurgan Kenja Qora, Ars­lonqul deganlarning nomlari ham uchraydi.

Asarni tugallar ekanman, o‘g‘limdek bo‘lib qolgan Nomozning xoinlar tomonidan o‘ldirilishiga kelgan­da yozolmay qoldim, bir necha kun yozuv stolimga yaqin­lasha olmadim. Uyqum ham buzilgan, qo‘rqinchli tushlar ko‘raman. “Nomoz, tur o‘rningdan, qochamiz” deb dodlab turib ketgan paytlarim ham bo‘lgan. Ruhiy iztiroblar iskanjasida asarni bir amallab yozib tugatdim. Lekin bu buyuk qahramonning ruhi ko‘z oldimdan ketmay qoldi. Oxiri qo‘ni-qo‘shnilarni yig‘ib, qur’on o‘qitib, ixchamgina xudoyi oshi berdim. Shundan keyingina qalbim taskin topdi, xotirjam tortdim.

Savolingizning ikkinchi qismida Hoshimjon ha­qida so‘ragansiz. Hoshimjon – bu mening o‘zim, bolalikdagi orzularim, shodliklarim, shumliklarim, armonlarim. Yozayotganimda biror voqeani o‘ylab topganim yo‘q, turli-tuman voqealar, quvliklaru shumliklar o‘z-o‘zidan oqib kelavergan. Bir o‘rinda qiqirlab kulib, chopqillab ko‘chaga chiqib ketardim, boshqa bir o‘rinda Hoshimjon yig‘lasa, men ham qo‘shilib yig‘lardim. Ho­zir ham gohida Hoshimjonga aylanaman, goh sakson yoshli Xudoyberdi bobo bo‘lib qolaman.

– Har bir davr bolalarining o‘z sevimli asarlari bo‘ladi. Bugunning bolasi dunyo bolalar adabiyotining nodir namunalaridan bo‘lgan Sharl Pero, Andersen, Aka-uka Grimmlarning ertaklari, Sent Ekzyuperining “Kichik shahzoda”si yoki Nikolay Nosovning Bilmasvoy haqidagi mashhur sarguzashtlaridan ko‘ra allaqanday robot odamcha haqidagi hikoyani ma’qul ko‘rishi mumkin. Shu ma’noda bolalar yozuvchisi kichik zamondoshlarining qiziqishlari va ehtiyojlaridan ham xabardor bo‘lishi zarur. Xo‘sh, 20-asrda bolalarni sarguzashtlarga boy romanlari bilan obdon hayratga solgan Xudoyberdi To‘xtaboev yangi asr bolalari uchun qanday asarlar yaratmoqda?

– To‘g‘ri aytasiz, kichik yoki katta asarga qo‘l urishimdan qat’i nazar, avvalo yozmoqchi bo‘lgan asarim o‘quvchini o‘ziga torta oladimi, zavqlantira oladimi, hayratlantiradimi, deb o‘ylab ko‘raman. Bosh masa­la o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortish bo‘ladi. Qalam ah­li o‘rtasida “Ikki marta o‘qishga arzimaydigan asar bir marta o‘qishga ham arzimaydi” degan gaplar bor. Texnika asri avjiga chiqib borayapti. “Odamdan ko‘ra aqlliroq” robotlar paydo bo‘lyapti. Jonli, yuzma-yuz muloqotlar o‘rniga televidenie, internet, radio, “ziyonet”lar, telefonlar, uyali telefonlarda shirasiz, hayajonsiz kechadigan muloqotlar kundan-kunga ommalashib borayapti. Kino zallaridagi to‘xtovsiz to­­­moshalar, ko‘chadagi chalasavod reklamalar… yo tavba! Ana shunday narsalar bolalar va o‘smirlarning fikrlashiga, bora-bora tafakkuriga ham ta’sir qil­­­­­mayapti deysizmi? Maktablarda bo‘lsangiz, o‘quv­chi bolalarning so‘z boyligida texnikaga oid, kom­pyuter­larga oid so‘zlarni ko‘p uchratasiz. Ammo ming afsuski, bolajonlarimiz ona tilimizdagi ba’zi so‘z­­larning ma’nosini yaxshi farqlay olishmaydi. Axir inson tafakkuri so‘z boyligi asosiga quriladi-ku. Qiziq bir misol keltiray, 2009 va 2010 yillar da­vomida bolalar va o‘smirlarga bag‘ishlab, hayotiy voqealar asosida “Quyonlar saltanati”, “Qiz talashgan o‘smirlar” nomli romanlarni e’lon qildim. O‘zimcha qoyil qildim deb maqtanib ham yurdim. Kitoblarning sotilish jarayonini kuzatib ham bordim. Qiziq, bu asarlar “Jannati odamlar” nomli romanimga yoki oldin e’lon qilingan romanlarimga nisbatan ham sustroq sotilayotganini ko‘rdim. “Axir dolzarb mavzularda yozgan edim-ku, nega sust sotilayapti ekan”, deb o‘ylanib qoldim. Shu o‘ylar sabab “Peshonasiga televizor yopishgan bolaning sarguzashtlari” nomli kichik bir qissa dunyoga keldi. Uni nashriyotga topshirdim. Natija esa juda-juda qiziq bo‘ldi. Bu qissa olti oy davomida olti marta nashr etildi. Tavba, har bosilganda yuz minglab, ikki yuz minglab nusxada chop etilsa-ya! Gohida kitobning bu qadar keng ommalashuviga nima sabab bo‘ldi ekan, deb o‘ylayman. Ehtimol bunga “televizor” yoki “sarguzasht” degan so‘zlarning sar­lavhaga chiqarilgani sabab bo‘lgandir. Biroq baribir o‘ylab o‘yimga yetolganim yo‘q. Ayni kunlarda kichik zamondoshlarimni qiziqtiradigan mavzularni nazarda tutib, “Internet ichiga qamalgan bola” degan qissani yozishga urinayapman. Qissa ko‘proq milliy qadriyatlarni targ‘ib qiladigan, o‘quvchining so‘z boyligini oshiradigan holatda bo‘lishi kerak. Sehrli viruslar paydo bo‘lib internetni tomosha qilib o‘tirgan bolaning ongi va qalbini ichkariga tortib ketdi. Bola internet ichidagi kenglikda rang-barang tomoshalarni ko‘rib mazza qilayapti. Nihoyat bola tashqariga chiqmoqchi, qishlog‘iga qaytmoqchi bo‘lgan paytda robotlar yo‘lini to‘sdi. Bola qaysi millat vakili bo‘lsa, o‘sha millatni millat qilib turgan kamida yetmishta belgini bilishi shart ekan. Masalan, kamida yettita ertak, kamida yettita milliy qahramon nomini sanashi, kamida ota avlodidan yetti insonning ismini aytishi, kamida yetmishta maqolni bilishi, mamlakatidagi daryolardan o‘ntasini sanab berishi, yettita muzeyni eslab qolishi…Xullas, mening hozircha bolajonlarga sir bo‘lib turgan qahramonim mana shunday to‘siqqa duch kelib qoldi. Qolganini asar bitgandan keyin aytaman.

– Siz mansub bo‘lgan avlodning bolalik yillari oson kechmagan. Odatda bunday holatda bolalar erta ulg‘ayadilar. Siz esa sakson yoshdan oshganingizga qaramay, bolalarcha ruhiyatni, qalbni asrab qola olgansiz. Matbuot, televidenie va radiodagi chiqishlaringizni kuzatish chog‘ida bu­ni osongina payqash mumkin. Ayting-chi, bu mu­vaffaqiyatning siri nimada?

– Oybek domla “urush yillarining ho‘kiziga ham jabr bo‘lgan” degan iborani juda o‘rinli ishlat­gan. Ha, biz urush yillarida ulg‘aygan bolalar bo­laligimizdayoq qariy boshlaganmiz. Urush yilining barcha mashaqqatlari bolalar yelkasiga tushgan desam, ishonavering. Ota-onadan judo bo‘lish, och-nahor qolish, bir burda non uchun bir-biri bilan mushtlashish, oiladagi farzandlarning bir kalishni nav­batma-navbat kiyib maktabga qatnashlari, burga va bit obdon urchigan o‘sha davrlarda yerga olov yoqib, ko‘ylakni olovga qoqib-qoqib olish urush yillariga xos manzaralardir. Biroq bu gaplar bugungi bolalarga ertak bo‘lib tuyuladi.

Lekin bu mashaqqatlarni yengishda rahmatli bobolarimiz, jannati buvilarimizning qalbidagi go‘­zalliklar muhim rol o‘ynagan. Bobolar qo‘liga tok qaychi olib qarovsiz qolgan oilalarning toklarini kesib berardi. Buvilar zog‘ora undan atala pishirib och qolgan oilalarga ulashardi.

Bir voqeani aytay, 1943 yili ocharchilik, qa­hat­chilik avjiga chiqqan payti edi. O‘gay akam tuz koniga borib, katta ko‘k eshagimizga qop-qop tuz yuklab kelib, qishloqlarga sotardi. Oilamizda oz bo‘lsa-da qut-ba­raka bor edi. Rahmatli onam “Bir hovuch sholini olib chiqib tuyasizlar, osh qilamiz” dedi. Navbatma-navbat keli atrofida aylanganimizni ko‘rsangiz. Nihoyat osh damlandi. Rahmatli onam bo‘lsa “qo‘lni yuvib tanchaga o‘tiringlar, tilovat qilamiz” dedi. Tilovat qilindi ham. Tilovat qilib hovliga chiqsak qozon yo‘q, o‘sha paytdagi yugur-yugurni ko‘rsangiz. Shunisi qiziqki, osh yeyotganimizda birov xalaqit bermasin deb ko‘cha eshikni ichkaridan berkitib qo‘ygan edik. Bir mahal o‘gay akam bog‘ tomondan “manavi kalishni ko‘ringlar, Rahimning kalishi, Rahimning kalishi” deb chopib keldi. Hammamiz O‘g‘il xolamning uyiga yugurdik. Hech qulflanmaydigan eshiklari qulf edi. Akam kuchli edi, eshikni urib ochdi. Kirsak, qozondagi oshning dam tovog‘i endi ochilayotgan ekan, dimog‘imizga osh hidi urdi. Bechora onaginam “O‘g‘il xola, Xudoga shukr, shu oshni birga yeymiz deb niyat qilgandim. Rahim, ikkita lagan keltir, ayollar alohida laganda, o‘g‘il bolalar alohida laganda yeydi”, dedilar. O‘sha kuni ikki ayolning birdaniga yig‘laganini ko‘rdim. Ulardan biri onam, ikkinchisi O‘g‘il xolam edi. Ertasiga O‘g‘il xolam bir qop ko‘mir chiqarib yuboribdi. Nazarimda, mening qalbimni o‘sha mudhish yillarning yaxshi odamlari saqlab qolgan bo‘lsa kerak.

– Bugun millatimizning kenja bo‘g‘ini uchun nashr etilayotgan kitoblardan bir qarashda ko‘n­­­­gil to‘lgandek bo‘ladi-yu, ammo miqdor o‘z­ga­rish­larining sifat o‘zgarishlariga mos kelmayotganligi odamni ranjitadi. Ya’ni, bolalarga atalgan kitoblar orasida “aldagani bola yaxshi” qabilida yozilganlari ham ko‘p. Bolalar uchun yozayotgan adib esa millat kelajagi oldidagi ma’naviy javobgarligini unutmasligi kerak. Bu boradagi fikrlaringiz.

– Bir mahallar Boltiq bo‘yi respublikalariga, bolalar adabiyoti kunlariga borardik. Bu mamlakatlarda yozuvchi deganda bolalar yozuvchilari nazarda tutilar ekan.Latviyaga borganimizda, o‘ttiz nafar yozuvchidan yigirma to‘rttasini bolalar yozuvchisi deb tanishtirganlari esimda. Hayron qolgan edik. Qaysi mamlakat iqtisodiy jihatdan rivojlangan bo‘lsa, o‘sha mamlakatda bolalar adabiyoti ham rivojlanganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Demak, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bolalar va ular uchun ijod qiladigan yozuvchilarga e’tibor juda katta. Bir misol aytay: mashhur bolalar yozuvchisi Sergev Mixalkov kasal bo‘lib yotganda, uni ko‘rgani hukumat boshlig‘i Putinning borganini televizorda ko‘rsatishdi. Norvegiyalik mashhur ertakchi ona Asti Lingiren vafot etganda butun mamlakat bo‘ylab bir kunlik motam e’lon qilindi… Albatta, mamlakatimizda ham ijod ahli uchun, ayniqsa yosh ijodkorlar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Sharoit yaxshi-yu, adabiy mahsulotlarning sifati haqida bir narsa deyolmayman. Yaxshi desang, yaxshi deyishga arzimaydi, yomon desang, borini ham yozmay qo‘yishlari mumkin. Keling, bular haqida keyingi suhbatlarimizda gaplasha qolaylik.

– Bugun o‘zbek bolalar she’riyati rivojiga hissa qo‘shayotgan ijodkorlar talaygina. Lekin bolalar yozuvchilariga kelganda Xudoyberdi To‘xtaboev, Erkin Malik... deymiz-da, to‘xtab qo­­lamiz. Ozgina istihola bilan so‘ramoqchi bo‘l­ganim shuki, Xudoyberdi To‘xtaboevning meh­nat­kash qalamiga voris bo‘la oladigan birorta mard topilarmikan?

– Juda ham muhim masalani o‘rtaga qo‘yayapsiz. Qa­­ni endi bu masalani mamlakatimizdagi barcha mat­­­­buot organlari ham dadil ko‘tarib chiqsa. Axir darslikdan boshqa kitobni qo‘liga ushlamagan bolalar va o‘smirlar ko‘payib borayapti-ku. To‘g‘ri, hozirda har uchta qizdan bittasi shoira, to‘rtinchi-beshinchi sinfdayoq kitoblarini chiqarayapti. Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondidan kamida yigirmata ijodkorning yigirma mingtadan kitobi chop etilmoqda. Shulardan bittasi, nari borsa, ikkitasigina nasrga bag‘ishlanayapti. Demak, yigirmadan biri nasrga to‘g‘ri kelayapti. Abror Qo‘shnazarov, Dinora Rahimova singari o‘g‘il-qizlarimizning kichik-kichik qissa va hikoyalarini, to‘qigan ertaklarini o‘qib borayapman. Lekin bular katta adabiyot oldida qilinayotgan kichik-kichik mashqlar xolos. Bulardan umidim katta, voris bo‘ladilarmi-yo‘qmi, buni aytolmayman. Qani endi, o‘zim bilan bahslashadigan shogirdlarim bo‘lsa-yu, ana shular bilan xursand bo‘lsam.

– Har qanday adabiyot taraqqiyot sari odimlar ekan, jahoniy tajribalarga suyanadi. Sizningcha, o‘zbek bolalar adabiyoti dunyo bolalar adabiyotining qaysi tajribalariga murojaat qilishi mumkin? Xudoyberdi aka, bu savolga bolalar uchun tarjima qilinayotgan asarlardan kelib chiqib javob bersangiz yaxshi bo‘lardi.

– Bir yozuvchidan adabiyotshunoslarimiz ha­deb uni o‘qidingizmi, buni o‘qidingizmi, deb so‘ray­­ver­gan­­larida “men o‘quvchi emas, yozuvchiman” degan ekan. Men ham shunga yaqinroq javob qaytarsam. Avvalo, bizda bolalar adabiyotiga oid tarjima asarlar ju­da kam. Borlarini ham kam o‘qiyman. O‘zim uchun tanlab olgan yozuvchilarim ko‘p. Rus yozuvchilaridan og‘ir, bosiq xarakterlar yaratuvchi Albert Lhanov, quvnoq, hazilkash yozuvchi Nikolay Nosovni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, uning Bilmasvoyi dunyoni zabt etganidan xursand bo‘laman. Italyan ertakchisi Janni Rodarini ko‘p jihatdan o‘zimga ustoz qilib olmoqchiman-u, lekin haligacha uddasidan chiqolmayman. Janni Rodari boboga o‘xshab qissalar, ertaklar yozish harakatidaman.

– Daho shoir Gyotening shunday so‘zlari bor: “Ellik yil kitob o‘qidim. Lekin bu jarayonda bilganim hech narsani bilmasligim bo‘ldi”. Siz esa oltmish (balki undan ham ko‘proqdir) yildan buyon kitoblar bilan hamnafassiz. Adabiyot sizga ni­ma berdi?

– To‘g‘ri savol beryapsiz, kishi qancha uzoq yashasa, shuncha ko‘p o‘qisa ham, shuncha ko‘p narsani bilsa ham, yana to‘xtamay o‘qishga, bilishga intilaverar ekan. Yoshingiz o‘tgan sari yana va yana ko‘p narsani bilgingiz kelaveradi. Nemis faylasufi Gegel: “Men hech narsani bilmayman degan so‘zni bilaman” degan ekan. Ha, dunyo keng, man’aviy dunyo olami ham cheksiz va chegarasiz. Mana endi, koinot olamining kengligi haqida tushunchalar ko‘payib borayotgan paytda kichkina uy ichida o‘tirib ko‘p narsani bilaman deyish noqulay bo‘lar ekan. Xo‘sh, adabiyot menga nima berdi? Adabiyot oz bo‘lsa ham dunyoni tanitdi, oz bo‘lsa ham o‘zimni o‘zimga tanitdi.

– Xudoyberdi aka, suhbatimiz so‘nggida yana an’anaga sodiq qolamiz: “Yoshlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz.

– Yoshlik jurnali muxlislariga quyidagilarni aytmoqchiman:

Birinchisi: o‘zingizga qattiq ishoning.

Ikkinchisi: mayda-chuyda maqsadlar qurboni bo‘l­mang.

Uchinchisi: oldingizga qo‘ygan maqsad va niyatingiz juda ulkan bo‘lsin. Masalan, to‘qqizinchi sinf o‘quv­chisi “katta bo‘lsam albatta mana shu maktabga direktor bo‘laman” deb niyat qilsin. Maqsad qancha buyuk bo‘lsa, Alloh shunga yarasha kuch-qudrat ato etadi.

Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.