(1845-yil – Xiva – 1910-yil)
(1864-1910)
Xiva xoni; shoir va bastakor. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil ko‘rgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim Doiy, Yusufxo‘ja oxun va boshqalardan o‘rgangan. Ogahiy Muhammad Rahimxon II - Feruzga ustozlik qilgan, unga she’riyat sirlarini o‘rgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan. Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan so‘ng (1864) Xiva taxtiga o‘tirgan.
1873-yil Xiva xonligiga K.P.fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya qo‘shini hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873-yil 12-avgust)ga ko‘ra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram bo‘lib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘plagan. Ogahiy, Komil, Tabibiy va boshqalar ta’sirida o‘zi ham Feruz (baxtli, g‘olib) taxallusi bilan she’rlar yozgan. U qoraqolpoqlarni boshqarish uchun “Qoraqolpoq ulus”ini shakllantirgan. Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirgan.
Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi “Majmuat ush-shuaro” tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan. Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Feruz 1871-yil Ko‘hna Ark qarshisida o‘z nomi bilan ataluvchi 2 qavatli madrasa qurdirgan (Muhammad Rahimxon madrasasi). Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrug‘iga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq “Xon arig‘i” deb ataladi.
1874-yili Feruz Rossiyadan 2 ta litografiya (kitob bosuvchi) mashinani sotib olib, Turkistonda ilk marotaba kitob chop etishni yo‘lga qo‘ygan. Uning topshirig‘iga ko‘ra bir qator tarixiy va sharqona didaktik asarlarni o‘zbek tiliga o‘girish bo‘yicha katta ishlarni amalgam oshirgan. Masalan, “Tabariy tarixi” (12 jildda), “Shayboniynoma”, “Zafarnoma”, “Eron tarixi”, “To‘tinoma” (to‘ti tilidan ertak tarzida hikoya qilingan nasihatlar kitobi) “Maorifnoma” kabilar. Muhammad Rahimxonning yozgi qarorgohi Tozabog‘da nodir kitoblar saqlanib Rossiyaning sharqshunos olimlarining etiborini tortgan va ular bu yerga ana shu nodir kitoblarni o‘rganish, tarjima qilish va ko‘chirish uchun atayin kelishgan. Muhammad Rahim Bohodirxon butun O‘rta Sharqda tengi topilmas boy kutubxonaga asos solgan. Uning topshirig‘iga ko‘ra yozilgan mamlakat tarixi Buxoro va Qo‘qonda bitirgan huddi shunday tarixlardan musoffoligi va ishonarligi bilan o‘ta darajada yuqori saviyada edi.
Feruz mumtoz she’riyatning an’anaviy janrlarida lirik she’rlar yaratgan. She’rlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Inson va hayot, sevgi va sadoqat Feruz ijodining g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy bo‘yoqlarga boyligi va shaklan rang-barangligi bilan ajralib turadi. Uning ko‘pchilik g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan. She’rlariga “Devoni Feruz” nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta ko‘chirilgan (1900). Feruzning o‘zi Pahlavon Mahmudning 350 ruboiysini qo‘lda ko‘chirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. “Navo”, “Dugoh”, “Segoh” maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan. Feruz Said Mahruyjon majmuasidagi Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan.