Darvoqe, zamonasining o‘ziga xos afsonaviy shaxsga aylangan Raj Kapur-Mukesh jilarning bir-birini to‘ldiruvchi ijodiy hamkorligi ularni o‘zaro bog‘lab turgan. Bu bog‘liqliklar Kapurlar xonadoni hamda bizning oila farzandlari bilan og‘a-inilar kabi yaqinlik rishtalarini bog‘lanishiga sabab bo‘lgan.
Tengdoshlarim Randhir, Rishi, Rajiv Kapurlar bilan aka-ukalarday bo‘lib o‘sganmiz. Raj janoblarini ota hamda ustoz o‘rnida ko‘rardim. U kishi ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib, bu go‘zal mamlakatingizdan olgan taassurotlarini hikoya qilib berganlarida hali yosh bola edim.
— Nitin sohib, albatta yurtimizga ilk marotaba tashrif buyurishingiz bu. Avvallari O‘zbekiston haqida tasavvuringiz qanday edi?
— Savolingizga javob berishdan avval gapni uzoqdan boshlashga to‘g‘ri keladi: bilasizki, nomi butun dunyoga taniqli aktyor, prodyuser Raj Kapur janoblarining deyarli barcha filmlaridagi qo‘shiqlar ijrochisi mening padari buzrukvorim Mukesh ji bo‘lganlar. Bu hammaga ma’lum. Lekin ko‘pchilik nazaridan pinhon bo‘lib kelayotgan bir “sir”ni aytib qo‘yay — garchi buyuk san’atkor Raj sohib mening otam “qo‘shiq”larini aytib rol ijro etgan bo‘lsalar-da, yaxshigina ovozli ham edilar. Faqat oilaviy hamda yaqin do‘st-yorlar davrasida qo‘shiq aytganlar... Darvoqe, zamonasining o‘ziga xos afsonaviy shaxsga aylangan Raj Kapur-Mukesh jilarning bir-birini to‘ldiruvchi ijodiy hamkorligi ularni o‘zaro bog‘lab turgan. Bu bog‘liqliklar Kapurlar xonadoni hamda bizning oila farzandlari bilan og‘a-inilar kabi yaqinlik rishtalarini bog‘lanishiga sabab bo‘lgan. Tengdoshlarim Randhir, Rishi, Rajiv Kapurlar bilan aka-ukalarday bo‘lib o‘sganmiz. Raj janoblarini ota hamda ustoz o‘rnida ko‘rardim. U kishi ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib, bu go‘zal mamlakatingizdan olgan taassurotlarini hikoya qilib berganlarida hali yosh bola edim. Ana o‘shanda O‘zbekiston haqida birinchi tasavvurga ega bo‘lganman.
— Albatta, ul janob juda ko‘p mehmonimiz bo‘lganlar. Yaxshi eslaymanki, bizda o‘sha kunlar kino muxlislarining bayramiga aylanib ketardi.
— To‘g‘ri. Raj sohib qanchalik vaqtlari ziq, ijodiy rejalar bilan band bo‘lishlariga qaramay, yangi olinayotgan filmni vaqtinchalik to‘xtatib bo‘lsa-da, O‘zbekistonga kelishga imkon topardilar. Va, albatta, olgan taassurotlarini to‘lqinlanib gapirib berardilar. Bir so‘zlari esimdan chiqmaydi: “O‘zbekistonga, so‘lim Toshkentga hordiq chiqarib kelay deb boraman-u, hech iloji bo‘lmaydi. Do‘stlarim, yoshu qari muxlislarim yopirilib kelishaveradi...” So‘ng kulib, qo‘shib qo‘ygandilar: “San’atkor uchun bundan boshqa nima kerak!” Raj sohib vafotlariga mana shuncha yillar bo‘lganiga qaramay u kishining yodi xalqingiz qalbida hamon mujassam ekan. Shu mehr-muhabbatning o‘chmas timsoli sifatida u janob xotirasini yod etib, ajoyib tadbir o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini eshitib, Raj Kapurlar xonadoni bilan birgalikda behad quvondik. Rejadagi barcha ishlarni biroz orqaga surib, Ustoz sevgan muluk — O‘zbekistonga keldik.
— Bombayning jazirama issiq havosidan bu yerga keldingiz-u, izg‘irin aralash gupillab yog‘ib turgan qor ustidan chiqdingiz...
— Darvoqe, sizlarda bu sovuq qachon boshlangan? Qish yaqinda kirgan bo‘lsa, hali uzoq davom etarkan-da!?
— Qayda! Havoning bunday birdan sovib ketganidan o‘zimiz ham hayronmiz. Xuddi sizlarni kutib turganday! Aslida-ku, kuni kecha bu yerdagi havo harorati Dehlidagidan ham “yuqoriroq” edi. Bir hafta o‘tib yana havo sizlardagi Bombay havosiga o‘xshab qolishi hech gap emas. Ob-havo mutaxassislari shunga yaqin bashorat qilmoqdalar. Bizda bir oy ichida to‘rt faslning guvohi ham bo‘lishingiz mumkin.
— Chindanam ajoyib!
— Samolyotdan tushgan zahoti o‘zingizni qanday his etdingiz?
— Kelayotib, Toshkentda qor yog‘yapti deganlarini eshitib rosa xursand bo‘lgandik. Tushdigu, o‘zimizni oppoq, musaffo qor kapalaklari og‘ushida ko‘rdik. Istiqbolimizga peshvoz chiqqan do‘stlarning bayramona kayfiyatlari, quchoq ochib kutib olishlari ko‘nglimizni yanada ko‘tarib yubordi. Xuddi avvaldan tanish qadrdon kishilar orasiga tushib qolganday his etdik, o‘zimizni. Ko‘pchilik bizning ona tilimiz — sof hindiyda gaplashishar, bu bizni yana hayratga solardi... Qizishib ketib “ochiq havo”da «guftugo‘»ga ancha-muncha erk bervorgan ekanmiz, salqin havo tomoqqa biroz ta’sir etibdi. Bilasiz, sozanda o‘z sozini qanchalik ehtiyotlasa, qo‘shiqchi ham katta sinov oldidan issiq-sovuqdan o‘zini asrashi kerak... Buning da’vosi men uchun gazlanmagan iliq mineral suv!... Kontsert davomida soqiyona tutilgan “qadah”dan ikki-uch qultum ho‘plab olishimni ko‘rib, ko‘pchilik hayron bo‘lishgandir...
— Kontsert chog‘ida o‘zingizni juda erkin tutishingiz, hatto tomoshabinlarni ham jo‘rovoz bo‘lib kuylashga da’vatingiz odatdagi “repertuar” uslubingizmi?
— Sizga aytsam, har bir qo‘shiqchi “auditoriya” deb ataluvchi ko‘p sonli tomoshabinlar oldida eng avvalo o‘zni tuta bilish madaniyatiga katta e’tibor qaratmog‘i kerak. Ayniqsa, sinashta bo‘lmagan “auditoriya” oldida!... Men o‘zbek qo‘shiq ixlosmandlari uchun birinchi bor kuylashim edi... Endi “uslub”ga kelsak, buni menga ilk kontsert dasturidanoq namanganliklarning o‘zlari bizda qadimda davom etib kelayotgan xalqona “uslub”ga tushirib qo‘yishdi. Ya’ni tomoshabinni zavq-shavqqa to‘lib, hayajonli tasannolar izhor qilib, ruhlantirib turishi, ohangga evrilib raqs tushishi qanchalik zavqli! “Uslub”ni “o‘zimizniki”ga mengzab gapirdim. Aslida bu sizlarda ham bor “uslub” ekan. Buni Samarqandu Toshkentda namoyish etilgan dasturlarimiz chog‘ida ham guvohi bo‘ldim. “San’at odamlarni ruhan bir-biriga bog‘lovchi sehrli tilsim”, derdilar rahmatli otam. Xalqlarimiz ham tabiatan, ham ruhan qanchalik bir-biriga yaqinligini qarang!
— Padari buzrukvoringiz nomini tilga oldingiz. Otangiz “ilohiy ovoz sohibi” ekanliklarini xalqimiz yaxshi biladi. Hali-hanuz u kishining huzurbaxsh qo‘shiqlari jaranglab eshitilmagan go‘shani topish qiyin, bizda.
— O‘zbekistonda bir haftadan ziyod yashayotgan bo‘lsam, buni o‘zim ko‘rib-bilib turibman. Hayajondaman!
— Necha yoshdan boshlab qo‘shiq ayta boshlagansiz? Bu sohaga kirishingizga otangizning rag‘batlari bo‘lganmi?
— “Ota kasb”ni men mashhur Mukeshning o‘g‘li bo‘lganim uchun emas, san’atga moyillik qonimda bormi-yo‘qmi sinab ko‘rmoq uchun 5-6 yosh chog‘imdan o‘zimcha nimalarnidir hirgoyi qila boshlaganman. Otam bilan “bo‘ylashish”ga urinish yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Biroq u kishi ovozimda qandaydir “shira” borligini payqaganlar chog‘i, musiqaviy saboq olishimga yo‘llanma berganlar. Shu asnoda qo‘shiq aytish mashqini ham qila boshladim. Padarim bundan xabardor edilar. Lekin “Otasiga ergashmoqchi bo‘libdi-yu, eplolmabdi” degan isnodli gap chiqib qolishidan meni asrabmi, uzoq vaqt hofizligim “sir”ini hech kimga oshkor qilmaganlar. Bu ul zotning o‘ziga ham, boshqalarga ham g‘oyat talabchan san’at sohibi ekanligining belgisi edi. Aytmoqchimanki, “rasman” ashulachilikni otamni ancha-muncha sinovlaridan o‘tgach, boshlaganman.
— Qariyb bir hafta davom etgan “Raj Kapurni xotirlab” nomli dasturlarni tomosha qilgan ko‘pchilik hamyurtlarimiz Randhir, Rishi, Rajiv Kapurlar otalariga qanchalik o‘xshashsa, Nitin sohibning ovozi ham Mukesh ji ovoziday sarbaland pardalarda jaranglarkan, tasanno deyishmoqda!
— Har bir aytgan qo‘shig‘imni olqishlab chalingan qarsaklar shu gaplaringizni isboti deb bilaman. Bu hamyurtlaringiz — mening bir necha kun mobaynida orttirgan zavq-shavqli muxlislarim oldida yelkamga yanada mas’uliyatliroq zimmadorlik vazifasini yuklaydi. Men endi bu yerdan olgan ajoyib taassurotlar og‘ushida ularga intilib yashayman. Mehr-oqibatli, bag‘ri ochiq, mehmonnavoz o‘zbek xalqiga Raj Kapurday insonning bir umrga mehri tushib qolganicha bor ekan. Men ham O‘zbekistonni sevib qoldim.
www.hurriyat.uz