Ustoz Tohir Malik bilan ko‘p suhbatlashganmiz. U kishining turfa mavzudagi fikr-mulohazalariga quloq tutganmiz. Adib huzurida sira zerikmaymiz, aksincha musohabaga to‘ymaymiz. Sababi, ba’zilar o‘ylaganidek, Tohir aka o‘ta jiddiy, og‘irkarvon emas. Ustoz – hazil-mutoyibani xush ko‘ruvchi, tagdor gaplar qiluvchi dilkash suhbatdosh. Buni adibning talay hajviyalar yozganidan ham bilish mumkin. Tohir Malik bilan uyushtirilgan mazkur suhbatimiz siz, azizlarga manzur bo‘ladi, deb o‘ylaymiz...
– Tohir aka, maktabda qanday o‘qigansiz? Oliy o‘quv yurtida-chi?
– Maktabda a’lochi emasdim. Hatto adabiyot fanidagi inshoda ham a’lo baho qo‘yishmagan. Chunki juda badxat edim. Hozir ham shunday. Yozuvimni o‘zimdan boshqa hech kim o‘qiy olmaydi. Shuning uchun ham yozganlarimni o‘zim mashinkada (hozir kompyuterda) oqqa ko‘chiraman. Yozuvim haqida o‘zim hazil to‘qiganman: “Tohir Malikning yozgan harflari o‘layotgan odamning kardiogrammasiga o‘xshaydi”. Ya’ni, gapdagi dastlabki harflar harfga o‘xshaydi, keyingilari to‘g‘ri chiziqqa aylanib ketadi. Maktabda ahvol shunday edi, hozir ham o‘zgarish yo‘q.
Darsni o‘zlashtirish bo‘yicha zehnim yaxshi bo‘lgan. O‘qish-yozishni maktabga bormayoq o‘rganib olgan ekanman. Akalarim-opalarim dars tayyorlashayotganda ularning yonida o‘tirib olar ekanman. Shu bois maktabga olti yoshimda borganman. 16 yoshimda dorulfununning kechki jurnalistika bo‘limida talaba edim. Kunduzi qurilishda ishlab, kechki payt o‘qishga borardim. 50 yil muqaddam matbuot sohasiga ishga o‘tganman. Oddiy xatlar bo‘limi xodimidan bosh muharrir lavozimiga qadar yo‘lni bosib o‘tibman. Diplom ishim a’lo bahoga loyiq topilib, o‘zimni ilmiy ishni davom ettirishga taklif qilishgan. Lekin men ilmni emas, adabiyotni tanlaganman. Bu jarayonning ajib tarixi bor, qiziqqanlar “Po‘rtana...”da batafsil tanishishlari mumkin.
Ayrim fanlardan zaifligimga dangasaligim sababdir, ammo ba’zilariga menga aloqasi bo‘lmagan sharoit, muhit aybdor edi. Masalan, bir yil frantsuz, ikki yil ingliz, ikki yil nemis tili o‘qiganman. Bilim ham shunga yarasha, inglizcha salomlashib, frantsuzcha xayrlashaman, nemischasiga uchgacha sanay olaman, chunki bu fandan “uch”dan yuqori baho olmaganman. Rus tilini o‘zim tirishib o‘rganganman. Bu borada ancha tetikman. Har holda harbiy xizmatda ruscha so‘kish bo‘yicha bo‘lgan musobaqada “chempion” bo‘lganman. Ukrainlardan iborat hakamlar hay’atining e’tirofiga ko‘ra, mening bisotimda yuzdan ortiq ruscha sara so‘kishlar mavjud ekan. So‘kishni onadan boshlab, qo‘shnisining buvisi bilan yakunlash mahoratiga ega ekanman. Bu gaplarim ham hazil, ham uzoq tarix.
Yana zaif o‘zlashtirilgan fanlarga kelsak, fizika fanidagi elektr tokiga doir darsni muallim shamchiroq yorug‘ida o‘tgan edilar, kimyodan sulfat kislotasi bilan xlorid kislotasining farqini darslik orqali bilardik. Kimyo muallimi boshqa maktab muallimidan iltimos qilib kichkinagina quruq spirt olib kelgan ekan, uni yoqib bizni bu mo‘‘jizadan ogoh etgan edilar. Duradgorlikni o‘rganish uchun ikki chaqirim yo‘l bosib, boshqa maktab ustaxonasiga borardik. Sinf tor bo‘lgani uchun jismoniy tarbiya darsi partada o‘tirilgan holda olib borilardi. Bular hazil emas – chin! O‘sha paytda ko‘plab maktablarda sharoit shunaqa edi. Hozirgi bolalarga jannatiy sharoitlar yaratilgan. Agar bu sharoitga shukrona qilib o‘qishmasa, gunoh bo‘ladi. Bunaqalarni qadimda hammomga kirib, yuvinmay chiqqan nodonlarga o‘xshatishgan.
Aniq fanlardan kamroq bilim olganim fantastika bilan shug‘ullanayotganimda sezildi. Natijada fizika, kimyo, anatomiya, biologiya kabi fanlarni qaytadan o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Bu sohadagi yutug‘imga ustoz Pirimqul Qodirov yuqori baho bergan edilar. “Devona” asarida miya faoliyatiga doir masalalar, bu fanning kelajagi haqida so‘z borar edi. Asarning muhokamasida ustoz “Tohir Malik meditsina institutini bitirgan bo‘lsa ham, asarning badiiyligini yuksak darajaga olib chiqqan”, dedilar. Keyin jurnalistikada o‘qiganimni bilib ajablangandilar. Bu maqtovga sazovor bo‘lish uchun miya faoliyatiga doir ko‘p ilmiy asarlarni o‘qib chiqqan edim. Meditsina akademiyasidagi uchrashuvda bu haqda so‘z ochib, “talamus” – “gipatalamus”, “dominant” – “subdominat” haqida gapirganimda talabalar maqtanishlarim bejiz emasligiga ishonishdi. Suhbatimiz cho‘zilmasligi uchun, afsuski, o‘zimni o‘zim bundan ortiq maqtay olmayman.
– Ilk hajviyangiz qachon yozilgan va u nima haqida edi?
– Hajviyalar yozish bilan jiddiy shug‘ullanmaganman. Ora-sira kichikroq nimadir yozib turardim. Dastlab “Mushtum” uchun loflar yozganim yodimda. Og‘zaki hazillarimni maqtab turishadi. Lekin qog‘ozga ko‘chgan hazillar me’yoriga yetmay qolsa kerak. Xasta paytimda Botir akam shifoxonaga borib, “Ko‘p jiddiy asarlar yozib charchading, hazilni yaxshi ko‘rasan, endi kulgili asarlar yoz”, deb maslahat berdilar. Maslahat ma’qul kelib, yotgan joyimda qog‘oz qalam olib, mana bu gaplarni yozdim:
Kimga nima yetishmaydi?
Nima uchun “biri kam dunyo” deyishadi, bilasizmi? Chunki inson zotining ko‘ngil ko‘chasi g‘oyat keng, shuning uchun doim noliydi. Doim unga nimadir yetishmaydi. Yo noto‘g‘rimi? Qani, birgalashib mulohaza qilib ko‘raylik-chi?
Sahroga suv yetishmaydi. Xotinga bitta gap yetishmaydi. Erkakka bitta xotin yetishmaydi. O‘g‘riga pul to‘la temir sandiq yetishmaydi. Itga so‘ngak yetishmaydi. Gazetachiga arzon qog‘oz yetishmaydi. Talabaga imtihon chog‘i pul yetishmaydi. Haydovchiga benzin yetishmaydi. Laylakka ilon yetishmaydi. Choyxonachiga oshxo‘r yetishmaydi. Cho‘ntakka pul yetishmaydi. Go‘rkovga o‘lik yetishmaydi. Ig‘vogarga “oltinchi barmoq” yetishmaydi. Qizlarga sariq sochbo‘yoq yetishmaydi. Qimorbozga beshinchi “tuz” yetishmaydi. Ashulachilarga mikrofon yetishmaydi. Sutchiga suv yetishmaydi. Zargarga tilla yetishmaydi. Mushukka sichqon yetishmaydi. Sichqonga don yetishmaydi. Sevishganlarga orzu yetishmaydi. Tannozlarga kindigini berkitib turuvchi uzun ko‘ylak yetishmaydi. Yigitlarga qishda kiyadigan short yetishmaydi. Bojxonachiga chegara yetishmaydi. G‘iybatchiga vaqt yetishmaydi. Domla-imomga uchiga pul tugilgan tugun yetishmaydi. Doyaga homiladorlar yetishmaydi. Osmonga yulduz yetishmaydi. San’atchiga to‘y yetishmaydi. Dehqonga yer yetishmaydi. Yalqovga yostiq yetishmaydi. Olimga kitob yetishmaydi. Johilga ilm yetishmaydi. Paxtaga tekin terimchi yetishmaydi. Bozorga insof yetishmaydi. Tarozibonga vijdon yetishmaydi. Qassobga go‘sht orasiga yashiradigan suyak yetishmaydi. Choyxonadagi fisqu-fasodchiga chidamli odam yetishmaydi. Baxilga qor yetishmaydi. Televizorga Meksika kinolari yetishmaydi. Radioga javrash yetishmaydi. Hokimga do‘q yetishmaydi. Avtobusga eshik yetishmaydi. Asalariga gul yetishmaydi...
Ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin. Hamsuhbatlarimizda “Tohir Malikning o‘ziga nima yetishmaydi?” degan savol uyg‘onishi mumkin. Savolga javobni o‘zlariga havola etaman. Faqat... “aql yetishmaydi”, deyishmasa bas!
Yuqoridagi hazilni yozgach, yana kichik hajviy hikoyalar yozdim. Chamalasam, bir kitob hajmiga yetibdi. “Ushlang, o‘g‘rini” degan nomda “Tanlangan asarlar”ning 8-jildiga jamladim. O‘qiganlarga ma’qul bo‘lgan ekan shekilli, hozircha so‘kish eshitganim yo‘q.
– Nima deb o‘ylaysiz, kulgi qachon paydo bo‘lganiykin?
– Bu savolingizga jiddiy javob berish qiyin. Gapim xato bo‘lsa, Xudo kechirsin-u, birinchi farzandni ko‘rishganda Odam Ato bilan Momo Havvo quvonchdan kulishgandir. Odam Ato hazillashganlarida Momo Havvo erni haydab yubormagandirlar. Erni haydash odati oradan asrlar o‘tib paydo bo‘lgandir. Erni haydab yuborgan jasoratli ayolning kim ekanligini aniqlash tarixchilarning vazifasi. Bu mavzuda 20-30 doktorlik dissertatsiyasi yoqlansa ajabmas.
– Ba’zi qiziqchilarning aytishicha, bugun odamlarni kuldirish qiyin emish! Nahotki, shirin tabassum ham zamonaga qarab tug‘ilsa?
– Eng og‘ir sharoitda ham odam kulishi mumkin. Zamonaning bunga daxli yo‘q. Gap odamning o‘zida. Shunday odamlar bor-ki, ularni qitiqlab ham kuldirib bo‘lmaydi. Qaysidir yili Gennadiy Xazanov Toshkentga kelganida yozuvchi do‘stlarimiz kontsertga kirishibdi. “Mazza qilib yayradik, uch mingta odam ichida faqat Falonchi oshnamiz kulmadi”, deyishdi. Men u do‘stimizni ko‘rganimda “Xazanovning kontserti yoqmadimi?” – deb so‘radim. “Bir-ikkita yaxshi latifasi bor ekan, uyga borganimda kuldim”, – dedi u. Yodingizda bo‘lsa, Talasafed haqidagi kulgili filmda rahmatli Hojiboy Tojiboevning chiqishi bor. Savolingizga eng to‘g‘ri javob – o‘sha manzara bo‘la oladi.
– Ustoz Said Ahmad va Ne’mat Aminov bilan ko‘p uchrashgansiz. Shu haqda gapirib bersangiz.
– Said Ahmad aka bilan O‘tkir Hoshimov, Nosir Fozilov juda yaqin edilar. Safarlarda ko‘p birga bo‘lishardi, hazillashishardi. Bu haqda O‘tkir aka ham, Nosir aka ham kitoblarida yozganlar. Kamina yosh bo‘lganim uchun masofani sal saqlab turardim. Meni ko‘pchilik Said Ahmad akaga o‘xshatishardi. Ba’zilar yaqin qarindosh deb o‘ylashardi. Bir kuni “Siz Said Ahmad akaga o‘xsharkansiz”, deyishganda, “Said Ahmad aka menga o‘xshaydilar”, deb hazillashdim. Hazil ustozga yetib boribdi. Bir kuni ko‘rishganimizda “Nega unaqa deding?” – dedilar. “Atay aytdim, agar men sizga o‘xshasam, qari cholga aylanib qolaman, siz menga o‘xshasangiz, yosh yigit bo‘lasiz-qolasiz”, deb edim, “To‘g‘ri, shunday deyaver”, deb ma’qulladilar.
Said Ahmad qaysi davrada bo‘lsalar, kulgi uyg‘onardi. Ustozga aytilgan hazil gap hech javobsiz qolmas edi. Faqat bir marta ustozning javob topolmay qolganlariga guvoh bo‘lganman. Qozog‘istondan kelgan yozuvchilar albatta Nosir Fozilovga uchrashishardi. Bir kuni Nosir aka Said Ahmad akaga qo‘ng‘iroq qilib, qozog‘istonlik adiblar sizni ko‘rishmoqchi, uyimga keling, deb taklif qilganlarida ustoz: “Sen qozoqlarga beshbarmoq pishirib berasan. Ular beshbarmoq yeyaverib to‘yib ketishgan, mehmonlarni menikiga boshlab kel, o‘zim osh damlab turaman”, debdilar. Nosir aka menga ham qo‘ng‘iroq qilib, Do‘rmonga yetib borishimni tayinladilar. Bordim. Ustozning oshpazlik mahoratlari ham tillarda doston edi. O‘sha kuni g‘oyatda totli palovdan bahramand bo‘ldik. Hazil-huzul gaplar tinmadi. Mehmonlar orasida shoira ayol ham bor edi. Ustoz ko‘proq ayolga lutf qildilar. Aytish kerakki, qozoq qizlari shartaki bo‘ladi, ayni choqda hazilni ham o‘rniga qo‘yadilar. Ularda “Aytis” degan san’at bor, bizning askiyaga o‘xshaydi. Ular do‘mbira chertib, so‘zlarni qofiyaga solib, shoirona askiya qiladilar. Shoirada ham bu san’at bor edi. Said Ahmad akaning hazillarini malol olmay, o‘rnida javob qaytarib turdi.
– Men shu ayolni yoqtirib qoldim, unga uylanaman, qalin haqiga menga to‘rtta tuya berasizlar, – dedi Said Ahmad aka.
– Ie, uylanadigan siz-u, qalinga tuyani biz beramizmi? – dedi shoira.
– Hozir qayta qurish zamoni, hamma narsa teskari bo‘lib ketgan. Endi qalinni kuyov emas, kelin beradi, – dedilar ustoz.
– Xo‘p, bunisiga ko‘ndik, – dedi shoira, – lekin siz tuyani nima qilasiz?
– Menga tuyaning o‘zi kerakmas, tezagi kerak.
– Tezakni nima qilasiz?
– Ana, bog‘imni ko‘ryapsizmi, ekinlarga go‘ng tashlashim kerak.
– Shunaqa demaysizmi! Unda bu yoqqa tuyani lo‘killatmay, siz uchun qalin o‘rniga to‘rt qop tezak bera qolaylik...
Shoiraning bu askiyasiga hamma kulaverib, dumalab qolayozdi. Ustozdan esa javob bo‘lmadi...
Ne’mat Aminov Buxoroda ishlayotganlarida o‘zlari o‘qib bergan hajviy hikoyalarni “Tabassum” radiosida eshitib u kishiga muxlis bo‘lib qolgan edim. Ne’mat akaning hikoya o‘qish mahoratlari yuqori edi. Ruslarning Zadorniy, Izmaylov, Petrosyan... deganlaridan o‘tsalar o‘tardilarki, qolishmasdilar. Toshkentga ko‘chib kelganlaridan so‘ng tez-tez ko‘rishadigan bo‘ldik. Nihoyatda samimiy edilar. O‘zbek adabiyotida hajviya tarzidagi dastlabki qissani Ne’mat aka yozganlar. Solishtirish noo‘rin-ku, lekin “O‘n ikki stul”dan qolishmasdi. “1982 yil nasri” muhokamasida men Ne’mat akaning mahoratlarini ta’kidlagan holda, asarda kamchiliklar borligini aytgandim. Keyin o‘ylab qarasam, xato qilgan ekanman. Xatoim shundan iboratki, men asarga realistik asar talabidan qarabman, hajviy asarning o‘ziga xosligini hisobga olmabman. Aybimni bilib, uzr so‘raganman. Kechirganlar. Bir asarni bir majlisda tanqid qilish katta fojia emas, aytilgan gaplar 2-3 kunda unutiladi. Ne’mat aka ham unutib yuborgandirlar. Lekin o‘zim unutganim yo‘q, o‘shanda kalta o‘ylaganimdan hozirgacha hijolatdaman.
– Bugungi hajvchilardan kimlarni sanab o‘tgan bo‘lardingiz?
– Afsuski, bu sohadan yiroqman. “Mushtum”ni o‘qimayman. Hajviy kitoblar chiqyaptimi yo yo‘qmi, buni ham bilmayman.
– Umuman, bugun hajvda yozayotgan ijodkorlar kamayib ketgandek, nazarimda. Ayniqsa, yoshlar bu janrda qalam tebratishmayapti. “Sevaman, qotaman”, deb she’r yozishdan nariga o‘tishmaydi. To‘g‘ri, she’r yozish ham kerak, biroq Matmusaga o‘xshash qahramonlar yana chiqsa qani edi!
– Gapingiz to‘g‘ri. Aslida hajvchi yozuvchilar azaldan kam bo‘lgan. Sovet davrida bu mavzu cheklab tashlangan edi. Erkin aka, Abdulla aka, Anvarjonlarning hazil she’rlari barchaning ko‘nglidagi gaplar. Kuldiradigan, ayni damda chimchilab oladigan gaplar. Afsusingizga qo‘shilaman. Bema’ni she’r yozish juda oson. Qofiya topilsa bas. Lekin hajviy she’r yozish nihoyatda qiyin. Anvar Obidjonning bir to‘rtligini misolga keltiray:
Kalamushvoy, kalamush,
Savoding sal chalamush.
Yoz desalar “TYeMIR” deb,
Sen yozibsan “KYeMIR” – deb.
Ana, o‘zingiz ayting, “sevaman, qotaman”, deguvchilar shunday falsafani kichik to‘rtlikka sig‘dira oladimi? 13 so‘zdan iborat to‘rtlikda qanchalar chuqur ma’no bilan barobarlikda kulgi ham bor.
– Suhbatimiz bahonasida o‘zbek yozuvchilaridan qaysi biri hazilkash, mutoyibachi, qaysilari jiddiy ekanligini ajratib ko‘rsata olasizmi?
– Rahmatli ustozlardan Asqad Muxtor, Said Ahmad, Adham Hamdam, Laziz Qayumov, Aziz Abdurazzoq, Tolib Yo‘ldosh, O‘tkir Hoshimov, Ne’mat Aminov, Yo‘ldosh Sulaymon, Erkin Siddiqovlarning hazillari hozirgacha davralarda eslanadi. Said Ahmad akaga Nosir aka Fozilov bas kela olardilar. Erkin aka Vohidov ham nozik qochirim bilan javob qilardilar. Mirmuhsin aka, Ozod aka, O‘lmas akalar ham hazilni qadrlashardi, lekin tabiatan jiddiy edilar. Bugungi kunda ham, Alloh umrlarini yanada barakali qilsin, Nosir aka, Erkin aka, Tursunboy aka, do‘stimiz Anvar Obidjon, Ahmadjon Meliboevga yetadiganlar kam. Yoshlar davrasida kam bo‘lganim uchun ular haqida bir gap aytolmayman. Ular orasida ham hajv, hazil, askiyaga mohirlari bordir.
– Bizda karikaturachilik o‘ziga xos rivojlanmoqda. Bir nechta rassomlarimiz xorijiy tanlovlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. “Tohir Malik ham karikatura chizgan”, deyishadi...
– Yo‘q, bu jiddiy chizish emas. Shunchaki havas. Men o‘zimning hazil yo‘sinidagi suratimni o‘xshatib chizaman. Ba’zilar dastxat so‘rashsa, imzo chekmay, suratimni chizib bersam, ajablanishadi.
– Ayrimlarning hisoblashicha, “omma oldida sipo, kamsuqum bo‘lish kerak”. Kulgi darg‘alari esa, “hamisha tabassum qilib yuring, vaqtingiz xush bo‘ladi”, deyishgan. Unisi ham, bunisi ham kerak, to‘g‘rimi?
– Albatta. G‘oyat jiddiy bo‘lib, qovoq uyub yursangiz, “buning turqi buncha sovuq”, deyishadi. Agar kulaversangiz, “Buncha ishshayadi, jinni-pinni bo‘lib qolganmi”, deyishadi. Sipolikning ham, kulgining ham o‘z o‘rni bor. Ayniqsa behuda kulaverish odamning obro‘yini ketkazadi. Ba’zi san’atkorlarimiz, hazilga moyilliklarini bildirish uchun huda-behudaga hazil qiladilar, kulaveradilar. Bu bilan o‘zlarini pastga urayotganlarini sezmaydilar.
– Teatr haqida... Aynan komediya yo‘nalishidagi asarlar tufayli teatrlar tomoshabin bilan gavjumlashib qoldi. Ammo “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Toshbolta oshiq” va “Parvona” kabi sahna asarlariga o‘xshash komediyalar bugun yaratilarmikan? Yoki ularning vaqti o‘tdimi?
– Komediyaning vaqti hech vaqt o‘tmaydi. Faqat mohir san’atkorlar o‘tadilar, hajv yozuvchilar o‘tadilar. Ularning o‘rniga darrov mahoratli yoshlar kelavermaydilar. Men balki adashayotgandirman, G‘ani A’zamov, Soyib Xo‘jaev, Zaynab Sadrieva, Obid Yunusov kabi ulug‘lar darajasidagi san’atkorlar hozir yo‘q bo‘lsa kerak. Bor bo‘lsa ham, ularga mos asarlar yozib berilmayotgandir. Qani edi, bugun “Temir xotin”ga o‘xshagan asarlar ko‘p bo‘lsa!
– Bir paytlar TVda Hasan Yo‘ldoshev, Ergash Karimov va Ergash Raimovlarning “Televizion miniatyuralar teatri” bo‘lardi. O‘sha chiqishlarda jamiyatdagi illatlar hajv yo‘li bilan qattiq qoralanardi. Keyin bu ko‘rsatuv negadir yo‘q bo‘lib ketdi. Hozir “Qalpoq”, “Sho‘rdanak” kabi, asosan, maishiy mavzudagi hajviy ko‘rsatuvlar berilmoqda. Ularni ko‘rib borasizmi?
– Ko‘rmaslikka harakat qilaman. Televizorni yo o‘chirib qo‘yaman, yo boshqa to‘lqinga olaman. Undagi ishtirokchilar, ochig‘i, g‘ashimni keltiradi. Asar sayoz, ijro undan-da sayoz. San’akorlar qiziqchi, masxaraboz va komediya ijrochisi orasida farq borligini anglab olishlari kerak. Ruslarning behayo latifalarini o‘zbekchalashtirish bilan komediya san’atini rivojlantirib bo‘lmaydi. Askiya san’atiga ham e’tirozimiz bor. Askiya nihoyatda zarif san’at. Bugungi askiyachilarning hazillaridan hayo pardasi ko‘tarilgan. Uyat gaplarni aytishdan uyalishmaydi.
– Yangi o‘zbek kinokomediyalarini tomosha qilasizmi? Deylik, “Mening akam bo‘ydoq”, “Endi dadam bo‘ydoq”, “Superqaynona”, “Tilim qursin”... Munosabatingiz qanday?
– Bularni ham ko‘rmaganman. Nomlarini sizdan eshityapman. “Ko‘ring”, deb tavsiya qilsangiz ham ko‘rmayman. Chunki, vrachlarning talablariga ko‘ra, asabimni ehtiyot qilishim kerak ekan.
– Muxlislarga bir paytlar xizmat safarida kimlarni qartada yutganingizni aytib bersangiz...
– Aytadigan gap emas, chunki siz eshitgan voqealarning ko‘pi lofdan iborat. Shaxmat yoki qarta o‘yinida yutqizganlar hech qachon yutqizganlarini bo‘yinlariga olmaydi. Qimor haqidagi gaplarni men hazil tariqasida to‘qib, aytib yuraman. Agar o‘sha gaplar rost bo‘lib, men usta qimorboz bo‘lganimda... u yog‘ini aytmay qo‘ya qolay. Yaxshi hamki qimorga qobiliyatim yo‘q, muhimi shu.
– Yana bir hangomangizni eshitganmiz: avtomobil sotganingiz haqida...
– Kamina tijorat bobida mutlaqo qobiliyatsiz odamman. Saksoninchi yillarda mashina o‘g‘rilari ko‘payib ketdi. Men ba’zan mashinani qulflashni unutib qo‘yaman. Shundan cho‘chib, o‘g‘irlab ketishguncha sotib yubora qolay dedim. Kichik tog‘am kelib, bozorga birga bordik. Tog‘am bozorni aylanib chiqib, narx-navoni bilib kelaman, deb ketdilar. Mashinaning yonida tursam, Ne’mat aka Aminov kelib qoldilar. U kishi ham mashinalarini sotmoqchi ekanlar. Akamizning ham savdoga doir qobiliyatlari haminqadar ekan. Bir qarindoshlari bilan chiqqan ekanlar, u kishi ham bozor aylangani ketdi. Ne’mat aka bilan gaplashib turibmiz. Xaridorlar kela boshlashdi. “Bu mashina kimniki?” deb so‘rashadi. “Meniki”, deyishga men ham uyalaman, Ne’mat aka ham. Bir mahal ikki yigit kelib, “Tohir aka, mashinangizga o‘tiring, savdolashamiz”, deyishdi. Meni qaydan tanishar ekan, degan o‘yda noiloj o‘tirdim. Ular “shuncha beramiz, rasmiylashtirish xarajati ham bizdan” deyishdi. O‘zimcha hisoblab qarasam, ozgina foyda ham unar ekan. Savdolashib o‘tirmay, darrov ko‘ndim. Bu orada tog‘am narx-navoni bilib keldilar. Savdoni pishirib qo‘yganimni eshitib “ha, esi yo‘q”, deganday bosh chayqab qo‘ydilar. Bosh chayqashning ma’nosini sinfdosh do‘stlarimning gapidan keyin angladim. Savdoni yaxshi biladigan do‘stlar mashinani necha pulga sotganimni eshitib “ahmoqsan”, deyishdi. Ularning aytishicha, juda arzonga sotgan ekanman. To‘rt yil avval yana bir mashinani mahorat ila sotdim. “Neksiya”ni salkam o‘n besh yil minibsiz, yangilang”, deyishdi. O‘g‘limga bu vazifani sen bajarasan, dedim. Xizmatdan qaytayotganimda, chorrahada qizil chiroqqa to‘xtadim. Yonimda bir mashina to‘xtab, haydovchi yigit: “Assalomu alaykum, mashinangizni sotmaysizmi?” – dedi. “Shunaqa fikr ham bor”, dedim. “Yuravering, orqangizdan boraman”, dedi. Ko‘chamizga burilgach, to‘xtadim. U ham ham to‘xtadi. Bilishimcha, bir necha chaqirim davomida mashinamning yurishini kuzatib kelgan ekan. Mashina savdosida ko‘zi pishgan chapdast yigitlardan ekan, darrov narx belgiladi. Bu safar darrov ko‘nmadim, o‘g‘limga ro‘para qildim. Baribir o‘sha belgilangan narxga sotildi. Muhimi – yarim soat ichida ish pishdi. Kaminaning tujjorlik mahorati shulardan iborat.
– Oilada qanday umr yo‘ldoshisiz? Kennoyimiz bilan ko‘p hazillashib turasiz, to‘g‘rimi?
– Faqat kennoyingiz bilan emas, qarindoshlarning hammasi mening hazillarimni yoqtirishadi. Ayrim hazillarni asarlarga ham ko‘chirganman. “Shaytanat”ni kinoga olishayotgan paytda Yodgor Sa’dievga “Hadeb tumtayib yuravermang, Asadbek ko‘chada bek, uyda odamga o‘xshab yursin, xotini bilan hazillashsin”, dedim. “Nima deb hazillashsin?” – dedilar. Shunda o‘zimning hazilimni aytib berdim. Har bir xotin singari kaminaning xonim-afandimiz ham juda mehribonlar. Ayniqsa, tobim qochganda girdikapalak bo‘lib qoladilar. Vrachga uchrashish, dori ichish talabi doimo kun tartibida bo‘ladi. Bir kuni xizmatga ketayotganimda “Bugun albatta do‘xtirga kiring”, deb tayinladilar. Shubhasizki, vazifa bajarilmadi. Shubhasizki, uyga qaytganimdagi birinchi savol: “Do‘xtirga kirdingizmi?” To‘g‘risini aytsam, gap ko‘payadi. Qitmirligim tutib, “Kirdim”, dedim. Kutilgan savol: “Do‘xtir nima dedi?” “Qo‘y, uning gapini, eshitsang xafa bo‘lib ketasan”, devdim, xonimda xavotir uyg‘ondi. “Do‘xtir yomon kasalga chalingansiz, degandir”, degan xavotir uyg‘onganini sezib, qitmirligimni davom ettiraverdim. “Ayting, nima dedi?” deyavergach, “Aytaman-u, xafa bo‘lmaslikka qasam ich”, dedim. Xonim qasam ichgach, “Do‘xtir tuzalib ketaman, desang, xotinni almashtir, dedi”, degan gapimga “Bekorginani aytibdi” degan qisqa javob bahsimizga yakun yasagan edi. Bu voqea Yodgor akamizga ham, Gulchehraxonga ham ma’qul kelib, darrov suratga oldilar.
Hazillashishda, ayniqsa, oilada ehtiyot bo‘lish kerak. Gap shundaki, hamma ham hazilni birday tushunavermaydi. Uyda bemalol hazillashishimga sabab – xonim afandim hazilimni malol olmaydilar, aksincha, ko‘pincha miriqib kuladilar. Bir yili toblari qochib, xirurglar qo‘lidan eson-omon chiqdilar. Reanimatsiya bo‘limida yotibdilar. Bolalarni ichkariga qo‘yishmaydi, ular xavotirda. Bosh vrach muoviniga uchragan edim. “Hammasi yaxshi bo‘ldi, yuring, ko‘rib chiqing”, deb yo‘l boshladilar. Kirsam, bechora holatda yotibdilar. Meni ko‘rib, yosh bola kabi yig‘lashga taraddud qildilar, lablar asta qimirlay boshladi. Xonimga mehribonlik qilsam, o‘zim ham yig‘lab yuborishim mumkin. Chunki xotin bitta-da!
– Ana, Tohir aka, yangamiz Xudo xohlasa, yuz yoshga kiradilar, – dedilar vrach.
– Iloyim aytganingiz kelsin, bolalarning baxtiga yuzga kirsinlar, lekin men bu xotinning zulmiga yana qirq yil chidashim kerakmi? Menga ham sabr tilab qo‘yinglar, – dedim.
Kulishdi. Men esam davom etdim:
– Rahmat sizlarga, meni boshqa xotin qidirish tashvishidan qutqardinglar. Ammo, bilib qo‘ying, xotin akamizni avvalgidan ham sog‘lomroq holda qo‘limga topshirasizlar. Sizlarga bir hafta muhlat. Bo‘lmasa, boshqa xotinga almashtirib berasizlar.
Men o‘zimni mutlaqo tashvishlanmagan, quvnoq qilib ko‘rsatdim, holbuki, tun tashvish bilan o‘tgan edi. Xonim afandim ham gaplarimga kulib: “Iltimos, boshqa kuldirmang”, – dedilar. Bilishimcha, kulganda yara o‘rnida og‘riq qo‘zg‘alar ekan.
Bundan oldinroq, o‘zim ham operatsiyadan chiqqanimda, vrachlar hushimga keltirishdi. Qarasam, tepamda xonim-afandim tashvishlanib turibdilar. Dori ta’sirida boshim aylanib, ko‘zimga ikkita bo‘lib ko‘rindilar.
– Ahvol qalay? – deb so‘rashdi vrachlar.
– Soppa-sog‘man, og‘riq yo‘q. Lekin tepamda ikkita xotin qarab turibdi, – dedim.
– Tohir aka, xotin ikkita bo‘lgani yaxshimasmi? – deb kulishdi.
– Yaxshi-ku, lekin ikkalasi o‘zimning eskidan qolgan bitta xotinim-da, – dedim.
Mening uydagi hazillarimdan ilhomlangan shogirdlarimdan biri uyida xotiniga hazil gap aytgan ekan, xotini quvib chiqaribdi. Yarashtirgani bordim. Xotin darrov insofga kirdi. “Yomon gap aytmadim, sizning hazilingizni aytuvdim, jahli chiqdi”, dedi shogirdim. Shunda dedimki: “Mening hazilimni aytish uchun siz Tohir Malik bo‘lishingiz kerak, Tohir Malikning shirali ohangida gapirishingiz kerak. Eng muhimi, xotiningiz Tohir Malikning xotini kabi hazilga tushunadigan chidamli ayol bo‘lishi kerak”.
Bir do‘stim bozordan qulupnay olib kelibdi. Xotini deraza oynaklarini yuvayotgan ekan. Do‘stim xotiniga yordam berish maqsadida murabbo qilish uchun qulupnayni tozalay boshlabdi. Xotini mehribonlik qilib, “Qo‘yavering, hali o‘zim tozalayman”, debdi. Do‘stim “Sen tozalasang yarmini yeb qo‘yasan”, debdi. Bu gapni xotin haqorat o‘rnida qabul qilib “Nima men shunchalik ochofatmanmi!” – deb janjal boshlabdi. Oxiri, bu oila ajrab ketdi. Shuning uchun ham men ko‘p joylarda hazildan ehtiyot bo‘lishni gapiraman. Ayniqsa, kichiklarga hazil gap aytishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bolalar tushunmaganlari oqibatida sizni obro‘sizlantirib qo‘yishlari mumkin. “Odamiylik mulki” risolasida bu masalaga alohida bob ajratganman. O‘g‘limni uylantirganimda ikki haftalik kelinimga hazillashib bir gap aytgan edim, yig‘lab yuborganlar. Shundan bilingki, kaminada ham bu borada kamchiliklar uchrab turadi.
– Tohir aka, bir vaqtlar to‘y-hashamda doirachilik qilgan ekansiz.
– Shunday bo‘lgan. Majbur edim. Rahmatli dadajonim bilan ayajonim dutor chalishga mahoratli edilar. Katta akamda ham shunday qobiliyat bor. Ayniqsa doira chalishga mohirlar. 1957 yilda edi shekilli, Moskvada bo‘lgan yoshlarning xalqaro festivalida bo‘lajak quruvchi muhandis va olim doirachi sifatida qatnashganlar. Doira chertishga havas kaminada ham bor edi. 1966 yilda shoir akamiz Safar Barnoev uylanadigan bo‘ldilar. Safar aka bilan gazetada birga ishlar edik. Buxoroda tug‘ilib o‘sgan akamiz Toshkentga kelib, kambag‘alchilikda o‘qiganlar. O‘qishdan keyin katta to‘y qilishga qurblari yetmasdi. Shuning uchun to‘y kelinnikida o‘tadigan bo‘lgan. Kuyovning yaqinlari to‘planishib, so‘ng birgalikda kelinning uyiga kirib borishimiz kerak edi. Safar akaning kursdosh do‘stlari o‘sha paytda dovruqli qo‘shiqchiga aylangandi. Niyatga ko‘ra, o‘sha qo‘shiqchining qo‘shig‘ini aytib kirish kerak edi. To‘planadigan joyga borsam, Safar aka asabiylashib turibdilar. San’atkor do‘stlari va’daga xiyonat qilibdi. Bu tabiiy holat. San’atkorlar kattaroq pul unishini bilishsa, do‘stlikni ham unutib yuborishadi. O‘sha kuni ham shunday bo‘lgan. Mening Azimjon aka degan kursdoshim tor chalib ashula aytardilar. Darrov taksiga o‘tirib, uylariga bordim. “Torni qo‘ltiqlang-u, ketdik”, deb voqeani bayon qildim. “Boraveraman-u, doirachim yo‘q-da”, dedilar. “Doira bormi?” dedim. “Bor” dedilar. “Demak, doirachi ham bor”, dedim. Bordik. “To‘ylar muborak”ni aytib kiramiz”, deyishdi. Azimjon aka bu ashulaning faqat birinchi satrini bilar ekanlar. “To‘ylar muborak, ko‘rgoni keldik” deb boshlang-u, qolganiga bilgan ashulangizning so‘zlarini qo‘shib yuboravering, to‘yda birov ashulaning ma’nosiga e’tibor bermaydi, kuy to‘g‘ri bo‘lsa bas”, dedim. Shunday qildik. Men qizdirilmagan childirma bilan jo‘r bo‘ldim.
1972 yilda bu voqea deyarli aynan takrorlandi. Shoir Rauf Parfi Yangiyo‘ldagi uylarida o‘g‘illariga xatna to‘y qildilar. Bordik. Safar akaga xiyonat qilgan kursdosh do‘st Rauf akaga ham bevafolik qilibdi. Va’da berib, to‘yga kelmadi. Qishloq ahli mashhur falonchi ashulachi kelarkan, deb yig‘ildi. Ahvolni o‘zingiz tasavvur qilavering. Bir mahal Safar aka to‘yni ochib, menga yaqinlashdilar: “Tohir, yana bir marta doirachilik qilasan”, dedilar. Havaskor ashulachiga bitta rubob, kaminaga teshik doira topib kelishdi... O‘sha yili do‘stim Abdujalil Zokirovning nikoh to‘yida doira chalganman. To‘yga aytilgan ashulachiga doirachisi pand beribdi. Xudoga shukr, to‘ydagi xizmatlarim shundan iborat. Lekin barmoqlarimni mashq qildirish uchun uyda chalib turardim. Dadajonimning vafotlaridan keyin doirani qo‘lga olishga ko‘nglim bo‘lmay qoldi. Ijodxonamda ko‘p yillar turdi. Oxiri nabiralarimga o‘yin bo‘lib, avval teshildi, so‘ng ustiga chiqib sakrashgan shekilli... o‘tin bo‘ldi...
– Ba’zan kimdir yoki nimadir sabab bo‘lib, kayfiyatimiz buziladi. Ko‘ngilga hech nima sig‘maydi. Ana shunday paytda qanday qilib kayfiyatimizni chog‘ qilsak bo‘ladi, Tohir Malikdan bi-i-r maslahat eshitaylik?
– Kayfiyatning xojasi kishining o‘zi. Kayfiyatini boshqara olsa – xoja, boshqara olmasa – qul. Qulning qismati og‘irroq. Men yomon kayfiyatni yengishga harakat qilaman. Har bir odamning bu boradagi uslubi o‘ziga xos bo‘ladi. Ko‘nglim og‘rigan paytda televizordagi yaxshi narsalarni ham ko‘rgim kelmaydi. Shunda ashulachilarning kliplarini ko‘raman. Ha, aynan ko‘raman. Ovozlarini o‘chirib qo‘yaman. Chunki ashulalarining so‘zlarini eshitsam, tepa sochim tikka bo‘lib ketadi. Ovozni o‘chirib, ularning harakatlarini ko‘rsam kulgim keladi. Siz ham bir tajriba qilib ko‘ring. Ba’zilarida xuddi hayvonot bog‘ida ochiq eshiklar kuni o‘tkazilayotganga o‘xshaydi. Ba’zi ashulachilarning qorni burab og‘riyapti-yu, hojatxona eshigi oldida navbat kutib qiynalayotganga o‘xshaydi... Rossiya televidenisidagi kliplar undan-da zo‘r. Men ovozi o‘chirilgan kliplarga “Jinnixonadan reportaj”, deb nom qo‘yganman.
Bu odatim onda-sonda ish beradi. Ko‘ngil chigilini yozish uchun men ko‘proq kitob o‘qiyman, ayniqsa Qur’oni karim oyatlari mening ruhimga quvvat bo‘ladi. Farzandlar, nabiralar bilan birga o‘ynash ham kishini baxtiyorlik taxtiga qaytaradi.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat. Hamisha kulib yuring.
– Sizga ham, suhbatimizga guvoh bo‘lganlarga ham rahmat. Yuzning kulib turishi uncha qiyin ish emas. Soxta kulgilar ham bor. Muhimi – ko‘ngil kulib turishi kerak. Kimning ko‘ngli kulib tursa, uni odamlar “Istarali ekan”, deyishadi. Bu – yulduzi issiq odam ekan, degani. Men hamsuhbatlarimizga ana shu saodatni tilayman.
Suhbatni Anvar Namozov olib bordi