OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zikir Muhammadjonov: «Zamonaviy asar sahnada yaraladi» (2010)

O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov zamonaviy o‘zbek milliy teatr san’atining yirik namoyandalaridan biri. To‘qson yoshni qarshi olayotgan taniqli san’atkorimiz hamon sahnada. Yetmish yildirki, turfa xil qahramonlar hayotini yashab kelayotgan aktyor o‘zbek teatr san’atining jonli solnomasiga aylangan, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalqaro teatr bayrami arafasida tabarruk yoshdagi san’atkorimiz bilan yosh aktyorlar, rejissyorlar va dramaturglar ijodi, umuman, teatr va teatr xodimlarining burch va vazifalari to‘g‘risida suhbat qurdik.

— Zikir aka, atoqli ustoz san’atkor, ko‘pni ko‘rgan inson sifatida o‘zbek teatri bugungi ijodiy barkamollik davriga qanday yetib keldi, deb o‘ylaysiz?

— Teatrning bir ajib xususiyati bor: u vaqti-vaqti bilan yangilanib va tozalanib turadi. Shuning uchun biz xohlaymizmi-yo‘qmi, u o‘z vazifasini unutmasdan, jamiyatga ezgulik va yorug‘lik baxsh etishga intilaveradi. Teatr shunisi bilan hodisa.

Juda ko‘p davlatlarda bo‘ldim. Ularning teatr san’atini kuzatdim. Shuni bilib qo‘yish kerakki, xorijiy davlatlarning aksariyatida teatr teatr uchun xizmat qiladi. Lekin o‘zbek teatri boshqacha. Bizning teatr, avvalambor, ma’naviyat uchun xizmat qiladi. U insonni ulug‘laydi va uning taqdiri haqida qayg‘uradi. Qahramonlarimiz umr bo‘yi o‘zining kimligini bilish uchun izlanadi.

Yodimda, o‘tgan asrning oxirida O‘zbekistonga mehmon bo‘lib kelgan mashhur ingliz rejissyori Piter Bruk shunday degan edi: “O‘zbek teatri va uning aktyorlaridan ko‘p narsani o‘rgansa bo‘lar ekan. Teatr doimo buloqdek toza bo‘lib, insonning qalbini o‘zbek sahnasidek yoritib turishi kerak ekan”.

Teatr san’atimizni shu e’tirofga Yetim Bobojonov, Toshxo‘ja Xo‘jaev, Aleksandr Ginzburg kabi mashhur sahna yulduzlari tajribalarini qadrlagan, ular bilan yonma-yon, hamnafas ijod qilgan, ustozlarning shijoati, sahna ijodiga bo‘lgan muhabbatini unutmagan aktyor va rejissyorlarimiz olib chiqqan.

— Teatr san’atkordan doimiy ravishda izlanib, fidoyilik ko‘rsatib, hayot talabini, odamlar kayfiyatini sezib yashashni talab qiladi, degan gap bor. Sizning bu boradagi fikringiz qanday?

— To‘g‘ri aytasiz. Afsuski, ayrim aktyorlarning biror esda qolarli rol o‘ynay olmay sahnani tark etgan hollari ham bo‘ladi. Lekin shuni ham unutmaylikki, teatr tarixida iz qoldirgan ko‘plab aktyorlar u yoki bu spektaklda faqat qahramonlarni ijro etganlari uchun san’atkor bo‘lib qolmaganlar. Ular o‘zlariga berilgan ushoqqina, epizodik rollarga ham ijodiy taqdirlarini hal qiluvchi bir imkonsifatida yondashganlar. Iste’dodli aktyor epizodik rolda ham bosh rol ijrochisini soyada qoldirib ketadi. Shu o‘rinda men ustoz Mirshohid Miroqilovni aytishim mumkin. Bu aktyor sahna tarixida aynan shu kichik rollari bilan muhrlanib qoldi. Ya’ni, gap rolning katta-kichigida emas.

— San’atkor hamisha el e’tiborida. To‘ylar, ustma-ust reklama roliklarida qatnashishlar, avvalo, uning saviyasi, qolaversa, obro‘yini pasaytirayotgandek bo‘lib tuyuladi. Siz bunga nima deysiz?

Bunga o‘zimiz aybdormiz. Bilasizmi, ayrim yosh hamkasblarimga qarab gohida juda achinaman. 10-12 soatlik ish vaqtida shoshgancha radio-televideniega yugurishadi, ketma-ket to‘yga borishadi. Ochig‘i, shu to‘ylar teatr ijodkorlarining obro‘sini tushirib qo‘ydi. Buni tan olish kerak. To‘yda aksariyat aktyorlar o‘zlarini nazorat qilolmaganlari tufayli teatrda erishilgan hurmat va e’tibor bir zumda yuvilib ketyapti. Bizning ishimiz nozik. Taniqli aktyorlarning reklama roliklarida ekranda paydo bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlarini va ichimliklarni targ‘ib qilishlari ham to‘yga yugurish bilan barobar. Shuni yodda tutish lozimki, yuksak san’at bachkanalikni yoqtirmaydi.

Bunday hollarga ruju qo‘yish meshchanlikka olib keladi, meshchanlik esa saviyasizlikka yetaklaydi. Bundan ehtiyot bo‘lish kerak.

Biz teatr san’atkorlariga noyob bir vazifa in’om etilgan, u ham bo‘lsa tomoshabinlar qalbiga kirib borib, ularning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazish. Bu ish faqat haqiqiy san’atkor va katta mo‘‘jizaviy kuchga ega bo‘lgan teatrning qo‘lidan keladi. Teatrda yaxshi asar tomoshabinni o‘ylantiradi, uni hayajonga soladi, ruhiy olamini yangilaydi. Aynan shu narsa haqiqiy sahna san’atining vazifasi.

Agar e’tiborga loyiq zamonaviy drama asarlari rejissyorni qoniqtirmasa, unda o‘zbek va jahon klassik asarlariga murojaat etgan ma’qul. Klassikada gap ko‘p. Aslida teatrni teatr qilib ushlab turgan narsa klassik asarlar bo‘ladi.

Ayni vaqtda iste’dodli dramaturglar bilan birga zamonaviy mavzular ustida ham tinimsiz ish olib borish lozim. Teatrni teatr qiladigan bu — zamonaviy mavzu. Bizning bugungi hayotimizda esa buning uchun qancha-qancha mavzular mavjud.

Ya’ni, zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish oldimizda turgan dolzarb masaladir. Vatan mustaqilligi, ravnaqi yo‘lida umrini baxshida etayotgan qahramonlarimiz sahnada o‘z o‘rinlarini topishlari kerak. Bunda ko‘p narsa dramaturgning mahoratiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Haqiqiy zamonaviy asar teatrning o‘zida yaratiladi. O‘ziga juda ishonib yuborgan dramaturglarni ko‘rganimda, bir voqea yodimga tushadi. Jahon dramaturgiyasining otasi Uilyam Shekspir do‘sti, aktyor va dramaturg Ben Jonsonga vafoti oldidan shunday gaplarni aytgan ekan: “Har bir asarimni teatrga taqdim etar ekanman, meni chuqur hayajon va qo‘rquv bosadi. Yaratgan asarimda biror-bir nuqson yoki kamchilik yo‘qmikan, dramaturgiya qonun-qoidalariga, sahna talablariga javob berarmikan, muqaddas sahnaga mening asarim loyiqmikan, degan shubha meni qiynayveradi. Bu shubha va hayajon so‘nggi nafasimgacha tark etmadi, shundan baxtiyorman”. Qarang, Shekspirni Shekspir qilgan mana shu o‘zidan hech qoniqmaslik hissi emasmi?

— O‘zbek teatrining ertangi kuni, uning kelajagi albatta, ko‘p jihatdan yosh aktyorlar va rejissyorlarning iste’dod va izlanishlariga bog‘liq. Ularga qanday tilaklaringiz bor?

— Salkam o‘n yil burun, Milliy teatrimiz yangi binosining ochilish marosimida muhtaram Prezidentimiz yosh teatr ijodkorlariga: “Sizlar o‘zbek teatr san’atimizning eng yaxshi an’analarini asrab-avaylab, rivojlantirib, kelajak avlodlarga yetkazasiz. Milliy va umumbashariy qadriyatlarni tarannum etuvchi yetuk asarlaringiz bilan xalqimiz madaniyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shasiz”, degan edilar. Endi bundan ortiq gapni aytish qiyin. Mana, bugun respublikamizda yosh rejissyorlarning “Debyut — 2010” festivali o‘z ishini boshlayapti. Bunday festivallar avvalgi yillarda ham juda samarali bo‘lgandi. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekteatr” birlashmasi bunday tadbirlarni uyushtirib, yosh rejissyorlarga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. O‘tgan festivallarda o‘zini namoyon etgan rejissyorlar bugun teatr san’atini harakatga keltiruvchi kuchlarga aylanyapti. O‘ylaymanki, bu gal ham ushbu festival yosh va iste’dodli rejissyorlarni kashf etib, milliy rejissura maktabini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Yosh rejissyorlarga omad yor bo‘lsin, deyman. Barcha hamkasblarimni Xalqaro teatr kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ahmadjon Rahimov,

san’atshunos

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.