OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shuhrat: “Haqiqatni aytaman va yozaman degan odamgina yozuvchi degan sharafli nomga loyiq bo‘la oladi” (1988)

Shuhrat aka, redaktsiyamizga kelayotgan ko‘p xatlarda bir savol bor: «Shunday jur’atli jurnal bo‘laturib, nega tariximizdagi oq dog‘lar haqida yozmayotirsizlar? Axir «Ogonyok» jurnali, Moskva matbuoti berayotir-ku? Biz ilgari aytish mumkin bo‘lmagan, man etib kelingan tarixiy hakiqatlarni bilgimiz keladi», deb yozishadi. To‘g‘ri, biz ham jim turganimiz yo‘q. Domla Shayxzodaning ilgari chop etdirilmagan «Jaloliddin Manguberdi» asarini, Cho‘lponning turkum she’rlarini, Abdulla Kahhorning e’lon qilinmagan «Til haqida nutq»ini bosdik. Ammo bu kasalning — «davr ruhi»ga mos kelmagan, «yutuqlarimizga soya tashlaydigan» asarlarni rad etish kasalining ildizlari haqida, bu yashovchan qatag‘onning ziyolilarimizga, adabiyotimizga, qolaversa, jamiyatimizga zarari haqida ro‘y-rost yozganimizcha yo‘q. Siz haq so‘zni aytib va yozib, kattalarning bir emas, ikki bor «qahri»ga uchragansiz, jabrini tortgansiz. Eng yaxshi asarlaringiz uchun ham tegishli maqtovlarni eshitmagansiz. Tanqidchilar asarlaringizni hatto xolisanillo maqtashdan ham cho‘chirdilar. Nomingiz ro‘yxatlarning oxirida sanalar, o‘zingiz bir chekkaga «surib» qo‘yilgan edingiz. Lekin mana, haqiqat bor ekan, adabiyotdagi xizmatlaringiz nihoyat kechikib bo‘lsa-da, munosib taqdirlandi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi bo‘ldingiz. Rost so‘zga tashna o‘quvchilarimizga Stalin davri haqida, o‘sha davrga sig‘magan va nohaq repressiya qilingan o‘zbek adiblari haqida gapirib bera olasizmi?

—Stalin davrining oq dog‘lari... Sizlar uchun shunday: tarixning oq, ochiq qolgan sahifalari. Lekin men ularni yaqin o‘tmishimizning qora dog‘lari degan bo‘lardim. Chunki u qora kunlar haqida yaqin-yaqingacha ham og‘iz ochib bo‘lmas edi. O‘quvchilar hamon rost so‘zga tashna ekan, keling, bilganlarimni bir boshdan so‘ylay.

Men o‘ttizinchi yillarda texnikumda o‘qirdim. Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari biz sevib o‘qiydigan va hech qo‘ldan qo‘ymaydigan kitoblar edi. Yana u kishi arabchadan o‘girgan «Tamilla» va «Qamar» degan romanlar xalq orasida mashhur edi. Ana shu yillari partiyaning adabiyot va san’at haqidagi qarori chiqib, ilgari adabiyotdan chetlashtirib qo‘yilgan yozuvchilar yana sovet adabiyoti atrofiga jipslashishga chaqirildi. Bizda ham bunday yozuvchilar talaygina edi. O‘z asarlari bilan xalqqa yaxshi tanilgan Abdulla Qodiriy, Fitrat, Botu, Alaviylargina emas, inqilob arafasida ijodini boshlagan Xislat, Tavallo, Miskin kabi shoirlar ham chetga surib qo‘yilgan edi. Bu qarordan keyin Qodiriy boshliq bir guruh yozuvchilar katta davraga qaytdilar. Ularning asarlari ham qayta nashr qilina boshladi. «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» qora muqovada lotin imlosida nashr etildi. Go‘yo adabiyotga yangi shabada kirib kelgandek shodlik bo‘ldi.

Xuddi shu paytda matbuotda Sotti Husayinning «O‘tgan kunlar» haqidagi tanqidiy maqolalari bosilib, ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Lekin ko‘p kitobxonlar maqola avtorining fikriga qo‘shilmasdan miyiqlarida kulib qo‘yaqolishardi. Keyinchalik bu maqolalar alohida kitob qilib chiqarilgan bo‘lsa-da, adabiyotshunoslikda shuhrat topmadi. Negaki u «O‘tgan kunlar»ning realistik tahlili emasdi.

O‘zbek romanchiligini boshlab bergan Abdulla Qodiriy bu vaqtda zamonaviy mavzudagi yangi asari — «Obid ketmon» ustida ishlar, Cho‘lpon Moskvada tarjimachilik qilayotgani haqida xabarlar kelib turardi. Fitrat asar yozmay qo‘ydi. Faqat «Qiyomat» qissasi e’lon qilindi. U o‘zini o‘qituvchilikka urdi.

Ko‘p o‘tmay Cho‘lpon ham Moskvadan qaytib, «Soz» nomli she’rlar to‘plamini e’lon qildi. «Soz» kitobi Cho‘lponning sovet pozitsiyasiga qaytishining belgisi va guvohnomasi edi. Shoirni avvaldan yaxshi bilgan o‘quvchilar kitobga duv yopishdilar. Bu she’rlar mavzusining aktualligi va zamonaviyligi bilan ajralib tursa-da, ammo ularda Cho‘lponning avvalgi mahorati ko‘rinmasdi. Shunga qaramay matbuotda Cho‘lpon ijodini «urish» davom etardi. Masalan, H. Yoqubov bu kitobga bag‘ishlangan maqolasida Cho‘lponning:

Bir necha yil qantargach,
Yana oldim sozimni.
Endi aytib yig‘lamas,
Ko‘nglimdagi rozimni...

kabi satrlari haqida uzoq to‘xtalib, shoir sovet pozitsiyasiga qaytganiga shubha bildirdi. Lekin ular boshqa bir adabiy faktni — Cho‘lpon ulug‘ proletar yozuvchisi Gorkiyning «Ona» romani va Shekspirning shoh asari «Gamlet»ni o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilganini inobatga olishni o‘ylamas edilar.

Mana shu davrga kelib, shaxsga sig‘inishning mudhish gulxani yona boshladi. Eng yaxshi yozuvchi va ziyolilar shubha ostiga olinib, birin-ketin qamaldilar. Avval Botu bilan Oltoy «olib ketilgan» bo‘lsa, keyin «o‘tmishni sog‘inib» yozgan eski she’rlari uchun Cho‘lpon ham qamaldi. Abdulla Qodiriyning asarlarini o‘qish taqiqlab qo‘yildi. O‘ziga esa, yozish man etildi. Bu yozuvchilarning asarlarini yashirib o‘qigan kishilar ham alohida nazorat ostiga olinar edi.

Kechagidek esimda: xuddi shu alg‘ov-dalg‘ovli davrda Usmon Nosir Samarqanddan Toshkentga kelib, Taras Shevchenko ko‘chasidagi mehmonxonada bir muddat turgan va uchrashganmiz. U meni «Mehrim» kitobining korrekturasini o‘qishib yuborishga chaqirgan ekan. Korrekturani ko‘rib bo‘lgach, u menga «Nil va Rim», «Isroil», «She’rimga» va «Tojixon» she’rlarini yoddan o‘qib berdi. Keyin biz ko‘chaga chiqib, do‘kondan gazeta oldik-da, Shayxontohurga qarab ketdik. Yo‘l-yo‘lakay adabiyot haqida gaplashib borarkanmiz, u Cho‘lponning nomini tildan qo‘ymas, she’rlarini esa yoddan o‘qir edi.

«Shunday katta shoir, tiniq o‘zbek tilida ajoyib she’rlar yozgan odam endi sovet yozuvchilari platformasiga o‘tganda qamalsa-ya! — dedi u achinib. — Bu noto‘g‘ri. U Gorkiydek odamnig shoh asarini tarjima qilishining o‘zi proletar adabiyotiga sadoqatini isbot qiladi. Afsus, kattakon yozuvchi va tarjimondan bevaqt ajraldik». Biz sotib olgan gazetada buxarinchilar sudi materiallari bosilgan ekan. Usmon Nosir uni o‘qiy turib, bosh chayqab qo‘ydi va hech tap tortmay o‘z fikrini aytgani yodimda: «Bundagi odamlarning ko‘pi Lenin bilan birga ishlashgan. Buxarin esa, partiyaning suyuklisi va nazariyotchisi edi. O‘ziga loyiq ish topilmay «Izvestiya» gazetasiga muharrir etib tayinlangan edi. Bu ham uzoq nasib etmadi unga. Stalinning qahri bilan otib tashlansa kerak. Afsus, Lenin bilan ishlashgan noyob kishilarni Stalin bitta-bitta yo‘qotib boryapti».

Usmon Nosir ana shunday o‘z fikrini aytishdan hayiqmaydigan va qaytmaydigan shoir edi.

Ammo vaziyat juda og‘irlashib borar edi. Hech kim besh-o‘n kishining ichida o‘z fikrini baralla ayta olmas, aytib qo‘ygan kuni ertasiga olib ketilar edi. Shuning uchun odamlar to‘dalashib yurishmas, siyosat haqida gaplashishmas, yig‘inlarga ham borishavermas edi. Borgan taqdirda ham chekka-chekkadan yurib, bir-birlarini ko‘rsalar-da ko‘rmaslikka olib ketishar edi. Go‘yoki ikki-uch kishi birga yursa guruh bo‘lib qoladigandek, o‘zlarini olib qochardilar. Hatto bitta shaxmat taxtasi yoniga o‘tirish ham «maslakdosh»lik hisoblanar edi. Hamma bir-biriga shubha bilan qarar, nojo‘ya gap gapirib qo‘yishdan xavfsirab turar edi. Chunki sotib qo‘yuvchilar ham oz emasdi. Agar bir do‘stingiz qamalib qolsa, bilingki, sizning ham navbatingiz yaqinlashibdi. Qamalmasangiz, uni siz qamatganga chiqar edingiz. Odamlar qamalgan kishining qarindosh-urug‘laridan uzoqroq yurishni, bordi-keldini uzib turishni maslahat berishardi. Hatto qamalgan odamning nomini tilga olish gunoh hisoblanardi. Qamalgan kishi suvga otilgan toshdek jim bo‘lib ketar edi. Shubha, ishonchsizlik, hadik va qo‘rquv shu darajada qanot yozgan ediki, bu ko‘zing u ko‘zingga yov bo‘lib ko‘rinardi.

Bir kuni mushtumchi G‘ozi Yunusning yangi shahardagi uyiga borsam, Qo‘qondan Ashurali Zohiriy kelgan ekan. U birinchi o‘zbekcha-ruscha lug‘atning muallifi edi. Shu munosabat bilan bu yerga Naim Said, Abdulla Qodiriy, Elbek va boshqalar to‘planishgan ekan. Suhbat adabiyot haqida bordi. Mehmon eski adabiyotni maqtab kelib, hozirgi yozuvchilardan Oybek bilan Abdulla Qahhorni tilga oldi-da, «kelajakda barcha umid shulardan» dedi. G‘afur akani o‘yinqaroq, bequnt odamlar qatoriga kiritib qo‘ydi. Men Usmon Nosirning she’rlarini maqtab gapirgan edim, Ashurali Zohiriy qarshi bir narsa demasa ham boshini quyi egib qo‘ydi. Keyin qamalganlar haqida gap ketib, G‘ozi Yunus «dunyoda xalq dushmanlari ham ko‘p ekan» deb askiya qildi. Ularning kayfiyatidan noo‘rin qamalib yotganlar anchagina ekanligi aniq edi. Bu paytda kelajagiga katta umid bildirilgan Oybek ham adabiyotdan chetlashtirilgan, o‘zi tarjimachilik bilan mashg‘ul edi.

O‘sha uchrashuvdan ko‘p o‘tmay yana bir guruh yozuvchilar qamoqqa olindi. Ular orasida Abdulla Qodiriy, G‘ozi Yunus, Ashurali Zohiriylar ham bor edi. Shundan keyin adabiyotimiz juda huvillab qoldi. Biz bir-birimizga g‘animatligimizni sezardig-u, lekin ertaga nima bo‘lishini bilmasdik. Chunki yuqoridagi qamalgan yozuvchilar bilan shaxsan tanish va do‘st bo‘lgan kishilargina emas, hatto uyidan Abdulla Qodiriy yoki Cho‘lponning kitoblari chiqqan odamlar ham jazosiz qolmas edi. Biz mana shunday qatag‘on zamonda yashab, ijod olamiga kirib kelganmiz, endi u kunlar qaytib kelmasligi uchun ham oshkoralik zamonining qadriga yetmoq kerak.

Domla,o‘zingiz haqingizda hech narsa demadingiz...

— Men o‘zim «Sharq Yulduzi»da ishlab, ijodni urushdan oldin boshlagan bo‘lsam-da, borib-borib she’rlarim chiqmay qola boshladi. Bir kuni Eski shahardagi hovlimizga Yozuvchilar soyuzidan komissiya kelibdi. Uyda oyim beshikdagi bolaga qarab o‘tirgan ekanlar. O‘g‘ilchani to‘y qilasizlarmi, deb so‘rashibdi. Oyim, bo‘lmasa-chi, deb javob qaytaribdilar. Shu bir og‘iz gap bilan turish-turmushimizni bir qur ko‘rishgani yetarli bo‘lib, meni majlisga solishdi. «Otangiz savdogarlik qilgan ekan. O‘zingiz kosibdan chiqmagan ekansiz. Xotiningiz eskicha, jiyakli lozim bilan, atlas ko‘ylak kiyib yuribdi. Bolangiz esa beshikda yotibdi. Yaqinda xatna qilarkansiz. Turish-turmushingiz eskicha. Bu narsa she’rlaringizda ham aks etib turibdi», deb soyuzdan haydashdi. Shundan keyin matbuotda umuman ko‘rinmay qoldim. Majburan tarjimaga o‘tdim. Keyin esa armiya safiga chaqirilib, yetti oy xizmat qilar-qilmas urush boshlanib ketdi. Qirq to‘rtinchi yilning oxirlarigacha jangda yurdim. Avval vzvod komandiri, so‘ng batalon komandiri bo‘lib, Polshaga qadar urush yo‘llarini bosib o‘tdim. O‘sha yerda qattiq kontuziyaga uchrab, gospitalga tushdim. Olti oylik otpuskaga qaytgan chog‘imda urush tugadi.

Keyin pedagogika institutida o‘qituvchilik qila boshladim. Adabiyotdan chetroq yurib, Soyuzga bormay qo‘ydim, u yerdagi muhit yaxshi emas edi. Menga Cho‘lpon va Abdulla Qodiriyning dumi deb qarashar edi. O‘sha paytda yozgan asaringga qarab emas, kimligingga qarab, kimlar bilan do‘stligingga qarab muomala qilishar, munosabat bildirishar edi. Mening jangchi shoir ekanligim ham, Vatan uchun qon to‘kib kelganim ham inobatga o‘tmadi. «Hayot chashmalari» deb atalgan birinchi she’rlar to‘plamim bosmaxonada qolib ketdi. O‘sha vaqtda Yozuvchilar soyuzida M. Sheverdin, N. Safarov, Z. Fatxullin, T. Sobirov singari bir guruh kishilarning aytgani-aytgan, degani-degan edi. Shularning gapi qonun bo‘lib, hamma ularning og‘ziga qarar edi. 1947 yili ne mashaqqatlar bilan «Hayot nafasi» she’rlar kitobimni chiqardim. Uni o‘quvchilar yaxshi kutib olishdi. Shundan ilhomlanib, urushda ko‘rgan-kechirganlarim asosida kattaroq bir kitob yozishga jur’at etdim. O‘sha vaqtda Abdulla Qahhorning «Oltin yulduz» qissasi «Qizil O‘zbekiston» gazetasida chiqa boshladi. Bu ham menga bir turtki bo‘lib, «Shinelli yillar» romanimni yozishga kirishdim. Romanning birinchi kitobini tugatib, ruschaga so‘zma-so‘z tarjima qildirib, nashriyotga topshirgan joyimda qo‘lda qolib ketdi.

Bu vaqtda Yozuvchilar soyuziga Sh. Rashidov rais bo‘lib keldi va oradan hech vaqt o‘tmay men qamalib ketdim. Menga «Usmon Nosirning propagandisti, Abdulla Qodiriy bilan Cho‘lpon kitoblarini o‘qigan va targ‘ib qilgan» deb ayb qo‘yishdi. Uyimdan go‘yo «O‘tgan kunlar» romani chiqqan emish.

Shunday qilib, deng, besh yil umrimiz shamolga uchdi. Sibiru Shimoliy Qozog‘istondagi qamoqxonalarda o‘tirib keldik. Bolalar yozuvchisi Mahmud Murodov ham men bilan birga edi.

So‘zni san’at darajasiga ko‘tara olgan haqiqiy adiblarga, ulkan so‘z ustalariga ergashib, ularning o‘lmas va betakror ijodi, asarlariga mehr qo‘yganimiz, ular haqida halol gapni aytganimiz uchun bizni ayblashgan. Bu nohaqlik ekani hozir yoshu qari barchaga ayon. Lekin u paytda, u shubhalarga to‘la biqiqlik zamonida erkin fikrli kishilarga ergashish og‘ir gunoh edi.

«Shinelli yillarining taqdiri qanday kechdi?

— Qamoqdan qaytgach, asarning yozilgan qismini qidirib, butun uyni titi-pit qilib chiqdim. Hech yerda yo‘q. Nashriyotga so‘rab borsam, u yerda ham topib berisha olmadi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib qaytayotsam, nashriyotning Kasabov degan bosh buxgalteri bo‘lardi, ko‘rib qoldi. «E, Shuhrat, sening asaring bizning hujjat papkalarda yotibdi. Uning so‘zma-so‘z tarjimasiga pul to‘laganda tikib ko‘yganmiz» dedi. O‘sha paytda «O‘zdavnashr»ning direktori Fayzulla Yunusov edi. Yalina-yalina zo‘rg‘a qaytarib oldim. O‘zim beish edim. Uni o‘qib chiqib, ikkinchi kitobini emas, bir butun roman holida boshqatdan yozishga qaror qildim. Juda qattiq ishlab, O‘zbek adabiyoti va madaniyatining Moskvadagi 1956 yilgi dekadasiga yozib bitirdim. Roman ruschaga tarjima qilinib, yozuvchi Immanuil Kazakevichdan yaxshi taqriz olgach, Moskvada dastlabki shartnomaga ko‘ra 100 ming nusxada emas, 500 ming nusxada bosildi. Bir yildan keyin esa qayta nashr etildi. Bu orada asarning o‘zbek tilidagisi ham chiqib, u Moskvadagi dekadada yaxshi baho oldi.

Lekin keyin-keyin yuqoridagi ayrim o‘rtoqlarning gapi, menga sovuq munosabatlari sabab bo‘lib, bu asar roman-xronikaga chiqarib qo‘yildi. U o‘sha vaqtda respublikamizda bir sira ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan va hozir unutilgan romanlarning soyasida qolib ketdi. Nainki mening asarim, boshqa ko‘pgina voqea bo‘lishga arziydigan asarlar ham u amaldor adiblarning «yozgan»lari oldiga tusha olmadi.

Albatta, bu o‘rinda Abdulla Qahhorning «Sinchalak» va «O‘tmishdan ertaklar»i bundan mustasno.

Abdulla Qahhorning so‘nggi kunlari va vasiyati haqida, keyingirostso‘zlar uchun chekkan aziyatlaringiz to‘g‘risida gapirib bersangiz.

— Abdulla akaning so‘nggi kunlari haqida avval yozganman. Uni jurnalxonlar «Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida» kitobidan o‘qib olishlari mumkin. Hozir esa ichimda qolib ketgan ba’zi gaplarni aytsam. O‘sha xotirada yozganimdek, 1967 yilning 22 mayida meni chaqirtirib, Abdulla Qahhor yo‘qlatayotganini, zudlik bilan Moskvaga uchishimni aytishdi.

«Yolg‘iz Sizni chaqiryapti, bilet aeroportga tayinlab qo‘yilgan, — dedi elchi bo‘lib kelgan odam. — Siz hamma gapni bilib kelarkansiz. Shunday topshiriq bor...»

«Men qamalgan odamman», dedim topshiriq degani yoqmay.

«Abdulla Qahhor yolg‘iz sizni so‘rayapti-da», dedi u boshqa gapga o‘rin qoldirmay.

Keyin men uchib ketdim. Moskva aeroportiga boriboq telefon qildim: xayriyat, tinchlik ekan. So‘ng SSSR Meditsina fanlar akademiyasining V. A. Vishnevskiy nomidagi xirurgiya institutiga yetib borib, u kishi davolanayotgan ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Men palataga kirib borganimda domla karavotda chalqancha yotar, rangi-ro‘yi uncha olinmagan, qarashlari avvalgidek tetik va kuzatuvchan, lekin qovoqlarining salqishi, vazmin harakati uning og‘ir dard bilan mardona olishib kelayotganini ko‘rsatib turardi.

U meni ko‘rishi bilan yuziga mamnun kulgi yugurib, qo‘lining uchini darmonsizgina ko‘tardi. Men uning qo‘lini shoshib kaftimga olarkanman:

«Bundoq engashing, Toshkent nafasini olib kelgandirsiz», dedi domla.

Biz bir soatdan mo‘lroq gaplashib qoldik. Men «Sharq Yulduzi»ning 2-sonini olvolgan edim. Unda Abdulla akaning «Muhabbat» povesti bilan birga mening «Jannat qidirganlar» romanim bosilgan edi. Abdulla aka o‘qigan ekan:

«Romanni ko‘rdim. O‘zbekcha yozuv muborak bo‘lsin. Siz aynimang. Ba’zilarga o‘xshab, poshshoyimizning (u kishi Rashidovning otini atamas, poshshoyimiz derdilar) maqtoviga uchib yurmang. U o‘rtamiyona yozuvchi. Maqtab, o‘zidan keyinga qo‘yib qo‘yadi. O‘zingizni ehtiyot qiling. Ba’zi-birovlarga o‘xshab yolg‘ondan maqtab yurmang. Agar shu roman yo‘lidan borsangiz, oxiri yaxshi chiqadi. Sizning romaningiz o‘zbekcha o‘ylangan, — dedi. Keyin o‘zi haqida, chala qolayotgan asarlari to‘g‘risida gapirdi: —Men realist odamman. O‘limdan qo‘rqmayman. Lozim topgan narsamni yozdim, aytishim keragini aytdim. Endi hamma yozuvchilarda bo‘lganidek, menda ham chala qoladigani bor. Bu tabiiy... Men o‘lgandan keyin Sarvar Azimov, Muhammad O‘rozboev, Yodgor Nasriddinovalarga xabar bering. Boshqalarga aytmasangiz ham mayli. Endi boring. Mamlakatday shaharda adashib yurmay, O‘zbekiston vakolatxonasining yotog‘iga boring. Joy tayyor».

Mendan keyin Konstantin Simonov ko‘rgani kelibdi. Qolgan gaplar o‘quvchiga ayon. 25 mayda domla olamdan o‘tgach, vakolatxonaga yugurdim. Borsam, vakil «Endi dushanba kuni javob beramiz», deydi. Agar siz javob bermasangiz, shu kecha Toshkentdan kelib piyoda olib ketishadi, dedim. U noiloj o‘sha — juma kuniyoq Toshkentga qo‘ng‘iroq qila boshladi. Men ham birinchi galda domla aytgan odamlarga xabar qilishga kirishdim. Keyin o‘sha kuni kechasi samolyotda yo‘lga chiqdik. Kelsak aeroportda faqat Nosir Fozilovning o‘zi yuribdi. Markaziy Komitetdan, samolyot bir soat kechikib keladi, deyishganmish. Lekin tezda odamlar yig‘ilib ketdi. Axir, O‘zbekistonda Abdulla Qahhorni bilmaydigan odam bormidi?

Birshe’ringizda «Baxt nima? Boshingga tushganida ham g‘am, haqiqatga tik turib yashay olsang bas», deysiz. Bu fikr o‘shaog‘iryillarda tug‘ilganmi yo keyinroqmi?

— Haqiqatga tik turib, rost so‘zni aytib yashashga intilganim sari men o‘zligimni topa bordim. Va u hayotim mazmuniga aylandi. She’r bo‘lib esa keyinroq qog‘ozga tushdi. Darhaqiqat kimki, falonchi odil odam degan nomga sazovor ekan, u baxtlidir. Dunyoga kelib bu nomni ololmay ketganlar qancha, axir!

Biz tariximizni yaxshi bilmasligimiz, unda oq dog‘lar ko‘pligi eski imlodagi adabiyotga tishimiz o‘tmasligidan ham emasmi? Umuman, Siz 1928va1940 yilgi o‘zgarishlarga, umumxalq muhokamasiga qo‘yilmay turib, birdanigaboshqaimloga o‘tilishiga qanday qaraysiz? Uni tarixda qanday hodisa deb bilasiz? Axir, u yog‘ida necha asrlik ma’naviy boyligimiz qolib ketdi-ku. Buning ustiga o‘sha vaqtda joylarda ming-minglab arab imlosidagi kitoblar yondirib-kuydirilgani, ko‘mib yo‘qotilganini eslang. Qanday nohaqlik!..

— Nimasini aytasiz. Odamlar eski kitoblarni qoplab mozorga eltib tashlaganlarini ko‘rganmiz. Bu ham bo‘lsa, hadik zamoni, qo‘rquvga asoslangan Stalin saltanatining kasri, kasofati edi. Odamlar ich-ichlariga singib ketgan qo‘rquv tufayli uyimizdan eski kitob chiqib, bir baloga giriftor bo‘lib yurmaylik deb shunday qilishgan. Axir chindanam boshingizga bir savdo tushib, uyingiz tintuv qilinsayu arab imlosidagi kitob chiqib qolsa ham bir balo edi-da. U hazrat Navoiyning asarimi, boshqami — surishtirib o‘tirilmasdi. Dushman kitobi deb atalar edi.

Imlo ham shoshma-shosharlik bilan o‘zgartirilgan deb o‘ylayman. Hali bunga vaqt yetilmagan edi. Avval obdan tayyorgarlik ko‘rish, yetarlicha ilmiy kuchlarni, tilchilarni jalb qilish lozim edi. Qabul qilinadigan imloning xususiyatlarini sinchiklab o‘rganib chiqish, o‘zbek tili bilan chog‘ishtirib ko‘rish zarur edi. Qolaversa, xalq muhokamasiga tashlash, yetti o‘lchab bir kesish lozim edi. Oqibatda ikki marta savodsiz bo‘lib qoldik. Yosh avlodning eski kitoblarga tishi o‘tmaganidan hozir arabchada bitilgan yuzlab durdona qo‘lyozmalar arxivda ko‘milib yotibdi. Ular xalqqa yetib bormayapti, uning ma’naviy dunyosi, xazinasiga aylanmayapti. Bu axir madaniy tariximizdagi kemtik emasmi? Menimcha, ana shu kemtikni to‘ldirish uchun ham arab tili va arab yozuvini biladigan mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, alohida texnikum va o‘quv yurtlari ochish lozim.

Balki bunday yetilgan masalalarni gaplashib olish va kengashib hal qilish uchun ziyolilars’ezdini chaqirish lozimdir?

— Ayni payti. Oshkoralik va chinakam demokratiya davrida mustaqil fikrli kishilarning so‘zi, taklifiga quloq solish, uni inobatga olish, hisoblashish nechog‘li ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tirmasam ham bo‘ladi. Ziyolilar xuddi shunday hur fikrli kishilardir. Ular hozirning o‘zidayoq mamlakat kelajagi, Vatan ravnaqi, el farovonligi va ma’naviy birligiga aloqador dadil fikrlarni o‘rtaga tashlamoqdalar. Agar intelligentsiyaning ikkinchi s’ezdi chaqirilgudek bo‘lsa, unda madaniy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga doir, yosh avlodga tarix va adabiyotni o‘qitish, tilni o‘rgatishga aloqador, odamlar sog‘lig‘ini asrash va atrof-muhitni muhofaza etish bilan bog‘liq juda ko‘p masalalar xususida atroflicha fikrlashib olish, mumkin bo‘lur edi. Gapdan amaliy ishga ko‘chadigan vaqt yetdi. Ko‘ngillarda necha vaqtdan beri og‘ir toshdek yotgan masalalarni aytadigan, hal qiladigan, kuyunchak odamlarning fikriga quloq soladigan payt keldi, axir.

Adabiyotga to‘ralarcha rahbarlik qilish va aralashishdek Stalin davridan qolgan qusur, afsuski, hali ham barham topgan emas, ba’zan-ba’zan u o‘zini ko‘rsatib qo‘yyapti. Eslasangiz, bu narsa O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mashhur XVI Plenumidan keyin ham bir muddat davom etib keldi.Birguruh iste’dodli yoshlarning asarlari respublika matbuotida yarim yilcha bostirmay qo‘yildi. Jurnallarning korrekturasi alohida nazardan o‘tib turdi. Qancha asar va maqolalar yuqoridan tahrir etildi. Lekin, xayriyatki, jamiyatimizda boshlangan chinakam oshkoralik davri bunga yo‘l bermadi, yuqoridan aralashishlar to‘xtatildi. Shu munosabat bilan yosh ijodkorlarga tilaklaringizni bilmoqchi edik.

— Stalin davridan qolgan qusur deb to‘g‘ri aytdingiz. Rostgo‘y va haqgo‘y yozuvchilarning asarlarini ming chig‘iriqdan o‘tkazish kasali u yoki bu ko‘rinishda keyingi yillarda ham davom etdi. Adabiyotning missiyasini to‘g‘ri tushunmaydigan ba’zi rahbarchalar necha yil iste’dodli yoshlarning yuragini «qon qilib» keldilar. Muharrirlarga tazyiq o‘tkazib, uni bos, buni bosma, manavi muallifing nima demoqchi o‘zi, nimani targ‘ib qilyapti, deb yoshlarning yo‘liga to‘g‘anoq soldilar. Vaholanki, ular cho‘chib, e’tiroz bildirgan o‘sha she’r va asarlar haqiqiy dard bilan bitilgan, davr talabiga to‘la javob beradigan asarlar edi. Men yoshlardan xursand bo‘lgan joyim shundaki, ular so‘niqib qolmadilar, chekinmadilar. Balki birgalashib kurashdilar. Albatta, ularning ichida o‘ksinib yurganlari, ijoddan hafsalalari so‘nib, yozishga qo‘llari bormay qolganlari ham bo‘ldi. Shunday paytda hech tushkunlikka tushmaslik kerak. Adabiyotga nima maqsadda kirib kelganingizni, adabiyot hamisha kurashdan iborat ekanini, jangsiz hech bir narsaga erishib bo‘lmasligini unutmaslik lozim. Adabiyotga shiddat va ishonch bilan astoydil kirgan, haqiqatni, haqiqatni va faqat haqiqatni aytaman va yozaman degan odamgina yozuvchi degan sharafli nomga loyiq bo‘la oladi. Shuning uchun ham vaqtincha to‘siqlardan qo‘rqmaslik va tisarilmaslik kerak.

Suhbatni Murodjon MANSUROV yozib oldi.

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.