OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yangi avlod ovozi (suhbat) (2013)

Savollar:

1. Sir emas, keyingi qariyb yigirma-yigirma besh yil mobaynida davr tubdan o‘zgardi. Bu degani shuki, yangi davrga xos bo‘lgan kayfiyat ham paydo bo‘ldi. Demak, istaymizmi-yo‘qmi, yangilangan kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan bo‘lishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, qani ular? Nega “manaman” deya ko‘zga tashlanmayapti? Bu gapni yana shuning uchun aytayapmanki, davralarda, ko‘pincha, 70-yillar avlodidan keyin bizda boshqa adabiy avlod shakllanmadi, degan iddaolarni tez-tez eshitib qolamiz. Chindan ham shundaymi? Aksi bo‘lsa, buning isboti bormi? Chunki har bir yangi avlodning o‘z ijodiy kredosi bo‘ladi, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishida o‘ziga xoslik bo‘ladi, xo‘sh, shu xususiyatlar nimalarda ko‘zga tashlanadi? XX asr o‘zbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, adabiy avlodlar bir-birlaridan juda ko‘p jihatlarga ko‘ra yaqqol ajralib turganining guvohi bo‘lamiz. Chunonchi, ma’rifat, islohot va ozodlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan ijtimoiy kayfiyat jadidlar avlodining; inqilob va sho‘roning ilk yillaridagi g‘alabali (buning zamiridagi qurbonlaru yo‘qotishlardan qat’i nazar) yurishlari bilan bog‘liq ijtimoiy kayfiyat 20-yillar avlodining; sotsializm g‘oyasiga ishonchning tiriltirilishi bilan bog‘liq ijtimoiy kayfiyat 60-yillar avlodining; g‘oyaga ishonchning barbod bo‘lishi va tub ijtimoiy o‘zgarishlar (jum­ladan, istiqlol) zaruratining his etilishi bilan bog‘liq ijtimoiy kayfiyat 70-yillar avlodining g‘oyaviy-estetik mavqeini belgilagan. Xo‘sh, bugun-chi? Bugungi adabiy avlodning (magar u bor bo‘lsa) g‘oyaviy-badiiy-estetik qarashlari nimalardan iborat?

2. Nazarimda, bugungi kunda adabiyotimizning eng katta xususiyati uning rang-barangligidir. Ha, zamonaviy o‘zbek adabiyoti mavzu jihatidan ham, janriy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan ham, uslub tomonidan ham g‘oyat xilma-xil ko‘rinishga ega bo‘lib borayotir. Fikrimcha, shu xilma-xillik va unga doimo ega bo‘lish imkoni bizning asl, bebaho boyligimiz bo‘lsa, ajab emas. Demak, avvalo, shu boylikning qadriga yetmoq, uni asrab-avaylamoq kerak bo‘ladi. Chunki ijod uchun erkinlik degani ko‘chat uchun mo‘‘tadil tuproq, suv va havodek gap. Modomiki, shunday ekan, ijod erkinligi uchun bizning hammamiz, butun jamiyat, uning ziyoli qatlami va, ayniqsa, ijod ahli mas’uldir, to‘g‘rimi?

Boshqa tomondan, rang-baranglik deganimiz avlod degan tushunchani inkor etmaydimi? Axir, avlod bo‘lish uchun muhitning bir xilligiyu shunga yarasha dunyo­qarashdagi yakranglik ham kerak bo‘ladi-da. Hozir iste’molda hamma “izm”lar mavjud. Kim an’anada, kim mumtozda, kim modern va yana kim “supermodern”, ya’ni hamma yo‘nalishlarning kesishuvida ijod qilayapti. (Buni optimistlar “sintez”, pessimistlar bo‘lsa “bo‘tqa” deydi.) Shunday bir vaziyatda, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishdagi yaqinlikka tayanadigan adabiy avlod haqida gapirish qanchalik o‘rinli ekan?

3. Adabiyot biz ko‘nikkan tushunchadangina iborat emas, albatta, uning missiyasi xiyla teran, shunchalarki, insonning asliy va eng asosiy ichkin ehtiyojlariga ajabtovur tarzda javob bera oladigandek tuyuladi menga. Chunonchi, qadimdan: “Biz qaydan keldigu keturmiz qayon?” (Umar Xayyom) degan savol fikrlovchi inson uchun savollarning savoli bo‘lib kelgan. Bunga muqaddas kitoblarda javob aytilgan. Odatda, o‘lmas bitiklarning javobi g‘oyat umumiy tarzda bo‘ladi. Fikr odami esa shu umumiylikni o‘zining va o‘zgalarning hayoti misolida konkretlashtirgisi, unga individual libos kiydirgisi, yaqindan tushungisi, his qilgisi keladi. Shu yerda adabiyot o‘zining obrazlar olami va ramziy tabiati bilan unga yordamga bel bog‘laydi, nazarimda. Rumiy hazratlari “Ichindagi ichindadir” asarida u dunyoni, ruhlar olamini bu dunyo orqaligina, bu dunyodan olingan misollar vositasidagina tushuntirish mumkin, deydi. Bu borada Karl Gustav Yungda ham ajoyib fikr bor ekan. Uning “Xotiralar, tushlar, mushohadalar” nomli asarida o‘limdan keyingi hayotga ishora bor, bular tush, ong osti hayotimiz, degan fikr ilgari suriladi. Aslida, adabiyot o‘z tabiatiga ko‘ra, xuddi shunday jihatlarni ham qamrab oladi va qamrab olmog‘i kerak emasmi? Faqat uch o‘lchovli olamga, bu dun­yoning aqidalarigagina suyanib, uning talablarigagina mo‘ljallab bitilgan adabiyot inson ko‘nglining yarimigagina malham qo‘yishi mumkin, ha, shaksiz, u mavjud haqiqatning bir pallasigina bo‘la oladi. Haqiqiy adabiyotda har ikki olamga ishora bo‘lmog‘i va, eng muhimi, bunday adabiyot har ikki olamdan ma’naviy turtki olib yaratilmog‘i kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu adabiyot bizning o‘zimiz, ko‘ngil holimiz, ong ustiyu ong ostidagi borliq “men”imiz ekan, uning biron-bir mafkuraga xizmat qilibgina “kun ko‘rishi” har qanday jiddiy adabiyotning kechirilmas nuqsonidek tuyuladi menga. Bu borada, misol izlab uzoqqa borishning hojati yo‘q, masalan, sovet adabiyotining achchiq qismatini olib ko‘ring... Shu xususda ham fikrlashib olsak.

4. Dunyo dunyo bo‘libdiki, ezgulik va yovuzlik kurashib keladi. Kecha adabiyot ezgulik, yaxshilik, yorug‘likning yonida turib “jang” qilayotgan edi. Bugun-chi?.. Bugun adabiyot ezgulik uchun kurashishdan “uyalmayaptimi”, “or-nomus” qilmayaptimi? Ayrimlarning nazarida go‘yo kulgili ahvolga tushib qolgan ezgulikning yonida, ezgulik uchun “jon olib, jon berish” adabiyotga g‘alati, sog‘lom mantiqdan uzoq tutim, “romantika” bo‘lib ko‘rinmayaptimi? Xullas, adabiyot bugun kimning, nimaning yonida va nima uchun?..

5. Istaymizmi-yo‘qmi, bugun postmodernizm haqida to‘xtalmay o‘tolmaymiz. U nima, bugun dunyo olayotgan havo-nafasmi? Uning xususiyatlari XX asr o‘zbek adabiyoti misolida qanday va nimalarda ko‘rinadi? U bizni qaerga boshlab ketayapti? Aslida, modomiki, postmodernistik kayfiyat ko‘nglimizga tashrif buyurgan ekan, yaxshisi, uning qo‘lidan bizning yetaklaganimiz behroq emasmi? Axir, uning “manifesti”da mutlaq erkinlik degan, bir qarashda xush, mohiyatan esa insoniyatni nimalarga giriftor qilishi noma’lum bo‘lgan (aslida, taxmin qilish qiyin emas) bosh “modda” bor. Bu “modda” maddalab ketmaydimi?.. Chunki Hayot (Realizm) deb atalgan “Shohko‘cha”ga nisbatan u (va har qanday boshqa “izm” ham) bor-yo‘g‘i bir “yondosh ko‘cha” bo‘lsa-yu (va u o‘sha “Shohko‘cha” tufayligina qadriyatga ega esa), bu ko‘chaga ixtiyorini, so‘ng o‘zini butunlay topshirib, ichkariga oyoq bosgan inson alal-oqibatda adashib ketmaydimi?.. (Bu borada, fikr bildirayotganda, u yoki bu “izm”ga bo‘lgan muhabbatimiz va yoki nafratimiz qobig‘idan chiqib olsak, haqiqatga yaqinroq kelarmikanmiz, deyman.)

6. Adabiyotning tabiatida o‘yinlik xususiyatining tobora tosh bosayotganligini ko‘rib-sezib turibmiz. Bu, albatta, yangi gap emas. Qadimdan adabiyotda “foyda” (mehnat) (utile) va “o‘yin” (ducle) degan ikki qanot mavjud bo‘lib kelgan (negadir uchinchi xususiyat – sig‘inish, iltijo hissi haqida aytilmagan. Chunki badiiy asarning yaratilish asnosida, mehnat va o‘yin zavqidan tashqari iltijo, sig‘inish hissiyoti ham ishtirok etadi.) Faqat keyingi vaqtlarda o‘yinning hissasi kuchayib ketdi. Bu degani shuki, nimani aytishdan ko‘ra, qanday aytish, dard aytishdan ko‘ra, “nimanidir” bo‘lsayam go‘zal shakllar yordamida o‘quvchiga yetkazish birinchi o‘ringa chiqib borayotir. Aslini olsangiz, modern, postmodern suyanadigan asosiy ustunlardan biri ham shu: hamma narsani o‘yinga, san’atga aylantirish. Nima deb o‘ylaysizlar, “o‘yin”ga berilib, insonning katta harflar bilan yoziladigan DARDidan uzoqlashib ketmaymizmi? Bu ketishda adabiyot chindan ham boshqotirma – krossvordning boshqacharoq xiliga aylanib qolmaydimi?..

7. Yuqorida aytilgan shuncha mulohazalardan kelib chiqib, bitta gapni alohida urg‘u bilan aytish lozimga o‘xshaydi: bugun jiddiy, oqni-oq, qorani- qora deb aytishga bilim, tafakkur kuchi va jasorati yetadigan adabiy tanqid har qachongidan-da zarurroq ekan. Uning tushuntiruvchi, qarashlarimizni tiniq­lash­tiruvchi, adabiy-ma’naviy o‘zagimizga ozuqa berguvchi, unga yangi ruh hadya etguvchi kuchiga jamiyatda katta ehtiyoj paydo bo‘lganiga ortiq shubha yo‘q. Shu ma’noda, kunimizda badiiy asar qaysi mezonlardan turib baholanayapti: uning sifati, yangiligi, ilmiyligidan tashqari tanqidchining XOLISLIK darajasi qay ahvolda? degan haqli savollar tug‘iladi. Chunki, ko‘pincha, badiiy asarlar baholangan tanqidiy maqola, ilmiy tadqiqot va yoki taqrizni o‘qib, o‘zingga o‘zing savol berib qolasan kishi: qaysi biri past, qaysi biri o‘rtayu qaysisi baland asar va nima uchun?.. Aksariyat hollarda hammasi birdek durdona o‘laroq taqdim etiladi. (Va yoki ko‘r-ko‘rona “urib” tashlanadi.) Nazarimda, bu o‘rinda, tanqidchilarimiz o‘quvchilik muhabbati (yoki nafrati) izhoridan olim-mutaxassis munosabatini bildirish darajasiga o‘sib borolmayapti. Ya’ni, u o‘zining u yoki bu asarga yoki uning muallifiga bo‘lgan simpatiya (yoki antipatiya)sini olimning qarashi deb o‘ylayapti. Shulardan bitta haqli savol tug‘iladi: bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda? 

8. Qanchalik gapni silliqlamaylik va yoki indamaygina aylanib o‘tishga harakat qilmaylik, baribir, bugun ham o‘sha ko‘hna muammo ijodkor oldida ko‘n­dalang bo‘lib turibdi: eski bilan yangi o‘rtasidagi kurash!.. Bu kurash ko‘chada emas, avvalo, ijod ahlining botinida kechayapti. Xo‘sh, bugun qanday yozish kerak? Kechagidek yozishni, o‘zidan bitta ko‘ylak ko‘p kiygan avlodning badiiy tiliyu yozish manerasining o‘ziga xosligini tan olgan, uni “yaxshi” deb bilgani holda, hozirgi o‘zbek adabiyotini bugun yaratayotgan ijodkor nega, baribir, yangicha yozish kerak deb o‘ylayapti, shunday yozishga urinayapti ham? Axir, tap-tayyor, asfaltlangan, tekis, hatto aytish joiz, chorrahalariga svetaforlar o‘rnatilgan yo‘llardan yurish oppa-oson edi-ku! Nima uchun bugungi ijodkor yangi yo‘llar ochish taraddudida yashamoqda? Bu ikki yo‘ldan qay birini tanlamoq kerak? Savoldan savol tug‘ilar ekan: xo‘sh, nima degani o‘zi ikkitasidan birini tanlash? Eskiga suyangan ko‘yi, uning negizida yangisini yaratish mumkin emasmi? Eski bilan yangi o‘rtasida ko‘prik qurish uzoqni ko‘zlab ish tutish bo‘lmaydimi va yoki, baribir, davr ruhi, zamon nafasi aytib turgandek yozish lozimmi? Qaysi biri to‘g‘ri yo‘l? “Yangi-yaxshi” yozaman deb “eski-yaxshi”dan mahrum bo‘lib qolmayapmizmi? Unda oradagi farq nima? Chunki har qanday yangilikning poydevorida eskilikning toshi mustahkam turadi. Birgina shu faktning o‘ziyoq davomiylik, vorisiylik haqida bong urmayaptimi? Zamonning bu shiddatida bugun bo‘lmasa, ertaga bongni eshitadigan quloqlarimizga “ko‘z” tegib, tom bitib qolmasligiga kim kafolat beradi?..

9. Ijodkorning ijodkorlik va fuqarolik burchlarini qanday izohlagan bo‘lardingiz? Yoki ular bir narsami? Agar bir narsa bo‘lmasa, ijodkorning ijodkorlik burchiga sadoqati uning fuqarolik burchini ado etishiga monelik qilmaydimi? Va yoki fuqarolik burchimni to‘la-to‘kis bajo keltiraman, degan ijodkor ko‘ngliga xiyonat qilib qo‘ymaydimi? Masalan, jadid adabiyoti vakillarini esga olaylik. Ular davr taqozosiga ko‘ra yashab ijod etdilar. Ko‘ngillarida bo‘lsa ham an’anaviy “gul va bulbul” haqida kuylay olmadilar. Xuddi shunday taqdirni 70-yillar avlodida ko‘rish mumkin. Shoirlarimizdan Shavkat Rahmon “rubobiy she’r”lar yozishni orzuladi-yu, “jangchi”yu “zobit” bo‘lib qolganini alam bilan she’rga soldi... Bitta ishni amalga oshira turib, har ikki – ijodkorlik va fuqarolik burchlarini ado etish mumkinmi o‘zi? Agar mumkin esa, nega, unda, ko‘pincha, ko‘ngilning istagi boshqa bo‘ladi-yu, qalamning yurishi boshqa chiqadi? Agar savolni shunday qo‘yish mumkin bo‘lsa, ijodkor uchun qaysi burch muhimroqdir?

10. Bugun, nazarimda, “jiddiy adabiyot” degan alo­hida bir terminni bot-bot ishlatishga to‘g‘ri keladi. Chunki “omma” va yoki “ko‘cha adabiyoti” degan nashrdan uni himoya qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. “Jiddiy” va “omma adabiyoti” o‘rtasidagi chegarani aniqlashtirib olmaganimiz tufayli ham erta bir kun keyingisi avvalgisining huquqlariga da’vogarlik qilib qolishi hech gapmas. Natijada, “adabiyot” deganda, o‘quvchi ko‘z oldiga yengil-elpi, ur-sur, fahsh va oldi-qochdidan iborat negativ matnlar yig‘indisining kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Mana shulardan kelib chiqib, bugungi o‘quvchi “jiddiy adabiyot nimayu omma adabiyoti nima?” degan savolning javobini yuzakiroq bo‘lsa ham bilishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki men nazarda tutayotgan “jiddiy adabiyot” insonni inson, millatni millat sifatida tiklanishiga ma’naviy dalda bo‘lsa, “omma adabiyoti” ko‘rinishidan beozor bir ermakdek tuyulsa-da, alaloqibatda inson va millatni buhronga yetaklovchi kuchga o‘xshaydi. Shuning uchun ham mo‘ri-malaxdek urchib ketayotgan “omma adabiyoti” qarshisida ma’naviy tanazzul oldini olishga qaratilgan “jiddiy adabiyot”ning bo‘lishi, bo‘lgandayam, baquvvat ustundek turishi judayam zarur! Buning uchun esa jamiyat miqyosida shunday adabiyot haqida qayg‘urmog‘imiz shart bo‘ladi. Siz-chi, siz qanday o‘ylaysiz?..

Savollar Ulug‘bek Hamdam tomonidan tuzildi. Suhbatga adabiyotimizning barcha jonkuyarlarini taklif etib qolamiz. (Tahririyat).

 

Hamidulla Boltaboyev javoblari:

1. Ijodkor xalqi adabiyotga avlod-avlod bo‘lib kiradi, degan tushuncha ongimizga singib qolgan. Qolaversa, o‘tgan asr taomiliga ko‘ra, har o‘n yilliklarni ma’lum bir ijodkorlar avlodi bilan bog‘lab qabul qilish rusum bo‘ldi. Masalan, siz aytganchalik, 20-yillarda Fitrat, Cho‘lpon va Qodiriy; 30-yillarda G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Usmon Nosir; 40-yillarda Shayxzoda, Mirtemir; 50-yillarda Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov; 60-yillarda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzaev va 70-yillarda bu ro‘yxat biroz kengaygan (o‘tgan asrda adabiyotga kirib kelgan eng kuchli to‘lqinlardan biri), endi bir-ikki nom bilan emas, o‘nlab iste’dodlarni sanash mumkin. Biroq gap ro‘yxatbozlikda emas, bu arifmetik sanoqlar iste’dodlar avlodi haqida tugal tasavvur bermaydi. Zamonlar o‘tib, avlodlar osha, “kim yashab qolar ekan, kimning ishi atalar ekan savob” (Abdulla Oripov) deyilganda, men ko‘proq o‘sha o‘n yilliklar avlodlari qoldirgan durdona asarlarni ko‘zda tutaman.

So‘nggi 20-25 yil ichida milliy adabiyotimiz eng sara asarlar hisobiga boyidi, mazmunan teranlashdi, shakllar va uslublar xilma-xilligi har qaysi davrga nisbatan aniqroq ko‘zga tashlandi, lekin avlodlar masalasida men bir guruh iste’dodlarni ko‘rsatib, ularni 90-yillar yoki yangi asr avlodi deb atashim qiyin. Albatta, yoshiga yoki adabiy jarayondagi ishtirokiga ko‘ra, nomlarni sanash mumkin, biroq u sxematik chizgilardan iborat bo‘lib qoladi. Amerika adabiyoti tajribasida “yo‘qotilgan avlod” tushunchasi bor, bu tushuncha Birinchi jahon urushi bilan bog‘liq. Bizda o‘tgan qatag‘onlar, urushlar, yo‘qotishlar adabiyotga o‘z ta’sirini o‘tkazgan, biroq avlodlar yo‘qotilmagan degan tasavvur va tasalli bor.

Keyingi davrlarda ijod qilgan alohida iste’dodlar nomini tilga olish mumkin, biroq ular adabiy avlod sifatida shakllanmaganga o‘xshaydi. Ayni hodisaga nisbatan rus adabiyotshunosligida “vremya kollektivnыx talantov” degan tushuncha qo‘llanilmoqda. Ehtimol, avlodlar tushunchasini biz adiblarga nisbatan emas, ularning asarlariga, to‘g‘rirog‘i, adabiy qahramonlarga nisbatan qo‘llasak to‘g‘riroq bo‘lar. Chunki adabiy qahramon tabiatida nafaqat muallifning g‘oya va ideallari, balki zamon nafasi ham o‘z aksini topgan bo‘ladi.

2. Men “yangi avlod ovozi”ni bir muhitda yashab, bir istiqlol g‘oyalaridan oziqlanib, boringki, asosan, bir xil nashrlar orqali chop etilib turgan asarlarning xilma-xil bo‘lishi kerakligini adabiyotning asl talabi, deb bilaman. Agar har bir avlod milliy adabiyotni boyitish manbalarini izlab topar va yaratar ekan, albatta, bu yaratiqlar, ko‘pincha, shakl va uslub yangilanishi hisobiga erishiladi. Biz kimning ijodini qaysi “...izm”ga olib-borib taqamaylik, u adabiyotga yangilik olib kirishi kerak, hech bo‘lmasa, Abdulla Qahhor aytganiday, adabiyot “domovoy”iga o‘z qahramonlarini yozdirib qo‘yishi kerak. Bilasizmi, retseptiv estetika (asarni idrok etish madaniyati)da bir hodisa bor: yillar, zamonlar o‘tib, adiblar yoki asarlar nomlari unutilishi mumkin ekan, biroq qahramonlar unutilmaydi. Asar muallifi esa o‘sha yangi qahramoni bilan birga adabiyot tarixiga kirib qoladi. Men o‘z davrida (o‘sha davrdagi mavjud adabiy tamoyillar asosida, albatta) XX asrning 70-yillarida o‘zbek nasridagi uslubiy tendentsiyalarni kuzatib, izchil realistik, liro-romantik va shartli uslubiy yo‘nalishda ijod qiluvchi; ayrim ijodkorlarda esa ikki, hatto uch uslubiy ko‘rinishlarning unsurlarini kuzatish mumkinligi haqida ilmiy tadqiqot yozganman. Biroq bugun, ikki asr bo‘sag‘asida yaratilgan asarlarni kuzatib, bunday yuzaki xulosalar qilishdan tiyilaman. Chunki qaysi adabiy qahramonni tilga olmay, u siz aytgan davrning emas, balki o‘zidan avvalroq yashagan adabiy davrning hosilasi bo‘lib ko‘rinadi. Adabiy qahramon haqidagi aytilgan mulohazalar ko‘proq nasrga tegishli, she’riyatda esa shoir “men”ining o‘zi bosh qahramon. Uning tabiati, ruhiyati, boringki, adabiy madaniyati ham bizga saboq bo‘lishi, shoir biz avval tuymagan tuyg‘ularni tuydirishi, biz ko‘rib anglamagan badiiy haqiqatni anglashga yordam berishi kerak. Bu bilan ijodkor o‘zi iste’dodini tarbiyalaydi, balki millatning badiiy didi va salohiyatining o‘sishiga yordam berishi mumkin.

3. Bir paytlar – XIX asrning o‘rtalarida yashagan rus munaqqidi Belinskiy: “Biz Gogolning “Shinel”idan chiqqanmiz” mazmunidagi anglamini butun yuz yillik davomida takrorlanib kelishiga sababchi bo‘lgan. Haqiqatan ham badiiy ildizlari nari borsa, XVIII asrga borib taqaladigan adabiyot uchun bu tan olingan haqiqat edi. Shukurki, bizning turkiy adabiyot manbalari bir yoki ikki asarning dunyoga kelishi bilan bog‘lanib qolmagan. Agar biz mumtoz turkiy adabiyotning tamal toshi masalasini Navoiydan izlasak, Hazratning o‘zi bizga Nasimiy va Lutfiyga ishora qiladi, milliy yozma adabiyot ibtidosini (nima sababdandir) Navoiyning nigohiga tushmagan Yusuf Bolasog‘uniydan izlasak, uning zamondoshi ulug‘ Mahmud Koshg‘ariy muallifini ko‘rsatmasa ham yuzlab nazm va nasr durdonalarini beradiki, ularni ma’nan o‘zlashtirmagan ijodkorlar o‘zini milliy deb atashi gumon deb o‘ylayman. Undan-da nariroqda muhtasham O‘rxun-Enasoy obidalari bor. Dunyo olimlari birlashib, mushakkal ilk adabiy manba sifatida ham, ilk adabiy qahramon sifatida ham “Bilgamish”ni tan olayotganlari milliy adabiyotimiz ildizlari naqadar chuqur va baquvvat ekanini isbotlaydi. Xo‘sh, biz bugun Istiqlol avlodi deya tilga olayotgan adiblarning asarlaridan ertaga qay biri yashab qolishi haqida kim bashorat qila oladi? Davrni bahona qilib, bor adabiy bisotimizni bozorga solayotgan bir davrda, o‘sha yaratilayotgan “yangi” asar yoki qahramonda yashab qolish ilinji (qursoq g‘amini aytmaganimda ham) yo‘qligiga kim kafolat beradi? Aytilganidek, adabiyot kunlik yumushning xizmatiga kirsa, g‘oyaning yugurdagiga aylanib qolsa, qanday oqibat kelishini tajribada ko‘rgan bo‘lsak ham hali-hanuz adabiyotning atomday qudratini o‘tin yorishga sarf qilishday yengil zahmatdan qutula olganimiz yo‘q. Buyuk adabiyot va’da qilayotgan ijodkor avlod bunday o‘tkinchi tashvishlar bilan o‘ralashib qolsa, millat adabiyoti bora-bora parokandalashib ketishi mumkin. Adabiyotimizda, eng avvalo, o‘sha xavfning oldini olish lozim. Bizda yiliga o‘nlab tanlovlar uyushtiriladi, yuzlab asarlar taqdirlanadi, shu munosabat bilan minglab asarlar yoziladi. Albatta, tanlovlar kerak, taqdiranishlar lozim, bu adabiyotga e’tibor har doimgidan ham yaxshi ekanining amaliy tasdig‘i hamdir. Biroq o‘sha tanlovga taqdim etgan asarimiz (boring, taqdirlandi ham deylik) o‘sha tanlovdan keyin bu o‘zgarayotgan dunyoda necha oy yashashi mumkinligini o‘ylab ko‘rdikmi? Publitsistik asarlar o‘z yo‘liga, biroq badiiyat namunalari mangulikka xizmat qilishni o‘z e’tiqodiga aylantira bilmas ekan, u tarixda milliy adabiyot xazinasida qolishi tugul, ustoz aytmoqchi, To‘ytepadan nariga o‘tolmaydi.

4. Bugun adabiyot kimning yonida, nima uchun? Bu bugunning savoligina emas, buyuk o‘tmishdoshlarimizni o‘ylantirib kelgan masala, kelajakka daxldor muammo. Nainki, adabiyotning kelajagiga, balki millatning kelajagiga ham doxil. Buyuk donishmand Konfutsiy, kimni so‘kmoqchi bo‘lsa: “Sen ham evrilishlar davrida yashagin!” der ekan. Bu fikrni keltirishdan bois, yaqin o‘tmishimizga aylangan o‘zgarishlar oshkoralik davridan boshlanganini qayd etish lozim. (Bu davrning barcha baland-pastliklari Prezidentimiz Islom Karimovning so‘nggi asarida chuqur tahlil etilgan. O‘sha oshkoralik yillarida davr tazyiqidan yashirib, kelajak uchun asrab qo‘yilgan asarlarni izlab, adabiy jomadonimizni titkilab qoldik (jadid adabiyoti va tasavvufiy asarlarni anglash boshqa hodisa). Qo‘lga urungani Abdulla Qahhorning “Zilzila”si bo‘ldi. Mana, endi, oshkoralik, erkinlik nasimi esyapti. Hech bo‘lmasa, mana shu niyatda yozib, tashlab qo‘yilgan asarlar ham kam ekanki, bu – adabiyot o‘sha paytda kimning yonida bo‘lgani va nimaga xizmat qilganiga javob. Yoki Istiqlol sharofati bilan maqsadlar, e’tiqodlar o‘zgardi. Ozod so‘zga tashna qalblar adiblardan ulug‘ asarlar kuta boshladi. Tabiiyki, eng yaxshi asarlar yaratilishi uchun muhit yuzaga keldi, davr-sharoit yetildi, endi ayrim adiblar, avvalgi, kun ko‘rish uchun yozilgan asarlarini qayta tahrir qilib, ayrim joylarini o‘chirib, ism va g‘oyalarni almashtirib qayta nashrga shoshilganlari sir emas. Mana shu hol ham adabiyot o‘sha paytda, kimning yonida va nima uchun yashab turganini ko‘rsatadigan fakt. Albatta, bizda bu mangu savolga odatiy javob bor: adabiyot xalqning yonida bo‘lishi kerak, degan. Mehnatkash charchaganda “horma” deyishga, hayotda yangilik sanalgan voqeaga hozirjavob bo‘lishga yarasa, biz uni xalq adabiyoti deb ataymiz. Biroq badiiy adabiyotning o‘z maqsadi, ifoda yo‘li, san’at asarining o‘z estetik funktsiyalari bor. To‘g‘ri, charchagan zahmatkashga hordiq berish ham adabiyotning ma’lum bir janrlari doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lar. Biroq milliy adabiyot katta adabiyotning bir bo‘lagi sifatida jahon hamjamiyatida yashab qolishi muhim ekan, uning insoniyat oldidagi vazifasi milliy vazifasi “horma – bor bo‘l”dan iborat bo‘lib qolmasligi kerak!

5. Insoniyat so‘nggi yuz yillikda modernistik dunyoda yashadi. “Postmodernizm” degani lug‘aviy ma’noda yangilangan adabiy jarayondan keyingi hodisadir. XX asr boshlarida o‘zbek adabiyotida nasrning ifoda yo‘sini o‘zgardi, she’riyat yangi vazn va g‘oyalar bilan ish ko‘ra boshladi, dramaturgiya adabiy tur sifatida shakllandi. Xo‘sh, bu yangilanish davri modernizm bo‘lsa, undan keyingi hodisa (“post” – keyin) nima o‘zi? Dunyo adabiyoti postmodernizmga kirib kelganda, biz sotsrealizm tamoyillarini ishlab chiqish va badiiy bisotimizni unga moslashtirish bilan band edik, endi mustaqillik davrida dunyoni tarjima va talqinlarsiz ko‘ra boshlaganimizda, biz o‘rganmagan hodisaning tamoyillarini izlay boshladik. Chunki bizning tasavvurimizga ko‘ra, har qanday “...izm”ning ma’lum kontseptsiyasi bo‘ladi, postmodernizm esa bizga muayyan g‘oyani ilgari surmaydi, qat’iy adabiy manifestlar bilan ish ko‘rmaydi. Mana shundan hayron qolgan ayrim “nazariyotchilar” bilib-bilmay ko‘ziga yangi bo‘lib ko‘ringan ifodani, qo‘liga uringan obrazni postmodernizmga qarab tortqilash payida (bu haqdagi Rahimjon Rahmat bilan Ulug‘bek Hamdam suhbatida asosli bezovtalik bor). Biroq modernizmning ko‘rinishlari va mohiyati bilan postmodernizmning xususiyati (tabiiyki, ko‘rinishlari) o‘rtasida katta farq bor. Modernizmning so‘nggi ko‘rinishlaridan biri neomodernizm ham hali postmodernizm emas. Ulug‘bek Hamdam qo‘ygan savol tufayli, bunga aniqlik kiritishga ehtiyoj borday.

Neomodernizm davrida inson olamning bosimini ko‘tara olmay yangi odamga aylanadi. Bu davrda ko‘proq quvonchsiz va tushkun ruhni beruvchi san’at yo‘nalishlari rivojlanadi. Chunki bu hodisa XX asr birinchi o‘n yilligidagi tushkun ruh bilan bog‘liq. Birinchi jahon urushi o‘ylamasdan “o‘t”ga (Anri Barbyus) qadam bosgani uchun insonni baxtli va tinch yashash imkoniyatidan mahrum qilib, uni umidsizlantirdi. San’atda homo sapiens hodisasi yuz berdi, ya’ni aqlga nisbatan shubha uyg‘otib, undan ko‘ngli qolgan yangi davrga o‘tildi. Oradan 21 yil o‘tib, yana ham dahshatliroq Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Bu urush umuminsoniylikka talofat olib keldi. Endi fashizm tufayli dunyo go‘zalliklaridan sevinish, emin-erkin o‘suvchi optimistik ijodiy ruh o‘rnini insoniyat taqdiri uchun qayg‘uruvchi va xavotir oluvchi badiiy ong vujudga keldi, insonlar orasida ijtimoiy tushkunlik paydo bo‘ldi. Hatto faylasuf T.Adorno aytgan ekanki, “Osventsumdan keyin nafis adabiyotning bo‘lishi mumkin emas”. Ana shu vaziyatda vujudga kelgan neomodernizm turli ko‘rinishlarga ega. Men ularni qayta izohlashdan ko‘ra, Yu.Borev “Estetika”sidagi talqinlarni keltirish bilan cheklanaman: “dadaizm: olam – ma’nosiz aqlsizlikdir; ekspressionizm: adovatli olamda insonning begonaligi; konstruktivizm: insonning sanoatlashgan kuch­larga boy begonalashgan olamda qolishi; syurrealizm: anglab bo‘lmaydigan va sirli olamda insonning sarosimada yashashi; ekzistentsializm: be’mani dunyoda odamning yolg‘izligi; adabiy “ong oqimi”: shaxs ruhiy olamining reallik bilan bog‘lanmaganligi; neoabstraktsionizm: “rangda muhrlangan ong oqimi” kabilar. Neomodernizmning eng ta’sirchan ko‘rinishlari bular.

Postmodernizm esa avvalgisidan farqli o‘laroq, jamiyatning ijtimoiyligini sezgan, u bilan murosaga kirishgan san’atdir. U XX asrning 80-yillari boshlarida (ba’zi joylarda 90-yillarda) – san’atda o‘zgarmas muvofiqlik hukmron bo‘lgan bir vaqtda, shiddat bilan rivojlana boshladi, bu muvofiqlikning yo‘qolishi va uning inqiroziga sababchi bo‘lgan hodisa ham postmodernizmdir.

Postmodernizm adabiyoti XX asr oxirlariga kelib norealistik badiiy yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan adabiy ta’limotga aylandi. Ma’lumki, modernizm akademik va klassik an’anaviy san’atni inkor etgandi, biroq asr oxiriga kelib modernizmning o‘zi an’anaviylashdi. Modernizm an’analarini inkor etish badiiy mazmun kasb etdi. Bu esa yangi adabiy davrning rivojlanishiga, ya’ni postmodernizmga olib keldi. Postmodernizm jamiyatni inkor etgani yo‘q, u mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy tartibga bo‘ysundi. Biroq postmodernizm davrida destruktsiya (mavjud tuzum tartiblaridan boshqacha fikrlovchi kodlashgan tizim) jamiyatning barcha sohalarini qamrab oldi. Yu.Borevning “Estetika” asarida ta’kidlanishicha: “Postmodernizm davrida ham inson dunyo bosimiga dosh bera olmay, postinsonga aylanib qolayotganlik tushunchasini mustahkamlovchi adabiy paradigmani yuzaga keltirdi. Bu davrning barcha yo‘nalishlari shu paradigma asosiga qurilgan bo‘lib, bu paradigma dunyo hamda shaxs borasidagi qarashlarning invariantlarini o‘zicha parchaladi va namoyon qildi”. Postmodernizmning ba’zi bir muhim va dolzarb yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilganda, yana Yu.Borevning “Estetika” asariga murojaat qilib, undagi mazkur tasnifni eslatgim keladi: “Pop-art: ommaviy iste’molchilik jamiyatida “demokrat-iste’molchi”; sonoristika: muallifning “men”ini beruvchi tembrlar o‘yini; aleatorika: inson – tasodifiy holatlar dunyosida o‘yinchi; musiqiy puantilizm: “bahor yomg‘iri shivirlamoqda: dunyo siniqlardan iborat”; giperrealizm: shafqatsiz va qahrli dunyoda jonli tizimning o‘z qiyofasini yo‘qotishi; xepening: bebosh, anarxik “erkin”, boshqariluvchi shaxs tasodifiy hodisalarning tartibsiz dunyosida; o‘z-o‘zini vayron qiluvchi san’at: “hech nima” dunyosida qiyofasiz shaxs; sots-art: postkommunistik qadriyatlarni yangi o‘zanga burib yuboruvchi dunyoda ijtimoiy problematika; kontseptualizm: intellektual faoliyatda, ekzistentsiyalangan mahsulotlar orasida madaniy tafakkurdan begonalashgan shaxs”. Ko‘ryapsizmi, bir suhbat doirasida yoki bir-ikki maqolada postmodernizmni anglash va anglatish mumkin emas.

Biroq dunyo adabiyoti postmodernizm sharoitida yashayotgan va rivojlanayotgan ekan, bizning dunyoga chiqishni va’da qilayotgan adabiyotimiz globalizm doirasiga kirishi, postmodernizmning yuqorida eslatilgan yo‘nalishlaridan, hech bo‘lmasa, ma’lum qismining kechishini tabiiy jarayon sifatida qabul qilishi lozim.

6. San’at nazariyasida “igravoe nachalo” degan tushuncha bor. San’at asari, avvalo, zavq va dilbozlik asosiga quriladi. San’at tabiatidagi bu “o‘yinlik” xususiyati katta ijtimoiy dardni ifoda qilishga to‘sqinlik qilmaydi, agar u haqiqiy san’at asari bo‘lsa. Chunki dardni dardmandlarga yetkazish ham san’atkorona bo‘lishi kerakki, u dard kitobxonga borib yuqsin, unda dardkashlik tuyg‘usini uyg‘otsin. San’at asarida mana shu yuqtirish xususiyati, ezgu-niyatlarni yuqtirish orqali effektlar (ruhiy nuqsonlar)dan poklanish – katarsis nazariyasining kashf etilishiga sabab bo‘lgan. (Arastu fikricha, badiiy asar qahramonlarining boshiga tushgan qayg‘u, kulfatlarga hamdardlik bildirish orqali tomoshabin va o‘quvchilar ruhan poklanadilar). Abdulla Qahhor o‘z hikoyasida bir bemor dardiga shifo berolmaydi, lekin uning dardini shunday tasvirlaydiki, yozuvchi uchun (kitobxon uchun ham) uning dardiga shifo topishdan ko‘ra, dardning o‘zini san’atkorona tasvirlash muhimroqdir. Shuning uchun ham mening nazarimda, “Bemor”dagi yechim “Ming bir jon”ga nisbatan ishonchliroq. Chunki “Bemor”dan murod ilojsizlik, “Ming bir jon”dagi tugun esa o‘z qahramoniga achingan adibning unga hayot in’om etishi bilan yechiladi. Endi bu – adabiy qahramon dardi. Millatning, Vatanning dardi ham shunday. Faqat mohir san’atkor o‘sha dardning ifodasiga munosib shakl topa oladi, unga joziba baxsh etadi. Natijada, bu obrazli tasvir achinish uyg‘otish uchun emas, balki san’atkorona zavq va ruh uchun xizmat qiladi.

7. Munaqqidning vazifasi oqni-oq, qorani-qora deyishdan iborat emas. Qozilik, hakamlik qilish tanqidchiga yarashmaydi, boring, u ijodiy jarayonda bo‘lsin. Ayrimlar tanqidchilik vazifasini yaxshi asar yozsa, “malades” deb yelkasiga qoqib qo‘yish, asari bundayroq bo‘lsa, uning qulog‘idan cho‘zib qo‘yish yoki tanqid qilib, tartibga chaqirish deb tushunishadi va shunday deb tushuntiradilar. Biz bir hodisani chuqurroq anglab yetmay, darrov uning “anti...”si (ziddi) bilan qiziqamiz. Bizning an’anaviy tafakkur tarzimiz oq rangni o‘z go‘zalligi va mukammalligi (barcha ranglarning mujassami)da ko‘rishdan ko‘ra, uni qoraning ziddi (antipodi) sifatida tushunishga moyilroq. Mahkam Mahmudovning “Mangu kuy izlab...” fantastik asarlar to‘plami shunday syujetli hikoya bilan ochiladi. Jahonning eng sara faylasuf va hakimlari uchun dars beriladi, birinchi dars oqni-oq deyish darsi. Natijani qarangki, ulug‘ Arastu hakimdan tortib, zamonamiz olimlarigacha shunday dars olishga ehtiyojmand ekanlar. Bu bir xayoliy faraz, xolos. Lekin shunday ulug‘ mutafakkirlar yecha olmagan muammoni bandai ojiz munaqqid qanday yechsin. Unda adabiy tanqidning vazifasi nima bo‘ladi? XOLISLIK deb ataganingiz nima u, ijodiy e’tiqodmi? Ish usulimi yoki mehnatining natijasimi? U adabiy asarni xolis baholashi kerak deymiz. Biroq uning atrofini noxolislikka tortuvchi omillar egallab turibdi: birinchidan, jurnal yoki gazeta buyurtmasi (munaqqid tahlilga tortmoqchi bo‘lgan asarni o‘z iste’dodi tabiatiga ko‘ra tanlab olgani yo‘q); ikkinchidan, muallifni ranjitib qo‘ymaslik (axir, pirovard maqsad yozuvchidan yanada yaxshiroq asar kutish); uchinchidan, muallifning adabiy jarayondagi mavqeini hisobga olish (ardoqli adib haqidagi tanqid matbuotga chiqmasligi mumkin) va hokazo. Ehtimol, bularni sub’ektiv omil dersiz. Unda asar muallifining qo‘ng‘irog‘i, yangi asar bilan tabriklash tamoyili, asarni e’lon qilgan nashr bilan muomala saqlash va boshqa sub’ektiv omillar ham bor. Ana endi, munaqqid shunday omillar iskanjasida mana shu asar haqida yangi gap aytishi, avvalo, uni tushunishi, kitobxonlarga tushuntira bilishi, yozuv malakasi, tanqid madaniyati kabi salohiyat darajasidagi jihatlar bilan ish ko‘rishi kerakki, bu yuqoridagi “omil”larni yengib o‘tsin. Qolaversa, munaqqidning bu taqrizini (avvalo, buyurtmachi nashr) kitobxonlar, muallif, hamkasblari – adabiy jamoatchilik, bir so‘z bilan aytganda, retsipient – qanday qabul qiladi degan masala bor. Bularning hammasi munaqqid zimmasiga iste’dod, jasorat bilan birga mas’uliyat tuyg‘usini yuklaydi. Bu adabiy jamoatchilik oldidagi mas’uliyat emas, balki katta adabiyot oldidagi mas’uliyat, san’at asarining azaliy talablari oldidagi mas’uliyat, go‘zallikni anglash ilmi – estetika oldidagi mas’uliyat. Shunday xulosa qilish kerakki, bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda?

8. Bu hodisani adabiyotshunoslikda an’ana va yangilik (to‘g‘rirog‘i, o‘ziga xoslik) deb atalishi mutaxassislarga ayon. Hamma manbalarda bir aksioma takrorlanadi: ijodkor an’anani o‘zlashtirishi va yangilik yaratishi kerak. Lekin qanday qilib? Bu mangu savolga har bir ijodkor o‘z asarlari bilan javob berishi kerak. Ma’lumki, har qanday yangilik urug‘ holida bo‘lsin, eskilik bag‘rida tug‘iladi. Uning rivojlanib, kamol topishi uchun muhit, tarbiya va boshqa omillar zarur. Biroq, menimcha, buni “eskilik va yangilik o‘rtasidagi kurash” darajasida qabul qilmaslik kerak. Chunki bizning ruhimizga o‘tirib qolgan qarshilantirish usulisiz ham meros va vorislik munosabatida yangilik shakllanishi mumkin. Men, bu o‘rinda, jadid adabiyoti tajribasini ma’qul deb bilaman. Ular ma’naviy merosga juda ehtiyotlik bilan yondashganlar va o‘z asarlarida qanchalik yangilikka intilmasinlar, oyog‘ini mumtoz manbalardan uzmaganlar. Masalan, Behbudiy va Fitratning dramaturgiyasi, Qodiriy nasri va Cho‘lpon she’riyati adabiyotimiz uchun qanchalik yangilik bo‘lmasin, ular eskilikka kurash yo‘lidan emas, balki uning eng yaxshi an’analarini rivojlantirish yo‘lidan borganlar. Hatto Cho‘lponning: “Ko‘ngil yangilik axtaradur” dasturi ham ma’lum ma’noda, mumtoz adabiy boyliklarga yangicha yondashish ruhida edi. Menimcha, jadid adabiyotining yangilikka erishuvi shu bilan izohlanadiki, ular mumtoz adabiyotning yangi samarali an’analarini o‘zlashtirib ulgurgan edilar. “Hozirgi o‘zbek adabiyotini bugun yaratayotgan ijodkor baribir yangicha yozish kerak deb o‘ylayotgani va unga urinayotgani” yaxshi, biroq asrlar, yillar davomida o‘zlashgan, tajribada sinalgan usullarni bilmay turib, o‘zicha yangilik qilaman deganlar urinishlarining natijasi qaytadan “velosiped ixtiro qilish” darajasida bo‘ladi. Men eskicha usulda avval qoyillatib yozsin, keyin yangilik qilsin demayman, biroq Cho‘lponning: “Haq yo‘li bir o‘tulgusi” so‘zlari badiiy ijodda ham dastur bo‘lishi kerak. Realistik nasr imkoniyatlarini o‘zlashtirmagan adibdan, modern uslubidagi miniromanlar yoki “ong oqimi”ni o‘zida singdirgan qissalar kutish mahol. Xuddi shu kabi hozirgi o‘zbek modern she’riyati namoyandalari paydo bo‘ldi, ularning sara asarlari to‘plam holida chop etildi, ular haqida tadqiqot va maqolalar yozildi va yozilyapti. Biroq ayrim shu yo‘ldagi “ijodkorlar” modern she’riyat deganda, tinish belgilarisiz she’r yozishni tushunishar ekan, hatto bu haqda hech tortinmay maqolalar yozishyapti ham. Axir, tinish belgilarisiz she’riyat, mumtoz she’riyatda ham, undan avval ham mavjud edi-ku! Har qanday yozuvlarimiz xoh u runiy bo‘lsin, xoh arabiy va hokazo tinish belgilaridan xoli edi. Faqat XX asr boshlaridagina yozuvlarni isloh qilish natijasida, tinish belgilarini qo‘llash imlo qoidalariga kiritildi. Demak, men yangilik yarataman degan yaxshi maqsadda qo‘liga qalam olganlarni ham o‘zigacha mavjud tafakkur tarzi, ifoda usullaridan boxabar bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman.

9. Men bu savolni shunday tushunaman. Agar fuqarolik burchi ijtimoiylik kasb etib, san’atkorlik burchi kasbiy mohiyat kasb etishi mumkinmi? Ha, albatta. Endi bir misol qilaylik: bir shifokor qarshi – dushman tomondagi shaxsni davolashi mumkinmi? Agar davolasa, o‘z maslakdoshlariga xiyonat qilgan bo‘ladi, agar davolamasa, o‘z kasbiga. (Buqrot-Gippokrat qasamiga.) Bu o‘rinda,kasbiy burch umuminsoniy mohiyatga ega, ijtimoiy burch esa ma’lum bir qarash, guruh, boringki, bir davlat manfaati doirasida. Ijodkor shunday bir dualizmni berishi lozim bo‘lsa, menimcha, ulug‘ san’atkor ikkinchi yo‘lni tanlagan bo‘lar edi. Mohiyatan fuqarolik burchi kasb burchiga nisbatan kichikroq sanalishi mumkin. Biroq, bu o‘rinda, muayyan masalaga yondashuvda kasbiy burch insoniyatga asqotarliroqdir. Biz mafkuraviy jamiyatning hosilasi sifatida ijtimoiy burchni birlamchi deb qo‘yishimiz mumkin, biroq o‘sha san’atkor o‘z kasbiga sadoqatli bo‘lsa, uning asaridan nafaqat san’at ahli, balki umuminsoniyat ham bahra olishi mumkin-ku! Postmodernizm san’atkori ana shu ikkinchi yo‘lni tanlasa-da, buni o‘z fuqarolik burchiga zid deb bilmaydi. Uning uchun san’at ravnaqiga xizmat qilish muhim va muqaddasdir.

10. Adabiyot har doim jiddiylikni talab qiladi. Har qanday zamonlarda ham mangulikka doxil asarlar bilan bir qatorda, bo‘sh, nochor, kitobxon didini o‘tmaslashtiradigan, oldi-qochdi gaplar, fahshdan iborat asarlar ham bo‘lib kelgan. Lekin bundan keyin ham bo‘laveradi, deyish noto‘g‘ri. Milliy adabiyotning badiiylik tajribasi rivojlangan sari, bu kabi kasalliklardan qutulib borish mumkin. Biroq, hozirgi kunda, turmushda juda ko‘p jihoz va uskunalar bir marta ishlatishga mo‘ljallab ishlab chiqarilayotgani ma’lum. Siz aytgan yengil adabiyot ham o‘sha bir marta o‘qishga zo‘rg‘a yaraydigan adabiyot bo‘ladi. Ular adabiyot sahnasida uzoq qolib ketmaydi. Biroq, o‘sha yumshoq qilib aytganda, nojiddiy “adabiyot”ni urchituvchilarga qarshi jiddiy harakat qilmoq kerak bo‘ladi. Bu noshirlarning ishi, tanqidchilar shug‘ullansin, degan qarashlar samara bermaydi. Hamma baravar yengil adabiyot qarshisiga, siz aytmoqchi, jiddiy saqlanib qoladigan asarlarni qo‘yish yo‘li bilan kurashmog‘i kerak bo‘ladi.

 

Shuhrat Rizaev javoblari:

1. Darhaqiqat, so‘nggi yigirma besh yillar oralig‘ida ijtimoiy hayotimizda ham, maishiy turmushimizda ham tubdan o‘zgarishlar yuz berdi. Bugun barchamiz global dunyo va jamiyatning bir bo‘lagi sifatida nihoyatda katta informatsion hududda yashayotgan odamlarmiz. Binobarin, bizga yangi davrning o‘zigina emas, shu davrdagi butun insoniyat hayoti bilan bog‘liq o‘zgarish va yangilanishlar, ro‘y berayotgan turli hodisalar ta’sir o‘tkazyapti, kayfiyatimizni belgilayapti. Hozirgi paytda, ana shu kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod voyaga yetdi, deb dabdurustdan aytish juda mushkul. Lekin yoshi, qarashlari, hayotiy tajribasi, intilish va istaklarida nisbatan bir-biriga yaqin bo‘lgan kishilar guruhlari mavjudki, ularni ta’bir joiz bo‘lsa, avlod yoki avloddoshlar deyish ham mumkindir. Agar o‘tgan asrning 70-yillarida shakllangan avlod bizdan keyin boshqa adabiy avlod shakllanmadi, deyayotgan bo‘lsa, bu qay bir ma’noda to‘g‘ri hamdir. Chunki, nafaqat, yangi adabiy avlod shakllanmadi, ayni chog‘da, o‘sha mavjud avlodning o‘zi ham muayyan ma’noda, degradatsiyaga uchradi. Fakt sifatida ularning o‘tgan asr 70-80-yillar oralig‘idagi umumiy intilishlarini aytmaganda, keyingi yigirma yilda u avlod vakillari tom ma’nodagi adabiy-badiiy parokandalikni boshdan kechirdilar. Bugun na she’riyatda, na nasrda va na boshqa janrlarda avlod sifatida umumiy ijodiy yo‘l, uslub, g‘oyaviy-badiiy birlik kuzatilmayapti. Hozirda yosh jihatidan ma’lum ma’noda tengqurlik tamoyilini aytmaganda, adabiy qarash, uslub hamda yondashuvlarning bir-biridan mutlaq farqliligi ko‘zga tashlanadi. Masalan, she’riyatda Sirojiddin Sayyidni Abduvali Qutbiddin bilan yoki Eshqobil Shukurni Bahrom Ro‘zimuhammad bilan bir qatorga qo‘yib tasavvur etish mumkin emas. Yoki nasrda Isajon Sultonni Qo‘chqor Norqobil bilan, Zulfiya Qurolboy qizini To‘xtamurod Rustamov bilan umumiyatini topish – aql bovar qilmaydigan ish. Ammo, ular yosh jihatidan bir-birlari bilan deyarli tengqurlar. Qolaversa, ularni bir-birlari bilan yaqinlashtiradigan ijtimoiy dard­ning o‘zi ham sezilmaydi. Deylik, o‘z vaqtida she’riyatda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi yoki nasrda O‘lmas Umarbekov, Shukur Xolmirzaev, O‘tkir Hoshimov, Omon Muxtorlarning izlanishlari turlicha bo‘lgani holda, ularni birlashtiradigan yagona ijtimoiy dard bor edi. Ana shu dard ularni avlod sifatida tasavvur etishga ham imkon berar edi. Hozirda esa uslublar, qarashlar ranginligi yaqqol bilingani holda, insoniy va ijodiy dardning turfaligi, mushtarak emasligi va hatto gohi bor, gohi yo‘q ekanligi ham sezilib turadi. Ijodiy kredo deganda, ana shu dard bilan yo‘g‘rilgan badiiy-estetik ijodni nazarda tutiladigan bo‘lsa, hozirda bu narsa bor deyishdan o‘zimizni biroz tiygan bo‘lar edik. Albatta, hozirgi o‘rta va ulardan yoshroq yoshdagi ijodkorlarning bir-birlaridan tamomila farqli jihatlari mavjud va bu kuchayib ham boryapti. Badiiy ijoddagi uslubiy rang-baranglik nuqtai nazaridan bu ijobiy hol, albatta. Lekin ana shu rang-baranglikdan adabiyot va o‘quvchi yutayaptimi, yo‘qmi, mana bu endi, boshqa masala. Mana shu fikr bilan kamina, nazarimda, ikkinchi savolning ham javobini berib ketayotgandekman.

2. Ijod erkinligi adabiyot, san’at ahliga suv bilan havodek zarur, albatta. Lekin erkinlik bu istagan noma’qulchilikni qilish, yozish, suratga olish, namo­yish etish degani emas ekanligi ham kundek ravshan. Afsuski, o‘sha optimistlar “sintez”, pessimistlar “bo‘tqa” deb atagan hodisalar, aksariyat, beo‘xshov holatda, hozirgi adabiy manzaramizda mavjud. Nazarimda, har qanday “izm” va izlanishlarda adabiy-badiiy ijod ahli ibtidodan to hozirga qadar sig‘inib kelgan go‘zallik tuyg‘usi bosh mezon bo‘lib qolaverishi kerak. Chunki adabiyot va san’at, avvalo, inson hissiyotlarini tarbiyalaydi. Undan tafakkurga, fikriy teranlikka, ruhiyat inkishofiga va yana allaqancha insoniy holat va hodisalarga o‘tib boradi.

3. Hazrat Alisher Navoiy ulug‘ “Xamsa”sining so‘nggi dostonida bayon etgan bir fikr adabiyotning, ya’ni badiiy ijodning asl mohiyatini anglashdagi buyuk bir kashfiyotdek bo‘lib tuyuladi menga. Ya’niki, buyuk Navoiy Iskandar dostonini yozishga kirishar ekan, o‘zigacha bo‘lgan salaflarining bu obrazga yondashganda, goho sarguzasht, goho pandnoma, goho intellektual mubohasalar, nutqlar fonida qahramonni aks ettirish usullarini qayd etadi. Jumladan, ustod Abdurahmon Jomiyning Iskandar nutqlariga asosiy e’tibor qaratganini aytadi, ya’ni:

Eshittim, qilib zeb daftar so‘zin,
Qilur nazm go‘yo Skandar so‘zin.
 
Vale qilmayin mayl holatig‘a,
Shuru’ aylamishtur maqolotig‘a.

Ko‘rinadiki, Navoiy uchun asosiy ijodiy maqsad Iskandarning holatlaridir. Agar Hazratning “holatlar” tarzidagi boshqa bir qator asarlari borligini ham nazarda tutadigan bo‘lsak, Navoiy uchun inson botiniy dunyosidagi turfa va favqulodda rangin ko‘rinishlar eng asosiy ijodiy kredo bo‘lganini ang­lashimiz mumkin. Demak, Navoiy uchun adabiyotdagi bosh masala inson va uning holatlaridir. Inson esa vaziyat, davr, voqelik taqozosi bilan turfa holatda namoyon bo‘lishi mumkin. U nafsning malayiga aylanishi, muvaqqat mafkuralar quli bo‘lib qolishi ham va yoki, aksincha, ruhan koinot qadar yuksalishi ham mumkin. Uni makonu zamondan tashqarida ajratib olib bo‘lmaydi. Binobarin, barcha davrlarda “jiddiy” deb ataganimiz haqiqiy adabiyot davrning oynasi, badiiy in’ikosi bo‘lishga mahkum yoki yo‘naltirilgandir.

Biz muayyan davrda va jamiyatda yashar ekanmiz, dunyoqarashimiz va, umuman qarashlarimiz har qancha teran yoki sayozligidan qat’i nazar, o‘sha davr va jamiyatning mahsuli, samarasidir. Shunday ekan, demak, biz ham his-tuyg‘ularimiz, ma’rifatimiz, bilimlarimiz darajasida nimanidir tasdiq etib, nimanidir inkor etamiz. Muayyan davrning hosilasi o‘laroq, aynan shu davrning xususiyatlari har birimizda aks etadi. Demak, adabiyot ham yozuvchi ijodkorlar qarashlari, ijtimoiy mayllari orqali ma’lum bir mafkuraga xizmat qiladi. Uni “Besh kunlik dunyo” ilinjidagi ta’ma deb qarash ham mumkin va, ayni chog‘da, ishonch, e’tiqod sifatida ham talqin etish mumkin. Masalan, sho‘ro davri mafkurasidan nedir ilinjda, vaziyatdan foydalanib asarlar yozganlar bor va, shu bilan birga, uning aksi o‘laroq, sho‘ro g‘oyalariga, uning dohiylari fikrlariga e’tiqod qilgan o‘nlab talantli ijodkorlar bor. Masalan, Aleksey Tolstoyning “Sarson-sargardonlikda”, Sadriddin Ayniyning “Doxunda” asarlari tamomila o‘zgacha qarashlardagi iste’dodli ijodkorlarning muayyan niyatda yaratilgan bitiklari bo‘lsa, Mixail Sholoxovning “Ochilgan qo‘riq”, Aleksandr Fadeevning “Yosh gvardiya” romanlarini katta talant sohiblarining mavjud tuzum va mafkuraga yuksak ishonchi sifatida baholash mumkin.

4. Haqiqatdan ham, adabiy-badiiy mezonlar tubdan o‘zgarib ketdi. G‘oya, mafkuralar xilma-xillashib, goho bir-birini tamomila inkor etadigan qutblardagi badiiy asarlar yaratilyapti. Ammo unutmaslik kerakki, ta’kidlaganimizdek, badiiy ijodning o‘zi ezgulik va yorug‘ tuyg‘ular istagidagi qalb va tafakkur mahsuli o‘laroq yuzaga kelgan. Shuning uchun ham u paydo bo‘lgan davrdan beri go‘zallikni ulug‘lab, insonlar qalbiga ezgulik urug‘larini sepib keladi. Bu rutba adabiyotda hanuz ustuvor, inchunun, o‘zbek adabiyotida ham. Gohida adabiyot har bir qalbning o‘z ishi, shuning uchun undagi individualistik qarashlar ifodasini maqsad, mezon, me’yor, deb bilish kerak qabilidagi fikrlar ham aytilib turilibdi. Agar bunday fikrlarga amal qilinadigan bo‘lsa, adabiyot va san’atdan ijtimoiy yukni butunlay soqit qilib, uni tom ma’noda xonakilashtirish lozim bo‘lib qoladi. Insonning o‘ziki maxluqot tegrasidan chiqib, ijtimoiy munosabatlar hosilasi o‘laroq shakllanar ekan, qanday qilib uni faqat ko‘ngil oshuftasiga aylantirib qo‘yish mumkin. Qolaversa, ko‘ngil ham voqelik, munosabatlar mahsuli, sadosi-ku!

Romantika – bu orzu, intilish, ishonch, umid. Ana shu xislatlardan mahrum odamni to‘laqonli sog‘lom odam, deb bo‘lmaydi. Moddiy dunyoni realistlar yaratgani, tutib turgani bilan, uni romantiklar o‘zgartiradi, yuksaltiradi, boyitadi, turfalashtiradi. Badiiy ijodni ham olg‘a siljitgan mafkuraviy omillardan eng salmoqlisi “romantika” bo‘lgan. Shunday bo‘lib qolmog‘i kerak.

5. Postmodernizm jahon adabiyoti va san’atida o‘zining ancha jiddiy izlanish va tajribalarini namoyon qila olgan so‘nggi, yangi oqimlardan biri. Ammo unutmasligimiz kerakki, u qariyb yuz ellik yildan beri davom etayotgan “avangard” yoki “modern” adabiyotning takomillashgan ko‘rinishi o‘laroq, asl ildizlariga ko‘ra, realizm bag‘ridan tug‘ilgan. Realizmning eng ulkan hayotbaxsh qudrati shundaki, u “ochiq sistema”, “behududlik” jihatlarini namoyon etgan. Shunga ko‘ra, uning shajara daraxtida har tomon tarvaqaylagan katta-kichik bachki shoxlari bo‘ladi. Ayrim istisno holatlar borki, ba’zan o‘sha bachki shoxlarda hosil boshqalariga nisbatan mo‘lroq bo‘ladi. Ammo u muvaqqat va nimjon bo‘lishi ham tabiiy hol. Shunga ko‘ra, ma’lum vaqti kelib, bu bachki shoxlar qirqib tashlanadi. Tana baquvvat, kelgusidagi mevalar yirik bo‘lishi uchun kallaklanish degan jarayon amalga oshiriladi. Ya’ni, bachki shoxlarga isrof bo‘ladigan quvvat tana va uning asosiy shoxlarida saqlanadi. Agar bu tashbehni adabiyotdagi hodisalarga nisbat berib, “realizm”, “modernizm”, “postmodernizm” istilohlari doirasida oladigan bo‘lsak, tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, har qanday ijodiy uslub va yo‘nalishlar realizm bag‘rida tug‘ilib, so‘ng yana unga qaytish bo‘lgani kabi hozirgi estetik jarayonlarni ham o‘sha charxpalakning tabiiy aylanishi tarzida qabul qilish lozim.

6. Adabiyot o‘zining o‘yinlik mohiyatiga qachonki, undan nihoyatda zerikish kayfiyati paydo bo‘lganida qaytadi. O‘yin asnosida turli shaklbozliklar, har xil effektlarga suyanuvchi eksperementlar bo‘lishi mumkin. Lekin faqat insoniy dard, o‘z qalbi va atrofida yuz berayotgan turli holat hamda hodisalarga befarq bo‘la bilmaslik tuyg‘usi adabiyotning tom ma’nodagi yuksak missiyasini hamisha yuzaga chiqaraveradi. Ana shunda bot-bot o‘ziga xos tarzda realizmga murojaat bo‘laveradi. Boborahim Mashrabning “Dilda darding bo‘lmasa, sardaftarimni kavlama” kabi shoh satrlari hamma zamonlarda ham yuksak adabiyotning insoniy dard tufayli tug‘ilganiga dalolat. Insonni bevosita qo‘liga qalam tutqazib, uning ruhiy muvozanatini izdan chiqaradigan hodisa dard bo‘lar ekan, demak, o‘zgalar qalbida aks-sado beradigan adabiyot ham, aynan shuning o‘zidir.

7. Adabiy tanqid masalasi alohida dardli masalalardan biri. Darhaqiqat, bugun adabiy tanqid har qachongidan zarurroq. Uning Behbudiy bobomiz o‘tgan asr tonggidayoq ko‘rsatib bergan asos vazifasi “Tanqid – saralamoqdir” hanuz ahamiyatini yo‘qotmay, dolzarbligini saqlab turibdi. Bugun cheksiz miqdordagi adabiyot va san’at hodisalari deya taqdim etilayotgan “namunalar” orasidan aslini saralab olish oson ish emas. Mana shu vazifani yaqin-yaqingacha adabiy tanqid, jumladan, o‘zbek adabiy tanqidchiligi imkon qadar bajarib kelayotgan edi. Adabiy tanqidni taqdir deb qabul qilgan o‘nlab mutaxassislar bor edi. Ularning aksariyati hozir ham bor. Ammo nega adabiy tanqidning ijtimoiy-adabiy, badiiy-estetik hayotimizdagi o‘rni sezilarli emas? Buning sababi, menimcha, befarqlikning epidemiya darajasiga ko‘tarilayotganligidir. Nahotki, kitob javonlaridan nursiz, sarlavhasidanoq o‘ta sayoz bir narsa ekanligi anglashilib turadigan, didsiz bitiklar joy olib, kino ekranlari, teatr sahnalari, oynai jahondan professional nochor, hayotiy tussiz, mantiqan bir-biriga bog‘lanmagan lavha, o‘yin, tomoshalar tinimsiz berib boriladi-yu, hech kim unga malakali tahliliy, tanqidiy munosabat bildirolmaydi?! Buni o‘ziga xos ma’naviy bir jinoyat deyishdan kishi o‘zini tiyolmaydi. Hozir, asosan, maqtov, alqash, aqlli yolg‘on gapirish, tilyog‘lamalik, xushomad va hokazo illatlar adabiy tanqidimizning xos xususiyatlari bo‘lib bormoqda. Goho asossiz bo‘lsa ham, tanqidiy fikr aytilgan biron narsani uchratib qolsangiz, xuddi favqulodda bir hodisaga duch kelgandek hayratga tushasiz. Bu vaziyatda adabiy estetik did, badiiy tafakkurning taraqqiyoti haqida qanchalik so‘z aytish mumkin?! To‘g‘ri fikr, “tanqidchilarimiz o‘quvchilik muhabbati izhoridan olim-mutaxassis munosabatini bildirish darajasiga o‘sib borolmayapti”. Bu ham, aslida, professional tayyorgarlik masalasiga borib taqaladi. Tanqidchilikka kim o‘qityapti, kimlarni o‘qityapti? Afsuski, bu savolga ham sukut saqlab javob beriladi. Chunki yana andisha, sermulohazalilik, yuzissiqligi degan tushunchalar qalqib kelaveradi.

Ozod Sharafiddinov domla yetmishdan oshganlaridan keyin ham munaqqid ehtirosi va munosabatini saqlab qola bildilar. Demoqchimizki, tanqidchiga ehti­ros juda zarur, chunki ana shu tuyg‘u uning qalbi va tafakkuri uyg‘oqligini anglatadi. O‘z navbatida, ehtiros qalb orqali idrokka o‘tib, bilim va ma’rifat bilan uyg‘unlikda yuzaga chiqadi. Bugungi kunda ana shunday ehtirosning so‘ngani, lo­qaydlikning urchiyotgani adabiy tanqid borasidagi tashvish va xavotirlarimizdandir.

8. Eski bilan yangi nisbati azal-abaddan bo‘lgan gap. Insoniyat aql bilan yashash bosqichiga o‘tganidan boshlab, u taraqqiy etar ekan, “eski” va “yangi” degan tushunchalar paydo bo‘lgan va u dunyoni tutib kelgan. Eski va yangi o‘rtasida kurash borligi uchun ham hayot abadiy davom etib kelmoqda. Tasavvur etaylik, “qadim”chilar bo‘lmaganida, “jadid”lar bo‘larmidi?! Yoki eskini inkor etuvchi yangi bo‘lmasa, hayot, turmush-kechmish naqadar zerikarli bo‘lar edi?! Lekin, bu degani tamomila quruq yerda har safar yangitdan boshlash degani emas. Eskining yashashga qodir jihati hamisha yangiga qo‘shilib, tabiiy o‘zlashib ketavergan. Bu, ayniqsa, adabiyotda yaqqol ko‘rinadi. Masalan, har qancha mahliyo bo‘lmaylik, Abdulla Qodiriy kabi yozish bugun nursiz mashg‘ulot bo‘ladi. Lekin undan milliy bo‘yoqlarga boy nihoyatda farahli tashbeh, ibora va aborotlarni, ruhiy holat ilg‘amlarini olib, o‘rni bilan ishlatish yangi asarning jonliligiga xizmat qilsa, ajabmas. Nega, masalan, “Qutlug‘ qon”dagi g‘oyaviy-mafkuraviy qarashlarni chetga surib, Oybekona ifoda lafzini o‘zlashtirish mumkin emas?! Ha, adabiyot krossvord yechish emas, tildagi modernistik, hatto futuristik mayllar go‘zallik, ruhiyat, fikr tarbiyasidek adabiyotning muhim missiyasini tez va soz ado etishda to‘siq bo‘lishi mumkin. Masalan, eng so‘nggi paytlarda e’lon qilingan asar – milliy hikoyachiligimizning jahon miqyosida bo‘ylasha oladigan tajribasi o‘laroq qabul qilinishi mumkin bo‘lgan Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” hikoyasini olaylik. Nihoyatda jiddiy hayotiy kuzatish, ruhiy holat, falsafiy umumlashmalar teranligi bilan o‘quvchini larzaga soladigan asar – sof an’anaviy realistik ifoda yo‘siniga qurilgan. Hamonki, shunday ekan, eskidan nimaning eski ekanligini, yangining esa nimasi yangilik ekanligini, avvalo, aniq tasavvur eta olishimiz kerak.

9. Ijodkor hamisha fuqarolik burchini boshqalardan ko‘ra teranroq tushunib va tushuntirib yashaydigan shaxs bo‘ladi. Uning fuqarolik burchi, avvalo, albatta, ijodkorligidir. Biz fuqarolik burchi deganda, ko‘pincha, ijtimoiy faollik, oddiy maishiy istagu xohishlardan anchagina yuqori bo‘lgan hodisani tushunamiz. Bu insondagi mas’uliyat tuyg‘usi, yurti, xalqi, millati, oilasi, yaqinlari va o‘z vijdoni oldidagi javobgarlik tuyg‘usi. Ana shu tuyg‘usi nechog‘liq rivojlanganligiga qarab, uning fuqaro sifatidagi ijtimoiy-ma’naviy qiyofasi tasavvur etiladi. Bu xususiyatlar, albatta, uning amalga oshiradigan ishlari, kasbu kori, faoliyatida namoyon bo‘ladi. Kasbu korini halol, fidoyilik bilan bajarib, hunarini mukammal egallagan shaxsning mehnatidan jamiyat va yaqinlariga naf yetar ekan, demak, shuning o‘zi bilanoq, u fuqarolik burchini ado etayotgan bo‘ladi. Inchunun, ijodkor shaxs. Ijodkorning burch tuyg‘usi boshqalarnikidan ko‘ra yuksakroq, o‘tkirroq va miqyosliroq bo‘ladi, albatta. U o‘zini odamlar uchun qay bir darajada manfaat yetkazadigan ulkan ishlarga safarbar etadi. Uning safarbarligi, deylik, o‘quvchisi yoki tomoshabinidagi paydo etadigan tuyg‘ulari, kayfiyati, taassurotlari bilan belgilanadi. Ana shu narsaning o‘zi ham ijodkorda mas’uliyatning qanchalik jiddiy ekanligini anglatadi. Fuqarolik burchini ijodkorning ko‘ngli bilan qarama-qarshi qo‘yish mutlaqo noto‘g‘ri. Ulug‘ shoirning “Ko‘ngil orzulari fido o‘shanga” deya Vataniga adoqsiz muhabbat bilan aytilgan so‘zlarini eslaylik. Demak, ko‘ngil fuqarolik tuyg‘usini tarbiyalab, yuksaltiruvchi ma’naviy manba. Tuyg‘ular sarchashmasi bo‘lgan ko‘ngil harakatga kelgandagina, burch degan tuyg‘u ham tug‘iladi. Shuning uchun ularni bir-biriga zid hodisalar sifatida ko‘rsatib bo‘lmaydi. Jadidlarning burch tuyg‘usi, aynan ko‘ngil, ijtimoiy ozodlik, erk, hurriyat nasimlariga moyil bo‘lgani uchun ham bor zalvori bilan yuzaga chiqdi. Ular inson ma’nan va jisman to‘liq erkin bo‘lmas ekan, uning na ko‘ngli, na boshqa orzu-umidlari gul ochmasligini juda yaxshi bilar edilar. Menimcha, Shavkat Rahmonning ham “rubobiy she’r”lar o‘rniga ijtimoiy yoniq satrlar bitgani, bu uni o‘rab turgan muhit, jamiyatni o‘zgartirmay turib, ko‘ngil erkiga erishib bo‘lmasligini anglagani tufaylidan edi.

10. “Omma” yoki “ko‘cha adabiyoti” yoki “bozor adabiyoti” degan tushunchalarning hozirda avjlanishi tabiiy hol. Aslida, bu azal-abaddan ham bo‘lgan. Eslaylik, Sharqda ham, G‘arbda ham adabiyot xos tabaqa vakillari uchun alohida, avom uchun esa alohida bo‘lgan davrlar tarixan ma’lum. Xuddi shunday, Hazrat Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub”da aytganlaridek: “Ishqi xos, ishqi avom” tarzida muhabbat ham diferensatsiya qilingan. Afsuski, sho‘ro zamoni va mafkurasi barcha ijtimoiy-iqtisodiy asoslarni bir qilib yuborganidek, adabiyot va san’atni ham tenglashtirish siyosatiga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldi. Pirovardida esa, XX asr rus adabiyotining o‘zida bir paytda, tabiiy holda, ikki yo‘nalish paydo bo‘ldi. Sof sho‘ro mafkurasini tashuvchi adabiyot (Mayakovskiy, Serafimovich, Gladkov, Shaginyan, Fadeev, Tixonov, Safronov kabi) hamda “yo‘lovchi”, “mayda burjuacha” yoki yana “kibor – aristokrat” deya (Bulgakov, Axmatova, Pasternak, Svetaeva kabi) yorliqlar yopishtirilgan adabiyot yashadi. Bizda bunday holatga yo‘l qo‘yilmagan esa-da, aslida, Qodiriyda ikki Qodiriy, Cho‘lponda ikki Cho‘lpon, Oybekda ikki Oybek, Qahhorda ikki Qahhor yashashga majbur bo‘ldi. Bular, garchi, “ko‘cha adabiyoti” darajasiga hech qachon tushmagan bo‘lsalar-da, davr talabi bilan o‘ta ommaviy va balki “jo‘nroq” asarlar yaratishga ham majbur bo‘lishdi. (“Obid ketmon”, “O‘rtoq Qarshiboev”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Qo‘shchinor chiroqlari” va hokazo). Nazarimda, asli o‘sha nojiddiy adabiyotning urchishiga o‘shanday mafkura tazyiqida hayotning notabiiy, hatto karikaturanamo illyuziyasiga moslashib yasalgan asarlar sabab bo‘lgandek tuyuladi. Biz, avvalboshdanoq, faqat jiddiy adabiyot bilan oziqlangan bo‘lganimizda, shuning o‘zi bizda ma’naviy immunitetni paydo qilgan bo‘lar edi. Afsuski, asl haqiqat, manzara boshqacharoq. Endilikda, “ommaviy adabiyot”, “ommaviy madaniyat”, aniqrog‘i, “olomon madaniyati” deydigan hodisalardan ihotalanish uchun jiddiy adabiyot va jiddiy san’at kitob javonlaridan, televidenie, kino ekranlaridan va sahnadan ommaviy ravishda joy olishi kerak. Biz butun jamiyatni jiddiy ma’naviy muhitga, madaniy auraga olib kira olsak, shundagina, jiddiy adabiyot va san’at hayotimizning ajralmas qismiga aylanadi.

 

Nazar Eshonqul javoblari:

1. Siz aytgan avlodlar bo‘linishi ko‘proq poeziyaga xos. Nazm – dunyoviy an’analar, usullar, sinovlar va shakllarni o‘zida sinab ko‘rdi, taraqqiyot bosqichiga chiqib oldi. Nasr haqida men bunday deb aytolmayman. Nazarimda, nasrga nisbatan jarayon bir muncha boshqacharoq kechganday. Qodiriy va Cho‘lpon boshlab bergan nasriy izlanishlar, xususan, milliy nasr, uni dunyo adabiyoti bilan bo‘ylashtirish haqidagi orzular o‘zini to‘laqonli ma’noda siz aytgan “70-yillar avlodi”ga kelibgina amalga oshdi. Shu sababli, Qodiriydan boshlangan bu jarayonni yosh nuqtai nazaridan bir avlodga mansub deb hisoblamagan bo‘lardim. Bu davrda, garchi nasr bizning adabiyotda azaldan bo‘lgan degan qarash tarafdori bo‘lsam ham, ammo professional nasr, aynan ana shu 50 yilda shakllandi, professional milliy nasr, milliy janr tusini oldi. Mavzular, odamga munosabat, voqelikni aks ettirish, aytadigan gapi, tanlagan shakllari, uslubiy rang-barangligiga ko‘ra, o‘tgan 50 yillik nasrni bir avlod nasri deb baholagan bo‘lardim. Garchi bu nasrda siz sanagan avlodlarga xos tamoyillar bo‘lsa ham. Ammo fundamental nasr janrini ana shu 50 yillik avlod birgalikda yaratdi, bu davr nasrining uslublari, aytar gaplari, maqsadlari, kontseptsiyalari bir-biriga yaqin. Cho‘lponning nasrdagi shakliy izlanishlari, hatto milliy mentalitetga xos bo‘lmagan (Miryoqub xarakteri, uning ayollarga munosabati) voqelikni qamrab olishga, uslubiy kenglikka chiqishga urinishlari, hammasi 70-yillar nasriga kelib, o‘zini to‘la oqlay boshladi. Aslida, avlodlar, menimcha, adabiy kontseptsiyalariga qarab farqlanishi muhimroqqa o‘xshaydi. Biz ana shu 50 yil ichida nasrni yelkasida ko‘targan avloddan (Qodiriy, Cho‘lpon, Qahhor, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirkarim Osim, Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzaev, Murod Muhammad Do‘st, Ahmad A’zam, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov) minnatdor holda, bugun “o‘zbek nasri” haqida bemalol fikr yuritayapmiz. Nasrimiz 50 yillik izlanishdan so‘ng, 80-yillar va bugungi avlod oldiga uni endi yangi bosqichga, yangi pog‘onaga ko‘tarish vazifasini qo‘ydi. Bu – shaklda, ifodada, metaforalarda, obrazlarda, tilda, uslubda ko‘rinishi kerak. To‘g‘ri aytdingiz, yangi avlodning yuzi ko‘rinayaptimi? Ko‘rinayapti. Men “Fano va baqo”, “To‘p o‘yin”, “Ozodlik”, “Haykal”, “Dashtu dalalarda”, “O‘zim bilan o‘zim”, “Qog‘oz gullar”, “Jajman”, “Adashvoy” hikoyalari, “Bozor”, “Ro‘yo”, “Ozod”, “Boqiy darbadar” romanlari kabi asarlarda (ro‘yxatni keng qilish mumkin) ana shu yangi avlodning qiyofasini, uslubini ko‘raman. Albatta, bu asarlarning mualliflari turli yoshda. Lekin ular asarlarini uslubiga va kontseptsiyasiga ko‘ra, yangi avlod nasriga tegishli deb baholash mumkin. Shuning uchun yoshiga qarab emas, adabiy avlodni asarlarning mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash tarafdoriman. Ehtimol, shunda biz adabiy jarayondagi avlod o‘zgarishini ma’lum bir 10-20 yilga emas, avlod o‘z missiyasini qay tariqa bajaraolganiga qarab baho berishimiz osonlashar! Shu ma’noda yangi nasr avlodi ro‘yxati Asqad Muxtor nomi bilan birga, bugun Ahmad A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdamdan keyin yoshi hali o‘ttizga kirmagan yoshlarimizga borib taqalayotgani kishini xursand qiladi. Yaqinda Murod Chovushning “Hech” degan qissasini o‘qib qoldim. Meni xursand qilgan narsa, Murod Chovush aytadigan gapiga o‘ziga xos yangi shakl topa olgan. Shu bilan birga, olmoshlar o‘rtasidagi to‘siqni, boshqacha aytganda, an’anaviy bayon usulini osongina yengib o‘tadi. Men ham bir voqelikni “Men”, “Sen”, “U” tilidan va nuqtai nazaridan hikoya qilishga uringanman. Ammo, baribir, meni me’yorlar ushlab turgan. Murod Chovush esa hech ikkilanmay, dadillik bilan bu me’yorni buzadi. Buzganda ham oson, tabiiy buzib o‘tadi, bunga izoh ham bermaydi. “Men” qoladi, ammo qahramonlar o‘zgarib turadi. Bu adabiy priyomni tabiiylikka ancha yaqinlashdirgan. “Potok soznaniya” – ong oqimi usuli bu qissada yaqqol o‘z ifodasini topgan. Ammo qissa tili ancha hafsalasiz, ishlov berilmagan, pala-partishlikka moyil, poetik unsurlardan ko‘ra, shaklga berilib ketilgan. Lekin, baribir, adabiy jarayonning bir namunasi sifatida tahlil qilishga arziydi. Oz bo‘lsa-da, yoshlar yangi nasr avlodga mansubliklarini isbotlashga urinishayapti. Yangi nasrga xos ifoda usullari Bahodir Abdurazzoq, Umid Yoqub izlanishlarida ham batafsilroq ko‘rinayapti.

2. Ijod erkinligi mavzusi yigirma yil muqaddam dolzarb edi. Bugun, nazarimda, u kam eslanayapti. Sababi shundaki, bugun kim nimani xohlasa yozib yotibdi, hech kim, hech narsa to‘siq bo‘layotgani yo‘q. Hatto shu darajada erkinlashib ketdikki, adabiyotga, estetik normalarga, etik tamoyillarga zid bo‘lgan, ota-bobolarimiz bizni millat, xalq qilish uchun misqollab yig‘gan va bizga shu yo‘llardan boshqasida yurish insoniyat tanazzuli ekanini qat’iy qilib belgilab ketgan qoidalardan voz kechilgan, insonning hayvoniy qiyofasini aks ettiradigan, hirs, ehtiros jarayonlari batafsil tasvirlanayotgan, demak, targ‘ib qilinayotgan oldi-qochdi, tijorat, fisq-fasod cho‘pchaklarni ham gazetalarimiz, ham nashriyotlarimiz yangi adabiy voqelik sifatida e’tirof etishayapti, bunaqa asar yozayotganlardan yangi davr De Sadini yaratishayapti. Hatto shu darajaga borishayaptiki, yaqinda bir xususiy noshir bir mashvaratda uyalmay-netmay: “Falonchi hirsni badiiy voqelik darajasiga ko‘tarib, adabiy kashfiyot qildi” degan gap bilan maqtanibdi ham. Noshir nazarda tutgan “asarlar” yozayotgan “kashfiyotchi” adibning kitoblari bugun kitob savdosida bozori chaqqon. Men o‘ylab qolaman, shunday “hirsli kashfiyot” qilayotgan ham, shunday kitobni nashr etayotgan ham shu asarlarni o‘z farzandlari, o‘z nabiralari o‘qishini, ana shu “batafsil tasvirlangan”, “adabiy voqelikka aylantirilgan” “hirs” tasvirlari farzandlarining odob va axloqiga ta’sir qilishi, o‘zgartirishi mumkinligini o‘ylarmikin?! Yo farzandlari bilan ham bu mavzuda xuddi asarlaridagi tasvirlar kabi bemalol gaplashaverarmikin?! Agar shunday bo‘lsa, unda bu holatni adabiy tanqidchilik emas, tibbiyot xodimlari muhokama qilishi kerak. Menimcha, qo‘liga qalam oluvchi har bir odam oldin yozganlarini farzandlariga o‘qib beraoladigan va kelajak oldida axloqiy nuqtai nazardan uyalmaydigan qilib yozishi kerak. Mabodo, o‘z asarlarini farzandlariga o‘qib berishga uyalsa, unda nega uni butun millatga taqdim qilishi kerak? Maqsad nima? Millat axloqiga putur yetkazishmi? Biz har yozganimiz uchun bolalarimiz oldida javob beramiz. Ularning axloqi, insongarchiligi, dunyoqarashi oldida yozgan har bir so‘zimiz bilan javobgarmiz. Adabiyot, qalam bizga ana shunday mas’uliyat yuklaydi.

 Qaysidir gazetada o‘qib qoldim. Bir “yozuvchi” ukamiz har kuni bir bosma toboqdan ikki bosma toboqqacha “asar” yozar ekan. Shuning uchun uning yozganlari gazetalarda tinimsiz bosiladi, uni hatto “davrimizning taniqli va iste’dodli yozuvchisi” deb tanishtirishadi. Lekin bu ukamiz oddiy adabiy jumla tuzishni bilmaydi. Ega-kesim va uyushiq bo‘laklaridan boshqa poetik ohordan darak yo‘q. Shunday paytda, “iste’dod” degan so‘zdan ham, yozuvchilikdan ham odamning ko‘ngli qolib ketadi. Boshqa bir toifa, bugungi erkinlikdan foydalanib, adabiyotimizga De Sad an’analarini olib kirayaptiki, bunday erkinlik ota-bobolarimiz qarshi kurashib kelgan illatlarning keng ildiz otishiga zamin yaratayapti. Umuman, masalaga qaytadigan bo‘lsak, erkinlik ijodkorga suv bilan havoday zarur. Mustaqillik bu erkinlikni berdi. Xudoga shukur. Baliq suvsiz yashay olmagani kabi, ijodkor erkinliksiz yashay olmaydi. Bu isbotlangan. Ammo erkinlikni ota-bobolarimiz biz uchun misqollab yig‘ib qoldirgan gumanizm va axloqdan voz kechish, an’ana va qadriyatlarni mensimaslik, uni vayron qilish, fahsh va tuban manzaralarni tavsiflash deb tushunish vulgarizm va varvarizmdan boshqa narsa emas. Bunday erkinlik oxir-oqibat millatni ham, insoniyatni ham tanazzul yoqasiga olib boradi. Insoniyat juda ko‘plab tsivilizatsiyalarni boshidan kechirgan. Ana shulardan eng buyugi, hatto olovning kashf etilishidan ham ahamiyatlirog‘i – bu uyatli joyini yopib yurishni o‘rgangan, o‘rgatgan tsivilizatsiyadir. Ikkinchi buyuk yutuq gumanizm, ana shu gumanizmga bog‘liq ravishda shakllangan, insonni ulug‘lashga, uni axloqiy va ma’nan go‘zallashtirishga xizmat qiluvchi axloqdir. Bu ikki yutuqsiz insonning hayvondan hech qanday farqi qolmaydi. Bugun De Sad kabi jinsiy va axloqiy erkinlikni adabiyotga olib kirish bilan, bu buyuk yutuqlarga zarar keltirayotganlar o‘zlari bilib-bilmay insoniyatning, millatning tanazzuliga xizmat qilishayotganini ang­lashayotgani yo‘q. G‘arb adabiyoti axloqsiz De Sad va uning izdosh­lari tufayli emas, adabiy iste’dodlar va ulug‘ gumanizm g‘oyalarini tarannum etgani hisobiga taraqqiy etgan. Adabiyot hamisha hur fikr, hur taraqqiyot, hur iymon, vijdon uchun kurashib kelgan. U istibdodning, zulmning, zo‘ravonlikning, yovuzlikning har qanday ko‘rinishi bilan kelisha olmaydi, ularga qarshi kurashadi, ularga qarshi kurashib turib, erkinlik tarafida turadi, ammo insoniyat misqollab yig‘gan axloq va gumanistik fazilatlardan hech qachon voz kechmaydi, garchi bu gumanizm va axloq kimlargadir va qaysidir xatti-harakatlarga ta’qiq, erkinlikni bo‘g‘ish bo‘lsa ham, u bulardan voz kecholmaydi. Chunki ayni shu narsalar insonni hayvondan ajratib, uni san’at va madaniyat sari boshlab kelgan. Inson avratini yopgan kunidan boshlab san’atni his qilib, nafosat sari yuksala boshlagan. Endi bu avratni ochib ko‘rsatish odamni hayvon kabi yalang‘och yurishga undovdan boshqa narsa emas. Axloqsiz va insonparvarliksiz san’at bo‘lmaydi. Hirs va junbishni shavq bilan batafsil tasvirlash – uni targ‘ib qilishdan boshqa narsa emas. Mabodo, targ‘ib qilinayotgan ekan, unga sog‘lom aql ko‘zi va qonun ko‘zi bilan qarash zarur bo‘ladi. (Bu mening shaxsiy fikrim: kimki hirs va junbishni o‘quvchida rag‘bat va havas uyg‘otadigan, uning ong osti tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan darajadagi tafsilot bilan yozayotgan ekan, bu yerda nimadir, xususan, qandaydir missionerlik g‘oyasi borday tuyuladi. Bugungi g‘arazli dunyoda ommaviy madaniyatning tazyiqiga sabot bilan dosh berib kelayotgan Sharqni moddiy va ma’naviy sindirish uchun, avval, uning axloq, qadriyatlari, oila va jamiyat haqidagi tushunchalariga putur yetkazishga, yo‘qqa chiqarishga urinib yotgan kuchlar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi).

Ikkinchi tomondan, ijodkorning erkinligi uning matonati bilan, irodasi bilan, iymoni bilan chambarchas bog‘liq. Ijodkorning balig‘i suvsiz ham yashayoladi. Agar u quruqlikda sudralib yurishni o‘rgansa... Bu istehzo emas. Balki ijodkorning taqdiri ekanini eslatish uchun keltirdim. Chunki ijodkor erkinlik bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham yozishga mahkum. U Xudoning odamlar orasidagi, bizning ko‘nglimizdagi, adashgan manzilimizdagi nigohi. U hamisha va har qanday vaziyatda yozishi shart. Do‘zaxiy sharoitda ham u ijod qilishga, insonni matonatga undashga, uning ko‘nglidan do‘zax kullari ichida ham bir chimdim cho‘g‘ topishga, ana shu cho‘g‘ orqali uni xalos qilishga, yetaklashga majbur. U shunisi bilan ijodkor. Shart bo‘lsa, zarur bo‘lsa, suvdan chiqib, sudralib, o‘rmalab, tirmalab yurib yozishi shart. Chinakam iste’dodlar, chinakam ijodkorlar ana shunday qilishadi. Ana shuni qismat deb bilganlar haqiqiy ijodkorlardir.

“Rang-baranglik”, “avlod”, “izm”lar bir-birini inkor etadigan tushunchalar emas. Avlod rang-barang, shuningdek, qaysidir “izm”ga daxldor bo‘lishi mumkin. Gap “izm”da emas. Gap iste’dodda. Iste’dodsiz “izmlar” suvsiz ko‘lga o‘xshaydi. “Izm”ga daxldorlik iste’dodlarga yarashadi. “Izm”lar iste’dodsizlikni yashirib turadigan qo‘rg‘on emas. Afsuski, bugun ba’zilar o‘zlarining no‘noqligini, iste’dodsizligini ana shu “izm”lar ostiga yashirib olishga urinishayapti. Hatto bittasi o‘zini “men simvolizmda ijod qilaman”deb da’vo qildi. Gaplashib ko‘rsang, o‘zi simvolizmning “s” harfini ham bilmaydi. “Simvolizmda ijod qilaman” desa, yozgan tuturiqsiz narsalariga ma’no kiradi, go‘yo. Bunaqa o‘zlariga “izm”lardan uya, in yasab olayotganlarning na avlodga, na rang-baranglikka, na “izm”larga aloqasi yo‘q. Ular shunchaki adabiy oliftalar. Bunaqalarni vaqt, baribir, bir kun adabiy jarayondan surib-chiqarib tashlaydi. Avlod ham, adabiy jarayon ham iste’dodlarga qarab baholanadi, e’tirof etiladi.

3. Adabiyot inson mohiyatini o‘rganar ekan, u bevosita falsafa va ilohiyot bilan birlashib ketadi. Adabiyotning dardi, iztirobi, og‘rig‘i falsafiy og‘riq, ilohiy og‘riq. Chunki insonning mohiyatini uning ko‘ngli va ruhiyatini moddiy taraqqiyotlar to‘la qondira olmaydi. Mana, XXI asrda insoniyat aql bovar qilmas taraqqiyotga erishdi, uning qulayliklaridan, taraqqiyotning barcha mahsullaridan foydalanayapmiz, kosmosga uchayapmiz, olis yulduzlarning titi-pitisini chiqarib, tekshirib yotibmiz, nigohlarimiz teleskoplar orqali galaktikalarning uzoq nuqtalariga borib yetayapti, ammo inson muammosi Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Mashrab davridagidan nari siljigani yo‘q. Bu muammo hali ham shunday turibdi. Xususan, siz keltirgan Rumiy hazratlari insonshunoslik masalasida nima degan bo‘lsa, bugun ham o‘sha hikmat, o‘sha tahlillar dolzarbligicha turibdi. Demak, inson mohiyatini moddiy jihat, moddiy ravnaq to‘la ochib berolmaydi. Inson hali-hanuz jumboqligicha qolmoqda, haligacha u o‘zi izlaganini topolgani yo‘q. Izlagani chetda emas, uning o‘z ichida bo‘lsa, ne tong?! Ehtimol, odamzod bu dunyoga o‘z ichidagini o‘zgalardan izlab, o‘zi bilan o‘zi kurashib, o‘zi tuzab, o‘zi vayron qilib, o‘zi tanazzulga borib, o‘zi tiklab umr kechirishga mahkum etilgandir?! Ehtimol, tiriklik mohiyati mana shu qutblar orasidagi izlanishda va o‘zini topishdadir. Ehtimol, inson qachonlardir o‘z ichidagini topib, o‘zini-o‘zi mahkumlikdan xalos qilar. Lekin hozircha xalos qilgani yo‘q. Inson haligacha o‘ziga-o‘zi jumboq. Bu jumboqning ildizini ilohiyotdan, ruhiyatdan, koinotdan, ana shu olamni birlashtiradigan o‘zidan izlash kerak, chamamda. Ana shu narsalarning hammasi, Rumiy hazratlari aytganday, insonning ichidadir. Inson ichi koinot kabi keng, ilohiyat kabi quvvatli, ruhiyat kabi sirlidir. Barcha savolga javob uning ichida, uning o‘zida, uning mohiyatida. “Har ikki olam” tahlili – bu insonning o‘zini tahlil qilishdir.

4. Siz biz gaplashayotgan adabiyot Navoiy davrida kimning yonida turgan bo‘lsa, bugun ham o‘shaning yonida turibdi. Shakllar, manzaralar, chegaralar, mezonlar, janrlar, ifoda usullari o‘zgardi, ammo adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash to‘xtagani yo‘q. Insoniyat ibtidosidagi Shayton va Rahmon kurashi hali ham davom etayapti. To‘g‘ri, bugungi voqelikda birdaniga yovuzlik va ezgulikni anglash juda mushkul. Xuddi ertaklardagi kabi ularni birdan oq-qoraga ajaratib olish juda qiyin. Ammo kurash ketayapti. Ikki qutb o‘zlarining shakllari va usullarini o‘zgartirdi, qiyofalarini ham tanib bo‘lmayapti. Chunki kurash endi botiniy tus oldi. Bu kurash insonning ko‘ngliga ko‘chdi. Bugun har qachongi davrdan ham ko‘ra, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi farqni aniqlash o‘ta mushkullashgan davr. Chunki Shayton va Rahmon inson botiniga yashirindi. Bugun Shayton ham, Rahmon uning ichida, Shayton va Rahmon markazi insonning o‘zi bo‘lib qoldi. Jamiki yovuz kuchlar xuddi ezgu kuchlar kabi inson qalbini zabt etishga kirishdilar, uni o‘ziga bo‘ysundirishga o‘tdilar. Shu sababli Shayton ham o‘zining qiyofasini ezgulik niqoblari ostiga yashirib olmoqda. Inson uchun kurash bugun barcha mafkuralarning, shuningdek, san’atning bosh vazifasi bo‘lib qoldi. Inson bo‘lmasa, bu kurashning mohiyati qolmaydi. Shu sababli, inson qanchalik chuqur tahlil qilinsa, u yerda bu kurash shuncha ko‘p yuzaga chiqib, ezgulik va yovuzlikning qiyofasi aniqlasha boradi. Inson murakkablashgani sababli, ezgulik va yovuzlik kurashi ham murakkablashdi, adabiyotning ifoda etish usuli ham murakkablashib bormoqda. Bu murakkablikdan kelib chiqib, san’at gumanizmdan chekinolmaydi. Adabiyot insonning yonida, insonparvarlikning yonida turmog‘i shart.

5. Aslida, “izmlar” insonni tahlil qilishning turli usullarini taklif qilayotgan harakatlar, urinishlardir. Postmodernizm ham ana shunday urinishlardan biri. Menga adabiyotning bosh vazifasini, uning asl missiyasini unutib qo‘yib, shakl va fikr izidan quvgan oqimlar, uning qanday nomlanishidan qat’iy nazar yoqmaydi. Xaruki Murakamini o‘qiy olmayman. Menga sun’iy tuyuladi. Ammo Kavabata yoki modernistlar otasi Kafkani yoxud Bekketni hamisha qayta-qayta o‘qiyman. Murakami adabiyotdagi zamonaviy fokusga, jimjimaga o‘xshaydi. Adabiyotning poydevori bo‘lgan inson haqidagi qayg‘udan ko‘ra, o‘zining kiyim-boshini, mashinasini, kompyuterini, mobilini, jargonini muhokama qilayotganday tuyuladi. Men bugun shov-shuv bo‘layotgan postmodernistlar haqida fikr aytishdan tiyilaman. Kafka, Kamyu, Joysda va boshqa modernist dab atalgan yozuvchilarda inson iztirobi va poeziya, nafosat bor edi. Hozirgi davr oqimlari haqida bunday deya olmayman. “Hayot ma’nisiz, ma’nisizlikka ongli munosabatda bo‘lish kerak” degan fikrni ohorsiz shakllarga solib berayotganday. Bunday jimjimador oqimlarga chalg‘ish kerak emas.

6. Bu savol oldingi savolning boshqacharoq shakli. Aslida, san’at insonning his-tuyg‘ularini qitiqlaydi, tasavvurini o‘ynaydi, fikr qilishga, o‘ylanishga majbur qiladi. Bugun o‘quvchining tasavvur qila olish darajasini sinashga qaratilgan asarlar anchagina... Shakliy, uslubiy izlanishlar, boshqotirmalar, garchi u adabiyotning asosiy talabi va mezoniga mos bo‘lsa, hech qanday xavfli joyi yo‘q. Gessening “Igra v biser”, Kortasarning “Igra v klassiki”, “62. Model qurilmasi” (62. Model dlya sborki) romanlari ham siz aytganday o‘yinga, boshqotirmaga qurilgan. Ammo ular adabiyotning barcha talablariga moslashtirilgan, bo‘ysundirilgan. Nafosat va estetika mezonlaridan chetga chiqqan har qanday shakl va mazmunning san’atga aloqasi yo‘q. San’at ana shu mezonlarda o‘yin qilish uchun yaratilgan. Bu mezonlarda turib o‘yin qilgan Bodler, Pikasso, Joys, Kafka, Prust, Bekket, Vulf, Muzil, Kamyu, Sartr, Salvador Dali, Kortasar va boshqalar bugungi oqimlarning otasi edi. Ular san’atning ifoda chegaralarini qanchalik kengaytirishmasin, ana shu mezonlar doirasidan chiqqanlari yo‘q, ular tasavvurni kengaytirdilar, his-tuyg‘ularni qitiqlashdi, fikrni kuchaytirishdi, ammo estetikaga zid ishlar qilishgani yo‘q. Men adabiyotning, uning tasviri, aks ettirishining chegarasi yo‘q degan gapga qo‘shilmayman. “Izm”larning va izlanishning ham chegarasi bor, u tasavvur, estetika, axloq va gumanizm chegaralaridir. Ana shularga yot narsalarni men asar sifatida, san’at sifatida qabul qilolmayman.

7. Adabiy tanqid masalasi bugun o‘ta dolzarb muammoga aylangani rost. Adabiy tanqid kitobxondan bir qadam oldinda yurishi kerak. Ilg‘or xorij mamlakatlarida o‘quvchilar didini tarbiyalaydgan maxsus to‘garaklar bor, gazetalar bor, maxsus adabiy did bilan shug‘ullanadigan guruhlar bor. Bizda bu ish adabiy tanqidning ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan. Adabiy tanqid esa bugungi o‘rtacha o‘quvchi darajasidan o‘sib chiqolgani yo‘q. Adabiyotshunoslarimiz xafa bo‘lishmasin. Adabiy tanqid degani faqat adabiyotshunoslik emas, yozuvchi, shoir, faylasuf, sotsiolog, umuman, ziyoli qatlamning hammasi shu doiraga kiradi. Bu dard hammamizniki. Masala shundaki, adabiy did kundan-kunga maydalashib, xiralashib borayapti. Uning xiralashishida ommaviy madaniyat bilan birga, yozuvchilarning, tanqidchilarning o‘zlari ham xizmat qilishmoqda. Ko‘cha cho‘pchakbozligining tanqidchilari paydo bo‘ldi. Ular ana shu cho‘pchakbozlikni bevosita adabiyotga daxldor qilishga ter to‘kib mehnat qilishayapti. Tuppa-tuzuk yozuvchilar ko‘cha cho‘pchakbozligiga o‘tib ketishdi. Ha, mayli, tirikchilik-da (kosibchilik qo‘lidan kelmaganlarning bunaqa tirikchilik qilishi gunoh ham, ayb ham emas, aksincha, so‘z ohorini bilmaydigan ko‘cha yozuvchilaridan afzalroq), deb yurgan edik, ammo ular endi bu cho‘pchakbozlikni adabiy asar sifatida davo qilishayaptiki, bu adabiy jarayonimizda xavotirli holat paydo bo‘lganini bildiradi. Yo‘ldosh Solijonovning aynan shu masalada kuyinib yozgan maqolasiga boshqa bir adabiyotshunos e’tiroz bildirdi, go‘yo bu bilan adabiyotshunoslikda fikrlar xilma-xilligini namoyish qildi. Aslida, bu e’tiroz mohiyatan olganda, cho‘pchakbozlikni adabiyotga tiqishtirishdan, adabiyotda paydo bo‘layotgan mayda manfaatlarning namoyishidan boshqa narsa emas edi. Yaqinda bir tuppa-tuzuk adabiyotshunosning estetika talablariga javob bermaydigan bir hikoyani og‘zidan bol tomib maqtaganini eshitgach, adabiy didimiz ancha xatarli vaziyatga tushib qolganini his qildim. Tanqidchi yozuvchi, shoirlar bilan birga adabiy did uchun mas’ullardan biri. Uning bu didni tushirishga, soya solishga haqqi yo‘q. Bugungi adabiy tanqid o‘zining faoliyatsizlik davrini boshdan kechirayapti. Ularning ayrimlari nazariyaparastlik bilan, ayrimlari cho‘pchakbozlikni adabiyotbozlikka aylantirish bilan mashg‘ul bo‘lishayaptiki, bundan xavotirlanmay bo‘lmaydi. Ilgari ham yozgandim. Milliy did, jumladan, adabiy did ham xuddi davlat chegaralari kabi qo‘riqlanishi shart. Faqat bu yerda “chegarachilar” yozuvchilar, tanqidchilar, olimlar, ziyolilar bo‘lishi kerak. Agar biz shu paytgacha shakllangan adabiy didni boy bersak, adabiyot yashab qolish imkoniyatini boy bergan bo‘ladi, o‘rnini ommaviy madaniyat namunalari bo‘lgan tijorat asarlariga bo‘shatib beradi. Tijorat adabiyoti esa hech qachon millatni tarbiya qilmaydi, uni globallashuv davrida payt poylab turgan boshqa mafkuralarga yem bo‘lishga, yutib yuborishiga zamin tayyorlaydi. Ana shuning uchun ham bu xavotirli holat.

8. San’at ijodkorning o‘zini namoyon etish usulidir. “O‘zini” deganda, ko‘p narsa nazarda tutiladi. Bu yerda o‘zlik, davr, zamon, jamiyat, qarashlar, tushunchalar jamuljam bo‘ladi. Har bir ijodkor o‘zini o‘ziga xos ifoda etgisi, shunga mos uslub, shakl tanlagisi keladi. Xuddi barmoqlarimiz kabi ijodkorning dunyoni qabul qilish tarzi ham bir-biriga o‘xshamaydi. To‘g‘ri, uslubiy yaqinliklar bo‘lishi mumkin, lekin aynan takrori bo‘lmaydi. Qodiriy bilan Cho‘lponning ma’naviy qarashlari bir-birlariga yaqin bo‘lsa ham uslublari bir-birlariga o‘xshamaydi. Bu voqelikni ko‘rish, yondashish va aks ettirishning o‘ziga xosligidan darak beradi. Ha, barmoq izlari kabi, agar ijodkor shaxs bo‘lsa, ular bir-birlariga hech qachon o‘xshamaydi. Bir-biriga o‘xshamagani uchun ham biz adabiyotning maydoni, chegarasi, usuli ko‘p va keng deymiz. Adabiy xilma-xillik – shaxslar xilma-xilligidir. Shaxs bo‘lmagan ijodkorning asarlari xuddi inkubatorning tuxumlari kabi bir-birining yo u jihati, yo bu jihatining takrori bo‘ladi, xolos. Shaxs bo‘lib shakllangan ijodkorning asarlarigina rang-barang bo‘ladi, bunday ijodkorlar adabiyot uchun voqea bo‘laoladi. Qog‘oz qoralash, yozuv ustida ter to‘kish, jild-jild kitoblar chiqarish, til qonuniyatlariga amal qilib jumlalar tuzish, ega-kesimni joyiga qo‘yish, “ijodkor” degan nomga sazovor bo‘lish, ko‘pchilikning qo‘lidan keladi, ammo kamdan-kam ijodkorlar shaxs bo‘lib shakllanadi. Shaxs bo‘lib shakl­lanmagan ijodkor esa adabiyot uchun shunchaki o‘tkinchi hodisa. Bugun bor, ertaga yo‘q. Adabiyotning shafqatsizligi ham shu yerda. Minglab odam asar yozadi, adabiyot esa faqat bitta-ikkitasini ertangi kunga yetkazadi. Qolganlari shu zamonning yilnomalari kabi o‘z davrida qolib ketaveradi. Shuning uchun shaxslar yaratgan uslublargina adabiy jarayonga ham, adabiyotga ham “quvvat”, yangilanish, toza havo beradi. Rang-baranglik – shaxslar rang-barangligidir.

9. Yozuvchini millat vijdoni deyishadi. “Millatga vijdon” bo‘lish mas’uliyatli va sharafli maqom. Ijodkorning burchi ana shu maqomga sodiq qolish va halol bo‘lishdir. To‘g‘ri, barcha zamonlarda yozuvchilar o‘tkinchi masalalarga, davr bilan bog‘liq muammolarga munosabat masalasida har xil qarashlarda bo‘lganlar. O‘tkinchi kurashlarga bog‘lanib qolib, adabiyotning bosh vazifasi unutilgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, men Soljinitsinga hurmat bildirgan holda, uning rus adabiyoti uchun juda kam asari ertangi kunga qoladi, deb o‘ylayman. Asosiy asarlari sho‘ro tuzumini fosh qilishga qaratildi. Bugun esa bu asarlarning unchalik ham ahamiyati yo‘q. Davr bilan birga Soljinitsinning dovrug‘i ham so‘ndi. Lekin men, baribir, faol fuqarolik tarafdoriman. Yozuvchi uchun o‘tkinchi muammo yo‘q. Agar u muammo millat, Vatan, inson taqdiriga daxl qilayotgan bo‘lsa, bu masalaga yozuvchi aralashishi va hal bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shishi kerak, deb bilaman. Rus tafakkuri XIX asrda Belinskiy, Gertsen, Dobrolyubov, Cherneshevs­kiy, keyinchalik Tolstoyning faol fuqarolik pozitsiyasi mahsuli bo‘lgan fikrlar bilan ravnaq topganini hech kim inkor qilolmaydi. Abadiy mavzular bilan birga insonga, uning kelajagiga, gumanizm va erkinlikka daxl qilayotgan masalalarga o‘z munosabatini bildirish ijodkorning burchi va vazifasidir. “San’at san’at uchun” qarash tarafdori bo‘lgan Tomas Mann, Stefan Sveyglar fashizm bilan kelishmay, yurtini tashlab ketishdi va umrlarining oxirigacha antifashist (kommunist emas) bo‘lib qolishdi. “San’at san’at uchun” degan qarash ijodkorni mayda-chuyda masalalarga o‘ralashib qoluvchi publitsist bo‘lib qolishdan asrash uchun aytilgan... Hamma gap shundaki, yozuvchi Xudo bergan iste’dodini o‘tkinchi kurashlarga bag‘ishlamasligi, “atomni o‘tin yorish uchun” ishlatmasligi kerak. Uning buyuk missiyasi inson qalbini poklantirish, insonni bani olam uyg‘unligi yo‘lida ruhlantirish, unga matonat bag‘ishlash, insonni oliy hidoyat sari undash, insonning xayoli va tafakkuriga qudrat, kuch ato etishdan iborat. Ana shu yo‘lda u har soniya, har kuni va har doim yonib yashashi shart bo‘ladi.

10. Bu masala haqida keyingi yillarda ko‘p gapirilayapti. Albatta, xavotir o‘rinli. Ko‘cha cho‘pchagi bilan, adabiyot boshqa-boshqa narsa. Adabiyot va madaniyatni teran tushunadiganlar hatto AQShda ham Folkner, Xeminguey, Vulf, Tornton Uaylder qatoriga hech qachon Artur Xeyli yoki boshqa bestseller yozuvchilarning nomini qo‘shib sanashmaydi. “Bestseller” inglizcha “best seller” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “eng ko‘p sotiladigan” degan ma’noni bildiradi. Bu yerda kitobning sifati, adabiy qimmati emas, uning tijorat qiymati birinchi o‘rinda turadi. Shu sababli, ko‘cha cho‘pchaklarini “adabiyot” deb emas, oddiy “tijoriy asarlar” yoki “bestseller” deb atash kerak. Ana shunda adabiyot bilan ko‘chaning yengil oldi-qochdilari o‘quvchilarni chalg‘itmaydi. Biroq bu yerda ham, eng avvalo, tanqidchilar va yozuvchilarning murosasiz nigohi, kuzatuvi hamda munosabati kerak bo‘ladi. Adabiy did milliy boylik hisoblanadi. U asrlar osha sayqallanib, rivojlanib keladi. Uni tushirishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu didni sayozlashtirishga qilingan har qanday harakatga qarshi ayovsiz kurashish kerak. Asarlar bilan, munosabat bilan, tanqidshunoslik va adabiyotshunoslik bilan. Bu – bizning adabiyotshunosligimizning burchi. Agar jilovni ko‘cha asarlariga berib qo‘ygan ekanmiz, bu yerda adabiyot uchun mas’ullardan boshqa hech kimni ayblab bo‘lmaydi. Tasavvur qilaylik, uyi­mizga bolalarimizning sog‘ligiga, axloq va o‘lchamlarga zarar beradigan odatmi, virusmi, hasharotmi kirsa, darrov bu narsalardan qutulishga harakat qilamiz, uyni tozalaymiz, tarbiya bilan jiddiy shug‘ullanamiz, tashvishga tushamiz, toki ana shu xatar yo‘qolmaguncha tinchimaymiz, halovat bilmaymiz. Adabiy did borasida ham xuddi shunday bo‘lishimiz kerak. Adabiyot yozuvchilarning “uyi”, mehrobi, unga gard yuqtirmaslik hammamizning burchimiz. Adabiyot “eng ko‘p sotilishga” emas, eng yuksak didni, nafosatni va insonparvarlikni tarbiyalashga, uni o‘stirishga xizmat qiladi. Didi baland millat esa ulug‘ evrilishlar qilishga qodir millatdir. Chunki did – bu madaniyat, tafakkur tarzidir, ham iqtisodda, ham ruhoniyatda, ham fikrda, ham madaniyatda ertangi kunga yoqilgan mayoqdir. Bugun biz qanday mayoq yoqsak, ertangi avlod o‘sha mayoq nuri bilan hayotga nazar soladi, o‘sha mayoq nuri bilan ajdodlarimiz va bani bashar qoldirgan merosga, qadriyatlarga munosabat bildiradi, o‘sha mayoq nuri bilan baho beradi, yashaydi. Bugungi adabiy jarayon ana shu mas’uliyatni unutmasligi kerak, deb hisoblayman.

 

Dilmurod Quronov javoblari:

1. Sirasini aytsam, men ko‘proq “70-yillar avlodidan keyin bizda adabiy avlod shakllanmadi” deguvchilar fikriga qo‘shilaman. Biroq bu fikrni yozg‘iriq ohangida yoki adabiyotimizga 70-yillar avlodidan keyin kirib kelganlarni kamsitish ma’nosida aytish to‘g‘ri emas, deb bilaman. Nazarimda, savolda XX asr o‘zbek adabiyotidagi adabiy avlodlar juda to‘g‘ri sanab o‘tilgan, har birining g‘oyaviy-estetik mavqei, ijodiy kredosini belgilagan asosiy omil – davr dominant ijtimoiy kayfiyati mohiyati ham lo‘nda ifodalangan. Haqiqatan ham sanalgan avlodlar g‘oyaviy va adabiy-estetik qarashlari jihatidan bir-biridan aniq-tiniq farqlanadi. Savol tug‘iladi: mumtoz adabiyotimizda hozir biz nazarda tutayotgan ma’nodagi “adabiy avlod”lar bormi? O‘ylaymanki, agarda yo‘q desam, birov e’tiroz qilmasa kerak. Demak, adabiy avlod degani muayyan davr, shu davr yuzaga keltirgan ma’lum shart-sharoitlar mahsuli ekan-da! Fik­rimcha, shunday: u shaxs ijtimoiylashgan, o‘zining mohiyatiyu taqdirini jamiyat bilan birlikdagina idrok qilib, ijtimoiylikni shaxsiylikdan ustun qo‘ygan davr mahsuli. Hozirgi inson esa, buni xoh G‘arb ta’siri deng va xoh boshqa, tamomila boshqa olam: u turmushini yaxshilash, o‘zi va yaqinlarida mavjud imkonlarni namoyon etishu farovon yashash uchun zarur sharoitlar yaratish... kabi oddiy, kundalik tashvishlar bilan andarmon. Iloj qancha, yaqin-yaqinlargacha adabiyotimiz “meshchancha” deya qoralab kelgan turmush va tafakkur tarzi endi odatiy normaga aylanib ulgurganini tan olishga to‘g‘ri keladi. Aytmoqchimanki, “yangi davrga xos bo‘lgan kayfiyat”, menimcha, shuning o‘zidir. To‘g‘ri, ich-ichimizda bu bilan kelisholmay turganimiz bor gap: ijtimoiy fikrga keng miqyosda ta’sir qila oladigan adabiyotni, nafaqat badiiy, balki ijtimoiy tafakkurning ham ilg‘orida boradigan ijodkorlarni – shu kunning gapini aytadigan “adabiy avlodni” hanuz sog‘inayotganimiz shundan. Holbuki, “yangilangan kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod ham vo­ya­ga yetgan”, faqat undan endi salaflaridagi belgilarni izlash befoyda. Negaki, endi ijod ahlining barini birdek o‘rtovchi umummilliy dard yo‘q, ya’ni bugun san’atkorning ijtimoiy dardni shaxsiylashtira olishi kifoya emas, aksincha, shaxsiy dardni ijtimoiy ahamiyatga molik darajada badiiy talqin qila olish salohiyati zarur. Endi bir o‘ylang, bugungi san’atkor – umumning dardini emas, avvalo, o‘zini ifodalayotgan odam hammaning diliga birdek yo‘l topishi, hammaning dilidagini ayta olishi mumkinmi? Fikrimcha, yo‘q, uning aytganlari faqat bir qismning ko‘nglidagina aks-sado beradi, chunki ommadagi badiiy did turfa, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlar ham xilma-xil. Ikkinchi tomoni, ijodkor bugun, avvalo, o‘zini ifodalayotgan ekan, demak, asarlarda voqelanayotgan shaxsiyatning darajasi, ma’naviy-ruhiy imkonlari-da turfa: birida olamiy muammolarning tashvishli talqini, boshqasida ko‘ngilning olis puchmoqlarida botin – shahvoniy va yo vahshiyona mayllar muhri... Ijodkorlarning kimisi atrofidagi narsa-hodisa va yo voqeadan hikmat izlaydi, boshqasi tamom yangi voqelik yaratish payida, tag‘in birisi uchun aytaridan ko‘ra aytish jarayonining o‘zi muhimroq – so‘zlarni, ramzu timsollarni o‘ynatish bilan ovora.

2. Avvalo, agar xilma-xillik bebaho boylik deya e’tirof etilarkan, bugun o‘zining g‘oyaviy-estetik mavqeiga ega adabiy avlod shakllanmayapti, deya koyishimiz o‘rinsiz. Ijod erkinligi masalasiga kelsak, u bugunning kun tartibidan olingan desak bo‘laveradi. Biroq, nazarimda, boshqa bir masala – erkinlikning hadlari bormi yo chek-chegarasizmi degan masala dolzarblasha boshladi. Sirasi, ijod erkinligi ham demokratiyaga o‘xshash narsa: demokratiya huquq va burch birligini nazarda tutadi, agar burchlar inkor qilinsa, anarxiya yuzaga keladi. Shunga o‘xshash, ijodkor ham erkin, lekin u burchini – milliy madaniyat vakili ekanini, qadriyatlar, urf-odat va an’analarga hurmat bilan qarashga burchli ekanini ich-ichidan his qilmog‘i kerak.

Ha, bugungi rang-baranglik ijodda ijtimoiylik ustuvor bo‘lgan XX asr adabiyoti bilan bog‘liq shakllangan “adabiy avlod” tushunchasini inkor qiladi. Endi adabiyotimizning qiyofasi mozaikasimon ekaniga ko‘nishimiz, ko‘nikishimiz lozim. Zero, bu tabiiy va qonuniy bir holdir. Shunaqa ekan, avvalo, bugungi adabiy jarayondagi hodisalarga munosabatni shunga moslash, uni dunyoni badiiy idrok qilish bobidagi har qanday g‘oyaviy, badiiy-uslubiy izlanish – yashashga haqli degan tamoyilga qurish kerak bo‘ladi. Ya’ni turli “izm”lar haqida balanddan turib, burun jiyirib gapirish to‘g‘ri emas. Aksincha, adabiyot rivoji endilikda o‘sha “izm”lar orasidagi sog‘lom raqobat muhitini taqozo etadi. Mayli-da, axir, bir-biriga yaqin ijodkorlar o‘z klublari, adabiy maktablarini tashkil qilsinlar, ijodiy-estetik dasturlarini ishlab chiqsinlar, o‘zlarining matbuot va internet nashrlarini ta’sis etsinlar... Ravshanki, mavjud sharoit ijodiy uyushmalarda ham shunga mos tarkibiy o‘zgarishlar qilish, ularning faoliyatini uyushmalar uyushmasi tarzida yo‘lga qo‘yishni zaruratga aylantiradi.

3. Savolning o‘zida ichki ziddiyat ko‘ryapman: agarki adabiyot “men”imiz ekan, u “besh kunlik dunyo”dan ayro tusholmaydi, negaki, “men”imiz dunyo bilan munosabatdagina mavjud. Bas, adabiyot o‘sha “men”ni dunyo bilan uzviy aloqada, ya’ni dunyodagi “men”ni yoki “men” orqali dunyoni o‘rganadi. Shunaqa ekan, ularni bir-biriga bu qadar keskin qarshi qo‘ymagan ma’qul ko‘rinadi. Axir, bizga shu besh kunlik dunyonigina qisman bilish imkoni berilgan, buni Rumiydan keltirilgan fikr ham tasdiqlab turibdi. To‘g‘ri, adabiyotning voqelikka badiiy illyustratsiya bo‘lishi ham, mafkura xizmatchisi bo‘lishi ham noravo, lekin ulardan butkul xoli ham bo‘lolmaydi. Zero, ijodkor voqelikni badiiy idrok etarkan, u haqdagi muayyan fikr-qarashlarini ifoda etadi. Bas, jamiyatda yashab turgan shaxs sifatida ijodkorning fikr-qarashlari mavjud mafkuralardan biriga yaqin bo‘lishi ajablanarli emas. Ha, biz sho‘rocha andozadagi adabiyot va mafkura munosabatidan zadamiz, shuning ta’sirida ikkisini bir-biridan tamom ayirishga harakat qilamiz. Holbuki, bir tomoni ong sohasi bo‘lmish adabiyotning ichki mohiyatidan kelib chiquvchi mafkuraviylikni inkor qilish zo‘rlikning boshqacha ko‘rinishidir.

4. Ha, sirtdan qaraganda adabiyot hanuz ezgulik tomonida turgandek esa-da, afsus­ki, bu tashvishda asos yo‘q emas... Hammaga ma’lum, badiiy asardagi oshkor didaktika – nasihatbozlik qanchalik g‘ashga tegsa, namoyishkorona ezgulik bayroqdori bo‘lish ham shunchalik erish tuyuladi. Men sariq matbuot sahifalarida urchigandan urchib yotgan “ibratli” hikoyalarni nazarda tutyapman. Ehtimol, o‘zini shulardan farqlash uchun chin adabiyot ezgulik uchun kurashishdan “uyalibroq” turgan bo‘lsa bordir. Albatta, bu noto‘g‘ri, bu o‘z mavqeini qo‘shqo‘llab topshirish, janggohdan ura qochishdan boshqa emas. Umid qilamizki, chin adabiyot bu xatosini tez anglaydi va yana o‘z maqeini egallaydi. Biroq bu o‘rinda masalaning boshqa bir jihati muhimroq ko‘rinadi. Aytaylik, jangari filmlarni ko‘p ko‘rganmiz – ularda qahramon hamisha ezgulik tarafida. Lekin ezgulik tantanasi kadr ortida qoladi, tomoshabinni esa kadrdagi mushtlashuvlar, otishmalar, qon to‘kishlar, fahsh sahnalar o‘ziga jalb etadi... Albatta, buning inson psixologiyasi bilan bog‘liq asoslari bor, lekin hozir gap bu haqda emas. Gap shundaki, adabiyotda ham shu hol bot-bot ko‘zga tashlanib qolayotir. Masalan, birov fohisha hayotini qalamga oladi-da, unda-da avvalo, bir insonni ko‘rmoqni, taqdir degani kutilmagan evrilishlarga boyligiyu inson hayotining u yo bu o‘zandan ketishiga atrofdagilar ham sababchi bo‘lishlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Niyat-ku yaxshi, lekin sho‘rlik niyat fahsh sahnalar soyasida ko‘milib ketadi-da! Eng yomoni, aksar epizodlar milliy ruhga ozor yetkazadi, badiiy didga o‘tirishmaydi. Qizig‘i, birov buni beayov tanqid qilsa, boshqasi shuni o‘qimasdan adabiyotshunosman, deb yurganlarni koyiydi, tag‘in birisi buni Cho‘lpon boshlagan an’analarning davomi deydi. Mayli, Cho‘lponning yozganlari o‘z davri uchun juday-la oshkora, bunga qo‘shilaylik ham. Holbuki, Cho‘lpon tasviridagi fohisha o‘zi tushib qolgan botqoqdan chiqish umidida pul yig‘ib, kun sanab yurgan bir mazluma, Miryoqub bo‘lsa o‘zidagi “itlik”dan qutulib, odam bo‘lishga chog‘langan inson. Cho‘lpon fahshni tanazzul sabablaridan biri sifatida talqin qiladi, eng muhimi, uning yozganlari insonning shahvoniy mayllariga emas, ong-tafakkuriga qaratilgan. Afsuski, hozirda yaratilayotgan ayrim asarlarga nisbatan bu gapni aytib bo‘lmaydi. Aytmoqchimanki, ijodkorning o‘z oldiga ezgu niyat qo‘yganining o‘zi kam, bu niyatning qay yo‘sin amalga oshirilishi pirovard natijani – o‘quvchida qanday taassurot qoldirilishini belgilaydi.

5. Nazarimda, adabiyotimizdagi G‘arb ta’siri masalasi ko‘tarilsayoq vahima ohangi o‘z-o‘zidan baland pardaga ko‘tarilib ketaveradigandek tuyulaveradi menga. Umuman aytaman-da, hozir gap kelib qoldi... Oybekni eslang: Blok she’riyati bilan tanishgach, she’riyat haqidagi fikrlarim butkul o‘zgarib ketdi, deya e’tirof etgandi u. Jumladan, shoir Blokdan rus simvolizmiga xos va keyincha impressionizm mutlaqlashtirgan “oniy lahzani” tasvirlash manerasini ijodiy o‘zlashtirdiki, shuning mahsuli o‘laroq 20-yillarning oxirlarida peyzaj lirikasining go‘zal namunalari degulik qator betakror she’rlarini yaratdi. Lekin bu bilan Oybek simvolist ham, impressionist ham bo‘lib qolmadi – milliy shoirimizligicha qoldi. Bir paytlar Cho‘lponga Freyd ta’limoti ta’siri haqida yozgandim: adib psixoanalizga xos yondashuvni Miryoqub ruhiyati tahlilida qo‘llaydi. Cho‘lpon ham bu bilan freydchi bo‘lib qolmadi – bor-yo‘g‘i milliy romanchiligimizni bir odim ilgarilatdi, xolos. Bunaqa misollarni yana keltiraverish mumkin, lekin bunga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman. Faqat aytmoqchimanki, milliy madaniyatimiz o‘zga madaniyatlar bilan aloqada o‘zligini yo‘qotar darajada g‘arib emas, aksincha, g‘oyatda boy va tomirlari teran madaniyatdir. Bas, madaniyatlararo muloqot jarayonida u o‘ziga singishadigan, O‘ZINIKI bo‘lib keta oladigan jihatlarnigina olib, boshqalarini siqib chiqarishga qodir. Aminmanki, postmodernizm ham bundan istisno emas. Mazkur qonuniyatning mudom amal qilishi uchun ko‘p narsa talab etilmaydi – ijodkorlarimiz milliy o‘zligini, qaysi va qanday madaniyat vakili ekanlarini unutmay qalam tebratsalar kifoya.

6. Yo‘q, chamasi, bu masaladagi qarashim birmuncha optimistikroq va u, avvalo, insonning, soniyan, adabiyotning tabiatidan kelib chiqadi. Inson bir jihati ijtimoiy maxluq ekan, uning darddan mutlaq xoli bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Modomiki, dard bo‘lar ekan, inson izhor ehtiyojini tuyadi. Izhor vositalaridan biri adabiyot bo‘lsa, u inson tomonidan inson uchun yaratiladi va ijtimoiy munosabatlar tizimida yashaydi. Shularning o‘ziyoq, fikrimcha, adabiyotning kun kelib tamom o‘yin bo‘lib qolmasligiga kafildir. O‘yinga kelsak, u ijod tabiatiga yot emas, o‘zingiz aytgandek, ijodda o‘yin momenti qadimdan bor: so‘z o‘yinlari, o‘tkir qochirimlar, turfa ko‘rinishdagi shakl o‘yinlari... Ijodkor uchun bular bari – vosita edi: fikr-hisni o‘ziga xos tarzda ifodalash va estetik zavqni kuchaytirish vositasi. Vaqti keldiki, postmodernchilar vositani mutlaqlashtirdilar, unga tugal maqsad deb qaray boshladilar: ularning ijodiy izlanishlari bois ijoddagi o‘yin ko‘lami, imkonlari bag‘oyat kengaydi. Biroq bu hol, fikrimcha, mangu qololmaydi: qazisan, qartasan – o‘z aslingga qaytasan, deganlaridek, o‘yin yana vosita maqomiga qaytadi. Zero, o‘zni ifodalash ehtiyojisiz ijod yo‘q, bas, o‘yin yana o‘zni ifodalashga, postmodernchilar kengaytirgan imkonlari bilan endi yanada samaraliroq xizmat qiladi. Darvoqe, bu qadar ishonch bilan gapirishim bejiz emas: badiiy tafakkur tarixidagi faktlar shunga asos beradi. Eslang-a, shovqin-suron bilan maydonga chiqqan impressionizm, ekspressionizim, ong oqimi, absurd kabi “izm”lar o‘z davrida nimanidir mutlaqlashtirgan, o‘shani asosga qo‘yib, adabiyot shunday bo‘lur degan da’voni o‘rtaga tashlagan edi. E’tirof etish kerak, ularning har biri o‘zi asosga qo‘ygan narsani yuksak darajada rivojlantirdi. Oqibat shu bo‘ldiki, ular rivojlantirgan narsa badiiy tafakkurga singib ketdi – adabiyot esa aslicha qoldi, faqat ularning ijodiy izlanishlari hisobiga imkonlari kengaydi, xolos.

7. Menga qolsa, gapning po‘stkallasini aytib, tanqidchiligimiz bir joyda depsinib qolgani tobora ravshan bo‘lib boryapti, u o‘z missiyasini bajarolmay qoldi, degan bo‘lardim. Mayli, javobi qanchalar noxush bo‘lsa ham, avval mana bu savollarni qo‘yib ko‘raylik: “Bugun adabiy tanqidiy asarlar o‘qilyaptimi? O‘qilsa, kimlar o‘qiyapti?” Afsus, birinchi savolga dadil “ha!” javobini berishimiz mushkul. Sir emas, adabiy tanqidiy chiqishlarni, asosan, mutaxassislar hamda matbuotni muntazam kuzatib borishga o‘rganib qolgan ayrim katta yoshli o‘quvchilar “tarki odat – amri mahol” qabilida o‘qiydilar. Men bu gaplarni pedagogik faoliyatim davomidagi kuzatishlardan kelib chiqib aytayotirman: ertaga filolog mutaxassis bo‘lib yetishadigan talabalarni olasizmi yo malaka oshirishga kelayotgan til-adabiyot o‘qituvchilarinimi – adabiy-tanqidiy materiallar chop etib boriladigan nashrlarni o‘qiydiganlari yuzdan birni ham tashkil qilmaydi desam, lof emas. Mazkur sharoitda “tanqid ommaning badiiy didini tarbiyalashga mas’ul” degani quruq gap, negaki amalda “tanqid –tanqid uchun” tamoyili hukm surmoqda. To‘g‘ri, adabiy tanqidiy ishlarni chop etadigan nashrlar ham, ularning adadi ham kam, boz ustiga, ularning talablari ham tanqidchilarni biroz cheklaydi. Lekin bu asosiy sabab emas. Fikrimcha, tanqidning o‘zi o‘zgarishi zarur. Bilasiz, hozir tanqidchi o‘zini, avvalo, adabiyotshunos o‘laroq his qiladi, yozganlarida ham olimning nazari ustuvor. Balki, adabiy tanqidiy asarlarni ko‘proq mutaxassislar o‘qishining sababi shundadir?! Holbuki, tanqid o‘quvchi omma bilan muloqot qilishi, uni adabiy asar mohiyatiga yaqinlashtirishi, muhimi, unda o‘qish ehtiyoji va uqish malakasini shakllantirishi lozim. Bu esa, o‘z navbatida, shu maqsadlarga mos uslub va ifoda tarzini taqozo etadi. Aytmoqchimanki, adabiy tanqidiy asar ilmiy maqoladek emas, adabiy asar kabi o‘qilishi, bir so‘z bilan aytsak, O‘QIShLI bo‘lishi kerak. Ayni chog‘da, munaqqid o‘z fikrlarini puxta adabiy-nazariy asosda turgan holda ifodalashi lozim bo‘ladi. Fikrimcha, tanqidchilik shu talablardan kelib chiqib o‘zini o‘zgartirsa, undagi siz aytgan muammolar ham navbati bilan hal bo‘ladi.

8. Ijod ahli botinida kechuvchi “eski va yangi” kurashi hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Bu iste’dodning tabiati bilan bog‘liq qonuniy bir holdir. Zero, iste’dod tabiatan yangilikka, originallikka intiladi, ikkinchi yoqdan, uning fitratida ajdodlar to‘plagan tajribaning genlar orqali o‘tib kelgan qaymog‘i mujassamdir. Ya’ni chin iste’dod missiyasi tafakkur imkonidagi barcha fikrlar aytilib, ko‘ngildan kechishi mumkin barcha hislar ifodalanib bo‘lgan bir sharoitda “o‘z gapi”ni aytmoqdirki, “eski va yangi” kurashining bardavomligi shundan. Ayni hol hatto bizga (yo ijodkorga) mutlaq yangilik tuyulayotgan narsa ham asli an’ana zaminida turishini ta’minlaydi. Demak, masala bizning o‘sha zaminni ko‘ra olayotganimiz yo ko‘ra olmayotganimiz, ijodkorning buni e’tirof etayotgani yo etmayotganida, xolos. Sirasi, bizga yoqish yo yoqmasligidan qat’i nazar, o‘z “ijodiy meni”ni yuksak baholash chin iste’dodga xos xususiyat: undagi shu his va o‘z so‘zini aytish ehtiyoji badiiy tafakkurni rivojlantiruvchi asosiy omillardir. O‘zi yaratayotgan yangilik shavqida iste’dod an’ana zaminida turganini iqror qilmasligi ajab emas, zero, ijodiy izlanishlariga o‘zini an’anaga qarshi qo‘yishdan quvvat oladi. Bunday qarshi qo‘yish, botinda kechuvchi “eski va yangi” kurashi iste’dod ijodiy o‘zligini qaror toptirgachgina barham topadi. Zero, endi uning ijodiy izlanishlari mahsuli – yangilik voqelanib ulgurgan, an’anaga bir zarra misoli qo‘shilib ketgan bo‘ladi... Ijodkor botinida kechuvchi “eski va yangi” kurashini shunday tushunganim uchun savolda tilga olingan bongni eshitadigan quloqlarimiz tom bitmasligiga ishongim keladi.

9. Fuqarolik va san’atkorlik burchi degan tushunchalarni bir-biridan bu tarz ajratishda, nazarimda, biroz sun’iylik bordek. Zero, adabiyot o‘zni ifodalash shakli ekan, asar o‘zida yaratuvchisining shaxsini aks ettiradi. Shaxs degani esa – bir butun, uning bu qismi fuqaro, bunisi san’atkor deya ajratib bo‘lmaydi. Ha, she’rlaridan birida Sh.Rahmon “rubobiy she’r”lar yozish o‘rniga kurashib o‘tgani uchun o‘kingani bor. Lekin bu, menimcha, oniy bir kayfiyat. Haqiqatda shoir qarshisida “rubobiy she’r­lar yozsammi va yo kurashchan she’rlar?” tarzidagi tanlov zarurati turgan emas. Yo‘q, u atigi o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ravishda to‘laqonli yashagan va davrini ko‘nglida yashatgani holda dilidagini izhor qilgan – qalamidan o‘sha sizu biz bilgan kurashchan she’rlar to‘kilgan. Ya’ni shunday yashash uning bandalik taqdiriga, shunday yozish shoirlik qismatiga bitilgandir... Savol o‘zi g‘oyat murakkab, buning ustiga muayyan yo‘riq-tavsiya berishni talab qilayotgandek: javob berishga jur’at yetishmaydi, bermaslikka ham ko‘ngil bo‘lmaydi. Fikrimcha, ijodkor insoniy komillikka intilib, atrofidagilarni ham barkamolu jamiyatni mukammal ko‘rish istagi bilan yashasa, ayni shu hayotiy mavqei bilan voqelik munosabatidan tug‘ilgan o‘y-hislarini ro‘y-rost va go‘zal tarzda ifodalasa, bas – fuqarolik burchini ham, san’atkorlik burchini ham o‘tagan bo‘ladi.

10. Paradoks shundaki: badiiy tafakkur jihatidan adabiyotimizda o‘sish bo‘lgani holda kitobxonlik darajasi tushib boryapti. Afsuski, bu gap faqat “jiddiy adabiyot”ga nisbatan to‘g‘ri, chunki turfa nomdagi ommaviy nashrlar ham, ularning adadi ham, demak, o‘quvchilari ham ortib bormoqda. Bu esa o‘sha “jiddiy adabiyot” bilan o‘quvchi omma orasida jarlik kattarib borayotganidan darakdir. Albatta, buning ko‘plab sabablari bor, bu haqda ko‘p aytildi va yana aytiladi. Men bu o‘rinda “jamiyat miqyosida jiddiy adabiyot haqida qayg‘urmog‘imiz kerak” degan fikrni quvvatlayman. Mavjud ahvolni o‘nglash uchun esa bir necha yo‘nalishda ish olib borishga to‘g‘ri keladiki, shulardan eng muhimi, fikrimcha, adabiy ta’limdir. Menga qolsa, ilgari ham yozganimdek, adabiy ta’limning pirovard maqsadini aniq va lo‘nda qilib quyidagicha belgilagan bo‘lardim: o‘quvchi ta’lim muassasasini adabiy asarni o‘qish, uqish, his qilish, undan zavqlana bilish malakalarini egallagan, adabiyot o‘qishni o‘zi uchun zarurat maqomidagi tabiiy ehtiyojga aylantirgan holda tark etmog‘i kerak. Bu esa adabiy ta’limni shulardan kelib chiqqan holda isloh qilish, shularni nazarda tutib o‘quv dastur va rejalari tuzish, darsliklar, metodik ishlanmalar yaratish va, muhimi, har bir mashg‘ulotni shu maqsadlarga mos holda tashkil etishni talab qiladi.

 

Rahimjon Rahmat javoblari:

1. Rostini aytsam, o‘tgan yigirmanchi asrda, jahon adabiyoti mezonlari bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, o‘zbek nas­rida adabiy-estetik qimmatga ega bo‘lgan asarlar ko‘p yaratilmadi. Bunga sabab uzoq yillar adabiyotimizda “sotsrealizm” degan soxta va o‘ta zararli metodning hukmron bo‘lishidir. Bu metod yozuvchini eng asosiy quroli – ko‘ngildan kechadigan rost kechinmalarni tasvirlash imkoniyatidan mahrum qildi. Albatta, iste’dodli yozuvchi “sotsrealizm” degan metod qo‘ygan chegaralarni juda osonlik bilan buzib o‘tib, ko‘ngli buyurgan va o‘zi haq deb bilgan fikr-tuyg‘u va g‘oyalarni qog‘ozga tushirishi mumkin. Ammo bu kabi asar, birinchidan, yorug‘lik yuzini ko‘rmas edi. Ikkinchidan esa, erkin fikrli yozuvchining taqdiri xavf ostida qolishi ham hech gap emasdi. Bir narsa to‘g‘risida chuqurroq va insonlarga xos fikr yuritib ko‘raylik. O‘tgan asrning 30-yillar avlodi deb ataydiganimiz Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda va boshqalar 20-yillardagi erkin fikrli yozuvchilar – Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va Fitratlarni aynan erkin fikrli yozuvchi bo‘lganligi uchun jismoniy o‘limga mahkum etilganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu narsa ularning ko‘nglida juda katta qo‘rquv va ehtiyotkorlik paydo qilishi shubhasizdir. Biz 30-yillar yozuvchilarining qalbi tubida qanday qo‘rquv, vahima va hadiklar pinhonligini faqat tasavvur qilishimiz mumkin, xolos. Ikkinchidan esa, kommunistlar adabiyot va san’atning jon tomiri bo‘lgan din va falsafani jamiyatdan butunlay quvib chiqardilar. Ijod ahli uchun partiya s’ezdlaridagi qarorlar ilhom manbai qilib belgilandi. Bu deganimiz shuki, qushni keng va ozod osmondan mahrum qilishdi, u faqat qafasning ichida kalta-kalta parvoz qilishi mumkin edi, xolos. Shunday sharoitda ham, adiblarimiz e’tiborga loyiq asarlar yoza bildilar. G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhor prozasi o‘zbek nasrining yaxshigina namunasidir. O‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Har qancha e’tiroz bildirsak-da, Abdulla Qahhor yoki G‘afur G‘ulom qabrdan tirilib kelib, boshqacha asarlar yoza olmaydilar. Demak, har qanday ijodkor ijodiga baho berayotganda, u yashagan davrni ham alohida hisobga olish kerak. “Sarob” romani badiiy jihatdan juda ham pishiq, puxta. Asarning obrazliligi juda yuksak. Ammo romanning g‘oyasi anchayin sust, bo‘sh. Yozuvchi o‘z erki bilan emas, balki tashqaridan bo‘ladigan bosim va davr taqozosiga ko‘ra asar g‘oyasini belgilagan.

Jangga kirayotgan askarning qo‘lida sifatli va zamonaviy qurollar bo‘lishi lozim. Qurolsiz askar dushman uchun tirik nishondir. Demak, o‘tgan asrning 30-yillarida adabiyotga kirib kelgan iste’dodlar mavjud sharoitga ko‘ra o‘z iste’dodlaridagi bir qator sifatlarni amalda ishlatishdan mahrum etilgan edi. Bir narsaga e’tibor qaratish kerakki, bu davrda yozuvchilarimiz oddiy sevgi iztirobini ham asarga aylantira olmas edi. O‘sha davr – kishi ko‘nglida kechadigan ishqiy-intim kechinmalarni ham tan olmagan. Bir so‘z bilan aytsak, kommunistik mafkura insonning botiniy olamiga ham xo‘jayinchilik qilgan. Shuningdek, oddiy odamning siyosiy g‘oyaga aloqasi bo‘lmagan maishiy turmushidagi ikir-chikir hodisalar to‘g‘risida ham yozish mumkin bo‘lmagan bu davrda.

Keyingi davr – 60-yillar o‘zbek nosirlari ijodida kommunistik mafkuraning sezilar-sezilmas soyasida bo‘lsa ham, oddiy insonning maishiy hayoti va insoniy sevgilar tasviri ko‘zga tashlana boshladi. O‘zbek o‘quvchisi o‘zining oddiy turmush tarzi aks etgan, sevgisi tilga olingan asarlarni rostdan ham sog‘ingan edi.

70-yillarga kelib, garchi o‘zbek badiiy tafakkurida inqiloblar sodir bo‘lmagan bo‘lsa-da, yozuvchilar ijodida kommunistik mafkura soyasi butunlay g‘oyib bo‘ldi. Adiblarimiz asar yozayotib davrning hukmron mafkurasini tasodifan yoddan chiqarib qo‘ygandek edi. O‘zbek hayotining maishiy hayoti, ishq-muhabbati, iztiroblari, mehr-oqibat, insof-diyonat kabi mavzular keng ko‘lamda qalamga olindi. Adabiyotimizda turli qatlam vakillarining obrazlari – yangi personajlar paydo bo‘ldi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, ayrim yozuvchilar ijodida kommunistik mafkura, xususan, bu mafkuraning posbonlariga nisbatan beozor kinoyalar paydo bo‘ldi. Ayrim yozuvchilarimiz esa, shakl va mazmunda keskin o‘zgarishlar yasashga ham urinib ko‘rishdi. Xullas, 70-yillarda uzoq vaqt asoratda ushlab turilgan, qafasga qamab qo‘yilgan o‘zbek badiiy tafakkurida erkinlik, jonlanish tamoyillari sezildi.

Mustaqillik yuz bergandan keyingi o‘zbek nasri esa samarali izlanishlar jarayonini boshdan kechirayotir. Yangi avlod yozuvchilari yo‘q yerdan yoki butunlay Yevropa adabiyoti zaminida paydo bo‘ldi, deya olmayman. Aksincha, ularning ijodi o‘zbek nasri zamirida uzoq yillardan buyon kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarning yorqin namunasi, mantiqli davomi, ko‘ngilni umidlantiradigan bir bosqichidir.

Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, keyingi qariyb yuz yillikda o‘zbek nosirlari o‘z davri bergan imkoniyat va mavjud ehtiyojga yarasha iste’dodlarini namoyon qilishdi. Bir davrning adiblari boshqa bir davrning nosirlaridan ko‘ra iste’dodliroq edi, degan fikrga umuman qo‘shilmayman. O‘zingiz takrorlab yuribsiz-ku: “hamma zamonlarda Navoiy kabi buyuk iste’dod sohiblari tug‘iladi. Lekin bu iste’dodlarning Navoiy yoki Binoiy bo‘lib qolishini davr belgilaydi”, deb. Xuddi shunday.

Yuqorida aytdikki, keyingi yuz yilda, har o‘n-yigirma yilda ijodiy erkinlik kengayib, yozuvchini o‘z imkoniyatlarini to‘laroq namoyon qilishga sharoit yaralib kelgan. Bugungi davrdagi ijodiy erkinlikni 70-yillardagi ijodiy erkinlik bilan aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Hozirgi kunda yozuvchilarimiz jahon adabiyoti tarixidagi mavjud barcha usul va shakllardan foydalashi, insoniyatning barcha jabhadagi tarixlarini chuqur o‘rganib, barcha fanlarni o‘qib o‘z iste’dodlarini to‘la namoyon qilishlari mumkin.

2. Ijodiy erkinlik – iqtisodiy erinlik mevasi ekanligini anglab yetish zarur. Yigirmanchi asrda o‘zbek adiblari iqtisodiy jihatdan siyosiy hokimiyatga to‘la qaram edi. Qaram yozuvchi esa o‘zi yashab turgan hayotga xolis yondashib asarlar yozishga biroz qiynaladi. Aytishadiki, iqtisodiy erkinlik sharoitida badiiy tafakkur rivojlanadi deb. Hozir bizlar iqtisodiy liberalizm davrida yashayapmiz. Davr demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan. Bu demak, ijodiy erkinlikdan birinchi navbatda jamiyatning o‘zi manfaatdor.

Har holda, hozirgi davrda o‘zbek adabiyotida jiddiy asarlar yuzaga kelishi uchun ob’ektiv vaziyat mavjud. Ya’ni, birinchidan, siyosat adabiyotni majburan o‘z izmiga solishga harakat qilayotgani yo‘q. Chunki erkin fikrlilikdan manfaatdor jamiyat ijod ahlining tafakkur tarziga aralashmaydi. Va shunday bo‘lyapti ham. Ikkinchidan, bugungi ijodkor, davlatga iqtisodiy qaramlikdan qutilib, yashashi uchun kerak bo‘layotgan ne’matlarni o‘z mehnati bilan topyapti. Bu narsa ham uning erkin fikrli ijodkor bo‘lishiga katta bir imkoniyatdir. Bugungi kunda yaratilayotgan asarlar birinchi navbatda hech qaysi jihatdan biron-bir kuchga qaram bo‘lmagan, tafakkuri erkin va ozod ijodkorning qalbida kechayotgan tirik hodisa, jarayon sifatida qimmatga egadir. Masalan, Nazar Eshonqulning “Bahoviddinning iti”, Isajon Sultonning “Qismat”, Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv“ hikoyalarini o‘qiyotib, bu asarlarni qalbi va tafakkuri to‘la erkin ijodkor yozganini his qilasan. Ikki yil burun Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” romani qo‘lyozmasini o‘qib chiqqandim. Asarda asli tirik odam jamiyatda o‘zining tirik ekanligini isbot qilaman, deb rosa urinadi. Lekin uning har bir urinishidan keyin jamiyat uning tirik ekanligini battar tan olmaydi. Menda juda katta taassurot qoldirdi bu asar. Inson o‘ta mantiqsiz, yovuz va chigal g‘oyalarning qurboni bo‘lib ketishi mumkinligini tushungandek bo‘lgandim. Nazar, aslida, bu romanini o‘tgan asrning 90-yillarida yozgan edi.

Ulug‘bekning 1996 yilda yozib ulgurgan “Yolg‘izlik” qissasiga men so‘zboshi yozgandim. Bu asarda inson botinida sezilar-sezilmas kechadigan, hech qachon tilga chiqmaydigan fikr-tuyg‘ular aks etganligi menga ma’qul kelgan edi. Aslida, ko‘nglimizning tub-tubida sodir bo‘ladigan hissiy jarayonlarni o‘zimiz ham to‘la-to‘kis idrok eta olmaymiz. “Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira” deydi Abdulla Oripov.

Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” va Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanining mazmun-g‘oyasida bir-biriga yaqinlik sezaman. “Go‘ro‘g‘li”da asar qahramoni o‘zining tirik ekanligini isbotlay olmay halak, “Boqiy darbadar” romanida esa yozuvchi inson qismatining mohiyati darbadarlik ekanligini urg‘ulaydi. Mushtarak ma’no shuki, darbadarlik ham tiriklik emas. “Yolg‘izlik” qissasi qahramoni his-tuyg‘ularida ham darbadarlik, o‘zining tirik ekanligiga shubhalar seziladi.

Shu o‘rinda bir uzrimni aytib o‘tishim joizki, hozirgi kunda turli yo‘nalish va janrlarda asar yozayotgan adiblarimiz juda ko‘payib ketdi. Besh-oltitadan kitob nashr qilib ulgurgan bir qator yozuvchilarning nomini ham eshitmaganman. Ba’zan kitob do‘koniga bosh suqqanimda, adabiyotimizda juda ko‘p yangi nomlar paydo bo‘lganligini ko‘raman, xolos. Ya’nikim, adabiyotimizda paydo bo‘layotgan hamma asarlarni bir boshdan o‘qib, tahlil qilish imkoniyatim yo‘q hisobi.

Bir narsani ta’kidlash kerakki, dengiz ko‘piksiz bo‘lmaganidek, bugungi kunda bachkana iste’dodsizlik modernizm degan jiddiy hodisani o‘z aybini yashirish uchun niqob qilishga harakat qilyapti. Bir tikuvchidan : “Har xil ko‘ylaklardan chiqqan qiyqimlarni nima qilasan?“ deb so‘raganimda u: “Tashlab yuboraman“ deb aytgandi. Shunga o‘xshagan gaplar-da... Yana nima deyish mumkin modernizmni o‘yinchoq qilmoqchi bo‘layotganlar haqida. Yevropa modernizmi jamiyatda sodir bo‘lgan ulkan fojialar, yo‘qotishlar, xo‘rlik va xaqoratlar ta’sirida paydo bo‘lganligini ham unutmaylik. Yevropa modernist yozuvchilari avval birinchi jahon urushida, keyinroq ikkinchi jahon urushida insoniyat qoni daryo-daryo bo‘lib oqqanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar. Ularning aksari bu fojialardan shaxsan jabr ham chekkan. Yigirmanchi asr boshlarida ahvol shu darajaga borib yetganki, inson zotini haddan ziyod xo‘rlanishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan faylasuf va yozuvchilar “Xudo o‘ldi” deb inson tafakkuriga qo‘yilgan azaliy va muqaddas chegarani buzishga urinishgan. Xudo o‘ldi degani, bu aslida, insoniyatning ruhiy va ma’naviy qadriyatlari sariq chaqalik qimmatga ega emas degani.

3. Uchinchi savolga nima deb javob berishni bilmay boshim qotib qoldi. Ilohiy kitoblarning barida biz yashab turgan dunyo haqiqiy, boqiy dunyoning soyasi ekanligi to‘g‘risida ochiq-oshkor dalil, hujjatlar keltirilgan. Payg‘ambarlar, aziz-avliyolar, donishmand va faylasuflar, shoiru yozuvchilarning bari, aslida, ideal olam haqida mushohada qilishadi. Tafakkurni harakatga keltiradigan kuch ham ilohiy olamga ishonchdan boshqa narsa emas. Bu olamning omonat va o‘tkinchi ekanligini hammamiz bilamiz. Hayot haqiqati shuki, bu olamda bugun borsan, ertaga yo‘qsan. Haqiqiy adabiyotda inson, baribir, bu dunyoda emas, narigi dunyoda haqiqiy saodatga erishadi, degan g‘oya tarannum qilinadi. Sovet adabiyoti esa bu haqiqatni inkor etdi, o‘z navbatida haqiqat ham ularning yozganlarini inkor etib boryapti. Shu paytgacha birorta ijodkor “men baxtliman“ degan sezgini hatto shivirlab aytmagan. Aksincha, Navoiy va Mashrab, Pushkin va Bayron ham ko‘proq inson baxtsizligini mushohada qilishgan.

Men badiiy asarlardan chuqur, keng ko‘lamli, boqiy dunyo nafasi sezilib turadigan, insonning olijanob sifatlari ulug‘langan, ruh va tafakkur erkinligi tarannum qilingan ma’nolarni izlayman. Badiiy asarda ko‘rinib qoladigan yalang‘och axloqsizlik g‘ashimni keltiradi. Alohida bir siyosiy g‘oya badiiy vositalarda aks ettirilgan kitob­larni ham unchalik yoqtirmayman. Bir odamning barmoq izlari boshqa bir odamning barmoq izlariga o‘xshamaganidek, har bir yozuvchida boshqalarnikiga umuman o‘xshamagan o‘z uslublarini ko‘rgim keladi. Taqlidiy asarlar jahlimni chiqaradi. Axir, deyman taqlidchi yozuvchiga, o‘z qalbingda birovnikiga o‘xshamagan quvonch va qayg‘ularing, armonu g‘ussalaring bor, ana o‘shalarni kitob qilib yozsang bo‘lmaydimi?! Sen bo‘lsang, o‘z qalbingni inkor etib, birovning qayg‘u va quvonchini ko‘chirib asar qoralamoqchi bo‘lasan.

4. Ezgulik va yovuzlik orasidagi kurash hamisha bo‘lgan va bundan keyin – qiyomatgacha davom etadi. Insonning biologik va ruhoniy tabiati orasidagi ziddiyatdan paydo bo‘ladi ezgulik va yovuzlik orasidagi ziddiyat. Ajabki, hayvonlar orasida bu ikki tushuncha ahamiyatga ega emas. Bo‘ri go‘sht yemasa, ochdan o‘ladi. Katta baliqlar kichik baliqlarni yutib turmasa, qorni to‘ymaydi. Daraxtlar ham kenglik va nur talashib bir-birini quritishga qasd qiladi. Kishilik jamiyatida esa barcha davr va xalqlar uchun o‘zgarmas bo‘lgan muqaddas qonun – cheklovlar bor. Ayollar, bolalar, nogironlar va keksalarga shafqatli bo‘l, deyiladi insonlar jamiyatida. Hatto bu narsalar qonun yo‘li bilan himoya qilinadi. Deylik, avtobus haydovchisi balog‘atga yetmagan bolani yarim kechasi puling yo‘q ekan, deb avtobusdan tushirib yuborsa, jinoyat sodir qilgan hisoblanadi. Ya’ni u voyaga yetmagan bolani mazmunan xavfda qoldirib ketayotgan bo‘ladi. Insonni inson qilib turgan millionta ruhiy-ma’naviy qadriyatlar bor, ularning bari umumlashma nom bilan ezgulik deyiladi. Keyin esa, inson tabiatida uni hayvonga aylanishga majburlab turadigan millionta illatlar bor, bular esa bir so‘z bilan yovuzlik deyiladi.

Yozuvchi deganlari, o‘z-o‘zidan ezgulik, yuksak insoniy qadriyatlar kuychisi, himoyachisidir. Unutmaylik, Yaratgan, shaytonni ham badiiy iste’doddan qismagan... Ya’ni­kim, boshi buzuq odamga ham Xudo yozuvchilik yoki shoirlik iste’dodi ato etishi mumkin. Lekin boshi buzuq ijodkorning asarlari umuminsoniy qadriyatlar safidan joy ola bilmaydi.

5. Men azaldan “izm”larga unchalik qiziqmayman. Lekin do‘stimiz Dilmurod Quronovning adabiyotshunoslikka oid kitoblaridan barcha izmlar to‘g‘risidagi ta’riflarni o‘qib, bilib olganman. Modernizm va postmodernizm to‘g‘risida rus va Yevropa adabiyotshunoslarining bir qator tadqiqotlarini ham ko‘zdan kechirganman. Xose Ortega-i- Gassetning modernizm estetikasiga oid ajoyib tadqiqoti bilan ham tanishman. Lekin, baribir, adabiy asarlarni o‘z aqlu tajribam bilan “izm”larga ajratishga qiynalaman. Bizda adabiyot namunalarini “izm”larga ajratish unchalik urf bo‘lmagan. Shuningdek, vatanimizda adabiy o‘y-xayollarning erkin bo‘lganiga endigina yigirma yildan jinday oshdi. Eski tuzum payti “sotsrealizm” degan soxta va zararli metoddan xorijda ijod qilish haqida hatto orzu qilib bo‘lmasdi. Bitta rost gapni aytish lozimki, o‘zbek prozasida “sotsrealizm”ning asoratidan to‘la-to‘kis qutilib ulgurgan bir necha hikoya paydo bo‘ldi, xolos. Shuning uchun prozamizda alohida bir yo‘nalish paydo bo‘ldi, deb aytish juda qiyin hali. “Sotsrealizm” asoratlaridan xalos bo‘lganimiz bilan milliy mentalitetimizda sof badiiy tafakkurga yot bo‘lgan boshqa illatlar ham bor... Masalan, bizlar yozuvchi sifatida real hayotga yaqinroq kelishdan cho‘chiymiz. Bizlar uchun real hayot jahldor bir it, yoniga yaqinlashgani qo‘rqamiz; narsa va hodisalarni ancha uzoqdan kuzatib qo‘ya qolamiz. Aslida, real hayotga yaqinlashish uchun ishonchli bir vosita zarur. Hozirgi kunda yozuvchilarimiz real hayotga qo‘rqmay juda yaqin borish uchun ishonchli vosita topgandek bo‘lyapti. Bu vositaning nomini simvolizm deymizmi, metafora deymizmi, xullas, real hayotga yaqin kelish uchun bir vosita zarur. Real hayot deganimda, muayyan davrdagi ijtimoiy vaziyatni nazarda tutayotganim yo‘q, albatta. Insonning tiriklik-hayoti mohiyatini reallik, deb atayapman. Masalan, syurealistlar inson ongi ostidagi fikr-tuyg‘ularni inson tabiatiga xos haqiqiy reallik deb bilishgan. Aslida ham, gapirayotgan gapingiz, qilayotgan xatti-harakatingiz emas, balki ko‘nglingizda pinhon fikrlar real fikrlar emasmi? Qizig‘i shuki, inson o‘z ongi ostida nimalar pinhonligini o‘zi ham tuzuk-quruq idrok eta olmaydi. Freydning ong osti jarayonlari to‘g‘risidagi nazariyaga tayangan holda yuz yillik adabiyotimizni tahlil qilib chiqsak, benihoya qiziqarli va kutilmagan tahlillar qilish mumkin. Bu usulda asar bilan birga, yozuvchi psixologiyasi ham tengma-teng tahlilga tortiladi. Masalan, bunday usulda o‘zbek sovet yozuvchilari asarlaridagi ijobiy qahramonlarning, aslida, salbiy qahramonlar ekanligini fosh qilish mumkin.

6. Adabiyot, birinchi navbatda, badiiy san’atdir. To‘g‘ri, dard va iztirobsiz she’r yoki hikoya yozishning iloji yo‘q. Ayniqsa, g‘am-alamsiz bir misra ham she’r yozib bo‘lmaydi. Lekin birgina dardning o‘zi bilan ijodkor bo‘lib, o‘quvchiga manzur asar yaratolmaysiz. Deylik, hikoyada o‘quvchiga aytadigan gapingiz naqadar muhim bo‘lsa-da, lekin aytadiganlaringizga chiroyli badiiy libos kiydirmasangiz, yozganlaringizning bari – bir pul. Dardsiz asar paydo bo‘lmaganidek, asarda san’atsiz dard ham beqadrdir.

Yana bir gapki, bizda adabiyotning o‘yinga aylanishiga hali ancha vaqt bor. Kerak bo‘lsa, jiddiy mavzularga endi-endi qo‘l ura boshladik. Qachonki, mavzular tugasa, hamma dardlarimizni aytib bo‘lsak, ana undagina so‘zlarni bir-biriga urishtirib o‘yin o‘ynashimiz mumkin. Lekin “o‘yin” o‘ynashga imkon yo‘q hali.

7. Bizda xolis adabiy tanqid hozircha shakllanib ulgurgani yo‘q. Men yigirma yildan buyon, naqadar zerikarli bo‘lsa-da, adabiy tanqidni kuzatib kelaman. Bu sohamiz xolislik va samimiyatdan ancha uzoq hali. Adabiy tanqidimizda aql va ruh sezilmaydi. Ko‘plab otaxon ustozlarimizning ko‘p yillik mehnatini bir og‘iz gap bilan yo‘qqa chiqarmoqchi emasman, albatta.

Hozirgi kunda adabiy tanqidda iste’dodlar g‘oyib bo‘ldi. O‘tgan asrning 90-yillarida yosh va umidli olimlarimiz juda ko‘p edi. Afsuski, ularning barini turmush degan ajdarho yutib yubordi. Umuman, bizda adabiy tanqidda tanqid yo‘qligini ham e’tirof etish joiz. Bizlar adabiy tanqid vositasida bir-birimizning ko‘nglimizni ko‘tarib, do‘stona munosabatimizni bildirib qo‘yamiz, xolos. Adabiy tanqid bilan shug‘ullanish juda ham noqulay ekanligini ham aytib o‘tish joiz. Mening o‘zim bundan ikki yil burun o‘zim tengi yozuvchilarning qator hikoyalarini asosli tanqid qilib, bitta maqola yozgandim. Bu maqolamni matbuotda e’lon qilishdan haliyam cho‘chiyman. Chunki maqolam e’lon qilinsa, unda nomi tilga olinib, asarlari tanqid qilingan yozuvchilar birdaniga meni yomon ko‘rib qoladi. Ayrimlari qaysidir shaklda menga zarar yetkazishga ham urinib ko‘rishi mumkin, deb taxmin qilaman. Jasorat yetishmaydimi menda?.. Bilmadim.

Uzoq vaqt mashhur adabiyotchi olimlarning yonida yurgan odamman. Ustozlarimiz rosmana adabiyotchi olim emas, balki adabiyotdagi diplomatlar ekanligini yaxshi bilaman. Hammamiz sentimentalmiz, hali tanqidga duch kelmay, ko‘zlarimiz yoshlanib, ovozlarimiz ingichkalashib qolgan.

Lekin tanqidchi uchun adabiyotimizda ish juda ko‘p. Hozirgi kunda shoirman, yozuvchiman, beshta, o‘nta kitob chiqardim deguvchi soxta ijodkorlar armiyasi paydo bo‘ldi. Bu armiya o‘zining kuchi va quroli bilan omma didini benihoya pasaytirib yuboryapti, kerak bo‘lsa, millatimiz axloqiga tajovuz qilyapti. Zamonaviy qo‘shiqchilar aytayotgan ashulaning matniga bir diqqat qilib ko‘ring. Xonandalar odamning asabini qo‘zg‘ab, ko‘nglini aynitar darajadagi so‘z qorishmalarini qo‘shiq qilib aytayotganini ko‘rasiz. Ayniqsa, zamonaviy qo‘shiqchilikda matnning o‘rni nolga tushib qoldi. Uyalmaydiyam-a, hech qaysisi? Adabiyotchi mutaxassislar tomonidan ijodi e’tirof etilmagan, hatto tilga tushmagan havaskor shoirlar bayramlarda to‘planadigan san’at elitasi orasida ko‘rinib qolyapti. Ayrim xonandalar o‘ta mantiqsiz, o‘ta sayoz, bema’ni aljirashlarni katta davralarda qo‘shiq qilib kuylashmoqda. "Hoy, adabiy tanqid, nega jimsan? Yaramas va surbet iste’dodsizlik to‘rga chiqib, yalpayib o‘tirib olibdi, ham aql bo‘lib bir narsalarni gapiryapti. Bir hamla bilan uni poygakka tushirib yuborsang bo‘lmaydimi?". Adabiyotimizda uyatsiz havaskorlar ko‘payib ketdi. Adabiyotdan uzoq kimsalar faqatgina pul ishlab olish maqsadida ruscha dedektiv asarlardan ko‘chirmachilik qilib yostiqdek romanlar yaratib tashlayapti. Hamma narsadan ko‘ngilxushlik izlaydigan kimsalar jiddiy fikrdan cho‘chiydigan, qochadigan bo‘lib qoldi. Mumtoz merosimizni qiziqib o‘qiydigan o‘quvchilar butunlay yo‘qolib ketdi. Garchi to‘rtta-beshta she’riy kitob chop etib ulgurgan bo‘lsa-da, Abdulla Qodiriy bilan Cho‘lponni adashtirib yuboradigan “shoirbachcha”lar urchidi. “Tanqid saralashdir”, deyiladi. Lekin bugungi kunda tanqid saralamayapti. Tanqidning o‘zi yo‘q bugun. Lekin juda kerakli narsa tanqid...

8. Eski bilan yangi orasida hamma zamonlarda va hamma jabhada kurash tinmaydi va to‘xtamaydi. Xo‘sh, bu narsa adabiyotimizda qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lyapti? Masalan, prozamizda maishiy hayotni qiziqarli yo‘sinda bayon qilib hikoya qoralashni eski usul, deb bilaman. Yangi asarlarda esa ma’nolar qatlami sezilib turadi. Bunday asarlar uchun maishiy turmushdagi biror hodisa maqsad emas, balki vositadir. Bayonchilik uslubida esa maishiy hayot maqsad o‘laroq ko‘riladi.

“Eski” degan so‘z bilan atayotganimiz o‘zbek nasrida yozuvchi, iloji boricha, makon va zamonga yaqin kelishga chiranardi. Yangi prozamizda esa makon va zamon mavhumlashib ketyapti, ya’ni yozuvchi o‘zi mansub bo‘lgan makon va zamondan qochishga urinyapti. Eski davr prozamizda adiblarimiz tip va xarakter yaratishni o‘z oldilariga katta maqsad qilib olishar edi. Hozirda “yangi” deb atayotganimiz ijod namunalarida bu narsa, ya’ni alohida bir personajning qiliq va odatlariga urg‘u berib, xarakter va tip yaratish odati sezilmaydi.

Mana, bir o‘xshatish: ikkita tangangiz bor, biri mis, ikkinchisi tillo. Mis tangaga qarab o‘ylaysiz: ikki dona gugurt va tuz sotib olaman. Tillo tangani qo‘lingizga olib esa juda ko‘p narsa harid qilishingiz mumkinligi haqida mushohada qilasiz. Hozirgi kunda bir-birlarining chegaralarini aniqlashtirayotgan (delimitatsiya va demarkatsiya) adabiyot namunalari orasidagi farq yuqoridagi o‘xshatishdagi ishoraga o‘xshaydi. Xususan, yangi hikoyachilik namunalari o‘z bag‘ridagi ma’nolarni o‘quvchidan berkitishga, yashirishga urinadi. Oqila va tarbiyali qizlar duch kelgan yigitning bag‘riga o‘zini otmaydi-ku! Ular yigitlarning eng munosibiga ko‘nglini ochadi. Yangi hikoyachiligimiz ham o‘quvchini tanlaydi, saralaydi. Nasrimizda keyingi paytda yozilgan “Bahoviddinning iti“, “Bir piyola suv” hikoyalari, “Ozod“ romani Gasset aytmoqchi, o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib yuboradi: asarni tushunadiganlar va tushunmaydiganlar. Bu asarlar jamiyatimizda elitar o‘quvchilarni paydo qiladi.

Nazar Eshonqulning “Bahoviddinning iti“ hikoyasi personaji itga aylanib yoriga – saodatga erishyapti. Uning inson bo‘lib yurgan kezlardagi qalbini doimiy egallab yuradigan iztirob va zerikishga diqqat qiling. Insonlikdan voz kechib itga aylangach, qalbida minglab ilohiy quvonch yulduzlari porlay boshladi. Insonning itga aylanishi jarayoni judayam qiziqarli hodisa. Bu hodisa zamiridagi ma’no qatlamlari esa, o‘quvchini mulohazaga, mushohadaga undaydi. Yuqorida aytdikki, yozuvchining “Go‘ro‘g‘li” romani qahramoni tirik bo‘la turib, o‘zining tirik ekanligini isbotlay olmayapti. “Bahoviddinning iti” hikoyasida esa inson itga aylanganidan keyingina o‘zining inson ekanligini sezyapti. Inson ikki marta – birinchisida fiziologik, ikkinchisida psixologik jihatdan tug‘iladi. Jismoniy tug‘ilishda odam ona qornini tark etib, alohida mavjudlikka aylanyapti. Psixologik jihatdan qayta tug‘ilish esa, o‘zgalarga fikriy-hissiy qaramlikdan butunlay xalos bo‘lishdir. Abdulla Qahhorning “Boshsiz odam” hikoyasi qahramonida psixologik tug‘ilish sodir bo‘lmagan. “Bahoviddinning iti” hikoyasi qahramoni esa psixologik jihatdan qayta tug‘ilish lazzati naqadar ilohiy bo‘lishini sezib, saodatga erishyapti.

Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv“ hikoyasida, aslida, arobada suv olib ketayotgan kimsa katta bir qo‘nalg‘aga bir piyola suv ichgani kiradi. To bir piyola suv ichib tashqariga chiqqunicha yillar o‘tib ketib, cholga aylanib qolyapti. Undan ham qizig‘i shuki, arobada olib ketayotgan narsasi suv ekanligini sezib qolyapti. O‘quvchi sifatida men ana shunday hikoyalarni yoqtiraman. Bu hikoyalar zamiriga chuqurroq tushib, inson taqdirining o‘ta sirli, oddiy ko‘zdan pinhon jihatlarini ilg‘agim keladi.

Yana bir gapki, o‘zbek badiiy tafakkuri rivojlanishini, asarlari butun dunyoga mashhur bo‘ladigan o‘zbek yozuvchilari paydo bo‘lishini juda-juda istaymiz. Birinchidan, jiddiy asarlar millatimizning muhim tarbiyachilaridir. Ikkinchidan esa, badiiy tafakkurdagi yuksalish oxir-oqibat vatanni yuksaltirishga munosib hissa qo‘sha oladi.

9. Chin ijodkorning fuqarolik burchi juda ham buyuk. Ayniqsa, bugungi kunda donishmand, vatanparvar, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib, mohiyatlarini anglaydigan adiblar jamiyatimiz uchun juda zarurdir. Xususan, yoshlarimizni fitna va falokatlardan asrash, birinchi navbatda, adiblarimizning muhim vazifalaridir. Bugungi kunda madaniyat niqobi ostida vatanimizga axloqsizlik bostirib kirishga harakat qilyapti. Bu narsa millatimizga zarar keltirishini idrok etib ulgurmagan ayrim yozuvchilar o‘z ijodlari bilan axloqimiz sarhadlarini buzishga urinayotgan axloqsizlikka yordam berayotganlarini sezib ulgurishgani yo‘q. Axloqsizlik oxir-oqibat insonni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlarga yetaklaydi. Bu balodan hazar qilish kerak.

Devonasifat, aroqxo‘r, “ijoddan boshqa narsani tan olmayman”, deb arzon oshxonalarda shotirlari davrasida betamiz latifalarni aytib yuradigan shoir va yozuvchilarni umuman yoqtirmayman. Ijodkor shaxsiy hayoti va vatanga muhabbati bilan ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Globalizatsiya sharoitida har turli nomaqbul g‘oyalar yoshlarimizga zarar yetkazishga harakat qilayotganini ko‘rib turibmiz. Adibning so‘zidan, asarlaridan, hayot tarzidan xalqning ko‘nglini ilitadigan, hayoti dunyosini yoritadigan nur taralib tursin. Klassik shoirlarimizning hech biri o‘zi yashab turgan jamiyatdan o‘zlarini xoli his qilishmagan. Aksincha, ular so‘zi va faoliyati bilan jamiyat hodisalariga faol aralashib, vatanga, xalqqa naf keltirishgan. Yozuvchi so‘zining salmog‘i katta.

Alber Kamyuning asarlari bilan bir qatorda, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati ham menga ma’qul keladi. Lev Tolstoy o‘z vaqtda Russiyaning ulkan vijdoniga aylangan edi. Dostoevskiyning kundaliklarini o‘qib, uning ham o‘z vatanining vatanparvar yozuvchisi bo‘lganligiga qoyillar qolganman. Cho‘lpon va Abdulla Qodiriylar buyuk Vatan g‘oyasi uchun jonlarini berib yuborishdi-ku! Lekin bizlardan hech kim "Falon g‘oyaga joningni qurbon qil", deyayotgani yo‘q! Bizlar yulduz kabi nur taratib, yoshlarimizning yetuk inson va vatanparvar o‘g‘il-qiz bo‘lishiga yordam berishimiz kerak, xolos. Shuningdek, millatimizning tilloga teng axloqiy qadriyatlarini qo‘riqchilari bo‘lishimiz lozim.

10. Kundan kunga adabiyotning tabaqalashayotgani yaqqol sezila boshladi. Omma o‘z asarlari va adiblarini tanlab ulgurdi. Chuqur ma’nolarning qadriga yeta biladigan elitar o‘quvchilar ham o‘zlarini ommadan alohida qilib olishyapti.

Yana o‘n-yigirma yillardan keyin adabiyotdagi tabaqalashish aniq yuzaga chiqadi. Hozirgi kunda o‘ta iste’dodli ijodkorlarimizning omma orasida mashhur emasligi, adabiyotchi mutaxassislar tomonidan ijodkor sifatida umuman e’tirof etilmagan, hatto tilga olinmagan ayrim shoirlarning omma orasida mashhur bo‘lib ketishi ham, adabiyotimizdagi tabaqalanishning yaqqol belgisidir. Ortega-i-Gasset aytganidek, hamma jamiyatlarda yuksak badiiy asarni chuqur tushunadigan alohida insonlar mavjud. Faylasuf ularni tug‘ma aristokratlar, deb ataydi. Bizning jamiyatimizda ham mana shunday aristokrat qatlam shakllana boshladi.

 

Bahrom Ro‘zimuhammad javoblari:

1-2. Shoiru yozuvchilarning ruhi o‘zgachaligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytsak, ular go‘yo o‘zga sayyoralikdirlar. Koinot burjlaridan, yulduz jaranglaridan taralayotgan xabarlarni tez qabul qilishadi va xabarni yozuv sifatida aks ettirishadi. Yigirmanchi asrning yetmishinchi yillarida nazm maydoniga bayroq ko‘tarib chiqqan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon – shu to‘rt zabardast shoir she’rlarini o‘qiydigan bo‘lsangiz, to‘qsoninchi yillardagi keskin o‘zgarishlar oldindan payqalganiga ishongingiz keladi. Keyinchalik bu ulug‘ shoirlar jamiyat hayotidagi boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritishdi. Biroq ularning yozuvlari ila tanho qolsangiz, Istiqlolning tovushsiz qadamlarini eshitgandek bo‘lasiz. Zotan, jamiyatdagi buyuk o‘zgarishlar faqatgina Shaxslarga bog‘liq emas. Shu jihatdan – yozuv ham. Faqat Ollohgina dunyoni o‘zgartirishga qodir. Yozuv – Ollohning suygan bandasiga tortiq etgan ne’mati. Ayniqsa, shoir zoti uchun dunyo bilan chiqishib yashash og‘ir keladi. Nima qilsang ham chiday olmaysan. Ozar shoiri Ramiz Ravshan yozganiday:   

Bu dunyo bir qaynar qozondir, illo,
                 so‘ndirmas o‘tini na qor, na yomg‘ir.
Bu dunyodan ketish osondir, ammo
                 dunyo-la chiqishib yashamoq og‘ir...

(Ozar tilidan Abdulkarim Bahriddin tarjimasi).

Qozon hamisha qaynab turaveradi. O‘tgan asrning 20-, 60-70- yillarida piqirlagan suv ham o‘sha qozonning ichida edi. Hozir ham shu qozon, shu qaynoqlik...

Yozuv odamlari ziddiyatlar aro yashaydilar. Goho: “Yozmasam, yaxshi bo‘lardi. Shu yozuv hayotimni izdan chiqardi. Matematikadanmi yoxud jismoniy tarbiyadanmi, maktabda dars berib, oylik maoshimni olib kun ko‘raversam, mazza qilardim. Toshkentga kelmasam bo‘larkan...” singari o‘yu xayollar miyada charx uradi. Shon-shuhrat o‘shanda balodek ko‘rinib ketadi. Biroq qishloqda yashaganingizda, yozuvdan ayro tushganingizda nelar bo‘lishini tasavvur etarak sovuq terga botasiz. Hazrat Alisher Navoiy o‘zini “Malomat bulbuli”ga qiyoslagan edi. Hech bir harakat malomatsiz kechmasligini yosh o‘tgani sari tushunaverasiz. Bu olam yurak ochib yashaydigan, to‘yib xayol suradigan, yayrab sevadigan olam emaski, qalamni bor kuchingiz ila ushlasangiz.

Har bir iqtidorli ijodkor qachonlardir idrok tanazzuli pallalarini boshidan kechiradi. Deylik, botiniy xafagarchilik yoxud ichkilikka mukkasidan ketish singari holatlar o‘sha jarayon alomatlaridir. Ruhiy karaxtlik ham toliqtiradi odamni. Ana o‘shanda malomat toshlari ostida ezilayotganingizni payqaysiz. Asarlaringiz qanchalik ardoqlanayotgan bo‘lmasin, shaxsiyatingizni ro‘kach qilib, sizni yomon ko‘ra boshlaydilar. Men bu gaplarni barcha avlod vakillariga daxldor hisoblayman. Binobarin, tanadan energiya sarflab qalam tebratish oson amal emas.

Biz tengi avlod vakillari (Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Eshqobil Shukur, Halima Ahmedova va boshqalar) 1985 yillarga kelib o‘zligini namoyon qila boshladilar. Bu o‘n yillik g‘ala-g‘ovurga to‘laligi bilan yodda qoldi. Shu o‘n yillikda she’riyatimiz eng baland nuqtaga ko‘tarilgani chin. Saksoninchi yillarning birinchi yarmida ovozaga aylangan Rauf Parfi qalamiga mansub “Qaytish” kitobi yangi bir avlod shakllanishiga yo‘l ochib bergan. Shaxsan men Rauf Parfini avlodboshi sifatida qadrlaganman. Tengqurlaridan ozgina keyin tanilgan Muhammad G‘affor, Tursun Ali, O‘roz Haydar, Said Murod, Shermurod Subhon singari turlicha uslubda yozadigan shoirlar aslida Parfining izdoshlaridirlar. Qalamkash do‘stlarimizdan biri bu yo‘nalishni hazil tariqasida “parfizm” deya nomlagan edi.

Bashorat qilishni unchalik xush ko‘rmayman. Ammo menga shunday tuyulyaptiki, 2030 yillarga kelib nazmda ham, nasrda ham buyuk ko‘tarilishlar maydonga chiqadi. Realizm va modernizm boshqacha ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Xalqaro adabiy aloqalar gullab-yashnaydi. Yevropa ham, Amerika ham o‘zlarining adabiyotlaridan toliqadilar. Xuddi o‘zbek qovunlariga tashnalik kabi ma’naviy chanqoqliklarni payqaymiz. Islom dini falsafasi, ochiqroq aytsam, so‘fiylik qiziqishlar markazida turadi. Jahon bo‘yicha Alisher Navoiyning kashf etilishi o‘zbek adabiyoti obro‘sini yanada oshiradi. Albatta, Olloh umrini uzun qilgan tengqurlarimiz ko‘rishadi yuksalish faslini...

Hozirgi davrda she’riyatda intim lirika ko‘proq ko‘zga bo‘rtib tashlanayotgandek, nazarimda. Deylik, Go‘zal Begim, Oydinniso, Akmal Tosh, Davron Rajab, Bektemir Pirnafas, Habib Abdinazar, Gulbahor Said G‘ani, Ibodat Rajabova, Boltaboy Bekmatov, Nilufar Umarova, Mahfuza Saloh kabi shoirlar dunyoni o‘ta shaxsiy kechinmalar ko‘magida anglashga intiladilar. Bu shoirlar ijodida ijtimoiy muammolar ko‘ndalang qo‘yilmaydi. Yaqinda men Muhammad G‘afforning “Cho‘milayotgan daryo” to‘plamidagi ayrim she’rlarni qaytadan o‘qib chiqdim. Said Murod to‘plamini yana bir bor mutolaa qildim. Bir-biriga o‘xshamaydigan ikkala shoir ijodiga unchalik e’tibor qaratmaganimga ich-ichimda iqror bo‘ldim. Ha, haqiqatan ham she’r ta’mini ilg‘ash jarayoni yillar o‘tgach davom etishi ham mumkin ekan.

Har xil usullarda asar bitadigan shoirlarni bir avlodga mansub deyish o‘rinlimi? Menimcha, yo‘q. Bir maktabga daxldor deyish boshqa narsa. Bizning aksariyatimiz “parfizm” maktabi saboqchilarimiz degan fikrdaman.[1]

3. Yuksak adabiyotning missiyasi haqparastlikdir. Hazrati Alisher Navoiy ijodiyotining qadr-qimmati shu boisdan ham balandki, ul zot nazmida haqparastlik mustaqil ko‘ngil mevasi maqomiga chiqqan. E’tibor qiling: mutafakkir bobomiz yashirin qavatlarni qay zaylda tasvir etgan:

Seni topmoq base mushkuldurur, topmaslig‘ osonkim,
Erur paydolig‘ing pinhon, vale pinhonlig‘ing paydo.

Haqni izlayotgan banda malomat o‘qiga nishon bo‘ladi. Ayniqsa, hissiy bilish yo‘li qo‘rqinchliroq. Aynan xudoni ko‘p izlagani bois ham ba’zan shoir falak qahriga uchraydi. Umuman olganda, shoir qavmi – xudo “qarg‘agan” qavm. O‘sha “qarg‘ish” bois hayot g‘aroyib, tobora g‘aroyib ko‘rinib boraveradi. O‘z navbatida shoirlar birdaniga o‘zgarib ketishi ham bor gap. Menga A.Oripovning o‘n yetti-yigirma ikki yoshlarida yozgan she’rlari xush yoqadi. O‘sha she’rlaridagi ruh Haynrix Hayne bitiklarinikidan-da baland. Shoir she’riyatda o‘z maktabini yaratdi. Oripov Dantening durdona asarini tarjima qilganidan so‘ng yanada o‘sdi. Xullas, shoiru yozuvchilarimiz o‘z savollariga jo‘shqinlik ila javob axtargan paytlarida betakror asarlar yaratadilar. Javob axtarish maromi pasayganda esa o‘zlarini o‘zlari takrorlashga tushadilar.

4. Fizikada inertsiya tushunchasi mavjud. Deylik, mashina motori o‘chirib qo‘yilsa, inertsiya bois ko‘p vaqtlargacha harakatlanaveradi. Ayniqsa, tepalikdan tushayotganida... Bugungi kunda So‘z kishilaridan mutlaqo o‘zgacha asarlar kutish maqsadga muvofiq emas. Adabiyot kecha kimning yonida turgan bo‘lsa, bugun ham unchalik olis masofaga bosh olib ketib ulgurmadi. Shu sababdan ham, deylik, modernist deya qaraladigan ijodkorlarga u qadar ko‘p ishonishmaydi. Umuman olganda, bu savolingizga, Ulug‘bek, yana o‘n-o‘n besh yildan so‘ng aniqroq javob qaytarish mumkin.

5. Menimcha, postmodernizm modernizmdan unchalik ham tafovut qilmaydi. Deylik, modernizmni qizil tusga qiyoslasak, postmodernizmni qip-qizil rangga o‘xshatsa bo‘ladi. Adabiy istilohlarning ko‘pchiligi reklama maqsadida ishlatiladi. Biz 2003 yilda hammualliflikda “O‘zbek modern she’riyati” bayozini tuzgan edik. Bayoz GFR va AQSh adabiy doiralarida ham dovruq qozondi. Agarda bayozga, masalan, “Ko‘k qarg‘a” deb nom qo‘yganimizda xos davralarning nazariga tushmas ham edik.

Navoiy hazratlari g‘azallaridan so‘ng eng ko‘p o‘qiganim Nozim Hikmat she’rlaridir. Ayniqsa, shu shoirning “Sochlari somon sarig‘i, kipriklari moviy” nomli she’rini (Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi) o‘qisam, yangi bir oziqlarni olaman.

Modernistlarni tanqid qilib yuradigan yozuvchi og‘amiz Norto‘xta Qilich bundan yarim yilcha muqaddam menga “Ikki olam aro” nomli munaqqashasini o‘qishga berdi. O‘qisam, asarning ayrim joylarida postmodernizm unsurlari yaraqlabgina turibdi. Shu to‘g‘ridagi mulohazalarimni adibimizga yozib ham berdim. Xullas, postmodernizmni xushlamaydigan ijodkor ham shu ko‘chadan bilib-bilmay o‘tib ketishi mumkin ekan. Ammo hadeb oqimlar nomini ta’kidlayverish allergiya qo‘zg‘ab qo‘yishi ham bor gap. Biz modernchi deyilganimiz sari xalq orasida o‘quvchilarimiz kamayib borayotir. Poytaxtdan olis-olislardagi ayrim qishloqlarda asarlarini o‘qimay turib, modernistlardan darg‘azab bo‘lib yurganlarni o‘zim ko‘rganman.

6. Boshqotirma, krossvordni adabiyotga nisbatan qo‘llanishiga qo‘shilmayman. Chunki, deylik, krossvordni o‘ylab-o‘ylab yechadilar. Adabiyotdagi o‘yin boshqotirma singari yechilmaydi. O‘yinni ko‘rish uchun o‘ylash, chuqur o‘ylash shart emas, shunchaki sezimlaringiz o‘yinlarga moslasha bilsa... shuning o‘zi kifoya.

DARDni har kim har xil tushunadi. Dard ko‘p, hamdard esa oz. Deylik, men o‘zim chin shoirlar yolg‘izlikda qiynalib yashaydilar, deb o‘ylayman. Hazrat Navoiy, saviyasi yuksak do‘stlari ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar, tanholikda og‘rinib yashagan. Shuning uchun ham she’r yozgan.

Aslida, hayotning o‘zi – o‘yin. O‘ynatuvchi – Olloh. Maftunkor musiqalar chalinar ekan, o‘yinga tushmasdan ilojingiz qancha?! Hazrat Navoiy ham yozgan-ku, axir:

O‘ynay-o‘ynay bog‘ladi uyqumni fusundin,
To g‘amzasi ul nargisi jodu bila o‘ynar.
 
Tong yo‘qki, ko‘zung bo‘lsa ko‘ngul birla muloib:
Majnung‘a ajab yo‘q, agar ohu bila o‘ynar.

So‘z afsungarining ko‘p g‘azallari o‘yin asosiga qurilgan. Hattoki, jiddiy tuyuladigan g‘azallarining ba’zi joylarida muallif “qah-qah otib” qo‘yadi. Deylik, “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay” matlai ila boshlanuvchi g‘azalni olimlarimiz jiddiyliklarini avj oldirarak sharhlaganlar. Aslida, bu boshlama g‘oyatda falsafiy tuyulsa-da, g‘azal oxirida istehzoga duch kelamiz:

Besha ichra devlar maqtuli o‘lsun, ey pari,
Gar Navoiy yona azmi Astirobod aylagay.

Bu g‘azalni bobomiz hokimlikdan bo‘shab, Hirotga qaytayotganida yo‘lda yozgan bo‘lishi ham mumkin. Agarda shunday bo‘lsa, ilk baytda podshohga tashakkur izhor qilgani tasdiqlanadi. Oxirgi baytda esa shoir o‘z ustidan kulmoqda. Agarda yana Astrobodda qoramni ko‘rsatsam, meni devlar tutib olib, changalzorda o‘ldirsinlar, demoqda.

“Alkimyogar” asarini jahon miqyosida ommalashuviga ham o‘yin usuli sababchi. P.Koelo Sharq so‘fiylik adabiyoti unsurlarini Yevropaga moslab o‘yin qiladi. Aslini olganda, bu asarda odamni favqulodda junbishga keltiradigan biror lavhani ko‘rmaysiz. Demak, goho o‘yin usullari asarga jozibali ruh bag‘ishlab berar ekan.

“O‘yin”ga berilib ketish ham yaramaydi. Sababi, shoiru yozuvchilikdan muddao o‘yinlarnigina tasvirlash emas. Adabiyot ma’no tovlanishlari ko‘magida odamlarni yupatishi, ularga tasalli berishi ham kerak. Dardning o‘zi odamni toliqtiradi, charchatadi. Muttasil ijod o‘yi bilan yashagan kishilarda asab zo‘riqishi xastaligi uchrashini bilamiz. Umuman olganda, adabiyotga o‘ta jiddiy nazar tashlasangiz, horiysiz, yengil qarashlar ham fikr salmog‘ini tushiradi. Oltin oraliqni axtarib topmoq darkor.

7. Men o‘zim ham yuzdan ortiq adabiy-tanqidiy maqolalar yozib, matbuotda e’lon qildirganman. Har doim ham o‘ylaganlarimni ayta olganim yo‘q. Chunki birovni xafa qilib qo‘yishdan cho‘chiyman. Shu nuqtai nazardan qaralganda, xolis bo‘lish – mushkul amal. Olimlarimiz imkoniyati darajasida xolislikka intilyaptilar. Ammo adabiy tanqidchilikning nazaridan chetda qolib kelayotgan yozuvchilarimiz ham bor. Bular: Olim Otaxon, Temur Po‘latov, Yusuf Latif... Negadir saksoninchi yillarda maqtalgan shu yozuvchilar dorulfanoda bormi-yo‘qmi – hech kim qiziqib ko‘rmadi.

8. Adabiyot maydonidagi kurashda g‘irromlik ishlatilmagani ma’qul. Sof raqobat bo‘lgan joyda adabiyot taraqqiy etadi, muxlislar saviyasini o‘tkir qiladi. Noan’anaviy usullarda asar bitadigan ijodkorlarga qarshi buyurtma yo‘sinida maqola yozdirishga urinishlarni ham ko‘rgan edik. Adabiyot maydonidan seni supurib tashlayman, qabilidagi iddaolarni eshitganmiz.

Radiodagi chiqishida yosh olimlardan biri, men butun umrimni modernizmga qarshi kurashga bag‘ishlamoqchiman, deganini eshitganman. Raqobat chog‘ida kuch, tazyiq ishlatilsa, johil kimsalardan nima farqimiz qoladi, axir?! Agarda haqiqatan ham realizm va modernizm oqimlari bor deya tan olinsa, ushbu oqim vakillariga teng imkoniyatlar yaratib berilishi joiz, deb hisoblayman.

9. Menimcha, ijodkorning ijodkorlik va fuqarolik burchlari – bir narsa. Ya’ni ijodkor hayotdagi o‘z missiyasini bajaradi. Agarda missiyasini bajarmasa, lazzatlana olmaydi. Missiya ado etilganidan so‘ng ijodkor ruhan “o‘ladi”. Fuqarolik burchi o‘shanda nihoyasiga yetadi.

Yozuvchilarimiz qariganini tan olganida nuroniy bo‘lib ko‘rinadilar. Yozganlaring zerikarli tuyulaversa, o‘z-o‘zingni takrorlayversang, odamlar seni ichida koyiydilar. Qachonlardir adabiyot bilan xayrlashganingni tan olasan...

10. Bugungi kunda omma adabiyotining targ‘iboti kuchli. Badiiy nashrlarning aksariyati poytaxtdan ming kilometr naridagi qishloqlarga yetib bormayapti. Qishloqlardagi maktab kutubxonalariga borib ko‘rganmisiz? Ayrim maktablarda kutubxona yo‘q darajada... O‘n-o‘n besh badiiy kitob, yigirma-o‘ttizta darsliklarni yig‘ib, shuni kutubxona deyishadi. Bugungi kunda hech bo‘lmasa, XX asrning she’riy, nasriy, maqolanavislik antologiyalari har bitta umumta’lim maktabi kutubxonasida bo‘lmog‘i lozim. “O‘zbek adabiyoti” darsliklarini sal boshqacharoq tarzda yaratish davri kelmadimikan? Masalan, umumta’lim maktablariga mo‘ljallangan “XXI asr o‘zbek adabiyoti” qo‘llanmasi yaratilsayu shu qo‘llanma qishloq maktablarigacha yetib borsa... Har holda, jiddiy adabiyotga qiziqish maktab partasidan boshlansa, yomon bo‘lmas edi.

Men o‘smirlik chog‘larimda O‘tkir Hoshimovni yaxshi taniganman. Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romanini o‘qib, hattoki unga taqlidan qissa yozgan edim. Hozirgi vaqtda qishlog‘imiz bolalari, deylik, Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton kabi yozuvchilarning asarlarini o‘qish tugul, ism-shariflarini ham bilishmaydi. Chunki bu yozuvchilarimizning kitoblari maktab kutubxonalariga yetib bormaydi. Bir-ikki yilcha muqaddam Turkmaniston Respublikasi chegarasida joylashgan umumta’lim maktab kutubxonasini borib ko‘rdim. Ishonasizmi, Qodiriy va Cho‘lponning bir-ikkita kitobidan boshqa hech vaqo yo‘q. Jamoa iltimosiga ko‘ra, shaxsiy kutubxonamdagi ayrim nasriy kitoblarni shu maktabga jo‘natdim. Qishloqdoshlarim, ayniqsa, o‘quvchilar, uy bekalari jiddiy adabiyotga qiziqishar ekan.

Shu o‘rinda qiyos sifatida hayotiy voqeadan so‘z ochmoqchiman. Birinchi kursdaligimda poezdga minib, qishloqqa kelayotganimda sotuvchi xuddi sovunga o‘xshagan, yaltiroq qog‘ozlarga o‘ralgan allanarsani taklif qila boshladi. Men besh-olti donasini sotib oldim. Birini ochib, tishlab ko‘rsam, ta’mi nordon. Uyimga olib borsam, qavmu qarindoshlar nima opkelding, deya kulsalar kerak, deb o‘z-o‘zimcha xijolat tortdim va xaridlarimni poezd derazasidan uloqtirdim. O‘sha pishloqlar sahro yumronqoziqlariga yem bo‘ldi.

Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, dadam poytaxtga keldi. Qo‘shjonov domlaning shogirdi, qishloqdoshimiz Baxtiyor Qurbonboev bizni mehmonga taklif etdi. Dasturxonga xuddi o‘sha narsa qo‘yilgan ekan. Dadam indamay yeya boshladi. Men ham unga qo‘shildim. Ana shundan beri pishloqxo‘rga aylanganman. Bularni yozish barobarida nima demoqchiman? Poytaxtimizdan ming chaqirimlar narida yashovchilar, deylik, Kafka, Kamyu, Joys asarlarini taklif etsangiz, dastlab peshonalarini tirishtirishlari mumkin. Ammo, keyinchalik, ta’mini bilgach, “mazaxo‘rak” bo‘lishadi. Kitob sotib olib, shaxsiy kutubxona tashkil etishni an’ana tusiga kiritadiganlar topilib qolishi ham mumkin. Xususan, bizning qishloqda ayrim odamlar boyib ketayotganini ko‘rdim. Yevropacha usulda qurilgan uylarning yonidan o‘tarkanman, tush ko‘rmayapmanmi, deb ham o‘yladim. Avvallari qishlog‘imizda uch-to‘rt nafar kishi mashina minardi. Hozirgi davrda biz tengi ba’zi odamlar tasarrufida hattoki ikkitadan mashina bor. Biroq ma’naviyat, ma’rifat targ‘iboti bilan astoyidil shug‘ullangan fidoyi odamlarni ko‘proq ko‘rging keladi qishloqlarda! Boyib borayotganlar ham goho shunday noliydilarki, ularga qarab yuragim orqaga tortib ketadi. “Og‘a, bularga kitob tugul, qog‘oz haqidayam gapirmang – jahllari chiqadi”, dedi bir gal ukam.

Yaqinda men Marks Jumaniyozov qalamiga mansub “Esimda qolgan onlar” avtobiografik kitobini o‘qib chiqdim. Bu odamni jiddiy adabiyotga qattiq qiziqqanini hech bilmagan ekanman. Marks og‘a bilan uchrashganimizda ham adabiyot to‘g‘risida jiddiy gaplashmagan edik. Bu inson bultur dekabrda bandalikni bajo keltirdi. Ammo shu kitobi tarix bo‘lib qoladi. Kitobda shunday tasvirlar mavjudki, xuddi kino ko‘rayotgan kabi bo‘lasiz.

Adabiyotparastlar mamlakatimizning ko‘p olis shaharlarida, qishloqlarida yashayaptilar, uylarida kutubxona tashkil etyaptilar. Biroq biz bularni bilmaymiz, tanimaymiz-da, hech kim kitob o‘qimayapti, deyarak oh tortamiz.

Xudoga ming qatla shukrki, bizda zehnli odamlar ko‘p. Ammo kitob chiqarish, kitoblarni kutubxonalarga jo‘natish, ularni savdoga qo‘yish, eng asosiysi, kitob targ‘iboti tizimining yangicha mexanizmlarini ishlab chiqish – davr talabi. Xulosa shuki, jiddiy adabiyot targ‘iboti asr muammosi sifatida kun tartibiga olib chiqilmog‘i lozim.

 

Rahmon Qo‘chqor javoblari:

1. Tan olib aytish kerakki, o‘tgan asrning 70-yillari adabiyotga kirib kelgan avlod, o‘zidan oldingi ijodkorlar tajribalarini inkor etmagan holda, milliy adabiyotda katta bir to‘lqinni hosil qila oldi. Anvar Obidjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhakim, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid va ular tengdoshlari bo‘lmish boshqa shoirlar, Xurshid Do‘stmuhammad, Murod Muhammad Do‘st, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Qamchibek Kenja, Alisher Ibodinov singari yozuvchilar nomi bilan “adabiyot pasportini olgan” bu avlod, darhaqiqat, millat dardu dunyosini yoritishda, uning estetik didini yuksaltirishda e’tiborga loyiq izlanishlar olib bordi. “70-yillar avlodidan keyin bizda boshqa adabiy avlod shakllanmadi” degan gapni ham, birinchi galda, o‘sha avlodning bugun bekor yurgan vakillaridan kutsa bo‘laveradi. Agar bu gap rostdan ham aytilayotgan bo‘lsa, darhaqiqat, uni “iddao” deb atagan ma’qul. Chunki biz izzatli nomlarini sanagan ijodkorlar daldasi bilan adabiyotimiz hovlisiga Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur, Zebo Mirzaeva, Halima Ahmedova, Aziz Said, ularning ortidan Iqbol Mirzo, Salim Ashur singari o‘nlab shoirlar, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldoshev, Ulug‘bek Hamdam kabi iste’dodli yozuvchilar kirib kelganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, avvalgi avlodlardan farq qilaroq, bu ijodkorlar yaratgan asarlar “bir-birini to‘ldiruvchanlik” xususiyatiga ega bo‘lmadi, mualliflarning har biri olam va odam idrokida o‘z yo‘lidan ketmoqlikni afzal bildi. Chunki ular yozishni boshlagan paytlar hayotning o‘zida ham, yuzida ham majburiy yakranglik barham topgan, avval sidqidildan ishonilgan, keyin shubha aralash qaralgan aksariyat g‘oyalar, muvaqqat qadriyatlar batamom ostin-ustin bo‘la boshlagan davr edi. Qolaversa, bu avlodning “xonanishinroq” bo‘lib o‘sishiga, “idealini yo‘qotishi”ga, har biri o‘z boshiga yo‘l tanlashga majbur bo‘lishiga Alisher Navoiy nomidagi teatrda aynan 70-yillar avlodining faol ishtiroki, hatto sezilarli jonbozligida kechgan yozuvchilarning so‘nggi s’ezdi o‘z ta’sirini o‘tkazganini ham unutib bo‘lmaydi. Sho‘ring qurmag‘ur bu avlod bugun o‘sha akalaridan “Biz adabiyotdan chiqib ketgandan keyin paydo bo‘lgan bolalar” degan istehzoni eshitishga ham majburki, ularning aksariyati bu gapni xuddi shunday istehzo bilan, hatto shunday deb yurganlarga achinib qabul qilishi odamni tinchlantiradi...

Endi jiddiy gapga o‘tadigan bo‘lsak, bugungi adabiy avlodning g‘oyaviy-badiiy qarashlari bir xillikdan uzoq – hayotning o‘zidek rang-barang ekani, ijodkorlarning voqelikni idrok etish va uni talqin qilish usul-uslublari bir-biriga o‘xshamasligi, eng muhimi – yosh o‘zbek shoir-yozuvchilari dun­yoning ilg‘or adabiyotlariga bo‘ylashib ijod qilayotganini sezmaslik mumkin emas. Agar Abduvali Qutbiddinning “Izohsiz lug‘at” degan dostoni adabiyotshunoslik aybi bilan izohsiz qolib ketgan bo‘lsa, agar Zebo Mirzaeva, Halima Ahmedova, Iqbol Mirzo she’riyati to‘g‘risida fragmental mulohazalardan nariga o‘tilmagan bo‘lsa, agar Nazar Eshonqulning o‘nlab hikoyalari chuqur tahlillarini kutib turgan bo‘lsa, agar Isajon Sulton hikoyalari, “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlari yoxud Ulug‘bek Hamdamning hikoyalari, “Muvozanat”, “Isyon va itoat” romanlaridagi mazmun-mohiyatning bafurja tahlili uchun adabiy bahs maydoni tashkil etilmagan bo‘lsa... ijodkorlar aybdor emas. Demoqchimanki, bu avlodning bor ekaniga hali ham shubha qilish, uning izlanishlarini tumovning yo‘talidek o‘tib ketadigan hodisa, deb qo‘l siltashdan ko‘ra, unga tenglashmoq, uni ixlos-la o‘qimoq va uqmoq, agar qo‘ldan kelsa, nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro estetik maydonda ham uning targ‘ib-tashviqi bilan shug‘ullanmoq vaqti allaqachon kelgan.

2. Ijod deganimiz, hamma zamonlarda va har qanday yo‘nalishda faqat erkinlikda yuz beradigan hodisadir. Ijodkorning asar yaratishini ayolning ko‘zi yorishiga qiyos qilinar ekan, o‘sha damda har ikkisi ham o‘zini o‘rab turgan muhitni, odamlar bu haqda nima deyishini emas, balki o‘zini qiynayotgan darddan, og‘riqdan tezroq xalos bo‘lishni o‘ylaydi. Keyingi hamma tuzatishu tahrirlar – bolaning kindigini kesib, oq matoga o‘rash ham, qo‘lyozmadagi ilhom qutqusi bilan me’yoridan oshgan joylarni epaqaga keltirish ham erkin ijodning so‘nggi notalari hisoblanadi. Endi bu ulug‘ hodisa mahsuli bo‘lmish asarning dunyo yuzini ko‘rishi boshqa masala. Mana shu o‘rinda Siz aytgan erkinlik yo bo‘ladi, yo bo‘lmaydi. “O‘tgan kunlar”ning ilk nashriyoq bo‘g‘ilgan erkinlikdan darak berardi. Bu gapni “Qutlug‘ qon” haqida ham, Pirimqul Qodirov romanlariyu Sharof Boshbekov pesalari to‘g‘risida ham aytish mumkin.

To‘g‘ri, Istiqlol tufayli bizda tsenzura rasman bekor qilindi, bu konstitutsiyaviy normaga aylandi. Ommaga havola etilayotgan asarlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi uchun mas’uliyat, avvalo muallif, qolaversa, uni e’lon qilayotgan OAVlari mutasaddilari zimmasiga o‘tdi. Afsuski, bu mas’uliyatni har kim har xil tushunmoqda. Bir qism bosh muharrirlar o‘z nashrining so‘nggi sahifasiga “chop etilayotgan materiallar mazmuni uchun mualliflar javobgar” degan yozuvni qadash yo‘li bilan o‘sha mas’uliyatdan qutilishnigina emas, balki qanday material berib bo‘lmasin, ommani o‘ziga qiziqtirish ishini ham go‘yo do‘ndirayotgan bo‘lsa, boshqa birlari sal jiddiyroq material qo‘liga tushishi bilan o‘ziga rasmiy yoxud norasmiy muassis deb bilgani idoralarga uni havola qilish, ularning dono maslahatlariga amal qilish yo‘li bilan “o‘ziga yuklangan vazifani vijdonan bajarmoqda”. Boshqacha aytganda, iste’dodli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar yaratayotgan barcha asarlar ommaga o‘z vaqtida va ohori to‘kilmay yetib borishi muammosi hali kun tartibidan tushgani yo‘q.

Savolning ikkinchi qismi suhbatdoshlarni “qizdirish” uchun atay o‘ylab topilgandek tuyuldi menga. Zero, “rang-baranglik deganimiz avlod degan tushunchani inkor etmaydimi? Axir, avlod bo‘lish uchun muhitning bir xilligiyu shunga yarasha dunyoqarashdagi yakranglik ham kerak bo‘ladi-da” qabilidagi da’volar, ustoz Ozod Sharafiddinov iborasi bilan aytganda, “chepuxa gaplar”dir.

Nima uchun rang-baranglik avlod tushunchasini inkor etar ekan? Nega avloddan dunyoqarashdagi yakranglik talab qilinar ekan? Axir, dunyoqarashi, didi, estetik ideallari, ijodiy uslublari rang-barang bo‘lmasa, bu zamondoshlarning nomi “adabiy avlod” emas, “adabiy poda” atalishi kerak emasmi? Qaysi zamonda, qaysi avlodda bir-birini takrorlaydigan ikki ijodkorni topasiz? Axir, ijodkorni shu maqomga loyiq qiladigan eng asosiy mezon aynan hech kimnikiga o‘xshamaydigan dunyoqarashi, badiiy idroki, estetik didi emasmi? Faqat Yaratgan tomonidan yuqtiriladigan mana shu favqulodda fazilatlar bo‘lmasa, u odamning boshqalardan nima farqi qoladi?

3. Agar adabiyotning ishi, missiyasi chilangarning kasbi, vazifasidek oson, “ikki karra ikki – to‘rt”dek jo‘n bo‘lganida edi, xalqning bir-ikki ertagi va o‘n-o‘n besh hikmatli so‘zi bilan masala hal bo‘lar, ibtidodan buyon muammo bo‘lib kelayotgan savollar allaqachon yechimini topgan chiqardi. Adabiyot, o‘zi bilib-bilmay, Cho‘lpon aytmoqchi, “boshini zo‘r ishga berib qo‘ygan”. Uncha-muncha ijodkorni-ku, qo‘ying, hatto, hazrat Navoiydek avliyo zot, bu ishning zo‘rligidan oltin boshini tebratib aytgandi:

Ko‘zni o‘kush sa’y ila zabt etgamen,
Yetsa ko‘ngil zabtiga ish, netgamen?

(Oldinroq ketib aytish mumkinki, hozirga qadar bunyod etilgan barcha buyuk san’at asarlari aynan ko‘ngil zabtiga shahd etib yaratilgan bo‘lsa, adabiy-badiiy qabristonlarda bir-birining ustiga qalashib ko‘milib ketgan barcha hashaki narsalar ko‘zni zabt etmoqdan narini ko‘ra olmagan kosiblarning “bachki”laridir).

Avvalgi chiqishlarning birida ta’kidlaganimizdek, hazrat bobomizning yuqoridagi misralarida gap zabt etilmog‘i, hayratga to‘ldirilmog‘i lozim bo‘lgan o‘quvchi-muxlisning ko‘ngli haqidagina emas, balki adabiy asar qahramonining, demakki, g‘oyat chigal, murakkab umuminsoniy ko‘ngilning zabti – talqini to‘g‘risida ham bormoqda. Uni ochish, inkishof etish har qanday iste’dodning ham qo‘lidan kelavermaydigan nihoyatda og‘ir yumush. Agar e’tibor bersak, F.M.Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” romanidagi voqealarni no‘noq yozuvchi bir hikoya doirasida yumaloq yostiq qilishi ham mumkin edi. (Zero, roman voqealari, bor-yo‘g‘i, o‘n besh-yigirma kun davom etadi, xolos). Mazkur o‘lmas asarda esa bosh qahramon Raskolnikov ruhiyati jinoyatga qadar, jinoyat payti va undan keyingi holatlar fonida shu qadar teran, kutilmagan rakurslarda tahlilga tortiladiki, ko‘ngli tirik o‘quvchi qahramonga qo‘shilib sal bo‘lmasa, aqldan oza yozadi. Xuddi shu gapni adibning boshqa aksariyat romanlari, dunyo adabiyotining shoh asarlari to‘g‘risida ham aytish mumkin. Umuman, menimcha, bir gapni – abadiy-estetik qoidani esdan chiqarmasligimiz kerak: buyuk asarlar dunyoga yechim bermaydi – yashash qonun-qoidalaridan saboqqa shoshilmaydi, aksincha, shundoq ham murakkab hayot muammolarini battarroq chigallashtiradi, yana ham to‘g‘rirog‘i, tiriklikning qanchalar murakkabligini uning oddiy nazarlar ilg‘ay olmagan qirralariga ishora qilish orqali bo‘rttirib (oshirib emas!) ko‘rsatadi, talqin qiladi. Shu ma’noda adabiyot o‘zgalarga aql o‘rgatish ham, odob-axloqqa quruq da’vat etish ham, yaxshilikning jo‘n targ‘iboti ham emas. Kimki adabiyotdan shu narsalarni kutsa, talab qilsa, boshqa uy eshigini taqillatgan bo‘lib chiqadi.

So‘zning ilohiyligi, so‘z zargarlarining mahorati haqida gapirilganda, birinchi navbatda, badiiy so‘z vositasida “olam qalbi” (S.Sveyg) puchmoqlariga yo‘l solgan ijodkorlar qo‘lidagi so‘z nazarda tutilsa, ajab emas. Yodingizda bo‘lsa, 1927 yilda Cho‘lpon o‘zi suygan shoir Henrih Heynedan bir to‘rtlikni tarjima qilgan edi:

Hamma esnab turdi, quloq solmadi,
Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi,
Qayg‘umni nazmga tergan vaqtimda...

Demak, siz bilan bizga, bor-yo‘g‘i, tovushlar yig‘indisidek jo‘n bir narsa tuyuladigan so‘z, adabiyot ixtiyorida mutlaqo o‘zgacha funktsiya kasb etadi, uning ma’no tovlanishlari yuzaga keladi, u voqelik va inson tabiatining ochqichiga aylanadi. Kimda qanday, bilmadim, masalan, men Navoiyning, Gyotening, Balzakning, Dostoevskiyning, Tolstoyning, Sveygning, Kamyuning, Kafkaning, Somerset Moem...ning asarlaridagi ayrim o‘rinlarda birrov nafas rostlab olishga, o‘rnimdan turib ketishga, o‘zimga o‘zim bir narsalarni uqtirishga majbur bo‘lib qolaman. Buning sababi – Siz aytgan “haqiqiy adabiyotda har ikki olamga ishora bo‘lmog‘i va, eng muhimi, bunday adabiyot har ikki olamdan ma’naviy turtki olib yaratilishi”dan bo‘lsa kerak. Mana shu darajaga yetib bormaguniga qadar, asar, u har qancha dolzarb, muhim, qiziqarli mavzuda, eng oxirgi rusumdagi “izm”lar yo‘lida yozilmasin, zamonlar chegarasidan o‘tolmaydi, umrboqiylikka erishmaydi.

4. Chinakam adabiyot bu kurashdan hech qachon uyalmagan, chetda turmagan. Boya eslaganimiz Navoiy dostonlaridan tortib, Dostoevskiy romanlari, xususan, uning “Besы” (“Jinlar”) asarigacha, Jorj Oruelning “1984” romanidan Somerset Moemning “Parijdagi ta’tillar” romanigacha, Pushkin va Cho‘lpon she’rlaridan tortib Shavkat Rahmon iztiroblarigacha – bari-barida adabiyot ezgulik himoyachisi bo‘lib maydonga chiqqan. Bu borada adabiyot boshqa barcha ijtimoiy-gumanitar sohalar oldida tili uzun bo‘lsa uzunki, aslo qisiq emas. Odamlar adabiyotning bu funktsiyasiga shu darajada ishonib-tayanib qolganlaridan, hatto, “JEK”ning takasaltang ishchilari qilmishidan ozurda bo‘lgan paytlari ham “yozuvchilar qayoqqa qarayapti?!” deb iddao qilishgacha borib yetishadi. Holbuki, Shavkat Rahmon o‘zining “Iqror”ida alam-la qayd etganidek, u jangchi emasdi, u shoir edi!

Bugun ham xalqimizning vijdonli ijodkorlari ezgulik va yovuzlik kurashidan, uning har qanday shaklidan o‘zini olib qochayotganlari yo‘q. “Kulgili ahvolga tushib qolgan ezgulik” to‘g‘risida hingillayotganlar esa avval ham, hozir ham – hech qachon xalq va millat dardu dunyosini anglamagan, anglolmaydi ham. “Romantika” deysiz. Ular chinakam romantika nima ekanini biladilarmi o‘zi? Romantikasiz – uchqur xayol, qulochsiz orzu, balki hech qachon amalga oshmaydigan buyuk maqsadlarsiz insoniyatning qorin g‘amidan boshqa g‘ami bo‘lmagan to‘ng‘izdan ne farqi qolardi?

Darvoqe, “hech qachon amalga oshmaydigan buyuk maqsadlar” deganimda esimga tushgan bir qiziq fikrni ham keltirib o‘tay. U amerikalik dramaturg Yujin O’Nilniki edi, shekilli: “Qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan orzularni o‘ylab yashaydigan odamlarni o‘sha orzularini amalga oshirib jazolamoq kerak. Chinakam insonlar hech qachon amalga oshmaydigan buyuk orzularni ko‘zlab yashaydilar”, – deydi adib. Mana shunday cheksiz-chegarasiz orzularsiz, intilishlarsiz bir-ikki inson emas, katta adabiyot, katta millatning so‘z san’ati qanot qoqa oladimi, agar qanot qoqsa, uning parvozi qaergacha boradi? To‘ytepagachami?

5. U yoxud bu mevaning hosildor, yirik va xushta’m bo‘lishi yo‘lida selektsionerlar nima “ayyorliklar”ni o‘ylab topishmaydi, deysiz. Masalan, hozir bozorlarimizda o‘zimizning jaydari gilosdan boshqa bu mevaning hamma mahalliy-ajnabiy duragaylarini topishingiz mumkin. Kichkinaligimizda dadam rahmatli oilamizning har bir a’zosi nomiga bittadan gilos ko‘chati olib kelib hovlimizga ekkandi. Ularning hammasi avvaliga yaxshi tutdi, uch-to‘rt yildan so‘ng mo‘l hosilga ham kirdi. Biroq o‘shalardan ikkitasi hech qancha vaqt o‘tmay avval hosildan qoldi, keyin bo‘lsa, birdan qurishga tushdi. Shunda dadam bizga tushuntirgan edi: “Shu ikkalasi qanaqa bo‘lsayam gilos daraxtiga emas, zarangga payvand qilingan ekan, oxir-oqibat asli nasliga tortdi – zaranglashib ketdi...”

“Modernizm”, “postmodernizm”, “neomodernizm”, “ekzistentsializm” va ulardan o‘sib chiqqan barcha ijodiy yo‘nalishlar u yoxud bu adabiy-estetik makonda paydo bo‘lgan, o‘sha makon ob-havosida ulg‘aygan, ko‘proq aynan o‘sha makon atrofida istiqomat qiluvchi muxlis dunyoqarashi va didiga mos adabiy mahsulot bergan yoxud berayotgan metodlar hisoblanadi. Mazkur metodlarda dunyo adabiyoti va san’atida chinakam hodisa bo‘lgan ko‘plab asarlar vujudga keldiki, ularni inkor etish, ko‘rib ko‘rmaslikka olish – borib turgan madaniy basirlik bo‘lur edi. Qolaversa, mazkur metodlarni mualliflar bekorchilikdan yoxud oliftagarchilik uchun o‘ylab topmaganlarini ham alohida ta’kidlash kerak. Chunki o‘tgan XX asr G‘arb dunyosida va taqdiri unga tarixan tutash bo‘lgan Lotin Amerikasi mamlakatlari va Yaponiyada chakana ijtimoiy-siyosiy falokatlar, shafqatsiz va mehrsiz kapitalning temirtan diktaturasi, millionlar hayotini domiga tortgan jahon urushlari, o‘shanga qadar jamiyatlarni tutib turgan qadriyatlarni yer bilan yakson qilgan ma’naviy inqirozlar yuz berdimi? (O‘tgan asrning aynan 10-40 yillari oralig‘ida!) Bu hodisalarning bari birlashib, inson ruhiyatida ortga qaytmas evrilishlarni, sinishlarni, inson bo‘lib yaralganiga behad pushaymonliklarni keltirib chiqardi. (Gollivud kinoijodkorlari tomonidan realistik yo‘sinda suratga olingan “Odnajdы v Amerike” filmi hodisalarini eslaylik). Ayni shu jamiyatlarda yashagan, barcha ma’naviy degradatsiyalarning jonli va hissiyotli guvohi bo‘lgan ijodkorlar an’anaviy metodlardan ko‘ra, yangicha, ayni zamon va mafkura ruhiga mos (moslashgan emas!) usul-uslublar izlashi tabiiy va hatto zaruriy hodisa edi. Bu jihatdan hech qursa, Alber Kamyuning “Begona” qissasini, Frants Kafkaning “Jazo koloniyasida” hikoyasini, yapon adiblari asarlarini, Fridrix Dyurrenmatning “Eshak soyasidan chiqqan hangoma” fars-dramasini eslash va xayolan tahlildan o‘tkazishning o‘zi kifoyadir... Demoqchimanki, G‘arb estetik takomilidagi tabiiy jarayon mevasi bo‘lmish bu metodlarni “qandaydir “izm”lar” deb kalaka qilish, mensimaslik siz bilan bizga yarashmaydi, obro‘ ham keltirmaydi.

Masalaning ikkinchi jihati esa, darhaqiqat, jiddiy muhokamaga muhtoj. Ya’ni bugungi adabiyot va san’atimizda kuzatilayotgan, aqli yetsa-etmasa, didi o‘tsa-o‘tmasa, mana shu metodlarga taqlidan narsa yozish, “san’at asari yaratish” yo‘lidagi chiranishlar kishining avval kulgisini, keyin g‘ashini keltiradi, xolos. Boya aytganimizdek, gilosning navini yangilash, hosilini mo‘l qilish uchun u payvand qilinadigan asos ham qanday bo‘lmasin, gilos naviga oid bo‘lishi shartligi nafaqat tabiatga, balki estetikaga ham xos bo‘lgan azaliy qonuniyatdir. Agar ozgina diqqat qilsak, ko‘ramizki, hatto, barcha zamonlar va makonlar uchun universaldek tuyuladigan realizm metodi ham G‘arbda o‘ziga xos qiyofaga, Sharqu Janubda o‘zgacha shamoyilga ega. Deylik, Qodiriy va Cho‘lpon romanlaridagi realizm qatidan sharqona romantizmning shohi ko‘ylagi lip etib o‘tib qolishini sezmaslik mumkin emas, axir. G‘arbda keng quloch yozgan “shafqatsiz realizm”ni, har qancha toshbag‘ir bo‘lmasin, bizning yozuvchilarimiz obi tobiga keltirisha olmaydi va buning keragi ham, bunga ehtiyoj ham yo‘q.

Afsuski, milliy adabiyot maydonida milliy ijodning azaliy, an’anaviy va behad imkoniyatlarga ega “o‘yin qoidalari”ni o‘zlashtira olmayotgan (buning uchun, “bor-yo‘g‘i” Xudo yuqtirgan iste’dod talab qilinadi, xolos!), buning uddasidan chiqa olmasligiga nihoyat ojiz aqli yeta boshlagan qalamkashlar “shig‘ir” va nasriy yozmalarini har turli shaklu shamoyilga solishga bekorga urinib yotishibdi. Ishonmasangiz, sinab bilingki, mana shu xil “ijodkorlar” na Kamyuning, na Sartrning, na Fromm yoxud Yungning biror satrini tushunishadi, mag‘zini chaqa olishadi. Ular hatto Mayakovskiyning nisbatan ibtidoiy futuristik she’ru dostonlariga ham og‘zini ochib qarashdan nariga o‘tisholmaydi. Mana shu holatda Siz bularning narxini, obro‘-martabasini oshirib “bizni qaerga boshlab ketyapti?” deya xavfsirashingiz sal kulgili tuyuladi. Sizni bezovta qilayotgan faqat ular e’lon qilishdan charchamayotgan “modernistik asarlar”gina emas, bu xil mualliflarning shaxsiy “tahlilchilari”, “kashfiyotchilari” tomonidan paydar-pay yozilayotgan maqolalar ham ekaniga aqlimiz yetib turibdi. Nima ham deysiz: ko‘ngilni keng qiling. Xalqdan chiqqan bir “shumroq” donishmand aytgan ekan: “Devorni yiqiladigan tomoniga qarab itaringlar”, deb. Bu “adabiy basharali” devorlar, boya aytganimizdek, nari borsa, paxsadan qilingan poydevorga gipsokartondan “montaj” qilingan, yomg‘ir suviga-da yuvilib ketadigan guashda chizilgan dekoratsiyadek gap: Siz itarmasangiz ham bir-ikki adabiy mavsumdan keyin o‘zi nurab ketadi...

6. Bu masalada ham muammoning qo‘yilishidan tortib uning yechimigacha biryoqlamalikdan nari bo‘lgani durust. Ya’ni, aslida, san’at – ohang, rang, so‘z, jismu jon o‘yini – plastikasi – improvizatsiyasi mahsuli sanalishini esdan chiqarmasligimiz kerak. Shu o‘rinda yaqinda eshitganim bir hangoma yodga kelyapti. San’atkorlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtiga yangi ishga borgan do‘stlarimdan biri – ayol kishi beozor kulib “arz qilib” qoldi: “Aka, talabalarini-ku, qo‘ying, u yerning domlalari ham sal “anaqaroq”. Kecha yo‘lakda ketayotsam, orqamdan bir kap-katta domla har xil qiliq qilib kelyapti. Shartta to‘xtab, astoydil ranjib: “Bu nima qilganingiz, nega mening yurishimni masxaralayapsiz?” desam, jiddiy turib: “Xonim, men sizni aslo ranjitmoqchi emasman. Prosto... yurishingizdan etyud olyapman”, deydi...”

San’at – Yaratgan qudratiga yaralmishning buyuk taqlidi, iste’dodli taqlidi, badiiy yuksak taqlidi ekani – uning aksiomasi sanaladiki, busiz “qora so‘z” bilan “she’riy lutf”ning, tog‘ning oddiy toshi bilan “Oyog‘idagi zirapchani olayotgan bola” haykalining, jaydari xirgoyi bilan “Cho‘li iroq”ning, o‘rgatilgan fil xartumida bo‘yalgan mato bilan xolstdagi “Jakonda”ning... farqi bo‘lmagan bo‘lardi. Bu hol tushunarliroq bo‘lishi uchun bizga yana chinakam san’atning o‘zi yordamga keladi. Masalan, Iqbol Mirzo so‘zni mana, qanaqa o‘ynaydi, o‘ynatadi:

Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.
Yashil quyosh, moviy tosh, safsar ko‘z yosh oralab,
Odamning va Havoning nafsini ko‘rgandayman.
Yuzimga suvlar urdim, yuzimga zulm etdim,
O‘zimga zulm etdim, ko‘zimga zulm etdim.

Mana shu hovuzdagi aksni – Yaratganning olamdagi va odamdagi zuhrini tasvirlash, buyuk qudrat va hech qachon to‘la ochilmas ruhoniy sir sari odimlash zavqi barcha san’at turlari, jumladan, adabiyotdan ham, xuddi rassom ranglarni iylagandek, so‘zni chiylashni, tovlantirishni, o‘ynatishni, uning oddiy odam ko‘zidan pinhon rang va ohangini yuzaga chiqarishni talab qiladi. Bu, aslo “so‘zbozlik” degani bo‘lmay, dun­yoga botiniy nigoh bilan qaray olish quvvati ato etilgan iste’dodninggina qo‘lidan keladigan “o‘yin usuli”dir. Bir narsani tan olish kerakki, iste’dod ulgurji narsa: bersa qo‘shqo‘llab beradi – bo‘ladi, bermasa, chiranish-u jilpanglashdan foyda yo‘q – bo‘lmaydi. Ana o‘sha bor narsani ro‘yobga chiqarish tinimsiz mehnatni, izlanishni, jon koyitishni, o‘zdan, dunyoning o‘tkinchi lazzatlaridan voz kechishni talab etishi esa hammaga ma’lum haqiqat, iste’dodning yashash talabidir.

Bizga berilgan savolning tug‘ilishi sababini ham, albatta, inkor etib bo‘lmaydi. Ya’ni, san’atni o‘yinga aylantirayotgan, yana ham to‘g‘rirog‘i – maishiy darajadan yuqori ko‘tarila olmaydigan o‘yinlarni san’at deb taqdim etayotgan “madaniy kosib”lar harakati odamning g‘ashini keltirayotgani, darhaqiqat, bor gap. Bu masalada aybni nuqul xorijdan qidirish, “ommaviy madaniyat” balosini ro‘kach qilaverish ham, oxir-oqibat, odamni uyatga qoldiradi. Mo‘r-malaxday yopirilib kirib kelayotgan o‘sha “ommaviy madaniyat”ning kuchli ta’sirini inkor etmagan holda, boshqa bir haqiqatdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, milliy madaniy makonda “ommaviy madaniyat”ga kengroq joy ochish, uning urchib-bolalashi uchun qulay ob-havo – muhit yaratish, bu zaminni har turli o‘g‘itlar bilan ta’minlash, yetishtirilgan “mo‘l hosil”ni jozibador “upakovka”da paydar-pay bozorga chiqarib pullashdan manfaatdor kuchlar o‘zimizda ham istagancha topiladi. Agar ularni muhokama minbarlarida tinglasangiz, hammasi bir ovozdan “kalkalangan” (“kalakalangan” deb aytish to‘g‘riroq bo‘lardi!) o‘zbek tilida bu hodisaga qarshi ekanini bidirlashadi, “ayrim do‘stlari”ning bu qiliqlarini, bor-yo‘g‘i, “nima desam ekan... ijodiy eksperime-e-nt sifatida tushunaman” deyishadi. Vaholanki, bunaqa eksperimentlar o‘nlab yillar davom etayotgani, bu jarayonda milliy san’at va madaniyat, adabiyot maydonida tobora chuqurroq tomir otib borayotgan alaflar gurkirab g‘ovlayotgani vijdonli ziyolilarni qiynamasligi mumkin emas. Albatta, yillar o‘tib mazkur hodisalar o‘zining ob’ektiv bahosini olishi, boyagi manfaatdor korchalonlar tarix chiqindixonasidan o‘ziga “munosib joy” egallashi tayin. Biroq bu orada bir necha avlod estetik didining qashshoqlashishi, ularning chinakam san’at bilan duragay tomoshabozlik farqiga yetmay o‘tishidek afsuslanarli manzara madaniy tariximiz yuzida dog‘ bo‘lib qolishi kishiga alam qiladi.

7. Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik adabiy tanqidni nihoyatda tor, biryoqlama tushunadi, u to‘g‘rida shunga yarasha fikr-xulosa yasaydi. Bunday qarash ayrim shoir-yozuvchilarga ham yot emasligini shundan ham bilsak bo‘ladiki, ulardan biri – har yarim yilda beshtadan dostonni qoyillatib, Navoiyni ham changida qoldirib ketgan, eng sinchkov muhaddislar ham topa olmagan hadisni go‘yo “topib”, u bilan kitobini bezagan bir shoir: “Biz sho‘ro zamonining eng yaramas narsasi – adabiy tanqiddan, hayriyatki, qutildik” – degan gapni aytishgacha borib yetgandi.

Holbuki, adabiy tanqid xuddi adabiyotdek qadimiy tarixga, evolyutsion takomil yo‘liga ega estetik tafakkur sohasi hisoblanadi. Chuqur adabiy tanqidiy mulohazalardan iborat maqola va kitoblar xuddi badiiy asar singari zavq-shavq bilan o‘qiladi, qiziqarli bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Boshqacha aytganda, adabiy tanqidchi u yoxud bu asar tahlili asnosida olam va odam haqida o‘zining yozuvchinikidan kam bo‘lmagan talqinlarini ilgari suradi, ularni ham ilmiy, ham ijodiy dalillaydi.

O‘zbek adabiy tanqidchiligining Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov singari vakillari yetakchilik qilgan davri bilan bugungi holatini solishtirsak, odamni xursand qiladigan narsa kam topilishi bor gap. Maqolalarimning birida “adabiyotning qand kasalligi” haqidagi mulohazalarim bilan o‘rtoqlashgan edim. Nazarimda, bu kasallik adabiy tanqid “tanasi”ga ham allaqachon o‘rnashgan ko‘rinadi. Shuning uchunmi, bugungi adabiy tanqidning nigohida yolqin, hamlasida shiddat, harakatida jo‘shqinlik ko‘p ham sezilmaydi. Adabiyot tanasidagi yaralarni uzib tashlaydigan tishlar liqillab, kasal ildizlarni sug‘urib otadigan tirnoqlar ko‘chib qolgan. Natijada, adabiyot – doimiy parvarishga, ihotaga, sergak e’tiborga muhtoj inja boqqa, boya aytganimizdek, xohlagan bekorchi istagan alafining urug‘ini ketmonlab ekmoqda, bu bog‘ bag‘rini tanib bo‘lmas darajaga keltiryapti. Kundalik “sariq” nashrlarda “davomi kelgusi sonda” ekani va’da qilinib bosilayotgan, bir-biridan tuban to‘qimalarni aytmaganimizda ham, kitob do‘konlarimiz peshtaxtalarida mumtoz adabiy mulkni surbetlarcha bir chetga surib o‘zining yo‘g‘on va beso‘naqay gavdasiga joy ochayotgan “tanlangan asarlar”, “saylanma”lar, “tomlik”lar qo‘r to‘kmoqdaki, o‘zini hurmat qilgan didli kitobxon bu holga hayron boqayotgani aniq.

Bugun xuddi har bir qo‘shiqchining yonida o‘zining prodyusseri, dalloli bo‘lgani singari ko‘pchilik yozuvchi-shoirlarning ham hamtovoq talqinchilari – “adabiyotshunos”lari bo‘lishi kutiladigan holga aylangan. Xolis, samimiy, kuyunchak tahlilu talqin o‘rnini “shishadoshni qo‘llab yuborish”, “keyingi yil mukofot-unvonga ilintirib qolish” istagi, “bir yerdan ekanligini unutmaslik mas’uliyati”, “narigi guruhdagilar hujumiga qoldirmaslik”dek sergaklik... sifatlari egallamoqda. U yog‘ini surishtirsangiz, “olimman” deb yurgan, soni ancha-munchani tashkil etadigan birodarlarimizda oddiy savodning ham beli chiqib qolgani, bugungi dunyo adabiyoti, estetik tafakkuri ne ufqlarni zabt etayotgan bir vaqtda, ularning adabiy didi Qahhor domlaning “adabiyot muallimi”niki darajasida ekani odamni chindan qo‘rqitib yuboradi. Bu qandaydir vahima gap bo‘lmay, o‘sha “mutaxassislar” tomonidan yozilgan o‘nlab, yuzlab qo‘lyozmalar bilan tanishish asnosida yuzaga kelgan xulosa, desam ishonavering.

Bizga qaratilgan e’tirozingizni ham eshitib turibman: “Siz ham o‘zingizni adabiy tanqidchi sanab yurasiz-ku, nega o‘shalarni nomma-nom aytib “urib tashlamaysiz?” demoqchisiz-da. Avvalo shuki, bunday maqolalarni bosadigan “muharrirning mardi” (Muhammad Yusuf)ni bugun kunduzi chiroq yoqib qidirishga to‘g‘ri kelayotir. Qolaversa, avvalroq aytganimdek, noshud muharrirlarga dono maslahatchilik qilayotganlarning nozik didiga moslab narsa yozib “tarixda qolgandan” ko‘ra, yozmay qo‘ya qolgan ma’quldek. Va yana, qolaversa, bu da’vatingizga ustoz shoirimiz Abdulla Oripov lirik qahramoni tili bilan: “Men o‘zga manzilga tikkanman ko‘zim...” deya yoxud yana o‘sha Qahhor domlaning Saidiysi zamona Bulbuligo‘yolariga qarata aytganidek: “Men teshik tomni yamash uchun dunyoga kelmaganman” deya javob berish to‘g‘ri va vijdonli gap bo‘ladi...

8. “Eski” – “yangi” masalasida Siz bilan bizni shakl chalg‘itmasligi kerak. Shakliy yangilik, boshqachalik hali tafakkur, idrok, tuyg‘u yangiligi degani emas. Va, aksincha, masalan, Abdulla Oripov insho manerasida G‘afur G‘ulomona kenglikning zuhur etishi, Shavkat Rahmon hayqiriqlarida Cho‘lponning o‘chmas ovozi eshitilishini aslo tak­rorga yo‘ymasligimiz lozim. Bu buyuk ijodkorlarni birlashtirib-yaqinlashtirib turgan boshqa narsa – ularning chinakam milliyligi, millat qalbini, sajiyasini kashf etuvchilar ekani.

Mazkur savolga Nazar Eshonqul do‘stimiz bergan javobda haq gap aytilibdi: har bir chinakam ijodkor, avvalo, betakror shaxs bo‘ladi. Shaxs esa zavod stanogi novidan paydar-pay to‘kilib turadigan mashina detali emas. Uning ishloviga yillar, balki asrlar talab etilar. Ijodkor shaxs kamoloti uchun esa, inchunin.

Pushkindan meros bir mulohaza bor: agar men haykaltaroshdan mushugimning haykalini yasab berishini iltimos qilsam-u, u menga mushukni qanday bo‘lsa, o‘shandoqligicha aks ettirib bersa, menda bitta emas, ikkita mushuk paydo bo‘ladi, xolos, farqi – biri jonli, boshqasi jonsiz. Chinakam haykaltarosh o‘sha mushukning shunday holatini topadiki, bu holat, balki boyagi tirik mushukning o‘ziga ham qiziq tuyular... Shunga o‘xshab, ijodiy originallikni ta’minlab turgan javharni faqat shakl­dan izlash estetik idrok chalg‘ishining boshlanishidir.

Zamonamizning ayrim “yuksak badiiy did egalari”, masalan, Muhammad Yusufni she’riyatda original yo‘l ocha olmaganlikda, an’anaviylikda ayblab visirlashadi. Holbuki, agar xolis diqqat qaratilsa, bu juvonmard shoir o‘zidan avval ijod qilgan salaflarining birortasini, biror masalada takrorlamadi. Mana, qo‘limda shoir to‘plamlaridan biri. Uni varaqlab, kitobga jamlangan she’rlar sarlavhasini navbatma-navbat o‘qiyman: “Vatanim”, “Jayron”, “Mehr qolur”, “Ozoda”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Tuzalmaydi dardim mening”, “Mo‘minjon”, “Lolaqizg‘aldoq”... Xo‘sh, bu she’rlardagi ruhiyat, kayfiyat, dard, holat, insho usulining analogini Muhammad Yusufga qadar ijod qilgan minglab shoirlar merosidan topa olamizmi? Aynan mana shu jihat badiiy ijoddagi chinakam yangilik, navatorlik, originallik emasmi?

Endi menga go‘yo yangicha usulda yozayotgan, o‘quvchi-muxlis – inson ko‘ngliga umrboqiy o‘rnashib qoladigan asarlar yaratishi shart bo‘lgan “modernchi”larning havorang kitoblaridan “eskicha” yozgan Muhammad Yusufnikidek chinakam ikkita she’r topib bering-chi.

Do‘stim, tushuning, masalan, Xurshid Do‘stmuhammadning “Jajman”, Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam”, Isajon Sultonning “Qismat”, Muhammad Sharifning “Parvoz” hikoyalari o‘quvchini avvalboshda yangicha hikoya tarzi bilan o‘ziga tortgandek tuyulsa-da, o‘sha o‘quvchi ichki dunyosini ostin-ustin qilib tashlaydigan asl qudrat – bu asarlar zamirida yotgan, shu paytga qadar hech qachon bu taxlit talqinini topmagan voqelik, ma’no-mazmun hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, iste’dod dardi mahsuli bo‘lgan har bir asar har doim yangi, “avvalgilarga o‘xshamas” o‘zining shaklu shamoyilida tug‘iladi, yashaydi va... shu sifati bilan ham o‘lmay qoladi.

9. Boya bir haqiqatni eslatdik: katta iste’dodlarga hamma narsa ulgurji beriladi – tafakkur va idrok kengligi ham, qalb va tuyg‘u ko‘lami ham, insho va izhor originalligi ham. Shundan kelib chiqib, ular o‘zi yashayotgan davrning ma’no-mohiyatini ichidan – ildizidan anglaydi, abadiy o‘zgarmas kurashlarning yangi shaklu shamoyilda takrorlanayotganini ilg‘aydi, dunyoga kelishi evaziga yelkasiga yuklangan mashaqqatli vazifani ham teran his qiladi.

Ko‘pincha, gigant siymolar to‘g‘risida gap ketganda, “tarixning burilish pallalarida mana shunday ulug‘ zotlar maydonga keladi” degan talqinlarni eshitamiz. Menimcha, bu ta’rif boshqacharoq, anig‘i – aynan teskari shaklda berilishi to‘g‘riroq bo‘lur edi. Ya’ni “mana shunday ulug‘ shaxslar tarixning – taraqqiyotning burilishiga sababchi bo‘lishadi, unga mazmun, taqdir baxsh etishadi”. (Shoir, bu hodisaning bir jihatiga urg‘u berish uchun, sof o‘zbekcha qilib aytadi: “Egam goho shunday o‘ynar quli bilan, Goho urar bandasining qo‘li bilan...”)

Alloma G‘afur G‘ulom ijodida uchraydigan zamonasozlik ruhidagi ayrim she’r­larni qayta-qayta pesh qilaverish ham, balki, kimgadir obro‘ keltirar, biroq o‘sha obro‘talab kimsa o‘zbek shoiri o‘tgan asrning 20-yillaridayoq “Tillarda bong uring yangi turmush-chun, Zehn okurkaday oyoq ostida” deya sho‘ro siyosatining asl illatini hech kimnikiga o‘xshamas quyma satrlarda ifodalab qo‘yganini ham bilsa, qaniydi. Shu ma’noda, barcha fojiali adashishlar, ishonishlar, keyingi afsus-nadomatlarga qaramay, har qancha chiranilmasin, G‘afur G‘ulomlar avlodini “sho‘ro fuqarochiligi”ning tor, temir ramkasiga aslo sig‘dirib bo‘lmaydi. G‘afur G‘ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir singari adiblar chinakam o‘zbek milliy ijodkorlari edi. Ular davr yo‘l qo‘ygan va qo‘ymagan darajada ham chin fuqarolik (qizil sho‘ro fuqaroligi emas!), ham ijodkorlik vazifasini ado etganlar.

“Bitta ishni amalga oshira turib, har ikki – ijodkorlik va fuqarolik burchlarini ado etish mumkin”gina emas, shartdir! Zero, fuqarolik degani pasportdagi yozuvdan kattaroq tushuncha bo‘lib, u xalqparvarlik, millatparvarlik, haqiqatparvarlik, adolatparvarlik singari o‘lmas ezgu tuyg‘ularni ham o‘z ichiga oladi. Ijodkor esa mana shu tuyg‘ular egasi, tarafdori, himoyachisi bo‘lmasa, nimani ijod qiladi, uning kori – hunaridan ne naf?

10. Sevimli shoirimiz Omon Matjon o‘tgan asrning nursiz kunlarida bezovta ruh haqida bir she’riy hikoya yozgandi. Mazmuni shuki, qorong‘i go‘r ichida yotgan ruh bir kun yer yuziga chiqadi. Shunda qabriston yo‘lida o‘ziga-o‘zi gap uqtirib, nedir masalani albatta hal etish shahdida borayotgan kishini ko‘rarkan, xotirjam qorong‘i manziliga qayta bosh qo‘yadi: “Yer ustida odamlar yashayotgan ekan!” Oradan yuz yilmi-ming yilmi o‘tib ruh yana bir bor dunyoga chiqadi va ko‘radiki, boyagi yo‘lda bir kimsa – boshi xam, ko‘zi nursiz, qaddi va qadami ezgin holda o‘z-o‘ziga ming‘irlab boryapti: “Gapirganing bilan foydasi nima, hech narsa o‘zgarmaydi, shundoq ekan, g‘ovlab ketmaydimi, menga nima?” qabilida. Shunda ruh qabriston sari chinqirib uchadi: “O‘liklar, turing, Yer usti ham bizniki endi!..”

Yodingizda bo‘lsa, suhbatimiz boshida eslaganimiz 70-yillar avlodi adabiyot maydonida javlon urayotgan paytlar “Pushkin-1”da joylashgan Yozuvchilar uyushmasida kechadigan muhokamalarda konkret asargina emas, bir noo‘rin qo‘llangan so‘z ustida ham qanaqangi qizg‘in munozaralar bo‘lardi. Ular nafaqat iste’dodlarning toblanishiga, balki bu maydonga kirmoqqa chog‘langanlarning jiddiy sergak tortishiga, bu makon ko‘ngilxushlik qiladigan joy emasligini anglashiga, shunga qarab oyoq bosishiga sabab bo‘lardi. Nafaqat adabiyot gazetamiz, balki unga yondosh boshqa nashrlar sahifalari ham adabiy-estetik bahslarga to‘liq bo‘lar, eng muhimi – ularda faqat professionallar emas, balki yuzlab, minglab didli kitobxonlar ham qizg‘in ishtirok etardi. 70-yillar avlodining obro‘sini hozirgacha saqlab turgan bir-biridan o‘qishli, badiiy baquvvat asarlar yaratilishida shu ijodiy muhit rolini ham e’tirof etmoq insofdan bo‘lsa kerak? Shunday ekan, toki adabiyot va san’at o‘z hududida yuz berayotgan hodisalarni o‘zi mustaqil va erkin muhokama qilmaguncha, buning uchun esa shu ishga mutasaddilikni bo‘yniga olgan kishilar zimmasidagi eng muhim vazifa aynan shu muammo yechimi (yubileylar o‘tkazish, bayram oshi va go‘sht tarqatish, oylik va mashina benzini limiti bilan shug‘ullanish ... barobarida, albatta!) ekanini anglamaguncha, bir so‘z bilan aytganda, adabiyot o‘zini o‘zi tozalab, tozartirib borish huquqini amalga kiritmaguncha, Siz aytgandek, “insonni inson, millatni millat sifatida tiklanishiga ma’naviy dalda” bo‘lish missiyasini bajara olmaydi.

 

Abduqayum Yo‘ldosh javoblari:

1. Asl ijodkorlarni taqvim sahifalariga qarab avlodlarga bo‘lish an’anasiga unchalik qo‘shilolmayman. Nazarimda, yaqin-uzoq kechmish yoinki bugungi kun, avvalo, adabiy kashfiyotlari hamda qalamkash Shaxslari bilan e’tiborga molik bo‘lgani ma’qulroqdek. Taassufki, tilga olinayotgan vaqt oralig‘ida bu e’tirofga loyiq asarlarniyu rutbaga munosib zotlarni sanay boshlasak, qo‘llarimizdagi barmoqlarimiz ham ortib qoladi.

Deylik, biron asaridagi qahramon tilidan emas, o‘zining ustidan ketayotgan sud jarayonida “Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman!” deya xitob qilgan ulug‘ Qodiriy Shaxsi qoshida hayratlar ila bosh egmay bo‘ladimi? Partiyaning ongsiz soldati emasligini yuksak minbarda turib ayta olgan Qahhor-chi? To‘g‘ri, ijtimoiy evrilishlar yuz berib, yov qochgach, bu gap Qahhordan burun ham aytilgani borasida da’volar g‘imirlab qoldi. Haq gap. Bu gapni Qahhordan oldin ham aytishgan, Qahhordan keyin ham aytishadi. Balki “partiya” o‘rniga “g‘oya” tushunchasi ishlatilar, balki “mafkura”. Ammo bu bilan mohiyat o‘zgarmay qolaveradi. Muhimi – shu gapni AYTA OLISHDA. Agar takrorlash shunchalik oson ekan, ibrat shundoq ko‘z oldilarida turganidan keyin ham nima uchun Qahhorga jo‘rovoz adiblar qatlami paydo bo‘lmadi, nima uchun adabiyotimiz osmonidan voqea bo‘ladigan asarlar yomg‘iri yog‘madi: Qahhor jasorati momaqaldiroq bo‘lib gumburlab qolaverdi. Bil’aks, bugun o‘qisangiz uyalib ketadigan yostiqday-yostiqday ro‘mon-qissalar uzluksiz bosilib chiqaverdi. Nima uchun qayta qurish yillarida ko‘z-ko‘z etishga arzigulik “Zilzila”dan boshqa chop etilmagan asar topilmadi?..

Aytishlaricha, 60-yillarda aksariyat yozuvchilar “Shu asarim chop etilib qolsa, Qahhor nima derkan?” degan adabiy istihola bilan ijod qilisharkan. Keyingi yigirma yil ichida mana shu tarzdagi istihola unutildi. Buning ob’ektiv sabablarini sanab o‘tirish ancha vaqtni oladi, ammo asosiylaridan biri, albatta, bu mening mulohazam, adabiyotimizda shunday Shaxs(lar)ning taqchilligidir. Brextning gaplarini sal o‘zgartirib aytadigan bo‘lsak, bunday Shaxsi yo‘q adabiyotning emas, bunday Shaxsga ehtiyojmand adabiyotning rivojlanishi og‘irroq kechadi.

O‘tgan asrning 80-yillaridan 90-yillarning boshlariga qadar adabiy uloq publitsistika va “fosh etuvchi” (mohiyatiga ko‘ra, bu ham publitsistika) asarlarda ketdi. Buning natijasida, adabiy jarayonda ma’lum darajada “oq dog‘lar” paydo bo‘ldi. Bu davrda endi adabiyotga kirib kelgan qalamkashlarni o‘zimcha “adashtirilgan avlod” deb atayman. Illo, “sotsialistik realizm” iskanjasida ulg‘aygan avlodning banogoh “qayta qurish” qozonida qaynashiyu o‘tgan yetmish to‘rt yil bo‘ralatib so‘kilgan nigilistik maqolalarni hazm qilishi, ayni paytda, bozor iqtisodiyotining bizga noma’lum jihatlarini tezlikda o‘rganib olishi, yangi zamonga, yangi ijtimoiy talablarga, yangi did-saviyaga moslashishi, adabiyot tirikchilik va obro‘ vositasi emas, qismat ekanligini anglab yetishi oson kechmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, adabiyotda yangisi qurilmasdan turib eskisi buzildi. Bu taloto‘pda ancha-muncha odamning boshi aylanib qolishi tabiiy hol edi, deb o‘ylayman.

Nihoyat, po‘rtana tinib, suv yuzasidagi xas-xashaklar oqib ketganidan so‘nggina “yarq” etgan asarlar ora-sira ko‘zga tashlana boshladi. Mening nazarimda, uzoq davom etgan sinovlardan so‘ng aloha adabiyotimizda yangi, ovozi “ikki daryo oralig‘ida” qolib ketmaydigan avlod paydo bo‘lgandek. Ajab emas, shu yaqin yillar ichida adabiy iste’molga “Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Bahrom Ro‘zimuhammadlar davri” degan istiloh kirib kelsa. Eng muhimi esa – mening nazarimda, albatta – adabiyotimizda Erkin A’zam, Shuhrat Rizaev timsolida Shaxslar paydo bo‘ldi...

2. Ijodiy erkinliksiz adabiyot issiqxonada yetishtirilgan gulga o‘xshab nimjon va bo‘ysiz bo‘lib qoladi. Faqat bu erkinlik sarhadlarini aniqlashtirib, darhol Xitoy devori bilan o‘rab olishga shoshmaslik kerak. Biz uchun muhimi – natija, ya’ni adabiyotimizda voqea bo‘ladigan asar. Misol uchun, Isajon Sulton “Adabiyotda timsollar davri keldi”, deydi, o‘ziyam turli eksperimentlarni yaxshi ko‘radi. Uning “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlarini yoki Chikagoda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda yuqori o‘rinni olgan “Ayvon” hikoyasini tilga olmagan taqdirimda ham, keyingi “Ota qasidasi”ni o‘qib larzaga tushdim. Hikoya qanday “..izm”da yozilgani bilan qiziqib ham o‘tirmadim, zero, u menga an’anaviy adabiyotning cho‘qqisi bo‘lib tuyuldi.

“Dunyoni badiiy-estetik qabul qilishdagi yaqinlik” borasidagi tashvishlar ham o‘rinsiz-ov. O‘zimcha, bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Bahrom Ro‘zimuhammadning bir turkum “boshqotirma” she’rlarini oldim-da, har kuni faqat bittadan o‘qiyverdim. Keyin mulohaza yuritishga urinib ko‘rdim: shoir bu misrasi bilan nima demoqchi, bunisi bilan-chi, o‘zi aytar gapi bormi va hokazo. Ishonavering, taassurotlar eng yaxshi hikoya o‘qilgandek...

Albatta, erkinlik bor ekan, uning suiste’molchiligi ham bo‘ladi. Qalbidan emas, qorindan chiqarib yozayotgan bitiklarini turli yaltiroq “izm”lar qobig‘iga o‘rab berayotgan, “san’at – san’at uchun, meni yuz yildan keyin tushunishadi, axir, allaqachon postmodernizm bosqichidan ham o‘tib bo‘lganman” qabilidagi puch da’volar qilayotgan qalamkashlar ham uchrab turibdi. Busiz mumkin ham emas, shekilli: taraqqiyot tikansiz bo‘lmaydi.

Bular hali holvasi. Ana, internetni oching, shafqatsizligu fahsh, qonxo‘rligu zo‘ravonlik targ‘ib qilingan “asar”lar achib-bijg‘ib yotibdi. Ammo bular monitor-quti ichida-ku, deb xotirjam bo‘lishga ham asos yo‘q. Yaqinda bir kattagina kutubxonadan “Jahon adabiyoti” jurnalining loaqal bironta ham soni topilmadi. Ammo javonlarni to‘ldirib turgan, qalin yaltiroq muqovali, oppoq-silliq qog‘ozlarda chop etilgan jild-jild kitoblarni varaqlab ko‘rib, hushimiz boshimizdan uchdi. Bu asarlar qanday qilib bu yerga kelib qoldi? Ularni kimlar o‘qimoqda?..

Hamon esimda, oltinchi sinfdaligimda “Don Kixot” hamda “Gargantyua va Pantragyuel” kitoblarini olmoqchi bo‘lganimda kutubxonachi adabiyot o‘qituvchimizdan ruxsat olib kelishga yuborgandi. Bu yerda bo‘lsa, yosh tsenzi olib tashlangan, nimani xohlasang, o‘shani uyga olib ketib o‘qishing mumkin. Mana, saxiy mualliflarning o‘zlari hadya qilgan kitoblar qatorlashib turibdi...

3. Yaxshi asar ichki norozilik va bir olam orzu-umidlar, nekbin niyatlar chog‘ishgan qalb ehtiyojidan tug‘iladi. “Ura-ura” kayfiyatidagi xotirjam ko‘ngildan hech qachon ikki samimiy misra sitilib chiqmaydi. Agar shunday bo‘lmaganida edi, siz aytayotgan “sovet adabiyotining achchiq qismati” dahriylik e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan, ziyolilar qoni daryo bo‘lib oqayotgan bir davrda “Usta va Margarita”dek durdona asarga ega bo‘lmasdi. Ko‘p hollarda mafkuraga xizmat – baayni usta musavvir haqiqiy ijodining yuzasiga oddiy manzarani chap­lab qo‘ygandek – asarning tashqi ko‘rinishi, xolos, mohiyat esa tamomila o‘zgacha. “Abadiyat qonuni”ni eslang. Yoki Qahhorning tengsiz hikoyalari qachon yaratilgan? Vaholanki, shunday adib oltmish yoshga to‘lganida “...xalqim va partiyam chizgan chiziqdan bir enlik ham chetga chiqqan emasman, umrimning oxirigacha xalqimga, partiyamga sodiq bo‘lib qolaman”, deydi. Qodiriydek zot ham “Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim”, deydi. Ammo, shukrki, o‘sma ketib qosh qoldi, bugungi kunda ham adabiyotimizning har ikkala Shaxsining abadiyatga daxldor asarlari – ularning ko‘plab salaflaridan farqli ravishda – qo‘ldan qo‘ymay o‘qilmoqda.

Shubhasiz, adabiyotning aql qamrab olishi mushkul bo‘lgan darajadagi ulkan missiya – vazifasini yagona “insonshunoslik” atamasi bilan izohlab bo‘lmas. Gollivudning bir kinosi bor. Zamondoshlarimiz faqat oq va qora rang bo‘lgan jamiyatga tushib qolishadi. Tasavvur qiling, hamma tomon faqat oq va faqat qora. Go‘zallikning na tovlanishi bor, na tuslanishi. Kunlar bir xil, kayfiyatlar bir xil, na quvonch bor va na hayajon; olomon kamalak nima ekanligini bilmay o‘tib ketmoqda. Adabiyotsiz hayot menga mana shu jamiyatni eslatadi...

4. Bani bashar dunyoga kelibdiki, ongli-ongsiz ravishda, beixtiyor adabiyot sari intiladi, nainki uning yonida bo‘lishga, bu cheksiz adabiyotni sarhadsiz qalbiga joylashga intiladi. Dastlabki harflar, toshga o‘yilgan bitiklar, qo‘shiqlar, dostonlar, eposlar – hamma-hammasi mana shu ehtiyoj hosilalaridir. Inchunin, adabiyot hamisha va har mahal insonning yonidadir, busiz mumkin ham emas, axir. Adabiyotsiz tamaddunning o‘zi bo‘lmasdi.

Asl adabiyot hamisha ezgulik, yaxshilik, yorug‘likning yonida turib “jang” qiladi va bu kurash abadul-abad davom etajak. Bu – tunning kun bilan almashinishiday tabiiy hol. Ma’lum vaqtlar oralig‘ida, bu “jang” jarayonida kechadigan ayrim taktik-strategik vazifalar bois qandaydir jihatlar, omillar oldinroqqa chiqib qolishi mumkin, ammo bular vaqtinchalik tadbirlar, xolos. Deylik, o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida biz Soljenitsinning “GULAG arxipelagi” asarining bosma sifati past, harflari arang ko‘rinadigan “samizdat” nusxasini oylab navbatda turgandan keyingina o‘qiganmiz. Bu asar tom ma’nosi bilan sho‘ro davrini, Insonni “murvatcha” deb bilgan qonxo‘r Stalinning mudhish qirg‘inbarotini ko‘z oldimizga keltirdi-qo‘ydi. Sal keyinroq chet elga qochib ketgan sobiq KGB xodimi Viktor Suvorovning “Akvarium”, “Osvoboditel”, “Istoriya VOV” singari asarlarini shunday qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qildik. Ha, shubhasiz, bular juda qiziqarli kitoblar edi. Ammo ular bizga qimmatli ma’lumotlar berishi, favqulodda “fosh etish” ko‘lami bilan qadrli edi, xolos. Biz bularni shoshib o‘qib chiqdik va yana Yevripid, Dante, Servantes, Navoiy, Mashrab, Gyote, Dostoevskiy, Kafka, Joys, Qodiriy va Qahhor...ga qaytdik. Mana asl Adabiyotning so‘lish bilmas kuch-qudrati, ohanrabosi!

Darvoqe, o‘rni kelib qoldi, yana bir holatni qayd etib o‘tay. Adabiyotimizning yangi avlodi keksa avlod o‘z asarlarida niqoblab kelgan ko‘p haqiqatlarni dadil ayta olmoqda. Yodingizda bordir, avvallari urush davri haqidagi qaysi kitobni – muallifi urush qatnashchisi bo‘lgan taqdirda ham – o‘qisangiz, yigitlar ko‘ngilli ravishda Vatanni himoya qilishga qo‘shiq aytib ketar, ortda esa ularning sevimli yorlari oq ro‘molcha silkib xayrlashib qolishardi.

Yaqindagina G‘.Karimiyning “Langar fojiasi” romanida urushga chaqirilgan qishloq yigitlarining qabristonda yashirinib yurishlarini, N.Hoshimovning “O‘q va tig‘” romanida esa o‘zbek yigitlarining janggohga xuddi kushxonaga haydalgan qo‘ylar kabi, qo‘llariga qurol o‘rniga yog‘och miltiq tutqazilib (!) tashlashganini o‘qidim. Mana, adabiyot qaerda! O‘ylanib qolaman, nahotki, shu oddiy haqiqatlarni aytish uchun bizga shu-u-uncha yil kerak bo‘lgan bo‘lsa?

Adabiyot ezgulik uchun kurashishdan hech qachon uyalmaydi, nomus qilmaydi, aksincha, Adabiyotni o‘sha darajaga olib chiqa olmagan, uning “atomdan zo‘r kuchidan o‘tin yorishda foydalanib yurgan” biz qalamkashlar uyalishimiz, nomus qilishimiz kerak.

Navoiyga murojaat qilaylik:

Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas,
Nafs itin qilsang zabun, olamda yo‘q sendek shujo’.

Ko‘nglimizdagi moddiylikka, huzur-halovatga, to‘kin-sochinlikka bo‘lgan ming boshli qutquni yenga olsak, sadoqatli Adabiyot hamisha biz bilan bo‘lib qoladi...

5. Hayot halqasining o‘zi uzluksiz yangilanishlardan iborat. Shoir aytganiday, tirilish faslida uyg‘onmasang – o‘lasan. Men bundan yigirma-o‘ttiz yillar muqaddam xorijda “Abadiy innovatsiya” atamasi ishlatila boshlanganini o‘qib, hayron qolgandim. Ammo tez orada bu tizim hayotiy zarurat ekanligini anglab yetdim. Zero, shiddat bilan o‘zgarayotgan hayotimizda yangi munosabatlar, yangicha qarashlar yanada tezlik bilan shakllanmoqda, turmush tarzimizga yangidan-yangi ilm-fan yutuqlari kirib kelmoqda. Bugun dunyoning narigi chekkasida yuz berayotgan voqea-hodisa oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, bu chekkasida ayon bo‘ladi. Adabiyot ham hayotimizning muhim mazmun-mohiyati sifatida doimiy tad­rijiy o‘sishda, rivojlanishda. Shunday ekan, yangi zamonning yangi talablari bu sohada islohotlar zaruratini keltirib chiqarishi va bu ehtiyojning voqelikka aylanishi tabiiy bir hol.

Faqat bu borada kamina – izlanishga asoslangan har qanday “izm” qatori postmodernizmning ham yashashga haqli ekanligini e’tirof etgan holda – ehtimolki, daqqiyunusdan qolgan qarashlar tarafdoriman. Ya’ni adabiyotning asosini, poydevorini realizm tashkil etadi. Mustahkam poydevor ustiga esa yanada mustahkam va chiroyli binolar quraverish mumkin, mohiyat esa o‘sha-o‘sha bo‘lib qolaveradi. Ya’ni usul vosita, xolos. Men bu fikrimni yuqorida I.Sultonning bir hikoyasi misolida asoslashga urindim, shekilli.

Misol uchun, Markesning “Buzrukning kuzi” romanini qayta-qayta o‘qiyman. Ammo nimagadir shu paytgacha biron marta asarning qaysi “izm”ga tegishli ekanligi xususida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Muhimi – kitobning ta’sir kuchi. Yanada soddaroq aytadigan bo‘lsam, bu borada Qahhorning qadim o‘gitiga quloq tutaman: “Yanglish maslahatlarga amal qilib asarning g‘oyasini qidirar edim. Bu ham bekorchi urinish ekan. Haqiqatan shunday. Asarning g‘oyasini qidirishga ehtiyoj bormi? Asar o‘quvchiga qanday ta’sir qoldirsa, uni qaysi yo‘lga boshlasa, g‘oyasi o‘sha-da”. Bunda “g‘oya” so‘zi o‘rniga “izm”ni qo‘ysak kifoya.

6. Yana ko‘hna hikmatga qaytamiz: maqsad vositani oqlaydimi? Ya’ni bizning misolimizda adabiy o‘yin yaxshi asarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladimi yoki o‘yin – o‘yin uchun bo‘lib qolaveradimi?

Adabiy o‘yinning adabiyotga aylanganiga esa ancha bo‘ldi. Buning uchun Milorad Pavichning shov-shuv bo‘lgan “Hazar lug‘ati”ni eslash kifoya. Boshidan-oxiriga, oxiridan boshiga, erkaklar uchun boshqachayu ayollar uchun boshqacha, musulmonlar uchun boshqachayu nasroniylar uchun boshqacha o‘qiladigan bu asar katta-katta adadlarda, turli tillarda chop etilayotganligining o‘ziyoq ko‘p narsadan shohidlik berib turibdi.

Biz esa mavzuga tegishli yana bir hikmatni eslab o‘tamiz: o‘ynab yozsang ham, o‘ylab yoz.

Yana bir gap. Ishonasizmi, yaqinda internetda shlyapa shaklidagi she’rni o‘qib qoldim. Tuppa-tuzuk boshqotirma. Har qalay, bir marta qiziqib o‘qishga yaraydi...

7. Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin. Bugungi adabiy tanqidchilik haqida mutaxassislar o‘z xulosalarini aytishar, men o‘quvchi sifatidagi mulohazalarim bilan cheklanaman.

Nimagadir “tanqidchi” so‘zini eshitsam, yana o‘sha Abdulla Qahhorning 1940 yili yozilgan “Tortiq” maqolasini eslayveraman. Hammamiz bilamiz, bu maqolada Said Ahmadning kitobi ayovsiz “urilgan”. Oradan chorak asr o‘tib esa Qahhor domlaning “Ilhom va mahorat samarasi” maqolasi paydo bo‘ldi. Bu safar Said Ahmadning “Ufq” kitobi “anchagina romanlar orasida yarqirab turgan asar” sifatida yuqori baholangandi. O‘ylanib qolaman, tanqid kelajakning mevasi ekan, agar Qahhorning ayovsiz tanqidi bo‘lmaganida edi, Said Ahmad “Ufq” romanini yozish darajasiga yetib kelarmidi-yo‘qmi? Balki ustoz Qahhor o‘z vaqtida aytilgan tanqidi bilan boshlovchi havaskorning kelajakda haqiqiy yozuvchi bo‘lib yetishishiga katta hissa qo‘shgandir?..

Bugungi tanqidchilikdan unchalik ko‘nglim to‘lmaydi. Ehtimol, tinmay chop etilib turgan o‘ta katta miqdordagi adabiy makulatura orasidan haqiqiy asarni qidirib topish mushkul kechayotgandir yo o‘zbekona istihola-andisha ustun kelayotgandir, har qalay, munaqqidlarimizning biron asarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratgan jiddiy tahlilli maqolalarini topish tobora qiyin bo‘lib borayapti. Kuyinchak munaqqidlarimiz Yo‘l­dosh Solijonov bilan Sanjar So­diqlarning ayrim chiqishlari bundan mustasno, albatta.

Xo‘sh, buning sababi nimada? Fikrimcha, ayrim tanqidchilarimiz – yoshidan qat’i nazar – haliyam “sotsialistik realizm” qoliplaridan chiqib keta olishmagan. Bundan uch-to‘rt yil burun g‘alati voqea bo‘ldi. Yangi asarni o‘qiyotgan ustoz tanqidchi ro‘zg‘or qiyinchiliklari, oiladagi yo‘qchilik tasvirlangan o‘rinlarga filning xartumiday katta-katta so‘roqlar qo‘yib chiqdi. Shogird tanqidchi esa ko‘zlarini ola-kula qilgancha shartta hukm o‘qib tashladi: “Bu asar uchun muallifni maydonga olib chiqib, peshonasidan otib tashlash kerak. Bizning zamonda kambag‘al qolibdimi?” Bu so‘zlarni eshitarkanman, beixtiyor taqvimga qaradim. Xayriyatki, yigirma birinchi asrning o‘ninchi yilida yashayapmiz, agar o‘tgan asrning o‘ttiz yettinchi yili bo‘lganida, bu siyosiy hushyor tanqidchilar darhol “uchlik” tuzib, kambag‘allarni qalamga olishga jur’at etgan sho‘rlik muallifni otuvga hukm qilishdan ham toyishmasdi... Bu mavzuga qaytmaslik uchun, qistirib o‘tib ketay: asar boshqa tanqidchi tomonidan ijobiy baholandi va kitob bo‘lib chiqdi ham.

Dobrolyubovning juda yaxshi so‘zlari bor: “Dlya nas ne stolko vajno to, chto xotel skazat avtor, skolko to, chto skazalos im, xotya bы i nenamerenno, prosto vsledstvie pravdivogo vosproizvedeniya faktov jizni” (Biz uchun muallifning nima demoqchi bo‘lgani emas, ehtimol g‘ayri shuuriy tarzda, hayot haqiqatini xolis ifodalash chog‘ida nima deya olgani muhim). Demak, tanqidchilik, avvalo, ijodkorlik, kashfiyotchilik va tabiiy ravishda xolislik va haqqoniylikdir.

Tanqidchi bo‘lish oson emas. Yaqinda Y.Solijonovning bir maqolasini o‘qib qolgan do‘stimiz “Domla dev ko‘rinishidagi shamol tegirmonlariga qarshi kurash olib borayapti-da”, deb qoldi. Vaholanki, Yo‘ldosh akaga o‘xshash munaqqidlarimiz aynan shamol tegirmoni ko‘rinishidagi devlarga qarshi kurash olib borishmoqda. Hech kim indamay turaversa, bu adabiy devlar dahshatli darajada urchib-ko‘payib, kattalashib ketadi. Ana undan keyin ularga qarshi kurashish qiyin kechadi.

Ko‘nglimdagi yana bir gap, ayrim munaqqidlarimiz “tuxumdan tuk qidirishni” bas qilsalar, Xudoning inoyati bilan favqulodda go‘zal asarga duch kelib qolganlarida buni bemalol hayqirib ayta olsinlar ham. Keling, yana Brextga murojaat etaylik:

“S a g r e d o. Galiley, tы doljen uspokoitsya.

 G a l i l e y. Sagredo, tы doljen vzvolnovatsya!”

(S a g r e d o. Galiley, sen o‘zingni bosib olishing kerak.

G a l i l e y. Sagredo, sen hayajonlanishing kerak!)

Darhaqiqat, ijodkor Galiley olamshumul kashfiyot qilgan lahzalarda nega endi uning do‘sti – tanqidchi hayajonlanmayapti? Nega u hamma narsadan gumonsirayapti? Ishonavering, yaxshi asar yaratish yerning o‘z o‘qi atrofida aylanayotganligini isbotlash bilan barobar. Buning ustiga, siz har qancha inkor etmang, “u, baribir, aylanaveradi”.

8. Hay-hay, juda unchalik emasdir. Imonim komil, agar siz ta’kidlagandek, “tap-tayyor, asfaltlangan, tekis, hatto aytish joiz, chorrahalariga svetaforlar o‘rnatilgan yo‘l” bo‘lganida edi, bu ko‘chada “oppa-oson” yurishni ixtiyor aylaganlar lak-lak bosib kelishar va natijada, na svetaforlaringiz qolardi, na yo‘lning o‘zi; bu olomon qo‘lida olatayoq ushlab turgan tanqidchilarni ham yanchib o‘tib ketishi aniq edi...

Har bir oshiq qalb – muhabbatni yangilaydi, deyishadi. Har bir ijodkor Adabiyot atalmish fusunkor, sirli, sehrli, o‘xshashi va cheki yo‘q olamga o‘z qalbi bilan kirib keladi, uni o‘zicha yangilaydi.

Adabiyot – umuminsoniy boylik. Navoiy biz uchun qanchalik aziz bo‘lsa, Shekspir ham shunchalar qadrli. Har ikkalasi ham insoniyat uchun bebaho meros qoldirgan. Shunday ekan, umumsayyoramiz miyoqsidagi adabiyot haqida so‘z yuritgan chog‘imizda yangilikka intilish sal nisbiyroq ko‘lam kasb etadi. Ya’ni bu ko‘proq ijodkorning o‘z islohotlariga intilishidir. Zero, ish stolida o‘zini kamida Pushkin his qilgan ijodkor agar tayanch nuqtasini topib olsa, sayyoramizni ham o‘z o‘qidan chiqarib yuborishga qodir sezadi o‘zini. O‘sha afsonaviy tayanch nuqtasi esa – qalamkashning iste’dodi...

Har qancha yangilikka intilmaylik, aslida, har qanday yangilik ma’lum muddat burun unutilgan eskilik ekanligi yodimizdan chiqmasligi lozim. Insoniyat tarixi Bodlerning bir misra she’riga arzimaydi, deyishadi. Shunday ekan, bugun o‘tmishga, kechagi kunga qarab qo‘yib, so‘ng oldinga yurish, yangilikka intilish joizdek. Deylik, “Aka-uka Karamazovlar”ning ifoda usuli bir kuni kelib eskirishini tasavvur qilib bo‘ladimi? Mashrabning o‘tli g‘azallarining-chi?..

9. Shoir bo‘lmasliging mumkin, ammo fuqaro bo‘lishing, demakki, fuqarolik burchingni ado etishing shart. Bu – hammamizga tanish talab. Bir paytlar yozuvchilarni “Inson ruhining injenerlari” deyishardi, so‘ngroq bu maqom yanada yuqoriroqqa ko‘tarildi: “Millat vijdoni”. Vijdon o‘z burchini ado etmay yashay oladimi?

So‘z – bemisl qudratga ega. Bir oqshomda oddiy artilleriya ofitseri tomonidan yaratilgan “Marseleza” qo‘shig‘i qanchadan-qancha odamlarni kurashga ilhomlantirganini eslang.

Shu sababli ham ijodkor fuqarolik pozitsiyasidan hech qachon chekina olmaydi, hatto o‘zi istagan taqdirda ham.

Bugun murakkab zamonda yashamoqdamiz. Integratsiya jarayonlari jadallashuvi, chegaralarning shaffoflashuvi butun dunyoda yangicha bir ijtimoiy voqelikni yuzaga keltirmoqda. Bu ham bo‘lsa, “ommaviy madaniyat”ning uzluksiz davom etayotgan xuruji, ta’bir joiz bo‘lsa, bosqinidir.

Biz hammamiz “amerikacha orzu” nima ekanligini yaxshi bilamiz, albatta. Bu – “Zolushka” ertagining zamonaviy ko‘rinishi. Ya’ni teng imkoniyatlar sharoitida inson nima qilib bo‘lsa ham, qiyinchiliklarni yengib o‘tishi va million dollarga ega bo‘lishi kerak. Kambag‘almisan – o‘zing aybdorsan. Omadsizmisan – yana o‘zing aybdorsan.

Men orzuning bunaqa shakli faqat okean ortidagi “sehrli diyor”da yashaydiganlarga xos, deb yurardim. Ammo kuni kecha bir yozuvchining yangi asarini o‘qib qoldim. Nima emish, bir yigit o‘zidan besh yosh katta, xunuk qizga uylanarmish-da, to‘y oqshomi qaynotasi qo‘lidan “Malubi” kalitini olarmish. To‘ydan o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas, bu “zamonaviy kuyov” qaynotasini o‘ldirarmish. So‘ng esa tog‘da xotinini o‘ldirayotganiga guvoh bo‘lib qolgan juvonni o‘ziga o‘ynash qilib olarmish... “Amerikacha orzu”dan nimasi kam buning? Ham million dollar, ham mashina, ham tayyor hovli-joy, qo‘shimchasiga esa o‘ynash ham...

Aslida esa, men yozuvchilarimizning fuqarolik burchi “qizil” gaplarni yalov qilib ko‘tarishda, avval qanday yomon yashaganimizniyu bugun qanday yaxshi yashayotganimizni me’daga tegadigan darajada takrorlayverishda emas, jamiyatimizda “o‘zbekcha orzu”ni qaror toptirishda deb bilaman. Bo‘lsin-da, o‘zbekcha orzu ham! Boshqalardan nimamiz kam bizning? Axir, halol yo‘l bilan, imon-e’tiqod, uyat-sharmni unutmagan holda, birovlarni sotmasdan, o‘zganing haqiga xiyonat qilmasdan ham hayotda orzu qilingan maqsadga erishish mumkindir. “Amerikacha orzu”ni butun dunyoga Gollivud yoygan bo‘lsa, bugun biz hech bo‘lmasa, davlat mablag‘ bilan ta’minlab turgan “O‘zbekfilm” imkoniyatlaridan foydalanaylik. Axir, yaxshi film asosida yaxshi stsenariy, demak, yaxshi asar yotadi...

10. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshlarida bo‘lsa kerak, birdan yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bodrab chiqqan turli tabibi g‘ayblaru ekstrasenslar hayotini imkon qadar o‘rganib, “Telbalar mamlakati” degan bir nima yozgandim.

Oradan yillar o‘tgach esa, bir muddat “sariq matbuot”da xizmat qilishga to‘g‘ri keldi. Ishonavering, bu Adabiyot ichidagi “aldabiyot”ning o‘zi ulkan bir tizim. Uni manifaktura deb atash mumkindir yo bo‘lmasa, to‘xtamasdan ishlaydigan liniya, konveyer. Xullas, bu tizimda hashar “asar”lar qanday yaratiladi, ular qay tarzda ishlovdan o‘tkaziladi, nechuk targ‘ib-tashviq qilinadi, “yulduz-yozg‘uvchi” qay usulda yasaladi, falonchi-pismadonchi yozuvchi-tanqidchilar qandoq sotib olinadi – bularning hammasini yaqindan ko‘rish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Men bu adabiy konveyerda yollanma ishchi qatori mehnat qilayotgan ijodkorlarni ko‘rdim. Ular yemagan somsaga pul to‘lardilar: yozgan mashqlari chop etilgunga qadar sarlavhasidan tortib mazmuniga qadar tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketardi, hamyoni tobora qappayib borayotganidan mamnun zuluk-noshir ulardan xaridorlar sonini oshiradigan, demak, “anavinaqa” narsalar ko‘proq tasvirlangan asar talab qiladi, bu talab bajarilmasa, boyagi aytganim, shunaqangi sahnalar asarga majburan tiqishtiriladi. Men xuddi shu yerda asarlari “tanqiddan tuban” yozg‘uvchining “O‘zbek detektiv adabiyotini men bilan Tohir Malik yaratdik”, deya kerilganiga guvoh bo‘ldim. Xuddi shu yerda allaqachon o‘zini “klassik” hisoblay boshlagan yana bir yozg‘uvchining “Falon besavod tanqidchi mening asarimni tushunmasdan tanqid qilipti. Tamom, endi bu odamga bizning nashrlarda o‘rin yo‘q!” degan hukmini eshitdim. Bir hukmki, shikoyatga o‘rin yo‘q... Aytmoqchi bo‘lganim, “aldabiyot” saltanatidagi ko‘rgan-kechirganlarimni qoralab qo‘yganman. Vaqti kelib, ularni e’lon qilarman.

Umuman olganda esa, men “ko‘ngilochar adabiyot”ni adabiy did, saviya, ma’naviyat atalmish ulkan tiriklik daraxti ildiziga qo‘yilgan va asta-sekin portlatiladigan mexanizmi ishga tushirilgan bomba bochkasi, deb bilaman...

 

Risolat Haydarova javoblari:

1. “Adabiy avlod” deya nom berilgan tushuncha XX asrda, shu yuz yillikda shakllangan sovet davri adabiyoti tarixida yuzaga kelganini unutmaslik kerak. Bu hodisa jamiyat hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, yuzaga kelgan ma’lum bir ijtimoiy shart hamda sharoitlar natijasi, shuningdek, ijod ahli mansub bo‘lgan davrdagi ustuvor g‘oya, fikr, maqsad, ba’zan esa mafkuraning qoldirgan izi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Aynan mana shu ustuvor g‘oya, mafkura sababli har bir davrdagi ijod ahli ko‘nglini birlashtirib turuvchi umumiy bir maqsad, orzu yoki dard uyg‘onib, shu omillar o‘sha zamon adabiyotining qiyofasini yaratdi. Shundanmi, ijod ahli adabiyotga avlod-avlod bo‘lib kiradi, degan fikr o‘rnashib qoldi. Bu yo‘l o‘z-o‘zidan adabiy statistikaga olib boradi. Adabiyotda statistika kerakmi o‘zi? Mayli, bizda “adabiy avlodlar” degan tushuncha bor ekanmi, shu nuqtai nazardan turib, ahvolni tahlil qilib ko‘raylik.

70-yillardan keyin bizda adabiy avlod shakllanmadi, degan iddao to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob topish, buning sabablarini aytish uchun, avvalo, 80-, 90-, va nihoyat, 2000-yillar ijtimoiy hayotiga baho berish, shu davrlarda kishilar ongida ro‘y bergan o‘zgarishlar jamiyatga qay tarzda ta’sir ko‘rsatgani, yoki jamiyatdagi o‘zgarishlar kishilar dunyoqarashida qanday to‘ntarishlar yasagani, bularning bari ijod ahliga, eng muhimi, ularning g‘oyaviy-estetik qarashlariga qay tarzda iz solganini aniqlash kerak bo‘ladi. Axir, har bir yozuvchi (nafaqat ijodkor, balki oddiy inson sifatida ham) o‘zi yashayotgan davrning farzandi ekanmi, davrga xos ijtimoiy to‘lqinlarning zarbini yelkasida his etmay qolmaydi.

80-yillarning ikkinchi yarmi, ayniqsa, 90-yillarning birinchi yarmi ijtimoiy va siyosiy hayotda inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan zamon, ijtimoiy hayot tahlilchilari yaratgan atama bilan nomlaganda, “o‘tish davri” bo‘lgani ma’lum. Tarixdan bilamizki, mana shunday olag‘ovur zamon, hukmron ideallar qulagan, iqtisodiy, ijtimoiy asoslar o‘rnidan siljigan bir palla ziyolilar, xususan, ijodkorlar uchun savollar va mana shu savollarga javoblar izlash payti bo‘ladi. Chunki avvalgi ma’naviy va estetik qarashlar tanazzulga uchragan (bu jarayon chuqur insoniy iztiroblarga, ba’zan esa fojialarga olib kelishini tarix qayta-qayta ta’kid qilgan, buni takrorlab o‘tirishning hojati yo‘q), davr esa yangi talablarni olg‘a suryapti. Jumladan, yangi davrning g‘oyaviy-estetik qarashlarini yaratish zarur. Lekin qanday qilib? Bir jihatdan qaraganda, hammasi oson va ravshandek. Asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, havas qilarlik mumtoz adabiyot, jahonda e’tirof etilgan tarixiy siymolar, demakki, poydevor uchun barcha zarur tayanchlar mavjud. Ammo mustahkam poydevor hali yuksak koshona bunyod etildi, degani emas! Bu ish yengillik bilan amalga oshmaydi. Umrida bir marta bo‘lsin uy qurib ko‘rgan odam buni yaxshi biladi.

Shunday davrda 70-yillardagi kabi avlodning shakllanishi mumkin ham emas. Chunki ko‘rib o‘tganimizdek, sharoit o‘zga. Bugungi kunda jahon miqyosida madaniyatlarning yaqinlashuvi, uyg‘unlashuvi, ijtimoiy dardlarning globallashuvi kuzatilmoqda, adabiy yo‘nalishlar, shakl va uslublarda ham turli madaniyatlarga xos bo‘lgan jihatlarning sintezlashib ketayotganini ko‘ryapmiz. Bu o‘rinda har bir milliy adabiyotdagi avlodlarga xos bo‘lgan ustuvorlik haqida so‘z yuritib bo‘lmaydi. Hozirgi paytda nafaqat uslub, balki g‘oya, yo‘nalish, kontseptsiya, muhimi, muhit, dunyoqarashlarda turfalik bor ekan, shu choqqacha ongimizda yashab kelayotgan, g‘oyaviy-estetik qarashlari mutanosib keluvchi avlodlar tushunchasi shu qadar nojoiz ko‘rinadi.

Universitetda ta’lim olgan kezlarimiz adabiy avlodlar haqida so‘z ketganda, “falon davr adabiy avlodi” deganda qator-qator nomlar sanab ketilardi. 80-yillar avlodi yoki 90-yillar avlodi deganda qator-qator nomlarni sanay olmayotgan bo‘lsak, bizda jarayon depsinib turibdi, deya xulosa qilish bir yoqlama fikr bo‘ladi. 80-yillarning ikkinchi yarmida e’lon qilinib, davrning ma’lum qoliplariga tushib bo‘lgan adabiy shakl va qarashlarni buzib yuborgan “Yozning yolg‘iz yodgori” (Xayriddin Sulton), “Urush odamlari” (Nazar Eshonqul) qissalarini, “Uxlayotgan odam” (Ravshan Fayz) dostonini, Muhammad Yusuf, Eshqobil Shukurning she’rlarini, bolalar adabiyotida tom ma’noda o‘zgarish yasagan Anvar Obidjonning “Bahromning hikoyalari” she’riy turkumini eslash kifoya. Biz tushungan darajadagi adabiy avlodlar bo‘lmagan o‘sha davrlarda ham maydonga o‘z ovozi bilan kirib kelganlar BOR EDI!

Afsuski, maydonga kirib kelish boshqa-yu, u yerdan noxos chetga chiqib qolmaslik, belbog‘ni oldirib qo‘ymaslik yoki Yaratganning irodasi bilan “erta so‘ngan yulduz” bo‘lib qolmaslik boshqa gap ekan.

Hozir eslasam, men bilan birgalikda talaba bo‘lgan, adabiyot maydonini orzu qilgan, matbuotdagi chiqishlari bilan umid uyg‘otgan qator tengdoshlarim yon-atrofimda yo‘q. Birlari “ro‘zg‘or” atalmish g‘orga kirib ketgancha, qaytib chiqolmadi, birlari zamonning savollariga javob topolmaganidan hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qoldi, birlari “o‘tish davri”dan buyog‘iga yo‘l topolmadi, qanaqadir siyosiy qarashlaru oqimlar bilan birgalikda oqqancha ketdi! Evrilishlar davri mana shunday, qarama-qarshi oqibatlarga olib kelar ekan.

Bugun atrofimda ijodga jiddiy qaraydigan, haqiqiy badiiy asar yaratishga urinayotgan, mening havasimni keltirib, shaklan g‘aroyib, tamomila yangicha mazmun va uslublar bilan romanlar yozayotgan safdoshlarim borligidan shukur qilaman. Yon-verimda mag‘izni unutib, shakl ortidan quvganlar ham, oldi-qochdi, ur-surlarni yostiqday kitob qilganlar ham, avvalgi to‘plamlarida chop etilgan she’rlarini to‘plab, ortiga ikki-uchta she’rini tirkab kitob yasab yurganlar ham bor. E’lon qilinayotgan asarlarning janri, yo‘nalishlari borasida ham rango-ranglik mavjud. She’riyatda kim yaponchasiga xokku, tanka yozca, kim g‘arbcha ohanglarni afzal bilib, stans, sonet, nasriy she’r bityapti, kimlardir nasrda sinergetik hikoya, mini roman kabi nomlarni afzal bilmoqda. Bular jahondagi an’analarga yaqinlashishga urinishlarning bir necha xil ko‘rinishlari. Bu urinishlarning qay biri yashab qolishi haqida bugun hukm chiqarish imkonsiz. Chunki buni vaqt ko‘rsatadi.

So‘nggi o‘n-yigirma yil mobaynida ijtimoiy hayotda yuz bergan o‘zgarishlar adabiy jarayonga shu qadar ta’sir ko‘rsatgan, yozilayotgan asarlarning mavzusi, yo‘nalishi, shakli va uslublari, hatto kontsepti shu qadar turfa holatga kelganki, bir qarashda kishi hozirgi adabiyotimizning qiyofasini bor bo‘yicha anglab ololmaydi. Anglash uchun esa shu choqqacha miyamizda yashab kelgan “ramka”lardan sal chetroqqa chiqib olish kerak bo‘ladi.

2. Asli har bir millatning adabiyotida rang-baranglik bo‘lishi kerak. Mavzu, janrga oid o‘zgarishlar, uslub va shakldagi rang-baranglik ijod erkinligi borligidan darak beradi. Lekin erkinlik hadsiz-chegarasiz narsa emas. Uning chegarasi axloq va mas’uliyat deb ataladi. Agar shu chegara buzib o‘tilsa, boshboshdoqlik kelib chiqadi. Yozuvchi erkinlik bilan boshboshdoqlikni farqlay olmasa, bundan dahshatliroq narsa yo‘q. Erkinlik bu – mavzu, uslub va shakl izlanishlari imkoniyati, hayotni, dunyoni badiiy jihatdan idrok etish yo‘lidagi urinishlardir. Shu bois haqiqiy yangilik yaratgan yozuvchilarni ko‘rganda havasim keladi.

Bugun yozuvchilar biron bir adabiy uslub, g‘oya yoki mafkura bilan cheklab qo‘yilayotgani yo‘q. Lekin bu imkoniyatni kim qanday tushunyapti? Hamma gap shunda. Muhimi – mag‘iz. Agar mag‘iz yo‘q bo‘lsa, qanchalik chiroyli shakl bermang, bezamang, yozilgan “narsa” (hikoya, qissa yoki roman emas, aynan “narsa”) bemazaligicha qolaveradi. Men iste’moldagi o‘sha “izm”larga shu nuqtai nazardan qarayman. O‘sha “izm” adabiyotni boyitishga xizmat qilsa – juda yaxshi. Agar iste’dodsizlik, ma’naviy qashshoqlikni yashiruvchi bir niqob bo‘lsa, afsus... Shu ma’noda men ko‘proq realistman. Qo‘limizdan kelsa, hozirgi o‘sha “izm”larni adabiyotimiz rivojiga xizmat qildiraylik. Bu ishni eplamasak, kulgiga qolib nima qildik?

Adabiyot rivojini kuzatsak, g‘alati bir paradoksni uchratamiz. Davrlar, estetik dunyoqarashlar, adabiy uslublar qay darajada taraqqiy etmasin, “zamona qahramoni” haqidagi tasavvurlar qanchalik o‘zgarmasin, bosh mezon o‘zgarmay qolaverarkan. Ya’ni – adabiyotda insonparvarlik, axloq g‘oyasi yetakchi bo‘lib turaverarkan. Mana shu ikki tamo­yilni buzishga qaratilgan “narsa”lar adabiyotning ziyonidir.

Masalaga shu nuqtai nazardan turib qarasak, hammasi o‘rniga tushadi, menimcha. Chunki adabiyotning bosh mezoni bor-ku! Unga an’anaviy usulda bordingizmi, moderncha yoki supermoderncha qadam bilanmi, matematiklar tili bilan aytganda, “qo‘shish va ko‘paytirishda amallarning o‘rni o‘zgargani bilan natija o‘zgarmaydi”.

3. Inson shunchaki biologik mahsulot emas. Insonning yaralishi, bu dunyoga kelishining o‘zi katta sir-sanoat, qarangki, Olloh o‘z bandasini boshqa ikki bandaning inon-ixtiyori va muhabbati vositasida yaratadi, shu olamga keltiradi. Bundan ortiq mo‘‘jizani tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Shu bois ajdodlarimiz yaratgan adabiyot insonga buyuk mohiyat sifatida qaragan, Olloh o‘zi yaratgan mavjudot orasida faqat insonnigina yuksak pog‘onaga ko‘targan, Yaratgan insonning suratida va siyratida o‘z aksini ko‘radi, inson shu bois husn bobida ham “mazhari sun’i iloh”dir, deya ta’kid qilib kelgan.

Menimcha, adabiyot moddiy olam savollariga ruhiy olamdan quvvat olgan holda javob izlashi lozim. Shu ma’noda adabiyot har turli siyosiy atributikadan xalos bo‘lishi kerak. Ya’ni mamlakatda iqtisodiy va siyosiy islohotlar yo‘lida biron-bir harakat boshlangan zahoti ishlab chiqarish masalalarini aks ettiradigan qissa va romanlar yozilishi, adabiy qahramonlar biron-bir siyosiy partiya faoli bo‘lishi, faqat siyosiy g‘oyalar bilan yashashi, partiya ishi uchun salomatligidan ayrilishi yoki hayotini qurbon qilishi (Pavel Korchagin kabi), yaqinlaridan voz kechishi shart emas (holbuki, bizga mana shunaqa adabiy qahramonlarni namuna qilib ko‘rsatishardi).

Lekin bu – adabiyot ijtimoiylikdan yiroqlashadi, degani emas. Inson ruhiyat mahsuli – muhabbat sababli yaralib, moddiy dunyoga kelgach, o‘zi yashaydigan muhitning uzviy bir bo‘lagiga aylanadi. Endi u jamiyat kishisi bo‘lib qoladi. Yozuvchi inson sifatida o‘z davrining namoyandasi, o‘z jamiyatining a’zosi bo‘ldimi, unga shu zamonning “muhri” tushmay qolmaydi, demak, yozganlaridan shu davrning nafasi kelib turadi. Shu ma’noda yozuvchi “besh kunlik dunyo” odamiga aylanadi. Lekin “besh kunlik dunyo” odami hisoblangan ijodkorning abadiyatga daxldor bo‘lishi mumkin emas ekanmi? Menimcha, yozuvchining asarlari davrlar osha yashashga qodir ekanligini bildiradigan muhim mezonlar bor. U ham bo‘lsa, yozuvchining o‘z ijodi bilan o‘quvchini komillik sari bir necha qadam olg‘a tashlashga unday olgani, o‘zligini tanitishga ko‘mak bergani, millat dardini tilga chiqara bilgani, o‘z ona tilining bor go‘zalligini namoyon qilgani, xalqini dunyoga tanitolganidir.

4. Adabiyot o‘zining tarixiy o‘rnini o‘zgartirgani yo‘q. U hamisha ezgulik tomonida edi, hozir ham shunday. Lekin shu o‘rinda “g‘alati” bir jihat borki, buni aytmasa bo‘lmaydi. Bu – ezgulik deganda kim nimani nazarda tutganligidir.

Bir vaqtlar “roman shaydosi” bo‘lgan chog‘larim sovet va o‘zbek sovet adabiyotida yaratilgan (lof emas!) oltmishdan ortiq romanni o‘qib tushirganman. “O‘tgan kunlar”, “Navoiy”, “O‘tror” kabi o‘lmas asarlarni bu hisobga qo‘shmayapman. Nomi va syujeti g‘ira-shira yodimda qolgan “Mash’al”, “Binafsha atri”, “Fidoyilar”, “Toshkentliklar”, “Chotqol yo‘lbarsi” va hokazo va hokazo “zamona” romanlaridan hozir qay biri tirik? Mana shu romanlarning bosh qahramonlari ham jamiyat uchun yashagan, ezgulik yo‘lida o‘z nuqtai nazari bo‘yicha kurashgan odamlar edi. Masalan, qaysi bir romanning qahramoni – Dildor ismli qiz bolshevik yoriga yon bosib, o‘z akasini tutib bermoqchi bo‘ladi. Yana bir romanning personajlaridan biri – boyning xotini yashirincha o‘z eriga xiyonat qilib yurardi, kunlardan bir kun boyvuchcha ayol “sevgilisi”dan xiyonat ko‘rib aqlidan ozadi. Keyin qizil komandir sababli axloq yo‘liga kirib, o‘sha komandirga xotin bo‘ladi-da, yangi eri bilan birgalikda sobiq eri – boyning hovlisiga kirib o‘rnashib oladi. Turgan gap, boyning boshqa xotinlari sobiq kundoshlarini quvib solmoqchi bo‘ladilar. Shunda kelin-kuyovlarning eshigini qo‘riqlab o‘tirgan mazlum xalq vakilasi – faol ayollardan biri “bolshavoyning oilasi”ni himoya qiladi. Bu kabi syujetlarni yana sanash mumkin. Lekin yetarlidir, deb o‘ylayman. Yozuvchining, qolaversa, o‘sha zamon siyosatining nazarida bular ezgulik uchun kurashgan ijobiy qahramonlar edi.

Bugungi kunda ijobiy qahramon, salbiy qahramon degan tushunchalar o‘rtasidagi chegara yaqqol chizilib, “mana u” deb ko‘rsatib qo‘yilayotgani yo‘q. Biz ertaklarda tasvirlangandek, salbiy qahramonni olamdagi bor illatlarni o‘zida jamlagan xunuk bir odam, ijobiy qahramonni esa har jihatdan mukammal, husni ham, fe’li ham go‘zal bir kishi, deb qabul qilmaydigan bo‘ldik. Chunki real hayotda, ko‘pincha, buning aksini ko‘ryapmiz. “Nima yaxshiyu,nima yomon?” degan savolning javobi oson emasligiga ham ishonch hosil qilganmiz. Bunga zamonaviy dunyodagi hayotning o‘zi murakkab va chigalligi, yashash uchun kurash masalasi borasidagi qarashlarning turli-tumanligi sababdir.

Hayotning o‘zida mazkur shu ikki qutb o‘rtasidagi olishuv hamon davom etib kelyapti. Faqat bu kurashning shakli o‘zgargan, xolos. Har bir jihatga yodimizga singgib ketgan an’anaviy tushunchalarga qarab baho berayotganimiz sababli ezgulik yo‘lida kurashish bizga sog‘lom mantiqdan uzoq tutim bo‘lib tuyulayotgan bo‘lsa, ehtimol.

5. Agar tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, “postmodernizm” atamasi modernizmga bo‘lgan munosabatni belgilash ma’nosida 1934 yilda (F. de Onis “Ispan va Lotin Amerikasi she’riyati antologiyasi” kitobida), Yevropaning madaniyat va dindagi hukmronligi nihoya topganini ta’riflash sifatida 1947 yilda (faylasuf A.Toynbi “Tarixni anglash” kitobida) tilga olingan edi. Adabiyotga nisbatan esa bu atama 1971 yilda qo‘llanilgan (AQSh olimi Ixab Xassan tomonidan). Shuning o‘zidan jahon madaniyatidagi kayfiyatlarni qanchalik kechikib “yuqtirganimizni” bilish mumkin.

Postmodernizm dunyo madaniyati olayotgan nafasmi yo shunchaki urfmi, buni tushunish uchun, avvalo, postmodernizm hodisasining o‘zini anglab olish zarur.

XX asrda jahonda kechgan va modernizmning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy va siyosiy voqealarni takrorlab o‘tirmayman, bu hammaga ma’lum. Postmodernizm esa modernizmga, shuningdek, jo‘n ommaviy belletristikaga qarama-qarshilik sifatida maydonga kelgan. U hamma narsani o‘yin shakliga o‘rab, oddiy o‘quvchi va ma’rifatli o‘quvchi o‘rtasidagi masofani tekislab boradi. Albatta, bunda oddiy o‘quvchi ma’rifatlilik darajasiga ko‘tarilmaydi, balki ma’rifatli o‘quvchining darajasi quyiga tushiriladi.

Postmodernizm madaniyati asosida yangi ma’nodagi ezgulik g‘oyalari yotadi. Postmodern deb ataladigan madaniyat o‘zining mavjudligi bilan o‘zigacha hukmron bo‘lib kelgan ezgulik g‘oyalaridan hammabop (boshqacha aytganda, universal) ezgulik g‘oyalariga o‘tilganligini ta’kid qiladi. Yangicha ezgulik doirasiga insoniyatdan tashqari, hayvonot, nabotot, koinot, xullas, butun olam kiradi. Postmodenistlarning haqiqiy ideali koinotdir (qadim yunon mifologiyasida qora koinot, ya’ni kosmos xaos deb atalganini unutmaylik). Shu bois postmodernistik asarlarning asosida xaos, ya’ni nihoyasizlik, cheksizlik, erkinlik yotadi. Xaosning yana boshqa ma’nosi betartiblik ekanini ham esdan chiqarib bo‘lmaydi.

Postmodern talqinlarning ko‘pligi printsipiga tayanadi, dunyoning nihoyasizligi nihoyasiz talqinlarning tabiiy natijasidir, deb hisoblaydi, postmodernizm falsafasi haqiqatlar ko‘p deya ta’kidlaydi, tarixga bo‘lgan qarashlarni qaytadan ko‘rib chiqadi. Bunda tarixga bo‘lgan qarashlardagi muntazamlilikni, ijtimoiylikda narsa va hodisalarning sababga ko‘ra bog‘lanishlarini, tugallik g‘oyalarini inkor qiladi.

Yosh hamkasblarim o‘z she’r va hikoyalarini postmodernistik asar, deb taqdim qilganlarida yuqorida yozilganlarni e’tiborga olishganmikin?

Menimcha, Ulug‘bek Hamdam qo‘ygan savolga javob berish, ya’ni postmodernizm bugungi o‘zbek adabiyoti misolida nimalarda ko‘rinayotganini aniqlashtirish uchun, avvalo, postmodernizmning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqish lozim.

Rossiyalik tadqiqotchi I.Golovanova postmodernizmning sakkizta xususiyatini sanab o‘tadi. Bular: intertekstuallik (bu ongli ravishda keltirilgan ko‘chirmalar yordamida yangi matn yaratishdir, natijada tugallangan, mazmun jihatidan yaxlit, ma’lum bir muallifga tegishli bo‘lgan matn emas, balki bizning tasavvurimizda muallifi yo‘qdek tuyuladigan matn olinadi), parodiyalash va istehzolilik (o‘quvchida tug‘ilishi mumkin bo‘lgan aqida va qoidalarning shaksiz va shubhasizligiga shubha yaratish yo‘li bilan haqiqatni qayta idrok qilish, o‘z-o‘zini parodiya qilish), matnning ko‘p darajali qilib tuzilishi (o‘z-o‘zidan ko‘chirmalar keltirish, stilistik va syujet qaytariqlari, bitta muallifning ijodi ichida ko‘chib yuruvchi obrazlar, lavhalar, ramz­lar), “o‘yin usuli” (istalgan narsaga nisbatan hazilnamo ibora va ifodalar, ko‘p ma’noli so‘z o‘yinlari, tovush va joy nomlari bilan bog‘liq turli nayranglar yaratish; bunda o‘quvchi mutolaani o‘yin deb qabul qiladi, bitta ma’no ortidan ikkinchi, uchinchi va h.k. ma’nolarni izlaydi), rizoma (ramziy labirint bo‘lib, syujet qurilishi aniq bir markaziy o‘q atrofiga jipslashmaydi, balki chigal, tasodifiy bo‘lib tuyuladigan qurilmaga ega bo‘ladi), janr va uslub sinkretizmi (bu ham o‘yin printsipi bilan ifodalanadi, “sinkretizm” atamasining ma’nosidan kelib chiqilib (buning ma’nosi moddalarning dastlabki, qorishiq holati demakdir), janr va uslub darajalarining qorishib ketishi),“teatrga xoslik” usuli (ommaviy va ommabop madaniyat texnikasidan foydalanib, asarga ommaviy iste’mol narsalariga beriladigan chiroyli yorliq, reklama ko‘rinishini berish va shu bilan birga avval yaratilgan asarlarning syujetlarini istehzoli izohlash), an’anaviy “mualliflik nuqtai nazari” tushunchasining o‘lishi (hikoya qilishdagi tartibsizlik, parcha-purcha holida hikoya qilish taassuroti atayin yaratiladi).

Shularga qarab, keyingi yillarda yaratilgan, postmodernistik ruhda, deb baholangan bir nech­ta asarlarni tahlil qildim. Ularda postmodernizmga xos unsurlarga o‘xshab ketadigan ba’zi belgilarni uchratgan bo‘lsam-da, bu asarlarni postmodernistik hikoya, qissa yoki roman deb aytolmayman. Deylik, Murod Chovushning “Hech” qissasidagi voqelikni uch o‘lchamda ko‘rishga, voqelikni bayon qilishda ong oqimi usulidan foydalanishga urinish postmodernizmning sakkizinchi xususiyatini esga soladi. Ammo bu hali postmodern emas. Sababi oddiygina, Murod Chovushning qissasidagi hikoya tartibsizligi atayin qilingan emas, balki tilga nisbatan hafsalasizlik oqibati. Xurshid Do‘stmuhammadning “Shabada” hikoyasi borasida bo‘lgan bir bahsda ham bu asarni postmodernistik deguvchilar bo‘lgan edi. To‘g‘ri, hikoyadagi reallik va fantastikaning yonma-yonligi, ko‘p o‘rinlarda detektivga o‘xshab ketadigan sirlilik postmodernizmning janr va uslub sinkretizmi xususiyatini yodga soladi. Biroq bu ham postmodern degani emas. Chunki hikoyada mazkur xususiyatga xos bo‘lgan o‘yin printsipi yo‘q. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

Albatta, 80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshidagi ijtimoiy voqelik, eski aqidalarning fosh bo‘lishi va boshqa qadriyatlarning yuzaga kelishi, jamiyatimizga G‘arbdan ommaviy madaniyatning jadallik bilan kirib kelgani, hozirgi kunda “Umumjahon to‘ri” vositasida axborot oqimiga tushib qolganimiz, “super...”, “giper...” tasvir, kuy, so‘z, axborot va h.k. ekranlarimizni, ko‘chalarimizni, hatto qo‘limizdagi telefonimizni egallab borayotgani postmodern tug‘ilishi uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. Lekin shunda ham bizda postmodernizm rivojlanib ketmadi. Chunki bizdagi mentalitet, qonimizga singgib ketgan Sharq falsafasi postmodernizmni singishtira olmadi.

So‘nggida yana bir jihatni ta’kidlashim zarur. 90-yillarning oxirlariga kelmasdanoq dunyoda postmodernizm o‘z umrini yashab bo‘lyapti, degan qarashlar chiqqan edi. Hozirgi davrni mutaxassislar “postpostmodernizm”, ya’ni postmodernizmdan keyingi davr deb baholashmoqda. Buning sababi, postmodernizm ham bir madaniy davrdan ikkinchisiga o‘tish bosqichi ekanligidadir. Jahon adabiyoti tarixiga razm solsak, bir adabiy davr ketib, o‘rniga boshqasi kelayotganda oraliqda o‘zining xususiyatlari bilan modernizm va postmodernizmga o‘xshab ketadigan ta’limotlar maydonga kelganini ko‘ramiz. Tarixiy tajriba ma’lum bir qadriyatlar tizimi bo‘lmagan madaniyat barqaror bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Biz boshqa hodisadan, masalan, pala-partish, didsiz “narsa”larni postmodernizm yorlig‘i bilan taqdim qilish kabi illatlardan tashvish chekishimiz lozim.

6. San’at aytiladigan har bir gapni chiroyli ifodalab bergani uchun ham san’atdir. Adabiyot ifoda san’ati ekanmi, unda o‘yin ham bo‘lmay iloj yo‘q. Lekin hamma gap chiroyli ifoda qilishga arziydigan dardning, boshqacha aytganda, mag‘izning mavjudligida.

Fikrini va dardini original yo‘sinda aytish yo‘lidagi shakliy izlanishlarga men ijobiy qarayman. Maqsad – o‘zidagi dardni o‘quvchiga “yuqtirish”, uni hamdard qilish, insoniylik sari yetaklash bo‘lsa, hamma narsani san’atga aylantirishning hech bir yomon tomoni yo‘q. Misol uchun, Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda”si ham, aslida, ramzlardan, ishoralardan iborat asar. Lekin yozuvchi bu asari bilan jahon adabiyotini yangi shakl hamda ramzlar bilan boyitdi, xolos.

Yoki Isajon Sultonning “Ayvon” hikoyasini misol tariqasida keltirsam. Isajonning bu urinishini shunchaki shakl izidan quvish deb aytolmayman. Chunki hikoya oxirida “tilla baliq-ku, o‘z otasini xo‘rlagani uchun shu ko‘yga tushibdi, o‘z bolalariga yem bo‘libdi, shuni ko‘ra-bila turib, baliqni so‘yib qozonga tashlagan alamzada bu bolalarni endi nima kutarkin?” degan jiddiy savol mavjud. Sharqda “qaytar dunyo” tushunchasi ham borki (buni Yevropada bumerang ta’siri deb atashadi), bu hech bir narsa bejavob qolmaydi, deganidir. Ammo tokaygacha? Qachongacha yomonlikka undan o‘tgan yomonlik bilan javob qaytaraveriladi? Bu holda inson yovuzlashib ketmaydimi? Maqsad – mana shu savolni qo‘yishdir.

Yuqoridagi savolga javob berish paytida men postmodernizmdagi “o‘yin usuli” haqida yozgandim. Ta’kidlashim kerakki, bu tarzda “o‘yin” yaratish uchun yozuvchi yoki shoirda bilim, iste’dod bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri, matbuotda paydo bo‘layotgan zohiran chiroyli, botinan bo‘sh, pufakka o‘xshash she’rlarni, bir qarashda original shakliy izlanishlar mahsuli bo‘lib tuyuladigan, lekin jiddiyroq tahlil qilganda, shildiroq qog‘ozga o‘ralgan quruq qutiga o‘xshaydigan hikoyalar, qissalarni ko‘rganda, xayoldan xuddi shu savoldagi xavotirlar kechadi. Ammo bu “narsa”lar haqidagi so‘zim alohida.

7. Bizda adabiy tanqidiy maqolalar aksariyat bir qolipda bitiladi. Avval asar biroz yoki ancha maqtaladi, syujeti bayon qilib beriladi, keyin bir ozgina yo ko‘pgina qilib kamchiliklari aytiladi. Bizda tanqidchi deganda asarni tanqid qiladigan yoki maqtaydigan kishi tushuniladi, shekilli.

Ehtimol, adabiy tanqidchi, degan atamaning o‘zidan voz kechish zarurdir? Adabiyotshunos degan so‘zning o‘zi yetarlidir balki? Yoki boshqa sohalarda qabul qilingan tahlilchi (analitik) atamasini qabul qilsakmi? Bir qancha sohalar, masalan, iqtisod, ijtimoiy va siyosiy sohalarda analitiklik kasbi bor. Bunday kishilar shu sohaning mavjud muammolarini tahlil qilib, istiqboli, kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlari haqida mulohazalar bildiradilar, tavsiyalar beradilar. Agar tanqidchi degan so‘zning mohiyatini tanqidda deb tushunsak, u holda, yuqoridagidek yo‘l tutishimiz lozim.

Bugungi kunda adabiy tanqidning qiladigan ishlari juda ko‘p. Tahlil etilmagan qanchalab uslublar, yo‘nalishlar, o‘z bahosini olmagan qanchalab asarlar bor! Maydonga kirib kelayotgan yoshlarning ijodi ham shu paytga qadar munosib va xolis baholangan emas. Ko‘p yoshlar ancha-muncha kitob chiqarib, kattaroq asarlarini e’lon qilib, yoshi ham qirqlarga borgandagina adabiyotshunoslarimizning e’tiboriga tushadi.

Adabiy tanqid hozirgi paytda qo‘lga kiritib bo‘lingan yutuqlarni qayd etish bilan kifoyalanib qolyapti. Lekin o‘zi adabiyotning yutuqlarini ko‘paytirish ustida ishlayotgani yo‘q. Bu nima degani? Bu adabiy tanqid adabiyotning sofligi uchun qayg‘urishi, o‘quvchilarda badiiy didni shakllantirishi, do‘konlarni to‘ldirib yuborayotgan “tijorat” roman va qissalariga o‘zining dadil munosabatini bildirishi, haqiqiy shakliy izlanish bilan shaklbozlikni farqlab ajratishi hamda bu haqda o‘zining fikrini aytishi demakdir. Mana shularni adabiyotimizning yutuqlari ko‘payishiga hissa qo‘shish, deyiladi.

Har yili Yozuvchilar uyushmasida nasr kengashining yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bir yil ichida e’lon qilingan hikoya, qissa va romanlar haqida so‘z boradi. Lekin e’tibor bersak, tanqidchilarimiz matbuotda mana shu yig‘ilishda tilga olingan romanlar yoki qissalarning o‘ndan biriga ham munosabat bildirmagan bo‘ladilar.

Mana shunday yillik yig‘ilishlardan birida adabiyotshunos olimlarimizdan biri Salomat Vafoning o‘n yilcha avval e’lon qilingan qissasi – “Sulaymonning uzugi”ni maqtab, “nega hozir shu qissa haqida hech kim indamadi?”, deya savol tashladi. Men “domla, bu qissa e’lon qilinganiga ancha bo‘lgan, yig‘ilish o‘tgan yili chop etilgan asarlar haqida-ku?” degan edim, dom­la parishonxotirlik bilan “Yaxshi asar bo‘lgandan keyin kech bo‘lsa ham gapirish kerak-da!” deya so‘zini davom ettiraverdi. Ba’zida shunaqa kulgili voqealar ham bo‘lib turadi...

8. Aslida, har bir shoir yoki yozuvchi yangilik yaratish umidida yashaydi. Lekin hech bir yangilik bo‘m-bo‘sh, taqir joyda tug‘ilmaydi. Falsafadagi “hech narsa yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi”, degan nazariya ham bejiz yaralmagan.

Biz istaymizmi, yo‘qmi, ajdodlarimiz yaratgan an’ana va qadriyatlar o‘ziga xos “gen merosi” sifatida ongimizga va ong ostiga singishib ketgan. Har qancha tirishsak ham, “gen merosi” ishtirokisiz biron-bir arzirlik asar yoza olmaymiz. Zero, taraqqiyot mohiyatan mavjud qonuniyatlarga tayanib ilgarilab boradi. Jarayon rivojlanib borar ekan, mavjud qonuniyatlarning eng yashovchani, “mag‘zi to‘q”lari qoladi, puchlari esa zamon g‘alviridan tushib ketaveradi. Yangilik mana shu mag‘zi to‘q eskilik ustiga quriladi. Menimcha, adabiyotdagi eski va yangi o‘rtasidagi kurash ramziy mazmunga ega, ya’ni bu “kurash” tabiiy tanlanish asosida rivojlanish degan mezonga ko‘proq mos keladi.

Yosh yozuvchi va shoir safdoshlarimning yangicha yozishga urinayotganlarini men tabiiy hol deb bilaman. Chunki har bir davr adabiyotida shakl, uslub va tamoyil farqlari bo‘lishi kerak. Davrlar boshqa bo‘lganidek, shu davrlarda yaratilgan adabiyot ham avvalgilaridan sifat jihatidan ajralib turishi zarur. Zotan, taraqqiyotning muhim sharti, keyingi avlodlar ajdodlarning kashfiyotlarini o‘zlashtirgan holda ulardan bir-ikki qadam olg‘a siljishlarini nazarda tutadi.

9. Ijodkorning qalamidan to‘kilgan har bitta so‘z garchand oddiygina bir lola yoki boychechakka doir bo‘lsa-da, chop etilgandan keyin millatning so‘ziga aylanadi. Demak, uning bitgan satrlari faqatgina shaxsiy dardlar qo‘nim topadigan makon emas. Yozuvchi yo shoir inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham ijtimoiy hodisadir. Chin ma’nodagi ijodkor buni hamisha teran tushungan. Rauf Parfi:

Yulduzlarga men ham qarayman,
Yulduzlar – samoviy bir xayol.
Men ko‘proq zaminga yarayman,
Menga kerak yerdagi hayot,

– deganda, avvalo, o‘zining zamin farzandi ekanligini nazarda tutgan, deb o‘ylayman. Ijodkor hatto oddiy inson sifatida ham jamiyatdan tashqarida bo‘la olmaydi. U qaysi bir davrda yashamasin, XX asrning serg‘alva yillari bo‘ladimi yoki hozirgi mustaqillik kunlarimi, o‘sha vaqtning kishisi sifatida zamonning bor zalvorini his qilmay qolmaydi. O‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas.

Misol uchun, XIX asrning oxiri – XX asr boshlariga kelib, “Beg‘am hayot” (“Valensig­yacha hikoyalar”), “Apelsin bog‘larida” hikoyalar to‘plamlari, “Toledo ibodatxonasi”, “Chaqirilmagan mehmon” romanlari bilan Yevropaga tanilgan ispan yozuvchisi Visente Blas­ko Ibanes tabiat, o‘zaro insoniy munosabatlar, oddiy dehqonlarning hayoti mavzularini o‘zi uchun yetakchi deb bilgan edi. XX asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy olag‘ovurlar boshlangach, ijod bilan birga noshirlik, huquqshunoslik va siyosiy faoliyat bilan ham faol shug‘ullanadi. 1923 yilda Ispaniyada harbiy diktatura o‘rnatilgach, yozuvchi Frantsiyaga muhojirlikka jo‘nab, umrining qolgan yillarini falsafiy-psixologik romanlar yaratish bilan birgalikda, shaxs erkinligi uchun kurashishga bag‘ishlagan.

Xorvat yozuvchisi Ranko Marinkovich o‘zining dadil erkparvarlik qarashlari tufayli italyan fashistlari tomonidan Ferramonte lageriga tashlangan (holbuki, u kommunist emas edi). Oddiy bir inson Vatani boshiga tushgan og‘ir kunlar sababli ko‘rishi mumkin bo‘lgan jamiki g‘am va alamlarni tortgan. Bugungi kunda Xorvatiyada eng yaxshi novella uchun Ranko Marinkovich nomidagi mukofot ta’sis etilgan.

Nobel mukofoti sovrindori, serb yozuvchisi Ivo Andrich fashistlar Germaniyasining sobiq Yugoslaviyaga bosqini boshlangan dastlabki kunlardan (1941 yil aprel) to Vatani Ikkinchi jahon urushining so‘nggi yilida (1945) ozod bo‘lgunga qadar uy qamog‘ida yotadi. Aynan shu hibsda yotgan kunlarida, keyinchalik XX asr nasrining eng yaxshi asarlari, deb tan olingan “Drinadagi ko‘prik”, “Travniya solnomasi”, “Oyimqiz” romanlarini yaratadi (afsuski, bu yozuvchilarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Shu tufayli ko‘p o‘quvchilarimiz ularning ijodidan bebahra). Jahon adabiyotidan bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mazkur yozuvchilar bitta ishni amalga oshira turib, ya’ni ijod qila turib, o‘zlarining ijodkorlik va fuqarolik burchlarini ado etganlar. Shavkat Rahmon “rubobiy she’rlar” yozishni orzu qilib, “jangchi va zobit” bo‘lganidan alam chekkan bo‘lsa, 70-yillarda bu savdo vijdonli hamma ijodkorning boshida bor edi. Axir, ijodkor ko‘nglida hamisha insoniy burch degan tuyg‘u uyg‘oq. Fuqarolik va ijodkorlik burchi esa mana shu insoniy burchning ajralmas bo‘lagidir.

10. Jahonda “belletristika” degan atama mavjud. Bu o‘qilishi oson, yengil hazm bo‘ladigan novella, roman yoki qissa. Yo‘nalish sifatida uning ham o‘ziga yarasha me’yorlari bor. Belletristika o‘zining yashashga haqli ekanini allaqachon isbotlagan, yo‘qsa, Agata Kristi yoki Ann va Serj Golonlarning romanlari unutilib ketgan bo‘lardi. Ta’kidlash kerakki, belletristika hech qachon jiddiy adabiyot bilan bellashishga da’vo qilmagan, doimo o‘zining o‘rnini yaxshi bilgan, shu bois belletristika ijod qiladiganlar o‘zlarini yozuvchi deb emas, belletrist deya atashgan.

Bizda belletrist degan nomdan uyalishadi, shekilli, o‘zlarini biryo‘la ommabop yozuvchi deb atab qo‘ya qolishadi. Shuning uchun bizda durustgina belletristika o‘rniga yomongina “omma adabiyoti” paydo bo‘ldi.

Bir e’tibor bering, “omma adabiyoti” namunalari qanday matbuotda bosilyapti? Bunaqa adabiyotga “ehtiyoj” qanday paydo bo‘ldiyu uning urchib ketishiga nima sabab bo‘ldi? Men bu hodisani bizda “bulvar matbuoti” paydo bo‘lishi bilan bog‘lagim keladi. Aynan ko‘ngilochar nashrlar gazeta bozoridagi raqobatga chidash, “sinib” qolmaslik uchun oldi-qochdi, odamlarning e’tiborini tortadigan sarlavhali “asarlar”ga ehtiyoj sezdi. “Ommabop yozuvchilar” chaqiriqqa “labbay” deb javob berishib, mas’uliyatni his qilgan nashrlar qabul qilmaydigan hikoya va qissalarini taqdim etishdi. Noshirlar esa o‘z mahsulotlarini tezroq sotish umidida gazetalarning birinchi sahifasiga “Adashgan qiz”, “Yo‘ldan ozgan o‘g‘il”, “Oltin vasvasasi”, “Boylik talvasasi” qabilidagi sarlavhalarni chiqarib, gazetxonlarni chorlay boshlashdi...

Hozir kitob do‘konlari va rastalarida Ishoqjon Nishonovning o‘tgan va shu yil ichida nashr qilingan “Afg‘on shamoli”, “Grad operatsiyasi”, “Qasoskor qashqirlar” degan kitoblari sotilyapti. “Grad operatsiyasi” romanlar seriyasi yoki roman-serial bo‘lib, 2012-2013 yilning o‘tgan davri ichida shu seriyaning beshta alohida romani nashr qilinibdi. Men bu kitoblarning adabiy qimmati haqida bahs yuritmayman. Faqat shu choqqacha hech kim konveyer usulida ishlab, jiddiy asar yarata olmaganini aytmoqchiman. Bilamizki, konveyer bir qolipdagi va andozadagi mahsulotni ko‘plab ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik moslama. San’at asari esa faqat yagona nusxada, vaqt, mehnat sarflab, qunt va sabr bilan yaratiladi.

Bir martagina o‘qiladigan yengil-elpi “adabiyot”ning umri qisqa, jiddiy adabiyotning zalvori bu kabi “asar”larni bosib ketadi, deb ishonib o‘tiraverish yaramaydi, deb o‘ylayman.

Menimcha, “omma adabiyoti” qarshisida baquvvat ustundek bo‘lib jiddiy adabiyotning turishi” kamlik qiladi. O‘quvchilarda bolalik davridan boshlab badiiy didni tarbiyalash, haqiqiy adabiyotni targ‘ib qilib borish zarur. Bu borada o‘quv muassasalari va madaniyat maskanlarida kitobxonlar bilan o‘tkazilayotgan adabiy uchrashuvlarning o‘zi kifoya emas. Adabiy gazeta va jurnal, almanax nashrlarining adadini ko‘paytirish, buning uchun ularning narxini pasaytirib, oddiy o‘quvchining cho‘ntagibop qilish (bu ish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadi, chunki nashrning tannarxiga kiradigan xarajatlarni kamaytirish yoki arzonlashtirishning iloji yo‘q, faqat bu xarajatlarni nimaningdir hisobiga qoplab borish, iqtisodchilar tili bilan aytganda, “zararlarni kamaytirish” talab etiladi), nafaqat bosma matbuot, balki radio va televidenie ham jiddiy adabiyotni ko‘proq tashviq qilishi lozim. Adabiy jarayondan boxabar qiladigan, o‘smirlar, yoshlarning adabiy didini o‘stirishga xizmat qiladigan eshittirish va ko‘rsatuvlar ko‘payishi kerak. Afsuski, hozir bunday eshittirish va ko‘rsatuvlar yo‘q darajada. Bugungi kun yoshlari va o‘smirlarining qiziqishlarini inobatga olgan holda, jiddiy adabiyot targ‘iboti va tashviqotiga internet nashrlarni ham jalb qilish, bu ish keng miqyosda tashkil etilishi zarur. Bu tadbirlar iqtisodiy jihatdan qanchalik qimmat turmasin, amalga oshirmasa bo‘lmaydi. Chunki ma’naviyatning oqsab qolishidan keladigan zararni milliardlab mablag‘lar bilan ham qoplab bo‘lmay qoladi.

 

Islomjon Yoqubov javoblari:

1. Poetik ijodni vaqt, harakat hamda fazoga keskin bog‘liq tarzda anglash uning qonuniyat va mexanizmlarini to‘la tasavvur etmaslikdir. Illo, bugungi kunda adabiy-estetik tafakkur jamiyat salohiyat darajasi, intellektual potentsialini belgilovchi muhim estetik kategoriya sifatida idrok etilmog‘i lozim. Shundagina jamiyat moddiy va ma’naviy tomonlari uzviy aloqadorlik, o‘zaro ta’sirda doimiy o‘zgarib, rivojlanib borishi to‘g‘ri anglanadi.

Har qanday o‘zgarish fikr va kayfiyatdan ibtidolanadi. Voqea-hodisalar rivojida uzluksizlik mavjud ekan, ijtimoiy jarayonlar muayyan omil va manbalarga nisbatan sababu oqibat sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, davrning inson fik­ru kayfiyatiga ta’siri ham uzluksizlikda olib qaralmog‘i, uning milliy va mintaqaviy ahamiyati umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlardan xorijda kuzatilmasligi kerak.

Ma’lumki, har qanday o‘zgarish harakatdir. Shunday ekan, o‘zaro ta’sir va murakkab aloqadorlikdan tashqarida nafaqat tabiiy, balki ijtimoiy va estetik o‘zgarish ham sodir bo‘lmaydi. Illo, hodisalar yagona qonuniyatli olamiy harakat jarayonidan iborat. Bilamizki, qadimiy afsonayu ertaklardan epik asarlargacha xalqimizning erk va ozodlik haqidagi orzu-o‘ylari aks etgan va bu jarayon biror muddat to‘xtamagan. Demak, tafakkur (butun) va mustaqillik (natija) o‘rtasida bevosita va bilvosita tarzda doimiy sababiy aloqadorlik mavjud. Shuning uchun ham erkka tashna tafakkuriy intilishlar o‘tgan asrda goh ma’rifatparvarlik, goh jadidchilik sifatida bo‘y ko‘rsatib, nihoyat mustaqillik tarzida totli meva berdi. Ayni paytda, bu ijtimoiy hodisa milliy tafakkurni jahoniy miqyoslar sari yuksaltirdi. Zotan, sabab va natija bir-biriga o‘tib turishi bilan xarakterlanadi.

Bugun tobora yuksalayotgan taraqqiyot shiddati inson va jamiyat munosabatlari, xususan uni poetik idrok etish shakl­larini bir qadar murakkablashtirdi. Bizningcha, bu g‘oyatda tabiiy jarayon. Chunki har qanday rivojlanish harakatning sifat jihatidan yangi turlarini vujudga keltiradi. Demak, poetik ijod ham murakkab aloqadorlik mahsuli. Bizning ob’ektiv yondashuvimiz uning shakliy ko‘rinishlaridagi muhimni nomuhimdan ajratish, tabiiy-funktsional, ijtimoiy-genetik va poetik jihatdan dalillash asosidagina kechishi mumkin. Mustaqillik yillarida yaratilayotgan asarlarda ijod ahlining fikr va kechinmalari aks etmoqda. Bizningcha, qalamkashlar ijodiy idroki mazmuni bir xillashuvi mumkin emas. Ular tabiiy siyrati, ma’naviy-madaniy darajasi, qiziqishi, badiiy mahorati, shuningdek, bilim saviyasi, maslagu dunyoqarashini shakllantirgan ijtimoiy-genetik faktorlarga bog‘liq tarzda yuzaga qalqib chiqqan motivatsiyasi hamda estetik idealga yondashuv pozitsiyasi muayyan farqlanishni keltirib chiqaradi. Bu jarayonda ijodkorning emotsi­onal holati ham muhim rol o‘ynaydi. Shubhasiz, yozuvchi, shoir, dramaturg zarur axborotlarni zamon va makon shakllari yordamida qabul qiladi. Biroq ijodiy fenomen imkonlari muayyan ob’ektiv vaqt birligi bilangina chegaralanmaydi. Badiiy idrok predmetli, tanlangan, yaxlit strukturaviy, o‘zgarmas va anglangan jarayon.

Adabiyot tarixi – xalq intellektual tafakkuri tarixi. Badiiy adabiyot barcha zamonlarda umumestetik madaniyatni shakllantirishga xizmat qilib kelgan. Bozor iqtisodiyoti davrida umumestetik madaniyatni yuksaltirish ehtiyoji har qachongidan ortgan ekan, adabiyotning komil insonni tarbiyalash funktsiyasi chuqurlashib, milliy san’atimiz ijtimoiy hayotdagi roli ortib boraveradi. Badiiy-estetik ong voqelikni go‘zallik, olijanoblik, fojialilik va kulgulilik kategoriyalari asosida qayta ishlaydi, undan san’at asari yaratadi. Shuning uchun ham badiiy asar sub’ektiv voqelik, ya’ni o‘z ijodkori ichki dunyosi, xayol-tasavvuri in’ikosidir. Dunyo individual tarzda qabul qilinib, munosabat alohida tarzda bildirilar ekan, ijodiy kredo ham individualdir.

2. Hech bir zamon va makonda mas’uliyat tuyg‘usidan yiroq asl san’atkor bo‘lmagan. Nazarimizda, “bir xillik” dan qochish ijtimoiy muhit va uning dominant dunyoqarashi emas, ko‘proq iste’dod darajasi, iymon butligi, adabiy zavq qanoatlariga daxldor tushunchalar. Chunki hatto qatag‘on chig‘irig‘i avj pardalarida bo‘lgan o‘tgan asrda ham Fit­rat, Hamza, Abdulla Qodiriy, Oybek, H.Olimjon, G‘.G‘ulom, M.Shayxzoda, A.Qahhor, Mirtemir va boshqa ko‘plab iste’dod sohiblari “yo‘lini topib” o‘zlarini qiynagan iztirob-o‘rtanishlar, g‘am-anduhlar, quvonch-shodliklarni ifoda eta olishgan. Badiiy matn mehvariga botin nigohini qaratmay, “andishaning nomini qo‘rqoq” bilib, ayrim adabiy figuralar soyasiga poyandoz solishga urinish tendentsiozlikdan bo‘lak narsa emas.

Fitrat she’rlarining o‘z davrida “elektr quvvati kabi kuchli ta’sir etishi” (S.Ayniy) shoir ko‘nglidan otilgan o‘tli hayqiriq va fig‘onga yo‘g‘rilgan bashariyatni erk va ozod havolar nasimi sari yuksaltirmoq g‘oyaviy niyati, ohangi hamda yorqin shakli bilan bog‘liq. Tabiat va jamiyat sirli puchmoqlari, qaynoq hayot ummonidan Fitrat ko‘ngliga ingan va satrlarga to‘kilgan qayg‘u-hasratli so‘zlar haroratidan shoir ruhiy rag‘bati tavallud topgan. Publitsistik ruhi har qancha bo‘rtib ko‘rinmasin, shakl va poetik serjilolik, majoziylik, samimiyat, lirik mayinlik, o‘ychanlik singari talay jihatlar Fitrat shoirlikning muqaddas burchini o‘ksik qalblarni nurafshon etmoq tarzida anglaganini ko‘rsatadi. Shoir she’riyatini ichdan nurlantirib turgan jihatlar qadim turkiy she’riyat, xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan bir qatorda, usmonli turk nazmida keng qo‘llanilgan she’riy vaznlarni dadillik bilan qo‘llash, yangicha ohang va uslub sari talpinish edi. Agar Fitratning ijtimoiy-psixologik drama, tragokomediya, drama, tragediya, opera librettosi singari janrlardagi izlanishlariga xos serqatlam ramziylik, bashoratona ishoraviylik va teran falsafiylik anglab yetilsa, dramaturg ijtimoiy illatlarni inson tabiatidagi noqisliklar tadqiqi bilan uyg‘unlashtira olgani, ma’naviy qashshoqlik zamirida tug‘ilgan jaholatga qarshi isyon ruhini ifoda etgani, ayniqsa, bo‘rtib ko‘rinadi. Birgina “Abulfayzxon” misolida kuzatilganida ham, zamon va makon chegaralari umuminsoniy muammolar sari mislsiz kengaygani, Afrosiyobdan Rahimxongacha, Siyovushdan Abdumo‘minxongacha bo‘lgan ulkan bir davrdagi millat fojiasi nazarda tutilib ish ko‘rilgani ayon bo‘ladi.

“Ubaydullanoma”, “Tuhfai xoniy”dan “Gamlet”gacha kuzatilgan Fitrat dramalari M.Shayxzoda va boshqalar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Xususan, sohibqiron Amir Temur mavzusiga murojaat etgan birorta adib “Abo Muslim” va “Temur sag‘anasi” ni chetlab o‘tolmadi. Shu ma’noda, adabiyotimizning barcha tur va janrlarida Fitrat-Shayxzoda-Muhammad Ali; Shayxzoda-Muhammad Ali-To‘lqin Hayit; Cho‘lpon-Oybek-Asad Dilmurod; Oybek-Shayxzoda-Ikrom Otamurod tarzidagi uchlik, ya’ni ajdodlar va avlodlar davomiyligiga xos izchillik mavjud. Bu borada dunyoqarash va ko‘ngil yaqinligi, so‘zga ergashish havasidan tug‘ilgan jasorat muhim rol o‘ynaydi. Fikrimiz dalili sifatida Cho‘lpon-Oybek-A.Muxtor-E.Vohidov-A.Oripov-R.Parfi-I.Otamurod-Faxriyor tarzidagi so‘zga sadoqatning shoyon izdoshligini keltirish mumkin.

Ayni paytda, oshufta dillar robitasi Fuzuliy-Qodiriy; Navoiy-Oybek; Navoiy-O.Muxtor; Rumiy-X.Do‘stmuhammad; Rumiy-I.Otamurod; Ogahiy-M.Abdulhakim juftliklari kabi zamonlar osha tiklanishi ham mumkin. Bu hol ba’zida nafaqat shaxslararo, balki endilikda tafakkur tarzi va adabiy vositaga aylangan janrlar misolida ham kuzatiladi. Jumladan, bugungi kunda milliy adabiyotimizda mifopoetik tafakkurga e’tiborning ortishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zotan, davrlar o‘tgan sari ezgu so‘zning avlodlar ko‘ngliga qayta ko‘chishi, inson va jamiyat ma’naviy hayotiga kirib borishiga kuchli ehtiyoj seziladi. Abadiyatga daxldor SO‘Zni sog‘ingan Matnazar og‘a: “Ko‘p ham davronnishin bo‘laverma, yur, Hazrat Navoiyga ketamiz”, deya chorlaganidek, ijod ahli ko‘ngli doimo o‘zgarishlarga moyil, pokiza nasim epkinlariga ehtiyojmand. Ular o‘z ixtiyorini g‘urur va sururga limmo-lim HAQ SO‘Z sog‘inchi ilkiga topshirgan qavm. Qalamkash istak-royishlari ruhiyat puchmoqlarida tomir otib yetiladi. Shu ma’noda, ularni vulqon portlashi yoxud qor ko‘chkisiga qiyoslash mumkin. Qisman unutilgan yoxud mutlaqo notanish manzillar, demakki, yangicha shakl­lar istak-sog‘inchi poetik yaratiq bo‘lib moddiylasharkan, zamon va zamondoshlar ko‘ngliga ko‘chadi. I.Otamurod “Sopol siniqlari” dostonida haqli e’tirof etganiday, bu ko‘chish: “makondan makonga, ongdan ongga va ruhdan ruhga” tarzida sodir bo‘ladi.

M.Ali roman-tetrologiyasidagi tarixiy shaxs va badiiy talqin imkoniyatlarining benihoya kengayishi, O.Muxtor yaratgan romanlardagi shakliy-uslubiy izlanishlardan ajratish mumkin emas. M.Ali, O.Matjon, X.Saloh, Ch.Ergash, I.Otamurod, Q.Rahimboeva dostonlari ham liro-epik asarlarimiz soni va salmog‘ini belgilashga izn beradi. Ayni paytda, U.Nazarov hikoyalari va “Chayon yili” romani, E.Samandar drama va tragediyalari katta nasrdagi izlanishlari, S.Siyoevning “Ahmad Yassaviy” romani, O‘.Hoshimovning xalqimiz tarixiy qismati badiiy umumlashtirilgan hikoya va romanlari shu ulkan binoga qo‘yilgan munosib g‘ishtlardir. M.Boboevning nosir va dramaturg sifatidagi merosi, M.Jalil samimiy, tabiiy hamda sokin lirikasi, M.A’zam hayotiy va jozibador she’rlari, G.Jo‘raeva muhabbatu hijron tuyg‘usiga vobasta ash’orlari, T.Adashboevga xos qisqa va lo‘ndalik, manzara yaratish hamda hazil-mutoyibaga moyillik, A.Obidjon mayin, istehzoli va zaharxanda kulgiga yo‘g‘rilgan she’riy va nasriy asarlari, O.Hojieva she’rlarida kuzatiluvchi mehribon ayol tuyg‘ulari, H.Xudoyberdieva lirikasidagi inson va borliq munosabatlari talqini, A.Sher yozuvlaridagi mushohadakorlik haqida ham xuddi shunday iliq so‘zlar aytish lozim. Z.A’lam hikoya va qissalaridagi joziba, A.Suyun qayirmalaridagi didaktika, X.Sultonov nasridagi moziy nafasi, M.Muhammad Do‘st, X.Do‘stmuhammad, A.Dilmurod, A.A’zam, E.A’zam nasridagi yangicha tafakkur kishisi timsollari ifodasi, T.Murod asarlaridagi tabiiy shaloladay oquvchi ohangdorlik, Sh.Boshbekovga xos jiddiy komizm, X.Davron hikoya va qissalaridagi ilmiy tafakkur izlari, Sh.Rahmon merosidagi lirik-falsafiy teranlik, M.Yusuf she’rlaridagi rostgo‘ylik, Faxriyor asarlaridagi bezovtalik va kuyunchaklik, S.Sayyid bitiklaridagi Vatan timsolining xalqona talqinlari, I.Mirzo qalb harorati ifodalangan silsilali tuyg‘ular izhori va boshqa yuzlab misollarsiz adabiyot atalmish orkestr mukammal simfoniyasini tasavvur etish mumkin emas.

Olis viloyatda yashab ijod qilganiga qaramasdan, M.Abdulhakim ona sayyoramizning har bitta jilvasida ming bitta dunyo ko‘ra olgan iqtidor sohibi edi. Shoir “Yolg‘iz yaproq” (she’rlar, doston) kitobchasida “Bog‘” va “saroyga” qiyoslangan sayyoramizni “gulim” deb erkalaydi. Bokira tabiatga nisbatan shafqat qahat bo‘lganligini ko‘rgan lirik qahramon qalbi daraxtdan ajrala olmagan – o‘z ibtidosiga bog‘liq barg kabi titraydi. Sohir tabiat go‘zalligini shoir o‘zicha, tamomila yangicha ohanglarda kashf etadi: “Mening hech kimim yo‘q bahordan boshqa”, deb yozadi. Atigi bir misradayoq tug‘ilish, yashash va hayotning teran ma’nosi haqidagi shoir estetik ideallari mujassam.

Xullas, badiiy asar ijodkor va borliq munosabatidan yuzaga keluvchi mahsulot, adabiyotda eng kam o‘zgaradigan narsa esa mavzudir. Chunki har bir qalamkash o‘z-o‘ziga beradigan: “Men kimman?” degan savoldan tashqarida bironta mavzu bo‘lishi mumkin emas. Badiiy ijod tabiati mazmunan o‘zgarar ekan, u o‘ziga xos shakl, obrazlar olami va ifodaga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun hamisha yangi janrlar vujudga kelgan, takomillashgan yoxud iste’moldan chiqqan. Ayni paytda, har bir alohida janr tabiatida muttasil sifat o‘zgarishlari sodir bo‘lib kelgan. Badiiy ijodda individ roli muttasil ortib borar ekan, muayyan janr an’anaviy kanonlari haqida gapirish o‘rinsizdir. Zotan, janr xususiyatlari konkret asar va uning tabiatiga ko‘ra namoyon bo‘ladi. Mustaqillik davri adabiyoti janrlar tizimi rang-barang bo‘lib borayotgan ekan, bu mavjud an’analar o‘zlashtirilayotgani va adabiy aloqalar faollashgani natijasidir. Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti milliy badiiy-estetik tafakkurning harakatdagi bosqichi. Binobarin, hali muttasil o‘zgarishda bo‘lgan janr kanonlarini qat’iy belgilash va janrlar sistemasi haqida tugal nazariy qarashlarni ilgari surish mumkin emas. Demak, gap janr badiiy voqelikni tashkillash printsiplari (poetik matritsa)ning eng umumiy, nisbatan turg‘un estetik belgi-xususiyatlari haqidagina bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy-ruhiy voqelik va borliqni yaxlit idrok hamda poetik ifoda etayotgan so‘z san’atkori adabiy-badiiy an’anadan tashqarida harakat qilolmaganidek, uning doirasida qolib ham ketolmaydi. Chunki ildiz, daraxt tanasi, shoxlari, bargi va mevasi har biri alohida-alohida moddiylik. Hatto har bir yaproq bir-birini zinhor takrorlamaydi. Ammo asl mohiyat ildizda. Zotan, mustahkam va teran tomir bo‘lmasa, yuqorida sanalganlarning birontasi ham mavjud emas. Binobarin, biz botin nigohimizni tomir rishtalaridan uzmagan holda, har yaproqda ko‘ringan, har qatrada jilvalangan olam atrofida charx urayotgan barcha olamlarni idrok eta olishimiz lozim. Shunday ekan, uslub quruq yerda paydo bo‘lmaganidek, u yangilanmas ekan, ijodiy individuallik ham mavjud emas. Demakki, konkret o‘quvchi tafakkur darajasi va estetik didiga mo‘ljallangan yashovchan asar ham yuzaga kelmaydi.

Ijodiy tafakkur va ruh erkinligi doimo maqsadli, anglangan va, binobarin, cheklangandir. Adabiyot-san’at o‘z tabitiga ko‘ra ijtimoiy, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishi va ifoda etishiga ko‘ra hamisha moderndir. Shunday ekan, hech bir milliy adabiyot hech bir davrda keng ma’nodagi “sintez”dan xorij bo‘lolmaydi. Milliy poetik tafakkur hosilasi bo‘lgan bizning bugungi adabiyotimizda hech qanday “izm” yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Agar mavjud bo‘lsa, u o‘zbekizm degan dilimizga yaqin ifodadir. Binobarin, o‘zbek adabiyoti har bir yaratig‘ida mavjud an’analar negizida turib o‘zini fikran, ruhan, ifodaviy jihatdan yangilaydi. Shu tariqa milliy-estetik tafakkur jahoniy miqyoslar sari kengayib, tozarib boraveradi. O‘z navbatida, dunyo adabiy-estetik fikrini ham muayyan darajada o‘zgartiradi.

3. Har qancha libosi mavzun kiydirilmasin, milliy adabiyot pirovardida ota-bobolarimiz o‘lmas obidalarida bitib qoldirgan, muqaddas kitoblarda keladigan javoblar durustligini tasdiqlaydi. Chunki har bir avlod badiiy-estetik ongiyu qalbi o‘z insonlik mohiyatini anglash, his qilish sari yo‘nalgandir. Har bir ijodkor o‘z “men”ligi ko‘ngil hollari, shuuriy miqyoslari qamragan hududlarni mahorati darajasiga ko‘ra ifodalaydi. Demak, gap an’anaga kiydirilgan libos nechog‘lik yarashiqli, fikr va tuyg‘u qamrovi miqyoslari qanchalik eniga, bo‘yiga o‘sgan, teranlik kasb etganligi haqida bo‘lishi mumkin.

4. Ijod va ijodkorlik mavjud ekan, adabiyotdagi “jang” biror muddat to‘xtashi mumkin emas. Poetik mahorat amaliy tajriba asosida o‘zlashtirilishiga qaramasdan, asl iste’dod va iqtidor Yaratganning inoyati – yolqindan ulug‘ qalbga tushgan shu’la. So‘z – tinglovchiga muhtoj qalbning o‘z hollari haqida qardoshi bilan muloqoti. Uning nogahoniy tarzda yorishgan ko‘nglidagi zavq va hayrati, xayol va xotirasi, nomai a’moli haqida Tangriga munojoti. Daho so‘z san’atkorlari aytganidek, panjasiga panja urmoq ma’nosida qalamning a’moli kurashdan iborat. Binobarin, mazkur kurash muayyan g‘oya va ijtimoiy manfaatlar himoyasidangina iborat emas. Chunki ijod – ko‘ngilga tushgan urug‘ nish urishi, ongdagi fikr va qalbdagi his-tuyg‘ular asrori, alohida inson muhabbati hamda iztirobli adashuv va tazarrulari bayoni. Ijod ruhda tug‘ilgan kayfiyat va hayrat ifodasi ekanligi uchun, chinakam ijodkor hayoti o‘z asarlari tarkibiy qismidir.

Mustaqillik yillarida dunyoni badiiy-estetik qabul qilish mezonlarimiz, poetik zavqimiz shiddat bilan o‘zgardi. Dunyoni ramz va ishoralar tilida idroku ifoda etishga intilish kuchaydi. Zohiran bir-biriga unchalik bog‘lanmagan mohiyatga ishora qilish va kitobxon qalbu tafakkurini o‘sha ishoralar bilan muloqotga chorlab, uning sezimlariyu ongiga ta’sir etish orqali anglamlarini shakllantirishga urinish kuchaydi. Bunday yaratiqlarda muallif ongu ruhoniyatidan ibtido olib aks­lanayotgan mohiyat individual kitobxon faol ishtiroki, badiiy-estetik balandlik darajasiga ko‘ra turli rakurslarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Chunki endilikda, odam bolasi bosib o‘tgan tafakkur yo‘lini fikran va xayolan kechinmoq voqelikni qahramon botiniga ko‘chirdi. Shu bois, muayyan asar salmog‘i ham o‘quvchi ichki nigohi nechog‘lik teran hamda didi qanchalar ingichkaligigiga bog‘liq tarzda namoyon bo‘la boshladi. Adabiy qahramon va muallif xayol-xotira-tush-reallik sintezidan iborat borlig‘ini qayta kechinish akti o‘quvchi faol harakatini taqozo etmoqda. Zamon va makon tig‘izligi majoziylikni ifodaga ko‘chirishni zarurat darajasiga ko‘tardi.

5. O‘tgan asrning 60-80-yillaridayoq Yevropa o‘z badiiy madaniyati mazmuniy o‘zgarishlarini qayta fikrlashga ehtiyoj sezgan edi. Shubhasiz, postmodernizm poetik tafakkurga u yoxud bu hodisa o‘z ichki sabablariga ko‘ra (spontan) yuzaga kelishi, sub’ekt va tasodiflarga alohida e’tibor qaratish kabi katta imkoniyatlar olib kirdi. Uning haqiqati benihoya ko‘p (variativ) va sub’ektiv. Dunyo anglanuvchi sub’ekt (plyuralistik borliq). Predmet va hodisa mikrotahlil qilinishi, matnni tushunish muhimligi haqidagi aksariyat qarashlari asosli. Chunki muayyan asarda tasvirlangan voqelik mohiyati avvaldan mavjud estetik kanonlar asosida emas, balki munosabat negizida anglanadi. Biz ularni ko‘rish va his qilish asnosida tafakkur qilamiz. Demak, nuqtai nazar rakursni belgilaydi. Nuqtai nazarlar qancha bo‘lsa, asardagi voqelik ham shunchadir.

Biroq postmodernizm hozirgi tsivilizatsiya ijtimoiy-madaniy va falsafiy asoslari (ratsionalizm, tarixiylik, ob’ektivlik, mantiqiylik, makon va zamon, qadriyat, an’ana, tajriba va boshqalar)ga tanqidiy refleksiyadir. U turlicha qarashlar: marksizm, nitsshechilik, freydchilik qorishmasidan iborat (ekliktik) murakkab jarayon. Postmodernistik in’ikos umumiylik mumkin emasligini isbotlash, metafizikani inkor qilishga yo‘naltirilgan. U inson intilib kelgan barcha narsalarni sarob deb biladi. Shu ma’noda, uning “manifesti” bizning klassik falsafiy tushunchalarimiz, Haq va haqiqat haqidagi e’tiqod-maslagimizga mutlaqo ziddir. “Modern”, “post yoxud postpost modern” kayfiyat bir vaqtning o‘zida barcha sohada, millat tafakkuri va ko‘nglida kechuvchi jarayon. Aslida, bizda bunday hodisa sodir bo‘lmadi. Aksincha, realizmning izchil kengayishi doirasidagi uslubiy “o‘zlashtirish”largina kuzatildi.

Bizningcha, har bir milliy adabiyot muayyan zaminda bir paytlar yashagan hamda hozirda umrguzaronlik qilayotgan xalq turli qatlamlari ma’naviy-ruhiy olami ko‘zgusidir. Shubhasiz, jahon adabiyoti ilg‘or an’analariga xos adabiy shamollar epkini erkalamagan har qanday biqiq adabiyot o‘z tasvir usul-vositalarini yangilay olmaydi, yashovchanligini yo‘qotadi. Ammo o‘z zamini nasimlarini tashuvchi milliy qiyofaga ega qahramonlari mo‘ralab turmagan, ular bezovta qalb va qiyofalari ro‘yi rost aks etmagan adabiyot ham estetik ta’sirchanlikdan mahrumdir.

Shukurki, milliy adabiyotimizda yuzaga kelayotgan an’anaviy va noan’anaviy asarlar xoh real, hoh noreal tarzda bo‘lsin, inson mavjudligini olam uyg‘unligi negizida yangicha rakursda idrok etmoqda. Milliy roman taraqqiyotining ayni bosqichida yaratilayotgan aksariyat asarlarda reallik va irreallik sintezlashmoqda. Masalan, Muhammad Alining an’anaviy yo‘sinda bitilgan “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasini mif, ertak, doston singari janrlar va tush motivi tabiatida kuzatiluvchi xayoliy noreal tasvirlaru ramziy ifodalardan ajratib tushunish qiyin. Chunki bu o‘rinda adib an’anaga yangicha yondashib, narsalarning milliy qahramon tiynati va umuminsoniy mohiyatiga monand jihatlariga e’tibor qaratgan. Umuman, o‘zbek romaniy tafakkuri xalq hayot tarzi, ma’naviyatu e’tiqodi talabi, benihoya rangdor xayoloti, ruhi hamda fikrlash tarzi dominantligi zaminida dunyoviy shakllarda olamu odamga munosabatini o‘zgartirmoqda. O‘zbek romannavislari ilg‘or avlodi insonning o‘z Yaratuvchisiga, dunyoga, jamiki mangu va hududsiz narsalarga munosabatini ifodalashga intilishmoqda.

6. Zavqli ifoda va o‘ziga xos shakllarning ildizlari toshbitiklar qadar qadimiy. Qolaversa, bizga notanishday tuyulayotgan aksariyat shaklbozliklar jahon adabiyotida qachonlardan buyon mavjud an’analar “o‘zlashtirilishi”, xolos. Bugun ba’zan tarjimalarni ixtiro tarzida taqdim qilishdan andisha qilmaslik hollari ham kuzatiladi. Umuman esa, ”o‘ynab aytsang ham, o‘ylab ayt”, deganida dono xalqimiz har narsada me’yor bo‘lishi lozimligini nazarda tutgan. San’atkorona tasvir, munosib ifoda, maqbul shaklning fikr jozibasiga xizmat qilishini unutmagan. Binobarin, ezgu niyat so‘zga, so‘z amalga ko‘charkan, ibtidosi ezgulik ekanidan roz aytguvchi nafosatli so‘zgina dardmand dillarga go‘zallik va zavq ulasha oladi.

7. Bilish sub’ekti sanaluvchi tanqidchi faoliyati natijasi bo‘lmish talqin badiiy matn zohiridan botiniga tomon tobora chuqur yo‘naltirilishi va unga to‘la muvofiq kelishi lozim. Munaqqid xohish-irodasiga mavqe’ berilgan nuqtada xolislik barbod bo‘ladi, umumestetik me’zonlar buziladi. Demak, tanqidchining bilim, qobiliyat, qurb va imkoniyatlari har qanday manfaatdorlikdan yuksak turishi uning shaxslik darajasi, iymon-e’tiqodiga bog‘liqdir. Sharq falsafiy-estetik tafakkuri uqtirishicha, insonning bandalik maqomida “xom sut emgan”lik bor. Shu boisdan, chin hakamlik qilish uning a’moli emas. Zotan, odam bolasi o‘z ruhiy bilimlari bilan ob’ektlarga xos cheksizlikni qamrashi imkondan xorij. Inson ongi mutlaq g‘oyaning tarkibiy qismi. Binobarin, qismning butun haqidagi fikri ohista va vazmin bo‘lishi zarur. Demoqchimizki, chinakam badiiy asarda ijodiy ilhom onlariga daxldor ma’naviy-ruhiy balandlik moddiylashadi. Unga bildirilayotgan munosabat tanqidchigagina emas, balki umuminsoniyat manfaatlariga zid bo‘lmagan millat, jug‘rofiy makon, mintaqa, din, e’tiqod va jamiyatga daxldordir. Bugungi kunda ana shunday ijtimoiy-estetik tafakkur uslubining tobora barqarorlashayotgani kishini quvontiradi.

Albatta, barcha munaqqidlarimiz ham o‘z xohish-istaklarini yengib o‘tishga qurb topyapti, deyish qiyin. Nachora, ijtimoiy-axloqiy mohiyatni o‘zida mujassam etuvchi individ sifatida alohida shaxs bo‘lib shakllanish jarayoni jo‘ngina hodisa emas. Agar munaqqid tig‘iz munosabatlar tizimi bilan qamrab olingan qisqa umrida ijtimoiy-tarixiy tajribaga zid borarkan, uning “aqidaparastlik”, “provintsializm”, “avtoritarizm”, “egoizm” singari noxush munosabatlar doirasida qolib ketishi, o‘z manfatlari quli va boshqa turfa illatlar qurboniga aylanishi tayin. Eng achinarli jihati shundaki, bundaylar nazdida fazilatlar nuqson, nuqsonlar esa fazilat bo‘lib ko‘rinadi.

Adabiy jarayonda an’ana va novatorlik o‘rtasida dialektik aloqa mavjud. Zotan, har qanday badiiy-estetik yangilik adabiyot taraqqiyoti ichki omilini ta’minlashi, badiiy tafakkur rivojiga sezilarli ta’sir etishi va nihoyat, an’anaga aylanishi bilan xarakterlanadi. Demak, iste’dodli so‘z zargari o‘z davri uchun muhim badiiy-estetik ehtiyojlarni chuqur his etadi. Ular ma’naviy-ruhiy olamida bergan aks sadolarni tinglar ekan, an’anaga ehtiromli munosabatda bo‘ladi. Shu asosda mazmuniy, shakliy, ifodaviy, janriy, ritmik-intonatsion va boshqa novatorliklar yuzaga keladi. Illo, adabiyot rivojini vorislik bilan bir qatorda, poetik fikr va tuyg‘u harakatining yuqoriroq shakl va ifodasi sari talpinish belgilaydi. Demak, ijodkor shaxsini belgilovchi uslub kategoriyasi shunchaki poetik inkor emas, balki mohiyatan inkorni inkor qonuniga asoslanadi.

Shaxsan men yuqoridagi qonuniyatdan xorijda qandaydir eski va yangilar kurashi mavjudligini bilmayman. Har bir yangi yaratiq betakror tili va uslubiga egaligi bilan originallik kasb etadi. Qolaversa, “adabiy an’ana” degani “ijodiy faoliyat uchun namuna bo‘la oluvchi qaymoq qism” ni anglatadi. Bugun o‘tmish adabiyotiga ijodiy munosabat nisbatan follashuvi, jahon poetik tafakkuri sari yuz burish jadallashuvi pirovardida salaflar tajribasini o‘zlashtirish dolzarblashgani belgisidir. Adabiy jarayonni kuzatayotgan har kishi yaxshi biladiki, hozirgi o‘zbek adabiyotiga bir necha avlod vakillari samarali ulush qo‘shib kelishmoqda. Bizda taqir yerda bunyod bo‘layotgan adabiyot mavjud bo‘lmaganidek, vorisiylikka bog‘lanmagan, yutuqlarni ijodiy o‘zlashtirmagan avlod ham yo‘q. Bordiyu shunday hodisa sodir bo‘lsa, adabiy qiyofasizlik yuzaga kelardi. Adabiy an’ana zamini bo‘lmagan (xususan, realizm yoki romantizm bag‘rida kurtak­lari yetilmagan) birorta “begona” janr, uslub, adabiy yo‘nalish yoki oqimning bizda ildiz otishi, milliy adabiyotni boyitishi va transformatsiyaga uchrashi mumkin emas. Kimki o‘zi mansub bo‘lgan adabiy maktab, kengroq ma’noda adabiy yo‘nalish dasturi, milliy adabiyotimiz rivoji mohiyatini chuqurroq anglab yetmagan taqdirdagina g‘oyaviy-estetik qarashlari, ijodiy printsiplarini mutlaqo yangilik deb bilishi mumkin.

9. Adabiyot ko‘ngil sokin burjlariga safar asnosidagi birinchidan: tuyulgan qanoat, sog‘inilgan erk, ezgu niyat, munavvar orzu, totli entikish, samimiy izhor, beg‘araz ishonch, beta’ma muruvvat, beadoq umid, betimsol sabr, kechikkan tazarru, fuzun xayol, najotkor taskin, musaffo kulgu. Ikkinchidan: bezovta o‘y, shikasta izhor, so‘ngsiz qayg‘u, g‘amgin iztirob, ezg‘in nola, adoqsiz nafrat, ma’yus xotira va hokazolardir. Har ikkala holatda ham bu maskan yurak amri, dil istagi hamda his-tuyg‘u, kechinmalar manbai bo‘lgan ko‘ngilga daxldordir. Ado etilishi majburiy bo‘lgan vazifa - burchni o‘tamoq “majburiy”ligi va ko‘ngil tilaklariga sadoqat o‘rtasida ziddiyat mavjudmi. Albatta, insoniyat tarixida sobiq sho‘rolar tuzumi singari qalam ko‘ngil istagiga ko‘ra yurmaydigan davrlar ham bo‘lgan. Ammo men jadid adabiyoti vakillari o‘z ko‘ngliga zid borib, davr taqozosiga ko‘ra yashab o‘tganligiga ishonmayman. Chunki jadidchilik mohiyatan ko‘ngillarda kurtak yozib, so‘ng adabiyot va jamiyatga ko‘chgan. “Kecha va kunduz” misolidayoq ayon bo‘ladiki, Cho‘lpon o‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmigacha zahmatidan qanoat tuymay qalam surmagan. Sh.Rahmon “rubobiy” she’r­larni orzulashi esa kontseptual fikr-tuyg‘u emas, balki oniy kayfiyatdir. Demak, gap maslak ijtimoiy negizining umuminsoniy, milliy va ko‘ngilga yaqin mohiyatiga daxldordir. Nazarimizda, realizm doirasida iste’dod bilan bitilgan chinakam badiiy asarlar uchun bunday dualistik haq talashishlariga ehtiyoj yo‘qday ko‘rinadi.

10. “Jiddiy” va “omma” adabiyoti degan tushunchalar qalam ahlini iste’dod va iste’dodsizlarga, poetik fikr va ifoda tarziga mas’ullar va mahsulotni sotishni ko‘zlovchilarga, kitobxonni ham xoslar va avomga ajratib qarashni taqozo etadi. Bunday qarash ilgarilari ham mavjud edi. Qizig‘i, o‘sha paytlarda folklor asarlari ommaviy bo‘lgani holda, bundan hech kim, hech qachon nolimagan. Anglashiladiki, taraqqiyot shiddati, fan va texnika rivoji ommaviylik mazmunini o‘zgartirgan. Shunday ekan, gap birinchidan, adabiy ta’limga e’tibor, kitobxonlik saviyasini oshirish orqali intellektual o‘quvchilar miqdor va sifatini yanada yuksaltirishga kelib taqaladi. “Xos”lar salohiyatiga shubham yo‘q. Ammo hozircha ularning “aristok­rat” va “elita” emasligini e’tirof etib, ommadan o‘sib chiqqani holda, unga yanada yaqinroq bo‘lishni tuzukroq eplashga jur’ati yetmayotgani ham ma’lum. Zotan, jiddiy adabiyotu san’at taraqqiysi va targ‘iboti xushyor jamoatchilik himoyasiga muhtoj. Buni teran his qilib, ishlarni shunga muvofiq tarzda yo‘lga qo‘yish bugungi kun tartibidan tushgan emas. Ikkinchidan, muttasil rivojlanishda bo‘lgan poetik tajriba kitobxon didini yuksaltirish, nafosat tuyg‘usini o‘stirish asnosida madaniy aurani mustahkamlay boradi. “Yengil adabiyot”da me’yor masalasi anglab yetiladi. Shunisi aniqki, “ko‘ngilxushlik” ko‘ngilni bezdiradi ham. Zamon, qalb, tafakkur ko‘zgusi bo‘lmish badiiy til alohida asarlar va alohida adib uchun xos hodisa. So‘z munosabat vositasi, uni his etmoq esa, estetik did kamoloti bilan bog‘liqdir. Milliy chizgilar yorqin ifodalangan asarlarni sun’iy adabiyotga qarshi qo‘yish, adabiy jarayonda kuzatilayotgan chuchmallik va yalang‘och tasvirlardan ilmiy-adabiy iqlim va jamoatchilik ixlosini qaytarish yo‘lida urinishlar izsiz ketmaydi. Adabiy jarayonda kechayotgan bu kabi tozarishlar qalam ahli davr solnomasini yaratishdagi o‘rni, so‘zga ergashish mas’uliyatini anglayotgani, bu borada yig‘ilib qolgan adabiy-estetik muammolarga jiddiy e’tibor qaratayotgani, ijodkor shaxsiyati, ma’naviy intizomiga xos izchillikka intilayotganini ko‘rsatadi. Afsuslar bo‘lsinki, qalam ahli ijod labaratoriyasiga olib kiruvchi bitiklar bizda nisbatan kam. Ustoz so‘z san’atkorlari mahorat maktabi va e’tiroflariga bo‘lgan ehtiyoj esa g‘oyat beqiyosdir.

Umuman, men kitobsevar xalqimiz avom emasligi, adabiyotga munosabat muammosi ijobiy hal etilishiga ishonaman. Ijodkorlikka da’vogar kimsa milliy va umuminsoniy mohiyatda his qilgan haqiqatlarini inson qismati orqali ifoda etish, kitobxonlar tafakkurini poklash, ruhiyatini ingichkalashtirishdan muhimroq vazifasi yo‘qligini anglamog‘i zarur. Demak, qizg‘in faoliyat mahalida sustkashlik va xayol surishdan fidoiyligu shijoat afzalroq.

 

Abdunabi Hamro javoblari:

1. Men, garchi adabiyotshunos olim yoki tanqidchi bo‘lmasam ham, bir qalamkash sifatida jurnal sahifalarida ko‘tarilgan masalalarga o‘z munosabatimni bildirish, shu bahonada ko‘pdan o‘zimni o‘ylantirayotgan fikrlarni o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishni niyat qildim. Avvalo, bugungi kun uchun juda zarur masalalar o‘rtaga qo‘yilganini ta’kidlashni istardim. Endi bugungi adabiy avlod masalasiga kelsak, menimcha, u ­bor va imkon qadar ijod qilyapti. O‘zingiz aytganingizdek, har bir yangi adabiy avlodning o‘z kredosi bo‘ladi. Bo‘lishi zarur ham. Bo‘lmasa, u “adashgan avlod” yorlig‘ini taqishga majbur. Nazarimda, nafaqat bugungi adabiy avlodning, balki barcha zamonlardagi qo‘liga qalam tutgan ijodkorning oldida bitta savol turadi: nimani yozish kerak va qanday yozish kerak? To‘g‘ri, davr evrilishlari yozuvchi yoki shoirni ba’zan publitsistikaga boshlaydi, u “charx avzoyi”ga qarab, pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Ammo zamona qay tarzda turlanib tuslanmasin, ijodkorning asosiy vazifasi o‘zgarmay qolaveradi: u inson ko‘ngli va ruhini tadqiq etishga majbur. Aslida, Adabiyotning zarurati nimada, so‘z san’ati kerakmi o‘zi? Albatta, kerak! Uning zarurligi shundaki, u Tangrining qudrati bilan odamzod ko‘nglining tubida, ongosti dunyosi qa’rida yashirinib yotgan yovuzlik unsurlarining urchib, yuzaga chiqishiga, olamni zulmat qoplashiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Barcha davrlarda ham uning eng asosiy vazifasi insoniyatni ezgulikka yetaklash bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi kerak.

Bugungi adabiy avlod ijodi ham bundan mustasno bo‘lmasligi kerak. Badiiy so‘z qimmati, qudrati va uning mas’uliyati o‘zgargani yo‘q. To‘g‘ri, so‘z va mushohada erkinligi masalasida bugungi qalamkash o‘zining salaflaridan peshonasi yorug‘roq, buni qadrlash kerak. Qolaversa, har bir avlod oldida ko‘ndalang turgan muammolar bugun ham mavjud. Bugungi qalam ahlining asosiy burchi, menimcha, go‘zal fikrni go‘zal tarzda aytish, shu orqali o‘quvchilar dilida estetik zavq uyg‘otishgina emas, ana shu imkoniyatlarni bergan zamonni avaylab asrash hamdir. Tinchlik va ijod imkoniyati bo‘lmagan joyda ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Xulosa shuki, ijodkorlar mansub bugungi avlod oldida ham yaxshi yozish, shu orqali o‘quvchida hayrat uyg‘otish, ko‘ngil va ruhiyat qatlamlaridagi sirlarni ochish, shundoq ham g‘amzada bo‘lgan dunyoni odamzodning yovuzligidan ogoh etish, uni hushyorlikka chorlash vazifasi turibdi.

2. “Izm”lar hamisha bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Lekin odamzodning fe’li shunaqa: u bir xillikdan tez zerikadi, yangi va qiyinroq mushkulotlar axtara boshlaydi. Nazarimda, turli adabiy oqimlarning paydo bo‘lishida nafaqat ijodkorlar, barcha zamonlardagi hukmron mafkuralar ham o‘z “hissa”larini qo‘shishgan. Sotsrealizm bunga misol bo‘la oladi.

Rang-baranglik avlod degan tushunchani aslo inkor etmaydi, hayotda har kim suygan oshini ichadi. Dunyoni badiiy-estetik idrok etishda yakranglik bo‘lmasligi kerak, aslida. Agar shunday holat yuz bersa, bilingki, qaysidir oqim hukmronlikka erishib, boshqalarining ovozini bo‘g‘ishga bel bog‘lagan. Har bir inson, jumladan, ijodkor ham, shaxs, individ ekan, u dunyoni o‘zgalardan ayricha tasavvur etadi va o‘z bilganicha fahmlab, uning aks-sadosini ko‘ngliyu ruhiga o‘ziga xos tarzda qabul qiladi. Bir xil fikrlaydiganlar, dunyoni bir rangda ko‘radiganlar jamiyati yo mustabid saltanat va yoxud biorobotlar mamlakati bo‘ladi. Bu fikrlar esa “bugungi adabiy avlod” degan tushunchani aslo inkor etmaydi, aksincha, imkoniyatlarga boy avlod shakllanib kelayotganini tasdiqlaydi, xolos.

3. “Haqiqiy adabiyotda har ikki olamga ishora bo‘lmog‘i va, eng muhimi, bunday adabiyot har ikki olamdan turtki olib yaratilmog‘i kerak…” Ulug‘bek, bu mening ayni ko‘nglimdagi gap. Mana shu fikrning o‘zi janrlar va adabiy oqimlar o‘rtasidagi Xitoy devorining nurab borayotganini ko‘rsatmaydimi? Modomiki, o‘n sakkiz ming olam mavjud, Inson esa koinot gultoji ekan, nega biz hamon bu “gunohkor zamin”dan yiroq ketolmayapmiz? Nega hanuz “mistika, fantastika” deb, ayrim asarlarga, ularning mualliflariga bepisand qaraymiz? Alpomishning o‘n to‘rt botmonli, paykoni tog‘ cho‘qqisini o‘pirib ketgan parli yoyi lazerga, Go‘ro‘g‘lining qindan chiqqanda qirq gaz cho‘ziluvchi shamshiri fantastik asarlardagi qurol-neyroblasterga ishora emasmi? Hazrat Navoiy “oynayi jahonnamo” orqali nima demoqchi edilar? Uzr, sezib turibman, siz ko‘proq ruhiy olam kashfini nazarda tutgansiz, men biroz “maydalashdim”, lekin baribir… Esimda, Markesning “Tanholikning yuz yili” asarini ilk bor o‘qiganimda “Nega kitobning boshiga uning fantastik roman ekanligini yozib qo‘yishmabdi?” deya hayron bo‘lganman. “Don Kixot”, “Gargantyua va Pantagryuel”, “Graf Monte Kristo” singari asarlarga bugungi “kompyuterlashgan avlod” bolalari ishonmasa, ajablanmaslik kerak. Ammo biz ishonamiz, shu bois ham ular asrlar bo‘yi yashab kelyapti.

Shoh Mashrab aytmoqchi, “onqadar nurga to‘lib” yozsagina, ijodkor “Toq, Arsh, Kursiyu Lavh”ni xuddi ro‘parasida turgandek ko‘ra oladi. Biroq taassufki, bobomeros hadik, mo‘‘jizaga ishonmaslik va hayratning so‘ngani yo‘limiz, qo‘limizu tilimizni bog‘lab turibdi hamon. Ko‘ngil uyini yaxshilab tozalash kerak, shekilli... Ulug‘lar ham bu maqomga birdaniga erishmagandirlar, shunday ekan, turli eksperimentlar qilayotgan yoshlarni tushunishga urinish lozimmikan, deb o‘ylayman.

Gollivud filmlaridan birida (bosh rolni Jet Li ijro etgan) bir shaxsning bir necha yondosh olamlarda mavjudligi, faqat parallel dunyolarda uning kasbi, fe’l-atvoriyu maqsadi turlicha ekanligi haqida hikoya qilinadi. Mana koinot teranligi, mana sizga tiriklik jumbog‘i… Menimcha, odamzod – sirlarning ham siri, uni kashf etish uchun har qanday vosita o‘zini oqlaydi. Aslida, ilohiyot, falsafa, adabiyot, san’atning maqsadi kabilar INSONNING KIMLIGINI BILIShga qaratilgan emasmi? Shunday ekan, tush ham, ongosti dunyosidagi informatsion qatlam, ya’ni ajdodlar xotirasi ham, bashoratu karomatlar ham “Qaydan keldigu qayga keturmiz?” deya boshini changallab turgan insonni anglashda va anglatishda ijodkorga ko‘mak berishi aniq.

4. Bu haqda, xuddi boshqalar kabi, men ham ko‘p o‘ylayman. Bir qarashda, adabiyot bugun ham Ezgulikning yonida turib, Yovuzlikka qarshi kurashayotgandek. Adiblar umuminsoniy g‘oyalarni tarannum etib, asarlar bitishyapti, ijobiy qahramonlarni o‘quvchilarga ibrat qilib ko‘rsatishmoqda, kimlardir ana shu asarlardan tegishli xulosalar chiqarayotir. Bular bari yaxshi, albatta. Biroq bugun ko‘p takrorlanayotgan bir faktdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi: ko‘chaki qissaxonlik (bulvarnaya chtivo) “Men haqiqiy adabiyotman!” degan da’vo bilan chiqmoqchi. Haftasiga bitta “kitob” chiqarib, o‘zini Tolstoy sanaydiganlar ko‘payib borayotir. Chinakam detektivning ko‘chasini yetti mahalla naridan aylanib o‘tadiganlar o‘zlarini ushbu janr qiroli hisoblab, “sariq matbuot” sahifalarini to‘ldirishmoqda. Va, eng yomoni, yoshlarning ko‘pchiligi aynan shunaqa bitiklarni haqiqiy adabiyot, deb o‘ylashyapti. Bu – juda xavfli holat. Bu – “ommaviy madaniyat” tegirmoniga suv quyishdan boshqa narsa emas.

Endi chinakam milliy adabiyot kimning yonida ekanligiga kelsak, menimcha, u faqat va faqat inja so‘zni teran tushunadigan, zavqi baland, hayratlari tirik va yaxshilikning g‘alabasiga ishonadigan o‘quvchilar yonida turishi lozim. “Men o‘z so‘zim bilan dun­yoni o‘zgartira olaman!” deb ishonch bilan yozadigan adibga ishonadigan o‘quvchi hamisha topiladi. To‘g‘ri, chin adabiyot muhibi ham, “sariq matbuot” shaydosi ham xalqqa birdek mansub, ammo adabiyot o‘z qadrini bilganlar bilan birga bo‘ladi. Demak, adabiyot bugun Ezgu Niyatning yonida. Nima uchun? Chunki go‘zallik juda nozik bo‘ladi, u hamisha muhofazaga muhtoj. Ana shu tolmas muhofiz esa Adabiyot deb ataladi.

5. Postmodernizm hali o‘zbek milliy adabiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani yo‘q, menimcha. Ikki-uch romanu qissa, besh-o‘nta hikoya bilan uning ta’sirini yaqqol anglash qiyin bo‘lsa kerak. Ehtimol, men yanglishayotgandirman, biroq har qanday adabiy oqim, avvalo, makon izlaydi. O‘zining milliy mentalitetidan butkul ayrilib, arosatda qolgan biror millat umrguzaronlik qilayotgan hududda ular hosildor zaminga tushgan urug‘dek gurkirab o‘sishi mumkindir, balki. Biroq o‘zbekning boy milliy-madaniy merosi bor, millatning genida o‘ziga xoslik, boshqalarga o‘xshamaslik bor, uning ongosti dunyosida buyuk bobolarning MILLIY merosiga daxldor qadriyatlar yotibdi. Misol: bugun turli estrada guruhlarining shovqin-suronli, jazavaga to‘liq chiqishlariga irg‘ishlayotgan o‘smir qirqqa kirgandan so‘ng albatta “Munojot” yoki “Qaro ko‘zim”ni istab qoladi. Nega? Chunki uning qonida bor bu ishtiyoq. “Suyak suradi” deydi xalq bunday holni. Postmodernizm ham yuqorida aytilgandek, dunyoni va insonni anglashga bo‘lgan urinishlar jarayonida adabiyot duch kelgan bir vosita, xolos. Ushbu oqimda ijod qiladiganlar orasida o‘zim yoqtiradigan ijodkorlar ham talaygina, inkor etmayman. Bahrom Ro‘zimuhammad she’rlarini yaxshi ko‘raman. Lekin uzr so‘ragan holda aytay, nasrda hali postmodernizmga mansub bo‘lgan, yuragimni jizillatgan asarga duch kelmadim. Bilmadim, balki men poytaxtdan olisda yashab, adabiy jarayondan orqada qolgandirman. Ishqilib, agar Mavlono Rumiy va hazrat Navoiy dasturxonidan to‘kilgan ushoqlarni terib va unga biroz rang berib, o‘quvchiga taqdim etayotgan G‘arb nosirlariga ergashish (taqlidchiga taqlid qilish) postmodernizm sanalsa, mening bu oqimga uncha maylim yo‘q. Bir narsani aniq bilaman: oyog‘i milliy zamindan uzilgan har qanday san’at turi halokatga mahkum. Daraxtning bargiga qancha suv purkamang, agar ildizi qaqroq yer qa’rida bo‘lsa, qurishi aniq. Men boshqa oqimlar qatori postmodernizmning ham o‘zbek adabiyotida yashashga to‘la haqqi bor, deb o‘ylayman. Lekin bir kuni kelib uning yetakchi oqim bo‘lib qolishiga ishonmayman.Chunki millat ruhi og‘rinibroq qabul qilgan narsa bu zaminda uzoq yashay olmaydi. Yashagan taqdirda ham e’tibor topishi dargumon.

6. Aslida, “ommaviy madaniyat” degan balo, o‘sha Siz aytayotgan, o‘yinlik xususiyatidan oziqlanmasmikan? Xavfsirashingizga to‘la asos bor, deb o‘ylayman. “Sen o‘ylama, sen uchun boshqalar bosh qotiradi, sen bemalol ayshingni suraver” qabilidagi “imtiyozlar” bera olgani tufayli ham bu makkor “madaniyat” yoshlar orasida tarqalib, tobora xavfli tus olayotir. Lekin ishonamanki, yuksak ma’naviyatli xalq bu kabi o‘tkinchi o‘yinlarga ko‘pda e’tibor ham beravermaydi. Bir ijodkor do‘stimizning “Meni bir yig‘lat!” degan sevimli iborasi bor. SO‘Z bilan, dardli qo‘shiq bilan yig‘lashni istaydi u. Yig‘lab, ruhini poklamoqchi, ko‘nglini bo‘shatmoqchi. Labirint yoki boshqotirma asar bilan odamni yig‘latib bo‘lmaydi, uning asabini egovlash mumkin, xolos. Mashrab bobomiz aytgan gap hamon dolzarb: “Dilda darding bo‘lmasa, dardi sarimni kavlama”.

7. “Bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda?” degan savolga men bir xolis o‘quvchi sifatida “60-70 foiz atrofida” deb javob bergan bo‘lardim. Fikrimni dalillashga urinib ko‘raman: avvalo, Siz aytgan “xolislik darajasi” o‘rtachadan pastroq, nazarimda. Shaxsiy munosabatlar yetakchi planga chiqqandek. Qolaversa, “sizdan ugina-bizdan bugina” degan tamoyil kuchayib borayotir. Agar Falonchiev o‘z gazetasida Pistonchievning hikoyasini chop etsa, Pistonchiev boshqa nashrda uning asarlarini shedevr darajasiga opchiqib maqtaydi. Ya’ni qo‘l-qo‘lni, ikkovi birlashib yuzni yuvadi. Ikkinchidan, tanqidchilar va adabiyotshunos olimlarimiz faqat poytaxt adabiy muhitini emas, viloyatlardagi ahvolni sinchkovlik bilan kuzatib borishlari kerak, deb o‘ylayman. Men o‘zim viloyatda yashab, ijod qilayotganim uchun bu gapni aytayotganim yo‘q. Aytmoqchimanki, viloyatlardagi yozuvchilar orasida ham baquvvat asarlar bitayotganlari talaygina, ular ham o‘z xolis bahosini olishga haqli. Ularning aybi poytaxtdan olisda yashaganimi?! Ular Toshkentda kitobini chop ettirolmaydi yoki ijorkorlarning ko‘pchiligiga xos bo‘lgan, tabiiy uyatchanlik bois o‘z qobig‘iga o‘ralib yashayveradi. Demak, agar adabiy tanqid nazariga tushmasa, ular orasidan yangi Qahhor yoki Rauf Parfi yetishib chiqsa ham, birov bilmaydi.

Jasoratli adabiy tanqid yetishmayotganligi ham bor gap. Tan olish kerak, aksariyat qalam ahlining tirikchiligi o‘ziga yarasharoq. Lekin “shig‘ir” yozishga havasmand boyvachchalar ham topilib turibdi. Cho‘ntagi qappaygan shunaqalar bir bechora shoirga falon pul berib, kitob yozdiradi, o‘z nomidan chop ettirib, butun mamlakatga tarqatadi. Tabiiyki, shoir bu kitobni naridan-beri, “ko‘nglidan emas, qornidan chiqarib” yozadi. Ana shu “asarlar”ni kim baholashi kerak? Yoki bo‘lmasa, yuqorida aytilgan “detektiv ustalari”ning kitoblari qay tarzda, qachon va kim tomondan xolis baholandi? Men bunday holni uchratganim yo‘q.

8. Yangicha yozish haqida o‘ylash bilan yangicha yozish o‘rtasida katta farq bor. Har bir ijodkor (agar u chinakam, dilda dardi bor ijodkor bo‘lsa) adabiyotni muhabbatga qiyoslaydi, “oni yangortaman” (uni yangilayman) deb o‘ylaydi. Menimcha, bu urinishning tag‘in bir sababi – ijodkor ko‘ngli va ruhiyatidagi buyuklikka bo‘lgan pinhon da’vogarlik. Yashirib nima qildik, ijod kishisining dil tubida, eng yashirin qatlamlarida “men buyukman” degan bema’ni iddao yotadi. Bu tuyg‘u uni chinakam ulug‘lik cho‘qqisiga ko‘tarishi ham, xarob qilishi ham mumkin.

Mamlakat mustaqillikka erishganiga 22 yil bo‘ldi, lekin ko‘pchilik hamon ulug‘ bobolar nomini sanash va ular bilan og‘izda faxrlanishdan nariga o‘tgani yo‘q. “Hoy, baraka topgur, sen o‘zing qaysi ishni qoyil qilib qo‘yding?” deydigan vallomat qani? Menimcha, niyatni yaxshi qilib, belni mahkam bog‘lagan ko‘yi ezgu amallarga urinib ko‘rgan ma’qul. Birda bo‘lmasa, birda nimadir chiqib qolar, axir?!

Davomiylik, vorisiylik ham kerak, aks holda, yangiga mahliyo bo‘lib, milliy zamindan oyog‘imiz uzilishi mumkin. Lekin, menimcha, vorisiylik taqlidga olib kelmasligi shart. Chunki endi ikkinchi Qodiriy ham, Tog‘ay Murod ham tug‘ilmaydi. Adabiyotga "kseronusxa"ning keragi ham yo‘q. Topib aytilgan gap: eskiga suyangan ko‘yi, uning zamirida yangini yaratish. Nazarimda, eng maqbul yo‘l shu.

9. Menimcha, bu o‘rinda masalani unchalik chuqurlashtirishga hojat yo‘q. (Chunki so‘z degan narsa labirintga o‘xshaydi, ko‘paygan sari ko‘proq chalkashtiraveradi). Agar qalamkash o‘z burchini halol bajarsa, uning bitiklaridan loaqal bitta majruh ko‘ngil shifo topsa, demak, u o‘z fuqarolik burchini bajargan bo‘ladi. Ijodkorning ijodi ezgulikka, Vatan ravnaqiga, millat taraqqiyotiga xizmat qilsagina, uning ijodkorlik burchi fuqarolik burchi bilan uyg‘unlashib ketadi.

10. Bu savolning javobiga yuqoriroqda ham to‘xtalgandim. Masalan, san’at misolida olib qaraydigan bo‘lsak, Buxoroda “Shashmaqom” – xoslar san’ati”, “Mavrigi” – omma san’ati”, deydiganlar ham bor. Unda, Navoiy xoslar shoiriyu Yassaviy omma shoiri bo‘ladimi, degingiz keladi. Jiddiy adabiyot va “omma adabiyoti” paydo bo‘layotgani, afsuski, bor gap. Chinakam iste’dod bilan bitilgan asarlarni keng targ‘ib qilish, xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish juda muhim. Nazoratni kuchaytirish, “sariq matbuot”ning tomorqasiga tosh otish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy adabiyotni “ko‘chaki qissaxonlik”dan himoyalashning yagona yo‘li barchaga birdek manzur bo‘ladigan yaxshi asarlar yozish va ularni imkon qadar targ‘ibu tashviq etishdir.

Muxtasar fikr shuki, chinakam GO‘ZAL BADIIY SO‘Z hamisha ham bo‘yga yetgan qizdek nozik va himoyatalab bo‘lib kelgan. Mezonlar, qadriyatlar o‘zgaradigan, me’yorlar unutiladigan zamonlarda-ku, inchunin. Tarixning burilish pallalarida adabiyotga hamisha qiyin bo‘ladi. Adabiy tanqid o‘z vazifasini bajarishi lozim. Adabiyot o‘zligini asrab qolishi uchun televidenie, radio va internetdan ham unumli foydalanishi kerak.

 

Xursandbek To‘liboyev javoblari:

1. XX asrga kelib, adabiyot o‘zining mavzu-mundarijasini g‘oyat tezlik bilan o‘zgartirib yubordi. Bu kayfiyatga o‘tishning bosh sababi ham G‘arb va Sharq o‘rtasidagi adabiy aloqalar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hodisalarning o‘zgarishi natijasida, deb qaraladi. Chunki jadid shoirlari “zamon bilan yashamoqqa”, bir xillikdan voz kechmoqqa shay turdilar. Buning asosiy sababi, avval “doston o‘qib yurguvchi xalq”ni savodli qilishning usul va yo‘sinlarini o‘ylab topdilar. “Turon truppasi” va “Chig‘atoy gurungi” adabiy tashkilotlarining fidoyi a’zolari – jadid shoiru yozuvchilari, munaqqidu muharrirlari o‘zlariga burch deb bilib, sidqidildan bajarishga kirishdilar. Sho‘ro siyosatining g‘ayrimilliy harakatlarini vaqtida teran ang­lab, unga qarshi choralar ko‘ra boshladilar. Nadomatlar bo‘lsinkim, mafkura yo‘rig‘ida qamchi tutgan kaslar xalqning faol adibu ziyolilarini xalqning dushmaniga aylantirib, minglab insonlarni yo‘q qilish payiga tushdilar. Va ular bu maqsadga erishdi ham. 60-yillarga kelib, yangi bir adabiy avlod voyaga yetdi. Ularning nazdida dunyo "tilla baliqcha"ning hovuziga o‘xshab ko‘rinardi. Ularning anglab yetgan komil g‘oyalari jadid adiblarining orzuli maqsadlarini davomi bo‘lib qoldi. 70-yillarda Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron kabi yozuvchi va shoirlar bu g‘oyalarga yangicha shakl va ifoda bag‘ishladilar. “Bu elning kattakon kunlari ko‘pdir” (Sh.Rahmon), “O‘zingni ayama, beshafqat bo‘lg‘il” (U.Azim) singari satrlari bilan ijod ahliniyu adabiyotsevarlarni o‘ziga jalb qildi. Tez orada 80-yillar avlodi keldi. Tan olish kerak, 80-yillar avlodining ijodi haligacha adabiy tanqid va adabiyotshunoslik tomonidan to‘laligicha o‘rganib bo‘lingan emas. Unda ramziy-majoziy o‘ziga xos ko‘rinishlarni kuzatamiz. Nihoyat, istiqlol davriga kelib, 60-yillar avlodining yirik vakillari E.Vohidov, A.Oripov, M.Ali, R.Parfi, Sh.Xolmirzaev, O‘.Hoshimov o‘z vaqtida orzulab yozolmagan asarlarini yozishga kirishdilar. Shoirlarimiz esa o‘zlari talpingan ideallarni tarannum qiluvchi she’rlarini yozishni davom ettirdi, deyish mumkin. Bu ideal ulkan g‘oya va orzumiz bo‘lgan mustaqillik va uning qadr-qiymatini teran ang­lab yetish tushunchasi edi.

2. Bugun biz yashayotgan dunyo VUCA deb nomlanmoqda. Demak, (volatiliy (beqaror), uncertainty (noaniq), complexity (murakkab), ambiguity (ko‘p qiyofali) o‘zgaruvchan dunyoda ijodkor ham zamon bilan hamnafas bo‘lishga, uning kayfiyatiga, o‘zingiz aytganingizdek, tashhis barmog‘ini pulsiga qo‘yib ijod qilmog‘i kerakka o‘xshaydi, nazarimda. Hamma zamonlarda bir xil “izm”lardan boshqa bir “izm”lar dunyoga kelganidek, zamonaviy ijodkor ham o‘zining iste’dod va fikr salohiyatidan kelib chiqib ijod qilmoqni kun zaruratiga aylantirgan. Shunday qilsagina adabiyotda o‘zining o‘rniga ega bo‘ladi, degan tasavvur yo‘q emas. Chunonchi, barcha “izm”lar mohiyatida – insonni anglash va uning qalbiga yangi mazmun olib kirish, yashashga, hayotga o‘rgatish, qaysidir ma’noda yolg‘izlikdan qutqarish, unga madad bo‘lish, kerak bo‘lsa, hech kim o‘rgata olmagan sir-bilimlarni yetkazishdan iborat. Ayniqsa, yoshlar ijodidagi izlanishlar kishini quvontiradigan darajada emas. Ijodkorda muhim sanaladigan – boshqalarga ibrat, kezi kelganda, ustoz bo‘ladigan fazilatlarning biz qatori yoshlarning ba’zilarida kuzatilmaydi. Nega shunday? Buning juda ko‘p sabablari bor, deb o‘ylayman. Asosiysi – o‘rganish va izlanish. Shuni eplay olmagan havaskordan bundan ortig‘ini kutib bo‘ladimi? Avlodlarni prof. H.Boltaboev ular yaratgan asar qahramonlaridan izlagan ma’qulmikin, degan taklifni tashlagan edi. Nazarimda, bu bir tomonlama qarash. Adib yaratgan qahramon o‘z qalbining barcha tomonlarini qamrab ololmaydi. Avlodning hal qila oladigan qudrati shundaki, uning yaratgan asarlarini o‘qib, unga muhabbat qo‘ygan zamon kishisi o‘sha avlodning ketidan ergashgan edi bir zamonlar. Bugun har kim “o‘z qalbining kolumbi” (O.Matjon). Ijodiy erkinlikning og‘ir mas’uliyatini unutib qo‘yib, fahsh, nayrangbozlik kabi illatlarni “qahramon” qilib ko‘rsatayotgan “yozuvchi”lar chindan ham misqollab yig‘ilgan qadriyatlarning ildiziga bolta urishmoqda. Bu kabi tushunchalarning toptalishi natijasida insoniyat bora-bora katta muammolarga yuzma-yuz kelmaydimi?.. Xususiy gazetalarga alohida e’tibor bermoq kerak. Unda berilayotgan hikoya va qissalarda shunchalik yolg‘on va firibgarliklarni “asar”ga aylantirayotgan havaskorlar ko‘payib ketdiki, hatto nomlarini ham sanab adashasan, kishi. Chinakam adiblar kuyinchaklik qilayotgan bir paytda bu kabi havaskor qalamkashlar yozgan asarlar bodrab yotsa, ana shundan og‘iri yo‘q. Mayli yozsin. O‘zbek mentalitetiga xos ohangda yozsin. Ularning madaniyatimizni buzishga haqlari bormi?

“Izm”lar rang-barangligi ham adabiyotning taraqqiy qilayotganidan shahodat beradi. Chunki rang-barang, boya aytganimizdek, VUCA dunyosidagi iste’molchi inson o‘zi istagan narsani xarid qilish ilinjida yashaydi. Xususan, kitoblarni tanlab o‘qiguvchi kitobxon bugun negadir detektiv va yasama syujetli kinoqissalarni sevib mutolaa qilmoqda. Buning asosiy sababi, o‘zingiz adabiy suhbatlarda urg‘ulaganingiz kabi, hayotga pragmatik yondashmoqdir. Jiddiy adabiyot va u olib chiqqan mavzular haqida bosh qotirishga vaqtlari yo‘qdek go‘yo.

Yaxshi asarlarni targ‘ib qilishga xizmat qiladigan tadbirlarni yanada kuchaytirish kerak. Bu yilgi “Kitobxonlar bayrami” ko‘rik-tanlovining amaliy natijasi minglab kitobxonlarning soni ortishiga turtki bo‘ldi, deb aytish mumkin.

3. Doim takrorlab yuradiganim Rumiyning ibratli fikri bor, ya’ni “Hamma o‘z ehtiyojlarining yonida yashaydi”, deydi. Ba’zan o‘ylab qolasan: men ham bu dunyoga safar qilgani kelgan insonman, nega o‘zimning iste’dodimdan unumli foydalanib, jamiyatga, xalqqa bir yaxshilik qilish orzusida ikkilanib qolaveraman. Buning uchun inson nima qilishi kerak? Albatta, kitob o‘qish va uqishi lozim. To‘rt misra she’rni yaxshilab yozish uchun necha bor ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Yog‘och o‘yib, ketmon dastak tayyorlash uchun odam qancha kuch sarflaydi. Bularning zamirida insonga umid va rag‘bat bag‘ishlaydigan birdan-bir vosita borki, uning ismi muhabbatdir. Har kim o‘z kasbini teran tushunsa, hunaridan zavq tuysa, hayratlansa, quvonsa, demak, u inson qilgan ishlarining mohiyatida, mag‘zida ezgulik turadi. Har qanday ezgu ish muhabbat tufayli sodir bo‘ladi. “Muhabbatsiz kishi odam emasdir” deganida Nodira shuni nazarda tutgan bo‘lsa kerak! Odamzod har doim o‘zi yaratgan narsalardan zavqlanadi. Ijodkor yozgan asaridan qanchalik xursand bo‘lsa, undan kitobxon shunchalik foyda topadi, o‘zini taniydi, taqdiriga yangi-yangi mazmunlar bag‘ishlaydi. Bularning barchasida yaxshilik va ezgulik mujassam. Balki havaskor adiblar ham bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerakdir. Yaxshi ko‘rgan soham bo‘lgani uchunmi, shaxsan o‘zim adabiyot kishisini uchratib qolsam, undan o‘zimda yo‘q narsalarni o‘rgangim keladi. Albatta, yuragida ezgulik tuyg‘usi bor insondan yomonlik chiqmaydi. So‘nggi paytlari tushga ishora adabiyotlar yaratilmoqda. Tush, bu olamning u olamga safaridir, balki. Nima bo‘lgan taqdirda ham, har ikki olamda inson o‘zining qilgan amallari bilan qadr topadi, siylanadi. Yaxshilik qilsa, albatta, yaxshilik qaytadi, yomonlik qilsa, buning javobi ham yomonlik bo‘ladi. Shuningdek, ijodkor ham o‘z xalqining komil farzandi bo‘lishni istaydi. Biz bu kabi masalalarda yakdillik bilan harakat qilsak, o‘z adabiyotimizning sharafli yo‘llarini davom ettira oladigan avlodni tarbiya qila olamiz.

70-yillar avlodining adabiyotimizdagi qilgan o‘zgarishlari chinakam jasorat namunasi edi. “O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir”, deb Shavkat Rahmonlar avlodi mardona chiqdi. Nazar Yaxshiboevning achchiq qismatidan so‘z ochgan Murod Muhammad Do‘st elga tanildi. Erkin A’zam, Xayriddin Sultonlarning hikoya va qissalari ma’rifat va ma’naviyatga chanqoq dillarga umid bag‘ishladi. Demak, adabiyot har qancha to‘siq va qarshiliklarga uchramasin, avangard adibu shoirlarimiz botinida o‘tkir so‘zu haqiqatni bilish, anglash va his qilish mezonlari bilan sug‘orilgan yuksak g‘oyalar yashar ekan. Bularni yozish o‘sha davrda nechog‘li qiyin bo‘lishiga qaramasdan, ular baholi qudrat o‘z asarlarida yoritishga harakat qilardilar. Endi mustaqillik yaratib bergan cheksiz ne’matlar, sharoit va yo‘llardan foydalanib, asl adabiyotimizning buyuk kelajagi xususida jiddiy bosh qotirish payti allaqachon yetib keldi. Bu hodisaga oz emas, yigirma yildan oshyapti. Men asl adabiyot yo‘lida fidoyilik qilib, halol ter to‘kib ishlaydigan jonkuyar avlod yetishib kelayotganiga ishonaman. Faqat hozirgi yoshlarga oqsoqol adiblarimizning jindek e’tibori bo‘lsa bas, degim keladi.

4. Bizni o‘rab turgan bu rub’i maskunda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash abadiydir. Bularning barchasi adabiyot atalmish sirli ko‘chaga olib kirilganda rango-rang­lashib, boshqacha tusda jilvalanadi. Daho Tolstoy o‘z kundaligida ushbu fikrlarni avlodlarga vasiyat qilib ketgandek: “Har bir yozuvchi o‘z asarini qabul qiladigan ideal kitobxonlarni nazarda tutishi zarur. Bunday ideal kitobxonlar nimani xohlashini aniq tasavvur qilish lozim, agar butun dunyoda ikkita shunday o‘quvchi topilsa, – faqat ular uchun yozish kerak.” Tolstoy “ular” deganida adabiyotga fidoiy va undan o‘z qalbiga yaqin ma’no-mazmun qidiradigan o‘quvchini nazarda tutgan bo‘lishi, tabiiy. Darhaqiqat, insoniyat uchun xizmat qilayotgan borliqdagi jonli va jonsiz narsalar hamma zamonlarda – ezgulik va yovuzlikning kurashidan iborat. Hozirgi kunda adabiyotni shu ikki tushunchani targ‘ib va tahlil qilish san’ati desak, yetarli emasdek. Yangi uchinchi ming yillik – texnotron era kishisi adabiyotga bugunning kayfiyatidan kelib chiqib baho bermoqda. Bir paytlar suyumli bo‘lib o‘qilgan asarlarni bugun o‘qisangiz, sabringiz chidamaydi. Chunki adibning muhim gapi kechagi kun uchun g‘oyat suyumli va muhim edi. Bugun esa boshqa bir ma’noga ehtiyoj mavjud. Demak, umrboqiy asarlar har kuni, har lahzada yaratilmas ekan. Ezgulik va yovuzlik targ‘ib qilinardi avvallari. “Nima yaxshi-yu, nima yomon” mazmunidagi odamzodning kundalik tashvishlari bilan bog‘liq she’ru dostonlar juda ko‘p yozilgan. Avvallari kitob o‘qimay turib biron maqsadga erishish qiyin bo‘lgan. Bugun esa kompyuter bilmasdan turib erishish mushkul bo‘lib boryapti. Ijod ahli mana shu ikki oraliqqa ko‘prik tashlaydi. Biz barkamol jamiyatni barpo etish yo‘lida tinimsiz sa’y-harakatlar olib boryapmiz. Yuzlab tadbirlaru tanlovlar tashkil qilayapmiz. Prezidentimiz I.Karimovning “Adabiyotga e’tibor, ma’naviyatga – kelajakka e’tibor” risolasidagi teran mazmunga ega fikrlarni o‘zimizga burch va mas’uliyat qilib olib, ijod qilish darkor. Axir, adabiyotning kelajagi bugun ulg‘ayib kelayotgan yoshlarning ham qo‘lida ekanligini unutmaslik kerak. Yoshlar bugun nima ish bilan band? O‘zlariga vazifa deb berilgan ishlarni bajarishning nechog‘li uddasidan chiqishyapti? Bular muhim savollardir.

5. Adabiyot – ertaning bashorati, degan gaplarga endi-endi tushunib yetgandekman. Ardoqli adibimiz Shukur Xolmirzaev bundan roppa-rosa yigirma yillar oldin bir adabiy suhbatida: “Kelajakda hikoya, qissa va roman kabi janrlar rivoyat, hikoyat tarzida bo‘ladi. Chunki hamma janrlar o‘zining umrini yashab bo‘ldi, endi hikoyalar o‘rniga hikoyatlar ustun keladi. Ha-ha, insoniyat o‘z asliga qaytadi. Bunga juda oz qoldi”, degan edi. Bugungi adabiy jarayonda paydo bo‘layotgan ba’zi ixcham asarlar menga ushbu fikrlar tasdig‘iday ko‘rinadi.

“Har qanday izm…” Bu fikrlarni ko‘pchilik adabiyotshunoslar turlicha talqin qilishmoqda. Ustozlar yo‘lidan borib, fikr bildiradigan bo‘lsak, mohiyatan bir narsa ustida tortishayotgandek bo‘lamiz. “Izm”, menimcha, ilmning rivojlanishi natijasida turfalanadi. Har kim, o‘z iste’dod qudratidan kelib chiqib asar yozadi. Kunimizda o‘zini modernist sanab yurgan shoir yoki yozuvchi shu yo‘sinda xalqning ichiga kirib boraman desa, adashadi. “O‘tkan kunlar”ni o‘qib “roman”ni tanigan xalqning avlodlarimiz, axir. Demak, romanu qissa, hikoyayu drama bo‘lsin, baribir, uning asl o‘zagi siz e’tirof etgan va alohida ta’kidlagan – realizm bilan nihoyalanadi. Zulmatda adashib qolgan odam alaloqibatda yorug‘likka bo‘lgan umid va ishonchi qanchalik mustahkam va qat’iy bo‘lsa, teran tovlanishlar, metaforalar, istioralar, kinoyalarga burkangan voqelik ham shunchalik o‘quvchi qalbida reallik bilan to‘qnashadi. Shu metaforalar orqali kitobxon o‘zining ko‘ngil tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Dardiga dardkash, hasratiga sherik axtaradi. Bu esa adabiyotning hayot bilan bog‘liqligi va shu zaminda yashayotgan jamiyatning qaynoq qo‘ynida yashayotganligidan shahodat beradi. Kunimizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib, takror o‘qilayotgan “Shovqin”, “Bozor” postmoderncha uslubda yozilsa, o‘zining o‘quvchilarini bunchalik ko‘p topa olmasdi. Shuning uchun ham kitobning o‘z taqdir yo‘li, umri va hayoti borligiga ishonging keladi…

6. “O‘yin”, “ko‘ngil ochar mashg‘ulot”ga aylanib borayotgani adabiyotdagi haqiqiy DARD­ning maydalashuvi bilan belgilansa kerak, deb o‘ylayman. Dard – ijdokor uchun suv va havodek gap. Dardi yo‘q odam qo‘liga qalam olib nima qiladi?.. Adiblarning so‘z qo‘llash mahorati, ifoda uslubidagi alohidalik, bir davrga mansub voqelikni inkishof qilish tamoyillaridagi rang-baranglikning yuksalishi bilan ham o‘lchanishi mumkin. Aytish joiz, bugun ayrim ijodkorlar ijodni faqat yozishdan iborat, deb biladigandek. Yozish bilan yozishning ham farqiga ko‘p-da e’tibor berishmayapti. “O‘yin” va “boshqotirma”ni eslatadigan asarlar kundalik turmushimizda unchalik ahamiyat kasb etmasa-da, “bozor adabiyoti” degan olamda oshig‘i olchi. Balki odamzod vaqti kelib o‘ziga yaqin bo‘lgan kechmish voqelarni istab qolar, kunlar, yillar o‘tib, “og‘riqlar va iztirob­lardan” bino bo‘lgan asarlarga ehtiyoj sezar.

“O‘yin”ga berilib ketib…”, bu fikrlar zamiridagi haqiqat chindan ham har birimizni tashvishga soladi. Chunki adabiyotni “qismat” bilgan adiblarimiz bir umr iztirob qo‘ynida yashagan. Ularga odamzod DARDi bilan yolg‘iz qolish saodat hisoblangan. “Sig‘inish”, “iltijo”lar chinakam adibning umr mazmuniga aylangani uchun bunday og‘riqli tuyg‘ulardan kechib ketolmagan.

7. Tanqidchi asardan nima axtaradi? Fazilatmi yo qusur? Estetik zavqni his qilish darajasida qalb ko‘zi ochiqmi, ruhoniyati sof va pokmi? Bugun shu savollarga javob berish mushkul bo‘lib qoldi. Bugungi tanqidchilik haqiqatdan ham “o‘zining vazifasini” bajarmayapti. Doktorlik dissertatsiyalarda ham, nomzodlik ishlarida ham o‘qib ko‘rilsa, shoir yoki yozuvchi darajasiga ko‘tarila olmagan, o‘sha nomni to‘liq oqlay olmagan adib­larni ham ko‘klarga ko‘tarib maqtashayapti. Bu g‘oyat achinarli hol. Buyuk adabiyotimizni xom-xatala asarlar bilan to‘ldirishga haqqimiz yo‘q. Bizning tanqidchilik hozirgi adabiy jarayonning sara namunalarini tanlab olib, ommaga tanishtirishi, kerak bo‘lsa, baholab, ularni chet tillariga tarjima qilishga taqdim qilishga ko‘maklashishi zarur. Bugun biz shunday pallada yashayapmizki, tanqid sohasida ko‘ndalang bo‘lib turgan muammolarni to‘laligicha hal qilishning uddasidan chiqolmayapmiz.

“Tanqidchi xolis bo‘lishi zarur” deyishadi. Haq gap! Lekin xolislikni qandaydir shaxsiy masalalarga aylantirib yuborish hollari ko‘proq uchrab turadi. Agar adib yoki shoirning fe’li yoqmasa – asarlari ham yo‘qqa chiqariladi. Yozuvchi nima qilsin, Xudo bergan fe’l-da, deb ketolmaydi… Agar shunday qilsa, vaziyat yana boshqa tus oladi. Tanqidchi ana shu narsalarni bir chekkaga surib qo‘yib, yaxshisini yaxshiga, yomonini yomonga ajratib, saralab, baholab, kerak bo‘lsa, tushuntirib bersin! Shundagina kitobxon ham, yozuvchi ham adabiyot ahli muhabbatiga musharraf bo‘ladi…

8. “Eski” va “yangi” tushunchalari haqiqatdan ham adabiyotning rivojlanishiga ijobiy ma’noda ta’sir o‘tkazsa kerak, deb o‘ylayman. Nega deganimizda “eski” ifoda shakllari, uslub va tasavvurlar o‘z davrining voqeligini yoritishda g‘oyat muhim bo‘lgan. Davr tubdan o‘zgardi deyapmiz-u, ushbu xos kayfiyatning o‘sishida “yangilik” bo‘y ko‘rsatadi. Bugun axborot zamonida yashayapmiz ekan, kunimizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan asarning ertaga hech narsaga arzimay qolayotgani barchamizni tashvishga soladi. Bir paytlar Cho‘lponning “bir xil, bir xil, bir xil…” degan fikriga javob axtarishga uringan tanqidchilarning o‘zlari ham “bir xillik”ni inkor etish darajasiga yetib borgan. Chunki “bir xil”lik adabiyotni yuksaltirmaydi. Adabiyot, xuddi inson barmoqlari izi bir-biriga o‘xshamagani kabi rang-barang va betakrordir. Lekin mohiyat bitta: o‘zlikni anglash va unga da’vat. O‘zlikni “o‘z” so‘zi bilan yonma-yon qo‘yib talqin qilganimizda millatning qiyofasini manzaralashtirish mumkin bo‘ladi. Bugunning “yangi”si kechaning “eski”sidan tamomila uzoqlab ketolmaydi. Faqat unga boshqacha to‘n kiygizishga intiladi, xolos! Axir, hamma zamonlarda muhabbat tiriklikning mevasi deya qadrlanadi. Xeminguey esa yozuvchi uchun to‘rtta adabiy va abadiy mavzuni borligini aytadi. Boshqasi esa shu to‘rtta unsurning atrofida jam ekanligini isbotlash yo‘lidan boradi.

“Yangi”cha yozishni o‘ziga fazilat deb bilgan ijodkorki bor, yozsin, ammo o‘quvchiga bir zavq bersin, estetik jihatdan tarbiya olishiga yordam bo‘lsin. Ulug‘ adiblarimizning sharafli yo‘llarini matonat bilan davom ettirayotganlar oz! “Eski”ni inkor etmagan holda, “yangi”ni yaratish har bir ijodkorning burchi sanalishi lozim. Asl adabiyotimizning o‘q ildizi va mohiyatining asl manbai mumtoz adabiyotimizning nodir namunalaridir, degim keladi. Xalq dostonlaridan tortib, Mavlono Rumiy, Navoiy, Mashrab, Ogahiy kabi ulug‘larimizga murojaat etayapmiz, har bir voqelik bag‘riga ularning fikrlarini keltirayapmiz. Demak, yangicha yozilayotgan asarlarda mumtoz adabiyotimizning nodir namunalari fonida turib tasvirlash odat tusiga kirmoqda. Modernizm ham, postmodernizm ham mumtoz adabiyotimizning bag‘ridan suv ichmoqda. Voqelik bitta – qalbga xos barcha quvonchu tashvishlarni, nafratu muhabbatni butun murakkabligicha inkishof qilish. Bular bugungi adiblarimizning ko‘pchiligida kuzatilayotgan hodisadir.

9. Ijodkor uchun har ikkisi ham muhim, degan bo‘lar edim. Yozuvchi yozgan asarlari bilan qadr-qimmat topadi. O‘zimiz ham atrofda bo‘layotgan “yaxshi-yomon” narsalarga befarq bo‘lmaslikka mudom intilib yashaymiz. Hammaning ko‘nglini imkon qadar ko‘tarishga, kerak bo‘lsa moddiy-ma’naviy quvvatlashimizga baholi qudrat harakat qilib yashaymiz. Ijodkor – qalbning kashshofi. Uning barcha odamlardan ajralib turadigan bitta fazilati bor. U ham bo‘lsa, ko‘ngil kishisi ekanligi. Ma’rifatli bo‘lishga chaqirish har bir ijodkorning burchi. Ommaviy madaniyatni qurol qilib olgan ba’zi kimsalardan ogoh bo‘lishga har kuni harakat qilamiz. Eng asosiy habib – badiiy asar ekanligini tushuntirishga kirishamiz. Ijodkor o‘ta burchli inson bo‘lishi kerak. Aytgan so‘ziga, yozgan asariga o‘zi javob bermasa, o‘zi amal qilmasa, boshqalar netib quloq solsin! Muqaddas o‘gitlarda: Agar nohaqlikni ko‘rsang, qo‘ling bilan unga qarshi bo‘l, bunga ham qodir emasang, tiling bilan unga qarshi bo‘l, buniyam eplolmasang, diling bilan unga qarshi bo‘l, deya uqtiriladi. Ijodkor uchun bu o‘git g‘oyat muhim. Ushbu ibratli fikrni hayot shioriga aylantirgan ijodkorki bor, maqsadiga, oydin orzulariga albatta erishadi.

10. Yengil asarlarni adabiyot sanayotganlar qattiq yanglishadi. Jamiyatning komil fuqarosidan tortib, hamma a’zolarigacha bu haqda qayg‘urmog‘i kerak. Bu yo‘nalishda qalam surayotganlarning peshqadamlari hisoblanmish Nuriddin Ismoilov, Karimberdi To‘ramuradov, Azamat Qorjovovlardir. Azamat Qorjovov asli samarqandlik. “Dubaydagi ming bir kecha”, “Go‘rdan chiqqan qiz”, “Qil ustidagi taqdir” va hokazo asarlarida badiiy yuk yo‘q. Yozuvchining o‘zi Dubayga bormagan-ku, netib “Dubaydagi ming bir kecha”ni tasvirlaydi?.. Xoliyor Safar, Nigina Niyoz kabilar ham shu yo‘sinda ijod qilishadi. Yoki “Bekajon”, “Hordiq”, “Darakchi”, “So‘g‘diyona” kabi rango-rang xususiy nashrlarda berilayotgan “bozorbop” “qissa”larni (aslida, qissa emas!) o‘qigan kitobxon Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldosh, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon asarlarini o‘qiydimi? Bunday o‘quvchilar “ommaviy madaniyat”ning mohiyatini tushunishmaydi. Bugungi yoshlar feysbuk yoki “Odnoklassnik” saytlaridagi voqealarga o‘ch. Jiddiy adabiyot o‘qilmayapti emas, o‘qilyapti, faqat auditoriyasi kichraydi. Bozor adabiyotining esa oshig‘i olchi. Har kuni bitta qissani tamomlab, tezda gazetada bosib, evaziga sahifasiga yigirma besh ming so‘m gonorar olayotgan qalamkashlarning maqcadi boshqa. Mayli, yozsin, lekin odamlarga nafi tegadigan qilib yozsa edi. Olmon islomshunos olimasi Annemariya Shimmel qayd etishicha: “Onalar ba’zan farzandlarini ursalar ham shundoq urgisi kelgani uchun yoki urib huzur qilish uchun emas, balki uni yomon yo‘ldan qaytarish, to‘g‘ri yo‘lni topib olishida ko‘maklashish uchun uradi”. Gap adabiy tanqid – halol tanqid haqida. Chinakam san’at ahli, asl adabiyot yaratish yoki shuni asrab-avaylash istagida fidoyilarcha yonib-yashayotgan zamondosh adiblarimiz bor. Ularga shu zahmattalab, murakkab hayot yo‘llarida har birimiz, (ko‘proq ona tili va adabiyoti fani mutaxassislari) hamroh, habib bo‘lishimiz lozim. Shundagina biz Cho‘lponning “Adabiyot nadur?” degan mangu savoliga javob topib bilamiz.

 

XULOSA:

Ibrohim G‘afurov javoblari:

O‘zbekiston va uning xalqi ko‘z ochib yumguncha Istiqlolning chorak asriga yaqinlashib qoldi. Adabiyotchilar uchun bu endi adabiy jarayonlar borasida masofadan turib fikrlash va ayrim xulosalar chiqarishga imkon beradi.

Bugun hamda ertaga qanday yo‘llar, yo‘nalishlarda yozish ma’qul, ularning qaysi biri bugun zamon ijodkorligining tabiati, maqsadi, ravishi, fe’l-atvoriga to‘g‘ri keladi, ko‘proq samara beradi, ijodkorlikning gullab-yashnashiga xizmat qiladi deganga o‘xshash savollar adabiy-badiiy ijodkorlikning oldida ko‘ndalang turibdi.

“Eski” adabiyotdan nimalarni yo‘limizga olamiz, undan nimalarni o‘rganamiz-u, “yangi” adabiyotni qanday yaratamiz, bu yaratuvchilikka nimalarni asos qilamiz, nimalarga tayanamiz? – singari savollar ham ijod ahli xayolida mustahkam o‘rnashgan. “Sharq yulduzi” jurnalining o‘rtaga muhokama uchun tashlagan savollari ham jarayonning qon tomirlariga diqqat-e’tiborni jalb qiladi. Bular balki biroz kechikibroq, balki ayni o‘z vaqtida qo‘yilgan savollar. Ular jamoatchilikni fikr almashish, ba’zi mulohazalar bilan o‘rtoqlashishga chaqiradi.

XX asr mobayni hech qachon tinmagan yashirin hamda oshkora og‘ir kurashlardan so‘ng tarixning adolati tilga kirib, O‘zbekiston neokolonializmdan milliy istiqlol davriga o‘tdi. Ozodlikka erishdi. Necha o‘n yilliklar hukmron bo‘lgan tuzum shiddatli tarzda o‘zgardi. Bu osonmi, axir, ne-ne dramalar, ne-ne bashoratlar, ne-ne inqiloblar yuzaga chiqdi bu tuzum o‘zgarishi zamirida. Kupondan milliy pul birligiga o‘tish, davlat tilining qaror topishi, insonning erkin va ongli mavjudot kabi tan olinishi, O‘zbekiston va uning xalqining jahon hamjamiyati orbitasiga chiqishi, huquq egasi bo‘lishi, yigirma ikkiga chiqqan yangi navqiron avlodning yetilishi va maydonga kira boshlashi, mamlakat hayotining barcha sohalarida goh sokin, goh shiddatli islohotlar borayotgani – inqilobiy ruh va mazmunga oid barcha hodisalar inson psixologiyasi, qarashlari, ruhoniyati, ma’naviyati, yashash hamda turmush maromlariga keskin, juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Xalqning maishiy hayoti, ongi, qarashlarida o‘zgarish katta. Yasharish ichida qarish, qarish ichida yasharish turfa qarama-qarshiliklar ichida to‘xtamay davom etmoqda. Ijodkor tarix yo‘lida shunday ulkan asos o‘zgarishlarga ro‘para keldi. XX asrning ikkinchi o‘n yilligi boshlanganda Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy, Avloniy, Hamza shunaqa miqyosdagi tuzum o‘zgarishlariga ro‘para kelgan, “Yangi dunyo” boshlanganiga suyungan, milliy istiqlol dastur-yo‘riqlari bilan chiqqan, ammo ko‘p o‘tmay neokolonializm tomonidan ijodiyotlari ham, o‘zlari ham og‘iz-burnilari qora qonga botirilgan edilar. Neokolonializm millatni va uning oydin ziyolilarini qonga botirmay turoladimi? Turolmaydi! Zero, uning tabiatida, Qodiriy aytmoqchi, bo‘g‘magarlik va ashaddiy qonga botiruvchilik tuganmas kuch – zo‘ravonlikka ega.

Tarix davlat va uning mafkurasining to‘la ta’siridagi adabiyot necha o‘nlab talantli vakillarning asarlariga qaramay, qanday temir iskanjada bo‘lishini ko‘rdi.

Adabiyot endilikda yangi zamon tarixi ichiga kirdi. Uning eskicha bo‘lib qololmasligi kunday ravshan. Lekin yangicha adabiyot qanday bo‘ladi? Adabiyotning yangi modeli bormi? Asrning so‘nggi choragida yangragan “Otamdan qolgan dalalar”ning jo‘shqin, mardona milliy hayqirig‘idan so‘ng yangi model shu hayqiriqlarni suron solib davom ettiradimi, yangicha registrlar kasb etadimi? Yo bu – istiqlol davrining butunlay o‘zgacha sadolari bo‘ladimi? Usmon Azim: “Adabiyotni halol odamlar yaratadi”, deb chiqyapti. Bu ham bir kontseptsiya, model g‘ildiragining bitta tayanchi. Eskicha – yangicha borasida chinakam insoniy dramalar ham yo‘q emas. Shunday dramalardan birini M.M.Do‘st ro‘y-rost ifodalab berdi: “Bugun, yosh bir joyga borib qolganda ko‘nglimda eski aqidalar ustunroq ekanini angladim. Albatta, yangi zamonga munosib emasligimdan uyalaman, lekin nachora... eski qarashlardan butkul xalos bo‘lishning iloji yo‘q. Qolaversa, yangi zamonni buyuk hayajon bilan kuylayotgan tengqurlar va yosh do‘stlarimizga yetib olishim juda qiyin. Shu sabab, ochiq tan olishim kerak, yangicha qahramonlarni, yangicha qarashlarni qalamga olmaslikka harakat qilaman...” (“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son). Bu o‘ziga, o‘z ijodiga, uning yo‘nalishiga sof individual, shaxsiy qarash. Mardona tan olish. Nima desak ekan, yozuvchining kredosi. Shu kredo ifodalangan suhbatning tepasiga u: “Mahdudlikka berilmaylik” – degan so‘zni chiqargan. Yozuvchilar va o‘quvchilarni “mahdudlikka”, ya’ni cheklanib, tor doirada qotib qolmaslikka chaqirish va o‘zi, avvalo, shunga amal qilish uchun intilish – bu ham hozirgi zamon yangi adabiyotini yaratadiganlar modeliga yana bitta tayanch qoziq. Keksa hurmatli adibimiz Nosir Fozilov esa: “Adabiyot yasalmaydi, yaratiladi”, deb chiqdi. Adabiyotga o‘yin deb qaraydiganlar, albatta, yaratishdan ko‘ra ko‘proq yasashga ishtiyoqmand bo‘ldilar. Yasash mayllaridan past farosatlarga mo‘ljallangan so‘zbozliklar, o‘yinbozliklar, turli yasamagarchiliklar urchib chiqadi. Yaratish, ya’ni ixtiro ruhi, kashfiyotchilik ruhi yangi adabiyot modelini mustahkam tutib turuvchi egilmas, bukilmas, sinmas tayanchdir.

Yozuvchi san’atkorning bosh tasvir predmeti – inson. Inson universal hodisa. San’atkor ushbu universal mavjudotni tasvirlaganda, eski gaplarni yangilamoqchi bo‘lganda, universal qonun-qoidalarga rioya qiladi. Oqimlar, yo‘nalishlar, uslublar shu universallikka original o‘ziga xos yondashuvlarni ilgari surishga ko‘maklashadi.

Adabiyot va san’atni “o‘yin”, “tomosha” deb qarash qadimdan kelayotgan cho‘pchak. Albatta, san’at cho‘pchaksiz bo‘lmaydi. Modern cho‘pchak, rivoyatlarga kutilmagan ma’nodor qirralar bag‘ishlaydi. Asqad Muxtor aytmoqchi, cho‘pchakda “nimadir” bor. Asqad Muxtor yozuvchilarning asarlarini tinimsiz o‘qib, baho berishga, ijobiy yoki salbiy jihatlarini ro‘y-rost aytishga andisha qilsa, bu asarda “nimadir” bor, derdi. Agar hozirgi aksar asar-cho‘pchaklarga “o‘yin” yo “tomosha” deb qaralsa, albatta, ularda “nimadir” bor, “nimadir” bo‘lmasligi sira mumkin emas. Ammo bu o‘yin faqat o‘yin uchun-da. Joysning “Uliss”ida o‘yin ruhi behad kuchli. Ammo bu o‘yinlar tagida inson, xalq, taqdirlarning ulkan dramalari, fojialari qalashib yotadi. Mohirona tasvirlangan o‘yinlar (bu kolliziyalar-da) inson ruhiy olamlarining simfoniyasi kabi yangraydi. Raskolnikov yo knyaz Mishkinning o‘yinlarini aytmaysizmi? Ammo o‘yindan o‘yinning farqi bor. Buning shakli o‘yinga qurilgani bilan asli o‘yin emas. Asli inson ruhoniyati kashfiyotlari.

Davrlarning qiyofasi va mazmuni avlodlarning faoliyatlariga qarab belgilanadi. Avlodlar bo‘lmasa, davrlar ham bo‘lmaydi. Nega Navoiy avlodi bo‘lmasin: Lutfiy, Jomiy, Sakkokiy, Atoiy... bular Navoiy avlodi! Bobur avlodi, Mashrab avlodi, Muqimiy, Furqat, Zavqiylar avlodi! Qodiriy, Behbudiy, Avloniy, Munavvar qori, Tavallo, Hamza avlodi! Oybek, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, G‘ayratiy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya avlodi! Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Husniddin Sharipov avlodi! To XX asrning 70-yillariga yetib kelguncha yana qancha avlodlar bor! Zafar Diyoru Hasan Po‘lat, Hamid G‘ulomu Ramz Bobojon, Ibrohim Rahim, Asqad Muxtoru Shukrullo! Adabiy-madaniy avlodlarning keti uzilmaydi. Avlod hech qachon yakranglik degani emas. Hatto, qolaversa, bir adabiy oqim namoyandalari ichida ham yakranglik bo‘lmaydi. Oybek bir boshqa olam, G‘afur G‘ulom bir boshqa olam! Sholoxov boshqa olam, Tvardovskiy, Yevtushenko, Uyg‘un boshqa olam! Qolaversa, Aytmatovning o‘zi necha turfa ranglar bilan tovlanadi. Adabiyotni ramkaga solish, chegaraga kiritishning iloji yo‘q. Ehtimol, neokolonializm mafkurasi sotsialistik realizm asosida barcha ijodkorlarni bir qolipga solib, besh qoida doirasida yakranglik hosil qilmoqchi bo‘lgandir, ma’lum darajada bunga erishgandir. Ammo hech qachon rang-barang ovozlarni o‘chirolgan, batamom qiyratib ulgurolgan emas. Talantlarning qudrati va tabiati o‘z ishini qilgan. Adabiy avlod sifatida shakllanish, avlod bo‘lib tanilish, tarixga kirib – tarixning yaratuvchisiga aylanish uchun o‘ttiz, ellik yil vaqt kerak bo‘ladi. Qirq yilda davr o‘zgaradi. Hazrat Sulaymonga mansub deb qaraladigan (er. avv. 960-935 yillar) “Masoyillar kitobi”da (“Ekkleziast kitobi” deb ham yuritiladi) aytilganki:

“Odamga uning mehnatlaridan nima foyda?
Avlod keladi va avlod ketadi va yer mangu qoladi.
Nima bo‘lgan esa, yana o‘sha bo‘ladi,
neki yaralgan, yana yaralgay
va Quyosh ostida hech yangilik yo‘q.
Biron narsani, qara, yangilik deydilar,
asrlar qa’rida esa u bo‘lgan edi, bizgacha bo‘lib o‘tgandi.
Ko‘p oriflikdan ko‘p g‘am tug‘ilgay
va ma’rifatni ko‘paytiruvchi g‘am-qayg‘uni orttirgay ...”

O‘sha ko‘z ilg‘amas zamonlarda ham avlodlar haqida fikr o‘tgan. Avlodlarning kelib-ketishi faqat tabiatning hukmida, inson izmida emas. Bu kelib-ketishlar xuddi Ja’diy yo Savr yulduz turkumlarining chiqishi va botishi va bular bilan chambarchas bog‘liq tabiat hamda koinot hodisalariga o‘xshaydi. Zero, koinotda ham yulduzotlar bejiz turkum-turkum qilib yaratilmagan. Koinot turkumlarni jamladi va Quyosh, Oy, Yerga ularni makon qilib va bizga ko‘rinib turgan bepoyon olamni tartibotga soldi. Odamzodning ishlari koinotdan qochib qayga borgay? Avlodga jamlanish kuchga kuch, ijodga ijod qo‘shadi. Umuman, mabodo, og‘izga tatti tuyulgan yakranglik haqida jindak so‘zlab o‘tadigan bo‘lsak, har qanday yakranglik ichida rang-baranglik yotadi. Odam odamga o‘xshaydi va o‘xshamaydi, bir ovoz ichida ko‘p ovozlar zuhurda: manavi evara: uning yuragingizning eng teran qa’rlariga kirib boradigan ovozi minglab nasllarning ovozlarini o‘zida jamlagan, ammo biz ularni tasnif qilib registrlarga ajratib berolmaymiz. Abdullaning ovozida Navoiy va Lutfiy va ulardan ham ilgariroq o‘tganlarning ovozlari yo‘q deb kim ishonch bilan aytoladi. Muhit, sharoit va ayniqsa, koinotning aylanishi avlodga tarz, qiyofa va mehnat maromlarini beradi. Neokolonializm Ikkinchi jahon urushigacha va undan keyingi qirq yil orasida bir necha adabiyot avlodlarini yetishtirdi. Shartli tarzda “70-yillar avlodi” deyilgan adiblar sirasi asrning oxirgi avlodi bo‘ldi. Istiqlol arafasida yangi boshqacha yoshlar maydonga kirib kela boshladi. Ularni bir-yarim yasarlaridan birov tanidi yo tanimadi: lekin bundan qat’i nazar, “70-yillar avlodi”dan ancha-muncha xususiyatlari bilan farq qilib turgan bu yangi avlod mavjud va u o‘zini ertami-kechmi, albatta, badiiy-falsafiy namoyon qiladi. Avlodlarga shartli bir tarzda chegara belgilash qandaydir qulaylik yaratarkan, XX asrni ikkiga ajratib tashlagan Ikkinchi jahon urushi va u bilan bog‘liq kataklizmlarni chegara qilish o‘rinliroq tuyuladi. Ikkinchi jahon urushigacha va undan keyingi avlodlar. Jahon urushidan ancha avval maydonga chiqqan, neokolonializm sharoitida kurashlar va mislsiz tahlikalar ichida yashagan avlodning hayot yo‘li, serqirra faoliyatlari urushdan keyin ham davom etdi va yosh avlodning ko‘z ochishida sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Adabiyot tarixi – avlodlar tarixi. Bu aksiomadan hech yoqqa qochib bo‘lmaydi. Bir zamonlar: madaniyat arboblari sizlar kim bilan? – deyilganiday, endilikda adabiyot kimning yonida, deyilyapti. Savol xayolning o‘yini uchun berilganday taassurot qoldiradi. Adabiyotni xalqning yonida, mamlakatning yonida yo biznesmenning yonida deb bo‘lmaydi. Adabiyot doim xalq, jamiyatning ichida. Xalqning ichidan chiqadi va xalqning ichiga kiradi. U tashqarida yoki yonboshda qolib ketsa, o‘zini tanazzulga mahkum etadi. Yozuvchi kim uchun yozadi? Xalq uchunmi yoki boringki, o‘nlagan yo yuzlagan allakim aytmoqchi, “aristokrat o‘quvchi” uchun yozadimi? Istiqlol davrining gorkiylari, oybeklari, qodiriylari bo‘lsa qani edi? Lekin XX asrning limiti bunday olamshumul iste’dodlardan so‘ng tugagan, tagi ko‘ringan chog‘i. So‘nggi yonar yulduz Tog‘ay Murod va “Otamdan qolgan dalalar” bo‘ldi. XX asrning hayqirgan, ayqirgan, bong urgan uslubi shu asar bilan yakunlandi. Endi Isajonu Nazaru Behzodu Xurshidlarning mayin ovozlari, mayin kuzatishlari urfga kirdi. Ko‘ring, bu avlod endi ko‘proq adabiy, falsafiy, tarixiy, psixologik manbalarga murojaat etyapti. Tezroq nom qozonish, shov-shuvga intilyapti. Adabiyotning, yangi davr adabiyotining badiiy falsafasi, ruhoniy xayolini yaratishga intilyapti, o‘z mifologiyasi – asotirlarini shaklga solyapti; rang-barang iqtiboslarga, qiyoslarga qiziqyapti, uzoq zamon hukm surgan infatilizmdan xalos bo‘lishga, bolacha va boladay ma’sum fikrlashdan azamat tafakkurga o‘tmoqchi; lekin infatilizmdan qutilish bu avlod namoyandalariga ham qiyin bo‘layotgani, ammo, baribir, qutilish yo‘lidan qat’iyat bilan boraverishi aniq bo‘lmoqda.

Suhbatlar asnosida hozirgi zamonning qator asarlari sanaldi, tilga olindi, lekin ko‘p adabiy hodisalar suhbat doirasidan butunlay chetda qolib ketdi. Qamrovning torligi juda sezilarli. Buni suhbat ishtirokchilari yo qator asarlarni o‘qib ulgurmagani yo o‘qigan bo‘lsalar-da, faqat o‘zlarigagina ma’qul ko‘rganlari ustida fikr yuritayotganliklari bilan izohlash mumkin. Suhbat esa rang-baranglikni o‘rtaga qo‘ygan va rang-baranglikni taqozo qilardi. Nachora, sub’ektivizm tobora kuchayib jangovar va hatto jangari tus olayotgan zamonda yashayapmiz. Ayrim adiblarimiz mahdudlikdan qanchalik ogohlantirmasinlar, mahdudlik, torlik yengilmas istukan misoli mustahkam qad rostlayapti. Adiblarimiz ezgulik va uning aksi – yomonlikning ham qiyofasi zamonamizda o‘zgarganligini qayd etishyapti. Ezgulik va yomonlikning yangi shaklu shamoyilini teran tushunish uchun yangi sharoitda xalq ichida ustuvor kayfiyatlaru odamlarning o‘y-xayollari, dardu darmonlarini teran bilish zarur, albatta. Hozir yaxshilik va yomonlikni kim qanday tushunadi, o‘zining hayoti, turmushi misolida ularni qanday anglaydi, tasavvur qiladi? Yaxshilik ham, yomonlik ham o‘ta harakatchan. Ular juda konkret namoyon bo‘ladi. Yer yuzida tabiat ofatlari kuchayib boryapti. Iroqda, Shomda, Afrikada, yaqin qo‘shni mamlakatlarda odamlar qirilyapti, birodarkushlik avjga chiqyapti. Bu qirg‘inlar zaharli va benihoya zararli ta’sir ko‘rsatadi. Shafqatsizlik bunday miqyosda barcha odamlarning diydalarini qotirib qo‘ymasligiga kim kafolat beroladi? Yer yuzida agar yetti milliard odam kun ko‘rayotgan bo‘lsa, ularning hammasini dardi bor va dardi bir-biriga o‘xshaydi. Ammo tushunish, tushuntirish turli-tuman. Adabiyot va san’at yaxshilik hamda yomonlikni o‘tkir sezishi, o‘tkir his qilishi, unga o‘tkir munosabat bildirishi bilan tirik va o‘z inson oldidagi missiyasini bajaradi. “Mahabxarata”, “Alpomish”, “Gilgamesh”lardan qolgan o‘git – shu.

XX asr insoniyat tarixida eng yovuz asr bo‘ldi. O‘tmishdagi barcha sarkardalarning qirg‘inlari XX asr qirg‘inlari oldida urvoq ham bo‘lmay qoldi. Odamlar odamiylikka ishonchsiz va umidsiz bo‘ldilar. Pikasso, Salvador Dali, Joys, Nitshe, Markes, Aytmatov bu dahshatlarning ifodasini topdilar, antigumanizmning mudhish tovlanishlardagi qiyofasini ko‘rsatdilar. Bu voqelikning favquloddaligi realizmdan ko‘ra ham dinamikroq uslublarni, poetik vositalarni talab qildi. Modernizm va undan keyingi oqimlarni shu voqelikning o‘zi, ob’ektiv sharoiti yaratdi. Suhbat asnosida bu fikr o‘tdi va uni boshqa suhbatlardan ilgariroq pozitsiyaga olib chiqdi. Baribir, biz bu hodisalarni juda kech anglab yetyapmiz. Nazar Eshonqul ezgulik va yovuzlik murakkab­lashdi, chunki insonning o‘zi murakkablashdi, deganda haq. Murakkablashish esa kurash avjda ekanligini ko‘rsatadi. Lekin jarayonda shu kurashning sezgisi ham kuchli emas.

Suhbatlarda modernizm va uning davomati to‘g‘risida ko‘p qiziqarli mulohazalar bildirildi. O‘n yil ilgari shunday emasdi. Chamasi, u chog‘lar o‘qishlar doirasi ham g‘oyatda tor, sayoz edi. Tasavvurlar Kafka, Markes, Kamyuning ayrim tarjima qilingan asarlaridan nariga o‘tolmasdi. Realizm va uning san’atdagi tajribalari bepoyon bo‘lgani kabi modernizm va unga yondosh oqimlarning uslublari, tajribalari bepoyon. San’atning barcha sohalarida bular juda keng va rang-barang namoyon bo‘lib kelmoqda. Qorishiq, konglomerat (aralash-quralash) tariqasidagi uzuq-yuluq fikrlashlar bir qadar tartibga tushib, izchillik va mantiqiylik kurtak otmoqda. Hozirgi fikrlarning bari amaliyotdan emas, o‘qishlardan, o‘qish bo‘lganda ham ko‘proq kechagi tendentsioz adabiyotlarni o‘qishdan iborat bo‘lmoqda. Nitsheni, kommunistik mafkura yo‘sinidagi kitoblarda yozilganidek, hamon fashizm maddohi va shaytanat faylasufi deguvchilar hali ham topiladi. Adabiyotlarni, yo‘nalishlarni saralay olmaslik va ularga mustaqil, to‘g‘ri baho berolmaslik ham illat-da. Ammo, baribir, modern haqida adabiyotlar o‘qilayotgani, fikrlashilayotgani, tasavvur hosil qilinayotgani ijobiy hol. Buning intensivroq tus olganiga Nazar, Ulug‘bek, Isajon asarlarining muvaffaqiyati sabab bo‘lsa kerak. Milliy xarakterimizda chillakining chillakiga qarab chumak urishi urf bo‘lgan. Hamma narsani ancha kechikib boshlaymiz.

Uch-to‘rt kitob o‘qigan universitetdoshimiz bor edi. U aqlli, ilmiy gapirishga hayron qoladigan darajada ishqivoz edi. O‘zini dunyoning barcha bilimlarini egallab bo‘lgandek qilib ko‘rsatar, domlalar bilan toza bo‘g‘ilib, bo‘g‘riqib bahslashardi. O‘sha o‘qigan sanoqli kitoblardagi (masalan, “Sarob”dagi) munosabatlar, yondashuvlarni mutlaq qonuniyat deb tushunar va tushunganicha hammamizni urib yengardi. Eng qizig‘i, u Stendalni tarjima qilgan kursdoshimiz bilan Stendalni mutlaqo o‘qimay turib bahslashardi. “Qizil”-“qora” munosabatlariyu nisbatlarni xamirdan qil sug‘urgandek hal qilib berardi. Ba’zi bahslarni o‘qisam, o‘sha jangovar do‘stimiz bot-bot esimga tushadi.

XX asrda Pikasso, Dali, Joys, Bekket, Sartr, Uelbek, Begbeder, Pinchon, Tibor Fisher, Italo Kalvino, Kasares, Eko, Shimoliy va Janubiy Amerika adabiyotlarining Somon yo‘lidek sochilib yotgan buyuk namunalarini va loaqal shularni o‘qimay turib, kundalik mulohazalarimiz doirasiga tortmay turib (bularning ayrim asarlari rus tiliga tarjima qilingan), dunyo adabiyoti oqimlari haqidagi nazariy bilimlarimiz havoda osilib qolaveradi. Do‘stimiz bizga Oybekni eslatadi. Oybek rus shoiri Blokni sevib qolib, undan “oniy lahza”ni tasvirlash manerasini o‘rganganligini yodimizga soladi. “Lekin bu bilan Oybek simvolist ham emas, impressionist ham bo‘lib qolmadi – milliy shoirimizligicha qoldi”, deb xulosa chiqaradi. Bir qarashda ilmiy beozor gapdek tuyuladi. Lekin savol tug‘iladi: nima, simvolist yoki impressionist bo‘lish, bu yo‘lda asar yozish milliy shoir bo‘lishlikni inkor etadimi? Milliy shoir impressionist bo‘lolmaydimi? Unda milliylik o‘zi nima ijodda? Faqat milliylik bilan kifoyalanib yashash mumkinmi? R.Qo‘chqorning jig‘ibiyron bo‘lib savod, M.M.Do‘stning miyig‘ida kulib mahdudlik to‘g‘risida so‘zlayotganlari bekor gap emas, shekilli. Adabiyotning tabiati, maqsadi, vazifalari borasida, afsuski, chalkash gap­lar ko‘payib boryapti.

Yozuvchi, san’atkorning tasvir predmeti: inson va hayot. Inson universal mavjudot. Yozuvchi shu universalliklarni tasvirlaganda universal qonun-qoidalarga rioya qiladi. Loaqal nazarda tutadi. Oqimlar esa yangi zamon voqeligiga original yondashuvlarni shakllantirishga ko‘maklashadi.

Modern adabiyotlarida ochiq aytilgan gaplardan ochiq aytilmagan, ammo nazarda tutilgan gaplarning nisbati va ta’siri juda kuchli. Ruslar buni “podtekst” deyishadi. Bizda “tagma’no” deb olish odat tusiga kirdi. Undan keyin “simulyakr” degan sirli hodisa, ya’ni bir narsaday bo‘lib ko‘rinish, allanarsalarday bo‘lib ko‘rinish – g‘oyatda mislsiz ta’sirchanlik, o‘ychanlik yaratadi. Joys va Bekketda bu ikki hol badiiy ifodaning yuksak cho‘qqilarini dunyoga keltiradi. Isajon shularning nozik torlarini topayotganga o‘xshaydi. Isajon “Shamolli kecha” hikoyasida (“Yoshlik”, 2012 yil 4-son) o‘smir yigitcha va uning o‘n yashar singlisi Dang‘ara dashtida shamol quturgan kechada buvilari yashaydigan uzoq qishloqqa yo‘l olganlarini tasvirlaydi. Shamol va dashtlar Isajon asarlarining xarakterli makonlari. Bolalarning yuragi qorong‘i shamol uvillagan dasht qo‘rqinchlari bilan to‘la. Yigitcha oldinda munkayib va burkanib, qizcha ortda qo‘rqqanidan akasini dam-badam chaqirib yelib borishadi. Yigitcha qattiq qo‘rqayotganini singilchasiga bildirgisi kelmaydi. Singilchasining chorlovlariga quloq solmay, qizchaning holiga qarashga yuragi dov bermay chopqillagancha boradi. Bir payt singilchaning jon holatda akalagan, yolvorgan: “Aka, akajon!” – degan tovushi chiqadi. Lekin yigitcha e’tibor bermaydi. Ketib boradi. Buvisining qo‘nalg‘asiga shu qo‘rquv vahimada yetib boradi. Buvi: singling qani? – deb so‘raydi. Shundagina yigitcha singlisining dasht yarmida qolib ketganini eslaydi. Qo‘rquv qancha kuchli bo‘lmasin, uni qidirib yana vahimali tun va shamol hokim dashtga chiqib ketadi. Hikoya shu yerda tugaydi. Qizchaning taqdiri noma’lum. Yozuvchi buni o‘quvchiga ochmoqchi emas. Mana shu aytilmagan narsa – noma’lumlik yurakni larzaga soladi. Biz adabiyot ortidan shunday qichqirib boramiz. Lekin adabiyot bizga qaramaydi. Uning tashvishi, hadigi, qisinishi va kelajak oldidagi qo‘rquvlari o‘ziga yetadi. Shuhratjon Rizaev: 60-yillarda adabiyot maydoniga kirgan Erkin Vohidovlar avlodida “yagona ijtimoiy dard bor edi”, deydi-yu, lekin bu “dard”ning o‘zi nima bo‘lganligini qisqacha bo‘lsa ham aniqlab, tilga olib o‘tmaydi. Holbuki, dard tushunchasi juda keng, bepoyon. U, chamasi, milliy istiqlolga erishish orzusini aytmoqchi. Albatta, milliy istiqlolga muyassar bo‘lish – eng ulug‘ dard edi va G‘afur G‘ulomdan tortib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Halima Xudoyberdievagacha har turli pardalangan ifodalarda, shivirlangan ohanglarda shamaga tutilardi. Dardning ifodasi shama-ishoralar edi.

Adabiyot bedard yasholmaydi. Buni kattayu kichik yaxshi tushunadi. Shu bilan birga, ezgulik haqida so‘z ketganda, buni boshqa hech narsa emas, hamdardlik deb tushunamiz. Adabiyot azal-abad hamdardlik uchun dunyoga kelgan. Shu hamdardliksiz adabiyot hech narsa bo‘lolmaydi. Tog‘ay Murodning eng chuqur dardlarida hamdardlik ohangi kuchli. Uning asarlari hamdardlik, shafqat, matonat bilan yo‘g‘rilgandi. Nahot endi ezgulik, hamdardlik eskiradi? Unda adabiyot ham eskiradimi?

Ma’lumki, 80-yillarning o‘rtalariga kelibgina ijodkorlar, jamiyatshunoslar: “ijtimoiy ong o‘zgarayotgani”, “yangicha fikrlash boshlanayotgani” to‘g‘risida andak dadil so‘z yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Bungacha faqat hayiqish, qo‘rquv, “dardni o‘z ichiga qamash” hukmron edi. Shoirlar siyosiy huquqlari bo‘lmagani ustiga egalik huquqlari ham bo‘lmagan xalqning dardini anglashga intilar va nimtatir ranglarda chizishga urinardilar. Shartli tarzda “70-yillar avlodi” deyilgan adabiyot vakillari ko‘proq “o‘zlik” va uni bir qadar idrok etish, o‘z-o‘zini ifodalash, anglash ustida bosh qotirdi. Lekin bu anglamlar, tushunchalarning o‘zini bot-bot takrorlayverishdan nariga o‘tmadi. Faqat tarix sahifalariga murojaat qilish birmuncha intensivlashdi. “O‘zlik” deganda ko‘proq ruhiy olam nazarda tutildi va shu ruhiy olamni sirtdan bo‘lsa-da, tasavvur qilishga g‘ayrat kuchaydi. Adolatga ehtiyoj, bong urish kayfiyatlari, “shirin yolg‘onlarga aldanib” yashagan xalqni yolg‘onlar iskanjasidan xalos etish kabi romantik intilishlar bot-bot kuzatiladi.

Erkin inson bo‘lish juda katta fan. Hozirgi avlod 60 yashardan 21 yashargacha shu erkin bo‘lishlik fanini o‘qiyotgan, o‘zlashtirayotgan va shuning zamirida eski tutimlardan qutulishga, uni uloqtirib tashlashga kuch sarflayotgani kuzatiladi. Mana endi ma’lum bo‘ldiki, chinakam erkin bo‘lish (G‘afur G‘ulom zamonasidagi kabi hammasi qog‘ozda emas) juda katta zamonaviy madaniyat va juda katta insoniy mas’uliyatni talab qiladi. Shunday madaniyat va mas’uliyatga ega insongina, ijodkorgina odamga, odamiylikka, ezgulikka yangicha faol qaray oladi. O‘z asarlarida “biz kimmiz?” – degan zamon o‘rtaga qo‘ygan savolga haqqoniy to‘g‘ri, badiiy javob topa oladi. Odam ildizini qidirar ekan-da. Bu savol XX asrning to‘ng‘ich avlodi qarshisida “kim edigu kim bo‘ldik?” tarzida ko‘ndalang bo‘lgandi. Va unga o‘z-o‘zini kamsituvchi, mozoxistlarcha ho‘rlikni bo‘yniga olib javob aytilgandi. 80-yillarda “biz kimmiz?” savoli yangicha, ozod bo‘layotgan inson bo‘g‘zidan chiqaroq jarangladi. Savolga erkinlikka chiqqanlargina haqqoniy javob bera olishlari mumkin edi. Hozirgi avlodning barcha asarlari zamirida shu savol turibdi. Avlodning ijodiy, insoniy kredosi shu to‘la javob berib bo‘lmaydigan, ma’nosini aniqlash qiyin bo‘lgan savolga peshonasi borib taqaladi. Ruslarning ikki yuz yildan beri peshonasi “Nima qilmoq kerak?” savoliga tiralgan va hamon javob yo‘q. Shuning uchun ham, to haligacha milliy g‘oya nimaligini ifodalab berolmaydilar. Tarixan shakllangan shovinizm g‘oyasini esa tan olgilari kelmaydi. Kim tarixga bosqinchi nomi bilan kirishni istaydi? 60-70-yillarda bironta ijodkor XX asrning ikkinchi yarmiga mos va munosib ijodiy manifest – qarashlar tizimi bilan chiqqani yo‘q.

To‘g‘ri, Erkin Vohidov 1974 yilda “Mas’uliyat tuyg‘usi” degan manifest ruhidagi bir maqola bilan ko‘rindi. Bu ta’sirchan, yorqin adabiyot ahliga murojaatda, jumladan, shunday so‘zlar bitilgan: “Bizning yoshligimiz nisbiydir. Zero, san’atda umuman yoshlik nisbiy tushuchadir. San’atning, adabiyotning, she’riyatning katta-kichikka talabi bitta: qalblarni zabt etish! (Ta’kid bizniki – I.G‘.) Zabt etilgan qalblarga esa ezgulik urug‘ini sochish!” Shoir shu urug‘lar unganini ko‘rish qalamkash uchun eng oliy mukofot ekanligini ta’kidlaydi (“Iztirob”, 1992). Shoir o‘z avlodini “ijodkor yurakli yoshlar” deb ataydi va el-yurt, zamon, kelajak oldidagi ijodkorlik mas’uliyatini birinchi o‘ringa qo‘yadi va uni tarbiyalashga asosiy urg‘u beradi. Mas’uliyat tuyg‘usi ushbu avlod faoliyatida to‘la namoyon bo‘ldi. Keyingilar esa ijodiy manifestlarni belgilashni ortiqcha ish deb bildilar, ko‘p o‘tmay shoirlar bashorati yuzaga chiqdi: O‘zbekiston erkin mamlakatga aylandi. “Biz kimmiz?”, “Men kimman?” – degan savollarga kim qanday javob bergan bo‘lmasin, savollar hech qachon sahnadan tushmaydi, har bir ijodkor va ongli inson unga o‘z taqdiri, yuragi, ijodidan javob axtaradi. Savollarning zamirida bilish ishtiyoqi bor. Bilishga qiziqish adabiyotga intellektualizm ruhini olib kirdi. Ijodkor individ sifatida namoyon bo‘lishni maqsad qilib qo‘ydi. Intellektuallik va individuallashishda yangi zamonga munosib bo‘lish, unga muvofiqlashish tendentsiyalari ko‘zga tashlandi. Bularning yorqin ko‘rinishi adabiyotni aql, axborot, huquq zamoni uchun g‘oyatda qiziqarli qiladi. Intellektuallik, ayniqsa, temalarning nihoyatda rang-barangligida, yondashuv va badiiy yechimlarning o‘ziga xosligida, jahoniy voqelik qamrovida yangicha tasvir va ifoda o‘lchovlarida ko‘zga tashlandi (G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Asqad Muxtor, Omon Matjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xurshid, Nazar, Olim Otaxon, Ahmad A’zam, Isajon, Nodir, Erkin, Ulug‘bek...) Intellektuallik ortidan jahon badiiy oqimlariga nigoh tashlashdi. Hozirda temalar rang-barangligi o‘rnida faqat “men” o‘zagi atrofida quduq qazishni ko‘ramiz. Ko‘p mahal obi hayot chiqmaydi, teshik chelak esa hech to‘lmaydi... Albatta, hozirgi adabiyotga “men” o‘zak bo‘loladi. Bir sharti: takror, qayta-qayta takror bo‘lmasa... Ko‘p she’r yozish muqarrar suratda o‘z-o‘zini takrorlashga keladi. Ba’zi yozuvchilar bunga toqat qilolmaganlar: Xeminguey, Kafka, Fitsjerald kabilar yozishdek ne’matga chek qo‘yganlar. Takrorlar so‘zbozlikka olib borayotganini kuzatyapmiz. So‘zbozlik tema qolmaganini, sayozlikni bildiradi. Ba’zan kishi: bunday yozgandan o‘qigan yaxshi-ku! – deb yuboradi. Son-sanoqsiz buyuk kashfiyot asarlar bor. Ularni o‘qish va ibratli xulosalar chiqarish ham ijodkorlikka kiradi. Badiiy adabiyot nuqsonlarini nega tanqidchilar tuzatmaydilar deb mudom yozg‘irishadi. Aybni sho‘rlik tanqidchilikning bo‘yniga ag‘darishadi. Nega tanqidchilar sayozlikka, so‘zbozlikka, ochiqdan-ochiq xalturaga qarshi kurashmaydilar? – degan savollar bot-bot takrorlanadi. O‘z aybini boshqalardan ko‘rish va ag‘darish azaldan davom etib keladi. Bu ma’naviy ojizlik. Keling, tan olaylik. Hozirgi davrga kelib tanqidning mohiyati o‘zgardi. Eski tanqid tugaydi. Yangisi boshlangani yo‘q. Adabiy tanqid – adabiy ijodning bir turi. Adabiyotga xizmat ko‘rsatuvchi soha emas, lekin uni “xizmat ko‘rsatish” sohasiga aylantirishga urinishlar bor. Hozir “tanqidchi” degan kasb-ixtisos yo‘q. Hech qaysi oliy o‘quv dargohi tanqidchi tayyorlamaydi. Lekin “tanqidchilik” inertsiyasi davom etib keladi. Tanqidchilikning tanazzuli inson huquqlarining ustuvor bo‘lishi, adabiyot chin erkinlikka chiqishi bilan ham bog‘liq bo‘lsa, ehtimol. Tanqidchi mutaxassis bo‘lmagach, undan nimani talab qilish mumkin va bu qaysi mantiqqa sig‘adi? Hozir tanqidchi sifatida chiqib turganlarga e’tibor bering: ularning hammasi oliy o‘quv dargohlarining o‘qituvchilari, ya’ni adabiyot, filologiya mutaxassislari. Ularning diplomlari bor. Keyingi paytlarda tanqidchilikning o‘rnini asta-sekin tadqiqotchilik egallab kelyapti. Universitetlar, ilm dargohlari adabiyot mutaxassislari, tadqiqotchilarni yetishtiradilar. Yangi zamonda tanqid o‘rnini tadqiqotchi egallaydi. Evolyutsiya shuni taqozo qiladi. Ixtisoslar keng tarmoq otayotgan zamonda bu tabiiy ham. Diplomsiz tanqidchining fikridan diplomli tadqiqotchining fikri e’tiborliroq, fikrlari, tahlillari, talqinlari ancha yuksakroq saviyada va ancha ishonarliroq va adabiyot rivoji, jarayonlari jonliligi uchun foydaliroqdir. Taqrizlar ham, tadqiqotlar ham tadqiqotchi tomonidan yozilgani ma’qulroqdir. Tanqid esa tadqiqotning ichida va zamirida bo‘ladi. Tadqiqotchi – munaqqid. Menimcha, mutaxassis tadqiqotchilar zamoni boshlanishi oldida turgandekmiz. Intellektual salohiyatlar quvvatga kiradigan davrda mutaxassis tadqiqotchining o‘rni katta. Bu mulohazalar davom etarkan, ba’zi ukalarim: “Intellektuallik deganingiz o‘zi nima? Uning she’rga, hikoyaga nima aloqasi bor?” – deb yer tepinishlari ham mumkin. Milliy entsiklopediyamizda “intellektuallik” chunonchi, shunday izohlangan: “Intellektuallik tarkibiga idrok qilish, xotirlash, fikr yuritish, so‘zlash va hokazo psixik jarayonlar kiradi. Intellektuallikning rivojlanishi tug‘ma iste’dod, miya imkoniyatlari, jo‘shqin faoliyat, hayotiy tajriba kabi ijtimoiy omillarga bog‘liq”. Bu tushunchalarning bari hayron qoladigan darajada ijodkorga, ijodiy faoliyatga ham to‘la bog‘liq. Bulardan loaqal birontasi yetishmasa yo faoliyatdan tushib qolgan bo‘lsa, ijodkorlikda yetishmovchiliklar, nuqsonlar urchiydi. Bular hammasi ilmiy asoslangan, isbotini topgan narsalar. Shuning uchun eski “burungi” tanqid o‘rnini tadqiqotchilikka bo‘shatib beradi. “Burungi” maqomidagi tanqidchilik endi adabiyot tarixidagina qoladi. Intellektuallik bilan tadqiqotchilik, yangi oqimlarning kirib kelishi esa chambarchasdir. U endi estetika – badiyanavislikday jozibali sohani keng istifoda etadi va shu bilan birga, fan sohasi – adabiyotshunoslikni taraqqiy ettiradi. Adabiyot o‘z mangu og‘riqlarini endi bilimdon ijodkor olim tadqiqotchilarga ishonib topshiradi va ulardan badiiy, ilmiy, nazariy tafakkurda yuksak professionalizmni talab qilishga haqli bo‘ladi.

Tanqid aslo “saralash” (klassifikatsiya)gina emas. “Saralash” uning faqat bir qirrasi. Boshqa juda muhim qirrasi – estetik bilimlarga tayangan holda tushuntirish, muhokamalar yuritish (lekin aslo hukm chiqarish emas), qiziqarli mulohazalarni o‘rtaga qo‘yish, xolisona baho berish va teran xulosalar chiqarish, o‘quvchilarda badiiy didni tarbiyalash. O‘qish, kitobxonlikka qiziqish, ishtiyoq uyg‘otish. Bularni faqat chuqur bilimlar, komil did-farosatga ega mutaxassislargina bajara oladilar. “Burungi” tanqidni doim ikki narsa yemirib, obro‘sizlantirib keladi: biri savodning yetishmasligi, ikkinchisi, xolislikning yo‘qligi. Tanqiddan ko‘ngil to‘lmasligi shundan. Tanqidning zaifligi badiiy tafakkurda tanqidiy yo‘nalishning so‘nishiga, talantlarni payqash, namoyon bo‘lishida xafsalasizliklarga sabab bo‘ladi. Nima demang, tanqid ijtimoiy fikrning ta’sirchan turi-da! Suhbatlardagi qalamkashlarning chiqishlarida ularning jahon adabiyotidan baholi qudrat xabardor ekanliklari, o‘qiyotganlari, o‘rganishdan or qilmayotganlari ko‘rinib turibdi. Ular yangi jahon oqimlarining tub mohiyatini anglab yetish uchun aytaylik, Ortega-i Gassetni, Kamyuning “Kaligula”sini, Kafkani, Bulgakovni o‘qiyotganlarini yozishdi. Bu odamni xursand qiladi. To‘qson to‘qqiz foiz o‘qish, bir foiz yozish. Bu juda samarali me’yor. Modernizmni uqish, anglash nechog‘lik yaxshi. U aslo olabo‘ji emas. Uslublar, yondashuvlar jamuljami, xolos. U tushga o‘xshaydi. Tush – reallikning teskari va tugal bashoratlari, tugal masala-masoyillari. Rivoyatlar. Afsona va asotirlar va butunlay yangicha talqin. Behbudiyning “Padarkush”, Qodiriyning “Jinlar bazmi” o‘z vaqtining modernizmi edi. Umid qilamiz: bizda ham kun kelib Bekketning “Molloy”i, Umberto Ekoning “Atirgul nomi”, Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” singari asarlar yaratiladi. Buning uchun kerakli asarlarni ko‘p o‘qish kerak-da. Bir paytlar Ortegani o‘qimay turib ham modernizmning ustidan tuproq tortib yuborishgan edi. Shoyad, u “tanqidlar” zamoni o‘tib ketdi. Va yangi adabiy bag‘ri keng ijodiy ma’rifat zamoni boshlandi. Bunga odam yana ishongisi keladi.

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev javoblari:

1. Savolingizning o‘zida beriladigan javobning uchqunlari ham borday. Negaki, siz to‘rt avlodni (aslida, ularning sonini yana ko‘paytirish mumkin edi) sanar ekansiz, har safar “ijtimoiy kayfiyat” birikmasini ham qo‘shib ishlatasiz. Shuning o‘ziyoq adabiy avlod degan tushuncha ijodiy kechimda ijtimoiy asos ustuvor bo‘lgan sharoitda vujudga kelishini anglatadi. Odam jamiyatga qarshi qo‘yilmaydigan, har bir individning o‘ziga xos yaratiq va qadriyat ekani tan olinadigan davrda bir-biridan kes­kin farqlanadigan adabiy avlod yuzaga kelmasa kerak. Chunki iste’dod ham, kayfiyat ham o‘ta individual hodisalar, hatto, bu tushunchalarga tatbiqan “ijtimoiy” aniqlovchisini qo‘llashda ham qandaydir notabiiylik borday. Individning o‘z hayoti bilan yashashi ayb sanalmagan, alohida bir odam dardining ahamiyati jamiyatnikidan kam emasligi anglab yetilgan paytda, siz ko‘zda tutgan shakldagi adabiy avlodlar paydo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Endilikda ijod kechimi qaysidir tamoyilga ko‘ra muayyan to‘daga aylangan avlod emas, balki bir-biriga o‘xshamaydigan adabiy iste’dodlar tomonidan mustaqil yo‘sinda yuzaga keltirilishiga ko‘nikish vaqti keldi. Prof. D.Quronov aytganidek: “...bugun san’atkorning ijtimoiy dardni shaxsiylashtira olishi kifoya emas, aksincha, shaxsiy dardni ijtimoiy ahamiyatga molik darajada badiiy talqin qila olish ...zarur”. Bugun bir odamning tashvishiga butun jamiyatning tashvishidan kam, deb qaralmaydi. Shaxsning qadri jamiyatnikidan kam deb qaralgan joyda, albatta, mustabidlikka yo‘l ochiladi. Negaki, alohida odamlarni toptagan holda, kimligi mavhum ko‘pchilikka yaxshilik qilish haqida gapiraverish mumkin. Aslida, hazrat Navoiyning: “Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay” tarzidagi qanoati ham shunchaki aytilmagan, u kishi hammaga birvarakayiga yaxshilik qilishni orzulagandan ko‘ra, aniq bir shaxsni avaylash afzalligini ko‘zda tutganlar.

Ma’lumki, sovetning davrida tuzum odamni yaratadi, deb qaralar va shunga ko‘ra odamni o‘zgartirish tuzumni o‘zgartirishdan boshlanishi kutilardi. Endi har qanday ijtimoiy tuzum ham odamlar tomonidan vujudga keltirilishi ma’lum bo‘ldi, shu bois oldin odamni o‘zgartirish kerakligiga ko‘nikilayotir. Demakki, individning qadri ham, dardi ham jamiyatning qadriyu dardidan kam emasligi anglanilayotir. Lekin bu holga ko‘nikish qiyinroq kechmoqda. Shu bois biz hali odamni chinakamiga qadrlash, hurmat qilishga o‘rganolganimiz yo‘q. Ulug‘ ijtimoiy maqsadlar, qadriyatlar, odamning azizligi to‘g‘risida og‘izda ko‘p gapiriladi, ammo aniq bir odamni, shunchaki odam bo‘lgani uchungina ayash, hurmatlash axloqiy-ma’naviy miqyosda ham, ijtimoiy-tashkiliy darajada ham hal etilmagan. Ishxonalarda xodimlarga, aeroportlarda yo‘lovchilarga, bojxonalarda o‘tuvchilarga munosabatdagi hurmatsizliklar, aslida, alohida shaxsga e’tiborsizlik natijasidir. Korchalon byurok­rat, zo‘ravon rahbar, sansolar xizmatchi o‘ta yuksak ijtimoiy tutumlar haqida bemalol gapira olgani holda, bir odamning oddiygina muammosini hal qilish sari qadam bosmaydi.

Bugun barcha jamiyat a’zolari singari ijodkor ham individuallashib boryapti, zamondoshimiz o‘z dardining shaxsiyligidan xijolat chekmay qo‘ydi. Aslida, dard qancha shaxsiy bo‘lsa, shuncha yuqumli ham ta’sirli va shu bois uning badiiy ifodasi ham individual bo‘ladi. Bunday davrdagi adabiyot, asosan, alohidalashgan ijodkor shaxs­ning ko‘ngil holatlarini aks ettiradi. Endi yozuvchilar oldingiday ijtimoiy vazifa bajarmaydilar, balki boriday yashab ijod qiladilar. Sovet davrida ijodkorlar davlatning qaramog‘iga olingan alohida ijtimoiy qatlam edilar. Bugun ular hamma qatori bo‘lmagan hamma qatori odamlardir. Har bir iste’dodli shaxsni badiiy ijodga undayotgan omil har xilligi sabab, ijodkorlarning avlodlarga bo‘linishi uncha sezilmaydi, deb o‘ylayman.

2. Badiiy adabiyot aynan har xillikka intilish samarasidir. Shu bois chinakam adabiyotning hamisha va faqat har xil yo‘sinda bitilgan asarlardan iborat bo‘lishi tabiiydir. Muayyan adabiy avlodga mansub bo‘lgan ko‘pchilik ijodkorlarni yozganlaridan tanish mumkin edi, bugun yozganiga qarab, adabiy avlod u yoqda tursin, bir yozuvchining o‘zini tanib olish ham qiyin kechyapti. Chinakam adabiyot rivoji manfaatidan kelib chiqilsa, bu holdan quvonmoq kerak. Negaki, yozuvchilar nafaqat o‘zgalar, balki o‘zlarini-da takrorlamaslikka urinishmoqda. Oldinlari o‘z uslubiga ega bo‘lish ijodiy marra hisoblangan bo‘lsa, hozirda ko‘pchilik yozuvchi-shoirlar atay uslubi shakllanib qolmasligiga intilishmoqda. Ular o‘quvchiga har safar tamomila yangi ijodkor sifatida noma’lum qirralari bilan ko‘rinishni istashadi.

Adabiyotimizda xilma-xil uslubiy yo‘nalishda qalam tebratayotgan ijodkorlarning ko‘payib borayotgani quvonarli hol. Har qanday bir xillik adabiyot uchun o‘lim ekani aniq! Bizda bir yomon odat bor: chinakam muammolar bir yoqda qolib, yo‘q joydan muammo o‘ylab topib, o‘sha bilan ortiqcha andarmon bo‘lamiz. Menimcha, o‘zbek adabiyotidagi “izm”lar borasidagi bahslar – shunga o‘xshash muhim bo‘lmagan zo‘raki muammolardan biri. Avvalo, adabiyotimizda “izm”lar judayam ko‘p emas. Bor-yo‘g‘i, ayrim ijodkorlar odatdagidan o‘zgacharoq yo‘sinda qalam tebratishga, olamni o‘zgacharoq ko‘rish va noklassik tarzda ifodalashga urinishyapti, xolos. Garchi, bu urinishlar natijasida bir qator baquvvat asarlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalish biror jihati bilan badiiy ijodning azaliy an’analarini inkor etishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Negaki, yangicha yozayotgan o‘zbek san’atkorlari mumtoz tajribalarga tayangan holda modernizmning falsafasiga emas, balki ko‘proq ifoda yo‘siniga amal qilishyapti. Shuning uchun ham modern adabiy yo‘nalishni an’anaviy adabiyotga qarshi qo‘yish, unda badiiy adabiyot rivojiga zarar yetkazadigan qandaydir jihatlar borligidan xavotirlanish mutlaqo o‘rinsiz.

Milliy tafakkur tub o‘zgarishlarga uchragan, badiiy did yangilanayotgan hozirgiday sharoitda modernistik yo‘nalishning yuzaga kelishi tabiiydir. Chunki yillar davomida ruhsat berilganiday yozishdan zada bo‘lib, nafasi qaytgan adabiyotga “toza havo” kiritilishi kerak edi. Men modernizmning milliy adabiyot ravnaqiga xavf solib, iste’dodsizlik niqobiga aylanayotgani borasidagi vahimalarga hech tushunmayman. Nega modernistik yo‘nalishdagi asarlar adabiyot taraqqiyotiga xatar yoki iste’dodsizlikni yashiradigan vosita bo‘lar ekan? Iste’dodsizlikni berkitib bo‘ladimi o‘zi? U – har qanday shaklga solinganda ham mohiyati o‘zgarmaydigan xususiyat. Buning ustiga, iste’dodsizlik bilan yozilgan qaysidir bir bitikning modern deb atalgani uchun qiziqib o‘qilishi mumkinligi ham hech aqlimga sig‘maydi.

Bu xildagi o‘rinsiz vahimalar kishida go‘yo modern yo‘nalishida son-sanoqsiz asar bitilib hamma yoqni bosib ketayotganday tasavvur uyg‘otadi. Holbuki, bizda modern yo‘nalishda yozadiganlar juda kam. Shu ahvolda modern yozarlarni an’anaviy adabiyotga qarshi qo‘yish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Aslida, aynan modernizm badiiy adabiyotni iste’dodsizlik va qolipdan xalos etish maqsadida yuzaga kelgan. Aynan modernizm badiiy yaratiq mavzu dolzarbligi, fikr yangiligi, ifodaning tushunarliligi singari tashqi belgilar sababli emas, balki chindan ham betakror va original bitilgani uchun o‘qilishini istash oqibatida paydo bo‘lgan. Modern yo‘nalish adabiyotni bulg‘ash emas, balki uni tozalash, yuksaltirish va noziklashtirish vositasi ekanini tan olish kerak.

3. Shakkoklikday ko‘rinsa-da, mening nazarimda, adabiyot Yaratganning o‘zidan bo‘lak hech kimning oldida burchli emas. U faqat o‘ziga, ya’ni go‘zallik va haqiqatgagina xizmat qilishi kerak. Kunbotish ellarida hamisha adabiyotning yelkasiga ijtimoiy yuk ortmoqchi bo‘lib kelinadi. Adabiyot qanchalik ijtimoiylashsa, shunchalik ezgulashadi, degan yanglish o‘y hamon ko‘pchilikni o‘z og‘ushida tutib turibdi. Holbuki, turli-tuman jamiyatlar va ularda hukmron bo‘lgan mafkurayu g‘oyalarning tarixi tuganmas adashishlar tarixidan iborat ekani bot-bot namoyon bo‘lyapti. Badiiy adabiyotdan jamiyatga xizmat qilishni talab qilish, uni yanglish yo‘lga burishning boshlanishi ekani hisobga olinmayotir.

Adabiyot haqiqat va go‘zallikdan bo‘lak hech kim va hech nima oldida burchli bo‘lmaganda o‘z-o‘zidan ezgulikka, demakki, ko‘pchilikka xizmat qilgan bo‘lib chiqadi. Odamzod hamma narsani qandaydir yo‘l bilan bo‘lsa-da, o‘ziga xizmat qildirishga moyil. U olamdagi biror narsaning shunchaki, o‘z holicha bor bo‘lishiga ko‘nikolmaydi. Holbuki, Yaratgan barcha yaratiqlarini faqat odamlarga xizmat qildirish uchun emas, balki, avvalo, o‘z qudrati va jamolini ko‘rsatish uchun yaratib qo‘yibdi. Axir, shaftoli odam ko‘zini quvontirish uchun gullamaydi, bulbul insonning kayfiyatini ko‘tarish uchun sayramaydi, suv ham faqat chanqog‘imizni qondirish uchungina oqmaydi, tovusga faqat et deb qarab bo‘lmaydi. Ularning Yaratuvchi belgilab qo‘ygan o‘z missiyalari bor. Menimcha, adabiyot odam tiynatidan aynan shu “Hamma narsa men uchun yaratilgan!” – degan iste’molchilik kayfiyatini quvib chiqarishga, unda “Yaratgan tomonidan menga shuncha ne’mat berilgan ekan, men o‘zim qanday ezgulik qildim?” – degan fikr uyg‘otishga xizmat qilishi kerakday. Qarangki, baribir, “xizmat qilishi kerak” bo‘lar ekan-da?!

Badiiy adabiyot odam nazarini atrofi olamdan o‘zining ichki dunyosi sari ko‘chirishga, o‘zini tekshirish tomon yo‘llashga qaratilgan san’at turidir. Chunki barcha yetuk ko‘rkam asarlarda o‘zga odamning tuyg‘ulari aks etadi. Estetik yaratiqlardagi ana shu tuyg‘ularni tuyish, ulardan ta’sirlanish asnosida odamda o‘xshash sezimlar tarkib topa boradi. Unda o‘zida mavjud ezgu tuyg‘ularni o‘stirish, yo‘qlarini esa yaratish ehtiyoji paydo bo‘ladi.

4. Menimcha, adabiyot hech kimning yonida emas. Badiiy adabiyot uni sevgan, uni qo‘msagan, unga intilgan, undan lazzat oladigan shaxslar ko‘nglidadir! Boshqalar esa... Adabiyotni ularning oldiga olib borib yoki ularni buning yoniga keltirib bog‘lab qo‘yganingiz bilan ham unga qiziqmasa, o‘qimasa, bundan ne naf?! Odamlar tana istaklariga bo‘lgan ehtiyojlarini bir darajada qondirganlaridan so‘ng nafis tuyg‘ular ifodasi bo‘lmish adabiyotga yuzlanadilar. Lekin tashnalik darajasidagi bu ehtiyoj tushmagurni qondirib bo‘larmikin? Qizig‘i shundaki, badiiy adabiyotgina kishining ko‘nglini tozalash orqali uning ko‘zini to‘ydiradi. Ma’lumki, ko‘z to‘ymaguncha, nafs­ga orom yo‘q. Demak, bugungi adabiyot odamning odamiyligi bilan yelkama-elka bo‘lib, uning nafsoniyligiga qarshi kurashadiganlar ichidadir.

5. Menimcha, “izm”larning birortasi ham adabiyot uchun shohko‘cha bo‘lolmaydi. Agar adabiyot mohiyatan biror “izm”ning izmida yurishi shart bo‘lganda, hazrat Navoiy bu haqda aytgan bo‘lardi. To‘g‘ri, olamda Navoiy qayd etmagan narsalar ham juda ko‘p, ammo badiiy ijod borasida hazrat to‘xtalmagan narsalarning ko‘pchiligi shunchaki o‘ylab topilgan o‘tkinchi gaplar. Endi postmodernizm borasida... Ko‘plardan farqli tarzda, unga erta kundan yovlarcha qaramaganingiz juda yaxshi. Bizda “postmodern kayfiyat paydo bo‘lgani” to‘g‘risidagi to‘xtamingiz menga ancha erta aytilayotgan bahsli fikrday tuyulsa-da, umuman, masalaning shu taxlit qo‘yilishi juda go‘zal. Chindan ham, hamonki, bir adabiy hodisa to‘g‘risida turli qarashlar tug‘ila boshlagan ekan, u haqda fikrlashib olgan ma’qul.

Menimcha, ayrimlarning o‘zbek postmoderni haqidagi qarashlari masala mohiyatini bilmasdan shoshqaloqlik qilish namunalaridir. Chunki postmodernizm – san’at va adabiyotdagi shunchaki moderndan keyingi navbatdagi bosqich emas, balki tamomila o‘zgacha falsafiy asosga tayaniladigan va modernizmga tubdan qarshi bo‘lgan yangi oqim. Yo‘q, u bizga taqdim etishayotganiday, atay san’at va adabiyotni buzishga qaratilgan yo‘nalish emas. Postmodernizmning bosh belgisi, unda hech qanday turg‘un belgining yo‘qligida, adabiy kategoriyalarning atay qorishtirib yuborilishi natijasida badiiyat borasidagi tushunchalar, uning norma va o‘lchamlarining ongli ravishda inkor etilishida namoyon bo‘ladi.

Oldingi ijodiy metodlarda ijodkorlardan qoidada belgilab qo‘yilganiday yozish talab qilinardi, modernizm ko‘ngil buyurganiday yozishni aqidaga aylantirdi, postmodernda esa, qo‘pol qilib aytganda, xayolga kelganiday yozish bosh talabga aylandi. Bu yo‘nalish adabiyotning obro‘sini to‘kish maqsadida emas, balki yozishni istagan har qanday odam badiiy asar yozish imkoniga ega bo‘lsin, degan kreativ demokratiya istagi natijasi o‘laroq yuzaga keldi.

Postmodernizm butun boshli falsafiy-estetik oqim bo‘lib, unda mug‘ombirlik va tovlamachilik ma’nosidagi “simulyakr”, soxta va arzon ma’nosidagi “kich”, nusxakashlik va ko‘chirmachilik ma’nosidagi “parodiyaviylik”, “kinoyaviylik”, buzg‘unchi ma’nosidagi “dekonstruktsiya”, “nutqning shizofrenlashuvi”, “shizotahlil”, yo‘q joydan bino bo‘lgan narsa ma’nosidagi “artefakt”, talabchanlik yo‘qligi ma’nosidagi “adabiy konformizm”, qorishiqlik ma’nosidagi “madaniy diffuziya”, nusxa olinadigan manba ma’nosidagi “metaadabiyot”, badiiy asarni birgalikda yaratish ma’nosidagi “interaktivlik”, ommaboplik ma’nosidagi “universalizm” va boshqa bir qator xos atamalar tizimi mavjud va ularga qay darajadadir amal qilingandagina postmodern asar yuzaga keladi. Shukurki, bizda hali bunday talablar tizimiga to‘la javob beradigan birorta ham asar yozilgani yo‘q. Ehtimol, yaqin yillarda yaratilmas ham.

Negaki, bizning kutilmagan eksperimentlarga o‘ch ijodkorlarimiz ham, an’analarni butunlay inkor qilish, muqaddas qadriyatlarni tuban tushunchalar bilan qorishtirib yuborish kabi xamoqotga bormaydilar. Postmodern bitik, asosan, yuksak san’at asarlariga parodiya sifatida, undagi fikru g‘oyalar, san’atu ifodalar ustidan kulib, buncha donolik qilib o‘tirmay, mana bunday jo‘ngina qilib yozib qo‘yaversa ham bo‘lardi-ku, yo‘sinidagi yondashuv oqibatida yuzaga keladi. Balki Muhammad Yusufning “Ot qadrini qaydan bilsin, Ot minmagan erkaklar”day jiddiy va dardli satrlarining ayrim “ijodkor”lar tomonidan: “Bulbul qadrin qaydan bilsin, Bulbuli yo‘q erkaklar” shakliga solib aytilayotgani qulog‘ingizga chalingandir. Asl postmodern adabiyot taxminan shu yo‘nalishda bo‘ladi. To‘g‘ri, postmodern yo‘nalishda ham ba’zan U.Ekoning “Atirgul nomi” asariga o‘xshash juda yuksak badiiy bitiklar yaratilib qoladi. Lekin asos e’tibori bilan u badiiy ijodni iste’dodli shaxsning emas, ommaning yumushiga aylantirishga qaratilgan yo‘nalishdir. Bu haqda gapni cho‘zaversam, juda uzalib ketadi. Yaxshisi, biror kun bu to‘g‘rida alohida yozilar.

6. O‘yin, ko‘pchilik o‘ylaganganidek, faqat bolalikka tegishli nojiddiy ermak emas. E’tibor qilsangiz, aslida, o‘ynab dam olinmaydi, o‘ynab charchaladi. Lekin u odamni tirikchilikning tuganmas bir xilligidan chalg‘itib, turmushiga zavq va joziba baxsh etadi. Hatto bolalar ham o‘ynab dam olmaydilar, balki o‘ynab yashaydilar. Ko‘pchilikning bir dunyo mablag‘u vaqt sarflab, sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishi yoki tomosha qilishi bejizga emas. Adabiyot ham, aslida, xuddi badiiy gimnastika, figurali uchish yoki sinxron suzish kabi bir o‘yin. Faqat adabiyotning o‘yini darddan kelib chiqadi. Boshqacharoq aytsak, adabiyotda o‘ynab dard chekiladi, yig‘lab zavqlaniladi. Hazrat Navoiy bekorga: “So‘z aro yalg‘on kibi yo‘q nopisand, Aylar aning nazmini dono pisand”, demaganlar. O‘yin – ko‘rkam adabiyotning o‘z xususiyati.

Shaxsning hayoti qadrsiz bo‘lgan va jamiyat tahlikada qolgan sharoitda adabiyot jiddiylashib, qovog‘ini soladi. Ko‘ngilga o‘yin sig‘maydigan bunday tahdidli vaziyatlarda dard o‘ynab emas, yig‘lab aytiladi. Haqiqatni so‘zlashning iloji bo‘lmagan sharoitda adabiyot gap aytish vositasiga aylanadi. Bunga ham adabiyotning moyasidagi o‘yin unsuri yo‘l ochadi. Ochiqchasiga aytib bo‘lmaydigan fikr o‘yin yo‘li bilan bildiriladi. Adabiyotga ijtimoiy salmoq beradigan bunday sifatning bo‘lishi ham jamiyatning tanazzulidan, ham ko‘rkam adabiyotning o‘ziga begona ish bilan shug‘ullanayotganidan dalolatdir.

Salkam bir yarim asrlik mustamlaka davrida adabiyot shunchalar jiddiylashdiki, endilikda uning o‘z asliga qaytayotgani bizga erish tuyuladigan bo‘lib qoldi. Kishilik tarixida bunday holat tez-tez uchrab turadi. Sovet davrida adabiyot ijtimoiy hayotning yuragi sanalardi. Siyosat ham, falsafa ham, tarix ham, publitsistika ham o‘z yukini adabiyotning yelkasiga ortgandi. Ijtimoiy tafakkurning barcha sohalari badiiy adabiyotdan imdod kutardi. Adabiyot ijtimoiy borliqning markaziga aylangan bunday holga literaturotsentrizm, deyiladi. Siyosatda yolg‘on, falsafa va tarixda mafkura hukmron bo‘lib, ilmiy yo‘sinda aytish mumkin bo‘lmaydigan haqiqatlar badiiy shaklda bildirilardi. Bunday vaqtda butun umid adabiyotdan bo‘ladi va unga hamma kamoli jiddiyat bilan ko‘z tikib turadi.

Aslida, o‘yin – adabiyotning o‘z xossasi. Adabiyotda o‘yinning ko‘payib borayotgani jamiyatning sog‘lomlashayotganidan dalolatdir. Sizning: “keyingi vaqtlarda o‘yinning hissasi kuchayib ketdi. Bu degani shuki, nimani aytishdan ko‘ra, qanday aytish, dard aytishdan ko‘ra, “nimanidir” bo‘lsayam go‘zal shakllar yordamida o‘quvchiga yetkazish birinchi o‘ringa chiqib borayotir”, tarzidagi xavotiringiz meni quvontirdi. Bilimdon olim Rahimjon Rahmat: “...bizda adabiyotning o‘yinga aylanishiga hali ancha vaqt bor”, deganida haq edi. Ko‘rinadiki, o‘yin adabiyotning o‘z xususiyati, jiddiylik esa uning qo‘shimcha belgisi. Ortega 1953 yildagi maqolasida endilikda adabiyotning ko‘proq o‘yin xususiyatiga ega bo‘lib borishi tabiiy ekanini ta’kidlagan edi.

Ayni vaqtda, yana bir jihatni ta’kidlashni ham istardim: inson tabiatan shunday yaralganki, DARD uni hech qachon butunlay tark etmaydi, binobarin, adabiyot qanchalik o‘yinga yuz burmasin, ko‘ngil holatining ifodasi o‘laroq, dardchilligicha qolaveradi.

7. Bu savol hamda unga shu vaqtgacha olingan javoblar zamirida adabiy tanqiddan norozilik, uning faoliyatidan qoniqmaslik, tanqidchilikning haqqoniy va xolisligiga ishonmaslik silqib turibdiki, men bunga qo‘shilmayman. Siz bosh harflarda yozgan adabiy tanqidchilikdagi xolislik tushunchasi adabiyotga tatbiqan unchalik mo‘tabar tushuncha bo‘lolmasligini ta’kidlash kerak, deb o‘ylayman. Chunki kim bo‘lishidan qat’i nazar, bandaning xolisligi uning o‘zi darajasida bo‘ladi. Men adabiyotga doir chiqishlar bilan imkon qadar tanishib boradigan bir o‘quvchi sifatida keyingi vaqtda deyarli birorta to‘la xolis yoxud butunlay noxolis yozilgan tanqidiy maqolani uchratmadim. Badiiy asar haqidagi konkret bir maqolaning saviyasi, ilmiy qimmati, ishontirish darajasidan qoniqmaslik mumkin va bu tabiiy hol. Ammo qandaydir ta’ma ilinjida bitilgan birorta maqolani o‘qiganim yo‘q. Faqat hozirgi adabiy tanqidda jiddiy bir sifat o‘zgarishi sodir bo‘ldi: u endi ko‘proq tekshirilayotgan badiiy yaratiqning fazilati nimadan iboratligini ko‘rsatib berishga yuz burgan. Chunki ijod erkinligi sharoitida tanqidchi estetik qozi ham, adabiy sanitar ham bo‘lolmasligini va bo‘lmasligi ham kerakligi anglab yetildi. Sizning savolingiz qo‘yilishi hamda aksariyat javoblardagi iddaolardan juda ko‘pchilik hamon Norboy Xudoyberganov dom­laning zarbalariga o‘xshash hamlalarni qo‘msab yurgani seziladi. Menimcha, endi bunday bo‘lmaydi. Endi tanqidchilik tomonidan saviyasi o‘ta past bitikni do‘pposlashga sarflanadigan ilmiy kuch boshqa bir tuzuk asarning sharhiga sarflangani ma’qulligi anglab yetildi. Chunki hali insoniyat tarixida talantsiz odamning talantsizligiga ishontira olgan birorta olim bo‘lmagan.

Yana bir jihat, ko‘p kasbdoshlarimiz Behbudiy domlaning: “Tanqid saralamoqdir”, degan gapini ushlab olib, tanqiddan badiiy asarlarni saralab berishni talab qilishadi. Holbuki, otajadid o‘z fikrini adabiy tanqid to‘g‘risida emas, balki tanqid yordamida yaxshi va haq fikr saralab olinadi, degan ma’noda noto‘g‘ri holatni tanqid qilish holatiga nisbatan bildirgan edi. Biz asl ma’noni bir yoqqa surib qo‘yib, gapning o‘zini ushlab olganmizki, ko‘p yanglishishlarimiz ayni shu yerdan boshlanadi.

Keyingi jihat shundaki, adabiy tanqidchilik hodisasiga to‘g‘ri nom berilmagan. Xalqda nom taqdirdir, degan haqqoniy qarash bor. Hodisaning to‘g‘ri nomlanmagani uning noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l ochadi. Ya’ni nomi adabiy tanqid bo‘lsa-yu, yaqin o‘tmishdagi Sotti Husayn, Ayniy, Sa’diy, Trig‘ulov, N.Xudoyberganovlar yozgan bitik­lardagi kabi tishu tirnoq bo‘lmasa, kishida o‘z-o‘zidan e’tiroz uyg‘onadi. Holbuki, bu hodisaning vazifasi o‘nakay tanqid qilish emas, balki muayyan badiiy yaratiqning matnidan kelib chiqqan holda yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib berishdan iborat bo‘lishi kerak. Bunday missiyaga ega hodisa yonimizdagi qozoq va qirg‘iz qardoshlarda “sinchilik”, bu missiyani amalga oshiruvchi shaxs “sinchi”, deb ataladi. Hatto, Qozog‘istonda “Sin” deb atalgan qalin oybitik ham chop etiladi.

Sinchiligimizning bugungi holati borasida kasbdoshlarimizning qarashlari o‘ta salbiy va keskinligi bilan ajralib turadi. Taniqli bir olim: “yaqin-yaqingacha adabiy tanqidni taqdir deb qabul qilgan o‘nlab mutaxassislar” bo‘lganini aytib: “Hozir, asosan, maqtov, alqash, aqlli yolg‘on gapirish, tilyog‘lamalik, xushomad va hokazo illatlar adabiy tanqidimizning xos xususiyatlari bo‘lib bormoqda”, deb yozadi. O‘zqarashli boshqa bir olim aniq qilib: “Umuman, bizda adabiy tanqidda tanqid yo‘qligini ham e’tirof etish joiz. Bizlar adabiy tanqid vositasida bir-birimizning ko‘nglimizni ko‘tarib, do‘stona munosabatimizni bildirib qo‘yamiz, xolos”, deydi. U o‘z fikrini yanada kuchlantirib: “Uzoq vaqt mashhur adabiyotchi olimlarning yonida yurgan odamman. Ustozlarimiz rosmana adabiyotchi olim emas, balki adabiyotdagi diplomatlar ekanligini yaxshi bilaman”, deyishgacha boradi. Mashhur adabiyotchi olimlarning yonida uzoq vaqt yurgan dadil olimning ustozlari haqidagi fikri shu bo‘lsa, bir narsa deyishga ham qiynalasan kishi. Faqat bunday qarash egalaridan farq qilib, aksariyat ilm ahli kabi biz ham M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, I.G‘afurov, A.Rasulov, N.Xudoyberganov, O.Tog‘aev, S.Umirov, S.Sodiqov, A.Kattabekov singari olimlarni halol va o‘zso‘zli kishilar, deb bilardik va hamon shu qarash tarafdorimiz.

Boshqa bir mashhur kasbdoshimiz yanada qattiqroq ketib: “Bugun xuddi har bir qo‘shiqchining yonida o‘zining prodyusseri, dalloli bo‘lgani singari ko‘pchilik yozuvchi-shoirlarning ham hamtovoq talqinchilari – “adabiyotshunos”lari bo‘lishi kutiladigan holga aylangan. Xolis, samimiy, kuyunchak tahlilu talqin o‘rnini “shishadoshni qo‘llab yuborish”, “keyingi yil mukofot-unvonga ilintirib qolish” istagi, “bir yerdan ekanligini unutmaslik mas’uliyati”, “narigi guruhdagilar hujumiga qoldirmaslik”dek sergaklik... sifatlari egallamoqda”, deb yozadi. Ibrohim G‘afurov, No‘‘mon Rahimjonov, Yo‘ldosh Solijonov, Suvon Meli, Bahodir Karim, Uzoq Jo‘raqul, Abdulla Ulug‘ov, Islom Yoqubov, Qurdosh Qahramon singari bir qadar faol sinchilarining biror ijodkorga dallolik qilganini tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi. Albatta, bugungi o‘zbek sinchiligi borligini tan olmaydigan hurmatli kasbdoshlarimiz o‘zlarini tilyog‘lamalik qiladigan, diplomatlikdan nari o‘tmaydigan, shishadoshlarni qo‘llaydigan sinchilar qatorida sanashmaydi.

Masalaning mohiyatiga jiddiyroq qaralsa, “adabiy tanqidni taqdir deb qabul qilgan o‘nlab mutaxassislar” hozir ham bor. Ehtimol, ularning soni yana ko‘paygandir ham. Ammo oldinlari adabiy tanqid kishiga chindan ham taqdir bo‘la olardi. Ya’ni u davrlarda o‘z ishi ortidan sinchining qora qozoni qaynab, tirikchiligi o‘tardi. Hozirgi kunda qay darajadadir adabiy sinchilik bilan shug‘ullanayotgan kishilardan jamiyat qarzdor va ulardan faqat minnatdor bo‘lish kerak. Negaki, yaxshidir-yomondir, mutlaqo beg‘araz asar yozib, uni o‘z puliga chiqarayotgan ijodkorlar faqat sinchilardir. Hatto, yozuvchilarga ham ozdir-ko‘pdir qalam haqi berila boshlandi. Sinchilarga esa hozirgacha yozg‘iriqdan boshqa haq to‘lanmayotgani hammaga ayon. Biror misol hamda dalilu isbotsiz, bemalol barcha sinchilarni nohalolligu noxolislikda ayblash mumkinligiga hayron qoldim. Birovning faoliyatini baholashda iymon tarozi qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

Butun boshli milliy adabiyotning sinchilik nazoratida bo‘lishi mumkin bo‘lgan davr­lar qaytmas bo‘lib o‘tib ketdi. Yozgandan o‘qigan ko‘p bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘qigan asarlari to‘g‘risida yozadiganlar hamisha kam bo‘lishgan. Sovetning davrida bir yilda bir roman yaratilib qolishi katta voqea sanalar, saviyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u ancha vaqt og‘izdan tushmasdi. Endilikda bir yilda o‘nlab romanlar yozilayotir va bular haqda yozib ulgurish, ularning taraqqiyot tendentsiyasini belgilash juda mushkul. Sinchilikning holatidan mutlaqo qoniqmayotgan do‘stlarimizning hammasi ham sinchilar. Nega ularning birortasi faollik ko‘rsatmayapti? Xolis, haqqoniy, tilyog‘lamalik qilinmay, yurtdoshlikni hisobga olmay, adabiy asarlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib tashlashmayapti? Chunki buning imkoni yo‘q. Endi umumlashmalar ish bermaydi. Endi individning o‘ta individual mehnati samarasi bo‘lmish badiiy yaratiq to‘g‘risida g‘oyat individual fikr bildirishgina mumkindir. Bu fikrlar kimgadir o‘tirishmasa, ular, albatta, noxolis bildirilgan bo‘lib chiqmaydi. Bunga ko‘nikish kerak bo‘ladi.

8. O‘zbek adabiyoti – an’analar adabiyoti. Uning eng modern ko‘rinishida ham nafaqat modern, balki mumtoz an’analarga-da amal qilish seziladi. O.Muxtor, A.Qutbiddin, B.Ro‘zimuhammad, Faxriyor singari mohiyatan modernchi adiblarni mumtoz adabiyotni bilmaydi yoki uni rad etadi deb bo‘ladimi? Ayni vaqtda, har bir ijodkorning o‘z yo‘lini ochgisi, bir adib aytganidek: “Shoirlarda ikkinchi bo‘lmas, Shoirlarning bari – birinchi” bo‘lgisi kelishi tabiiy ham. Adabiyot – turfalikka intilish sababligina mavjud hodisa. Bir xillashadigan bo‘lsa, uning keragi bo‘lmay qoladi. Shu sababli bugungi ijodkorning kechagiday emas, bugungiday yozishga urinishining ajablanarli joyi yo‘q. Lekin yangilik – yangilik bo‘lgani sababli emas, balki oldingisidan yuksakligi bilan qadrli bo‘lishi kerak. Yuksalish uchun tagzamin kerak, bunga esa mavjud an’analargina yaraydi. Shu bois hozirgi o‘zbek adabiyotida eski bilan yangi o‘rtasidagi kurash haqida gapirish ortiqcha, deb o‘ylayman.

9. Bunday savol adabiyot kurash vositasiga aylangan holatlarda o‘rinli bo‘ladi. Har qanday odam singari ijodkor ham turli vaziyatlarda turlicha qadam bosib, ba’zida to‘g‘ri, ba’zida chalkash yo‘llardan yurib, o‘z qismati sari boradi. Ijodkorning burchlari qanday bo‘lishi kerakligini belgilab beradigan jamiyatda ijod erkinligiga zug‘um o‘tkazilayotgan bo‘ladi. Har kimning qozisi – yolg‘iz Olloh. Ijodkor ham Undandir va faqat Unga boradi. Demak, borarini o‘ylab ish qilishi kerak. Men asl ijodni ko‘ngil holatining ifodasi, deb bilaman. Ko‘ngilning qandaydir talablarni o‘ylab izhor etilishini tushuna olmayman. Ijodkorning odam ekanining o‘zida uning ijtimoiy va estetik missiyasi baravar namoyon bo‘ladi.

10. Jamiyatimiz hayotiga bozor munosabatlarining kirib kelishi “bozor adabiyoti”ni ham yuzaga keltirdi. Va u shiddat bilan yoyilib, semirib borayotir. Siz “jiddiy” deb aytayotgan adabiyot ham qarab turgani yo‘q. U ham g‘oyat turfalashib, mavjud sharoitlarni imkon qadar hisobga olishga intilib, rivojlanmoqda. Lekin “jiddiy” degani, albatta, yuqori saviyali degani emas. Sovetning davridagi adabiyot yoppasiga o‘ta jiddiy edi. Shunchalar jiddiy ediki, birovga tishining oqini ko‘rsatmasdi. Lekin bu adabiyot namunalarining katta qismi mualliflaridan oldin unutilib ketdi.

Menimcha, milliy tilning jilosi namoyon bo‘lmagan, odamning serqatlam ruhiy dun­yosi ochilmagan, o‘quvchini o‘ylashga majbur etolmagan bitiklar qanchalar qiziqarli ekani, qaysi nashrda, kimning tavsiyasi bilan, qancha nusxada bosilgani va qanday sotilganidan qat’i nazar, “bozor adabiyoti”ga tegishlidir. Siz aytgan “jiddiy adabiyot”ning bosh belgisi bitik bilan tanishish o‘quvchiga zavq bergani holda, uni o‘ylantirib qo‘yadigan xususiyatga ega bo‘lishida, deb bilaman.

Jiddiy adabiyotning keng omma orasida yoyilishi uchun uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida adabiyot o‘qitishni tubdan yaxshilash kerak, deb o‘ylayman. Adabiyot o‘qitish kechimi asl asarlar bilan tanishish va ularni sevib qolishga qaratilgan holda tashkil etilgandagina millat ma’naviy dunyosining ezgu qadriyatlar asosida shakllanishi borasida muayyan ijobiy natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.

 

Umarali Normatov javoblari:

Mana, nihoyat, jurnalimiz sahifalarida yil bo‘yi davom etgan “Yangi avlod ovozi” nomi ostida o‘tkazilgan adabiy-tanqidiy gurung o‘z nihoyasiga yetayotir, endi uni sarhisob qilish payti ham keldi. Xo‘sh, shunday mavzuda bahs-munozara yuritishga ehtiyoj bormidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sir emas, tarix uchun qisqa fursat – mustaqilligimizning 22 yili davomida mamlakatimiz asrlarga teng mislsiz o‘zgarishlar, tub yangilanishlar yo‘lini bosib o‘tdi, millatning yangi avlodi tug‘ilib, yigit yoshiga yetdi, istiqlolni 50, 60, 70 yoshida qarshi olgan avlodlar qarashi, tafakkurida, hayot tarzida ham tub burilish yuz berdi. Bu hol, ayniqsa, adabiyot va san’at ahli taqdirida chuqur iz qoldirdi, garchi gurung mavzusi “Yangi avlod ovozi” deb atalsa-da, mustaqillik yillari adabiyot bo‘stonida shakllangan, unib-o‘sib bo‘y ko‘rsatgan qalam sohiblari ovoziga xos xususiyatlar talqiniga qaratilgan bo‘lsa-da, aslida, mavzu ko‘lami kengroq, yangi bosqichda mana shu yangi avlod bilan hamnafas yeng shimarib yagona ulkan va sharafli maqsad – istiqlol g‘oyalari amaliyoti yo‘lida baqamti ijod etayotgan ustozlar aks-sadosi ham chetda qolayotgani yo‘q.

Mazkur gurung bizda odat tusini olgan birdaniga bir majlisda o‘rtaga tashlangan masala bo‘yicha ishtirokchilarning behos ko‘ngliga kelgan o‘y-mulohazalari izhori shaklida emas, bosh muharrirning puxta o‘ylangan hozirgi adabiy jarayon tamoyillariga oid 10 banddan iborat savollariga shoshilmay, puxta o‘ylab jiddiy tayyorgarlik ko‘rib bergan javoblarini yil davomida jurnalning olti sonida e’lon etish tarzida kechdi.

Adabiy-tanqidiy gurung “Yangi avlod ovozi” deb nomlagan ekan, uning ishtirokchilari ham milliy adabiyotimizning yangi avlodi namoyandalari, istiqlol arafasida, istiqlol yillarida adabiyot bo‘stoniga kirib kelgan shoir, nosir va munaqqidlar; ular orasida yoshi eng ulug‘lari – H.Boltaboev 1954, Sh.Rizaev 1958 yilda tug‘ilgan, D.Quronov 1960, I.Yoqubov, R.Qo‘chqor, B.Ro‘zimuhammad, R.Rahmatlar 1961, N. Eshonqul, A.Yo‘ldosh 1962, R.Haydarova 1966 yilda tavallud topgan. Ularning barchasi adabiyotda, adabiy tanqidda allaqachon o‘z mavqeini egallab, ijodiy, ilmiy yo‘li, maslagini tayin etib olgan qalam sohiblaridirlar. Qolaversa, ular bosh muharrirning har bir savoliga “etti o‘lchab bir kes” naqliga amal qilib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda javob qaytarishga harakat qilganlar.

Jurnal tahririyati kaminadan mazkur adabiy gurungga yakuniy chiqish bilan ishtirok etishni taklif etganda, ochig‘i, boshda biroz ikkilanib qoldim. Axir, men butunlay boshqa davr, o‘zga avlod odamiman-ku, “Yangi avlod ovozi” gurungining eng ulug‘idan ham yoshim chorak asr kattaroq-ku, degan andishaga bordim. Biroq do‘ppini boshdan olib bundoq o‘ylab qarasam, ularning birortasiyam men uchun begona emas, Abduqayum bilan Islomjonni mustasno etganda, qolganlari barchasi mening 60 yillik umrim kechgan Milliy universitetda ta’lim olgan, aksariyati shu dargohda birga ishlagan, bir ma­yizni bo‘lib baham ko‘rgan qadrdon maslakdoshlarim-ku; qolaversa, Hamidulla, Dilmurod, Rahimjon, Ulug‘beklarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilganman... Qisqasi, garchi qirq yillik faoliyatim mash’um mustabid tuzum zamonida kechgan bo‘lsa-da, Ollohning beadad inoyati tufayli Abdulla Qahhordek buyuk siymo adabiy muhiti hamda Milliy universitetda qaror topgan Ozod Sharafiddinov adabiy-tanqidiy maktabiga daxldor baxtiyor bir bandai mo‘minman.

Davra gurunglarini kuzata borib shunga amin bo‘ldimki, 60-yillardayoq shakl­langan Qahhor adabiy muhiti, ustoz Ozod Sharafiddinov adabiy-tanqidiy maktabi saboqlari istiqlol davri adabiyoti, adabiy-tanqidiy tafakkuri, yangi adabiy-tanqidiy avlod parvozi uchun mustahkam zamin vazifasini o‘tagan, boz ustiga, ustozning o‘zi mustaqillik yillaridagi o‘n besh yillik faoliyatida, yangi sharoitda yangi adabiy avlod himoyasi, kamoloti yo‘lida beqiyos zahmat chekkan, jasorat ko‘rsatgan.

Mazkur adabiy-tanqidiy gurungda qo‘yilgan barcha savollarga birma-bir javob qaytarish shart emasdir, degan o‘yga borib, nazarimda, men uchun eng muhim bosh masala – yangi avlod va uning ijodiy qiyofasi xususidagi o‘z fikr-qarashlarim izhori bilan cheklansam.

“Bugungi adabiy avlodning (magar u bor bo‘lsa) g‘oyaviy-badiiy estetik qarashlari nimalardan iborat?” degan bir qarashda oson, oddiy rasmiy savolga, qiziq, gurung qatnashchilarining javoblari ancha parishon tusda kechdi. Ehtimol, muharrirning qavs ichida keltirilgan shubhasi salaflariga ham yuqdi shekilli, ular ham bu xususda ikkilanib qoldilar. Professor H. Boltaboev to‘g‘ridan-to‘g‘ri “keyingi davrlarda ijod qilgan alohida iste’dodlar nomini tilga olish mumkin, biroq ular adabiy avlod sifatida shakllanmaganga o‘xshaydi” desa, Sh.Rizaev “Hozirgi paytda ana shu kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod voyaga yetdi, deb dabdurustdan aytish juda mushkul”, deya hamkasbi qarashini ma’qullaydi. Prof. D. Quronov bu masalaga biroz keskinroq yondashsa-da, biroq oxir-oqibatda hamkasblari qarashidan uncha uzoq ketmaydi. Uningcha, ijtimoiy tafakkurning ham ilg‘orida boradigan ijodkorlar – shu kunning gapini aytadigan “adabiy avlod” orzuligicha qolyapti; “yangilangan kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan”, faqat undan endi “salaflaridagi belgilarni izlash befoyda”, “endi ijod ahlining barini birdek o‘rtovchi umummilliy dard yo‘q”.

Nazarimda, bu xususda Rahmon Qo‘chqor masala mohiyatiga ancha yaqin kelganday ko‘rindi menga. Darhaqiqat, u aytganiday, bugungi adabiy avlodning g‘oyaviy-badiiy qarashlari bir xillikdan uzoq – hayotning o‘zidek rang-barang ekan, ijodkorlarning voqelikni idrok etish va uni talqin qilish usul-uslublari bir-biriga o‘xshamasligi, eng muhimi – yosh o‘zbek shoir-yozuvchilari dunyoning ilg‘or adabiyotlariga bo‘ylashib ijod qilayotganligini sezmaslik mumkin emas... Munaqqidning kuyunchaklik bilan aytgan mana bu iddiolariga qo‘shilmay iloj yo‘q: “bu avlodning bor ekaniga hali ham shubha qilish, uning izlanishlarini tumovning yo‘talidek o‘tib ketadigan hodisa, deb qo‘l siltashdan ko‘ra, unga tenglashmoq, uni ixlos-la o‘qimoq va uqmoq, agar qo‘ldan kelsa, nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro estetik maydonda ham uning targ‘ib-tashviqi bilan shug‘ullanmoq vaqti allaqachon kelgan”ini ta’kidlar ekan, munaqqid salaflarining bu xususdagi iddiolariga javoban qizishib: “Nima uchun rang-baranglik avlod tushunchasini inkor etar ekan? Nega avloddan dunyoqarashdagi yakranglik talab qilinar ekan? Axir, dunyoqarashi, didi, estetik ideallari, ijodiy uslublari rang-barang bo‘lmasa, bu zamondoshlarning nomi “adabiy avlod” emas, “adabiy poda” atalishi kerak emasmi? Qaysi zamonda, qaysi avlodda bir-birini takrorlaydigan ikki ijodkorni topasiz? Axir, ijodkorni shu maqomga loyiq qiladigan eng asosiy mezon aynan hech kimnikiga o‘xshamaydigan dunyoqarashi, badiiy idroki, estetik didi emasmi?” deya o‘z qarashida qat’iy turadi.

Yangi avlod, uning bugungi adabiy jarayondagi o‘rni, ovozi xususida gurungda ishtirok etgan ijod ahlining qarashlari Rahmonjonning ovoziga hamohang. Chunonchi, Nazar Eshonqul yangi bosqichda qalam tebratgan turli yoshdagi ijod ahli nomlarini keltirib “ular asarlarini uslubiga va kontseptsiyasiga ko‘ra, yangi avlod nasriga tegishli, deb baholash mumkin. Shuning uchun yoshiga qarab emas, adabiy avlodni asarlarning mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash tarafdoriman” (Ta’kid bizniki – U.N.), deydi.

G‘oyat o‘rinli, oqilona mulohaza. Bu xususda keyinroq maxsus to‘xtalsam. Hozircha boshqa davra qatnashchilarining bosh savol xususidagi mulohazalari bilan tanishtirishda davom etaylik.

Shoir Bahrom Ro‘zimuhammad esa o‘zi bevosita daxldor bo‘lgan she’riyat, xususan, modern yo‘nalishi, uning tadriji, hozirgi holati, qolaversa, miqyosi, namoyandalari, yaxshi namunalari xususida batafsil to‘xtalib “har xil usullarda asar bitadigan shoirlarni bir avlodga mansub deyish o‘rinlimi?” degan savol qo‘yadi va “menimcha, yo‘q” deya javob qiladi. Uning da’vosicha, “bir maktabga daxldor deyish boshqa narsa”.

O‘ylab ko‘rishga arziydigan mulohaza.

Adiba Risolat Haydarova ko‘lamni yanada kengroq olib so‘nggi o‘n-yigirma yil mobaynida ijtimoiy hayotda yuz bergan o‘zgarishlar adabiy jarayonga shu qadar ta’sir ko‘rsatdiki... bir qarashda kishi hozirgi adabiyotimizning qiyofasini bor bo‘yicha ang­lab ololmaydi. Anglash uchun esa shu choqqacha miyamizda yashab kelgan “ramkalar”dan sal chetroqqa chiqib olish kerak bo‘ladi”, degan jiddiy fikrni ilgari suradi.

Xo‘sh, bir qarashda kunday ravshan bugungi adabiy avlodning bosh masala bobidagi qiyofasi xususidagi savolga bu qadar ziddiyatli, munozarali javoblar berilishining boisi nimada? Bu haqida to‘laroq tasavvurga ega bo‘lish uchun ayni shu yangi bosqichda bosib o‘tilgan yo‘l, uning eng muhim jihatlarini eslab o‘tmoq darkor.

Gap shundaki, adabiyotimizning yangi avlodi mansub bo‘lgan mustaqillik davri millatimiz tarixida g‘oyat noyob, murakkab, ko‘p qirrali hodisa. Ko‘p asrlik milliy adabiyotimiz tarixidagi muhim burilish zamonaviy jahon adabiyoti tomon yuz o‘girishi jarayoni – yangi o‘zbek adabiyoti deb atalgan hodisaning shakllanishi, yuz yillik taraqqiyoti chorizm mustamlakasi davrida boshlanib mustabid kommunistik tuzum sharoitida, mash’um yakkahokim mafkura tazyiqi ostida kechdi, kompartiya yo‘l-yo‘riqlaridan salgina chetga chiqqan qanchadan-qancha qalam ahlining oltin boshi qurbon bo‘ldi. Kishini hayratga soladigan jihati shundaki, hatto ana shunday mash’um sharoitda ham millat sha’nini ulug‘laydigan, uning asl orzu-intilishlari – erki, ozodligi g‘oyalarini tarannum etadigan, zulm doyalari ildiziga bolta bo‘lib tushadigan asarlar yaratildi, turli-tuman ko‘rinishda yaratilaverdi.

Nihoyat, yuz yillik ezgu orzu-niyat ro‘yobga chiqdi. Bunda bir necha avlod ozodlik kuychisi va jarchisi sanalgan adabiy avlod asl namoyandalarining xizmatlari beqiyos.

Istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish esa osonlikcha kechgani yo‘q; boshqa, oldinroq ozodlikka erishgan Sharq mamlakatlaridan farqli o‘laroq, bizda bir tizim – sotsializmdan – boshqa bir tizim, bozor iqtisodi munosabatlariga o‘tish, barcha sohada jahonning eng ilg‘or mamlakatlari andozalariga mos keladigan jamiyatni shakllantirish, bu borada hozirda jahon tan olgan o‘zbek modelini ishlab chiqish va uni amalga oshirish – bu hazilakam ish emas! Ana shu ko‘p qirrali qudratli jarayon asnosida ma’naviyatga alohida ahamiyat berildi, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, jumladan, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”, degan shior ostida son-sanoqsiz amaliy ishlar ado etildi, etilmoqda. Milliy adabiyotimiz tarixida hech qachon ko‘rilmagan ijod erkinligining qonuniy asoslari yaratildi, avvalo, so‘z san’ati uchun hayotiy manba – ona tilimiz davlat maqomiga ega bo‘ldi, ma’naviy merosga, badiiy ijodga munosabat tubdan o‘zgardi, fikrlar xilma-xilligi uchun yo‘l ochildi, “fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi” qonun bilan rasmiylashtirildi. Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy hayoti siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”, deb yozib qo‘yilgan.

Bu ijtimoiy, ma’naviy, adabiy taraqqiyot uchun benihoya muhim tarixiy hodisadir. Dadil aytish mumkinki, ijod ahli adabiyotimiz va san’atimiz tarixida ilk bor ana shunday noyob kafolatga ega bo‘ldi. Shu tariqa, adabiyot va san’at ahli yaqin o‘tmish yakkahokim mafkura tazyiqidan butunlay xalos bo‘ldi, bizda ham jahonning taraqqiy etgan erkin demokratik mamlakatlaridagi kabi falsafiy-mafkuraviy sajiya, estetik printsiplari jihatidan xilma-xil adabiy-badiiy oqimlar, turli adabiy maktablar shitob bilan qaror topa boshladi. Boz ustiga, mana shu jarayonlarning barchasi jahonda globallashuv jarayoni avjiga chiqqan, informatika tarmog‘i benihoya kengaygan, internet, kompyuter kundalik hayotga shiddat bilan kirib kelayotgan bir pallada yuz berdi, berayotir. Milliy adabiyotimizning bugungi taraqqiyoti, hozirgi adabiy avlod qiyofasi haqida so‘z ketganda ana shunday ko‘lamli jarayonni chetlab o‘tish aslo mumkin emas.

Yana bir muhim jihat, shu yillar davomida “ko‘pmillatli sovet adabiyotining tarkibiy qismi” sanalgan, Kremlda ishlab chiqilgan adabiy estetik printsiplar asosida ish ko‘rishga majbur etilgan o‘zbek adabiyoti o‘zgalarga tobelikdan ozod bo‘lib o‘z erki, xohish-ixtiyoriga ko‘ra ilg‘or jahon adabiyoti o‘zanlari bo‘ylab rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Yakkahokim mafkura, yakkahokim sotsrealizm qoliplaridan chiqib o‘z milliy an’analarini erkin davom ettirish, jahon adabiyotidagi ilg‘or tajribalarni bemalol ijodiy o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mustabid zamonda “reaktsion” deb atalgan diniy-islomiy motiv – talqinlar, “reaktsion burjua oqimi” sanalgan modernizmning eshiklari ijod ahli uchun keng ochib qo‘yildi. Qur’oni karim, hadislarning bugungi ona tilimizga tarjima etilishi, “ilg‘or sovet adabiyoti” sahnasidan badarg‘a etilgan tasavvuf falsafasi, adabiyoti tadqiqi, targ‘ibotiga keng yo‘l ochilishi, Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor kabi mutasavvuf shoirlar merosining xalqqa qaytarilishi millat ma’naviy hayotida, ayniqsa, badiiy va adabiy-ilmiy tafakkur rivojida yangi davr ochganini unutmaylik, azizlar. Asarida birgina Olloh so‘zini qo‘llagani, “modernizm” xususida ikki og‘iz iliq gap aytgani uchun malomat toshlari ostida qolgan ijod va fan namoyandalarini ko‘rganmiz, ko‘ra turib ular yonini olishga qurbimiz yetmay, alam-o‘kinchdan o‘ksinib iztiroblar olovida qovrilib yurgan kezlarimiz hamon yodimda. Bundoqroq nosir va shoirlarni qo‘yib turing, Chingiz Aytmatovdek nomi, asarlari jahonga mashhur adibning “Plaxa” (“Qiyomat”) romanidagi diniy motiv, Iso Masih qismatiga oid boblar tevaragida qanchalar mashmasha bo‘lgani, markaziy matbuot sahifalarida adibni “Ollohga g‘amza qilish”da ayblangani esimizdan chiqqani yo‘q. Axir, bular uzoq emas – 1986 yilda bo‘lgan edi-ku! Bugun universitet auditoriyasida filolog talabalarga shu haqida so‘zlab bersangiz, hayratdan yoqa ushlaydi.

Qiyinchiliklar, ikkilanishlar bilan bo‘lsa-da, davr taqozosiga ko‘ra, bizda ham jahonning ilg‘or mamlakatlaridagi kabi mafkuraviy-falsafiy asosi jihatidan xilma-xil yo‘nalishga mansub asarlar paydo bo‘la boshladi. Moddiy dunyo qonuniyatlariga, tarixiylik, ijtimoiy tahlil printsiplariga qat’iy amal qilgan an’anaviy realizm bilan barobar deyarli barcha tur, janrlarda diniy, ruhoniy-islomiy talqin ustuvor asarlar yaratish an’ana tusini oldi. Shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida emas, ko‘proq ilohiy, tug‘ma, tabiiy, sirli-sehrli mavjudot tarzida ko‘rsatuvchi, uning ijtimoiy-tarixiy sharoit – tuzum, davlat, siyosat, mafkuraga bo‘ysunmaydigan g‘aroyib tuyg‘u, xislatlarini, ong-idrokdan tashqarida anglab yetilmagan holat-kafiyatlarini badiiy tadqiq etuvchi, ekzistentsializm falsafasiga tayanuvchi asarlar ham yaratilayotir. Qiziq, biz allaqachon so‘z san’atining o‘tmish bosqichiga mansub deb atagan romantizm yoxud naturalizm yo‘lida bitilgan yaxshi asarlar ham paydo bo‘layotir. Ular haqida yozildi, yozilayotir. Qo‘chqor Norqobilning “Nozi... Nozigul”, Jo‘ra Fozilning “Sohildagi uy”, Muyassar Tilovovaning “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i” hikoyalari shular jumlasidan.

Mana endi Nazar Eshonqul o‘rtaga tashlagan “adabiy avlodni yoshiga qarab emas, asarlarining mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash” maqbul yo‘l ekani xususidagi mulohazalarga o‘tsam bo‘lar.

Istiqlolni 60, 70 yoshida qarshilagan adib va ustoz munaqqidlarning tafakkur tarzi – ijodiy, ilmiy aqidalaridagi evrilishlarni eslaylik. Ustoz Said Ahmadning “Umrim bayoni”, Ozod Sharafiddinovning “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” deb nomlangan hasbi hol, iqrornoma tarzidagi badialari – biri biriga tengdosh adiblar, ikkinchisi esa zamondosh munaqqid-adabiyotshunoslarning o‘ziga xos hasbi holidir. (Maqtanishga yo‘ymang, azizlar: kaminaning “O‘tilgan yo‘lning ba’zi saboqlari” badiasi ham ayni shu ruhda bitilgan.) Bu ikki tarixiy hujjat shunchaki sho‘ro davridagi yo‘l qo‘yilgan chalg‘ishlar, xatolar uchun mualliflarning mardona tazarrusi, izohnoma, iqrornomasigina emas, balki zabardast, jasur ijodkor bilan munaqqidning yangi bosqichdagi ijodiy manifesti kabi yangraydi. Bu ikki hujjat ostiga xolis niyatli barcha tengdosh – safdoshlari imzo chekishi mumkin. Said Ahmadning istiqlol yillarida birin-ketin chop etilgan boshdan-oyoq yangi davr nafasi ufurib turgan, istiqlol g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan “Yo‘qotganlarim va topganlarim”, “Qorako‘z Majnun”, “Kiprikda qolgan tong”, Ozod Sharafiddinovning “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar” kitoblari har jihatdan “Yangi avlod ovozi”ga hamohangdir. Bu ikki siymoning o‘nlab iste’dodli safdoshlari, izdoshlari, shogirdlari faoliyatida ham shu holni kuzatishimiz mumkin.

Bahrom aytgan adabiy maktablar masalasiga kelsak, milliy adabiyotimiz taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan, istiqlol yillarida yanada yorqinroq namoyon bo‘lgan yana qator adabiy maktablarimiz bor. Bu xususda Islomjon Yoqubov javoblaridagi mulohazalarni yanada kengaytirib, ularga quyidagilarni ilova qilib o‘tishni istar edim.

Adabiy jarayon g‘aroyib qudratli hodisa. Agar tabiatan chin insoniy, olijanob, hayotbaxsh ruh bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa, bunday hayotbaxsh tamoyillar har qanday sharoitda ta’qibu tazyiqlarga qaramay, u milliy zaminda ildiz otib yashayveradi. Cho‘lponu Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjonlardan ulgi olgan, keyingi yarim asr davomida baqamti yonma-yon qad rostlab, mudom millat kayfiyati, ruhiyati, orzu-intilishlari kuychisi sifatida bayroqni qo‘lda tutib kelayotgan Erkin Vohidov va Abdulla Oripov atrofida uyushgan qalam ahlining qo‘shaloq ijodiy maktablari milliy she’riyatimizning ulkan boyligidir. H.Olimjon bilan Mirtemirlar asos solgan xalqona she’riy yo‘nalish an’analarini davom ettirgan Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzolar mansub maktab allaqachon el og‘ziga tushgan. Yana o‘sha mash’um zamonda ne-ne to‘sig‘u tahdidlarga qaramay, buyuk tarixiy siymolarimiz hayotiga bag‘ishlangan biografik asarlar yaratishga jur’at etgan Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim, Javdad Ilyosov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi To‘xtaboevlar an’anasi, yangi bosqichda uni davom ettirgan Muhammad Ali, Nurali Qobul, Asad Dilmurod, Nabi Jaloliddin, Sa’dulla Siyoevlar tajribasi har jihatdan e’tirofga sazovor. Faqat millat emas, jahon tarixida o‘z zamondoshlariga ko‘ra eng yuksak g‘oyalar – adolat va ma’rifatga asoslangan ulug‘ saltanat bunyodkori Amir Temur haqida qator munosib asarlar, jumladan, Muhammad Alining tetralogiyasi yaratildi. Eng muhimi, ayni shu tetralogiya bizda o‘ziga xos barqaror adabiy-badiiy biografik maktab mavjudligini yana bir karra tasdiqladi. Yarim asr davomida chin o‘zbek ayoliga xos sadoqat va matonat timsoli sifatida tan olingan, ovozi necha bor jahon minbarlarida yangragan, umri poyonida – baqo bo‘sag‘asida bitgan “Xotiram siniqlari” dostoni orqali bosib o‘tgan umr va ijod yo‘liga mardona yakun yasagan, qatag‘onlar doyasi – mustabid tuzum haqidagi shafqatsiz xulosani va qalb tubida asrab yurgan ezgu orzusi – Istiqlol xususidagi dil so‘zlarini aytishga ulgurgan Zulfiya opamiz asos solgan yangi o‘zbek shoiralari maktabi haqida faxr-iftixor bilan so‘z yuritish mumkin. Saida Zunnunova qissa va hikoyalari orqali jamolini-ko‘rkini namoyon etgan o‘zbek milliy ayol nasri Shahodat Isaxonova, Dilbar Saidova, xususan, Salomat Vafo, Zulfiya Qurolboy qizi, Risolat Haydarova hikoya, qissa, romanlari orqali o‘z mavqeini mustahkamlayotir.

Nihoyat, yana bir ibratli fakt – jahon bolalar adabiyoti namunalari bilan bo‘ylasha oladigan yoshi ulug‘roq Xudoyberdi To‘xtaboev, Tohir Malik roman, qissalari, Tursunboy Adashboev, Anvar Obidjon she’riyati mohiyatan “yangi avlod ovozi”ga hamohang ekani bilan qimmatlidir.

Yana qanchadan-qancha shu xil adabiy-ijodiy maktablarimiz bor. “Yangi avlod ovozi” gurungi faqat milliy adabiyotimizning hozirgi avlodi, istiqlol yillarida maydonga chiqqan ijodkorlar emas, yuz yillik adabiyotimizda chuqur iz qoldirgan adabiy avlodlar, o‘nlab ijodiy maktablar, shu zaminda yuzaga kelgan hayotbaxsh adabiy tamoyil – an’analar haqida o‘ylashga undaydi, yangi o‘zbek adabiyotining keng ko‘lamli fundamental tarixini yaratish zarurligini taqozo etadi. Istiqlolimiz chorak asrlik yoshiga yaqinlashib boryapti, o‘tgan asr poyonida ustoz Ozod aka va kamina tuzgan o‘quv dasturi asosida “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” chop etilgan edi, so‘ng prof. B.Qosimov boshchiligida yangi o‘zbek adabiyotining ilk bosqichi haqida “Milliy uyg‘onish davri adabiyoti tarixi” darsligi ham yaratildi. Til va adabiyot institutida bir necha yillar davomida tayyorlangan ko‘p jildlik “XX asr yangi o‘zbek adabiyoti tarixi”ni esa kutyapmiz. Holbuki, qo‘shni mamlakatlarda, jumladan, Rossiyada XX asr adabiyoti tarixiga oid ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari, maxsus tadqiqotlar paydo bo‘ldi, ularning aksariyati yangicha yo‘lda bitilgan, adabiy jarayon jamiki qirralari bilan ko‘rsatilgan, jumladan, adabiy oqim, maktablar tavsifiga keng o‘rin berilgan. Ular bilan bo‘ylashadigan, ulardan aslo qolishmaydigan ijodiy tajribalarga boy, ko‘pqirrali yangi o‘zbek adabiyoti tarixining tubdan yangicha fundamental tadqiqotini yaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekaniga mazkur adabiy gurung chog‘i yana bir karra iqror bo‘ldik. Adabiy avlod, maktablar xususidagi ayrim chalg‘ishlar, asosan, shunday fundamental tadqiqotlarning yo‘qligi oqibatidir.

“Bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda”, degan savolga deyarli barcha gurung qatnashchilari javoblarida mavjud holatdan qoniqmaslik kayfiyati oshkor bo‘ldi; faqat ijodkorlar emas, munaqqidlar, jumladan, kamina ham shunday fikrdaman. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, hozir munaqqid uchun adabiy jarayonni to‘laligicha kuzatib borish mushkul yumush bo‘lib qoldi. O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 60 yoshga qadar salkam 40 yillik faoliyatim davomida milliy adabiyotimizda paydo bo‘lgan jamiki yangi asarlarni o‘qib, kuzatib borganman, ruscha chiqqan, og‘izga tushgan rus hamda jahon adabiyoti, adabiyotshunosligi asarlari bilan muntazam tanishib turardim. Hozir jahon adabiyotini qo‘ya turing, o‘zimizda matbuot sahifalarida, Internet saytlarida e’lon etilayotgan, yuzlab nashriyotlarda chiqayotgan son-sanoqsiz asarlarning yarmini ham topishga, o‘qishga ulgurolmayman. “Tanqid – saralamoqdir” deymiz, hammasini o‘qimay turib qanday qilib saralaysiz...

Ikkinchidan, bugungi kunning munaqqidi o‘z doirasi, faqat adabiyot dunyosi bilangina cheklanib qolsa, uzoqqa borolmaydi; bugungi adabiy jarayon taraqqiyoti zamonaviy teatr, kino, televidenie, teleserial, Internet, tasviriy san’at, musiqa olami ummonida ular bilan yondosh, hamnafas, hamkorlikda birga kechmoqda. Gapning ochig‘i, bir-ikki munaqqidni, aniqrog‘i, Shuhrat Rizaevni mustasno etganda, so‘z san’ati bilan barobar teatr, kino, tasviriy san’at, musiqa tilini teran anglaydigan, u haqida yozishga qodir adabiy tanqidchi bormi hozir bizda?!

Meni yana bir hol tashvishga soladi. Marhum akademik To‘rabek Dolimov Milliy universitetga rahbarlik qilgan kezlari ustoz Ozod Sharafiddinov bilan bamaslahat O‘zMU filologiya fakultetida ayni shu adabiyotshunos-san’atshunoslik ixtisosligi bo‘yicha maxsus bo‘lim va kafedra tashkil etilgan edi. Milliy madaniyatimiz, adabiyotshunosligimizning hozirgi kuni, kelajagini o‘ylab barpo etilgan mana shu mo‘‘tabar xilqat hozir tugatilish arafasida...

Adabiyot nazariyasi, milliy adabiyot tarixi bo‘yicha yetuk kadrlar, shuningdek, jurnalistlar yetishtirish tizimi shakllangan; loaqal birgina Milliy universitet filologiya fakultetida zamon zayliga mos milliy adabiy tanqidchilar tayyorlaydigan maxsus guruh, qolaversa, ustoz Ozod Sharafiddinov orzu qilgan adabiy tanqidchilik kafedrasi tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Nihoyat, gurung chog‘i o‘rtaga tashlangan har xil “izm”larga, “o‘yin”larga ortiqcha berilib insonning katta harflar bilan yoziladigan DARDidan uzoqlashib ketmayapmizmi, degan iddio ustida to‘xtalib o‘tsam. Buning yoniga DARDning o‘zi taqozo etadigan yana bir bosh harflar bilan yozilishi shart bo‘lgan ILHOMni ham qo‘shgan bo‘lardim.

Keyingi yillarda biz munaqqidlar badiiy ijoddagi yangicha tamoyillar, ifoda usullarining xilma-xilligi, har xil “izm”lar, adabiyotshunoslikka oid yangi tahlil-tadqiqot metodlari ustida ko‘p gapiryapmiz; struktural, poststruktural metodlar asosida asarlarni tahlil etishga urinishlar bo‘lyapti. Bunday tashabbuslar har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Biroq shu jarayonda badiiy shakl, asar strukturasi, poetikasi, ifoda tarzi, usullarining o‘ziga xosligi, betakrorligi hali asar taqdirini belgilovchi yagona uzil-kesil omil emasligini, ko‘pincha, unutib qo‘yayotirmiz. Qanday usul, uslub, shaklda bo‘lishidan qat’i nazar yozuvchi-shoirni qalam olishga undagan, unga tinchlik bermagan, qalbini o‘rtagan cho‘g‘ – chinakam ichki bir dard, munaqqidni hayajonga solgan beqiyos ruhiy holat – ilhom haqida gapirish “moda”dan qolganday tuyuladi menga. Holbuki, keyingi yuz yillikda o‘zimizda yaratilgan “O‘tkan kunlar”, “Sarob”, “Qutlug‘ qon”, “Ufq”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Muvozanat”, “Go‘ro‘g‘li”kabi romanlar shakl-shamoyilidan qat’i nazar, avvalo, ularni ichdan yoritib turgan o‘sha yolqin – ayni teran ijtimoiy dard va bemisl ilhom ekani bilan kitobxonlar qalbidan, binobarin, adabiyotimiz tarixidan muqim o‘rin olganligiga hech kim e’tiroz bildirolmaydi. Faqat romanchilik emas, hikoya, qissa, lirik she’riyat, doston, daramaturgiyadan ham bu xil misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ular qarshisida “yangi”likka da’vo qilingan, “yangi”lik qoliplariga solib yasalgan hissiz, dardsiz, sun’iy bitiklarning asl basharasi shundoq ko‘rinadi-qoladi.

Qisqasi, muayyan kam-ko‘stlariga qaramay “Yangi avlod ovozi” gurungi ham ijod ahlini, ham munaqqid – adabiyotshunoslarni bir qadar hushyor torttiradi, bu tashabbus istiqloldan ruh olib yangi bosqichga ko‘tarilgan, yanada kengroq miqyoslarga shaylanayotgan milliy adabiyotimizning kechagi kuni, buguni va ertasi xususida jiddiy o‘ylashga undashi bilan Sizu biz uchun qimmatlidir.

“Sharq yulduzi” jurnalining 2013 yil, 1-6-sonlaridan olindi.

-------------------------

[1] Юқорида номлари саналган 80-йиллардан кўзга кўрина бошлаган шоирлар назарда тутилаётган бўлса керак. Таҳририят изоҳи.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.