(1102-1130)
Qoraxoniylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori. To‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon Dovud Kuchtegin ibn Tamg‘achxon Ibrohim. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning o‘g‘li. 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgani tufayli taxtni o‘g‘illari - dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan boshqargan.
Samarqand saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-yil 13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natilgan va o‘sha yerda ko‘p o‘tmay vafot etgan. U Marvdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurilgan. Masalan, Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.