— O‘zingizga ma’lum, chet ellarga safar qilish anchagina murakkab ish. Har kimga ham bu nasib qilavermaydi. Qolaversa, bizda bir marta xorijga safar qilgan kishi agar ikkinchi marta shunday imkoniyat tug‘ilsa, hech ikkilanmay undan voz kechishi ham mumkin. Nima demoqchiligimni tushungan bo‘lsangiz kerak. Suhbatimizni safar tayyorgarligi va kuzatish jarayoni bilan qondosh Turk elida kutib olinishingiz orasidagi o‘xshashlik yoki farqlar, ya’ni ilk taassurotlaringizdan boshlasak.
— Nihoyat, qancha tashvish va asabbuzarliklardan so‘ng orziqib kutilgan kun keldi. Delegatsiyamiz a’zolari tushgan Moskva — Anqara — Istambul uchog‘i Turkiyaning boshkentiga kelib qo‘ndi. Bizni qo‘nish darvozasida Turkiyadagi Sovet elchixonasi vakillari kutib olishdi. So‘ngra elchixona binosida Sovetlar Ittifoqining Turkiyadagi elchisi bilan sal kam bir soat mobaynida gurunglashdik. Elchimiz rus millatiga mansub bo‘lishiga qaramay turkiy xalqlarning turmush tarzi, urf-odatidan yaxshigina xabardor kishi ekan. U bilan goh turk, goh rus tilida so‘zlashdik. Yana shuni alohida ta’kidlashni istardimki, elchixona xodimlarining 95 foizini ruslar tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, ularning barisi turk tilida erkin, toza gaplasha olishadi.
Elchi bilan xayrlashar ekanmiz, u menga yuzlanib, shularni aytdi:
—Turkiya ajoyib mamlakat, undan ko‘p narsani o‘rgansa arziydi. Mana, yozuvchi ekansiz. U bilan yaxshilab tanishing, turklar bilan ochiq-oydin gaplashishga harakat qiling. Ko‘p narsa bilib olasiz. Qisqasi, Turkiya haqidagi bor haqiqatni ro‘y-rost yozing. Zora, matbuotimiz kishilarimizning miyasiga singdirib yuborgan «Turkiya — qoloq mamlakat» degan biryoqlama fikrlar o‘zgarsa. Mening tilagim shu. Safaringlar xayrli kechsin.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng Dedeman musofirxonasiga yo‘l oldim. Mening lolu hayron qolishlarim, hayratlanishlarim musofirxonadan boshlandi. To‘g‘risi, hayratomuz voqea-hodisalarni eshitgan boshqa-yu, ko‘z bilan ko‘rgan boshqa ekan. Osmono‘par binoga yaqinlashganim zahoti xuddi ertaklardagidek eshik ikki tomonga ochilib, musofirxona xizmatchisi paydo bo‘ldi. U qo‘limdagi yuklarni olib menga ajratilgan xonaga chorlar ekan, takalluf bilan dedi:
— Buyuring, afandim!
Otel nihoyatda shinam, orasta edi. Bu yerda menga faqat bir narsa alam qildi. Qarangki, bu diyorga kelish uchun ikki oy o‘nlab hujjatlarni to‘ldirib, qancha qiyinchiliklar bilan olgan pasportimni hech kim tekshirib o‘tirmadi. Menga ishonishdi. Bundan ortiq ilk taassurot bo‘lishi mumkinmi!..
— To‘g‘ri aytasiz. Qog‘ozlar uyumi ichidan chiqib borgan kishiga qattiq ta’sir qiladigan fakt bu. Ovrupo va Osiyoning chegarasida joylashgan, ham ovrupolik, ham osiyolik desa bo‘laveradigan turklar Turkistondan kelgan turkiy millat vakili sifatida Sizni yana nimalari bilan ajablantirdi? Chunki, o‘zingiz bilasiz, bizning Turkiya bilan aloqalarimiz boshqa mamlakatlarga nisbatan nimagadir juda sust. Turkiyaga borish baxtiga kamdan-kam kishilargina musharraf bo‘lishgan.
— Bizning matbuotimizda Turkiya ko‘pincha sanoati rivojlanmagan, qoloq madaniyatli mamlakat sifatida yoritiladi. Deyarli, ko‘pchilik sovet kishilarining tasavvurida ham shunday. Lekin men Turkiya haqida soddalarcha yozilgan, biryoqlama tasavvur beradigan «ta’riflarga» uncha ishonib-ishonmasdim. Turkiya o‘ylaganimdan-da go‘zal, zangin (boy), hur o‘lka ekan. O‘zimizning Farg‘ona vodiysi kishilariga, ayniqsa, marg‘ilonliklarga o‘xshab ketadigan qondosh turk xalqini men bir umrga sevib qoldim. Qanday ochiq yuz, sermulozamat, xushchaqchaq odamlar! Qarang, o‘n besh kun davomida ovozini ko‘taribroq so‘zlagan biror insonni uchratmadim-a. Shuning uchun bo‘lsa kerak yoki har kuni urush-janjalni, bir-birini payini qirqish uchun zimdan payt poylashlarni ko‘raverib ko‘zim pishib ketganidanmi, hartugul hamrohlarimdan so‘rashga majbur bo‘ldim:
— Sizning yurtingizda ham urush-janjal bo‘lib turadimi?
— Ha.
Baribir butun safarimiz davomida men bironta urush-janjalni ko‘rmadim.
Istambul shahrining ko‘chalari juda tor, transport ko‘p. Biz ikki yengil mashinaning to‘qnashib ketganini guvohi bo‘ldik. Ana endi tomoshani tomdan ko‘ramiz, deb tursak, yo‘q, har ikki haydovchi bir-biridan uzr so‘ray boshladi:
— Avf eting, afandim.
— Avf eting, afandim.
Hullas, bunday madaniyatli, odobli xalqni o‘ttiz uch yoshga kirib birinchi bor uchratdim. Boqonidan (munistr) tortib, musofirxona xizmatchisigacha bir xil samimiy, sodda.
Turkiya — Ovrupo va Osiyo kesishgan joy. Shuning uchun bo‘lsa kerak, turklarda osiyocha odob-axloq, zukkolik va ovrupocha tadbirkorlik, epchillik mujassam.
Ammo mening gaplarim turklarning hamma ishlari zo‘r, kamchiliklari yo‘q, ular farishta misol pokiza kishilar ekan-da degan tasavvur uyg‘otmasligi zarur. Ular ham siz-u bizga o‘xshagan tirik inson. Chunonchi, ular ham oynai jahonda yarim-yalang‘och ayollarni ko‘rsatishadi.Biroq odob-axloq bobida men turk xonimlariga tan berdim. To‘g‘ri, bu o‘rinda bizda ancha cheklab qo‘yilgan, lekin Turkiyada erkin ravnaq topayotgan islom dinining ham ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. Buning uchun birgina Istambul shahrida 5 mingdan ziyod jome’ (masjid) borliginiyu, bolalar 5-6 yoshidan boshlab nomoz o‘qishini eslatishimning o‘zi kifoya qilsa kerak.
Menga qattiq ta’sir qilgan, xotiramda muhrlanib qolgan bir voqeaga ham to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Turkiya tuprog‘idagi ilk kunimiz musofirxonadagi xonam derazasidan tikilib, mahobatli jome’ga ko‘zim tushdi. Qiziqib bordim. Tepako‘cha jome’i ichkarisiga qadam qo‘ydim-u, ko‘zlarimga yosh qalqdi. Yo‘q, bu ko‘z yoshining sababi binoning hayratomuz san’atkorlik bilan qurilgani emas, balki qulog‘imga chalingan duolar edi:
— Yo, olloh! Turkistonlik orqadoshlarimizni ham o‘z panohingda asragaysan. Ularni balolardan, ofatdan, muhtojlikdan, haqoratdan, zulmdan darig‘ tutgaysan...
— Kechirasiz, Turkiya va Turkistonning o‘zaro aloqalari xususida kengroq to‘xtalsangiz. Turk ziyolilari Sovetlar Ittifoqidagi turkiylar, jumladan o‘zbeklarning adabiyoti va san’atidan qay darajada xabardor? Turkiyada qaysi ijodkorlarimizni yaxshi bilishadi? Umuman, madaniyatimiz targ‘ibotini qoniqarli, deb bo‘ladimi?
— Avvalo, shuni aytishim kerakki, inqilobdan keyin Turkiya va Turkiston aloqalari butunlay uzib qo‘yilgan desa ham bo‘ladi. 1921 yilda V. I. Lenin va Mustafo poshsho Kamol Otaturk kelishuviga ko‘ra urush qilmaslik va o‘zaro aloqalar to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. O‘shandan buyon bunaqa shartnomalardan o‘n sakkiztasi imzolandi. Biroq Turkiya va SSSRdagi Turkiy xalqlar o‘rtasidagi aloqalar hozirgacha ham ko‘ngildagidek emas.
Turkiyada eng ko‘p qadrlanadigan yozuvchilarimiz Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Chingiz Aytmatov va Mamadali Mahmudovlar ekan. Shuningdek, Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi» romani, Jamol Kamol va kaminaning she’riy to‘plamlari turk tilida nashrga tayyorlanyapti. Vaqtli matbuotda Rauf Parfi, Omon Matjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, M.Solih, Tohir Qahhor, Yusuf Jumaevning she’rlari chop etilgan. Hofizlarimizdan Sherali Jo‘raev va Dadaxon Hasanovning nomlari juda mashhur. Lekin bularni yetarli deb bo‘lmaydi. Fikrimcha, o‘zaro madtsniy aloqalarimizni yanada mustahkamlash uchun Toshkentda turk adabiyoti va san’atini targ‘ib qiladigan Turkiya madaniyat markazi, Istambulda esa Turkiston madaniyati markazi ochilishi lozim.
Yaqinda Moskvada rus-fin nashriyoti ish boshladi. Biz ham ulardan o‘rnak olib, Anqara va Toshkentda Turkiya va Turkiston qo‘shma nashriyotini tashkil etsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Aytmoqchi, Istambul, Anqara, Toshkent, Samarqand dorilfununlari o‘rtasida talabalar almashtirish an’anasini, albatta, yo‘lga qo‘yish kerak.
Turklar bobo (ota) yurtimiz, deb Turkistonni bilishadi. Turkiston va uning tarixi haqida hamisha muhabbat bilan yozishadi. Hattoki, biz lotin alifbosini qabul qilganimizda azbaroyi aloqalarimiz uzilib qolmasin, degan maqsadda ular ham o‘zlarida lotin yozuvini joriy etishgan. Ammo biz oz fursat o‘tmay kirill yozuviga o‘tdigu o‘zaro aloqa qilish qiyin bo‘lib qoldi...
— Turkiyani-ku, uzoq deb bahona qilishimiz mumkindir. O‘zimizning turkiy respublikalar o‘rtasidagi aloqalar ham ko‘ngildagidek emasligiga nima deysiz? Qo‘shni qozoq, qirg‘iz, turkman adabiyotlarini ham tuzukroq bilmaymiz-a? Qachongacha o‘zimizdan-o‘zimiz qo‘rqib yashaymiz? Xalqlarimiz qachon «panturkizm» degan tavq-la’natdan qutulishadi? Axir, slavyan xalqlarining qondosh-qarindoshligi, o‘zaro aloqalari «panslavyanizm» tamg‘asi bilan man qilinmaydi-ku?
— To‘g‘ri, gaplaringizda jon bor. Xaqiqatan ham biz, ya’ni kirill alifbosini qo‘llayotgan o‘zbek, qozoq, ozarboyjon, turkman, tatar va boshqa turkiy xalqlar bir-birimizni o‘qiy olmaydigan, tushunolmaydigan darajaga kelib qoldik. Stalincha bu isloh turkiy xalqlar birligiga, ular madaniyatining rivojlanishiga juda katta to‘siq bo‘ldi. Bu to‘siqni olib tashlash, uning oqibatlarini tugatish uchun hali ko‘p ishlar qilish kerak bo‘ladi. Mana, oshkoralik tufayli bu sohada ham ozgina oldinga siljish bor. Ba’zan «oshkoralikning nima keragi bor edi. Busiz ham yaxshi yashayotgan edik» degan gaplarni eshitib qolaman. Yo‘q, bizga oshkoralik nonday zarur. Buning sababini hozir ko‘pchilik tushunib qoldi. V. I. Lenin aytganiday: «Oshkoralik shunday qilichki. u o‘zi yaralagan joyni o‘zi davolaydi».
— Agar bugungi yoshlarimiz o‘z tarixlarini sal-pal bilganlarida edi, Farg‘ona voqealari, ehtimol, bu darajada fojiaviy tus olmasmidi? Sizningcha, bu birodarkushlikning ildizlari qaerda, ularni qanday qilib yo‘qotish mumkin?
— Farg‘onadagi voqealar XX asrda turkiy dunyodagi eng katta fojialardan biridir. Fojia Chingiz Aytmatovning manqurt haqidagi afsonasini yodimga soldi. Turkni o‘ldirgan o‘zbekka, o‘zbekni o‘ldirgan turkka, ya’ni turkni o‘ldirgan turkka Ziyo Ko‘kalpning to‘rt misra she’rini eslatmoqchiman.
Dema menga, O‘g‘iz, Kayi, Usmonli,Turkmen, bu ot har unvondin ustundir.Yo‘qdur o‘zbek, no‘g‘oy, qirg‘iz, qozonli,Turk millati bir bo‘linmas butundir.«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 7 iyul sonida Yo. Xo‘jamberdievning «Ko‘ngil tinchi — haqiqat» nomli maqolasi bosilibdi. Muallif fojia ildizlarini ochish uchun ancha harakat qilgan. Umuman, maqola durust yozilgan. Ammo bir umumlashma fikr menga ma’qul bo‘lmadi. O‘zbek xalqi qachondan beri hasadgo‘y bo‘lib qoldi? Balki birorta kishi hasad qilgandir. Lekin o‘zbeklar turklarning yaxshi yashashlarini ko‘risholmadi, degan gap bo‘hton. Oxirgi burda nonini ham qo‘shnisiga tuta oladigan mard ulus birovning moliga ko‘z olaytirmaydi, hasad qilmaydi.
M.Solih aytganidek, «dunyoda biror bir xalq baynalmilal bo‘lsa, bu o‘zbek xalqidir. Dunyoda biror bir saxovatli xalq bo‘lsa, o‘zbek xalqicha bo‘lar!
Biroq paxta mehnatiga chidaydigan biror bir xalq bo‘lsa, bu ham o‘zbekdir. Dengizi ko‘lga, bog‘u chamanzorlari cho‘lga aylangan biror bir xalq bo‘lsa dunyoda, evoh, bu ham o‘zbekdir...»
Men Turkiyada bir xalq qo‘shig‘ini eshitdim:
O‘zbekiston, Turkmaniston qilib qo‘yganlar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston — bo‘lib qo‘yganlar,Ona yurtim Turkistonni tilib qo‘yganlar...Mening gaplarimdan millatchilik ohangini izlamoqchi bo‘lgan kimsalarga Lenin 70 yil burun javob berib qo‘ygan: «Xafa qilingan xalqdan hech qachon millatchi chiqmaydi. U faqat tahqirlangan qadr-qimmatini himoya qiladi, xolos».
— Albatta, safar chog‘ida vatandoshlarimiz — sobiq turkistonliklar bilan uchrashib, suhbatlashgan bo‘lsangiz kerak. Ularning qanday xislatlari e’tiboringizni tortdi? Eldoshlarimizning hayoti, ularning Turkiston haqidagi o‘y-fikrlari ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
— Turkiyada yashayotgan turkistonliklar — o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar ba’zi yozuvchilarimiz tasvirlaganlaridek, gadoychilik, tilanchilik qilishayotgani yo‘q. Ular faqat ona-yurt diydorining tilanchilari, xolos. Buni she’r o‘qiganimda Chig‘atoy lahjasida sizu mendan toza gaplashadigan, soqollari ko‘ksilarini qoplagan chollar yig‘lashganida o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ishondim. Vatandoshlarimiz bilan suhbatlashar ekanman, ularning tantiligi, zukkoligidan g‘ururlandim. «Turkiston» jamiyatining boqoni Ahad Andijonning siyosiy bilimiga tan berdim. Jahonning o‘nlab tillarida gapira oladigan bu yigitning Orol fojiasi va Afg‘onistonda halok bo‘lgan o‘zbeklar haqidagi maqolalarini o‘qib, g‘oyat mutaassir bo‘ldim. Turkiya televideniesi orqali tez-tez chiqishlar qilayotgan, asli Afg‘onistonda tug‘ilgan o‘zbek hofizi Sobir Qorgarning mung to‘la qo‘shiqlari yuragi tosh odamni ham yig‘latmasdan qo‘ymaydi. Men ko‘rgan, suhbatlashgan kishilardan fabrika egasi, tijoratchi Shavkat Oynuralning (otasi qo‘qonlik) ko‘zlarida Vatan sog‘inchi charaqlardi, otaxon yozuvchi Yassaviy (Turkiston shahridan)ning yuzidagi ajin izlari Turkiya va Turkiston yo‘llari kabi chalkash edi. Ular faqat Vatanni qo‘msashadi, Vatan nafasini olib kelgan kishilarni izzat-ikrom qilishadi, ulardan o‘z ona tillarida bir og‘iz shirin so‘z kutishadi. Obid Oynural va Shavkat Oynuralning aytishlaricha, Istambulga kelgan qaysidir bir ansamblni, «Bahor»mi yoki «Lazgi»mi, ko‘rgani borishibdi. Qo‘rgulikni qarangki, o‘zbek shevasini eshitishga mushtoq aka-ukalarga raqqosa qizlar rus tilida javob berishibdi...
— Turkiyada atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash muammolari qanday hal qilinyapti? Bilasiz, hozir butun dunyo shu tashvishlar bilan yashamoqda. Qolaversa, Turkiya yirik dengizlar mamlakati...
— Suhbat mavzuini qay tomonga burayotganingizni tushundim. Turkiya dengizlar oralig‘idagi bir diyorkim, tabiat undan bor xayr-ehsonlarini ayamagan. Qishin-yozin dasturxonlardan barra ko‘katlar, sarxil meva-chevalar, hech qanday yadoximikatlar qo‘shilmagan jannatiy sabzavot va poliz mahsulotlari uzilmas ekan.
Qora dengiz va Marmara dengiz sohillarini kezar ekanman, ham ularning musaffo go‘zalligidan, ulkan to‘lqinlarning shiddatidan ko‘zim quvondi, hamda peshonasiga bitilgan bor-yo‘q bir dengizini-da boy berib qo‘ygan men cho‘juq, mahmadona firqa uyatdan yerga kirdim. Nega shunday bo‘ldi? Nega ko‘r hassasini ikkinchi marta ham yo‘qotdi? Nega bobosi qilgan xatoni nevarasi ham takrorladi? Bu intihosiz savollarning sabablari, javoblari hisobsiz.
Biz bobolarimiz qo‘llaridagi hassani yo‘qotishganini bilmay qoldik. O‘tmishga tupurish, ota-buvasining mozoriga paxta ekish, Yer-Onani tepib o‘tish ruhida tarbiyalandik. Dahshatli fojia bo‘ldi.
Ey, izsiz diyor — dengizsiz diyorning cho‘juqlari, tinglang!
«Eramizdan oldingi III ming yillikning oxiri va II ming yillikning boshlarida hozirgi O‘rta Osiyo yerlarida madaniyati gullab-yashnagan, me’morchilik va haykaltaroshlik rivojlangan, Kuntug‘ar, Kunyurar va Kunog‘ar mamlakatlari bilan savdo-sotiq olib borgan, samovot (astronomiya) qopqasiga kalit solgan(!), astronomik markaz orqali qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish va yig‘ishtirish uchun qulay fursatni aniqlay olgan, teng huquqli kishilari Oyxudoga sig‘ingan Oltintepa nomli jamoa davlati bo‘lgan. Oltintepa madaniyati o‘zining shimolida yashovchi xalqlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Keyinchalik, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi erkin kishilarga zug‘um qilib, qulga aylantirishgan. Natijada eramizdan bir yarim ming yil burun Oltintepa dalalarini sho‘r bosadi. U inqirozga yuz tutib, tez orada yo‘q bo‘lib ketadi» («Istoriya drevnoga Vostoka», Moskva, «Visshaya shkola», 1988, str. 283— 285).
— O‘ylaymanki, sizning biroz hayajon bilan aytgan so‘zlaringiz o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Endi ko‘pchilikning dilida turgan yana bir savolga javob bersangiz. Turkiyada bizning siyosiy sistemamizga, jamiyatimizdagi o‘zgarishlarga qanday qarashadi? Hususan, ularning siyosiy fikrlashlari haqidagi fikringiz qanaqa?
— Men Turkiyada o‘zimni xuddi Moskvadagidek (Toshkentdagidek emas!) erkin tutdim. Hamma savollarga oshkora va dadil javob berdim. Bu ishimdan «Ozodlik» radiosining xodimi Chig‘atoy Ko‘char ajablandi:
— Men umrim bino bo‘lib, Sovetlar birligidan kelgan odamning dangal-dangal javob berishini birinchi ko‘rishim. O‘zingizga ehtiyot bo‘ling.
Men ortiqcha tortishib o‘tirmadim. Chunki Chingiz Aytmatov SSSR xalq deputatlarining s’ezdida ta’kidlaganidek, biz sotsializmni qanday qurmaslik kerakligini o‘z tajribamizda isbotladik. Safar davomida ba’zi bir noto‘g‘ri tasavvurlarni qo‘limdan kelganicha to‘g‘rilashga harakat qildim. Masalan, menga shunday savol berishdi:
— Toshkentda ruslar uchun alohida, o‘zbeklar uchun alohida magazin bor ekan-a?
— Yo‘g‘-e. Magazinlar hammaga barobar xizmat qiladi. Faqat peshtaxtalardan hech narsa topib bo‘lmaydi...
Turkiyadagi partiyalar oshkora ish yuritishadi. Lekin ularning ishlab chiqarish, iqtisodiy islohotlarga aralashishi mumkin emas. Turkiyaning siyosiy-madaniy hayoti haqida to‘la tasavvur hosil qilish uchun yana shuni ham aytayki, unchalik katta bo‘lmagan bu mamlakatda mingdan ziyod dargi (jurnal) chiqar ekan. Turk milliyotchi (millatparvar) shoiri Ziyo Ko‘kalpning qarashlari marksizm-leninizm klassiklarining nazariyalariga o‘xshab ketadi. U o‘z qarashlarini «Turkchilikning asoslari» kitobida bayon qilgan. Umuman, Turkiyada har qanday fikrni, har qanday mansabdor shaxsni tanqid qilishga ruxsat etiladi.
— Odatda ijodiy safarlar yangidan-yangi she’rlar, asarlar dunyoga kelishiga turtki bo‘ladi...
— Ha, albatta. Turkiya safaridan qaytgach, bir necha she’rlar yozdim. Yuqorida eslatib o‘tganim, Turkiya respublikasining asoschisi Mustafo poshsho Kamol Otaturk amalga oshirgan ishlar meni g‘oyat to‘lqinlantirdi. «Mustafo poshsho Kamol Otaturk vasiyati» nomli she’rim ana shu taassurotlardan tug‘ildi:
Mustafo poshsho Kamol Otaturk vasiyati Turkiya turklarindir,Bu dunyo tiklarindir,Ko‘krakdan uchgan sadoYerlarindir, ko‘klarindir.Erkli o‘lsang, erdirsan,Ertalisan, sherdirsan,O‘zingga bek o‘lmasang,Osmonda ham yerdirsan.Otang ismin unutsang,Vatan jismi senga yot.Ipak tilingni yutsang,Erkaklik o‘lar barbod.Onang senga qo‘l bergan,Erk yurtida yo‘l bergan.Qo‘l, oyoq sinsa sinsin,Axir birmas, mo‘l bergan.Yurt uchun bir qo‘l sinsa,Unib chiqar mingta qo‘l.Taxtingga yog‘iy minsa,Baxtingga eltmayur yo‘l.Turkim demoq ne mutli!Bu so‘z o‘tli, umidli.Turkim degan inson bor,Jonli, imonli, yurtli.Bobo turk, anna turklar,Jonim turk, hamma turklar.Har bir ko‘ngil o‘ziningYulduzi bor, ko‘ki bor.Turkning har bir so‘ziningYelkasida yuki bor.Bu tuproq har qarichiEmgan bovong qonini.«Ol omon!» deb ont ichib,Qurbon etqon jonini.Jon berib songa kirdik,Tun o‘rib, tongga kirdik.Ont berib, dongga kirdik.Qon berib, jonga kirdik.So‘zlikdan turk eliniO‘girmoqqa qasd etgan;Yovning bukib belini.Turk erlari past etgan.Yor dengiz, qora dengiz,Turkka bor chora dengiz.Ovni tutdi nahriga,Yovni yutdi qa’riga.Dunyo sahni — xirmongaDonday sochilgan, turkim.Ega chiqmay oshyongaOh deb soch yulgan, turkim.Otaturkning bo‘ynigaTog‘ osilsa ko‘tarar,Bog‘ osilsa ko‘tarar,Sog‘ osilsa ko‘tarar.Otaturkning bo‘ynigaZog‘ osilsa ko‘tarmas,Dog‘ osilsa ko‘tarmas,Oh osilsa ko‘tarmas.Otaturkning bo‘ynigaCho‘l osilsa ko‘tarmas,Qul osilsa ko‘tarmas,G‘ul osilsa ko‘tarmas.Otaturkning bo‘ynigaYo‘l osilsa ko‘tarar,Qo‘l osilsa ko‘tarar,El osilsa ko‘tarar.Ne mutli turkim demoq,Umidli turkim demoq.Yurtli, o‘tli, sovutli,Yigitli turkim demoq.Turkiya turklarindir,Bu dunyo tiklarindir,Tun-kun, el-bel, yer-ko‘k,Erk O‘ziga beklarindir.Anqara – Istambul – Moskva – Toshkent
Suhbatni Muhammad Vali yozib oldi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 9-son