OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tesha Mo‘minov: "Umr ezgu ishlar uchun berilgan" (2010)

Aslida bu insonnni xalqimizga tanishtirib o‘tirishga hojat yo‘q. Chunki o‘zining ajoyib rollari, betakror san’ati bilan barchamizga tanish, qadrdon bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov  yaratgan bir-biridan ajoyib Oybekning “Qutlug‘ qon” asaridagi Yo‘lchi, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasidagi Amir Temur, “Boy ila xizmatchi” asaridagi G‘ofir,  jahon klassikasida  yaratgan turli-tuman xarakterli obrazlari, «O‘zbekfilm», «Mosfilm», «Tojikfilm»da ijro etgan yuzlab rollari o‘zbek kino va teatri xazinasida  muhim o‘rin tutadi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrining ustoz aktyorlaridan biri Tesha  Mo‘minovning yaratgan rollari ta’sirli, yurakka yetib boradi. Balki katta iste’dod sohibining betakrorligi ham ana shundadir.
 
— Tesha aka, aktyorlik kasbi nechog‘li zalvorli?...
— Aktyorlik qismatini  tanlab, poytaxtga o‘qishga kelaman deganimda, oilada yolg‘iz farzand bo‘lganligim bois ota-onam  bunga rozi bo‘lishmagan. San’at oliygohini tugatgach esa  teatr  hayotimning bir bo‘lagiga aylandi. Ota-onam  qishloqda duo qilib o‘tirishardi. Uchinchi kursligimda Hamza nomidagi akademik drama teatriga ishga kirganman. Mana,  shundan beri yillar o‘tdi, umrim u bilan bog‘lanib ketdi. Umuman, sahna taqdirimga, hayotim mazmuniga aylandi.
 
— Teatrning mohiyati, sahnaning qudrati nimada deb o‘ylaysiz?
— Teatr – hayot ko‘zgusi. Unda har bir kishi o‘z aksini, qalb iztiroblarini, yorqin umidlarini ko‘radi. Tomoshabinda ana shunday tuyg‘u­ning nechog‘li uyg‘onishi teatrning qudratiga bog‘liq. O‘ylaymanki, milliy teatr jamoasi ana shu mas’ul vazifani uddalamoqda.
Teatrda klassik asarlar sahnalashtirilsagina, biz inson ruhiyatiga yo‘l topamiz. Shu yo‘l orqali inson o‘zligini    anglaydi, o‘zini yaratadi, kashf etadi. Bosh­qacha qilib aytganda, har bir inson hayoti o‘ziga xos drama. Unda sevinch-iztirob, baxt-baxtsizlik mujassam. Klassik asarlar ana shu mohiyatni ochib beradi, kishini fikrlashga da’vat etadi.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu zamon bilan hamnafaslik.
Bugungi kunda bizni ham, tomoshabinni ham yaxlit bir narsa — kelajagi buyuk davlatning ravnaqiga hissa qo‘shayotgan irodali, ilm-ma’rifatli, noyob qobiliyatga ega bo‘lgan,  o‘sib kelayotgan yosh avlodga har tomonlama o‘rnak bo‘la oladigan “Zamonamiz qahramoni”ning yorqin siymosini yaratish,  ko‘rish qiziqtiradi.
Aktyor teatrda mayda-chuyda rollar bilan umrim o‘tib ketmasa,  yaxshi rollar kelsa-yu, mahorat bilan ijro etib, muxlislar qalbiga kirib borsam, degan o‘y-tashvishda  yashaydi.  Endi dramaturglarimiz ham zamon bilan hamnafas dramalar yaratishsa,  nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Hozir eng dolzarb masala teatr­ni mumtoz, zamonaviy, qolaversa, o‘zbek milliy spektakllari bilan boyitish, ko‘tarish kerak.
 
— Amir Temur rolini o‘ynashni orzu qilib Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov singari atoqli aktyorlar armon bilan o‘tib ketishdi.   Tarixan buyuk shaxsning yaxlit obrazni yaratish siz uchun og‘ir kechmadimi?
— Zamonlar bo‘ldiki, Amir Temur rolini o‘ynash u yoqda tursin, bu haqda o‘ylashning o‘zi   xatarli edi. Haqiqatdan ham Amir Temur rolini ilk bora o‘ynash ustoz san’akorlarimiz uchun  zabt etilmagan cho‘qqi bo‘lib qolgandi.
Birinchi marta menga «Amir Temur» spektaklida o‘ynashni taklif etishganida, ilm ulamolari-yu teatrshunoslar buyuk siymolar obrazini yaratib bo‘lmasligini aytishgandi. Yuragimda esa shu rolga nisbatan ishtiyoq ustun chiqib, Sohibqironning ruhi poklariga tilovat qilib,  “Amir Temur” spektaklida o‘ynadim. Ammo... oson kechmadi, albatta. Spektakl ko‘p marotaba   qo‘yildi.
1996 yil “Amir Temur yili” deb e’lon qilingach,  yangi avlod Amir Temurni mukammal bilishi uchun ham sahna asari yaratilishi kerak edi. O‘shanda atoqli shoir Abdulla Oripovning «Sohibqiron» dramasi sahnalashtirildi, bosh rolni o‘ynashni ikkinchi marta ham menga topshirishdi. Rol ustida beqiyos kuch-quvvat topib  ishladim. Katta iztirob va mas’uliyat yuragimni ezib turardi. Spektaklning muvaffaqiyatli chiqishiga, albatta,  dramaning zo‘r yozilganligi ham sabab bo‘ldi. Rejissyorning og‘ir, mashaqqatli mehnati  ham tahsinga loyiq. Ana shu tarz­da kuchlar umumlashgan holda Amir Temur obrazi yaratildi. Bu sharafli ish menga  nasib etganidan Yaratganga shukronalar aytaman.   
 
— Ammo Oybekning “Qutlug‘ qon” asari asosida yaratilgan videofilmda Yo‘lchi rolini o‘ynaganingizdan beri xalqimiz sizni hayotda ham Yo‘lchi qiyofasida tasavvur etishadi. Ayni ana shu rolda, nazarimda, suratingizu siyratingiz, zohiringizu botiningiz Yo‘lchi ma’naviy-ruhiy olami bilan uyg‘unlashib ketganday, boshqacha qilib aytganda, Yo‘lchi obrazi siz uchun yaratilganday tuyuladi. Yo‘lchi kamtarin, oko‘ngil, chapani yigit. Nazdimda uning fe’l-atvori sizning xarakteringizga mos tushganday. Videofilmning eng katta yutug‘i  ham ana shunda emasmi?..
— Biroz oshirib yubordingiz, shekilli. 1977 yilda “Qutlug‘ qon”da Yo‘lchi obrazini o‘ynaganman. Ha, o‘shanda bu videofilm taqdimoti ancha shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Ijodiy guruhimiz bilan uchrashuvlarga borsak, videofilmni ko‘rganlar «Xush kelibsiz, Yo‘lchi o‘g‘lim», deya darrov peshvoz chiqishardi.
Aslida poytaxtga ishga kelganimda Yo‘lchiga o‘xshab, o‘ta ishonuvchanligim, oqko‘ngilligim tufayli ko‘p pand yeganman. Ota-onam qishloqda “Soddagina o‘g‘limni  o‘zing panohingda asragin, begona shaharda  nokaslar aldamasin, adashmasin” deb duo qilib yashardilar. Balki onamning duolari ijobat bo‘lib, teatrda ham o‘zimga o‘xshagan Yo‘lchi rolini o‘ynash  nasib etgandir. Oybek «Qutlug‘ qon» asarida  Yo‘lchi obrazini osmondan olmagan. U yonimizda yashayotgan iymoni butun odamlarning kechmishlarini, atrofimizdagi fojialarni, yuragimizdagi og‘riqlarni mahorat bilan ochib bergan.
 
— Siz teatr ayvonida tamal toshini qo‘ygan usta san’atkorlar Nabi Rahimov, Shukur Burhonovlarni   ko‘rdingiz, ularga shogird tushdingiz. Ustozlar ishonchini oqlaganingiz yuzlab yaratgan betakror obrazlar orqali yaqqol ko‘rinadi. Ulardan sizga yana nimalar  qoldi?         
— Bir kuni rol o‘ynayotganimni ko‘rgan  Shukur aka yoniga  meni chaqirtirdi-da:
— San’atda o‘g‘rilik qilgani kelgan bo‘lsang, ketaver. Teatr o‘g‘rilik qiladigan joy emas, — dedi  o‘ziga xos savlatdor ovozi bilan.
— San’atdan nimani ham o‘g‘irlash mumkin, ustoz? — dedim hayron bo‘lib.
— Seningcha so‘zni yolg‘ondan yodlab aytish o‘g‘rilik emasmi? Shunchaki rol o‘ynash emas, sahnada yashash kerak. Sahnaga har bir chiqishingda maqsad, mohiyat  bo‘lsin. Har bir o‘ynagan roling voqea bo‘lsin. Yig‘lasang, xalq yig‘lasin, kulsang kulsin, jim tursang sukutga cho‘msin. Tomoshabinni har qanday holatda ham ishontirgin, sehrlay bilgin. O‘shanda bir kuni sahna seni ardoqlaydi, mehnating qadrlanadi, — dedi Shukur aka.
Shukur aka — betakror aktyor, o‘ziga ham, olamga ham sig‘magan inson edi. U kishidan teatrda bir ulug‘vor maktab qoldi.   Bugun shogirdlarimga ham ustozlardan olgan o‘gitlarni uqtirib kelaman.         
 
— Ba’zan “Teatr ichida teatr” degan iborani eshitib qolaman. Uni qanday sharhlaysiz?
— Teatr  o‘ziga xos serqirra hayot. Har bir spektakl esa hayot ichidagi hayot. U shunday mavqe va maqomga erishishi lozim. Buning uchun yuqorida ta’kidlaganimdek, yaxshi dramalar, mahoratli rejissyorlar, talantli aktyorlar  kerak.  Mana shu uchta  birlikning fikri bir joydan chiqsa, teatr gurkiraydi. Avvallari oyda bir marta teatrga tushmagan odamni dunyodan bexabarlikda ayblashardi. Hozir  texnika rivojlanayotgan bir  davrda ko‘pchilik teatrga kelmasa ham televizor yoki internet orqali xohlagan spektaklini yoki kinosini ko‘rishi mumkin. Bu bir tomondan yaxshi, albatta. Lekin u surat-da, jonli holat emas! Teatr baribir teatr-da! Tomoshabin disklardan ko‘ra spektaklni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa,  ma’lum muddat qahramon bilan yashasa, hayratlanadi, zavqlanadi.
 
— O‘g‘lingiz  Tolibjon Mo‘minov ham izingizdan borib, aktyorlikni tanladi. Bunga qanday qaraysiz?
— Tolibjonning bir-ikki rollarini kuzatgan tomoshabinlar menga ijobiy fikrlar bildirishdi. U hali juda ko‘p va xo‘b mehnat qilishi kerak. Men buni har qadamda ta’kidlayman. Aktyorlik qismati  og‘ir va zalvorli. Bu haqda Tolibjonga gapiraverishimdan zeriksa ham charchamayman. Endi ota kasbini tanlagan ekan, bu yo‘lda sabr-qanoat tilayman, ustozlarning yo‘lini bersin!
 
—  Sizningcha, umr nima uchun berilgan?
— Umr insonga yaxshilik qilish uchun, ezgu  ishlar uchun berilgan.
Ba’zan teatr zalida turib, o‘yga cho‘maman. Bu sahna qanchadan-qancha ulug‘ san’atkorlarni ko‘rmagan deysiz? Hayotning o‘tkinchiligi muqarrar. Inson savob ishlarni ham qilishga ulgurib  qolishi kerak. Dunyoda faqat  yaxshilik abadiydir.
Adiba UMIROVA suhbatlashdi.
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.