Har gal Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga ziyoratga borar ekanman, ko‘z yoshlarimni tiyolmayman... Qishin-yozin yam-yashil libosga burkanib, gullab-gurkirab turgan bu xiyobonga boqib, uning kecha-yu kunduz porlab turgan chiroqlari yog‘dusini ko‘rib, ko‘nglim farah topganday bo‘lsa-da, ko‘z oldimga shahidlar kelaveradi... Zinapoyama-zinapoya pastga tushib, har bir daraxt oldida turib ziyorat qilaman va shahidlar ruhiga tilovat etaman. Bugungi ozod va obod istiqlolimiz uchun kurashgan ota-bobolarimiz ruhi poklariga ta’zim bajo keltiraman.
O‘zbek xalqi ma’naviyatining ustunlari qoni to‘kilgan shu “baxtsiz jarlik”ni chamanga aylantirgan Yurtboshimiz Islom Karimovning xayrli ishlarini ko‘rib faxrlanaman. Bu faxr-iftixordan ilhomlanib, ulug‘ bobolarimiz haqida yozish baxtiga muyassar bo‘lganimdan sevinaman.
Qo‘limda 1938 yili qamoqxonada vafot etgan shoir, xattot, muhrkan Komiljon Devoniy va qarigan chog‘ida uzoq o‘lkadagi turmalarda umri xazon bo‘lgan shoir va bastakor Safo Mug‘anniylarning suratlari... Ko‘nglimda esa, shahid ketgan bu shoirlar xotirasini muzeylarda abadiylashtirish, bugungi baxtli yoshlar qalbiga ular navosini yetkazish istagi bor. Shu bois, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining jonkuyarlaridan biri, taniqli adib, professor Naim Karimovga uchrashib, ustozga bu suratlarni taqdim etdim va ayrim savollar bilan murojaat qildim.
— Hurmatli domla, uzr, savolimni biroz uzoqroqdan boshlamoqchiman. O‘zingizga ma’lum, Komiljon Devoniy Xorazm tarixida mashhur bo‘lgan muhrkanlar oilasida 1887 yilda Xivaning Sangar qishlog‘ida tug‘ilgan. U Ismoil devonning o‘g‘li bo‘lgan. Ismoil devonning akasi Xudoybergan muhrkan Muhammad Rahimxon II Feruz saroyida yuqori martabali devonlardan sanalgan. Chunki Xudoybergan muhrkanning o‘zi, ota-bobolari qurol-aslaha yasashgan. Shu bilan birga, podshoh, qushbegi, devonbegilar, qozikalonlar, muftiylar, qal’a hokimlarining muhrlarini yasaganlar. Qolaversa, Xiva madrasa va masjidlari, minoralar, darvozalar tepasiga tarixlar, turli yozuvlar, g‘azallarni marmarga o‘yib, naqsh bilan sayqal berib yozganlar. Xonlikdagi oltin, kumush, misdan yasalgan tangalar eskizini ham zarbxonaga ular tayyorlab berganlar. Naqqoshlik san’atini puxta egallagani tufayli dutor, samtur, tanbur, g‘ijjak, skripka singari cholg‘u asboblarini yasaganlar hamda Xorazm olti yarim maqomini yoddan bilganlar. Shoir va kotiblikda shuhrat qozonganlar. Aytishlaricha, Komiljon Devoniyning o‘n barmog‘i o‘n hunarga ega ekan. Darhaqiqat, Sharqshunoslik institutida uning o‘nga yaqin biz aniqlagan qo‘lyozma bayozlari ham borki, ularning ba’zilarida Komiljon Devoniyning xattotlik san’ati namoyon bo‘lsa, aksariyatida g‘azallari, muxammaslari jamlangan. U o‘z dastxati bilan devon tartib bergan. Atigi 51 yil umr ko‘rgan, mustabid sho‘rolar davrida 18 yil yashagan va 1938 yil 10 fevralda otuvga hukm etilgan. Komiljon Devoniyning “delo”si, undagi ma’lumotlar haqida so‘zlab bersangiz.
— Avvalgi asrlarda ham, keyingi asrda ham Xorazm hududidan ko‘plab iste’dodli shoir va bastakorlar, xonanda va sozandalar, naqqosh va mahrkanlar yetishib chiqqan. Ammo XX asrning boshlarida tug‘ilib, taniqli adabiyot va san’at namoyandalari bo‘lib ulg‘aygan kishilarning taqdiri, afsuski, fojiali kechdi. Sovet davlatining “qalqon va qilich”i bo‘lgan idoralar xalqning ko‘zga ko‘ringan, milliy madaniyatimizning yetakchilari bo‘lgan kishilarni yo‘q qildi.
Kamina mamlakatimiz tarixining shu mudhish davrini ozmi-ko‘pmi o‘rganganman. O‘tgan asrning 30 — 50-yillarida kim “xalq dushmani” sifatida ayblanib hibsga olingan bo‘lsa, tergov paytida undan shu aybni tasdiqlashi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar olingan. Mahbus biror aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lganmi yo yo‘qmi, bundan qat’i nazar, u qiynoq ostida tergovchi tuzgan har qanday tuhmatli bayonnomaga qo‘l qo‘yishga majbur etilgan. Bechora mahbuslar o‘zlariga ham, boshqalarga ham beixtiyor tuhmat qilganlar. U yog‘ini so‘rasangiz, qatag‘on to‘lqini avj olgan 1937 — 1938-yillarda mamlakatimizda birorta aksilinqilobiy tashkilot bo‘lmagan. Turkiston Muxtoriyati yemirilgandan keyin tuzilgan tashkilotlar (ular GPUning doimiy nazorati ostida bo‘lgan) 20-yillarning o‘rtalaridayoq biror ish qila olmaganligi tufayli tarqalib ketgan.
Aytmoqchimanki, aksar mahbuslarning “delo”lari bilan tanishgan kishi bu “delo”lardan biror ishonarli ma’lumot ola bilmaydi. Ulardan hatto biror mahbusning hayotiga doir aniq biografik ma’lumotlarni ham topish mahol. Shuning uchun tarixchi va jurnalistlar oddiy kishilarning va ko‘plab fan hamda madaniyat xodimlarining fojiali taqdirlarini shu vaqtga qadar yoritmay kelmoqdalar.
Komiljon Devoniyning “delo”sida esa uning hayoti va ijodiy faoliyatining muhim sahifalarini yoritadigan ma’lumotlar yo‘q emas. Shu ma’lumotlarga qaraganda, u 1887 yili Xivada tug‘ilgan. Xon devonida mirzo bo‘lib ishlagan. Qamoqqa olingan vaqtda Toshkentning 1-Qoratosh mahallasidagi 8-uyda yashab, o‘ymakorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning 1928 yili yozgan she’ri 1937 yilda qamoqqa olinishiga asos bo‘lgan. Bu she’r, NKVD xodimlari nazarida, sovet davlati siyosatidan norozilik kayfiyati bilan sug‘orilgan ekan.
Xullas, Komiljon Devoniy shunga o‘xshash ayblar bilan 1938 yil 10 fevralda o‘lim jazosiga hukm qilingan. Ammo hukm chiqqandan keyin, ko‘p o‘tmay, 5 may kuni kunduz soat 1 da Toshkent qamoqxonasida vafot etgan. 1958 yil 19 sentyabrda oqlangan.
Keyinchalik Komiljon Devoniyning ijodiy faoliyati bilan tanishar ekanman, bu jabrdiydaning ulkan shoir, xattot, sozanda, o‘ymakor, xullas, har tomonlama iste’dodli inson bo‘lganini bilib, sovet davlati shunday ajoyib kishilarning yostig‘ini ongli ravishda atay quritganiga hali ham aqlim bovar qilmaydi.
— Naim aka, tarixdan bizga ma’lumki, 1920 yilda paydo bo‘lgan Xorazm xalq sho‘rolar jumhuriyati “Yosh xivaliklar” tashkiloti ichidan yetishib chiqqan eng savodxon, talantli yoshlardan o‘zlarining maqsadlarini amalga oshirishda foydalangan. 1922 yilda Xorazm xalq sho‘rolar jumhuriyati o‘lkaning o‘z ordenini tayyorlab, u bilan Leninni mukofotlagan. Ana shu ordenni Komiljon Devoniy tayyorlagan edi. Shoirga sovet hukumatining dushmani deb aybnoma qo‘yganlar bu tarixiy faktdan bexabar bo‘lganlarmi?
— O‘sha yillari allaqaerlardan kelgan NKVDning zombilashgan xodimlari uchun Komiljon Devoniydek kishilar odam hisoblanmagan. Umuman, ular o‘zlaridan boshqalarni, ayniqsa, o‘rtaosiyoliklarni odam o‘rnida ko‘rishmagan. Miltiq ushlash va otishdan boshqa narsani bilmagan bunday kimsalar xalqning yuksak madaniyatli, bilimdon kishilarini qanchalik urib, haqorat qilib, qiynab o‘ldirgan bo‘lsalar, bu ishlardan shunchalik mamnun bo‘lishgan. Imperator Nikolay oilasini xasta farzandlarigacha shafqatsizlik bilan otishganini eslasangiz, bunday kimsalarning razil qiyofasi ko‘z oldingizga yaqqol keladi.
— Domla, Komiljon Devoniyni bolalikdan yaxshi bilgan, u bilan bitta hujrada yashab, bitta madrasada o‘qigan, Muhammad Rahimxon ikkinchi Feruz saroyida birga xizmat qilgan shoir, xattot Bobojon Tarrox Xodim “Xorazm navozandalari” xotira kitobida Komiljon Devoniy va Safo Mug‘anniyning qamalish fojialariga to‘xtalgan.
O‘sha kezlari, 1928 — 1929-yillar Xorazmga Akmal Ikromov kelarmish, deb qizg‘in tayyorgarlik ko‘rila boshlangan va shu munosabat bilan “Akmal Ikromov kelur” nomli qo‘shiq paydo bo‘lgan. G‘azal matnini Komiljon Devoniy yozgan, qo‘shiqni kuylagan Sheroziy olqishga sazovor bo‘lgan. Ayni o‘sha kezlarda yana bir ustoz san’atkor Safo Mug‘anniy ham Yo‘ldosh Oxunboboev, Fayzulla Xo‘jaevlar haqida qo‘shiqlar kuylab yurgan. Biz Safo Mug‘anniy deganda shoir, bastakor, qidimiy Xorazm xalq qo‘shiqlarining bilimdoni bo‘lgan mashhur hofizni tushunamiz. Shuningdek, jahon sahnalari malikasi Tamaraxonimning ustozini bilamiz. Tamaraxonim repertuaridagi o‘nlab xalq qo‘shiqlari Safo Mug‘anniynikidir.
Gap shundaki, soddadil, hamma narsadan yaxshilik izlovchi bu san’atkorlar sovet tuzumi xalqni baxtli qiladi, deb umid qilganlar. Qolaversa, mehmonni izzat qilishgan. Mana shu bitta g‘azal, bitta qo‘shiq ular boshiga kulfat keltirgan. Bobojon Tarrox Xodimning yozishicha, hasadguy ayg‘oqchilar Stalinga xat yozib: “O‘zbekistonda Akmal Ikromov bilan Fayzulla Xo‘jaevning nomi olamga ketdi... Sizning nomingiz O‘zbekistonda aytilmasdan qoldi”, deb gap yetkazganlar. Tekshir-tekshirlar, tergovlar begunoh soddadil insonlarning taqdirini chilparchin etgan. Yillar o‘tib, qatag‘on daryosining to‘lqinlari, ularni ham, ya’ni shoir Komiljon Devoniy va hofiz Safo Mug‘anniyni o‘z qa’riga tortgan. Shunday ekan, bu ijodkorlarni “Bir g‘azal qurbonlari”, deb yozsak joiz bo‘lmaydimi?
— Shubhasiz, agar Komiljon Devoniy to‘g‘risida maqola yozsangiz, uni “Bir g‘azal qurboni” deb nomlashingiz mumkin. Ammo Devoniy o‘sha g‘azalini yozmagan taqdirida ham qatag‘on etilgan bo‘lardi. Nafaqat Devoniy, balki boshqa shoiru hofizlar ham falakdan shikoyat mazmunida she’r yozmaganlari yoki aytmaganlarida ham qatag‘on daryosiga tashlangan bo‘lardilar. Negaki, ular xalqning hushyor ko‘zlari, biyron tillari, zukko quloqlari va uyg‘oq vijdonlari edilar. Sho‘ro davlati rahbarlariga: “Baxtli yoshligimiz uchun o‘rtoq Stalinga rahmat” deydigan, partiyaning hamma da’vatiga “Labbay” deb oyoqqa turadigan avlodgina kerak edi.
— Shu o‘rinda Safo Mug‘anniy “delo”si bilan tanishtirsangiz.
— Safo Mug‘anniy 1937 yil 28 avgust kuni qamoqqa olingan. Men uning “delo”si bilan tanishib, faqat 1882 yili Xivada tug‘ilgani va ism-sharifi Safo Olloberganov bo‘lganinigina bildim. Yana Urganch teatrining sozandasi bo‘lganligi aytilgan. Uning hayoti va ijodiy faoliyatiga oydinlik kiritadigan boshqa biror ma’lumot yo‘q. Safo Mug‘anniy o‘sha yilning 28 noyabrida 10 yilga hukm qilingan. Jazo muddatini o‘tash uchun qaerga yuborilgani va keyingi taqdiri qorong‘i... U 1858 yil 19 aprelda oqlangan.
— O‘zbek adabiyoti va san’ati taraqqiyotida ma’lum iz qoldirgan shoir va xattot Komiljon Devoniy va sozanda, bastakor Safo Mug‘anniy hayoti va ijodini “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida ko‘rishni istaymiz. Siz bunga nima deysiz?
— “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzey ekspozitsiyasi ustidan ish olib borganimizda o‘sha davrda jabr-jafo chekkan juda ko‘p vatandoshlarimizning fotosuratlarini topa olmadik. 1937 — 1938-yillarda esa, asosan, Toshkentda hibsga olingan kishilar suratga tushirilgan. Ularning tintuv paytida olib ketilgan surat va qo‘lyozmalari esa yo‘q qilib yuborilgan. Shuning uchun, muzey ekspozitsiyasida nafaqat oddiy mehnat ahli, balki mashhur kishilarning ham suratlarini qo‘yish imkoniyati bo‘lmadi.
— Komiljon Devoniy g‘azallari bitilgan devonlarni, muhrkan otalarning Xiva madrasa va masjidlari, minoralariga bitilgan marmar toshlardagi g‘azallarini, uning naqqoshlik san’atini bugungi mustaqil Vatanimiz yoshlari o‘rgansalar, bu yo‘nalishda ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib borilsa muddao bo‘lur edi.
— Bu istaklaringizni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Zotan, qatag‘on davri qurboni bo‘lgan aksar kishilar uchun shaxsiy manfaat tushunchasi butunlay begona bo‘lgan. Ular o‘z huzur-halovatlarini o‘ylab, nafaqat avlodlari, balki o‘zlari uchun ham to‘kin va farovon turmush asoslarini yaratmaganlar. Agar ular hayot bo‘lganlarida Mustaqil Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bizga qaraganda ham fidoyilarcha ishlagan bo‘lardilar.
Hozirgi yoshlar ulardan ibrat olishlari, ularning vatanparvarlik, xalqparvarlik, taraqqiyparvarlik, fidoyilik an’analari va vasiyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalanishlari ayni muddaodir.
Anbara OTAMURODOVA suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 18-sonidan olindi.