OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Amir Haydar

Amir Haydar ibn Shohmurod 
(1800-1826)

Mang‘itlardan bo‘lgan Buxoro amiri. Uning hukmronlik yillarida mamlakatda notinchlik hukm suradi, ya`ni markaz va viloyatlar hamda kechagina viloyat maqomida bo‘lgan, lekin endilikda alohida siyosiy birlik - xonlikka aylangan Xiva va Qo‘qon bilan qarama-qarshiliklar avjiga chiqadi va mamlakatda har 3-6 oyda uzluksiz ichki urushlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib turgan. Miyonkol, Shahrisabz, Karki, Marvdagi mahalliy kuchlar yana o‘z boshimchalik qila boshlaganlar. Chunonchi, Marvni boshqarib turgan Dinnosirbek (amirning ukasi) Xiva xoni Eltuzar ko‘magiga ishonib, bosh ko‘taradi. Amir Haydar uchun bu nihoyatda havfli holat edi. Chunki, bu shunchaki bir viloyatning markazga bo‘yin egmasligi emas, balki rasmiy sulola namoyondasining mintaqadagi raqiblardan – xivaliklar bilan til biriktirib, oliy taxtga qarshi harakati edi. Shuning uchun ham Amir Haydar unga qarshi lashkar tortadi. Dinnosirbek bas kelolmay Mashhadga qochadi. Shohmurod davrida bo‘lganidek Amir Haydar Marvni egallagach, mahalliy aholining bir qismini Zarafshon vodiysiga ko‘chirtirib, bu yerga turkmanlarni o‘rnashtiradi.
Buxorodagi ichki ziddiyatlardan Xiva xonligi bundan keyin ham foydalanishga ko‘p uringan. Xususan Dinnosirbekka yordam berish bahonasida Buxoro amirligi hududiga kirib borgan Eltuzarxondan so‘ng 1821-1825-yillari Amir Haydar Miyonkolda xitoy-qipchoqlar isyonini bostirish bilan ovvoraligida Xivaliklar Chorjo‘y va Marvga harbiy yurish uyushtiradilar. Xivaliklar xatto Marvni zabt etishga ham muvaffaq bo‘lganlar. Bungacha ham amirlikning Sharqiy qismida ancha yo‘qotishlar va o‘zgarishlar bo‘lgan. Masalan, Qo‘qon hukmdorlari 1805-yili Xo‘jandni, 1809-yili Toshkentni, 1816-yil esa Turkistonni ishg‘ol etib, xonlik doirasiga kiritadilar. 1806-1813-yillari O‘ratepa, 1806-yili Jizzaxga, 1821-yili Samarqandga tahdid solganlar. Xullas, Amir Haydar hukmronligi ancha tahlikali bo‘lib, markaziy hokimiyat qudrati susaygan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.