Taniqli shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo bilan suhbat
– Mirpo‘lat aka, ijod kim uchun iztirob, mashaqqat, kim uchun huzurbaxsh mashg‘ulot. Sizga-chi?
– Bir asarni yozib tugatganingdan keyin, uni qachon boshlovdim, qanday tugatdim, deb mulohaza qilasan. Lekin bu jarayon tafsilotlarini aniq-tiniq idrok eta olmaysan. Keyingi safar bir boshdan nazorat qilaman deb dilingga tugasan, lekin befoyda.
– She’r siz uchun uzoq davom etadigan ruhiy his-hayajonlar ifodasimi yoki tuyqus ehtiroslar, tuyg‘ular tug‘yonimi?
– Fikr yuragimga urug‘day tushadi. Shu urug‘ni asrab, olib yuraman. Vaziyat, holat yetilganda uni qog‘ozga bitaman. Ya’ni she’r yozilish jarayonida u unib, barg yozadi, g‘unchalaydi.
– She’riyatingizda uzrxoh misralar ham talaygina. Masalan, “Faqat sen g‘ashlanma o‘tmish izimga, Telba yoshligimni solib yuzimga”, deganga o‘xshash. Bu ijobatsiz muhabbat uchun tazarruyingizmi yoki vijdon azobimi?
– She’riyat hamisha idealni kuylagan. Ideal esa erishilmagan, erishib ham bo‘lmaydigan, ilk muhabbat darajasidagi yuksak tuyg‘u. Inson hayoti, afsuski, faqat tuyg‘u va ishq-muhabbatdan iborat emas. Umr davom etaveradi. Siz keltirgan misralar ana shu jarayonning qog‘ozga tushgan holati bo‘lsa kerak. Bu juda bir yuksak darajada gurillab yongan moviy alanga bo‘lmagandir, ehtimol. Biroq bu yerda mehr, insonni anglash jarayoni yotibdi. Senga kimdir dili, qismatini bog‘layapti. O‘shaning oldida mas’uliyat hissini sezasan. Bular ham she’riyatda, adabiyotda aks etishga to‘la haqli holatlar. Bu yerda murosa, armon tushunchasi bor. Mas’uliyat tushunchasi ham bor...
– Hazrati Yassaviy tug‘ilgan zaminda tug‘ilgansiz. Har gal siz bilan Sayramga borganimizda hamyurtlaringiz qalbidagi sizga, sizning ijodingizga ayricha mehr va ixlosni ko‘rib quvonchlarga to‘lib qaytamiz.
– Juda ko‘-o‘p yurtlarni kezdim. O‘zbekistonimizning barcha mintaqalarida she’rlar o‘qiganman. Lekin o‘zim tug‘ilgan zaminga borganimda vujudimni ayricha hayajon qamraydi. Toshkentga qaytgach esa, Sayram meni hamisha umidvor nigoh bilan kuzatayotganini his qilib turaman. Va... mana shu tuyg‘uga munosib bo‘lishim kerak, deb o‘ylayveraman. Men yurtdoshlarimni hamisha adabiyotni sevgan, sevayotgan holatda ko‘rishni orzu qilib yashayman. To‘g‘risi, ana shu, siz ilg‘agan, hamyurtlarimga xos bo‘lgan ayricha xislatlardan faxrlanib, gapirib yurishdan ham maroq tuyaman. Ehtimol, mana shu tuyg‘u ham menga ijodiy kuch bag‘ishlar. Xolis aytganda, bu zamin she’rparast, san’atni dil-dilidan qadrlovchi insonlar makonidir.
– Sizni birinchi uchratganimda, Farg‘ona vodiysidan bo‘lsa kerak deb o‘ylovdim. Ijodingizda ham vodiyga intilish tuyg‘ulari bo‘rtibroq qolgan misralar juda ko‘p. Masalan:
Alvon-alvon bo‘lib yondi tog‘u to‘sh, Bokira dillarda tug‘yon urar jo‘sh, Atlasga burkandi Sayram, Qo‘qon, O‘sh, Qadim Turkistonga xush kelding, bahor!
– Negadir, bolaligim va yoshlik yillarim Farg‘ona vodiysiga juda katta bir havas, mehr, hayrat nazari ila qarash tuyg‘usi bilan shakllangan.
– Qaysidir bir suhbatimizda bu Qodiriyning qahramonlariga muhabbatimiz oqibati bo‘lsa kerak, deb aytuvdingiz.
– Albatta. Qodiriy iste’dodining, sehru jozibasining yana bir qirrasi butun o‘zbek yigitlarini Vodiy qizlariga oshiq qilib qo‘ygani, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Ra’nolar, Kumushlar millatimiz yigitlarining ideali demoqchisiz-da...
– Ha. “Sen Kumushning diyoridansan” deb yozgan ham edim. Keyin taqdir meni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘ladi. Kumush diyoriga kuyovman.
– Siz kirgan davralarning gurunglari birdan gurillab ketadi. Tabiatingizdagi yumorga moyillik ko‘-o‘plarning havasini keltiradi. Biroq, negadir, hazil she’rlar yozmaysiz.
– Ruhiyatimdagi hazil-huzul, mutoyibaga moyillik, chamamda, ijodkorning xiyobonda sayr etib, toza havodan nafas olib turish zaruratiga o‘xshaydi. Lekin hayot faqat o‘yin-kulgi, hazil-huzildan iborat emas. Ijodkor dunyoni doim teran mushohada etishga burchli. Dunyoni falsafiyroq, jiddiyroq aks ettirsam, deyman.
– Mashhur qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonovni o‘zbek o‘quvchilari asosan sizning tarjimangizda kashf qildi. Yodimizda, “Arg‘umoqlar” nomli yupqagina kitobchada oddiy o‘zbek she’rxonlari qalbiga O‘ljasning behalovat qalbi bilan birga qozoqning bepoyon kengliklarini ham olib kirgan edingiz. Bugun shu boradagi fidoyiligingiz harorati biroz pasayganday...
– Kutilmagan ma’lumot sifatida bir gapni aytay. Shu kunlarda O‘ljas og‘aning yangi to‘plamini chop etishga tayyorlab qo‘ydim. Bugun-erta nashriyotga topshirsam kerak. Kitobni o‘qigan odam O‘ljas hozirgi kunimizning ham eng yorqin, atoqli shoirlaridan biri ekanligini yana bir bor his etadi.
– Tanqidchilarni bugun birov adabiyotshunos, birov sinchi deb atayapti. Sizningcha, ular kimlar? Tanqidga munosabatingiz?
– Darhaqiqat, tanqidchi o‘zi kim? Ular ilm qiladigan, adabiy asarni o‘qib sharhlab beruvchilarmi yoki asarlarni saviya darajalariga qarab saralovchilarmi? Men ularni bugungi adabiy voqelikda adabiyot sirlarini nihoyatda chuqur tushungan, uning taqdiri, kelajagi uchun teran qayg‘uradigan ijodkorlar deb bilaman. Tanqidchi yostiqday asarni o‘qib, u haqida maqola bitib, qanchalik sharafga erishadi, aniq aytish qiyin. Adabiyotni qismatim, deb biladigan, ayni chog‘da adabiyot qismatini o‘ylaydigan tanqidchilar bugun juda kam. Tanqidga munosabatimga kelsak, xolisona fikrlarni qabul qilmaslik johillikdir.
– Demak, tanqidchi – ijodkor, shundaymi?
– Albatta, tanqidchi ham ijodkor, fikr shoiridir u. Mulohaza qiluvchi, fikrdan fikr kashf qiluvchidir. Tanqidchidagi iste’dod ijodkornikidan sira kam emas. Sinchiga kelsak (aslida u ham tanqidchi), bu o‘zimizda ilgaridan bor so‘z. Otlarning burniga qamishnamo narsa tiqib, nasli va imkoniyatlarini aytib beruvchilarni shunday atashgan. Sin so‘zining negizi ham nigoh degan ma’noni anglatadi. Demak, tanqidchi teran nigoh, teran nazar sohibi.
– “Mukofot” nomli she’ringizni o‘qib kishi har xil o‘ylarga boradi. Mansab, unvon, mukofot tushunchalarining o‘z tasavvuringizdagi in’ikosini ham biroz oydinlashtirsangiz.
– O‘z kundalik mashg‘uloting sirli olami oshuftasiga aylangan chog‘ingda o‘sha dunyo, o‘sha ma’vo eng mo‘‘tabar mukofot bo‘lib tuyuladi.
– To‘g‘ri tushungan bo‘lsam, o‘sha muhit ham mansab, ham martaba, ham unvon ekan-da.
– Mukofotlar hech kimni befarq qoldirmaydi, albatta. Chunki bu ham e’tirof belgisi. Muhimi shundaki, “e’tirof”larga bog‘lanib qolmaslik ham kishiga maroq beradi. Odam yuragida zahmatlarga nisbatan matonat tuyg‘usini shakllantiradi bu. Va sizni yanada ko‘proq ishlashga, ijod qilishga rag‘batlantiradi.
– Mirpo‘lat aka, do‘stlik haqida nima deya olasiz? Ulfat, jo‘ra, o‘rtog‘ degan gaplar bor. Lekin chinakam do‘st deganda... har kim ham o‘ylanib qoladi.
– Umr o‘tgan sayin imkoning ortar, Bir-bir bitib ketar kamu ko‘stlaring. Har jihatdan to‘kis bo‘larsan, faqat Kamayib borarkan asl do‘stlaring.
Bu satrlarni yigirma besh yil avval bitgan ekanman. Asl do‘stlarim o‘sha paytda ham sanoqli edi. Chorak asrdan keyin qancha qolganligi haqida o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Nima qilay, chinakam do‘stlikka doir talabim o‘zim uchun o‘ta qadrli. Bu tamoyildan chekinish, o‘zimga xiyonat bo‘ladi. Do‘stlik haqida turkum she’rlar bitdim. Keling, ulardan birini o‘qib beray.
– Bajonidil.
– Eng asl, eng noyob bisoti uchun Hadik-xavotirlar kechmaydi kimda? Men seni yurakdan e’zozlab butun, Qizg‘anib yashayman pinhon – ichimda. Riyoga izn etmas asl do‘stlik hech, Sen mudom yurgansan undan yuqori. Lekin nima bo‘lar – ertami yo kech Ko‘zing bog‘lab qo‘ysa mansab viqori? Yo‘q-yo‘q, na martaba va na unvonga Qadding egmagansan, boqqansan tikka. Ammo xavotirim – ushbu zamonda, Netgum, tushib qolsa mehring boylikka? Bunda men ojizman, chunki tillo-zar, Eng sof yurakni ham qilar so‘qir, kar.
– Demak, boyib ketishni orzu qilmaysiz? Boylik ijodkorga baxt keltirmaydi, iste’dod zavoli degan gaplar ham bor.
– Shon-shuhratga intilmagan va boyib ketishni orzu qilmagan ijodkorning o‘zi yo‘q. Shon-shuhrat ijodkorning ichki izzat-nafsini qondirsa, boylik uning saxovatpeshaligida (hotamtoyligi bo‘lmagan ijodkor, menimcha, asl ijodkor emas) asqotadi.
Men ham boyib ketishni orzu qilaman. Lekin bu borada nimaiki rejalar tuzmay, hech birida muvaffaqiyat qozona olmadim. Bir paytlar tuzgan rejalarimga farzandlarim ishonib, ularning onasi ishonqiramasdi. Oxir-oqibat bunga o‘zim ham ishonavermaydigan bo‘ldim. Buning boisini o‘ylay-o‘ylay topdim: tinmay ijod qilib va ketma-ket kitoblar chiqarib boyib ketaman deya xayol qilar ekanman... Lekin boshqa bir narsadan mamnunman: agar orzuimga erishganimdami, xoksorlikda kechirgan turfa-teran tuyg‘ulardan, kechinmalardan bebahra qolardim. Xayriyatki, unday bo‘lmadi. “Boylik iste’dod zavolimi?” degan savolingizga esa javobni mabodo boyib ketsam, o‘shanda aytarman.
– Tarjimachilikka ham juda katta kuch sarfladingiz. Bu shaxsiy ijodingizga xalaqit bermadimi?..
– Ba’zan shunday xayolga ham boraman. Lekin tarjimani doim sevimli ijodiy jarayon, deb bildim. Afsuslanmayman. Tarjima ham go‘zallik olamiga sayr. Men ana shu olamga olib kiradigan sirli kalitni nihoyat topib olgandekman... Axmatova, Svetaeva, Brodskiy, Rubtsov, Voznesenskiy... Har biriga bir-bir yarim oy sarflab katta-katta turkumlarni o‘zbekchaga ag‘dardim. Va bu jarayon ham men uchun ajoyib mo‘‘jizalar yaratish davri bo‘ldi, deb ayta olaman. Pasternakning bitta she’rini bir oylab tarjima qilolmay yurgan kunlarim ham bo‘lgan. Bu sohada zahmatlar chekkan bo‘lsam-da, beqiyos maroqlandim ham. Endi, yana navbat o‘z qalbimning tarjimalariga.
– Ko‘ngilga olmasangiz, yana bir gap. Albatta siz tarjima qilgan shoirlar jahon adabiyoti sha’nini yelkasida ko‘targan siymolar. Ular faqat sizning tarjimangizda bir xillikka mahkum bo‘lib qolmadimikin?
– Imkoni boricha ana shunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildim. Qanday qilib, deysizmi? Har bir shoirning hayotga, ijodga bo‘lgan munosabatini chuqur o‘rgandim. Va tabiiyki, ular bu jihatdan bir-biriga mutlaqo o‘xshamasdir. Va ayni shu jihat ularning o‘zligini, ijodiy o‘ziga xosliklarini saqlab qolishimga yordam berdi. Ayrimlar tarjima qilayotgan shoiriga marhamat ko‘rsatish tuyg‘usi bilan qo‘liga qalam oladi. Men esa ularga muxlis sifatida yondashdim. Shoirning ohangini saqlab qolish uchun esa butunlay o‘sha shoir ruhiy olamida yashash kerak. Rubtsov tarjimasiga kirishishdan oldin u haqidagi ko‘p asarlarni o‘qib chiqdim. Yana bir muhim gap: men tarjima qilayotgan shoirlarimga qul emasman. Qo‘pol tuyulsa ham aytay, poy-patak emasman. Kerak bo‘lsa, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib, munozaraga kirishadigan darajaga chiqib, keyin tarjimaga qo‘l uraman. Men ularga xushomad qilib, ulug‘ligi oldida boshimni ko‘tarolmaydigan darajadagi ijodkor emasligimni ham bilaman...
– Savolimiz ko‘nglingizni og‘ritgan bo‘lsa, ma’zur tuting...
– Yo‘q-yo‘q. Bunday gap o‘z ko‘nglimdan ham bot-bot o‘tadi. Tarjima asnosida ozgina lanjlikka berilsang, tarjimani-ku chiqararsan. Lekin o‘sha shoir o‘zligini, o‘ziga xosligini yo‘qotishi turgan gap. Deylik, tarang bir ruhda bitilgan ruboiyni oddiy to‘rtlikka aylantirasan. Bunday olib qaraganda, hamma narsasi joyidaday. Birov e’tiroz ham bildirolmaydi. Biroq shoir o‘sha to‘rt satrga joylagan ifor yo‘qqa chiqadi. O‘sha iforni yo‘qotmay o‘girish uchun shoir ijod olovida qanday yongan bo‘lsa, sen ham shunday yonishing shart. Shuning uchun ishga kirishishdan oldin qalbingda o‘sha shoir qalbidagi olovni yondirib qo‘lga qalam olishing zarur. Tarjimaga qo‘l urishdan oldin she’rni yozishda shoirga qaysi tuyg‘u turtki bo‘ldi, qaysi so‘z qalbiga alanga tashladi – shuni qidiraman.
– Savoldan savol tug‘iladi-da. Brodskiyni tarjima qilish uchun Brodskiy qalbiga kirolmaysiz, u yashagan davrda yashay olmaysiz-ku, axir...
– To‘g‘ri, yasholmaymiz. Lekin his etish tuyg‘usi bor-ku. Tasavvur qiling, Brodskiy badarg‘a bo‘lib ketdi. Qisqa vaqt ichida Vatandan chiqib ketishga mahkum qildilar. Necha o‘n yillar hijratda yurdi. Ammo yuragida Peterburg yashadi. Men uning iztiroblarini chuqur idrok etdim. Shoir bir she’rida “aprel yomg‘irlari yog‘ib turgan pallada Peterburg tuprog‘ini o‘pib o‘lishni istayman”, deb yozgan edi. Bu qanday buyuk sog‘inch ekanligini shoir yuragim bilan his qilaman. Uning yana bir buyuk jihati, hech qachon o‘z alami, iztiroblarini, iddaosini pesh qilmadi. U o‘zini she’rlari ichiga yo‘g‘irib tashladi. Shoirning o‘z she’rlariga yo‘g‘rilgan pallalarini topib, tuyg‘ularini bo‘rttiribroq ko‘rsatoldim, deb o‘ylayman. Voznesenskiy she’rlari ustida ham soatlab o‘tirganman. Bundan charchamaganman ham. Chunki yuragimda ilhomdan tashqari beqiyos maroq hissi ham bor edi-da. Shoir yaratgan har bir satrning o‘zbekcha bo‘y-basti, butun salobati bilan namoyon qilib berish, albatta, mendan juda katta fidoyilikni talab qilardi. Haykaltarosh oddiy toshda ajoyib siymolarni ko‘radi. Undan, oddiy toshdan qanday qilib mana shunday ajoyib siymo yaratdingiz, deb so‘rashibdi. U savolga javoban, bu juda jo‘n ish. Toshdan ortiqcha joylarini olib tashlab, kerakli qismini qoldirdim, vassalom, degan ekan. Har qanday xorijiy shoirni o‘qiganimda dastlab xayolimda uning she’rining o‘zbekcha bo‘y-basti gavdalanadi. Ana shu bo‘y-bastni namoyon qilish uchun ter to‘kib ishlayman. Men uchun bugun tarjima qilib bo‘lmaydigan shoir yo‘q. Tarjimonning eng muhim vazifasi shoir yuragi – u o‘z she’ri tubiga ko‘mgan cho‘g‘ni, hovur-hayajonni topa olishi. Qolgani tajribaning ishi...
– Mabodo, mo‘‘jiza yuz berib, yana talabaga aylanib qolsangiz, o‘zingizga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lardingiz?
–Afsus, qaytmaydi-da u damlar!.. Agar mabodo, talabaga aylanib qolsam, ilm ummoniga boshim bilan sho‘ng‘irdim. Arximedga o‘xshab, tayanch nuqtasini topib bering, Yerni joyidan siljitaman, degan bo‘lardim!
– Talantli bir ijodkor akamizga o‘zingizni jamiyat maxovigining bir vintiga aylantirib qo‘ymayapsizmikin, degan havotir izhor qildim. U nima dedi, deng. Agar Navoiy hazratlari o‘z hayotini hokimiyat hayotidan ayro tutganda tom ma’nodagi Navoiy bo‘la olmas edi, degan gapni aytdi.
– Navoiy hokimiyatdan imkoniyatlarini to‘laroq namoyon qilish uchun foydalangan bo‘lishi mumkin. Ammo uni hokimiyatga chin dildan intilgan, deb aytolmaymiz.
– Kimlarga havas qilib yashaysiz? Yaxshi yozayotganlarni raqib sanaysizmi?
– Hayotda igna bilan quduq qaziydiganlarga havas qilib yashayman. Barcha yaxshi yozayotganlar mening raqiblarimdir. Biroq Xudodan ularga bundan-da yaxshi yozishlarini so‘rayman. Chunki shunda mening ruhiyatimda yangi ufqlar ishtiyoqi tug‘iladi va g‘ayratim yanada alangalanadi.
– Yurtboshimiz tomonidan yozuvchilarga alohida e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilyapti. Qalam ahli shu ardoqqa munosib asarlar yaratayapti, deb o‘ylaysizmi?
– Har qalay, intilishlarimiz bor. Lekin bu reja va niyatlarni ijodimizda yetarli darajada o‘z aksini topmoqda deb bo‘lmaydi. Balki bu birdan ruyobga chiqadigan jarayon emasdir. Lekin hammamizni bir narsa quvontirdi – bu Yozuvchilar uyushmasi faoliyatining jonlanganidir. Bu ayniqsa, janrlar bo‘yicha ishlaydigan kengashlarning yillik hisobotlari yig‘inlarida yaqqol ko‘zga tashlandi. Har bir kengash o‘z sarhisobini qildi va bu sarhisob yangi izlanishlarga, yangi rejalarga zamin yaratdi. Adiblarimiz bundan ham faolroq ishlashlari mumkin. Agar ayrim muammolar hal qilinsa...
– Qaysi muammolarni nazarda tutyapsiz?
– Xususan, kitob nashri muammosini. Yozuvchi asarini yaratib, nashriyotga olib boradi. Nashriyotning ahvoli ma’lum: mablag‘imiz yo‘q, homiy topib keling, deydi. Kitob muallifi homiy topdi ham deylik, bu kitob bosildi ham deylik. Endi yozuvchi uni sotish bilan (noshirlar tilida realizatsiyasi bilan) ovora bo‘lishi kerak. Agar yozuvchi zimmasidan homiy topish burchi va bosilgan kitobini realizatsiya qilish vazifasi olib tashlansa, u bitta o‘rniga, uchta asar yaratgan bo‘larmidi...
– Bundan 15-20 yillar oldin do‘konlarimiz jovonlari belini sirqiratib turgan qator “mumtoz asar”lar birdan g‘oyib bo‘ldi-qoldi. Vaholanki, ularni birov olib tashlagani ham yo‘q edi...
–Ularni jovonlardan istiqlol shabadasi supurib tashladi. Tarix sahnasidan butun boshli bir tuzum uloqtirilgach, uning maddohlariga o‘rin qolarmidi?!
– Inson har bir amali uchun nafaqat bu dunyoda, balki u dunyoda ham javobgardir. Bir paytlar yoshlik harorati bilan bitib qo‘ygan ayrim satrlarni o‘qib bugun afsuslangan paytlarim bo‘lgan. Ana shunday tuyg‘u-tazarrular sizni ham qiynaydimi?
–Har qanday sharoitda ham vijdonimga xilof bo‘ladigan satrlarni qog‘ozga tushirmaslikka harakat qildim. Bu borada ko‘nglim tinch.
– XXII asr o‘zbek she’riyatini qanday tasavvur qilasiz? O‘sha ma’vo-makonda shoir Mirpo‘lat MIRZO she’riyati o‘zini qanday his etadi?
– U zamondagi she’riyat borasida, jumladan, o‘zim haqimda ham biror narsa deyishim mushkul. Lekin qiyin-qiyin – bugungi kunda bir-birini qo‘llab, bir-birini oldinga surib yurganlarga qiyin... Bu aniq.
– Hozirgi adabiy jarayonning yana qaysi jihatlari sizni chuqur o‘ylarga toldiradi?
– Ayrim ijodkor do‘stlarimiz hayotda boshqa millat shoirlariga, asosan G‘arb ijodkorlariga taqlid qilishadi. Ijodkor hayotini uzlatda, yolg‘izlikda yoki allaqanday ehtiroslar og‘ushida tasavvur etishadi. Shunday bo‘lishi mumkindir. Lekin bizning milliy mentalitetimiz sal boshqacharoq. Bu mag‘zi juda to‘q va chuqur Sharq mentaliteti. Sharq odami umrining ma’lum bir pallasida faqat ijodda emas, hayotda tutgan o‘rni, farzandlari kamoli darajasidan ham masrurlanadi. G‘arbda o‘n sakkiz yoshdan keyin o‘z farzandiga bor, bilgan ishingni istaganingcha qil, deydi, hatto “alvido” so‘zini bamaylixotir aytishi mumkin. Bizda-chi?.. Al-Buxoriyning ustozi Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziy hayoti va ijodini o‘rgana turib, dunyoga mutaassiblik bilan emas, hamisha fikrchan ruhda qarash kerakligini ham angladim. Buyuk insonlarning hamma jihatlari ham sen ibrat oladigan fazilat bo‘lmasligi mumkin ekan. Al-Marvaziy aytadi: to‘rt mingta ustoz ko‘rdim. Ularning uchtasininggina fe’l-atvori menga matlub bo‘ldi. Ularning ichida ham falonchida adab-axloq, takalluf o‘zlashtirilgan edi. Falonchida ilm bilan axloq uyg‘un edi. Falonchining har bir fazilati tug‘ma edi, deb yozadi. Biz insonga berilgan fikrlash tuyg‘usini hech qachon yo‘qotmasligimiz kerak. Inson fikrlashga imkoni yo‘q lahzalarda ham fikr egasi. Dunyo tinimsiz evrilib bormoqda. Bu umumbashariy jarayonda inson tabiatidagi ezgu xislatlarning putur topayotganligi tashvishga soladi. Bu bizning azaliy ideallarimizga putur yetkazmasmikin, deb xavotir qilaman. Mana shu tuyg‘ular yorqin bo‘yoqlar ila adabiyotimizda aks etishi va bu muammo adiblarimizni chuqur o‘yga toldirishi kerak. Muhimi, o‘zligimizni saqlab qolish tuyg‘usi tafakkurimizni tark etmasa, bas. Zero, qushlar yuragini doim issiq o‘lkalar tortib turganiday, shak-shubhasiz, bizni ham sharqona an’ana va udumlarimiz o‘ziga tortib turadi. Qonimizda gupurgan ana shu tuyg‘ulargina bizni qiyin davrlardan bezaxa olib o‘tishi mumkin.
Abdu NABI suhbatlashdi.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 6-son.