–Garchi «modernizm» atamasi qariyb bir asrdan beri ishlatilib kelinayotgan bo‘lsa-da, biz uchun yangi, bir qadar notanish istiloh. Suhbatimiz boshida bu tushunchaning mohiyati haqida gazetxonlarimizga ma’lumot bersangiz.
–«Modernizm» asli frantsuzcha «modern» so‘zidan olingan bo‘lib, «zamonaviy» degan ma’noni bildiradi. Bu istilohning biz uchun bir qadar notanish bo‘lib kelganining sabablari bor. Bu sabablar, birinchidan, mafkuraviy xarakterga ega va sho‘ro davri adabiy siyosati bilan chambarchas bog‘liq.
Ma’lumki, sho‘rolar hayotdagi hamma sohalarni birvarakayiga tubdan o‘zgartirishni da’vo qilib chiqishgan edi. Shu bilan birga ular butunlay yangi odam yaratish g‘oyasini ham oldinga surib, shuningdek, yangi adabiyot da’vosi bilan ham chiqishgan edi. Hayot bu da’volarning puch ekanligini isbot qildi. Jumladan, har qanday inson hayoti davomida turfa xil o‘zgarishlarni boshidan kechirsa ham, bir quvonchlarga to‘lib, bir baxt-sizlik ichida yashasa ham, zohiran qaraganda, bir terining ichida necha marta ozib-semirsa ham, aslida uning tabiati dunyodagi eng kam o‘zgaradigan narsadir. Insonshunos olimlarning bugungi inson tabiatiga ko‘ra, bundan 2000 yil oldingi insondan juda kam farq qilishini isbotlab berishgan. Uning tafakkurida qandaydir yangi g‘oyalar tug‘ilishi mumkin, lekin tafakkur mexanizmi eskicha qoladi. Uning tuyg‘ularida qandaydir yangi xislatlar paydo bo‘lishi mumkin, lekin baribir tuyg‘ularning o‘zi juda kam o‘zgaradi. Davrlar har qancha o‘zgarmasin, insonni harakatga keltiruvchi asosiy omil shaxsiy manfaat bo‘lib qolaveradi. Insonning bu xislati ruslarning «Baliq chuqur joyni izlaydi, inson esa yaxshi joyni» degan maqolida juda yaxshi ifodalangan. Xuddi shunga o‘xshash, insonning ruhiy-ma’naviy faoliyatining hosilasi bo‘lmish san’at va adabiyot ham tabiatdan kam o‘zgaradigan hodisalardandir. Albatta, san’at va adabiyot paydo bo‘lgan davrlardan beri muayyan tadrijiy yo‘lni bosib o‘tdi, lekin bu yo‘llar mazmuni qanday bo‘lmasin, san’at va adabiyotning mohiyati o‘zgargani yo‘q. Hamon uning markazida inson va uning dardlari turibdi. Hamon uning asosiy muammosi inson kim va u qanday yashamog‘i kerak, inson hayotining mohiyati nimada, degan muammolar. Afsuski, sho‘ro mafkurasi inson tabiatidagi mana shu muqimlikni tan olishni istamadi. Va har xil vositalarni ishga solib, uni tubdan o‘zgartirishga kirishdi. «Proletar adabiyoti» degan adabiyot o‘ylab topildi. Uning birdan-bir metodi sotsialistik realizm, deb e’lon qildi. Bundan bir qadar tashqariga chiqadiganlarni sinfiy dushmanga chiqarishdi va shunga muvofiq ular jazolarga mustahiq qilindi. Ammo tabiiyki, inson bir xil bo‘lmaganidek, uning adabiyoti faqat bir xil mazmunda yozadigan, faqat bir xil uslubni tan oladigan, yakrang adabiyot bo‘lishi mumkin emas edi.
–O‘tgan asrning 20-30 yillarida modernizm oqimiga mansub deb hisoblangan asarlar G‘arbda ham, Amerikada ham tazyiqqa uchragan edi. O‘zingizga ma’lum, sobiq ittifoq davrida G‘arb adabiyoti bilan shug‘ullangan rus adabiyotshunoslari ham bir ovozdan modernizm adabiyotini keskin tanqid qilib chiqishgandi. Ya’ni bu adabiy oqim vakillarining asarlari G‘arbda inkor etildi, keyincha kommunistik g‘oya tarafdorlari tomonidan tamoman rad qilindi. Buning sabablari haqida fikrlaringizni bilmoqchi edik.
–XIX asr oxiri va XX asr boshlarida jahonda ijtimoiy hayot sohasida taraqqiyot sur’atlari mislsiz tezlashib ketdi. Bu fikrda, qarashlarda ham ko‘plab yangicha qarashlar, yangicha fikrlarni vujudga keltirdi. Ular adabiyotda ham insonga yangicha munosabatda bo‘lishni taqozo eta boshladi. Boshqacha aytganda, adabiyotda ko‘p vaqtlardan beri amal qilib kelgan realizm metodi qay bir jihatdan eskirgandek, yangi mazmunlarni ifodalashga torlik qilib qolayotgandek ko‘rindi. Va ayrim san’atkorlar zamon talablariga muvofiq ravishda hayotni aks ettirishning yangi yo‘llari, shakllarini izlay boshladilar. Shu tarzda butun jahon bo‘ylab turli-tuman modernistik, ya’ni zamonaviy oqimlar paydo bo‘la boshladi. Albatta, bularning ichida samaralilari ham bor edi. Va shunchaki tajriba tariqasida o‘tkazilgan, lekin amalda katta muvaffaqiyatlarga erishmaganlari ham bor edi. Bu izlanishlar, tajribalar mutlaqo tabiiy va qonuniy edi. Lekin sho‘ro mafkurasi nuqtai nazaridan har qanday modernizm yoki san’at va adabiyotdagi har qanday izlanish sotsialistik realizmdan chekinish deb qaralar va shuning uchun u qoralanishi kerak edi. Shunday qilib bizda «xalq dushmanlari», «burjua millatchisi», keyinroq esa «revizonist» singari «modernist» degan ayblov ham maydonga keldi.
Modernizmni yoqlagan, modernistik oqimlarni ma’qul ko‘rganlar mafkuraviy dushman sifatida talqin qilindi. Faqat asr oxiriga kelgach, o‘zbek adabiyotshunoslari ichida bu masalalarni qalamga olib to‘g‘ri talqin qilishga harakat boshlandi.
–«Jahon adabiyoti" jurnali va «O‘zAS»da e’lon qilingan ayrim maqolalarni aytmaganda bugungi adabiyotshunosligimiz modernizm adabiyotidan bexabar desak, to‘g‘ri bo‘ladimi?
–Albatta, modernizm bir turdagi jo‘n hodisa emas. Modernistik oqimlarni dab-durustdan tushunib olish ham muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Modern hodisalari hamma vaqtda ham san’at va adabiyot hodisalariga biz beradigan ta’riflarga to‘g‘ri kelavermaydi. Buning ustiga bizning san’at va adabiyotga qarashlarimizda juda katta bir nuqson bor: bizning nazariyamiz san’at va adabiyotdagi rang-baranglikni tan olmaydi. U imkon boricha, san’at va adabiyotning hamma tur va hamma xillariga mushtarak bo‘lgan qonun-qoidalarni inkishof etishga harakat qiladi. Masalan, she’riyat ham, nasr ham badiiy adabiyotga kiradi. Lekin ayni chog‘da ularning orasida osmon bilan yerchalik farq borligini ko‘rmaslik mumkin emas. Roman, qissalar bobida o‘ylab chiqarilgan qoidalarimiz lirika va poemaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Xuddi shunga o‘xshash, adabiyot, rassomchilik va muzika ham «san’at» degan tushuncha doirasiga kiradi. Biroq, shunga qaramay, ular insonning ruhiy faoliyatining turlari ekanligidan boshqa hech qanday mushtarak tomonlarga ega emas. Binobarin, rassomlik talqini bilan, muzika, adabiyot talqini o‘zaro keskin farq qilishi kerak.
Men bu gaplarni shu ma’noda aytyapmanki, asosiy materiali rang va bo‘yoq bo‘lmish rassomlik sohasidagi izlanishlar, albatta, adabiyot sohasida ham aynan takrorlanishi mutlaqo shart emas. Masalan, abstraktsionizmni olaylik. Abstraktsionizm – mavhumlik degani. San’atkorlar hayotni hayot formasida aks ettirmog‘i kerak, degan gapdan qochib, uni boshqacha tarzda ham aks ettirish mumkinligini isbotlash uchun mavhum tasvirlarga, ya’ni birinchi qarashda biror-bir hayotiy mazmunga ega bo‘lmagan tasvirlarga keng o‘rin bera boshladilar. Lekin shuni aytmoq kerakki, abstraktsionizm element-lari faqat keyingi asrlardagina paydo bo‘lgani yo‘q. Uning unsurlari Sharq va G‘arbning qadimgi san’atidan istagancha topiladi. Uzoqqa bormaylikda, bir misol keltiraylik. O‘zbeklarning atlasini juda yaxshi bilasiz. U kamida ming yillik tarixga ega. Bilmayman, atlasni san’atga yo‘yish kerakmi yo‘qmi. Biroq imonim komilki, u yuz foiz abstraktsionizm asosiga qurilgan. Undagi bir-biriga chatishib ketgan ranglar qanday hayotiy mazmunga egaligini bilmayman, biroq jilolari, tovlanishlari haddan tashqari go‘zal. O‘zbek atlasining yal-yal yonishi ancha asrdan beri erkaklarni ham, ayollarni ham birday zavqlantirib keladi. Xuddi shuningdek, o‘zbeklarning me’morchilik san’atida ham, o‘ymakorlik va naqqoshlik san’atida ham mavhumlik unsurlari ko‘plab uchraydi.
Lekin rassomlik san’atidagi abstraktsionizmni, meningcha, oqizmay-tomizmay adabiyotga ko‘chirib bo‘lmaydi. Adabiyotda mavhumlik kuchayib ketgan o‘rinlarda, mazmun hisobiga shaklbozlikka berilgan joylarda, inson muammolari cheklanib qolgan joylarda katta muvaffaqiyatga erishish qiyin.
–Bizda modernizmni tushunib (tushunmay ham) inkor etuvchilar bor. Va ayni paytda bu yo‘nalishni jahon san’ati va adabiyotidagi ilg‘or tendentsiya sifatida qabul qiladiganlar ham uchraydi. Mana shu ikki xil qarashlarga Sizning munosabatingizni bilmoqchi edik.
–Men shu kunlarda buyuk ingliz yozuvchisi Jon Golsuorsining adabiyot haqidagi ayrim maqolalarini tarjima qilayapman. Bu maqolalar 1930 –1931 yillar, adib hayotining so‘nggi davrida yozilgan. Bu davrda adabiyotda modernistik izlanishlar ancha avj pallaga ko‘tarilgan edi, kitobxonlar o‘rtasida ularni yoqlovchilar va an’anaviy adabiyotni butkul rad etuvchilar ko‘payib qolgan edi. Boshqacha aytganda, modernistik adabiyot modaga kirgan edi. Modaga kirgan narsa to‘g‘risida tanqidiy fikr aytish juda qiyin. Tafakkurimizning ojiz tomonlaridan biri xuddi shunda ko‘rinadi. Biz ko‘pchilik maqtayotgan asarni o‘qib tushunmasak ham, bizga sira ma’qul bo‘lmagan bo‘lsa ham, hammaga ergashib maqtashga tushamiz. Bunda «qirolning yangi ko‘ylagi» sindromi amal qiladi. Asarni maqtayotgan ko‘pchilik dono bo‘lsayu, men uni tushuna olmaydigan aqli noqis bir odam bo‘lsam...
Golsuorsiga tan berish kerak. U bir necha maqolasida odamlarning ta’nasidan qo‘rqmay, hamma tomonidan maqtalayotgan modernistik asarlar haqida tanqidiy fikr aytadi. Bu asarlarni 30 yildan keyin hamma unutib yuboradi, deydi. Ehtimol, Golsuorsi o‘zining bu fikrida to‘la haq emasdir. Jumladan, romanlari «oilaviy hayotning qomusidan iborat» (Golsuorsi) M.Prust bugun unutilgani yo‘q. Lekin, menimcha, Golsuorsi bir narsada haq: u adabiyotning mohiyatini inson xarakterini yaratishda, deb biladi. Markazda insonning taqdiri turmagan, uning hayot yo‘llaridagi dramatik va fojiali izlanishlari aks etmagan asarlar umrboqiy asarlar bo‘la olmaydi. Faqat Golsuorsi emas, modernistik adabiyotga unchalik ro‘yxushlik bildirmagan boshqa adiblar ham ko‘p.
Lekin na Golsuorsi va na boshqa G‘arb yozuvchilari modernizmni tanqid qilar ekanlar, san’atkorning shakl va uslub bobidagi izlanishlariga, tajribalar o‘tkazish bobidagi huquqlariga zarracha shubha qilgan emaslar. Umuman, faqat XX asr boshida emas, boshqa davrlarda ham yozuvchilar inson xarakterini chuqurroq va jozibaliroq qilib tasvirlash yo‘lidagi izlanishlardan to‘xtagan emaslar. Agar biz bunday izlanishlarni zamon talabi bilan qilingan modernistik izlanishlar deb tan olsak, modernizmni jahon adabiyoti tarixining istalgan davridan topish mumkin. Rablening «Gargantyua va Pantagryuel» degan mashhur romani yoki Sviftning «Gulliverning sayohatlari» haqidagi qissasi, Gogolning «Mirgorod» turkumiga kiradigan asarlari va yana o‘nlab asarlar bu fikrning dalilidir.
Sho‘ro adabiyotida ham ta’qiqlar har qancha kuchli bo‘lmasin, ayrim yozuvchilar yangi shakllar izlashdan to‘xtagan emas. Faqat bu yozuvchilarning ijodida modernistik izlanishlar yo fantastik elementlar orqali yoki satira va yumor yordamida ifodalangan. Jumladan, mashhur M.Bulgakov «Ityurak» nomli qissasida bir professorning tajribalari tufayli itdan odamga aylanib qolgan shaxsning partiyaga kirishi va katta idoralarda ishlab, itlarga xos harakatlar qilishini juda yorqin ochgan. Yoki yozuvchi V.Voynovich 70-yillarda yaratgan «Askar Chonkin» qissasida sho‘rocha ko‘r-ko‘rona sadoqatning avra-astari ag‘darilgan. Albatta, bu asarlarning hech qaysisi hukmron mafkura darg‘alarining birortasiga yoqqan emas. Chunki sho‘rolar zamonida «dohiylar»ga ma’qul keladigan yozuvchilargagina keng yo‘l berilardi. Bunday yozuvchilar sha’niga tanqidiy gap aytish, ularning ijodidagi nuqsonlarni ko‘rsatish mumkin emasdi. Bunday yozuvchilar qolgan hamma yozuvchilarga o‘rnak sifatida ko‘rsatilardi va go‘yo ularning asarlariga o‘xshatib yozishga da’vat qilinardi. Masalan, Gorkiy – sho‘ro adabiyoti asosichisi, Mayakovskiy – davrning eng atoqli shoiri, binobarin, hamma ijodkorlar ulardan o‘rnak olishi kerak edi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan bunday adabiyotning misi chiqdi. «Sho‘ro adabiyoti» deb atalgan adabiyot ayrim mustasnolardan qat’iy nazar, juda g‘arib, juda nimjon, rangsiz, quruq, beta’sir adabiyotga aylanib qoldi. Natijada millionlab odamlarning adabiyotdan ixlosi qaytdi, kitob o‘qimay qo‘yishdi.
–Bizdagi ba’zi adabiyotshunoslarning fikricha, o‘tgan asrning boshlaridayoq o‘zbek adabiyotining iste’dodli vakillari modern adabiyotidagi shakliy izlanishlarga katta havas bilan qarashgan ekan. Keyinchalik ularning bu yo‘nalishdagi ijodiy tajribalari to‘xtab qolgan. Siz shu fikrni tasdiqlaysizmi?
–Haqiqatan ham, 20-30-yillarda o‘zbek adabiyotida ham muayyan modernis-tik izlanishlar bo‘lgan. Bu, jumladan, Oybek, Mirtemir, Cho‘lpon ijodlarida ko‘rinadi. Oybekning dastlabki she’r-larida modernistik izlanish his-tuyg‘ularining tahliliga juda keng o‘rin berilganida ko‘rinadi. Mirtemir birinchi kitobida hayot zavqini tizginsiz pafos bilan ifodalashga intiladi. Afsuski, unda me’yor buzilgani uchun pafos ko‘p o‘rinlarda oddiy balandparvozlikka aylanib ketadi. Cho‘lpon esa «Kecha va kunduz» romanida, ayniqsa, Zebo ustidan sud epizodlari tasvirlangan o‘rinlarda o‘sha voqealarning absurdligini juda yorqin ifodalagan. Ifodalaganda ham quruq so‘zlar bilan emas, qahramonlarning xatti-harakatlari, his-tuyg‘ulari bilan ifodalagan. Afsuski, o‘zbek adabiyotidagi bunday izlanishlar o‘z vaqtida tanqidchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va natijada davom ettirilmay qolib ketdi.
–Keyingi yillarda, asosan, yoshlar ijodida modernistik oqimga mansub asarlarga havas ancha ko‘zga tashlanib qoldi. Ayrim ijodkorlar fikricha, bu jarayon endilikda shunchaki taqlid doirasidan chiqib, muayyan bir ko‘rinish olayotir. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
–Bugun adabiyotimiz yangicha sharoitda yashab ijod etmoqda. Avvalgi taz yiqlar va ta’qiqlar hozir yo‘q. Endi yozuvchi va shoirlar badiiy shakl va uslub borasida juda keng ko‘lamlarda izlanishlar olib borishlari mumkin va olib borishayotirlar ham. Jumladan, bugungi adabiyotimizda dramaturg Sharof Boshbekov ijodida, shoir Abdulla Oripovning ayrim asarlarida, Omon Muxtorning romanlarida, Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarida, nisbatan yosh shoir va yozuvchilar Nazar Eshonqul, Xayrullo, Bahrom Ro‘zimuhammad, Go‘zal Begim, Olima Nabieva ijodlarida buni ko‘rish mumkin. Lekin men bir narsadan ogoh etib qo‘ymoqchiman: izlanishlar bobida ehtiyot bo‘lmoq kerak, negaki, yangi narsa hamma vaqt ham faqat yangiligi uchungina yaxshi bo‘lavermaydi, shuningdek, eski narsani ham faqat eskiligi uchun «puf, sassiq»qa chiqarish mumkin emas. Men hamma yozuvchilar askar bolalarday qaddi-qomati bir-biriga o‘xshagan olachipor forma kiyib olsin, demoqchi emasman. Men faqat shuni aytmoqchimanki, biz realizm deb ba’zan kesatiq bilan, ba’zan kinoya bilan, ba’zan g‘ashlik bilan tilga oladiganimiz – uslub hali uncha qarib qolgani yo‘q. Ayniqsa, bizning o‘zbek adabiyotimizda. Bizning adabiyotda realizm shakllanayotganiga endigina bir asr vaqt bo‘ldi. Ehtimolki, bu vaqt ichida realizmning bor-yo‘g‘i o‘n gulidan biri ochilgandir.
Men yaqinda Ulug‘bek Hamdamovning «Muvozanat» deb nomlangan yangi romanini o‘qib chiqdim. Bu roman, bir-ikki epizodini hisobga olmaganda, tom ma’noda an’anaviy uslubda yozilgan. Ehtimol, «bir-ikki epizod» modernistik xarakterda bo‘lib, kitobxonning ko‘ngilxushligi uchun kiritilgandir. Ularda ba’zi bir personajlarning ishqiy mojarolari yalang‘ochroq ifodalangan. Lekin yaxlit olganda roman menda juda chuqur taassurot qoldirdi. Uning voqealari bizning kunlarda, bizning yurtimizda sodir bo‘ladi. Roman qahramoni oliy o‘quv yurtida tarixdan dars beradi. Lekin bozor munosabatlari bu odamni chirpirak qilib uchiradi. Uning iztiroblari, boshiga tushgan kulfatlar panjasidan qutilishga intilishlari, yo‘l izlashlari, chora qidirishlari kitobxonni befarq qoldirmaydi. Romanni o‘qib chiqar ekanman, bugungi kun odamini tasvirlashda hali realizmning ochilmagan imkoniyatlari ko‘p ekaniga imon keltirdim. Demak, gap bu yerda realizmda yoki modernizmda emas. Gap san’atkorda, uning tafakkurida va mahoratida. Adabiy asar esa chinakam asar namunasi bo‘lmog‘i uchun, realizmga mansub bo‘ladimi, romantizm uslubida yozilgan bo‘ladimi, yoki qandaydir boshqa modernistik uslubga amal qiladimi, baribir, yana takror aytaman, uning markazida inson turmog‘i kerak, kitobxon insonning taqdiri, tabiati, hayoti haqida muayyan axborot olish bilan birga bu asardan estetik zavq ham ola bilsin.
–Modernizm oqimiga mansub deb qaralgan asarlarni qabul qilish yoki qabul qilmaslik mumkin. Bu har bir olim yoki kitobxonning ixtiyorida. Men Sizning bu masalaga shaxsiy munosabatingiz, xohlang olim, xohlang kitobxon sifatida, biroq xususiy munosabatingizni bilsam degandim...
–Shaxsan men o‘zim shu paytga qadar adabiyotdagi modernizmga o‘zimning munosabatimni aniq belgilab olgan emasman. Ba’zi bir modernistik asarlarni, ayniqsa, yumorga yo‘g‘rilgan asarlarni (Sanislav Lem, Rey Bredberi) zavq bilan yengil o‘qiyman. Folkner, Joys, Prust kabi adiblarning asarlarini esa o‘qishda qiynalaman. Hatto ba’zan ularning asarlarini yarmidan tashlab qo‘ygan hollarim ham bo‘lgan.
Lekin shunga qaramay, men bu yoki bu kabi boshqa yozuvchilarni hecham qoralamayman. Ehtimol, gap yozuvchida emas, balki mening didimda, saviyamdadir. Har holda, faqat menga yoqqani yoki yoqmaganiga qarab biror asarni rad etish yoki ulug‘lash mumkin emas.
Yana bir misol keltiraman. Men badiiy tasvir san’atini, rasmlarni yaxshi ko‘raman. Dunyoga mashhur musavvirlarning polotnolarini hamma vaqt zavq bilan tomosha qilaman. Lekin o‘zimni tasviriy san’at asariga baho beradigan hakam deb mutlaqo o‘ylamayman. Malevich degan rassomning asrimiz boshlarida ishlagan bir surati bor. Bu «Qora kvadrat» deb ataladi. Unda chindan-da tim qora kvadratdan boshqa hech narsa yo‘q. Xudo haqqi, men shu paytgacha bu suratning nima ma’no anglatishini tushunganim yo‘q. Lekin buni qarangki, ana shu men tushunmagan asar san’at bozorida milliondan ko‘proq dollar turar ekan. Men, albatta, million dollarim bo‘lsa, uni nimaga sarflashni o‘zim bilardim. Lekin shunga qaramay, o‘sha asarni xarid qilgan odamlarni qoralashim insofdan bo‘lmaydi-ku!
Xullas, modernizm munosabati bilan qilgan gurungimizdan faqat bitta xulosa chiqargim keladi: yashasin erkinlik, yo‘qolsin qoliplar!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 23-24-sonidan olindi.