OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiqor Musoqov: “Har kamchilikning o‘z egasi bor” (2011)

“Kino — men uchun jur’at! Nomiga film olish qiyin. Boshimdan o‘tdi. 2004 yili tirikchilik deb, Moskvada “Svoy chelovek” nomli teleserial oldik. Muhimi, qilgan ishingiz yurakda qandaydir iz qoldirishi kerak ekan”.

Suhbatdoshimizning iqrori meni hayratga soldi. Ijodkor o‘z faoliyatini sarhisob qilar ekan, yaratgan barcha asarlarini o‘zining ijodiy mulkiga qo‘shgisi kelmadi. Garchi fe’li biroz jizzaki ko‘ringan, tig‘dor fikrlari bilan kishini bir qadar hayiqtirgan bu rejissyorning bisotida osmon “bolalari”, yaponlarni lol qoldirgan qizaloqlar, ezgulik ulashuvchi “kichkina tabib”lar bor.

Ha, angladingiz, bu — Zulfiqor Musoqov. U o‘z film­laridagi har bir epizod, har bir detalga alohida mulohazakorlik bilan yondashadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning qahramonlarini sog‘inib kutamiz, qayta-qayta ko‘rishdan zerikmaymiz...

Dramaturg Sharof Boshbekov: “hayotiy asar” deb ko‘p gapiramiz. Chin ijodkor o‘zi yaratishi, hayotdan olmasligi lozim. Hayotda sodir bo‘lgan voqeani “Yaratdim!” deyish, to‘g‘ri emas”, — deydi. Bugun esa, faqat hayotiy syujetlar emas, balki asar sifatida taqdim etilayotgan aksariyat “ijod” mahsullarining o‘zaro bir-birini takrorlashi tabiiy holga aylandi. Yaqinda bir gap qulog‘imga chalindi: “Kichkina xo‘jayin” deb nomlangan ekran tomoshasi namoyishiga qanday film olmaslik kerakligini ko‘rsatish uchun ruxsat berilibdi...”. Ajabo! Nahotki, rejissyorlar “mahorat maktabi”ni o‘tash uchun ekranni suiiste’mol qilishlari kerak? Bunday chig‘iriqlar ekrangacha bosib o‘tilmasmidi? Yoxud bu ham o‘zini oqlashning bir ko‘rinishimikin? To‘g‘ri, atoqli Yozuvchilardan biri “Eng yomon Yozuvchilar — mening ustozlarim”, deganida ayni shu holatga ishora qilgan. Ammo san’at saroyiga kelayotgan tomoshabin filmdan ko‘zlangan asl “maqsad”ni har doim ham to‘g‘ri ilg‘ay olarmikan?

Zulfiqor Musoqov bilan suhbatimiz kinoning ana shunday og‘riqli nuqtalari, rejissyorning bugungi o‘ylari haqida bo‘ldi.

— Zulfiqor aka, Qamara Kamolovaning “Birovning baxti”, “Ertaga chiqasanmi?” nomli filmlarida suratga tushgan ekansiz. Bilishimizcha, tomoshabinga sizning aktyor sifatidagi faoliyatingiz qorong‘i.

— U davrda kino men uchun yoshlarga xos qandaydir havas, bir ermak edi. Bu, qani endi, ko‘chada meni birov tanisa, degan bir talabalik kasalligidek gap. Siz aytgan rollar mening hayotimda na bir katta mazmunga, na bir alohida o‘ringa ega. Ularni tomoshabingina emas, hatto o‘zim ham unutib yuborganman. Shunday ekan, aktyorlik tajribasi haqida gapirsam, nokamtarlik bo‘lar.

Kinoga muhabbatim 9-sinfda o‘qiyotganimda, uyimizning yonida — Qumloq, Chuvalachi ko‘chalarida Aleksey German “Urushsiz 20 kun” nomli film­ni suratga olayotgan kunlari paydo bo‘lgan. Hatto, o‘sha kinoda olisdan chopib o‘tib, 6 so‘m ishlaganman.

— Filmlaringizdagi har bir ko‘rinish, har bir xatti-harakatga o‘ylab, ehtiyotkorona yondashasiz. Ayniqsa, bolalar bilan ishlashda. Bugun ekrandagi jaholatni ko‘rib dahshatga tushadi kishi: pichoq suqish, bo‘g‘izlash sahnalarini yirik kadrlarda ko‘rish mumkin. Sizning filmlaringizda esa, bola ust-boshini qoqib, qornini changallaganidan musht yeganini ang­laymiz. Jarayon tomoshabinga havola etilmaydi...

— Hozir ko‘p “film”lar video oluvchi vositalarda suratga tushiriladi. Aslida ularni film deb atash ham noto‘g‘ri. Hozir bunday havaskorlik illati butun dunyoda tendentsiyaga aylandi. Ochig‘ini aytganda, bugun film olayotgan havasmandlarga puldan boshqa hech narsa kerakmas. Aminmanki, qo‘lbola kino yasovchilarga yaxshiroq haq to‘lab boshqa ish taklif qilishsa, ertagayoq kinoni yig‘ishtirib qo‘yishadi. Beysbolka kiyib, monitorga qarab, “Motor!” deb baqirishni bilgan bilan rejissyor bo‘lib qolinmaydi.

Birinchi filmim “Abdullajon”ni o‘ttiz bir yoshimda olganman. Ungacha “Qaldirg‘och”, “Sud kuni”, “Askarlar ertagi” kabi qisqa metrajli filmlar ishladim. U vaqtda katta kino haqida umuman o‘ylamagandim. Chunki san’at asari yaratish uchun odamda qandaydir matonat, men yaratayotgan film­larim bilan tomoshabinlarning xulqini buzib qo‘ymayapmanmi, ularning tabiatiga zid ish tutmadimmi, degan istihola, qolaversa, o‘sha narsaga ma’naviy huquq kerak.

Televidenieda kinoga bag‘ishlangan beshta ko‘rsatuv bor: “Kinoteatr”, “Kinomaniya”, “Kinotaqdim”, “Afisha”, “Kinokurer”. Sizni studiyaga taklif qilishadi-yu, fikrlaringizning 90 foizini kesib tashlashadi. Efirning aksariyat vaqti tijorat tomoshalariga ajratiladi. Oldi-qochdi filmning aktyor-rejissyorlari qolib, qo‘yib bersa, qorovulini ham ko‘rsatadi. Yashirin reklama. Buning zamirida esa, o‘zingizga ma’lum, pul yotibdi. Har bir kamchilikning o‘z xo‘jayini bo‘ladi.

— Ammo borgan sari durus­tgina siljish bordek. Birgina “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan yillik konferensiyalarni kuzatib bunga amin bo‘lish mumkin. Jumladan, “Suv yoqalab”, “Postskriptum”, “So‘nggi lahza”, “Narigi sohilda”, “Qarzdor”, “Kechikkan hayot” filmlari...

— Farq bor. Biroq aksariyat yutuqlarimiz paradoksal holatda qo‘lga kiritiladi. Yolqin To‘ychievning “Chashma” filmi namoyishi oldidan: “Ancha sust film bo‘libdi”, degan fikrni aytishdi. Men: “Avval o‘zim ko‘ray, keyin o‘z fikrimni aytaman”, dedim. Ko‘rgach: “Kechirasizlar, o‘rtoqlar, bu — juda yaxshi film. Festivallarga yuboradigan film. Oldi-qochdi emas, odamning ichki dunyosi haqida...” degandim.

— Mavzuni qanday tanlaysiz? Filmlaringizning syujeti bir-biridan tamomila farqli.

— “Lip” etib chiqib qoladi. Bir misol. Bahodir Odilov mening ssenariyim bo‘yicha “Dallol” filmini suratga olayotganda, kinorejissyor Jahongir Qosimov bilan suratga olish maydonchasiga bordik. Boshqa xonaga kirib “Bomba”ning ssenariysini yoza boshladik. Ijodga tashna paytimiz edimi, gohida qog‘ozga ham imkon topolmay, qalam bilan eski gazetalarga ssenariyni qoraladik. Qanday yozilganini bilmay ham qoldim. Bizning omadimiz — u davrda o‘sha ssenariyning film bo‘lishiga ishonuvchi odamlar bor edi.

— Filmlaringiz fantastik voqealarni aks ettirishi bilan ajralib turadi. Ammo so‘nggi “Oy ostidagi hovli” filmingiz ijodingizda yangi burilish bo‘ldi.

— Bilasizmi, agar rejissyor sifatida o‘n to‘rtta film yaratgan bo‘lsam, ko‘pchilik “Abdullajon”, “Bomba”, “Kichkina tabib”, “Yaratganga shukr” film­larini ko‘rib, meni xayo­liy-fantastik filmlar rejissyori, deb o‘ylaydi. Vaholanki, “Osmondagi bolalar”, “Oyijon” — realistik filmlar. “Vatan” umuman boshqa. “Qo‘rg‘oshin” deb nomlangan nav­batdagi filmim esa mutlaqo o‘zgacha yo‘nalishda.

Yaponlarda har doim qog‘ozga bitta rasmni qayta-qayta solaversa, qalam o‘tmaslashib ketadi, degan ilmoqli gap bor. Shuning uchun men ma’lum bir qolipga tushib qolishni xohlamasdim.

— San’at va kinosanoatning tafovutli va mushtarak tomonlarini nimalarda ko‘rasiz?

— Kino sanoati yo‘q bizda. Bitta diskni chiqarib, kassa oldida tomoshabinlarni kutib o‘tirish bu hali kino sanoati emas. Birorta xususiy kinostudiya katta plyonkada ishlay olmaydi hali. Bu — katta, ko‘p pog‘onali jarayon...

Men xususiy kinostudiyalar faoliyatiga mutlaqo qarshi emasman, faqat sifat-saviya masalasi, madaniyat masalasi u studiyalarda ancha oqsoq. Kino sanoatini yo‘lga qo‘yish — katta jarayon. Unga bosqichma-bosqich erishiladi.

To‘g‘ri, xususiy studiyalar faoliyati — alohida katta mavzu. Ularda ishlanayotgan film­lar orasida yaxshi asarlar uchrashini ham inkor eta olmaymiz. Afsuski, ular sanoqli... Tomoshabin bugun komediyadan (agar ularni komediya deb atay olsak) boshqa janrni qabul qilolmayotgani achinarli holat. Ehtimol, “Xaridor hamisha haq” naq­lini eslatib o‘tarsiz... ammo san’at asari deb nomlanayotgan mahsulotni bozor qoliplariga solib qo‘yish qay darajada to‘g‘ri bo‘larkin?..

Darvoqe, Zulfiqor Musoqov qish mavsumida uzoq kutilgan yangi film ustida ish boshladi. Urushdan keyingi yillarni aks ettiruvchi ushbu film “Qo‘rg‘oshin” deb nomlangan. U ijodkorning o‘sha davrga bo‘lgan badiiy qarashi, munosabatini qamrab oladi. Film­da Bobur Yo‘ldoshev, Kristina Toirova, Otabek Musayev, Nigora Karimbekova, Fatxulla Ma’sudov, Yuriy Nek­rasov kabi aktyorlar suratga tushmoqda.

“Kino dunyosi va dunyo kinosi” maydonida ikki taraflama jang ketayapti: biri olomon e’tibori uchun, ikkinchisi uchun esa o‘zining intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazadigan ijodiy laboratoriya. Lekin bu kurashda birinchi maydon ancha kengroq, jarayonlar shiddatliroq. Ana shunday vaziyatda ham o‘z didi va imkoniyatlaridan oqilona foydalana olayotgan ijodkorlarimizning borligi o‘zbek kinochiligining yutug‘idir.

Zabarjad Bobojonova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.