O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Turg‘un Azizovni mushtariylarga batafsil tanishtirib o‘tirishning hojati yo‘q. Bu san’atkorni xalqimiz O‘zbek Milliy teatri sahnasida o‘ynagan turli-tuman rollari, filmlarda, ayniqsa, «Maftuningman» filmida yaratgan Bakir obrazi orqali juda yaxshi taniydilar. Katta va voqealarga boy ijod yo‘lining ayni qizg‘in pallasida aktyor huzurida bo‘lib, bir necha savol bilan murojaat qildik.
— Turg‘un aka, avvalo, yangi yil bilan tabriklayman. Ijodiy parvozlar hamrohingiz bo‘lsin. So‘nggi yillarda asosan rejissura sohasida faoliyat ko‘rsatyapsiz. Sahna asarining tug‘ilish jarayoni, sizningcha, qanday kechadi?
— Tabrik uchun rahmat. Sahna asari, ya’ni spektaklning dunyoga kelishi haqida gapiradigan bo‘lsak, hammamiz bilamizki, bu jarayon ko‘pchilikning mehnati bilan amalga oshadi. Spektakl asosi piesa, dramaturgiya hisoblanadi. Aslida spektakl taqdiri dramaturgik asosga bog‘liq. Lekin piesa hamisha ham talab darajasida bo‘lavermaydi. Shu sababli rejissyor va muallif hamkorligi nihoyatda zarur.
Dastlabki rejissyorlik ishlarimdan bo‘lgan «Chimildiq» spektaklini olaylik. Ochig‘i, Erkin Xushvaqtov bu piesani olib kelganida ikkinchi pardasi bizga ma’qul kelmagandi. Munavvara Abdullaeva bilan birga o‘qib chiqib, spektaklni «Yor-yor» sahnasi bilan boshlashga kelishdik. Keyin kelinning rashkini qo‘zg‘atish, kuyovning bee’tiborligi sahnalari qo‘shilib, oxiri «Kelin salom» bilan tugaydigan bo‘ldi. Bundan, nazarimda, asar ham, tomoshabin ham yutdi. Erkinning «Qalliq o‘yini», «Qirmizi olma» piesalari ham shunday hamkorlik bilan yuzaga keldi.
Hozir sahnamizda muvaffaqiyat bilan namoyish etilayotgan «O‘zbekcha raqs» spektaklida ham muallif bilan bamaslahat ishladik. Piesaga ko‘ra bosh qahramon boshidan o‘tganlarini hikoya qilib, yana o‘zi sahnada shu obrazni jonlantirishi kerak edi. Bunda biroz chalkashlik, o‘ng‘aysiz holatlar yuzaga kelishini o‘ylab spektaklga muallif obrazini kiritdim, yana bir-ikki ko‘rinishlarni o‘zgartirdik. Asar o‘zbek xalqining o‘ttiz yillik hayotini o‘z ichiga olgan. Avlodlar davomiyligini qaynonadan kelinga o‘tuvchi raqs orqali berishga harakat qilganmiz. Bu piesaning sahna bezagi yechimini topishimizda «Mirzo Ulug‘bek» spektaklida Ulug‘bek rolini ijro etganim qo‘l keldi. Unda ulug‘ adibimiz Maqsud Shayxzodaning bosh qahramon tilidan «Quyosh biru inson biru insoniyat bir» deb aytgan jumlalari sahna bezagi yechimiga asos bo‘ldi.
Xullas, rejissyor va muallif hamda postanovkachi guruhning o‘zaro samimiy, bir-birini tushungan holdagi hamkorligi, albatta, yaxshi samara beradi.
— Siz aktyor sifatida ham teatr repertuaridagi deyarli barcha spektakllarda band edingiz. Rejissuraga o‘tishingizning sababi nimada? Bu sohada asosan nimalarga tayanib ish olib boryapsiz?
— Bu jarayon birdaniga sodir bo‘lgani yo‘q. O‘zim qatnashgan har bir spektakldan olgan taassurotlarim, mashq, ijro jarayonida tug‘ilgan fikr-mulohazalar, kuzatishlar oxir-oqibat kinoga suratga tushishlar jarayonida orttirgan tajribalarimni amalda qo‘llashga undadi.
Bilasizmi, har bir aktyor o‘z rolini o‘ynaydi, rejissyor esa butun bir ansamblni o‘ynaydi. Yaxlit sahna asarining dunyoga kelishi rejissyorning dunyoqarashi, bilimi, saviyasi, hissiy kechinmalar ko‘lamiga bog‘liq. Demak, rejissura men uchun qo‘shimcha majburiyatlar va imkoniyatlar eshigini ochdi.
Asar ustida ishlash, aktyorlar bilan repetitsiyalar o‘tkazish jarayonida ustozlarim Toshxo‘ja Xo‘jaev va Ginzburg bilan birga ishlagandagi ko‘rganlarim asqotdi. Yana Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonovlar tajribalaridan saboq oldim.
Lekin, ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, o‘zing aktyor bo‘lib ishlagan dargohda rejissuraga qo‘l ursang, sen bilan birga rol o‘ynab yurganlarga turlicha ta’sir qilar ekan. Dastlabki vaqtlarda biror asarni qo‘ysam, «Ha, o‘zimizning Turg‘un-da», «Aktyor aktyorligini qilsin» deganlarini ham eshitganman.
«Mehrobdan chayon» ustida ish boshlaganimda oltita aktyor o‘zlariga taqsimlangan rolni qo‘limga qaytarib berib ketishgan. Lekin spektakl juda yaxshi ketdi. Zuhra Ashurova, G‘aybulla Hojiev rollarini maromiga yetkazib o‘ynashgan. «Yetti faryod» spektakli ham bir necha yil sahnadan tushmadi.
Har holda, turli gap-so‘zlar rejissuradan mening ixlosimni qaytarolmadi, aksincha pishdim, o‘z ustimda ishladim. Izlanishlarimning bahosi esa tomoshabinlarga havola.
— Rejissyor asosan nimalarga amal qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
— Asosiy printsiplarimdan biri shuki, rejissyor aktyorni sevishi, hurmat qilishi kerak. Chunki rejissyor uch-besh oy, nari borsa, asar ustida bir yil ishlab, uni sahnaga olib chiqadi. U yog‘iga spektaklning taqdiri aktyorlarga bog‘liq. Aktyor har kuni, umr bo‘yi sahnada o‘ynaydi. Spektaklning umri qancha davom etsa, aktyor shuncha mehnat, kuch-g‘ayrat, hissiyot sarflaydi. Axir, repertuarda bitta spektakl bo‘lmaydi-ku! Shu ma’noda yaxshi aktyorlarni boshga ko‘tarsangiz arziydi.
Rejissyor aktyorni va uning imkoniyatlarini nazarda tutgan holda asar tanlasa, har tomonlama yutadi, deb o‘ylayman. Yoki asarni o‘qigan zahoti obrazlar o‘rnida ma’lum aktyorlarni ko‘ra olish zarur. Masalan, men «O‘zbekcha raqs»ni qo‘lga olganimdayoq ko‘z oldimga Dilbar Ikromova, Lola Eltoeva, Madina Muxtorovalarning qiyofasi kelgan.
— Bugungi teatr jarayoni haqida fikr-mulohazalaringizni bilmoqchi edik.
— Ijtimoiy hayotga, ma’naviyatga daxldor soha sifatida teatr hamisha davr bilan hamnafas bo‘lishi kerak. Bugun barcha teatrlarimiz imkon boricha zamonaviy, davr talabiga mos asarlarni sahnaga olib chiqishga harakat qilyapti. Ayniqsa, bizning Milliy teatrimiz, Muqimiy nomidagi musiqali teatr, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrlari ko‘plarga o‘rnak bo‘lyapti. Masalan, bizning teatr repertuaridagi asarlar yoshlar ustozlar an’analarini davom ettirayotganini ko‘rsatib turibdi. Yoshlarimizga mahorat bobida buyuk aktyorlarda intilish bor. Lekin bozor iqtisodi sabab ba’zilari to‘ylarga, turli tadbirlarga yugur-yugur bilan repetitsiyalarga, spektakllarga yetarli tayyorgarlik ko‘rmay kelyaptilar. Bu, albatta, o‘tkinchi holat. Hali sahnalarimizda saviyasi yuksak asarlar ko‘payadi. Bunga imkoniyat bor, davlatimiz tomonidan san’at ahliga katta e’tibor berilyapti. Teatrlar uchun eng yaxshi zamonaviy binolar ajratilayotgani, yangilari qurilayotgani, ko‘plab teatrlar ta’mirdan so‘ng chiroy ochayotgani buning dalilidir.
Biz san’atkorlardan esa kasbga fidoyilik va yuqori saviyadagi sahna asarlari yaratish talab etiladi. Ayniqsa, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga jiddiy ahamiyat berishimiz zarur. Birinchi navbatda san’at oliy o‘quv yurtlariga eng iste’dodlilarni tanlab olish va tarbiyalash zarur. Qolaversa, bitiruvchilarni teatr dargohlariga to‘g‘ri yo‘llay bilish lozim. Ya’ni bir xil ampluadagi, yoshi bir xil aktyorlar bitta teatrda to‘planib qolmagani ma’qul. Shunda aktyorlarning imkoniyatlari to‘liq ochilishiga sharoit bo‘ladi. Hozir bizning jamoada shunday bir xil iqtidorli va imkoniyatli aktrisalar yig‘ilgan. Ehtimol, bu bir jihatdan yaxshidir — o‘rtada raqobat, tanlov yuzaga keladi. Lekin, baribir, bu holda aktyor bor iqtidorini ko‘rsatishdan mahrum bo‘lib qolishi hech gap emas.
— Ulug‘ ustozlarni ko‘rib, o‘gitidan bahramand bo‘lgan, tinimsiz izlanishlar tufayli san’atning qattiq nonini shirin qilib yeyishning uddasidan chiqqan san’atkor sifatida hamkasblariingizga, muxlislaringizga aytadigan gapingiz bo‘lsa kerak...
— Hamkasblarimga aytadiganim shuki, ustozlarimizning teatrimizga sarf qilgan mehnatini suiiste’mol qilmasligimiz kerak. Ular bizga qoldirgan buyuk ijodiy ne’matni avlodlarga to‘kis yetkazish bizning burchimiz. Pedagog sifatida talabalar bilan alohida mashg‘ulotlar o‘tishimiz uchun San’at institutida ustaxonalar ko‘payishini istardim. Bugungi kunda har uch ustaga bitta ustaxona to‘g‘ri keladi. Yana diplom spektakllarini yayrab namoyish etish imkoniyati yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Hozir o‘zimning kursim bilan tayyorlagan spektakllarni Milliy teatrimiz sahnasida o‘ynayapmiz.
Muxlislar haqida nima deyish mumkin? Ustki kiyimlar kiyimxonaga yechilsa, zalda qo‘l telefonlarning ovozi va yosh bolalarning yig‘isi eshitilmasa... Agar shunday holatlar bo‘lib tursa, tomoshabin bilan aktyorni bog‘lab turgan nozik ip uziladi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan bu yil «Barkamol avlod yili» deb e’lon qilindi. Bu jarayonda teatrlarimizning, xususan, bolalar va yoshlar teatrlarining alohida o‘rni bor. Teatrlarimiz foyesi shunday go‘zal, shinam bezatilishi kerakki, unga qadam qo‘ygan yosh avlod o‘zini xuddi afsonalar olamiga kirib qolgandek his qilsin, u tomoshabinlarga estetik zavq bag‘ishlasin. Ana shunda yosh tomoshabinlar safi kengayadi.
Muxlislarimiz teatrga bayramga kelgandek kelishlarini orzu qilaman. Bu — mening ko‘p yillik orzuim.
Gulchehra Umarova suhbatlashdi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 3-sonidan olindi.