OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul: «Adabiyot baribir yangilanaveradi» (2005)

http://ziyouz.com/rasmlar/nazar_e.jpg— Nazar aka, suhbatimizni o‘tgan yili nashr etilgan «Maymun yetaklagan odam» nomli to‘plamingizga kirgan asarlar, xususan, «Tun panjaralari» va «Qora kitob» qissalaridagi qahramonlar va ularning ruhiy holatlariga doir mulohazalardan boshlasak. Har ikkala qissa qahramonlarining ruhiy holati, kechinmalari borasida ayrim savollarga e’tiboringizni tortmoqchiman.  «Tun panjaralari»da «Hayotni kashf etish uchun yashamaslik kerak», deydi qahramon. Ammo «Qora kitob»dagi «Hayotning butunlay mazmunsiz ekanligini anglab yetdim», degan qahramoningizning anduhi so‘nggi adashuv bo‘lishiga umid bog‘laysiz, ayni paytda unga achinib qaraysiz...
— Bir narsani oldindan aytib qo‘yishim kerak: ushbu to‘plamga kirgan asarlar sho‘ro tuzumi davrida yaratilgan. To‘plamdagi qahramonlarning ruhiy holatlari ham o‘sha davrga xos. 
Savolingizda «Tun panjaralari» qissasidan olingan «Hayotni kashf qilish uchun yashamaslik kerak», degan xulosa va «Qora kitob» qahramonining: «...hayotimning mazmunsiz ekanini anglab yetdim», degan e’tirofi o‘z-o‘zidan Kamyu ta’riflagan inson haqidagi absurd tushunchani yodga soladi. Agar siz shu ichki jarayonni ko‘rib turib savol berayotgan ekansiz, demak, o‘zingizda bu savolga javob ham tayyor bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, meni e’tirof ettirmoqchisiz, shekilli.
Keling, yuqoridagi xulosaga kelgan ikkala qahramon haqida gaplashaylik. Nega ular bunday xulosaga kelishdi? Bunga ularni nima majbur etdi? «Tun panjaralari» qissasidagi qahramon atrofidagi holat va fikr turg‘unligidan bezigan, «o‘zini o‘zi xayoliga bandi qilgan», o‘zini izlayotgan odam. U bu turg‘unlikdan qochib, o‘z ko‘ngliga yashirindi. Uning bor-yo‘q isyoni shu. Uning ichida yashashga arzigulik narsa — saqlanib qolgan shu kechinmalar, xolos. U shu kechinmalari bilan o‘zini tirikman, deb hisoblaydi. U o‘zini kashf etayotgan, shafqatsizlarcha so‘roqqa tutayotgan odamdir. Uning fojeasi ham shunda. U o‘z xulosalarini o‘zining mavjudligini isbotlashga urinayotgan inson xulosalari sifatida qarashni istaydi, ya’ni u o‘zining mavjudligini isbotlashga urinyapti. Umuman, inson o‘zi bilmagan, hatto eng g‘ofil holatda ham kechinmalari erkinlikka intiladi. Bu qahramon o‘z erkini o‘z xayolidan, o‘z tasavvuridan topgan. Tasavvuri bilan ko‘z oldidagi Dunyo kelishmayapti, uyg‘unlashmayapti. Oqibatda u faqat tasavvur dunyosida qolib ketdi. U faoliyatsiz odamdir. Uni xohlagancha faoliyatsizlikda ayblash mumkin. Ammo uning eng faol ijtimoiy kishidan ham bitta farqi, kerak bo‘lsa, ustunligi bor: u o‘zining kimligini biladi. U o‘zi yashayotgan muhitda o‘z ismini, o‘z o‘rnini, o‘z mohiyatini anglab olishga (topishgacha hali uzoq) uringan qahramon.
Agar razm solgan bo‘lsangiz qahramon o‘zining Robiyaga, keyin Hosilaga bo‘lgan muhabbat mojarolaridan «asar», «voqelik» yaratayotgani yo‘q. U muhabbat mojarosini o‘zini anglash yo‘lidagi atigi bir vosita, deb bilyapti. Lekin uning qalbi hali his-tuyg‘uga begona emas. U go‘zallikni mukammal ko‘rishni istaydi. Shuning uchun ham go‘zallik qalbga cho‘kishini istaydi, faqatgina ko‘z yoki shunga bog‘liq munosabatlarga emas. Bu holat uni muhitdan ayirib qo‘ygan, muhit bilan u til topisha olmayapti, muhit uni, u muhitni tushunmayapti. U o‘zining ezgin kechinmalari ifodasi bo‘lmish «mashqlarini» do‘stiga, muharrirga o‘qib beradi, ular uning ustidan kulishadi. Ana shu vaziyatda u o‘zining muhitga begonaligini sezib qoladi va o‘z tasavvur qobig‘iga berkinib oladi. U o‘zini fikr va aql turg‘unligidan xalos qilish uchun xayol uzlatiga, qalbining to‘riga chekinadi. Qalbining to‘rida turib o‘zini anglashga urinyapti. Uni faoliyatsizlikda ayblab bo‘larmikan?..
Bu yog‘i yozuvchining ishi emas. Yozuvchi o‘zini anglashga urinayotgan qahramonni tavsiya qildi, uni qabul qilish, qilmaslik kitobxonlarning ishi.
 «Qora kitob» qahramoni esa unga qaraganda faolroq. U o‘zini anglab yetdi. Anglab yetdigina emas, o‘zi haqida xulosa ham qilib bo‘ldi. Lekin u anglab yetgan xulosa, haddan tashqari shafqatsiz edi. U o‘zining «men»ini shu qadar fojeaga olib kelgan narsa nima, degan savolga javob izladi. Javob izlash oqibatida o‘zi yaratganini qurbon qildi. Chunki u daf’atan o‘zining qurbon bo‘lganini bilib qoldi. Kimning, nimaning yo‘lida? Kim va nima uchun? Agar u kundalik hayot tarzini buzmay yashab kelganida, o‘zining qurbon bo‘lganini va qurbon bo‘layotganini anglamasdan, boshqalar kabi yashab o‘tardi. Lekin u anglash sari yuz tutdi. Oqibatda o‘zining qaysidir g‘oya yo‘lida qurbon bo‘lganini anglab qoldi. U qurbon bo‘lganda ham masxaraomuz tarzda qurbon bo‘lgandi. U nimaniki go‘zallik va ozodlik timsoli deb sig‘ingan bo‘lsa, sig‘ingani jaholat va qatag‘on bo‘lib chiqqan edi. U nimaniki ezgulik uchun yaratgan bo‘lsa, yovuzlikning xizmatkoriga aylangandi. U aybsiz aybdor bo‘lib chiqdi. U adashganini angladi. Hayotini o‘zgartirishga qurbi kelmadi. Faqat o‘zi yaratgan g‘oyaga bo‘lgan ishonchnigina bo‘g‘izlay oldi. Qurbi shungagina yetdi. U bu g‘oyaning, bu ta’limotning yana yashab, o‘zi kabi millionlab kishilarni qurbon qilishini istamadi. Bu qahramonning isyoni ham bor-yo‘g‘i shu. Kamyu aytganidek, bu anglanish, o‘zini topish isyonidir. Inson o‘zini anglash sari borayotgan ekan, tushkunlik botqog‘iga botganlardan farqli o‘laroq, bu qahramon o‘zining adashishi va o‘zining qurbonligi so‘nggi qurbonlik, so‘nggi adashuv, so‘nggi og‘riq to‘la hayqiriq bo‘lib qolishini istayapti.
— Shu o‘rinda, ijod uslubingizdan kelib chiqib, absurd tushunchasi va uning mohiyatiga munosabatingizni bildirib o‘tsangiz.
—    Absurd odam — o‘zini anglab yetgan odamdir, degan edi Kamyu. U, ya’ni o‘zini anglab yetgan odam, xuddi shu joydan — o‘zini anglab yetgan joydan yangi tushunchani, yangi e’tiqodni yaratishni boshlaydi. Ehtimol, bu tushuncha va e’tiqod ham vaqti kelib sarob va abas bo‘lar. Lekin absurd odam uchun bunday ongning o‘zida yashash va yaratish uchun kuch topa olgani muhim. Ana shuning o‘zi absurddir. Xuddi Sizif kabi. Xuddi umidlari o‘lgan joyda go‘rdan bo‘lsa ham qayta tirilgan Go‘ro‘g‘li kabi. Xuddi bandi bo‘lishini bilib turib, Chilbir cho‘liga kelgan Alpomish kabi. Hayotining mazmunsiz ekanligini har gal anglab yetishi unga quvvat beradi, unga yangi kuch beradi, hayotni sevishga, uni anglashga undaydi. U o‘zining yengilishini bilib turib jangga kirgan va hamisha mag‘lub bo‘lgan jangchini eslatadi. Ammo uning har bir mag‘lubiyati o‘zini, odamni, ilohiyatni anglash yo‘lidagi g‘alaba bo‘lib qolaveradi. Uning uqubatlari, uning iztirobi anglanish va anglash iztirobidir. Uning manzili o‘zini anglash sari, tasavvuf tili bilan aytganda «aqli kul» manzilidir.
 Kamyu yozgan edi: «Toki ijod zavqi yashar ekan, do‘zaxda ham qo‘shiq aytish mumkin». Men bu gapga qo‘shimcha qilolmayman. Aslida o‘zim yaratgan qahramon haqida bu xil fikrlash, fikr bildirish o‘ta nokamtarlik. Shu sababli o‘quvchilardan uzr so‘rayman. Ammo sizning savolingiz meni nokamtar bo‘lishga majbur qilyapti. Men qahramonlarimni o‘zim o‘ylagandek tushuntirdim. Uni qanday tushunish kitobxonning ishi. Men ham bu qahramonlarni yaratgan yozuvchi sifatida emas, bir o‘quvchi sifatida o‘zim tushunganlarimni yozdim.
— Nazar aka, qariyb barcha asarlaringizda tun, qorong‘ulik kabi ramzlar yetakchilik qiladi. Masalan, F.Dostoyevskiy kabi yozuvchilarning asarlarida («Oydin tunlar»), xuddi sizning «Robiya»ngizning jamalak sochlaridan taraladigan xushbo‘ylardek, yorug‘lik, hayotga muhabbat, mehr ufurib turadi. Shunday asarlar yozishga urinib ko‘rganmisiz, yoza olasizmi?
— Albatta, yorug‘ asar yozish mumkin. Agar siz «Oydin tunlar»ni muhabbat haqidagi eng yorug‘, eng optimistik asarlar sirasiga kiritayotgan bo‘lsangiz, men bu fikrga qo‘shilmayman. Ta’bir joiz bo‘lsa, men bu asarni birinchi darajali absurd asar, qahramonini esa birinchi absurd qahramon, deb atagan bo‘lardim. Umuman olganda, absurd degan atamani siz qo‘llaganingiz uchun qo‘llayapman. Aslida atamalarning ahamiyati yo‘q. Yozgan odam qanday o‘ylasa, shunday yozadi. Har bir yozuvchida izhor va inkor imkoniyati bor. Izhor va inkor tasvirini uslub deb atasak, har bir odam o‘ziday uslub yaratadi. Uni «g‘arbu sharq» oqimlariga taqayverish to‘g‘ri emas. «Uslub bu odamning o‘zidir», degan fikr bor. Yana bir narsa. Kamyu mansub ekzistensializm bilan sharqona tasavvuf falsafasini bir solishtirib ko‘rish kerak, deb o‘ylayman. Shunda bugun biz «Bu g‘arbcha qarash» deb atayotgan narsalarning aksariyati o‘zimizda ham borligini anglab qolamiz.
— Sizni tasavvuriga «dosh» bera olgan yozuvchi, deb bilamiz. Tasavvur qilingki, pul, umuman, moddiyat o‘z ma’nosini yo‘qotsa, siz qanday asar yozardingiz? Umuman, insonning ehtiyojlari daholarni yaratadi, degan qarash bilan ushbu holatga (moddiyatning ma’nisizlanishiga) qanday baho berardingiz?
— Pul, moddiyat, boylik dahoni ham, san’atni ham yaratmaydi. U, ehtimol, san’at yaratilishiga turtki, vosita bo‘lgandir. Shu sababli, zavqni hech qachon moddiyat belgilamaydi. Agar moddiylik bilan ijod zavqi yaralganida edi, bugun daholar soni pashshadan ham ko‘p bo‘lardi. Insoniyat tarixidagi daholarni esa barmoqlar bilan ham bemalol sanay olamiz.
— Bugungi o‘zbek romanchiligi, umuman nasri haqida nimalar deya olasiz?
— O‘zim o‘qimagan romanlar, asarlar haqida hech narsa deya olmayman. Ko‘nglim to‘lib, azobga tushib yoki zavq qilib keyingi yillarda milliy romanlarni o‘qiganim yo‘q. Buning uchun yo o‘zim, yo yozuvchilar aybdor. Biron yangi asar sotib olsam, bir odatim bor, kitobning birinchi betini, o‘rtasini, keyin oxirgi betini o‘qiyman. Aksariyat hollarda shu uchta sahifa uch yuz sahifalik kitob haqida menga to‘liq tasavvur beradi. Agar shu uch sahifa meni kitobni jiddiy o‘qishga undasa, shundan so‘ng mutolaaga kirishaman. Buni dimog‘dorlik qilib aytayotganim yo‘q. Shunchaki, ba’zi asarlarimiz shunday bo‘lib qolgan, deb aytayapman.
— Modernizm, umuman badiiy oqimlar xususida fikringiz qanday?
— Modernizm haqida ijobiy yoki salbiy munosabat bildirish — hozirgi davrimiz adabiyotshunosligida — XIX asrda Yevropada urf bo‘lgan — qo‘lingda hassang bo‘lsa, oqsuyak hisoblanasan, degan naqlga o‘xshab qoldi. Men bu haqda gapirishni istamayman. Lekin bir narsani aytmoqchiman: modernizm olabo‘jisini yaratish kerak emas. Modernizm — yangilik degani, yangicha tasavvur, yangicha qabul qilish, degani. Uning boshqa ma’nosi yo‘q. Adabiyotni esa olabo‘ji bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi. U hassalardan qo‘rqib emas, ong va did ehtiyoji bo‘lib yangilanaveradi, o‘zgaraveradi.

Shodmonqul Salomov suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 45-sonidan olindi 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.