OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulbadan begim

Gulbadan begim Zahiriddin Muhammad Boburshohning Dildor begim nomli xotinidan tug‘ilgan uchinchi qizidir. Gulbadan begim 1523 yili Kobulda tug‘ilgan. Uning onasi Dildor begimning haqiqiy ismi — Soliha Sulton begim bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoping amakisi Sulton Mahmud Mirzoning qizi edi. Gulbadan begim otasn Bobur podshohning farmoniga ko‘ra katta onasi, ya’ni Humoyun Mirzoning onasi — Mohim begim qo‘lida tarbiyalanadi. Mohim begim Bobur podshohning eng sevikli katta xotini, hukmdorning xotinlari orasida eng oqila va bilimdoni edi. Binobarin, 1525 yili Gulbadan begimni Mohim begim o‘z tarbiyasiga oladi. Gulbadan begim har ikkala onasini ham samimiy e’zozlagan. U o‘z asarida onasini «Dildor begim» deb, Mohim begimni esa «onam hazratlari» deb tilga oladi.
Gulbadan begim 1529 yilgacha Kobulda yashaydi. Bobur Hindistonni qo‘lga kiritgach, Mohim begim bilan birga podshoh otasining huzuriga—Agraga boradi. Otasi Bobur vafotidan so‘ng, akasi Humoyun podshoh saroyida yashaydi. 1539 yilda Gulbadan begimni Xizr Xo‘jaxonga turmushga chiqaradilar. U bir o‘g‘il ko‘radi, ismini Saodatyor deb ataydilar. 1556 yili Humoyun podshoh vafotidan so‘ng saltanat taxtiga uning o‘g‘li Jaloliddin Akbarshoh (1542—1605) o‘tirgach, shohning onasi Hamida bonu bilan Gulbadan begim saroyga — Dehliga qaytib keladilar. Ana shundan so‘ng, Gulbadan begim to umrining oxirigacha jiyani Akbar podshoh saroyida yashaydi.
Gulbadan begim o‘z zamonasining oqila, donishmand ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning «Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz»,— degan ishorasiga muvofiq, «Humoyunnoma» nomli ajoyib va muhim tarixiy asarini yozishga kirishadi. «Humoyunnoma» Bobur podshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo‘lib, mantiqan «Boburnoma»ning davomidir. Bu asarning muhimligi yana shundaki, «Boburnoma» asaridagi ayrim voqealarning kelib chiqish sabablari mukammal ochib beriladi.
Gulbadan begim o‘z asarida saroy ahlining hayot tarzi, shuningdek, tarixiy asarlarda uchramaydigan Bobur podshoh xonadonining nozik xususiyatlari, oilaviy sharoitlari, to‘y va aza bilan bog‘liq udumlar, uy-ro‘zg‘or asboblari, kiyim-kechak turlari kabi jihozlar haqida mufassal hikoya qiladi. Ammo, afsuski, asarning oxirgi qismi o‘sha zamonning suronli yillarida yo‘qolib ketgan.
Mir Mahdi Mirzoning «Tazkirat ul-havotin» asarida keltirilgan «Sevgisiz hayotda ma’no yo‘q» mazmunidagi ikki baytiga qaraganda, Gulbadan begimning g‘azaliyotdan ham xabari bo‘lgan.
«Akbarnoma» asarining muallifi Abul Fazlning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1575 yilda Gulbadan begim Ka’batullo ziyoratiga jo‘nab ketadi va 1582 yilda ko‘p qiyinchiliklar bilan ziyoratgohdan qaytib keladi. Abul Fazlning yozishicha, Gulbadan begim 1603 yilda 80 yoshida vafot etadi. Akbar podshoh uni katta hurmat va ehtirom bilan dafn etdiradi. Akbar podshohning o‘zi Gulbadan begim tobutini o‘g‘il sifatida ko‘tarib, dafn marosimida o‘g‘illik burchini e’timomiga yetkazadi.

Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.