OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xazina qalbning o‘zidir (Yo‘ldosh Eshbek va Abdumurod Tilavov suhbati) (2014)

Abdumurod Tilavov: Yo‘ldosh aka, adabiyot misli bir ummon. Uning ichiga sho‘ng‘isangiz, turfa xil duru marvaridga duch kelasiz. Ruxsat bersangiz, suhbatimizni ana shu javohirlardan hisoblangan ilmi yaqiyn va ilmi ladunniyning nima ekanligini tushunishdan boshlasak. Umuman, bu ilmlarning adabiyotga ta’siri bor deb o‘ylaysizmi?

Yo‘ldosh Eshbek: Bu savolga bir suhbat davomida va umuman ham javob berish mushkul ish. Shunday bo‘lsa-da, Xudo qodir qilganicha javob qaytarishga harakat qilamiz, yetishmagan joylarni allomalarimiz yordam berib to‘ldiradilar, degan umiddamiz. Keling, yaxshisi, manbalarga murojat etaylik: “Ishonchli, mustahkam, sog‘lom, shubhasiz va qat’iy o‘laroq bilmoq. Ko‘z bilan ko‘raroq, mushohada etaroq bilmak. Masalan, uzoqda bir tutun ko‘ramiz. U yerda otash (alanga, olov) borligini ilman bilamiz, demakdir. Bu bilim darajasiga ilm-al yaqiyn, deyiladi. Otashga yaqinlashib, ko‘zimiz bilan ko‘rsak, bunga ayn-al yaqiyn bilmak, deyiladi. Agar barcha hislarimiz bilan olov borligini anglasak; yoqishini, kuydirishini, boshqa sifatlarini ham bilib olsak, bu ilmimiz darajasiga Haqq-al yaqiyn, deyiladi. (Haqq-al yaqiyn: abd (qul)ning sifatlari Haq sifatlarida foniy bo‘lib, o‘zi u bilan ilman, shuhudan va holan baqo topmoqdir. O.Nasuxi; Islomiy-ilmiy-falsafiy “Yangi lug‘at”. Abdulloh Yag‘in). Demak, yaqiyn ilmining uch turini ko‘rdik.

Endi ladunn ilmiga yuzlanaylik. Ilmi ladunniy g‘aroyib, sirli, nodir, noyob bir ilmning nomidir. Laduniyat – Olloh taolo xos tarzda ato etgan botiniy ehsonlardir. Adabiyotga ta’siriga kelsak, butun mumtoz adabiyotimiz shu ilmlar ta’siridadir.

Abdumurod Tilavov: Zamondosh ijodkorlar asarlarida tasavvuf asari sezilib turadimi?

Yo‘ldosh Eshbek: Albatta seziladi. Chunki bizda istiqlol tufayli bu sohaga ham hurlik berildi. Masalan, Najmiddin Komil domla iste’dodli va taniqli shoir Sa’dulla Hakimning “Ko‘hna naql” kitobiga yozgan go‘zal so‘zboshida “So‘z jamoli” degan ko‘p ma’noli, sirli she’rini tahlil qilar ekan, shunday yozadi: “Menimcha, she’ridagi siru sinoat, uning ta’sir kuchi ham shunda: Anglamoqda sir qolmasa, mohiyatda ma’no ham bo‘lmaydi”, deydi va hikmat(aforizm)ga barobar so‘z aytadi. Bu so‘zni tasavvufdan bexabar odam ayta olmaydi. Domlaning bumarhamati ham sirusinoatlidir. Va S.Hakim ijodiga, xususan, zikr etilgan she’riga yuqori baho beradi: “Shu bois “So‘z jamoli" she’ri ilohiy bir so‘z haqida bamisoli madhiya kabi jaranglaydi va botiniy, romantik tuyg‘ularimizni mavjlantirib yuboradi".

Abdumurod Tilavov: Siru sinoat faqat tasavvufiy asarlardagina mavjudmi?

Yo‘ldosh Eshbek: Yo‘q. Lekin sirda sir bor.

Abdumurod Tilavov: P.Koelo va “Alkimyogar” asari-chi?

Yo‘ldosh Eshbek: Ha, “Alkimyogar” bizning mumtoz asarlarimiz singari ulovni ko‘ngil xazinasi tomon burgani uchun ham o‘zbek kitobxonlariga manzur bo‘ldi. Bu asarda Sir va sehr bor. Sehr ham ikki xil. Go‘zallikdan sehrlanish va sehrgarning sehri. Inson biridan tug‘iladi, biridan bog‘lanadi. Badiiyatda ham shunday. Hatto yanada nozikroq. Gap ana shu noziklikni ilg‘ashda. Paulo Koelo hozirgi yozuvchilarning peshvolaridan va ommaviylaridan. Tilimizda bir emas, uch tarjimasi bor. Hozir qo‘limda iste’dodli shoir Aziz Said tarjimasi bor ekan, shundan bir ikkita misol kaltiraman. Mavzudan chiqmasak-da, sal aylanib yurib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu – nasr. Lekin poeziya qorishiq. Afsuski, ba’zi asosiy tushunchalar ham ba’zan qorishib ketadi. Asosiy qahramonlardan Kimyogar tilidan: “Kimki o‘z Taqdiri Yo‘lidan ketayotgan ekan, hamma narsani biladi va hamma narsaga qodir!” deyiladi.

Abdumurod Tilavov: So‘zingizni bo‘lganim uchun uzr. Kuchli inson kimo‘zi?

Yo‘ldosh Eshbek: Bandai ojizligini bilgan, Yaratgandan qo‘rqqan kishi juda ham kuchlidir. Inson Taqdir Yo‘lidan chiqib, o‘zganiig Taqdir Yo‘liga o‘tib ketolmaydi. Hamma o‘z Taqdir Yo‘lidan ketadi, barcha mag‘lubiyat va muvaffaqiyatlar shu yo‘l ichida kechiladi. Inson taqdirni emas, taqdir ichida ba’zan mag‘lubiyat, ba’zan muvaffaqiyat yaratadi.

Abdumurod Tilavov: U qo‘rquv qanday qo‘rquv?

Yo‘ldosh Eshbek: Bu maxluqdan – itdan yoki odamdan qo‘rquvga ko‘p ham o‘xshamaydi. Inson bilib-bilmay, oshkor-yashirin gunoh sodir etgach, yo‘lda-yuzda, ulovda o‘zim, yaqinlarim yuramiz, ey Xudo, bir kori hol bo‘lmasa edi, deya qo‘rqishiga mengzaydi. Oldiga qo‘ygan maqsad chizig‘iga bu kirmaydi chog‘i P.Koelo qahramonlarida bu tuyg‘u ko‘rinmaydi, lekin Santyagoda maxluqdan qo‘rquv, hatto Alkimyogarda xavotir sezilib turadiki, kayfiyatining mana shu pallasi bosib ketgandek. Bu inson kamolot darajasini belgilaydigan tuyg‘udir. “Xazina qaerda bo‘lsa, qalbing ham shu yerda bo‘ladi”, – degan edi unga (Santyagoga – Y.E) Alkimyogar.

Abdumurod Tilavov: Bularni yaxshiroq his etish uchun avval qalb-ko‘ngul, ruh, ilhom nima – bilib olsak, tushunarliroq bo‘larmidi?..

 Yo‘ldosh Eshbek: To‘g‘ri. Lekin bular yuqoridagi ladunn va yaqiyn ilmlaridan ham nozik va qaltis bo‘lgani uchun ham o‘tgan ulug‘larimiz bu mavzuda ehtiyotan fikrlashmagan ma’qul, deganlar. Ayniqsa, taqdir, qazo, qadar mavzui...

Imom G‘azzoliy aytadiki: “Qalb (ko‘ngil – Y.E.) amr-farmon olamining siridir”. Ba’zi olimlar qalb-ko‘ngul markazi yurak desa, ba’zi olimlar qalb markazi “dimog‘ingiz chog‘mi” so‘zi ulug‘ hol so‘rash ekanini aytadi. Shulardan kelib chiqib, ko‘ngil-qalb yurak bilan mustahkam bog‘liq esa-da, yurakning aynan o‘zi emasligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni ko‘ngul tan a’zosi birla bog‘liq esa-da, tan a’zosi emas. Fikrimizga dalil sifatida Xoja Abdulxoliq hazratlarining “Sanubar suvratlig‘ go‘shtporag‘a majozan dil va qalb derlar”, so‘zini keltirish mumkin.

“Yangi lug‘at”ga yana murojat etsak: “Qalbdan maqsad sanavbariy et parchasi emas, latifa-i Rabboniyadir” (Latif – nozik, go‘zal, mayin, ko‘zga ko‘rinmas, jismsiz, yashirin, sirli). Yurak ishlasa, to‘xtasa, jasad qay holda bo‘lsa, inson ichki olamida, ma’naviyati-ma’rifatida ko‘ngul mohiyatan shunday.

Endi tasavvurimiz yana biroz oydinlashishi uchun kamina tarjima qilgan Fotima Temur qizining “Tazkirot ul-avliyo”sidan kichik bir hikoya o‘qiymiz:

Hazrat Alouddiyn Attor deydilar: “Darvishlarning biri bir kuni mendan qalb qanday bo‘lishini so‘radi. “Qanday ekanini bilmayman”, dedim. U: “Men qalbni uch kunlik oy kabi ko‘raman”, dedi. Buni ustozim, janobim va shayxim Shohi Naqshband hazratlariga aytdim.

– Bu – uning qalbiga oid, qalbiga ko‘ra (yoki bu qalb unga ko‘radir), – dedilar. Tik turardik. Oyoqlarini oyog‘im ustiga qo‘ydilar. Birdan o‘zimdan ketdim. Bir orada (yoki bu orada) barcha mavjudotni, Arshi a’loni qalbimda ko‘rdim. O‘zimga kelgach:

– Ko‘rganlaringizni ayting, – dedilar. Aytdim. Hazrat Xoja:

– Ko‘ngul budir. U darvish aytganday emas. Olloh taologa eng yaqini ko‘ngul, ko‘ngulday hech narsa yaqin emas. Qalb – noma’lum, sirlarga to‘la olamdir. Har ne undan topilur. Ko‘rilgani kabi qalb har nedan sharafli, bepoyon bir latiflikdir. Shunday bo‘lgach, kishi uni qanday anglay olur?! Shuning uchun hadisi qudsiyda Olloh marhamat etadi: “Yeru ko‘klarga sag‘masman, mo‘minning ko‘ngliga sig‘urman”. Bu teran sirlardandir, dedilar”.

Latiflikka yuqorida bir qadar izoh berib o‘tdik. Undan tashqari latiflikning yana ilhombaxsh, yoqimli, shirin, teran, maxfiy, ko‘p lutf etuvchi, degan ma’nolari ham bor. Ko‘ryapsizmi, ko‘p lutf etuvchilik sifati – Ollohning sifatidir. Shuning uchun ham bu mavzularda so‘zlaganda juda ehtiyot bo‘lishimiz darkor ekan. Chunki xavf bor – bu narsalar maxluqmi, maxluq emasmi – keskin aytolmaymiz. O‘zimizga yarasha so‘ngsiz mulohazalarimiz bo‘lsa-da, oshkor etish bu yoqda tursin, ba’zan o‘ylashga, fikr yuritishga qo‘rqamiz. Ishq, ilhom kabilar ham sir, sirli, latifdir. Shular ko‘ngulda bo‘ladi. Ilhom va ishq bilan ko‘nglingiz to‘lganda, bepoyon ichki olamingiz larzaga keladi, hech ko‘rilmagan shirinlik va baxt chidab bo‘lmaydigan holga sizni olib keladi. Bu Xoliqning tajalliysidir. Bu vuslatdir. Hazrat marhamat etgan kengishlik, bepoyonlik deb bilganimiz – millimetrning milliarddan biridan kamdir, balki millimetrning milliarddan biri bepoyonlikdan ham so‘ngsizdir. Balki, bu borada masofa ahamiyatsizdir. Chunki Olloh taolo: “Yeru ko‘klarga sig‘masman, mo‘minning ko‘ngliga sig‘urman”, demoqda.

Abdumurod Tilavov: Biroz ma’rifatlanib oldik. Endi ba’zi asarlardan, masalan yana P.Koelodan savol beraman: “Na sahro, na shamollar, na quyosh va na odamzod o‘zlarini nima uchun yaratilganligini bilmaydilar”, deyiladi unda.

Yo‘ldosh Eshbek: Mo‘min inson nima uchun yaratilganini yaxshi biladi. Yaratgan unga Kitob va Payg‘ambar (s.a.v.) yuborib, inson va jinni O‘ziga ibodat etishi, O‘zini tanishi uchun yaratganini bildirgan. Inson taqdirini, ertasini, oqibatini bilmaydi. Bilganida, umidlar, niyatlar, maqsadlar, talpinishlar, intilishlar, orziqishlar, entikishlar, harakatlar qayoqda qolardi?! Shunisi yaxshi emasmi? Shu bilan birga, “insonning o‘z ishida ixtiyori yo‘q”, deguvchilar tarafdori ham emasmiz. Yaratgan insonga ixtiyor ato etgan.

Abdumurod Tilavov: “Mening qalbim iztirobdan qo‘rqadi”, deydi Santyago Alkimyogarga. Qarang! “O‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun yo‘lga tushgan biror-bir qalb iztirob chekmaydi, chunki ushbu izlanishlarning har lahzasi Olloh bilan, Abadiyat bilan muloqotdir”. Shu o‘rinda siz nima degan bo‘lardingiz?

Yo‘ldosh Eshbek: Alkimyogarning javobi soxta ko‘tarinkilikka, soxta yupatuvga o‘xshaydi va chigal. Bizda aqliy va naqliy mezonimiz bor. Har fikrni, har so‘zni shunga qo‘yib qaraymiz, hatto u majoz bo‘lsa ham. Bu iztirob va qo‘rquvning qandayligiga va qay tarafdan qarashga bog‘liq. Bu uxroviy iztirob qo‘rquvi bo‘lsa, g‘oyat go‘zal. Dahshatli bo‘lishi mumkin, lekin oqibati xayrli. Bunday iztirob qo‘rquvi iztirobning o‘zidan dahshatli emas. Go‘zal. Shu qo‘rquv tufayli ham inson o‘zini o‘nglaydi, yaxshi ishlarga otlanadi va qo‘l cho‘zadi. “O‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun yo‘lga tushgan qalb iztirob chekmaydi”. Yaxshi so‘z. “Chunki ushbu izlanishlarning har lahzasi Olloh bilan, Abadiyat bilan muloqotdir”. Yaxshi. Faqat chigalroq. Qorishiqroq. Iztirobdan qo‘rquv, iztirobning o‘zidan dahshatli bo‘lmasa ham, dahshat bo‘lsa ham go‘zal. O‘ziga, o‘zgaga iztirob yetkazishdan qo‘rquv – go‘zal iztirobdir. Iztirob esa go‘zal. Buni tushungan tushunadi. Chunki iztirob mo‘minning darajotidir. Ya’ni darajani va martabani belgilovchidir. Mo‘min inson iztirobi bilan xotirjamdir. Iztirob – uning qalbini obod, umid – xotirjam etadi. Hz. Payg‘ambar (s.a.v.) “Mo‘minning yuzida tabassum, qalbi esa mahzun bo‘ladi”, deganlar. Ana shu hazinlik, tabassum – iztirob va xotirjamlikdir. Uning ulug‘ umidi bor. Bu umid o‘xshashsiz. Faqat mo‘minlar umidiga o‘xshaydi. Eshitgan so‘zimiz, o‘qigan asarlarimiz ko‘nglimizdan o‘tadi, agar ko‘ngil ko‘ngil bo‘lsa, ota-bobolar e’tiqodi bilan mustahkam bo‘lsa, o‘tayotgan narsalar saralanadi. Yo‘qsa, yo‘q. Bu ham muhim. Faqat erotik asarlar emas, aqidaviy zid va aqidaviy chigal chalkash asarlar ham insoniyatni parishon aylaydi. Santyago Alkimyogardan so‘raydi: “Umr bo‘yi oltin izlagan va unga erisholmagan alkimyogarlar ham bor. Ular qaerda xato qilishgan?” Alkimyogar javob beradi: “Xatolari shundaki, ular faqat oltin izlashgan. Ular yo‘lda yashiringan xazinani izlashgan. Yo‘lning o‘zini esa aylanib o‘tishgan”. Kuchli javob.

Abdumurod Tilavov: Yo‘ldosh aka, juda ulkan va keng insoniy anglamda olib qaralsa, P.Koelo va qahramonlari hozir keltirgan so‘zga o‘zlari amal qilishmagandek.

Yo‘ldosh Eshbek: Chunki haqiqat yo‘li butun insoniyat uchun bitta. Niyat samimiy, maqsad yaxshi bo‘lgani bilan shu maqsadga erishish mushkul. Faqat muvaffaqiyatlarga erishish mumkin.

Abdumurod Tilavov: Bu katta muvaffaqiyatlar maqsadlarigacha surib borib qo‘yishi ham mumkin-ku!

Yo‘ldosh Eshbek: Yo‘q. Bu muvaffaqiyatlar davriydir. “Alkimyogar” asari badiiy zaif emas, nozik majoziy fikrlarga boy. “Qalblar iztirobni yomon ko‘radi”. Bu – to‘g‘ri. Lekin biz boshqacharoq qaraymiz. Iztirobning mukofoti ma’lum bo‘lgach, bu dunyoning o‘zida ham meva bera boshlaydi. Va boshqacharoq qarashimiz to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lamiz. Iztirobsiz ko‘ngil, ko‘ngil emas. Ko‘ngil – ma’naviyatning yuragi dedik, yurakdan farqli o‘laroq ko‘ngilning (“Alkimyogar” mo‘ljalga aniq ololmagan) o‘lmasdan mangu qoladigan dorisi bor, bu obi hayot ishqdir. Ishqi haqiqiy. “Alkimyogar” aytganidek: “Kimki bu al-iksirdan ichsa, xastalik nimaligini bilmaydi” emas, kimki ichsa, tuzalish nimaligini bilmay qoladi, to‘g‘rirog‘i, istamay qoladi. Chunki bu iksir, bu obi hayot dard tashnaligini yoki tashnalik dardini sug‘oradi. Yurak to‘xtasa ham, ko‘ngil yashaydi.

Haqiqiy oshiqning virdi, obi hayoti, iksiri – ishqi ilohiydir. “Alkimyogar”ga zid holda, oshiqning bemor qalbi shu ishq bilan tirik. Bemorligi – sog‘ligi, sog‘ligi – bemorligi.

Abdumurod Tilavov: “Xazina qaerda bo‘lsa, qalbing ham o‘sha yerda bo‘ladi”, degan edi Alkimyogar. Yo‘ldosh aka, siz nima degan bo‘lardingiz?

Yo‘ldosh Eshbek: Aksincha, xazina qalbda bo‘ladi. Qalb qaerda bo‘lishini bilmayman. Menimcha, hech qaerda bo‘lmaydi. Qalb va xazina bir-birida bo‘ladi. Xazina qalbning o‘zidir. Ul xazinada beqiyos boylik bor. Murod-maqsad ham, baxt ham, visol ham, haqiqat ham shudir. Men “Alkimyogar”ni o‘qiyotgan 22 million o‘quvchining ashaddiylaridan emasman. Hozirgiday zarurat bo‘lgandagina murojaat etaman. Va buyuk bobokalonlarimiz taqib kelgan ko‘zoynak bilan qarayman, busiz hech iloji yo‘q. Qo‘rg‘oshinlar oltinga, oltin qo‘rg‘oshinga aylanib ketadi. Qalb va xazina haqidagi so‘zga “Alkimyogar”ning o‘zida ham javob bor: qancha eski bo‘lsa, shuncha afzal, qancha takrorlansa, shuncha go‘zal.

Abdumurod Tilavov: Ijodkor ilhomiga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?

Yo‘ldosh Eshbek: Oldingizdan ikki yo‘l chiqdi, deylik. O‘ngga degani – ilhom bo‘ldi. Bu – oddiy odamlarga uzatilgan ichki ilhom. Ijodkor ilhomida esa hol va ma’no birlashadi. Ijodkorning ichki olami faollashadi, tezlashadi, xush tuyg‘ular lazzati tig‘izlashadi, fikr va ma’nolar quyiladi, ijodkor toqat qilib bo‘lmas go‘zal holga kirib qoladi. Va anormal holda normal va hatto komil bir ishni ado etadi. Bu holatni so‘fiyning jazba holiga o‘xshatish mumkin. Ilhom, ishq, jazba jo‘sh urib inson ko‘nglida kuchayganda, orombaxsh azoblar yoki azobbaxsh oromlar orqali cho‘qqiga ko‘tariladi.

Abdumurod Tilavov: Ilhom bilan yozilgan milliy va umuminsoniy bitta she’r o‘qisangiz.

Yo‘ldosh Eshbek: Ishq vafodan so‘zlaganlarim,
 Bir kun bo‘lur senga pushaymon,
 Yodga tushar bo‘zlaganlarim,
 Men olamdan o‘tganim zamon.
 Qaltirarsan ajib sezgidan,
 Har bir so‘zim kashf etar jahon,
 Judo bo‘lding buyuk sevgidan,
 Men olamdan o‘tganim zamon.
 Sen yonimdan keta olmassan,
 Ko‘zlaringda bo‘lgum namoyon,
 Sevgimni rad eta olmassan,
 Men olamdan o‘tganim zamon. [1]

Ko‘plab dunyo olimlari ba’zi (modern) asarlarni tushunib bo‘lmasligini, tushunish shart ham emasligini aytishgan. Shunga yaqin fikrni akademik Lixachev ham Joysning “Uliss” romani ustida so‘zlagan. (Uzr, manba yonimda bo‘lmagani uchun so‘zma-so‘z keltirolmadim). Bulardan tashqari o‘zimning ham mustaqil aqliy dalilim bor, masalan, shunday asarlar mavjudki, mutolaasi taassuroti – rangtasvir ko‘rganday yoki musiqa tinglaganday orombaxsh. Asar faqat biz istagandek, faqat biz ko‘nikib qolganimizdek bo‘lishi kerakmi? Taqdimot (2012 yil, 15 iyun) “O‘zAS”da, dunyo va rus adabiyotining bilimdoni Ne’matulo Mamajonovning “She’r va shoir haqida” juda zarur adabiy o‘ylari e’lon qilindi: “Muhimi – yangi, hali ishlatilmagan, favqulodda, tasodifiy, yorqin tashbeh, qiyoslashlarni topish. Bundan ham muhimi, shu obraz va o‘xshatishlar ma’noga bo‘ysunishi, u bilan yaxlit bir butunlikni hosil qilishi kerak”, deyilgan unda. Keling, shu so‘zni Tursun Ali she’riga tadbiq etib ko‘raylik. “Yilga sig‘may qolgan olmalar” – tasodifiydir, lekin yorqin tashbeh emas. “Eski aravaday o‘tadi kunlar” ham eski, ishlatilgan o‘xshatish va qiyos, “ma’noga bo‘ysunib, u bilan yaxlit bir butunlikni” hosil qilyapti yoki qilmayapti, deyolmaymiz. Ma’noga bo‘ysunyaptimi? Menimcha, hozircha bitta yoki birorta ma’noga bo‘ysunayotgani yo‘q. Shu bilan birga, ma’nosiz ham emas. Lekin qani o‘sha ma’no? Bu yerda gap tashbehning favquloddaligida emas, balki tashbehning favqulodda she’r darajasiga ko‘tarilganida. Bunday she’rlar uzoq vaqtlarda bir-bir yoziladi. Bu she’r ma’naviy ehtiyojning – sirning o‘zi haqidagi sirli she’r, deya olamiz. T.Alining o‘zi ham uqish va o‘qish haqidagi so‘zining davomida o‘z she’rining sharhiga ham yordam bergandek va shu haqdagi fikrimizni qo‘llab qo‘ygandek bo‘ladi: “O‘qiganimda faqat qulog‘imga emas, vujudimning dengizdan-da teran joylariga kutilgan nur – shu’la oqib-oqib kiradi”. Bu o‘sha yuqorida aytganimiz – sirlar nuri – nuri asrordir. Ichimizni, ko‘nglimizni yoritib, yorishtirib yuboradi. Go‘zalikka g‘arq bo‘lamiz. Sirlar nuridan bahramand bo‘lamiz. O‘zini anglash esa mushkuldir. Go‘zallik nuriga, sirlar nuriga cho‘mish sirning o‘zini anglashdan, uqishdan ko‘ra go‘zalroqdir!

Abdumurod Tilavov: Endi uzunroq, kengroq, birlashtiribroq she’r, ishq, sir, shoir va shularning ulug‘lari haqida so‘rayman.

Yo‘ldosh Eshbek: Sevgi, muhabbat, ishq – farqli, biri birining yoki ikkinchisining, uchinchisining darajasi, deyishadi. Buni inkor qilmagan holda, biz deymizki, hammasi bir-u, darajasi har xil. Gap – nimani, kimni qanday sevishda. Demak, sevgining ismi va sifati bor. “Muhabbatdan muhabbat bo‘ldi paydo, Muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo”. Sirning ham ma’nosi ko‘p. Yashirin haqiqat. Yashirin ish. Xalq orasida salbiy ma’nolari ham bor. (Talofat ko‘rdim ma’nosida, sir ko‘rib qoldim, deyishadi). Har kimga, hammaga aytilmaydigan narsa. Saqlanadigan so‘z. Muhabbatullohning qalbdagi maqomi – latifa (latiflik – latif nuqta va nukta). Inson aqli erishmagan narsa. Haq hikmati. She’r bunaqa bo‘ladi va bo‘lishi kerak. Ishq, sir va she’r ulug‘ligi haqida shoirlardan misollar keltirdik. Bular ta’rifsiz mavzular yoki ta’rifi shu qadar ko‘pki, keltirolmaymiz. Biz muhtaram munaqqidlarimiz nazari kam tushadigan sanoqligina she’rlarni tanladik. Bunday she’rlar mumtoz adabiyotimizda, boshqa buyuk shoirlarimiz ijodida uchrab turadi. Negadir ko‘pincha bir xil nomlar atrofida kechadi. Ilmda esa harakat nomlar atrofida emas, asarlar atrofida kechadi. To‘g‘rirog‘i, kechishi kerak.

Abdumurod Tilavov: Yana shunday nazardan chetda qolgan sirli, go‘zal bir misra keltirsangiz.

Yo‘ldosh Eshbek: Bu – Abdul Jalilning “G‘am cho‘g‘ining yaprog‘i” degan she’ri. Bitta yoki yarimta satr she’r ham, sir ham, ishq ham shoirda mujassam. Bari ishqdan tug‘iladi:

Oppoq “joy”ga muk tushib zikr etasan
zikr tushib oqartasan yoki “joy”ni
borib-borib oqqa singib ketasan
eslatasan ko‘kka singgib ketgan oyni
dimog‘ing chog‘ bo‘lar ya’ni vaqting xush
kelganday bo‘ladi orzungdagi tush
ko‘rganday bo‘lasan
qushmanmi deysan
yo o‘zim baxtmanmi
tushmanmi deysan.

Abdumurod Tilavov: Sizningcha, vijdon nima? Alohida ta’rif bera olasizmi? Shunday ta’rifingniz bormi?

Yo‘ldosh Eshbek: Bor. Lekin daf’atan ta’riflasam, tushuniksiz chiqishi mumkin. Lug‘atlarda aytilishicha, vijdon – mas’uliyat tuyg‘usi, insof, din-diyonat, ishonch, shuur, botil bilan Haqni tanimoq va ajratmoq, inson ichidagi yaxshini yomondan ayirib biluvchi, yaxshilik qilishdan lazzat tuyuvchi, yomonlikdan alam-og‘riq chekuvchi ma’naviy hisdir. Vijdonning to‘rt unsuri va ruhning to‘rt xususiyati bor: iroda, zehn, his, latifai Rabboniya, har birining bir g‘oyatul g‘oyati (asosiy yuksak g‘oyasi) bor, irodaniki – ibodat, zehnniki – ma’rifatulloh, hisniki – muhabbatulloh, latiflikniki – mushohadatullohdir. Taqvo deyilguvchi ibodati komila to‘rtovini ham o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, men yana vijdon va taqvo unsurlariga afsus-nadomatni ham qo‘shgan bo‘lardimki, kishini yomonliklardan saqlanib turishiga yordam berguvchi tuyg‘udir. Agar odamda vijdon bo‘lsa, bo‘lganda ham ulug‘ bo‘lsa, og‘rimasdan, o‘rtanmasdan hech iloji yo‘q. Va o‘zga chorasi ham yo‘qdir. Ana shu ulkan og‘riqlar buyuk o‘rtanishlar elni el, yurt­ni yurt, vatanni obod aylaydi. Ana shu og‘riqlar va o‘rtanishlar ikki dunyo saodatidir. Bular esa, avvalo, vijdonda bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, valiy zotlarni, ulug‘ shoirlarni xalqning, millatning vijdoni deymiz. Ulardan ibrat olamiz. Hazrati Fariduddin Attor “Tazkirat ul-avliyo” (Avliyolar kitobi)da yozadilar: “Hasani Basriy bolalikda bilmay bir qabih ish qilib qo‘ygan va bundan doimo nadomat chekar, shu qabohatni yoqasiga yozib qo‘ygan edilar. Yozuvga har gal ko‘zlari tushganda, shu qadar yig‘lar edilarki, yozuv ho‘l bo‘lib ketardi”. Vijdon haqida bundan o‘tkazib yo bunga barobar aytish biz uchun mushkul. Bunday zoti shariflarning muborak manoqiblaridan kelib chiqqan holda deymizki, vijdon – valiy, shoir, qahramonning titilgan ko‘ngli yoki ko‘nglining ilma teshiklaridir. Xalqimiz: osilsang, baland dorga osil, deydi. Chunki bu halokat emas, dunyoga kelish, tug‘ilish, ulkan umid va mo‘ljallardir. Xalqimiz ana shu ulug‘ mo‘ljalu manzillarga buyuk umidlar bilan ulkan qadamlar tashladi. Har sohada ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lmoqda. Inshaolloh, bundan keyin ham yuzi yorug‘, jahon xalqlari oldida vijdoni pokdir!

Javobimga vijdon bayrog‘i “g‘am cho‘g‘ining yaprog‘i” (kabi)dir, deya qo‘shgan bo‘lardim. Chunki g‘am-qayg‘u ham faol, sirli tuyg‘u ekani Abdul Jalilning ham yuksak satri, go‘zal iborasidan sezilib turadi.

Abdumurod Tilavov: Modern va milliylik. Adabiyotga va insonga ta’siri haqidagi fikrlaringizni baham ko‘rsangiz.

Yo‘ldosh Eshbek: Bu – murakkab. Insonga ta’siri desangiz ham bo‘ladi, modern insonga, keyin adabiyotga, so‘ng turmush tarziga yaxshi-yomon, u-bu tarz va darajada ta’sir etadi. Bu teskarisiga sanaganimizning oxiridan boshiga, masalan, turmush tarziga va keyin adabiyotga yoki aralash, deyarli bir vaqtda o‘zaro ta’sir ro‘y berishi mumkin. Albatta, biz milliy va ayni vaqtda, umuminsoniy asarlarni yoqtiramiz. Lekin avval o‘zimizga qaraylik, sizu bizning ustimizdagi kiyim milliymi yoki milliylashib bo‘ldimi yoki endi milliylashayotirmi? Agar o‘zgarayotgan bo‘lsa, qay vaqtdan boshlab o‘zgarayotir va nima uchun? Bu o‘zgarish zararmi yoki foydami, nafi bormi? Mana shu savollarga javob topsangiz, modernning adabiyotga va insonga ta’siri haqidagi savolning javobiga yaqinlashasiz. Chunki har ikki hol ham ruhiy yangilanish hodisasi va natijasi. Har ikki hol ham shunchaki ko‘ngilxushlik emas, kiyinish ham, adabiyot ham millatning madaniy qiyofasini namoyon etadi. Shuningdek, albatta san’atning boshqa sohasidagi asarlar ham. Adabiyotimizda modern ta’siri ko‘ngildagidek ekanini ko‘pchilik e’tirof etishdi va bu quvonchli holdir. Asar ham, milliylik ham, badiiy saviya ham janrga, oqimga emas, iste’dodga bog‘liq.

Milliylik nima? Qisqa javob beradigan bo‘lsak, millatga xos xususiyat. Bu – kiyinishda ham, qo‘shiq aytishda ham, adabiyotda ham aks etadi. Adabiyotimizning axloqqa, hayoga “itoat” etishi uning eng buyuk milliy xislatidir. Adabiyotda ham, me’morchilikda ham, umuman, san’atda milliylik – javhari ibo, axloq bo‘lgan badiiy mahoratdir. Albatta, tashqari ta’sirini (yomon ta’sirini) qonun yo‘li bilan to‘sish qanday natijalarga olib kelishi haqda dangalroq bir narsa deyishim qiyin. Men buni adabiyot sohasidagina emas, umuman aytayapman. Bu borada men ong va tafakkur bo‘shlig‘i bo‘lmasligi tarafdoriman. Bu nima degani? Bu, avvalo, e’tiqodiy barqarorlik degani. Bu faqat yoshlar uchungina emas, barcha uchun, yurtimizdagi barcha soha vakillari uchun eng birinchi asosdir. Bu ham bilim va iste’dod bilan amalga oshiriladi. Milliylik libosdir – u millat vakilining ichki dunyosini, axloqini aks ettiradi. (Muhtaram muharrir, shu joyni qisqartirmasangiz, iltimos). Sho‘ro davrida ham kavkaz xalqlari o‘z ismlari, otalari ism (familiya)larini o‘zlariga xos qo‘shimchalari bilan saqlab qololdilar. Bu ham milliylikka kiradi. Bu borada o‘sha davrlarda nisbatan katta xalq bo‘lganimiz uchun qarshiliklar ham kattaroq bo‘lgan. Shukurki, endi qonunlarimiz erkinligimizni, milliyligimiz rivojini ta’min etadi. Va talab ham etadi. Milliylik ham to‘la, komil namoyon etiladigan go‘zal xislatlardir. Albatta, unga bo‘ladigan jahoniy ta’sirning nozikligi haqida “Alkimyogar” ustidagi so‘zimizda to‘xtaldik. Jahon bilan hisoblashmaslikning iloji yo‘q. Lekin e’tiqodni mustahkamlashning iloji bor. Bu soha iste’dodlarga bog‘liq. Va e’tiqod xususida matbuotda, ayniqsa, oynai jahonda ko‘p suhbatlar o‘tkazish maqsadga muvofiq. Chunki elni el, yurtni yurt aylaydigan bu fuqaroning e’tiqodidir. Milliylik ham, umuminsoniylik ham e’tiqod ustida o‘sadi.

Abdumurod Tilavov: Tilaklaringiz?

Yo‘ldosh Eshbek: O‘zimga tilaganni barchaga tilayman – ikki dunyo saodati, ma’naviy boylik, tan sihatlik, tinchlik-xotirjamlik, ketmas davlat – bag‘rikenglik tilayman!

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

---------------------------

[1] Rauf Parfi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.