OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Iste’fodagi polkovnik (hikoya)

Bu yigit bizning davramizga keyingi bir-ikki yil ichida qo‘shildi. Yurtdoshlik tuyg‘usimi yoki bir vaqtlari tuman gazetasida ishlaganini hisobga olibmi, kimdir uni davramizga yetaklab keldi. Bungacha men uni bir-ikki bor shaharda shaxsiy “Volga”sida yurganini ko‘rganman va oshnalarning biridan “Volga”ni kim olib bergan?” deya so‘raganimda, “O‘zi Afg‘onistondan olib kelgan” deyishuvdi. Keyin u mashinasini yuzta qo‘yga almashtirdi.Tumanda ishlari yurishmadi,shekilli,viloyat markaziga kelib, qanaqadir firma ochdi. Xullas, bizning ola-quroq davramiz yana bir dashtlikka ko‘paydi. Gurunglarda u goho Afg‘oniston haqida so‘zlab qolar, shunda men uning qo‘shni davlatdagi guruhlarni, u yerdagi vaziyatni yaxshi bilishidan hayratlanardim.Biroq u bu mavzuda gapni kalta qilar, savol bersangizgina javob qaytarardi.

Bir kuni ishdan qaytayotsam Murod(yangi tanishimning ismi shunday ekan) duch kelib qoldi va bittadan pivo ichishga taklif qildi. Pivo icharkanmiz, u mendan bir masalada yordam berishimni so‘radi. Yonidan guvohnomasini chiqarib ko‘rsatdi: u sovet armiyasining sobiq zobiti, ikkinchi guruh nogironi ekan.Ajablandim.

– Soppa-sog‘ odamga o‘xshaysiz-ku? – dedim kulimsirab.
– To‘rt joyimdan o‘q yeganman. Asabim chatoq.
– Nima yordam kerak?
– Nafaqamni berishmayapti.
– Kim?
– Ijtimoiy ta’minot bo‘limining boshlig‘i. U ham sizga o‘xshab shubhalanayapti.
– Bo‘pti. Agar siz haq bo‘lsaniz, nega bermas ekan?– dedim.

Masala poytaxtga bog‘liq bo‘lib qolgan ekan,birga borishga kelishdik.Oradan hafta-o‘n kun o‘tgach, birgalikda yo‘lga otlandik.

Men aralashmasimdanoq nafaqani beradigan bo‘lishdi.Kayfiyat chog‘.Bir-ikki hamqishlog‘u hamkasblarni ziyorat qilib, kechki poezdga bilet olib qo‘ydik. O‘zimning yumushlarimni ham bitkazdim.

Kechqurun gazetada ishlaydigan bir shoir do‘stimizni yetaklab, biroz dam olish niyatida shaharning qoq markazidagi pivoxona kirdik. Sigareta tutini, tuzlangan baliq isini shimirib, chekkaroqdagi stollardan biriga o‘rnashdik.Shovqin-suron, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, it egasini tanimaydi. Bular kamdek magnitafondan baland ovozda qo‘shiq yangrayapti.Xuddi xorij filmlaridagi o‘xshash manzara: lab-lunjini ola-chalpoq qilib bo‘yab olgan qiltiriqqina xizmatchi o‘ris juvon pivo, sho‘rdanak va yana ul-bul keltirdi. Guyo cho‘ldan chanqab kelgan odamday yaxtaygina pivodan simirdik. Bir zumda badan yayrab, miya qiziy boshladi. Men suhbatdoshlarimni bir-biriga tanishtirdim: hali mashhur bo‘lib ketadigan shoir, talantli jurnalist va asli qalamkash, sobiq afg‘onchi zobit, “Erkin” firmasining direktori...

Adabiyot,she’r, siyosat haqida gap bordi.Shoir she’r yozolmay qolganini aytdi.
– Yillar davomida mustaqillik haqida, erkka chorlovchi she’rlar bitdik, – dedi u. – Qarangki, bugun yurtimiz mustaqil bo‘lganida kallamga biron satr kelmaydi. Guyo barcha orzuimiz ushalganday. Menimcha, shoir ahli mustaqillik shabadalaridan esankirab qoldiyov!

– Kelinglar,o‘zimizning gaplardan gaplashaylik,– dedim yon-tevarakka bir nazar tashlab. Atrofimizdagilar esa birovni tinglaydigan holda emasdi. Yonimizdagi stolda to‘rt nafar mo‘ylovli, qora ko‘ylak kiygan yigit ajnabiy tilda boyadan beri biri-biriga gal bermay chug‘urlashardi.

– Afg‘on ofitserlari,– dedi menga qarab boyadan beri ularning so‘zlarini tinglab o‘tirgan Murod.

– Tushunasizmi? – Ajablanib so‘radi shoir.

–E, bularning hamma lahjasini bilaman . Uch yil shularning orasida umrim o‘tdi-ku!

Shu payt barda u yoqdan bu yoqqa maqsadsiz kezib yurgan qizni “afg‘on”lardan biri imlab chaqirdi.O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi gung qiz, har kech kunda-shundalardan, shekilli, kulimsirab yigitlarning oldiga keldi. Yigit qizga o‘ng betini tutib, o‘pishga ishora qildi. Qiz o‘pdi.Yigit unga mukofot tariqasida pul berdi va endi labini cho‘chchaytirib “o‘p” deya imladi. Qiz endi yigitning lablaridan o‘pdi. Shunda yigit qizning belidan qo‘lini o‘tkazib, o‘ziga tortdi.Bu manzarani butun bar ko‘rib turar, kimdir g‘ijinar, ammo hech kim zabardast zobit yigitlarning kayfiyatini buzgisi kelmas, aniqrog‘i, jur’at qilolmasdi.

Shunda men Murodning asablari buzilayotganini sezdim va unga qarab boshim bilan “ha” ishorasini qildim. U krujkadagi pivoni oxiriga qadar simirib yubordi-da, o‘rnidan turdi. Men biron kor-hol bo‘lmasin, deya izidan ergashdim.

Barning to‘ridagi stollardan birida bo‘yinbog‘ taqqan basavlat janoblar o‘tirishardi. Murod ularning oldiga yaqin borib, salom berdi. Afg‘onchalab “Men polkovnik Murodman” dedi. Savlatidan ot hurkadigan janoblar shoshib qad rostlab, soldatdek tik qotdilar.

– Ana u yerda ofitserlaringiz ichib olishib, maynavozchilik qilayapti!

Ular afg‘onchada bir-birlariga nimadir deyishdi-da, bir zumda bizning yonimizdagi qora ko‘ylaklilar zalni tark etishdi. Murod xuddi o‘zini polkovnikday tutardi.Xizmatchi ayoldan bar kattasini chaqirtirdi.Tezda boyagi satang qiz ham ko‘zdan yo‘qoldi.

Uning bu qilig‘i meni tamoman hayratlantirdi. Oshnamga ixlosim oshdi. Baribir, ehtiyot shart,o‘rniga kelib o‘tirgach: “Shartmidi shu, bilganini qilmaydimi, bir satang bo‘lsa...” dedim.

Murod grafindan pivo qo‘yib simirdi-da bizlarga qarata qo‘llarini silkitib baqirdi:

– Sizlarda millat tuyg‘usi o‘lgan, sizlar qo‘rqoqsizlar. Gungmi, ...mi, o‘sha qiz o‘zbek, bu yer Toshkent! Chet eldan kelgan bo‘lsa, mehmon bo‘lsa ... jim yursin. Sizlar faqat chiroyli gapirasizlar...

U g‘irt mast edi.Men uni sal bosish uchun:”Bu yer katta shahar bo‘lsa,qay biriga egalik qilasiz, bu kishi, – shoirga ishora qildim, – hozir uyiga ketadi, men bilan siz vokzalga chiqib qishloqqa qaytishimiz kerak.Tashqarida kutib turgan bo‘lib, yo‘limizni to‘ssa nima deysiz? Siz mast bo‘lsangiz” dedim.

–E,og‘ayni, – u qo‘llarni yanada balandroq silkita boshladi. Peshonada bori bo‘ladi.Siz o‘lmayman,deb o‘ylaysizmi? Men sizga aytsam, hech qachon qo‘rqmang. Meni, sahroyi bir o‘zbekni ashaddiy sovetlarning dushmanlari ichiga samolyotda tashlab ketishgan.Uch yil begonalar orasida yurganman.Har minutda o‘lib ketishim mumkin edi. Bitta qurolim tilni bilardim.Hatto afsonaviy o‘zbek generali bilan ham uchrashganman. Mening laqabim “polkovnik ...” edi. Menga qarashli ellikdan ziyod odam bo‘lib,xohlaganimni istagan paytda otib tashlash huquqi berilgandi. Siz bo‘lsangiz Toshkentning qoq markazida o‘tirib qaltiraysiz...

– Bu to‘g‘ri aytadi,– dedi shoir.– Qarang, atrofimizdagilarning to‘rttadan uchtasi o‘zbek.Ammo hech kim o‘rnidan jilmadi. Bizning etimiz o‘lgan,janob polkovnik! Yaxshisi, pivodan iching!

O‘sha kuni biz poezddan qolib ketdik. Murodni mehmonxonaga olib borguncha ancha ovora bo‘ldim. U mehmonxonaning tor xonasida qiblaga qarab, qo‘llarini osmonga cho‘zganicha, afg‘onchada bir narsalar deb iltijo qila-qila, oxiri polda uxlab qoldi.

Pivo o‘tkir ekanmi yo Murodning gaplari ta’sir qildimi tongga qadar ko‘zimga uyqu kelmadi...

1992 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.