OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosir Fozilov: “Yaxshilik ajrsiz qolmaydi” (2009)

— Nosir og‘a, xo‘p desangiz, "Hidoyat” o‘quvchilariga sizni tanishtirmoqchi edik...
— Men 1929 yili Turkistonning Koriz qishlog‘ida tug‘ilganman. Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi yaqinida yashagan Nosirboy ismli kishining keyinchalik sovetlar musodara qilgan uyida ochilgan maktabda savod chiqardim. Nosirboy — Saidnosir Mirjalilov, o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilardan, sho‘rolar davrida boyligidan ajralgan. Ammo o‘zi oqil, niyatlari xolis ekanki, yurtdoshlari undan manfaat ko‘rdi, orzularini farzandlari ro‘yobga chiqardi. Qizlaridan biri — musavvira, kimyo olimasi, zabardast adibimiz mavlono Oybekning xotini Zarifa Saidnosirovadir. Uning o‘zbek fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasini yaxshi bilamiz.
Bu maktabga meni bobom Yo‘ldosh oqsoqol olib kelgan. Ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqizinchi yili o‘rta maktabni tugatib, azim Toshkentga o‘qishga otlanganimda ham meni qo‘llaganlardan biri bobom bo‘ldi. Men O‘rta Osiyo universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim.
O‘qishni bitirish arafasida ota-onamni Turkistondan Toshkent viloyatining Olmazor qishlog‘iga ko‘chirib olib kelgan edim. Universitetni tugatgach, bir muddat o‘sha yerda yashab, tarjima ishlari bilan shug‘ullandim. Ming to‘qqiz yuz ellik beshinchi yilning bahorida qozoq yozuvchisi G‘abiden Mustafinning «Qarag‘anda» degan mashhur romanining tarjimasini tugatib, uni nashriyotga oborib topshirdim. So‘ng talabalik yillarim bir muddat yashagan qarindoshimnikiga ketdim. Yarim soat o‘tar-o‘tmas ortimdan Olim Mahkam ismli yosh yozuvchi so‘roqlab keldi. “Sizni Saida opa chaqiryaptilar”, dedi. Saida Zunnunova bizdan ikki kurs oldin universitetni bitirganini bilardim, lekin tanish emas edik.
Ertasi kuni soat o‘n birlarda Saida opa ishlaydigan (sobiq “Pioner”) “Gulxan” jurnali tahririyatiga bordim.
Saida opa meni iliq kutib oldi: “Said Ahmad akangiz qamoqdan qaytdi, endi men u kishining yonida bo‘lishim kerak. Bo‘limni sizga topshirishga qaror qildim. Mana stol, mana qog‘oz, mana qalam”, dedilar.
G‘alati bo‘lib ketdim. Bu ishni eplay olarmikanman...
Shu-shu bo‘ldi-yu, hayotim matbuotga bog‘lanib qoldi.

— Yozuv-chizuvingiz... qanday boshlangan?
— Tursun Muhammad A’lam ismli katta bobom ancha ilmli, iqtidorli kishi bo‘lgan ekan. Buxoro, Samarqand, Toshkentda o‘tadigan bedilxonlik, navoiyxonliklarda qatnashgan, o‘zi ham “G‘urbatiy” taxallusi bilan she’rlar, maqolalar yozgan, o‘sha zamonning bid’at-xurofotlariga qarshi chiqishlar qilgan ekan. (Darvoqe, Toshkentda toshbosma usulida u kishining uch-to‘rtta kitobi chop etilgan.) Lekin universitetda o‘qib yurganimda bobom haqida lom-lim demaganman, mullaning avlodi ekan deb zug‘umga uchrashdan qo‘rqqanman. Keyinchalik izlab yurib, bobomning qo‘lyozma to‘plamini topishga muvaffaq bo‘ldim. Yaxshigina g‘azallari, Navoiy g‘azallariga bog‘lagan muxammaslari bor ekan. Folbinlarga qarshi Qur’oni karim, hadisi sharifdan dalil keltirib yozgan ma’rifiy maqolalari bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan ekanki, ayrimlarini “Hidoyat” jurnalida qayta bostirishga muyassar bo‘ldik. Adabiyotga havasim, qiziqishim shu bobomdan o‘tgan bo‘lsa kerak.
Adabiyotga haqiqiy ma’noda ixlos qo‘yishim, hikoyalar qoralashim, tarjimaga qo‘l urishim universitetda elliginchi yildan boshlandi. Ming to‘qqiz yuz ellik to‘qqizinchi yili “Irmoq” nomida birinchi hikoyalar kitobim chop etildi. O‘sha yili bir hikoyam (“Insho”) turkman tiliga tarjima qilinib, “Duzme” degan nomda Ashxobodda kitobcha holida nashr etildi. Shundan boshlab har yili, yilora kitoblarim yorug‘lik yuzini ko‘ra boshladi. Bunday o‘ylab qarasam, qozoqchadan, qoraqalpoqchadan, qirg‘izchadan ko‘p kitob o‘girib qo‘ygan ekanman. Tarjima bilangina o‘ralashib qolmay, mustaqil asarlar ham yozdim. Yaratganga shukr, mehnatlarimni hukumatimiz va jamoatchiligimiz munosib taqdirladi. “Ustozlar davrasida” degan kitobimga O‘zbekiston davlat mukofoti berildi. Bolalar adabiyotidagi xizmatlarim Yozuvchilar uyushmamizning G‘afur G‘ulom nomidagi mukofotiga loyiq ko‘rildi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoniga, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldim. Odam ishlasa, yaxshilik qilsa, ajrini olmasdan qolmas ekan.

— Sizning shaxsingizda ham, ijodingizda ham qon-qardosh, qo‘shni xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun jonkuyarlik ko‘rinadi. Buning sababi nimada?
— Markaziy Osiyo zaminida yashaydigan qon-qardosh turkiy xalqlar o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman — barchasining tili bir, dini bir, tarixi bir; suvimiz, yerimiz tutash; tojik birodarlarimizning tili bo‘lak bo‘lgani bilan Yurtboshimiz aytganlariday, “Biz ikki tilli bir xalqmiz!” Demak, madaniyatlarimiz bir xil. “Turkiston — umumiy uyimiz” degan gap to‘qib chiqarilmagan, bor haqiqat. Qozoqlarda “O‘zbek o‘z og‘am” degan maqol bor. Demak, et bilan tirnoqmiz. Etdan tirnoqni ajratib qo‘ring-chi? Qanday og‘riydi?! Yoki qozoq yozma adabiyotining asoschisi Abay “Nasihatlar”ida elini o‘zbeklardan o‘rnak olishga chaqiradi.
Nosir og‘a shu gaplarni aytib turganda xonadoniga bir kishi uni yo‘qlab kelib qoldi. Qoraqalpoq yozuvchisi Murodboy Nizonov ekan. U ustoziga yangi nashrdan chiqqan “Oxirat uyqusi” nomli kitobini taqdim qilarkan, o‘zbek bolalar shoiri va tarjimoni Tursunboy Adashboev o‘zbekchaga o‘girib bersin deb bir nechta she’r qoldirdi... Murodboy Nizonov Nukusdan Toshkentga bir ijodiy ish bois shoshilinch kelganini aytib, “Og‘a, sizni ko‘rmasdan ketolmadim ”, deya tezda o‘rnidan turdi.
U shogirdini kuzatib qaytgach, so‘zida davom etdi:
— Yozuvchi odam yana bir narsani yaxshi bilishi kerak. Adabiyotlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, qon-qardoshligini esiga soladi. Go‘zal asarlari bilan haqiqatni anglatadi, tarbiyalaydi. Men tarjimon sifatida ozmi-ko‘pmi tajribaga egaman. Hamisha ham adabiyotda hamma uchun kerakli mavzudagi asar paydo bo‘lavermaydi. O‘sha zarur asar boshqa xalq adabiyotida ko‘ngildagidek yozilgan bo‘lsa, nega uni tarjima qilmaslik kerak. Axir u ikkinchi bir xalq ma’naviyatini boyitadi-ku! Bir-birimizni yaqinroqdan tanish, ahvoli ruhiyamizdan xabardor bo‘lish ham adabiyot orqali qulay kechadi. Bu qondosh-qardosh xalqning ikkisi uchun ham foydalidir.

— Siz ustozlar muruvvatini ko‘rib, shunga yarasha ehtiromingizni ham ko‘rsatgan adibsiz. Ortingizdan adabiyotga kirganlar esa bag‘rikeng va jonkuyarligingizni etirof etishadi. Ustoz-shogirdlik haqida to‘xtalsangiz.
— Shu savol bahonasida ustozlarni eslash ko‘nglimni chog‘ qiladi. Bu borada mening toleim kulgan. Bitta-ikkita misollar keltirsam. Ming to‘qqiz yuz elliginchi yili edi. Talabaman, kuchim ichimga sig‘maydi, istalgan narsani qotirib tashlayman degan kayfiyatda yurardim. O‘shanda juda g‘o‘r fikrlaganimni oradan 50-60 yil o‘tib, endi sal-pal fahmlayotgandekman. Shunda Sobit Muqonovning yostiqday keladigan uch jilddan iborat “Hayot maktabi” nomli romanlarini tarjima qilmoqchi bo‘lib, birinchi marta maslahatga atoqli shoirimiz Mirtemir akaning oldiga bordim. Mirtemir aka qalbi juda ochiq, beg‘ubor odam ekan. Birinchi ko‘rishuvdayoq, “O‘zimizdan ekansan”, deya yaqin oldi. Ko‘nglimni osmon qadar ko‘tardi. “Yur”, deb nashriyotga olib bordi. Hozirgi Alp Jamol banki o‘rnida “Matbuotchilar” ko‘chasining biqinida “O‘zdavnashr” nashriyoti binosi joylashgan edi. Shoir Shukur Sa’dullaning oldiga olib kirdi. Niyatimni aytdi. “Juda yaxshi, lekin hajmi bir oz katta ekan, — dedi shoir o‘ylanib. — Bolalarga mos nusxasi tayyorlansa, yomon bo‘lmasdi. Siz muallifga xat yozing, rozi bo‘lsa, bo‘ldi”, deya maslahat berdi.
Sobit Muqonovday ulkan yozuvchiga shoshilinch xat yozdim, javobi qanday bo‘larkin, deb orziqib kutdim. Xat kelib qoldi deng. Talabalar yotoqxonasida “Sobit Muqonovdan xat oldim”, deya quvonib, do‘stlarimga ko‘z-ko‘z qilganim hech esimdan chiqmaydi. Ulkan adib meni katta kishi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, xatini “Jo‘ldas” deb hurmat bilan boshlagan, bu ishdan xursand va roziligini aytib, tez orada qisqartirilgan nusxani yetkazishga va’da qilgan edi. Shu voqeaning o‘zi ko‘nglimni ancha ko‘tarib yubordi. O‘zimga ishonchim oshdi. Ayniqsa, ustoz mehri va samimiyati hammadan ko‘ra ishga rag‘batlantirdi. Ortimda tog‘ turganday g‘ayrat bilan ishga kirishdim. Shunday qilib, Sobit Muqonovning “Hayot maktabi” romanining bolalarbop nusxasi sobiq Ittifoqda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda, mening tarjimamda nashr qilindi.
Shundan boshlab men Mirtemir akadan ajralmadim. Nima ishga qo‘l urmay, u kishi bilan maslahatlashib turdim. Nima qilyapsan, deya doim surishtirar, ko‘nglimga tegmaydigan mehr bilan tergar, halol, haqgo‘y, mehnatkash, kengfe’l bo‘lishga undar edi. Mirtemir aka sabab o‘zbek adabiyotining o‘sha paytdagi manaman degan darg‘alari bilan tanishdim. G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Oybek aka. Ulardan ham haqqini ado qilib bo‘lmas ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Go‘rlari nurga to‘lsin hammalarining. Mana, bugun o‘zim ham sakson yoshga kirdim. Yaratganga behisob shukr, hamisha yaxshi insonlarga yo‘liqtirdi, tarbiyalaridan bahramand etdi.
Shunday ekan, men o‘zimdan keyingilarga nega yaxshilik qilmasligim kerak? Birovni nega to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab yubormasligim kerak?! Taqdirning inoyati bilan bugun o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini topgan Abdulla Oripov, O‘ktam Usmonov, Sa’dulla Siyoev, Yo‘ldosh Sulaymon, Shukur Xolmirzaev kabi ijodkorlarga ozmi-ko‘pmi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganimdan xursandman. Ularning yutug‘i mening ham baxtim.
Bir voqeani aytib beray. Saksoninchi yillar edi. Abdulla Oripov “Gulxan” jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlardi. “Mana buni bir bola Buxorodan yuboribdi, shuni ko‘rib, xulosangizni aytsangiz”, deb qo‘limga bir qissani tutqazdi. O‘qisam, juda ma’qul narsa yozibdi bolalar hayotidan. Asar haqida yarim qog‘oz fikrimni qoraladim. “Muhtaram muharrir, men yosh yozuvchi ukamizning asarini ko‘rib chiqib, qanoatlandim. Bolalar adabiyoti degani shunaqa bo‘lishi kerak. Uni nashrga tavsiya etaman. Bilaman, jurnal ixcham, agar joy masalasi muammo bo‘ladigan bo‘lsa, mening “Mehr va qahr” degan qissam chiqayotgan edi, shuni olib qo‘yib, o‘rniga Valijonning asarini bersangiz. Meniki shoshilinch emas, keyinroq chiqar”, deb iltimos qildim. Shunday qilib, Vali Bobomurodovning birinchi qissasi “Gulxan” jurnalida bosildi. Odamlar mening ishimni mardlik deb yozishdiyam. Bu hech qanaqa mardlik emas, balki adolat edi.

— Yoshlikda kishi beg‘ubor, ancha-muncha sodda ham bo‘ladi. Shu bois ba’zan voqealarning sirtiga qarab baho beradi. Shunchaki odatlar ham tasavvurida fazilatday tuyuladi. Yoshi ulug‘lashgan sari yoki ba’zan achchiq tajribadan keyin aslni soxtadan farqlay boshlaydi... Ayting-chi, siz insondagi kaysi fazilatni ko‘proq qadrlaysiz? Nima uchun?
— Rostgo‘ylikni yaxshi ko‘raman. Rostgo‘yni qo‘llash, vaqtida taqdirlash ham kerak. Yaxshilikni hamma ham qilavermaydi. U go‘zal tarbiya, mardona yurakning ishi. Nazarimda, hamma fazilatlar yaxshilikni niyat qilishdan, niyatni yaxshilashdan tug‘iladi. Kattani hurmat, kichikni izzat qilgan, ota-onani, ustozlarni e’zozlagan kishiga mehrim baland. Zero, hurmat ham, izzat ham bir kuni o‘ziga qaytadi, qadrlagan kishi qadr topadi, e’tiborli e’tiborga sazovor bo‘ladi.
Men yolg‘on gapiradigan odamni yomon ko‘raman. Yolg‘onning umri qisqa bo‘ladi. Yolg‘onchining ishi unmaydi, bir kuni, muqarrar, yuzi shuvit, o‘zi sharmisor bo‘lishi tayin. Nafs bandasi bo‘lishdan O‘zi asrasin! O‘zini bilag‘on o‘ylab, “hozir nima qilsam mumkin”, deya odob-axloqimizga ters ish qiladigan, takabbur, xudbin kimsalardan ham uzoq yuraman.

— Har bir davrning o‘ziga xos vazifasi bo‘ladi. Masalan, o‘ylashimcha, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani tugagan joydan “Kecha va kunduz” boshlanganga o‘xshaydi... Demoqchimanki, xar bir davrning muhim nuqtasiga iste’dodli adib o‘ziga xos bir uslub va qarash bilan diqqatni tortadi...
— Buning uchun yozuvchida shaxsiy jasorat, favqulodda iste’doddan tashqari sharoit va ko‘nikma, davrni tez ilgash ham bo‘lishi kerak. Men o‘zbek adabiyotida Cho‘lponlardan keyin paydo bo‘lgan yorqin iste’dodlarning biri Oybek deb bilaman, u boshda “yosh Cho‘lpon” deb ham nom qozongan.
Mening nazarimda, Oybek domla “Qutlug‘ qon” romanini o‘z iqtidori imkoniyatidan bir oz siqilibroq yozganday tuyuladi. Negaki, bu sovet davrining dastlabki nafasini aks ettirishga bag‘ishlangan birinchi yirik asar edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘sha davr nasrining yuksak namunasi deb hisoblayman. Oybek domla hazrati Navoiy haqida roman boshlab, birinchidan, davr mushkulotlaridan xalos bo‘ldi. U o‘n beshinchi asr muhitida erkin qalam tebratdi. Oybek domla, Mirkarim Osim singari fidoyi insonlar og‘ir zamonda ana shu yo‘l bilan ma’naviyatimizga xizmat qilishgan edi.

— Bugun haqida gapirishingizni istardim...
— Hozir Oybegimiz yo‘q, G‘afur G‘ulomimiz yo‘q, Qahhorimiz yo‘q, Mirtemirimiz yo‘q. Said Ahmad, Asqad Muxtorlar ham yo‘q. Odil aka, Pirimqul akalar keksayib qolishdi. Qani, o‘shalarning ishlarini davom ettiradiganlar bormi? Potirlab kitoblar chiqyapti. Lekin ularning badiiy saviyasi qanday? Qaysi nashriyotga borsangiz, “Homiyingiz bormi?” deb so‘rashadi. Kitobning saviyasini, millat ma’naviyatiga qay darajada xizmat qilishini o‘ylab ko‘rmaymiz.
Qodiriy domla bir asarini yozish uchun qayta-qayta Marg‘ilonga borar, vodiyda yarim oylab qolib ketar edi yoxud otga minib, dalalarni kezar edi. Behudaga Cho‘lpon “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik”, demagan-da. Bugun shahardan chiqmasdan, kitob o‘qib kitob yozadiganlar bor. Shuning uchun ham asarida hayotning ichiga kirolmaydi, ruhiyatda kechadigan o‘zgarishlarni bilmaydi-his qilmaydi-da, bachkana, zerikarli, oldi-qochdi bir narsani to‘qiydi...
Qolaversa, davr o‘zgardi, mustaqil bo‘ldik, bozor iqtisodiyoti pallasida yashayapmiz. Millat oldidagi xizmatlarimiz ham o‘zgardi. Soxtalashtirilgan tarix fosh bo‘ldi, imon-e’tiqodimiz erkinlikka chiqdi. Asl qadriyatlarimizdan xabar topdik. Bunday sharoitda kechagidek yozib bo‘ladimi? Shunga biz tayyormizmi? Men, masalan, bolalarga biron-bir asar yozadigan bo‘lsam, uning ruhiga kirishim uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Ayniqsa, kechayotgan jarayonlar illatmi, fazilatligini bilish uchun ham ma’lum vaqt o‘tishi kerakka o‘xshaydi...
Bu kuzatuvlarim bahonasida ikkita fikrni aytishni istardim. Chiqayotgan har bir kitob saviyasiga nashriyotlar ham mas’ul bo‘lsin. Faqat tovar yoxud o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni istagan kitoblarning nashriga yo‘l berilmasin. Bunday sayoz asarlar ma’naviyatimizga lat yetkazadi, kitobning, adabiyotning qadrini tushiradi. Ikkinchi gapim: haqiqiy iste’dod bilan yozilgan asarlarning mualliflari ham bozor iqtisodiyoti davrida bir oz himoyaga olinishi kerak.

— Suhbatimiz boshida yaqinda qo‘limga yana bir yangi kitobim tegdi, dedingiz, sir bo‘lmasa, keyingi kitobingiz haqida bilishni istar edik...
— Rahmatli Said Ahmad akaning xotira-esselardan iborat “Topganlarim va yo‘qotganlarim” degan kitobini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Meni ham ustozlarning hayoti va ularning rang-barang taqdirlari anchadan buyon qiziqtirib keladi. Bu mavzudagi kitoblarim avval ham chiqqan. Bu bilan maqtanmoqchi emasman. Faqat bir haqiqatni aytishni istardim.
Bunday o‘ylab qarasak, o‘tgan asrning boshida qizgin va faol ijod qilgan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir nomlarini, ijodlarini bugun tez-tez tilga olamiz, ammo ularning shaxsiy hayoti, fe’l-atvorlari haqida ko‘p narsa bizga qorong‘u. Yigirmanchi, o‘ttizzinchi yillarda adabiyotga kirgan, ular bilan yonma-yon ijod qilgan Oybek domla, G‘afur G‘ulom, Shayx aka, Mirtemir akalar ularni bilmasligi mumkin emasdi... Chunki ular bilan juda yaqin, do‘st-birodar bo‘lishgan, biroq ularni tilga olishsa, o‘zlari ham qatagonga uchrashidan cho‘chishgan.
Yillar o‘tib, yana bir avlod bizni tark etdi. Men-ku tirikman. Oybek akani ko‘rdim, G‘afur G‘ulom bilan birga yurdim. Shayx akaning ta’limini oldim. Mirtemir aka bilan-ku, ota-bola bo‘lib ketgan edik. Nima uchun bu xotiralarimni qoralamasligim kerak? Bu xotiralarni jamlab, «Topdim-u, yo‘qotmadim» deb nomladim. Bunday deyishimning ma’nosi shuki, men ularni astoydil topdim, ularning ruhlari, millatimizga qoldirgan durdona asarlari hamisha biz bilan birga. Ularni yo‘qotishga haqqim yo‘q.

Vafo Fayzulloh suhbatlashdi

“Hidoyat” jurnalining 2009 yil, 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.