OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar: “Haqiqiy yozuvchida yaratish ishtiyoqi so‘nmaydi” (2009)

XX asrning boshlarida yuzaga kelgan o‘zbek hikoyachiligining rivojlanishida ijtimoiy voqelik, jamiyat hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar muhim ahamiyatga egaligi shubhasiz. Adabiyotning bosh maqsadi insonni tahlil etish ekan, bu o‘zgarishlar uning hayotiga, ongu shuuriga qanday ta’sir etayotganini o‘zida aks ettiradi.

Asrning dastlabki yillarida yuzaga kelgan hikoyachilik janrida hayot haqiqatlari ro‘y-rost aks ettirilib, realistik tasvir ustuvorlik qilgan bo‘lsa, jamiyat taraqqiy etgani sayin adabiyotda ham voqea-hodisalarni o‘zgacha shakl, usullarda tasvirlash yuzaga kela boshladi.

Endi sodda va ravon tilda ifoda etilgan badiiy voqelik o‘z ta’sirini biroz yo‘qotdi. Ana shu o‘zgachalikni adabiyotshunoslarimiz turlicha talqin qila boshladilar. Kimdir bu holatni ijoddagi yangilanish desa, yana kimdir G‘arb adabiyotiga taqlid deb baholadi. Yozuvchi, “Yoshlik” jurnalining bosh muharriri Sobir O‘NAR bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz ham bugungi adabiy jarayon, yozilayotgan asarlar salmog‘i va mazmun-mohiyati haqida kechdi.

— Sobir aka, keyingi paytda adabiyotshunosligimizda yangicha istiloh — “modernizm” anchagina kuchaydi. Siz bu jarayonga qanday baho berasiz?

— Qodiriy o‘zbek romanchiligiga asos solganida dunyoda atigi beshta romanchilik maktabi mavjud edi. Jahon adabiyotining oltinchi maktabini yarataman deb yeng shimargan adibning jasoratini ko‘z oldimizga keltirish mumkin.

Shuni ham unutmaslik kerakki, Qodiriyga qadar romanchiliklar Volter Skott davrlarini ham qo‘shib hisoblaganda besh yuz yildan ortiq tarixga ega, Yevropa nasri tamom il­g‘o­r­­­lashib ketgan edi. Servantes, J.Svift nasri hozirgacha diqqat bilan o‘qiladi, mumtoz adabiyot namunalari sifatida e’tirof etiladi. XX asrga kelib esa ingliz, frantsuz, asosan, nemis adabiyotida shakliy tajribalar qo‘llash, an’anaviylik, reallikdan chekinish holatlari ro‘y bera boshlagan, frantsuzlar, ayniqsa, naturalizmdan butunlay bezor bo‘lgan edi.

Sirasini aytganda, modern adabiyot ham katta ehtiyoj mahsulidir. Bolaga chaqaloqligida alla, so‘ngroq ertak, dostonlar ta’sir qilgani kabi aqli to‘lishganda o‘ta jiddiy asarlar o‘qish zarurati tug‘iladi. Shuning uchun ham Abdulla Qodiriy G‘arb, Sharq adabiyotlarining barcha “yozish yo‘sin”larini o‘zlashtirishni o‘ziga burch deb biladi. Ayni zamonda tarixning “o‘ta chirkin” zamonidan so‘z ochib, bugunning “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Chor darvesh”lari yanglig‘ asar bitmoqqa o‘zida ulkan jasorat topadi.

Demak, adabiyot, shu jumladan, nasr paydo bo‘lgandan buyon uning shaklini o‘zgartirishga ishtiyoq kuchli bo‘lgan. Og‘zaki adabiyot o‘zgarmay qolishi mumkindir, sababi u og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradi. Shuning uchun tushunarlilik talab etiladi. Ammo yozma adabiyotni shaxslar yaratadi. O‘z-o‘zidan xoh u nas­riy, xoh she’riy bo‘lsin, muallifning ko‘ngli, fikri yoxud voqea-hodisalarning shoir yoki nosirga moslashib qolishi tabiiydir. Shu ma’noda “sodda va ravon tilda ifoda etilgan badiiy voqelik” muqim bir tamo­yil kasb etmasligi tayin edi. Avvalo men bu holatni zarurat deb tushunaman. Yangilanish oson emas, XX asr boshlarida Mayakovskiy kabi yirik shoir ham zinapoya usulidagi she’rlari bilan novatorlik ko‘rsatgani uchun qattiq tanqidga uchragan, adabiyotshunoslarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘lgan edi.

XX asrning 80-yillariga kelib adabiyotimizda an’anaviylikdan biroz chetlanish, boshqacha ohang, shakl va ifoda usullari paydo bo‘ldi. Tabiiyki, buni an’anaviylikka moslashgan adabiy jamoatchilik tezda hazm qilolmadi. Bu jarayon she’riyatga taalluqli edi. Ammo “modern” degan so‘z ishlatilmasdi, chunki u o‘sha she’rning o‘zi kabi iste’molga kirib ulgurmagan edi. Biroq, yosh ijodkorlar bu shaklni tezda qabul qilib, shijoat bilan yoqlay boshladilar. Negadir asli G‘arb adabiyoti ta’sirida kirib kelgan bu she’rlarning asl manbaiga emas, o‘zbekcha ko‘rinishlariga taqlid qiluvchilar ko‘payib ketdi. Matbuotda mutlaqo fikrsiz, so‘zlarning ayqash-uyqash shamoyillaridan iborat tizmalar ham paydo bo‘ldi. Ularga qancha ko‘p e’tiroz bildirilsa, shunaqa she’rlar aksiga olib ko‘payaverar edi. Biroq, o‘sha shoirlar asli qalbi buyurmagan shaklga ro‘ju qo‘yayotganlarini keyinroq o‘zlari ham anglab qolishdi. Ko‘p o‘tmay boyagi modernchi shoirlar modernchi bo‘lmay qoldilar...

Nasrda esa bu jarayon kechikib namoyon bo‘ldi. Omon Muxtorning keyingi romanlari, Xurshid Do‘stmuhammadning “Jajman”, Nazar Eshonqulning bir necha hikoyalari, xususan, “Bahouddinning iti” hikoyasi boshqa unsurlar borligi bilan farq qiladi. Holbuki Frans Kafkaning asarida “odam o‘rgimchakka aylangani”ga qariyb sakson yil bo‘ldi. Bizning ertaklarimizda malika qurbaqaga, toshga, kiyikka aylanib qolsa hayron bo‘lmaymiz biroq, jiddiy prozada bunga duch kelsak, rosa ensamiz qotadi.

— Bugun dunyoda yuz berayotgan globallashuv kitobxon badiiy tafakkurida ham o‘zgarishlar yasamoqda. Xuddi ana shu jarayon sababli o‘zbek hikoyanavislari G‘arb adabiyotidan ta’sirlanib, unga xos bo‘lgan tasvir va ifoda usullarini turli ko‘rinishlar bilan adabiyotga olib kirdilar. Sizningcha, bu adabiy ta’sir adabiyotimizning milliy xususiyatlariga putur yetkazmaydimi yoki...

— Adabiyotchilar “ong oqimi”, “ong osti oqimi” (“podsoznanie”), ong tahlili haqida ko‘p gapirishadi. Men bu gaplarga uncha tushunmayman. Ammo Markes, Folkner, Kafka asarlarini o‘qiganda uncha hayron qolmayman. Yozuvchining ruhiyatiga tushib olsam hech narsa g‘ayritabiiy tuyulmaydi...

“Veщi nazыvat svoimi imenami” degan kitobda Markesning uchta suhbatini o‘qigan edim. Bir suhbatida Yozuvchi “Tanholikning yuz yili” romanining birinchi satrini 19 yoshida yozib qo‘ygani, vaqt-soati kelib roman miyasida obdon pishib yetilgach, uni bor-yo‘g‘i ikki kunda o‘tirib yozib tashlaganini bayon etgan. Men bu asar tez yozilganiga shubha qilmayman, lekin asar hajmidan kelib chiqqanda hatto uni ikki kunda o‘qib chiqish ham oson ish emas.

Boz ustiga romanning shakli, ruhi, qorishiq voqealar, tirik yoki o‘zi yo‘q bo‘lsa-da, muallifning tafakkuriga bo‘ysunib harakatlanuvchi o‘nlab obrazlar, kutilgan va kutilmagan fojialar uning ikki kundan ko‘proq muddatda yozilganini bildiradi. Sirasini aytganda, men Markesdek Yozuvchining ruhiyatiga qoyil qolaman. Uning ruhi shu qadar kuchliki, Yozuvchini xuddi buldozerda surgandek oppa-oson o‘z maromiga solib yetaklab ketaveradi. E, shoshma, og‘ayni, undoq emas, bundoq-ku, deyishga botinolmaysiz ham. Boshqa romanlari ham xuddi shunday, hatto odamni nafas rostlashga qo‘ymaydi.

Markes o‘zini ispan adabiyoti vakili hisoblagani holda bizning birinchi asarimiz Servantesning “Don Kixot” romanidir deb hisoblaydi. Bizning ham boy og‘zaki adabiyot namunalarimiz mavjud.

Qaysidir ma’noda kimningdir yozgani aynan Kafkaning, Markes, Borxes yoki biz o‘qimagan birovning asariga o‘xshashi mumkin. Navoiy manzumalarida ham taqlidchilik kalaka qilingan. Ammo bizda hozir buning xavotirlanadigan joyi bormikan — gap shunda. Umuman, o‘zbek adabiyotida men bu xavfni sezayotganim yo‘q... Men adabiyotda, xususan, nasrda xilma-xillik tarafdoriman. Bir xillik adabiyotning jilovini orqaga tortib turaveradi.

— Bugun biror davrada adabiyot haqida gap ochilsa, kitobxonlar yaxshi asar yo‘qligidan nolishadi. Ammo keyingi paytda taniqli adibu shoirlarimizning qator kitoblari chop etilmoqda. Bunday ahvolni kitobxon saviyasining o‘ta balandligi deb tushunish mumkinmi yoki...

— Hech bir xalqning adabiyoti to‘xtab qolishi mumkin emas. Lekin gap o‘sha asarning saviyasida. Chingiz Aytmatov bir vaqtlar “shunday bir hikoya o‘qisangki, kechasi bilan yig‘lab chiqsang” deb yozgandi. Shunday hikoya sog‘inchi menda ham bor. Xususiy gazetalarda kunaro o‘nlab hikoyalar bosiladi. Turgan-bitgani o‘lim, fojia, ayriliq, musibat. Lekin bir musibatni Chexovning “Vanka”siday ta’sirchan badiiy asarga aylantirish naqadar mushkul ish. Ehtimol Yozuvchiman degan odam 80-90 yoshgacha ham shuni yozolmay dunyodan o‘tib ketishi mumkin. Biroq Chexov (vrach, ishi boshidan oshib yotibdi, fe’li shunaqaki, hammaga yaxshilik qilgisi keladi, barchani uyiga mehmonga taklif qiladi, maktab, kutubxona, kasalxona quradi, goh-gohidagina yozishga o‘tiradi) aksariyat hollarda bir o‘tirishda yozgan, qayta ishlab o‘tirmagan, bunga vaqti ham bo‘lmagan. Demak, ijodkorda mehnatdan tash­qari Xudo yuqtirgan yuksak iste’dod ham kerak.

Bir vaqtlar matbuotning turi sanoqli edi. Adabiy nashrda asari yoki ikkita she’ri chiqqan odam tanilib ketishi mumkin edi. Ta’sirchanroq bir hikoya yozsang, nomingga o‘nlab xatlar kelardi. O‘zing yozgan narsa haqida uzoq o‘ylashga, demak, mas’uliyatli bo‘lishga majbur eding. Hozir ahvol umuman boshqacha. Buning uchun o‘quvchini ayblab o‘tirish shart emas. Avval ham asl o‘quvchi asarning ­sarasini topib o‘qirdi, hozir ham shunday. Masalan, bozordan gazeta sotib olib o‘qiyotganlar esa o‘sha gazetaning bir oy avvalgi sonidagi hikoyaning nomini ham eslayolmaydi. U vaqt o‘tkazish, biroz bo‘lsa-da ovunish uchungina o‘qiydi. Lekin unga nega bunday qilayapsan, deb bo‘lmaydi. U erkin va saviyasi ham o‘sha gazetaga juda mos. Shunday “gigant” Yozuvchilar borki, bir yilda besh-olti “roman” yozib tashlayapti. Kitoblari qo‘lma-qo‘l o‘qilayapti. Biroq adabiy jamoatchilik uning nomini ham eslamaydi. Jiddiy Yozuvchi to‘g‘rirog‘i, so‘z qadrini yuqori biladigan, yozgan asarlari haqiqiy adabiyot desak bo‘ladiganlar esa hamon jiddiy asarlar yozish bilan mashg‘ul. Masalan, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Normurod Nor­qobilov, Shoyim Bo‘taev, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldosh, Ulug‘bek Hamdam, Zulfiya Qurolboy qizi, Luqmon Bo‘rixon, Isajon Sulton va boshqa Yozuvchilar ijod qilishayapti. Ularning asarlari manaman degan chet ellik Yozuvchinikidan kam emas. Odamzotning qismati, ertasi, kelajagi nima bo‘lishini o‘ylab qayg‘urayotgan, qalbi o‘rtanib, azob chekib yozayotgan adib bilan bugun kichkinagina bir fojiaviy hangomani yozib ertasi kuni gazetada chiqarib, chapak chalib yurgan qalamkashning farqi bor-da, albatta.

— Katta adabiyot kuchli tanqidchilikning shakllanishiga ta’sir o‘tkazadimi yoki kuchli tanqidchilik katta adabiyotning yuzaga kelishiga asos bo‘ladimi?

— Adabiyotning ravnaqida adabiyotshunoslik, ayniqsa, tan­qidchilikning rolini inkor etib bo‘lmaydi. Qizig‘i shundaki, bular ko‘pincha baravar, deyarli bir xil sur’atda harakat qiladi. XIX asr rus adabiyotida daho shoiru Yozuvchilar qatori Dobrolyubov, Belinskiy, Gertsen, Chernishevskiy kabi adabiy tanqidchilar yetishib chiqqan. XX asrda ham adabiyotga qarab tanqidchilik kuchaygan.

Hozirgi kunda chindan ham, bahstalab, munozaratalab asarlar dunyoga kelmayotgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol adabiy tan­qid ham shunga yarasha, tanqidiy chiqishlar esa bor-yo‘g‘i maqtov yoki e’tiroflardan iboratdir. Nazarimda adabiyot gullab-yashnasagina uning atrofida adabiy tanqidchilar o‘ralasha boshlaydilar, adabiyotshunoslik o‘z-o‘zidan kuchayib, adabiyot undan orqada qolib ketishi mumkin emas.

— Adib uchun iste’dod muhimmi yoki mehnat?

— Men iste’dod va mahorat, mehnatni bo‘laklarga ajratolmayman. Sababi, iste’dodli Yozuvchidagina mahorat bo‘lishi mumkin. Masalan, Lotin Amerikasining 70-yillardagi adabiyotini o‘qisangiz, diktatorlik tizimining naqadar ayanchli fojialari ko‘z o‘ngingizga keladi. Ta’sirlanasiz. Sababi, ularning tuzumi biznikiga o‘xshar edi... Mana, gap qaerda. Bugun mustaqil mamlakatning fuqarosi — siz Karpenter, Borxes, Kortasar, Fuentes, Markesning katta-katta asarlarini maroq bilan o‘qiyolmaysiz. Chunki endi siz boshqa tuzumda yashayapsiz. Yozuvchining mahoratiga, iste’dodiga tan berasiz, xolos.

— Unda qanday asar adabiyotda mangu yashab qolishi mumkin deb hisoblaysiz?

— Bu borada ham biron narsa deyishga odamning jur’ati yetmaydi. Avvalambor, Yozuvchi o‘z qudrati va mahoratini mukammal namoyon eta bilishi lozim. Ikkinchidan xo‘sh, uni ertaga kimlar o‘qiydi deb o‘ylaymiz. Har bir ijodkor mana shu ikki o‘t orasida qovriladi, xavotirda yashaydi. Nima bo‘lganda ham haqiqiy Yozuvchida yaratish ishtiyoqi hech qachon so‘nmasligi kerak. Eng yomoni — chekinish, tan berish. Baribir o‘tli so‘z, hayajon, ibratli fikr va uning yuksak badiiy ifodasini topgan asar ko‘proq yashashga haqli deb o‘ylayman.

Gulnoz Sattorova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.