OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Samodagi suhbatlar (Sherali Jo‘rayev va Nurullo Otaxonov muloqoti) (1986)

Toshkent aeroportidan bir yo‘nalishda ikki samolyot orqama-ketin havoga ko‘tarildi. Ikkalasi xam «Yak-40», ikkalasi ham pochta-yuk samolyoti edi. Birinchisi odam olmadi. Biz ikkinchisiga o‘tirdik.

Bir daqiqa o‘tdi, ikki daqiqa o‘tdi hamki, styuardessaning muloyim ovozidan darak yo‘q. Chiqayotganimizda, bemalol joylashib olaveringlar, degan bo‘yicha dim-dim. Samolyot qaerga uchyapti, tezligi qancha bo‘ladi, balandlik qancha, manzilga qachon yetib boramiz, ob-havo qanday, nihoyat, bizga kim xizmat ko‘rsatyapti — odatdagi bu ma’lumotlar bu gal aytilmadi. Biroq biz ham hayratlanmadik. Gap shundaki, samolyotda bor-yo‘g‘i uch nafar yo‘lovchi edik — O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist, mashhur xonanda Sherali Jo‘raev, bir suratkash akamiz va mazkur satrlar muallifi...

Mening bu safarim avvaldan rejalanmaganidanmi, ko‘zimga hamma narsa bo‘lakcha ko‘rinadi — necha marotaba bag‘ridan osmonga ko‘tarilganim Toshkent aeroporti ham, «Yak-40» samolyoti ham, styuardessa kizning mikrofondan so‘zlamagani ham. Ayni choqda, shunday bo‘layotgani ko‘ngildagidek edi. Axir, bu gal hamma narsaning bo‘lakcha bo‘lishini o‘zim istamadimmi? Maqola yozish niyatim bor ekan, Sherali Jo‘raevni redaktsiyaga taklif qilib, o‘sha yerda bafurja suhbatlashib olsam ham bo‘laverardi-ku? Yo‘q, men xonandani uning tug‘ilgan yurtida, oila a’zolari orasida ko‘rgim, o‘sha yerda gaplashgim keldi, Shundan, mana, tong-saharlab Andijon sari uchib bormoqdamiz...

—Hozir, ayni shu lahzalarda xayolingizdan nimalar o‘tyapti? — deb so‘radim o‘zimcha «intervyu»ni boshlab.

Sherali aka o‘ylab o‘tirmadi, «Abdulla Oripovning bir she’ri», dedi va ko‘zlarini xiyol yumgan ko‘yi u she’rni yoddan o‘qiy boshladi:

«Charx urar erdim fazoda, yulduzim yo‘ldosh edi,
Yulduzimga termulib yulduz ko‘zimda yosh edi.
Der edim: — Jon yulduzim, vaslinga bir yetkaz meni.
Der edi: — Ko‘k sevmagay senday gunohkor bandani».

Shu ikki bayt she’r menga suhbat mavzuining kalitini topib berdi go‘yo. Qo‘shiqning yarmi — she’r, she’r esa adabiyotga kiradi, demak, suhbatimiz adabiyot haqida bo‘ladi, deb qo‘ydim ichimda.

—Klassik she’riyatni ko‘proq yoqtirasizmi yo zamonaviylarinimi?

—G‘alati savol: onangizni yaxshi ko‘rasizmi, bolangiznimi, degan bilan barobar, — dedi Sherali aka ranjigandek bo‘lib. Keyin tushuntira boshladi: — Menimcha, she’riyat bitta tushuncha, unga muhabbat ham bitta bo‘lishi kerak. Zamonaviy she’riyatni yoqtirgan odam klassik she’riyatni yomon ko‘rishiga ishonmayman. Tushunmasligi mumkin, lekin bu boshqa masala. Har qanday yaxshi farzandning tayin ota-onasi bo‘lganidek, har qanday yaxshi she’riyatning ham tayin o‘tmish she’riyati bo‘ladi — ularni bir-biridan judo qilib bo‘lmaydi.

Savolim ma’nisizdek tuyulib ketdi. Uyaldim.

—Men uni qo‘shiq qilib aytish ma’nosida so‘ragan edim, — deb o‘zimni oqlashga urindim.

—Baribir! — deya so‘zimni kesdi Sherali aka. — Masalan, men she’rni qo‘shiq qilish uchungina o‘qimayman. She’r — mening hamishalik hamrohim. Qolaversa, haligi gapim qo‘shiqqa ham tegishli — zamonaviy qo‘shiqqa munosabat bilan klassik qo‘shiqqa munosabat o‘rtasiga xitoy devori qurib bo‘lmaydi. Tushunmaslik mumkin, lekin bu, yana aytaman, boshqa masala...

—Xo‘p, mayli, endi boshqacharoq savol: siz kitobni tanlab o‘qiysizmi yo qo‘lga ilinganini?

—Pala-partish o‘qib yurgan kezlarim ham bo‘lgan. Vaqt o‘tgan sayin qaysi shoirlarning ichki dunyosi o‘zimga yaqin ekanini bilib boryapman. Alisher Navoiy asarlarini qayta-qayta o‘qiyman. Faqat g‘azallarini emas, yirik-yirik dostonlarni ham qo‘ldan qo‘ymayman. Sa’diy, Hofiz, Umar Xayyom, Firdavsiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Muqimiy... bu yoqda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva... bu yoqda yana yoshlar... Ishqilib, o‘qiyman deganga hozir yaxshi kitob ko‘p. Lekin bularni shunchaki o‘qimaslik kerak. Yaqinda yosh shoir Usmon Azimning «Biz uchrashmadik» degan she’rini (darvoqe, buni «Yoshlik» jurnalida o‘qib yoqtirib qolganman) qo‘shiq qilayotib hazrat Navoiyning «Layli va Majnun»idagi bir fasl ko‘z oldimga keldi. Esingizda bo‘lsa, Majnun cho‘li biyobonda yurganida uning oldiga Layli bir marta kelib ketadi... juda chiroyli yozilgan o‘sha sahifalar... Demak, bu qo‘shiqni Majnun nomidan kuylash kerak, deb o‘yladim. Enda shuni aytsam, ko‘z oldimdan Layli bilan Majnunning ayanchli takdirlari o‘tib turadi.

—Ashulachilikni orzulab yuradigan bir-ikkita tanishim bor. O‘zlari shunchaki havaskor ham emas, teatr institutini, konservatoriyani tugallashgan, lekin gaplarini eshitsangiz... Redaktsiyada ishlaysan, shoir og‘aynilaring bor, ashula qilsa bo‘ladigan she’rlaridan topib bersang-chi, deb so‘rab qolishadi...

—Ishonchim komilki, unaqa «diplomli xavaskorlar»dan chinakam san’atkor chiqmaydi! Axir, avvalo shoirning dardini teran his qilib olishimiz kerak-ku! Shundagina uni o‘zimizning ko‘nglimizga yo‘g‘irib kuylay olamiz. Mustaqil kitob o‘qimaslik — ko‘plarga tekkan kasal. Natijada ko‘zga ko‘ringan san’atkorlar ham yaxshi shoir bilan yomon shoirning farqiga borishmaydi. Ularga qandaydir «ohangga oson tushadigan» she’r bo‘lsa bo‘ldi, mazmun bilan ishlari yo‘q. Yana ba’zilari xayolda ohangni xomaki yaratib oladi-da, keyin shu ohangga mos, bo‘g‘ini bo‘g‘iniga to‘g‘ri keladigan she’r axtarib qoladi. Kechirasiz-u, bunday qo‘shiq nikohsiz tug‘ilgan bolaga o‘xshaydi. Siz bilan osmonda gaplashayotganimiz bilan so‘zlarim balandparvoz emas, ko‘nglimdagilarni aytyapman, xolos. She’r shoir yuragining bir parchasi bo‘lganidek, qo‘shiq ham xonanda yuragining bir parchasi, aks sado. Haliginday yo‘l bilan qo‘shiq yaratilsa, tinglovchi o‘ziga eng kerakli narsani — yuragingizning aks sadosini eshitmaydi. Demak, xonanda ham she’rni ovqatlanish kabi kundalik ehtiyoj sifatida o‘qib borishi lozim. Ovqat yesa qorin to‘yadi, she’rga esa qech kachon to‘ymaslik kerak. Aks holda... shuning uchun suyuq ashulalar ko‘payib ketyapti-da. Radio yo televizorning qulog‘ini shundoq burang, istagancha bunga misol topasiz.

—Adabiyotchilar orasida «qo‘shiqchi shoirlar» degan tushuncha bor...

—Menimcha, uni chinakam shoirlar bilan bellasha olmaganlar o‘ylab topgan. G‘afur G‘ulom ko‘shiqchi shoirmidi? Oybek-chi? Abdulla Oripov yo Halima Xudoyberdieva qo‘shiqchi shoirlarmi? Menga qolsa, anchagina go‘zal g‘azallar bitgan Erkin Vohidovni ham ko‘shiqchi shoir deb atashlariga qarshiman. Ular ShOIR — shu unvonning o‘zi yetadi ularga. «Qo‘shiqchi shoir» degan tushunchani qonunlashtirib qo‘ysak, ayrim o‘rtamiyona shoirlarga imtiyoz berib qo‘ygan bo‘lmaymizmi?!

Sherali akadan ko‘nglimdagi gaplarni eshitib xursand bo‘lib ketdim. Va birdan uning ustozlari haqida so‘rash ishtiyoqi uyg‘ondi.

—Sherali aka, kimlarni ustoz deb bilasiz? Yaqinda bir muxbir yigit sizni SSSR xalq artisti Jo‘rabek Murodovga shogird sifatida taqdim qilibdi — bu haqda nima deysiz?

—Men ham o‘qidim o‘sha maqolani. Biz Jo‘rabek Murodov bilan aka-ukadek qadrdonmiz, lekin qay birimiz ustoz, qay birimiz shogirdligimiz haqida kelishib olmaganmiz. Lekin o‘zbek bilan tojik qadimdan biri biriga ustoz, biri biriga shogird bo‘lib kelgan, shu ma’noda ehtimol u muxbir bola ham hakdir. Endi, chinakam ustozlarimga kelsak, avvalo, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Komiljon Otaniyozovlarni sanab o‘tgim keladi. Ijrochilik mahorati jihatidan, odamiylik jihatidan hamisha o‘shalarga intilib yashayman...

Bir payt samolyotning ovozi o‘zgarib, sekin-asta pastlay boshladi.

—Yetib keldik, shekilli, — dedim qo‘shqavat derazadan ko‘z tashlab.

Sherali aka Toshkent osmonida aytgan she’rini hali ham unutmagan ekan. Samolyot qo‘nishga chog‘lanib, g‘ildiraklarini chiqargan zahoti o‘zini suyanchiqning og‘ushiga tashladi-da, qiroat bilan o‘sha she’rning davomini o‘qidi:

«Charx urar erdim fazoda, yulduzim yo‘ldosh edi,
Yulduzimga termulib yulduz ko‘zimda yosh edi.
Der edim: — Tush, yulduzim, yo‘qsa zaminga sen o‘zing
Der edi: — Xush ko‘rmagay tashvishli yerni yulduzing».

Mening xayolimda esa shu tobda boshqa o‘y. Samolyot havoga ko‘tarilayotganda oyog‘i yerdan uzilar-uzilmas g‘ildiraklarini apil-tapil yig‘ishtirib oladi, qo‘nayotganda hali osmoni falakda yurgandayoq hovliqib chiqarib oladi... nega shunday ekan-a?

Qachon samolyotga chiqsam, shuni o‘ylayman, lekin hech ko‘ngil qoniqadigan sabab topolmayman. Bu safar ham o‘yimning tagiga yetgunimcha bo‘lmay, samolyot ohista Andijon tuprog‘iga qo‘ndi.

Endi u yog‘iga yana yigirma chaqirimcha yo‘l bosishimiz kerak.

Mashina Mo‘day qishlog‘ining ilonizi ko‘chalaridan, suvi to‘lib-toshib oqadigan anhor bo‘ylaridan yurib o‘tib, nihoyat manzilga ham yetdik.

Nonushtadan so‘ng suratkash akamiz fotoapparatini sozlay boshladi. Joy tanladi, o‘zicha suratga chiroyli manzara yaratdi. Men esam sekin Sherali akaning onasi — yoshi yetmishdan oshgan Bahriniso ayaning yoniga bordim.

—O‘g‘illaringizning takdiridan rozimisiz, aya? — deb so‘radim.

—Ko‘p qatori shular ham sog‘-omon yurishsa, yurtimiz tinch bo‘lsa bo‘ldi-da, bolam. Kattasi Zokirjon ota kasbini ushladi — Oloyda cho‘ponlik qiladi, Shertoy bilan Halimjonlar san’atni tutishdi, Salimjon o‘zimizda ishlaydi — bariyam el xizmatida, mingdan-ming roziman!

—Yaqinda gazetalarda butun oila bir bo‘lib Chernobil fondiga ma’lum miqdorda mablag‘ o‘tkazganlaring to‘g‘risida xabar chiqdi. Siz ham pensiyangizni beg‘araz tortiq qilibsiz...

—Shertoy bolamning yo‘talib turib shaharga ketib qolganiga to‘rt kun ichida qancha xavotir oldim, u yerdagi onalarga oson bo‘lmagandir. Unday tashvish oldida mening pensiyam nima degan gap?!

Bizda shu kunlarda hamma ona Sherali akaning onasi kabi fikr yuritishiga ishonchim komil.

—Kuni-kecha o‘g‘lingiz «Paxtakor» stadionida kontsert berdi. O‘ttiz mingdan ortiq tomoshabin kirib, tinmay olqishlab turdi! — dedim darrov suyunchilab. Lekin Bahriniso aya shunday «olamshumul» xabarni ham xotirjam o‘tirib eshitdi.

—«Axborot»da ko‘rib bildim, — dedi so‘ngra, ko‘zlarining tub-tubida quvonch porlab. — O‘shanda bir kun oldin bolam shamollab, yo‘talib turganidi, saharda hech kimga indamay ketib qolibdi. To‘rt kundan beri xavotirlanib yuruvdim, xayriyat sog‘-salomat ko‘rdim, ko‘nglim joyiga tushdi...

—Sherali akaning kontsertlariga kirganmisiz hech?

—Ikki marta kirganman: birinchisi — ancha ilgari, o‘zimizning Anjanda bo‘luvdi. Ikkinchisi — shu yil qishda Toshkandagi Do‘stlik saroyida bo‘lgan kontsertiga bordim.

—Iya, o‘sha kontsertga biz ham kirgan edik, bilmabmiz-da, bilganimizda sahnaga taklif qilardik, — dedim hovliqib.

—Atay hech kimga bildirishmadi. Odam ko‘p, qiynab yuborishadi, deb qo‘rqishdi shekilli. Shundayam ko‘pchilik bilibdi: kontsertdan keyin kelib o‘rab olishdi, gullar berib tabriklab ketishdi.

—Qalay, yoqdimi axir kontsert?

—Ha, ishqilib sog‘ yursa bo‘ldi...

Samolyot rosa katga tezlik bilan yelib borib, havoga ko‘tarildi. Oyog‘i yerdan uzilar-uzilmas, odatdagidek, g‘ildiraklarini apil-tapil yig‘ishtirib oldi. Shu zahoti tepamizdagi karnaylardan styuardessaning mayin ovozi eshitila boshladi: «Aziz yo‘lovchilar! «Andijon — Toshkent» reysi bilan uchayotgan «Tu — 154» samolyotimizga xush kelibsizlar!.. Iltimos, tasmalarni bog‘lab olinglar... Ekipaj sizlarga yoqimli parvoz tilaydi...»

—Yana osmonda gaplashamizmi? — dedi Sherali aka kulib.

—Gaplashishga gap ko‘p, lekin bu ellik minut bizga yetarmikan, — dedim men ham kulib. — Mayli, kelasi safarga ham qolsin...

Shunday dedimu o‘zim yana o‘yga toldim.

Sherali Jo‘raev! Mana, necha yillardan beri o‘zining betakror san’ati, qudratli ovozi bilan xalqimizga halol xizmat qilib kelayotgan mashhur xonanda yonimda o‘tiribdi. Xo‘sh, bunchalar mehr-muhabbatga sazovor bo‘lishining boisi nimada? Qanday sir-asrori borki, u yaratgan qo‘shiqlar darrov el orasiga yoyiladi? Biz tomoshabinlar to‘rt ming kishilik ulkan saroy zalida o‘tirib, Sherali Jo‘raev ijro etgan har bir qo‘shiqdan keyin qarsak chalayotganimizda shularni hech o‘ylab ko‘rganmizmi? San’atkorning sahna ortidagi hayotini — uyqusiz kechirgan tunlariniyu mashaqqatli mehnatlarini ko‘z oldimizga keltirganmizmi? Bilmadim. Hamisha ham buni o‘ylab o‘tirmasak kerak. Lekin shu gulduros qarsaklarimiz, shu mehru muhabbatimizning o‘ziyoq uning uyqusiz kechgan tunlariyu mashaqqatli mehnatlari samarasiga bergan bahoimiz emasmi?! San’atkor uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Jumladan, O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist Sherali Jo‘raev ana shunday baxtga musharraf bo‘lgan san’atkordir!

...Yon tomonimizda nimadir tiriq-tiriq etdi: samolyot g‘ildiragini chiqardi. Hali yerdan darak yo‘q, osmoni falakdamiz, samolyot esa odatdagidek hovliqib oyog‘ini chiqarib o‘tiribdi!..

Sekin Sherali akaga o‘girildim.

—Hozir, ayni shu lahzalarda nimani o‘ylayapsiz?

Sherali aka kulib yubordi.

—Siz menda tajriba o‘tkazayapsiz shekilli, a? Lekin bu safar she’rni o‘ylayotganim yo‘q edi... Mana, hozir samolyot qo‘nadi. Hammamiz tushamiz. Toshkentda ikki milliondan ortiq odam yashaydi... shularga singib ketamiz... o‘ylasa, yurakni vahm bosadi. Yaxshi ma’nodagi, quvonchli vahm...

Samolyot qo‘ndi. Hammamiz tushdik. Va sezilmasdan ikki millionli shaharga — o‘zining Sheralisi bor bo‘lgan aziz odamlarning bag‘riga singib ketdik.

Nurullo OTAXONOV

“Yoshlik” jurnali, 1986 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.