OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Tazarru (qissa)

O‘qdek uchib borayotgan mototsikl yo‘l chetidagi ko‘hna daraxtning yo‘g‘on tanasiga zarb bilan urildi. Motor ovozi o‘chdi. «Taq-q» etgan qattiq tovush tun oromini buzdi.

Katta yo‘lning so‘l tomonidagi shiypon ayvonida qurbaqalarning qurillashiga jo‘r bo‘lib xurrak otayotgan keksa qarovul bir seskanib, boshini ko‘tardi. So‘ng bir qo‘lida zo‘rg‘a lippillayotgan fonus, bir qo‘lida uzun kaltakni mahkam ushlaganicha ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. Ariq bo‘yidagi chinor yonida nimadir do‘ppayib ko‘rindi. Fonusni balandroq ko‘tarib, qoraga yaqinlashdi. Mototsikl ekan, yonbosh ag‘darilgancha orqa g‘ildiragi aylanib yotibdi. «Eh, bechora, egasi qaerdaykin?!» Chol xayoliga kelgan fikrdan vahimaga tushib, atrofni paypaslay boshladi. Birdan nimagadir surinib ketdi. Oyog‘i yumshoq narsaga tegdi. Engashdi. «Odam». Qaltiray boshladi. O‘zini sal bosib olgach, uning ko‘kragiga qo‘lini qo‘ydi. «Nafas olyapti!» Fonusni yuziga tutdi. Yosh yigit... Sochlari manglayini qoplagan. Boshini ushlagandi, qo‘li shilimshiq, yopishqoq narsadan ho‘l bo‘ldi:«qon». Chol seskandi. Chinor yonidagi ariqchadan qo‘liga hovuchlab suv olib yigitning peshonasiga sepdi. U sekin ingradi. «Xayriyat. Bechora kimning uli ekan. Endi buni nima qildim?». Mashina ovozi qulog‘iga chalinganday bo‘ldi. Atrofga najot izlab olazarak boqdi. Uzoqdan qo‘sh chiroq ko‘rindi. U fonusni boshi uzra baland ko‘tarib, yo‘lning o‘rtasiga turib oldi. Mashina cholning oldiga kelib to‘xtadi. Haydovchi chiroqlarni o‘chirmay kabinadan boshini chiqardi:

– Ha-a, Hasan buva-a, bemahalda bunday...

Chol ovoz egasini tanidi. «Bo‘limning shopiriga o‘xshaydi. To‘ychi ko‘saning kichigi. Bo‘limni uyiga tashlab qaytyapti, chog‘i ».

–Ulim, bu yoqqa tush, palakat... – Cholning tovushi hirqirab chiqdi.

* * *

Yoz tuni. Butun borliqni sukunat yutib yuborgudek. Qishloq uyquda. Loysuvoq supada yulduzlarga tikilib yotgan Oysuluvgina uyg‘oq, bir qo‘li bilan yonidagi beshikni ohista irg‘ayapti. Supaning u chetidagi o‘rin esa bo‘sh. Juvon erini kutyapti. O‘n yildirki, mana shu hol. Eri uyda paytlarda hech mahal uni kutmasdan uxlab qolmagan. U kishi bugun ertalab Toshkentdan keldi. Bir piyola choy ichar-ichmas, oshna-og‘aynilari birin-ketin so‘rab kela boshlashdi. Bir pasda uy to‘lib ketdi. Baribir, ular kelishmasa-da, Muhammadning o‘zi chiqib borardi. Atigi ikki-uch kunga qishloqqa kelsa-da, oshnalaridan bo‘shamaydi. Hali unisi mehmonga aytib chiqadi, hali bunisi choyga taklif qiladi. Eri mehmondorchiliklaru gurunglardan tun yarmida horib qaytib, ko‘rpaga kirganida Oysuluv goho gina qilib qo‘yadi: «Siz Toshkentdan oshnalaringizni sog‘inib kelsangiz kerak-da». Muhammad kuladi: «Qo‘yaver, xotin, Toshkentda ham og‘aynilarim ko‘p, lekin bular boshqacha... Ularning orasida o‘zimni erkin his qilaman, butun charchoqlarim, ilmiy ish deb siqilganlarim tarqab ketadi».

Bugun ham kun bo‘yi odam qadami uzilmadi. Kechga yaqin qaergadir to‘yga ketishdi. Oysuluv eri kelgandan buyon tingani yo‘q. Non yopdi, ovqat pishirdi, mehmonlarga qaradi. Kechqurun eri to‘yga jo‘nash arafasida bir zum xoli qolishganda «Ertaroq qayting, ko‘p ichmang» deb tayinlayoldi, xolos. Eri «xo‘p» dedi jilmayib. Oysuluv shunga ham xursand bo‘ldi. Chunki baribir o‘zining bilganidan qolmaydi.

Oysuluv bolalarini ovqatlantirib, yuvintirib uxlatdi. Qaynona, qayinuka, qayinsingillariga ovqat suzib berdi. Idish-tovoqlarni yig‘ishtirgach, kunduzi nonni uzganda tandirga qo‘ygan bir satil suvni ichkariga olib o‘tib, yuvindi. Ter va sut isi unnab qolgan ustini yechib, mayin ichki ko‘ylagini kiydi.

Ana osmonda yulduz uchdi. Juvonning ko‘ngliga xavotirlik urmaladi. Qishloqning narigi chetida bo‘layotgan to‘y g‘ala-g‘ovurining tinganiga ham ancha bo‘ldi. Boyagina sovxoz yerlarini shudgorlashda qatnashayotgan traktorchi qaynotasi tungi ishdan qaytdi. Hozir hovlining narigi burjidagi simkaravotdan uning tanish xurragi eshitilayapti.

Oysuluv Muhammad bilan kechirgan sevgidan mast telba lahzalarini bir shirin tush kabi xotirlaydi. G‘alati damlar ekan-da. Bir gal Muhammad ta’tilga kelganida somonxonada uchrashishgan. Keyin ikki-uch kun har sochini taraganida somon qiltiqlari tushib yurdi. Muhammadni kuchuklar quvgani-chi? Eh-he, u kunlarning har lahzasi bir hikoya. Hech narsani o‘ylamasdan uning quchog‘iga o‘zini otardi. Yoshlik ekan-da. Oysuluv turmushidan rozi. Faqat unga alam qiladigan tomoni – Muhammadni turmushga chiqqanidan buyon kutadi. Oldin o‘qishda deb kutdi. Institutni bitirgach, maktabda ishlashni xushlamay, cho‘lga jo‘nadi. Dam olish kunlarigina uyga kelar, unda ham to‘yu ma’raka, oshna-og‘aynilaridan bo‘shamasdi. Mana, ikki yildan buyon Toshkentda, endi o‘ttizga kirganida olim bo‘larmish. Oysuluv hamisha erining uyga mehmonday kelib-ketishiga ko‘nikkani uchunmi, biron nojo‘ya gap bilan diliga ozor yetkazgisi kelmaydi, doim ko‘ngliga qaraydi, izzatini joyiga qo‘yadi. Shuning uchun ham hali er-xotin o‘rtasida biron marotaba gap qochmagan. Muhammad hamon o‘zini yosh kuyovday, Oysuluv esa endigina uyi tushgan kelinchakday tutadi. Goho Oysuluv o‘ylanib qoladi. Oxiri nima bo‘larkin? Katta o‘g‘li Jahongir bu yil maktabga boradi. Hali uni sunnat qilishgani yo‘q. Tengqurlari dang‘illama uylar qurib, elga to‘y berishayapti, mashina minib yurishibdi. Ular bo‘lsa qaynotasi qurib bergan bir tom, bir dahlizli uyda o‘tirishibdi. Qaysi kuni do‘konga chiqsa, sinfdoshi Baxti mirquruq tilla tishlarini yaltiratib, kinoya qilayapti: «olim» ilmiy ishlarini qachon tamom qiladilar?». Bular haqida u eriga aytmaydi. Ilmiy ish qilayotgan odamning boshini behuda gaplar bilan qotirmayin, deydi. Goho to‘lib ketgan paytlari sekin gap ochadi: «Qishloqqa qaytsangiz, maktabdan dars olardingiz, men ishlardim, mol-hol qilardik, bir kunimiz o‘tardi-da». Shunday damlarda eri bir oz o‘ychan tortib qoladi, keyin xotinini bag‘riga bosib, o‘padi: «O‘kinma, jonim, – deydi, – bizday bo‘lgan bor, bo‘lmagan bor... Xudoga ming qatla shukr qil, to‘rt muchamiz sog‘. Kutilmagan falokatdan o‘zi asrasin. Peshonaga nima yozilgan bo‘lsa, ko‘raveramiz-da. Yaqinda bir kitobda o‘qidim: «Ey odam, mansabga, boylikka ko‘p intilma, har kimki, qancha urinmasin, o‘z nasibasidan bir tishlam ham ziyod non yeyolmaydi», deyilibdi. Erining aytganlari bir hisobdan to‘g‘ri. Bultur qo‘shni qishloqlik bir yosh yigit mashinasi avariya bo‘lib, juvonmarg ketdi. Bechoraning gulday xotini, ikki bolasi zor qaqshab qolishdi. Yo sinfdoshlari Qo‘ldoshni kim o‘ladi, deb o‘ylardi. Doimo hirsday bo‘lib, ikki beti qip-qizarib yurardi. Tagida yangi mashina, og‘zi to‘lla tilla tish. Rahmatlining yuragi og‘rirkan. Uning rangi za’faron xotinini har safar ko‘rganida yuragi ezilib ketadi.

–Turob buva-a, hoy-y, Turob buva-a-a!

Oysuluv hushyor tortdi. «Kim ekan kallai saharlab qaynotasini chaqirayotgan. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da». U usti ochilib qolgan Jahongirning ko‘rpasini tortib qo‘ydi. Osmonga qaradi, yulduzlar ko‘rinmay qolgan, tong oqara boshlagandi.

–Turob buva-a, o-o, Turob buva-a-a-a! – Ovoz yana balandladi.

* * *

Viloyat kasalxonasining torgina xonasi. O‘n kundirki, bu yerda Qorayontoq qishlog‘idan keltirilgan yigit behush yotibdi. Uning o‘rindig‘i yonidagi kursida miqti jussali, qoramtir yuzli ayol yigitga tikilganicha tosh qotgan. Ayolning butun qiyofasidan chuqur hasrat, qayg‘uga cho‘mganligi sezilib turibdi. «U g‘irt yetim qiz edi. Otasi urushdan qaytib kelmagan. Onasini esa eslolmaydi. Na akasi, na ukasi, na biron opa-singlisi bor. Birovlarning eshigida yurib katta bo‘lgan. Endi o‘n oltiga to‘lgan yilning ko‘klamida rahmatli qaynotasi Rahim chavandoz otga mingashtirib olib kelgan va askarlikdagi katta o‘g‘liga unashtirib qo‘ygandi. Kun ko‘rish og‘ir yillar edi. Bechora ammasi bir “og‘iz”dan qutilganiga xursand bo‘lib qolavergan. Xudoga ming qatla shukrki, bugun uyi bolaga to‘la. Manavi to‘ng‘ichi. Hamsoyasi Oybuvi momo “Kelin, shu o‘g‘lingizning yuzida farishtasi bormi-ey, odam hayiqadi” deguvchi edi, ko‘z tegdimikin? Tuzalib chiqsa, bir elga xudoyi beramiz-da. E, xudo, mening yoshimdan olib bo‘lsa-da, unga umr bergin. Hali bu dunyoninig huzurini ko‘rgani yo‘q, bolaginam».

Xonaga hamshira kirdi. U deraza raxidagi gullarga suv quyarkan:

– Opa, men o‘tirib turaman, siz choy-poy ichib oling, – dedi ayolga. Ayol indamadi. Bir pasdan so‘ng sekin chiqib ketdi.

Qo‘shni xonada esa tepa sochlari to‘kilgan, ellik-ellik besh yoshlardagi to‘ladan kelgan, oq-sariq yuzli do‘xtir nimalarnidir yozar, uning qarshisida o‘tirgan o‘rta bo‘y, oqdan ko‘ra sariqqa moyilroq, soqoli o‘sgan, ustidagi paxta kamzul-shimida, qo‘llarida moy dog‘lari bor kishi do‘xtirga qarab gapirardi:

–Do‘xtir aka, mayli, nima desangiz men rozi, o‘g‘limni tuzatib bering. Iloyo, bolalaringizning huzurini ko‘ring.

Do‘xtir yozishdan to‘xtab, boshini ko‘tardi:

– Sizning ahvolingizni tushunib turibman. O‘g‘lingizni saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelgan hamma chorani ko‘ramiz. Hozircha bir narsa deyolmayman. Bosh miyasi qattiq shikastlangan. Lekin mening fikrimcha, u hushiga kelishi kerak. Chunki boshqa barcha analizlari ijobiy chiqayapti.
Shu payt xona eshigi zarb bilan ochilib, hamshiraning boshi ko‘rindi.

–U ko‘zini ochdi!

–Kim?

–Bemor Turopov Muhammad hushiga keldi!

–Ana aytmadimmi, amaki, o‘g‘lingiz endi yashaydi! – Do‘xtir sevinganidan o‘rnidan turib ketdi. Hamshiraga tayinladi: – Yonidan jilmay turing, men hozir...

* * *

Muhammad dastlab oppoq shiftni ko‘rdi. Biroz tikilib turgach, yana ko‘zini yumdi. “Qaerdaman?” deya o‘yladi u.

...Bir haftadirki, Muhammadning ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmasdi. Hammasiga bir hamkasbining beixtiyor aytib yuborgan gapi sabab bo‘ldi. Uch-to‘rt tengqur o‘qituvchilar o‘zaro gurunglashib, ozroq “g‘iybat” qilib o‘tirishgandi.

–Hujjatlarga qo‘l qo‘ydiray deb shundoq kirsam, laborant qiz “katta”ning tizzasida....

Muhammad muzlab ketdi. Go‘yo kimdir ustidan bir chelak sovuq suv quyib yuborganday bo‘ldi. “Nima-a? Nahotki? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas!”. U o‘ziga kelgach, butun nafratini ko‘ziga jamlab, hamkasbiga g‘azab bilan tikildi.
– Farishtadek bir beg‘ubor qizning nomini bulg‘ashga qanday tilingiz bordi?
Hamkasbi uning ko‘ziga tik qarolmay, nigohini olib qocharkan:

– Men ham uni qizlarimizning ichida eng tozasi, deb yurardim. Nima qilay, ko‘rganimni aytdim-da, – dedi.

Shu kundan buyon Muhammadning ichini it tirnaydi. “Nahotki, shayton yo‘ldan ozdirgan bo‘lsa?”. Eshitgan gapini aql tarozisida tortib ko‘rib, sira qabul qilolmaydi. “...Ne-ne yosh yigitlar bor-ku! Yo bir ayolning makri yuz eshakka yuk bo‘ladi, deganlari rostmikin. Muhammadning oldida o‘zini gulday bokira tutishi makkorlikmikin?”. Yigitning yuragini shubha azoblaydi, o‘rtaydi. Kechalari uyqusi qochib to‘lg‘onadi. “Yolg‘on! Mehriniso bilan yaqinligimni bilgani uchun ataylab aytdi u” deb o‘ylaydi. Baribir ko‘ngli orom topmaydi.

O‘sha ma’shum gapni eshitgan kunning ertasiga Muhammad laboratoriya eshigini zarb bilan ochib kirib bordi. Qiz yolg‘iz o‘tirgan ekan. Odatdagidek muloyim jilmayib:

–Keling, Muhammad aka, – dedi.

Yigit bo‘sag‘ada qizga tikilgancha karaxt ahvolda turardi.

–Kiring. Sizga nima bo‘ldi, buncha xomushsiz? – Qiz bir zum nigohini yigitga qadadi. – O‘tiring, choy qo‘yganman.

Uning qop-qora, charos ko‘zlari, sutdek oppoq, biroz ma’yus, ammo tip-tiniq chehrasi yigitni bo‘shashtirdi. Darhol o‘zini qo‘lga olib, qizga yaqinlashdi va uning ko‘zlariga qattiq tikilib qoldi. Bu gal qiz nigohini olib qochmadi. Yigitning ko‘zidagi o‘t qizni dovdiratar, lekin u bu qarash zamiridagi ma’noni uqish maqsadida tikilib turaverdi. Va nihoyat, qiz yigitning ko‘zlari tubida yiltillagan narsani ko‘rib, nigohini chetga oldi. Shoshib so‘radi.

–Sizga nima bo‘ldi, Muhammad aka?

–Mehriniso... Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? – Yigitning ovozi titrab chiqdi.

–Mayli, so‘rang. – Qiz butunlay jiddiylashdi va yigitning ko‘zlariga sinchkov tikildi.

Bu gal yigit qizning jiddiy hamda mas’um nigohiga bardosh berolmadi.
–Hay mayli, boshqa safar so‘rarman, – dedi majburan iljayib. – Qani, choyingiz qaynagandir?

–Qiziq odatlaringiz bor-a? Nima bo‘libdi, debman? – Qiz xotirjam tortdi.
Shubha ko‘lankasi Muhammadning ko‘nglidan bir oz uzoqlashgan bo‘lsa-da, baribir yuragining g‘ashligi ketmadi. O‘sha kayfiyatda qishloqqa qaytdi. To‘g‘risi, ko‘nglining chigilini yozish, Mehrinisoni xayolidan uzoqlashtirish niyatida shunday qilgandi. Ammo to‘yda kelin-kuyovni tabriklarkan, yana Mehriniso esiga tushdi. Do‘stlari uning ko‘proq ichayotganini sezishdi. Sezishdi-yu, tanbeh berishga jur’at qilisholmadi.

To‘y davrasi tarqagach, “prezidium”da o‘tirganlarni yana ichkariga olib kirishdi. Muhammadni ham qo‘yishmadi. Sovxoz kattalari, tumanda, viloyatda ishlaydigan shu elning obro‘li kishilari alohida tuzalgan mehmonxonaga o‘tishdi. Sovxoz direktori “Bu yigitlar kelgusida qishlog‘imizning faxri bo‘ladi” deb birinchi so‘zni Muhammadga bersa bo‘ladimi?! U davrada ham so‘z aytgandi, o‘sha gaplarni sal o‘zgartiribroq takrorladi. “Endi gap isboti bilan bo‘lsin” deyishib, aroq to‘la piyolaga ishora qilishdi. Uning kayfi oshayotgandi, bu endi ortiqchalik qilardi. Shunday bo‘lsada, kimsan, kazo-kazolar ko‘z tikib turganda past ketgisi kelmadi, piyolani oxiriga qadar sipqordi. Gurung qizib, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qolgach, sekin tashqariga chiqdi.

–Oshnalaringiz sizni kuta-kuta ketishdi, – dedi xizmat qilib yurgan yigitlardan biri.

–Unda biz qanday ketamiz endi? – Muhammad yigitni tanib, unga sinovchan tikildi.

–Domla, to‘ychilikni o‘zingiz bilasiz, hozir hamma ichgan, kimga aytsangiz ham malol keladi. – U bir pas o‘ylanib qoldi. Keyin dedi: – Yaxshisi, bunday qilsak, domla. Men sizga mototsiklimning kalitini beraman. Hayday olasizmi?

–Albatta, bir vaqtlar haydaganmiz. – Muhammad obro‘ni qo‘ldan bergisi kelmadi.

–Unda yaxshi. Men ertaga vaqt topib, mototsiklni o‘zim olib qaytaman.

U Usmon magazinchining uyi yonidan burilib, katta yo‘lga tushganini yaxshi eslaydi. Chunki o‘sha burilishda itlar chopgandi. Ularni ortda qoldirib ketish uchun gaz berdi. Keyin-chi? Keyin...

* * *

U shoshib ko‘zini ochdi. Ochdi-yu tepasida o‘ziga tikilib turgan bir necha kishini ko‘rdi.

–E, yigit, bormisiz, odamni rosa qo‘rqitdingiz-ku?! – dedi boshida turgan oq xalat kiyganlardan biri.

–Ulim, esonmisan, – piqilladi ayol...

“Kim bo‘ldi bu? Enam-mi?” U boshini ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Lekin kallasi zil-zambilday og‘ir edi.

–Qimirlamang. Sizga qimirlash mumkin emas. – Boyagi birinchi ovoz yana gapirdi.

–Bo‘ldi, hamma tashqariga chiqsin. Amaki siz ham, opa siz ham. Keyin kirasizlar.

Muhammad boshi lo‘qillab og‘riyotganini his qildi. Oppoq shift, oq xalatli kishi, hammasi gir-gir aylanib, ko‘zi tinib borardi. U yana kipriklarini yumdi.

–Mana shu ukollarni olgach, – do‘xtir qo‘lidagi qog‘ozni hamshiraga uzatdi, – ertalabgacha hech kim tinchini buzmasin. Oldiga hech kimni qo‘ymang.

Ertalab Muhammad xuddi kecha kechqurun o‘ringa kirganu hozir turayotgandek o‘zini yengil his qilib uyg‘ondi. Ko‘zini ochib, yana o‘sha oppoq shiftni ko‘rdi. Kallasida ham og‘riq yo‘qolib, ancha yengillashib qolibdi. U boshi, qo‘llari, tizzalari qattiq qisib bog‘langanini his etdi.

–Men qaerdaman, o‘zi? – dedi ovozini chiqarib.

Hozirgina xonaga kirib, derazadan tashqariga tikilib turgan xamshira shoshib o‘girildi.

– Tinchlaning, siz kasalxonadasiz.

– Siz kimsiz?

– Men hamshiraman.

– Qachondan buyon bu yerdaman?

– Bugun o‘n birinchi kun.

“O‘n birinchi kun”. Muhammadning yuragi orqaga tortib ketdi. “Demak, o‘n kundan buyon hushsiz ekanman-da”.

– Hamshira, menga nima bo‘lgan? – sekin so‘radi u.

– Sizgami?.. – Hamshira taraddudlandi. – Siz yengil shikastlangansiz. Hozir ancha tuzuk bo‘p qoldingiz.

– Kechirasiz, sizda oyna topiladimi?

– Nimaydi? Topiladi. Mana. – Hamshira xalatining cho‘ntagidan dumaloq oynacha oldi.

–Yuzimni ko‘rmoqchiydim.

–Ha-ya. Men o‘zim ko‘rsata qolaman. – Hamshira yigitning ustiga engashib, oynani tutdi. Xushbo‘y atir isi Muhammadning dimog‘iga urildi. U hushyor tortib, ko‘zguga tikildi. Hech narsa ko‘rinmadi. Hammayoq oppoq edi. Ha, ana! U oqlik ichra miltillab turgan bir juft ko‘zni ko‘rdi. Yuzi-chi? Ko‘zlarini bir daqiqa yumib ochdi. Va ravshan ko‘rdiki, boshi, yuzi oppoq doka bilan chirmab bog‘langan edi. Yuragini vahima bosdi. “Menga nima bo‘lgan o‘zi?” Boshi lo‘qillab og‘riy boshladi. Ko‘ziga yosh keldi. “Nahot, o‘lsam?”

Hamshira uning ahvolini tushundi.

–Xafa bo‘lmang, – dedi yumshoqlik bilan taskin beruvchi ohangda, – oyoq-qo‘llaringiz biroz shilingan, yuzlaringiz ham, eng muhimi, endi siz yashaysiz!

“Nima? Nima dedi? Endi yashaysiz, dedimi? Nimaga men yashamasligim kerak? Demak, o‘lib ketishim mumkin ekan-da! Unda ilmiy ishim nima bo‘lardi. Orzularim-chi? E, darvoqe, enam, Oysuluv, bolalar qaerdaykin? Men Toshkentga ketishim kerak edi-ku!” U xayolini jamladi: “... O‘sha kuni to‘ydan chiqqach, mototsikldan yiqilganman va meni bu yerga olib kelishgan”.

Shu payt xonaga do‘xtir kirib keldi. U Muhammadning karavotiga kursini yaqinlashtirarkan, bemorning shiftga tikilib yotganini ko‘rdi.

– Salomalaykum, yigit.

Muhammad boshini burdi. Chakka sochlari oqarib ketgan, nuroniy qiyofali do‘xtirning ko‘zlariga ko‘zi tushib “Assalomu alaykum” dedi va o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.

– Qimirlamang, – dedi do‘xtir va o‘tirdi. – Keling, tanishib qo‘yaylik. Men shu bo‘limning boshlig‘i Hamro Murodov bo‘laman. – U qo‘lidagi asbobi bilan Muhammadning qon bosimini o‘lchab, yuragini eshitib ko‘rdi.

–Qon bosimingiz, yurak urishingiz yaxshi. O‘zingizni qanday his qilayapsiz?

–Bilmadim, tuzukka o‘xshaydi, – siniq tovushda javob berdi Muhammad.

Hamro Murodov bemorning kayfiyatini his qildi:

–Ruhingizni tushirmang, uka. Ahvolingiz umuman olganda yomon emas. Xavfli bosqich o‘tdi. Endi mana bu tashqi jarohatlaringiz bitsa bo‘ldi. Keyin uyga javob beramiz. Qolgani o‘zingizga bog‘liq. Faqat iltimos, ko‘p o‘ylamang, siqilmang. Yana o‘n kuncha qimirlamay yotib turasiz, so‘ng turishingiz, tashqariga chiqishingiz mumkin. Yana takrorlayman, ko‘p o‘ylamang, iloji boricha ko‘proq uxlashga harakat qiling. Miyangiz dam olishi kerak.

–Do‘xtir, – Muhammadning ovozi titrab chiqdi, – ahvolim juda og‘irmasmi?

– Men nimalar dedim sizga, uka. Hali siz ko‘p yashaysiz. U o‘rnidan turarkan hamshiraga o‘girildi: – Ko‘z-quloq bo‘lib turing, hech kim bu kishining tinchini buzmasin.

Hamro Murodov chiqib ketgach, Muhammad uning gaplarini mulohaza qila boshladi. “Qiziq gaplarni gapiradi bu do‘xtirlar ham. O‘ylamang, deydimi? Ayniqsa, shunaqa paytda. Miya bir mexanizm bo‘lsa ekanki, murvatini burab, o‘chirib qo‘ysang. Ha, endi bular ham tasalli beradi-da. Ahvolim og‘irligi aniq. Nahot, o‘lib ketsam-a? Ha, nima bo‘pti. Mashhur olim yo shoir bo‘lmasang. Sening o‘liming bu ko‘hna dunyoda biror narsani o‘zgartirarmidi? Ne-ne odamlar ketib borayotibdi-ku! Oysuluv bilan bolalarga, ota-onangga qiyin bo‘ladi-da. Enasi bechora, kasalmand yuragi bilan buni ko‘tarolmaydi. Otasi-chi? Muhammad har gal qishloqqa borganida ust-boshiga moy tekkan, soqollari o‘siq, doimo yarim kechada ishdan qaytadigan, umrida mehnatdan boshqa narsani bilmaydigan otasiga rahmi kelardi. O‘g‘lining o‘limi mehnat adoi tamom qilgan bu odamni yana cho‘ktirib qo‘yadi. Oysuluv keyin turmush qurarmikin? Hali yosh-ku! Muhammad xotinini o‘zga erkak quchog‘ida tasavvur etib badanlari junjikib ketdi. U otashin ilk muhabbatini bag‘ishlagan bu ayolni yaxshi ko‘rardi. Xotini bilan o‘tkazgan eng shirin, takrorlanmas onlarni hamisha orziqib eslaydi...

...Muhammad bilan Oysuluv bir sinfda o‘qishdi. Haligacha Muhammad bu qizni nima uchun yoqtirib qolganini bilmaydi. To‘g‘ri, Oysuluv ko‘zga yaqin qizcha edi. O‘ziga yarashadigan kiyimlar kiyib yurar, yaxshi o‘qirdi. Sinfda uni ko‘p bolalar yoqtirishardi. Ulardan qizg‘anibmi sakkizinchiga o‘tishganda Muhammad qizga xat yozdi. O‘shanda dil izhoriga o‘n ikki varaqli o‘quvchilar daftari to‘lib ketgandi. Xatni katta tanafusda hech kimga bildirmay Oysuluvning sumkasiga solib qo‘ydi. Keyin qo‘rquv va hayajon bilan javob kutishlar, duch kelib qolganda duv qizarib, gap topolmay qolishlar... O‘ninchi sinfni bitirgunga qadar yozishmalar davom etdi, so‘ng pinhona uchrashuvlar boshlandi. Birinchi marta Oysuluvdan bo‘sa olishga qanday jur’at etganligi Muhammadning sira esidan chiqmaydi. O‘sha daqiqalarni eslasa, hamon badanlari jimirlab ketadi.

...O‘sha kuni matematikadan og‘zaki imtihon bo‘lishi kerak edi. O‘qishlar tugagan, maktab huvillab yotar, faqat bitiruvchi sinf o‘quvchilari davlat imtihonlarini topshirishardi. Sevishganlar tong oqarishi bilan maktabga oshiqishar, ular kelganlarida hali hech kim bo‘lmasdi. Muhammad bir necha uchrashuvdan buyon Oysuluvdan o‘pich olish to‘g‘risida o‘ylar, ammo har gal qizarib-bo‘zarib gapini yo‘qotib qo‘yardi. Odatda ularning suhbatlari jun gaplardan iborat bo‘lardi. Ko‘proq imtihonlar, kelajak orzulari haqida gaplashishadi. Bu gal Muhammad qizdan bo‘sa olishga qat’iy ahd qildi. U salom-alikdan so‘ng qizni chekkadagi sinfxonalardan biriga boshladi. Sal u yoq-bu yoqdan gaplashgan bo‘lishdi. Birdan Muhammad qaltiragan qo‘llari bilan qizning bilagidan ushladi. Qizning qo‘llari ham hayajondan titrardi. Og‘ziga kelgani shu bo‘ldi: “Oysuluv, men seni yaxshi ko‘raman!” Qiz duv qizardi. Shunda yigit beixtiyor uni o‘ziga tortib, qaynoq lablarini qizning g‘unchadek olov dudoqlariga bosdi. Keyin yanoqlari, bo‘ynilaridan o‘pa boshladi. Nozikkina vujudi yigit quchog‘ida tipirchilarkan, bir payt o‘zlariga kelib qarashsa, ikkalalarining ham yuz-peshonalaridan ter quyilar, ikkalovining ham ko‘ylaklari jiqqa ho‘l bo‘lgan, qizning yashil gulli nafis ko‘ylagining rangi yigitning oq neylon ko‘ylagiga urib qolgandi. Muhammad bu kunlarni har eslaganida qonlari gupurib ketadi.

Muhammad xotinini ro‘zg‘orbopligi, oddiyligi, saranjom-sarishtaligi uchun hurmat qilardi. U Muhammadga bir-biridan shirin to‘rt farzand ato qildi. Butun ro‘zg‘or tashvishlari uning zimmasida. Shu yoshga kiribdiki, Muhammad uyga mehmonday kelib-ketadi. Shunga qaramasdan Oysuluvning biron mahal qovog‘i uyilganini ko‘rmagan. Ko‘proq ichadimi, kech boradimi mudom ochiq chehra bilan kutib olgan. Shuning uchun ham Muhammad xotinining oldida o‘zini qarzdorday his etadi. Faqat ko‘ngliga bir narsa taskin beradi: keyingi yillarda hayotida yuz bergan ba’zi voqealarni hisobga olmaganda, u xotiniga xiyonat qilmay yashadi.

* * *

...Talabalik yillarida bo‘lib o‘tgan bir voqea unga juda qattiq ta’sir qilgan. O‘shlik Sohiba ismli qiz bilan ancha qalin edilar. Yotoqxonada turishar, kutubxonalarga birga borishar, dam olish kunlari ahyon-ahyonda kinoga tushishar, xiyobonlarda sayr qilishardi. Ba’zida Muhammadning xonasida yarim tunga qadar suhbatlashib o‘tirishardi. Butun guruh ularning qalinligini bilar, Muhammad qizga nisbatan o‘zini do‘stday tutardi. Qiz yigit gohida qishloqdosh talabalarning oldiga yoki boshqa biron joyga ketib yotoqxonaga kech qaytsa, eshikbon yonida soatlab kutib o‘tirardi. Muhammad talabalik davrinig ikkinchi yiliyoq uylangan bo‘lib, Sohibaga Oysuluv haqida ko‘p gapirardi. Shunday paytlarda Sohiba xomush tortib qolar, keyin birdan chehrasi yorishib “Yangamni qachon Toshkentga olib kelasiz, qachon meni tanishtirib qo‘yasiz” derdi kulib.

Shunday kunlarning birida Muhammadning xonasida allamahalgacha o‘tirib qoldilar. Yotoqxonada deyarli hamma uxlagan. Sohiba ikki beti lov-lov yonib, tinmay gapirar, juda xushchaqchaq edi. Ular adabiyot, kelajak orzulari, sevgi-muhabbat haqida bahslashishardi.

 – Hech sevganmisiz Sohiba? – so‘radi dabdurustdan Muhammad.

– Yo‘q. Qani endi, sevib qolsam? Sevgi yo‘q, deyishadi-ku! – kulib javob berdi qiz.

– Siz ham shunday deb o‘ylaysizmi?

–Menimcha, yigit-qiz bir-birini hurmat qilsa, tushunsa, shuning o‘zi yetadi, o‘ldim-kuydim deb yurgan oshiq-ma’shuqlarga ko‘pam ishonmayman.

 Muhammad she’r o‘qidi:

Men unga achinaman,
Sening bo‘lajak qaylig‘ingga.
U sening mana shu qaro ko‘zlaringga kirmoqchi bo‘lib,
Va bu ko‘zlar qa’rida bir umrga mangu qolmoqchi bo‘lib,
Termulgan mahal.
U sening mana shu sochlaring bo‘yiga to‘ymoqchi bo‘lib,
G‘uncha lablaringga qonmoqchi bo‘lib,
Talpingan mahal.
U sening mana shu oppoq ko‘ksingga
Yurak urishingni tinglamoq bo‘lib,
Bosh qo‘ygan mahal.
Qaysi vijdon bilan, qaysi til bilan,
Men bokiraman, tozaman deysan,
Va aytilib, aytilaverib siyqasi chiqqan,
O‘sha ma’shum so‘zni aytasan yana
“Sevaman...”
Men senga achinaman...

– Kimniki bu?

– Bugun bittasiga qarab turib to‘qidim.

– Yaxshi she’rlaringiz boru, hech kimga ko‘rsatmaysiz.

– Shoirlik davo qilish... O, bizlarga yo‘l bo‘lsin...

– Bilmadim, she’rlaringiz menga yoqadi.

– Sohiba, sevib qolsangizu, yigit uzoq viloyatdan bo‘lsa, u bilan ketarmidingiz?

–Masalan, qaerdan? – kuldi Sohiba.

– Masalan... Qashqadaryodan, – Muhammad ham mug‘ombirona jilmaydi.

– Haliku, Qashqadaryo ekan, tupkanning tagiga bo‘lsa ham ketardim. – Sochlarini qo‘llari bilan o‘ynab o‘tirarkan, qat’iy javob berdi qiz.

– Nega unda muhabbat yo‘q, deysiz?

– Qachon yo‘q dedim. Men faqat boshqacharoq tushunaman, shekilli.

– Mana, endi bir bitimga keldik. – Ikkalalari ham kulib yuborishdi.

Muhammad yana she’r o‘qidi:

Nahot yo‘q olamda sevgi-muhabbat?!
Yonish-o‘rtanishlar o‘tkinchi, yolg‘on?!
Navoiy she’rlari soxtadir nahot?!
Nahot shu choqqacha aldanar inson?!
Yo‘q, buni tan olmas oshiq yuragim,
Muqaddas tuyg‘uga keltiramangiz shak.
Zulfiya sevgisin inkor etar kim?!
Gar Qays muhabbati afsona desak.
Shirin sadoqati etmasa nasib,
Aldagan qalbingdir, gunohkor o‘zing.
Ishqingga bo‘lmasa yoring munosib,
Aldangan sevgimas, shu ikki ko‘zing.
Muhabbat yo‘q ersa bo‘lmasdi ko‘klam,
Lolasiz bahorga ne hojat axir?!
Hayot ham bo‘lmasdi bu qadar ko‘rkam,
Bo‘lmasdi go‘zallik, bo‘lmasdi shoir.
Yo‘q, buni tan olmas oshiq yuragim,
Muhabbat yo‘q, deya qilmang diy-diyo.
Muhabbat quyoshim, yoritar yo‘lim,
Muhabbatsiz umr zulmat zim-ziyo.

Shu tariqa ular uzoq suhbatlashib o‘tirdilar. Bir payt Sohiba shiddat bilan o‘rnidan turdi. “Yigitmisiz o‘zi?!” dedi. Muhammad unga yalt etib qaradi. Qizning tim qora ko‘zlarida yosh ko‘rindi. U nima bo‘lganligini anglab yetmasdan, qiz chopib chiqib ketdi.

Muhammad qizning so‘zlari ma’nosiga yetgach, yigitlik oriyati qo‘zg‘alib, uyatdan yuzlari olovlandi. Tun edi, xonada yolg‘iz edi, ammo yigit qip-qizarib yonib borardi. Tuni bilan to‘lg‘onib, o‘ylab chiqdi. U shu paytga qadar Oysuluvdan boshqa biror qizning qo‘lini ham ushlamagan, begona qizni o‘pish, quchoqlashni jufti haloliga nisbatan misli ko‘rilmagan xiyonat deb hisoblar va shuning uchun ham bunday qilishni tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Oradan yillar o‘tib, kursdoshlar uchrashuviga borganida restorandagi ziyofatdan chiqishgach, Sohiba bilan xilvat yo‘lakda suhbatlashib borisharkan unga xushomad qildi:

– Sohibaxon, yillar sizning husningizga yana husn qo‘shibdi, – dediyu qizning qo‘llaridan ushladi.

– Qo‘ying, Muhammad aka. O‘sha paytda siz uchun hamma narsaga tayyor edim, endi qo‘ying, – nozli tabassum bilan qo‘lini sekin tortib oldi Sohiba.

Shunga o‘xshash yana bir voqea uning xotirasida muhrlanib qolgan.

Uchinchi kursda o‘qirdi, chog‘i. Dam olish kunlaridan birida Muhammad zerikdi, hamqishloq bolalarni ko‘rib kelish uchun Yunusobodga yo‘l oldi. Kechqurun kirib borganida bir xonali ijara uyda turadigan uch-to‘rt talaba yigit endigina dasturxon atrofiga jam bo‘lgan, osh suzilgan edi. Davraning to‘rida ustidagi atlas ko‘ylagi yalt-yalt yonib, bir semiz ayol yastanib o‘tirar, yigitlar uning oppoq sonlaridan ko‘z uzisholmasdi. Osh yeyilib, choy ichilgach, ayol uchun ayvonga alohida joy solishdi. Ajablanib, hech narsaga tushunmay turgan Muhammad:

–Bu kim? – deb so‘radi yonidagi Bolta polvondan.

– Sattor aka bilan poezdda birga kelibdi. Ertaga qaysidir sanatoriyaga olib borib qo‘yarmish. Haligidaqa xotinlardan bo‘lsa kerak-da, – boshini ma’noli irg‘adi Bolta polvon.

Sattor Muhammaddan to‘rt-besh yosh katta bo‘lib, zavodda ishlab, institutning kechki bo‘limida o‘qir, baland bo‘yli, ozg‘in yigit edi.

Hamma qatorasiga o‘rin solib yotgach, Sattor ayvonga – ayolning yoniga o‘tib ketdi...

Bir payt Sattor ayvondan ichkari uyga o‘tib:

– Muhammad, opa seni so‘rayapti, – dedi.

–Nega? Meni nima qilarkin? – Uning javobidan hamma kulib yubordi.
–Bilmasam, yoqib qolibsan, shekilli, o‘sha yigit kelsin, deyapti. Yigitmisan o‘zi?

“Yo‘g‘-e, – o‘yladi Muhammad, – Oysuluvning oldida nima degan odam bo‘ladi? Keyin uning ko‘zlariga qanday qaraydi? Butun umr vijdoni qiynalib yashaydimi? Yo‘q, Aslo!”

Bolalar esa uni bo‘shanglikda ayblar, ayolning yoniga borishga undardi. Yigitning qonlari junbushga kelganidan chakka tomirlari lo‘qillab urar, yuragi “duk”illar, “birov ko‘rib o‘tiribdimi? ” deb o‘ylardi. Lekin vafo-sadoqat haqida kitoblarda o‘qigan ezgu tushunchalari yana bir bor asqatdi. U butun irodasini yig‘ib, o‘zini zo‘rg‘a ushlab qoldi. E’tiqodiga, sevimli Oysuluviga xiyonat qilmadi.

Oradan yillar o‘tib, talabalik yillarini xotirlarkan, “Nima bo‘lgandayam o‘sha kunlar beg‘ubor davrlar ekan” deb o‘ylaydi. Inson yoshi ulg‘aygan sari gunohlari ko‘payib, e’tiqodi o‘zgarib, bolalik musaffoligidan uzoqlashib, ta’bir joiz bo‘lsa, tubanlashib, xudbinlashib boraverarkan. Buni Muhammad o‘z hayoti misolida ko‘rib turibdi. U yolg‘iz qolgan paytlari o‘ziga o‘zi xolisona baho berib, o‘sha talabalik davrlaridagi beg‘ubor, inson zotiga, dunyodagi barcha narsaga umid va ishonch bilan boquvchi bokira yigit bilan hozirgi Muhammad o‘rtasida ancha tafovut borligini sezadi. Sezadi-yu, vijdoni azoblanadi. U bolalik bokiraligini, ezgu tuyg‘ularini asrab qololmadi, xudbinlashdi, ayrim gunoh ishlar qilishga ulgurdi. O‘z e’tiqodidan chekindi.

* * *

– Sezib yuribman, so‘nggi vaqtlarda ruhingiz tushkun. Hamma narsaga e’tiborsiz va loqaydsiz, – dedi keyingi bor uchrashganlarida do‘sti Ozod.

– Chunki biz ishonib yurgan narsalarning hammasi yolg‘on ekan. – Muhammad do‘stiga ko‘nglini yorgisi, o‘zini qiynab yurgan masalalarda fikrini bilgisi keldi. – Siz bilan biz hayotni bo‘yab-bejab, noto‘g‘ri aks ettirgan kitoblar ta’sirida tarbiyalandik. Bizning ongimizga murg‘aklikdan kommunizm quruvchisining axloq kodeksini singdirishdi. Bu jamiyatda esa kommunistik axloq normalariga rioya etib yashab bo‘lmaskan. Oqibatda mana yoshimiz o‘ttizga kirib, siz ishchilar umumiy yotog‘ining tovuq katagidek bir xonasiga ega bo‘ldingiz, menda esa shul ham yo‘q.

– Har holda halol yashayapmiz-ku! Ko‘ngilni cho‘ktirmang do‘stim. Hali hammasi oldinda.

– Havoyi gaplarni qo‘ysangiz-chi. Inson umri o‘lchog‘lik. O‘ttizga qadar aqalli o‘z uyi bo‘lmagan kishining ertasi tumanli. Bizning tengqurlarimiz dang‘illama uy-joylar qurishayapti, mashina minib yurishibdi, xotinlarini ergashtirib so‘lim joylarda dam olishayapti, xorijga sayohatga chiqishayapti. E, o‘shalar to‘g‘ri qiladi. O‘tadigan besh kunlik dunyoda hayotning huzur-halovatini totib, zavqlanib yashash ham kerak-da. Biz-chi? Ko‘nglingizga og‘ir botmasinu, ertadan kechgacha go‘ng titgan tovuqqa o‘xshab tinim bilmaymiz. Ko‘rganimiz idorayu yotoqxona. Hukumat beradigan maosh ovqatga yetmaydi. Endi bolalarni ham o‘ylashimiz kerak, ular ulg‘ayishayapti, erta-indin o‘qiyman, uylanaman, deyishadi. Har gal maktabdagi adabiyot o‘qituvchimiz Murod Odilovning uyiga borganimda ko‘nglim ezilib ketadi. O‘ttiz yildan buyon bir tom, bir dahlizli, polsiz-pataloksiz paxsa uyda yashaydi, bechora. Hali ellikka to‘lmagan bo‘lsa-da, kasalmand, cholga o‘xshaydi. Oldida uylanmagan, turmushga chiqmagan farzandlari qator turibdi. Bechora dunyoga kelib nima huzur-halovat ko‘rdi. U halol, to‘g‘ri bo‘lganligi uchun aybdormi? Xohlaysizmi, yo‘qmi, Murod Odilov bizning ertamiz. Shu yoshga kirib halol, to‘g‘ri yashagan odamning rohat-farog‘atda yashaganini ko‘rmadim.

–Xo‘sh, nima qilaman, deysiz?

–Bilmadim, biz adashgan, aldangan avlodning vakillarimiz. Bizni boylikdan hazar qilish ruhida tarbiyaladilar. Holbuki, boylik kuch-qudrat, imkoniyatdir. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon boylikka intilib, shuning uchun kurashib yashaydi.

–Nega ko‘zingizni olib qochayapsiz? Yo birontasidan pora-sora oldingizmi?

–Ha, shunday bo‘lib qoldi...

–Uni nima qildingiz?

–Turibdi. Idoradagi temir sandiqda. Bir necha marta ro‘zg‘orga ishlatmoqchi bo‘lib qo‘limga oldimu, ko‘nglim bo‘lmadi. Xuddi harom luqmani yutayotganday tuyulaverdi. Shundan buyon oromim yo‘q. Vijdonim azobda.

– Siz bilan bizga bunday pul singmaydi, yuqmaydi, do‘stim. Gunoh ish qilibsiz.
–Unda yo‘l ko‘rsating...

–Biron savob ish qilib, bu gunohingizni yuving.

–Bu dunyoda hech kimga ishonib bo‘lmay qoldi. Sizni qattiq hurmat qilsamda, gohida ishona olmayman.

–Nega? Asosingiz bormi?

–Kechagina kommunistik partiya a’zosi edingiz. Uning g‘oyalarini amalga oshirish uchun g‘ayrat bilan kurashdingiz. Esingizdami, bir gal menga “Pora bersangiz ham partiyaga o‘ting, istiqbolimiz yomon bo‘lmaydi” degandingiz. Endi esa partiyadan chiqib, nomoz o‘qib yuribsiz.

–Bu partiyaga ishonmay qo‘ydim va undan chiqdim. Nomoz o‘qishimning boisi esa, men biron narsaga e’tiqod qo‘ymasdan yasholmayman.

–E’tiqod deganingiz nahotki shunday tez o‘zgarsa?

–Yaxshisi, siz ham nomoz o‘qing. Ruhingiz shunday xotirjam bo‘lib, o‘zingizni qushday yengil his etasiz... Bizning alg‘ov-dalg‘ov asrimizda ruhiy osoyishtalikka ne yetsin?!

–Men esa e’tiqodu e’tiqodsizlik o‘rtasida karaxt turibman. Oldin ishonganlarim hammasi yolg‘on bo‘lib chiqdi. Yangi g‘oyani esa ko‘rmayapman.

* * *

Muhammad kasalxona hayotiga ancha ko‘nikib qoldi. Yoqimtoy hamshira har kuni tong otishi bilan uning xonasiga kirib keladi, “Nima kerak bo‘lsa tortinmay aytavering” deydi mehribonlik bilan. Xuddi o‘z yaqin kishisini pavarish qilganday Muhammadga mehr bilan qaraydi. Hamro Murodov esa ochiqqina odam ekan. U Muhammad bilan uzoq-uzoq suhbatlashib o‘tiradi. Tibbiyotning muammolari, ona yerimiz, suv va havomiz zaharlanib, musaffo tabiatimiz buzilib borayotganliga to‘g‘risida kuyinib gapiradi. U kasalliklar ko‘payib ketayotganligining bosh sababi shunda deb biladi. Umuman, do‘xtir Muhammadda yaxshi taassurot qoldirdi. Tibbiyot ilmini yaxshi biladigan, xalq tabobatidan xabardor, kuyinchak odam ekan. Necha-necha og‘ir ahvolda keltirilgan kishilarning hayotini saqlab qolibdi. Muhammad ham baxti chopib shu odamning shifobaxsh qo‘llari tufayli hayotga qaytdi. Biron chalamulla do‘xtirning qo‘liga tushganda kim biladi omon qolarmidi?

Insonning fe’li qiziq. Sog‘-salomat yurganida, ishlari avj paytda o‘zini bu dunyoda abadiy yashaydigandek his qiladi. Boshiga g‘am tushganda, kasallanganda, biron falokat yuz berganda, umrning har daqiqasi g‘animat, ota bolaga, do‘st do‘stga, aka ukaga, er xotinga, qo‘yingki, bu foniy dunyoda hamma narsa omonat ekanligini, inson hayoti ko‘z ochib yumguncha har soniyada nihoya topishi mumkinligini tushunadi. Muhammad ham hozir xuddi shunday holatda edi. Uning shu yoshga qadar hatto biron tuki og‘rimagan, o‘zini katta olar, katta gapirar, dunyodagi hamma narsaga ishonch va umid bilan qarar, ko‘z o‘ngida yuz berayotgan nohaqliklarni hecham qabul qilolmas, ko‘proq kitoblar ta’sirida paydo bo‘lgan o‘z xayollari olamida yashardi.

U bolalikdan badiiy kitoblar ta’sirida ulg‘aydi. Nimagadir, albatta, men buyuk odam bo‘laman, deb o‘ylardi. Talabalik yillari “buyuk”likka tayyorlana boshladi. Kutubxonalardan buyuk shoir va yozuvchilar, olimlar, davlat arboblari hayoti va faoliyatiga oid kitoblarni topib o‘qir, buyuklar hayoti bilan o‘zinikini taqqoslardi. O‘qishni bitirgach, uni o‘zi o‘qigan maktabga oddiy o‘qituvchilikka ham olishmadi, “o‘rin yo‘q” deyishdi. Amakisining yordami bilan zo‘rg‘a bosh pionervojatiylikka ilashdi. Ish jarayonida qo‘ltig‘idagi “tarvuz”lar zo‘rlab shishirilgan pufakdek yorildi-ketdi. Haqiqiy hayot uni gangitib qo‘ydi. Xayoliy orzulari, o‘ylab yurgan narsalari amalga oshmagach, ruhi tushib, parishon bo‘lib qoldi. Keyin xayolida yana kitoblarda o‘qigan romantik hayot gavdalana boshladi. Yaxshi turmush uchun kurashish kerak, deb o‘yladi. Bu yerda esa kurashadigan “dushman”ning o‘zi yo‘q edi. Hamkasblari tirikchilik tashvishlvri bilan ovora, kun bo‘yi mol semirtirish “sir”lari, tomorqadan qanday qilib ko‘p daromad olish, bozor, narx-navo, to‘ylar haqida gurung bo‘lardi. U bunaqa hayotdan zerikdi. O‘quvchilar bilan bo‘lgan paytlardagina hamma narsani unutar, zavqlanardi. Yangi yil archa bayramini shunday qiziqarli tashkil etishdiki, butun maktab jamoasi, ota-onalar “bu yosh pionervojatiyning ishi” deyishdi. Kun o‘tgan sayin u bolalarga o‘rganib qola boshladi. Lekin Muhammad sira-sira oddiy muallim bo‘lib qolishni istamas, hamon buyuklikka da’vogar edi. Uning ruhini tushirgan va qattiq ta’sir qilgan narsa shu ediki, muallimlar qishloqda eng qadrsiz tabaqa hisoblanardi. Muallimni brigadir haqorat qilishi mumkin edi, magazinchi jerkib tashlardi. Ayniqsa, to‘ylarda kassir, omborchi va yana allaqanday puldorlarga izzat-ikrom ko‘rsatilib, davra to‘riga o‘tkazilar, o‘qituvchiga esa birov burilib qaramasdi.

Shunday kunlarning birida viloyat gazetasida cho‘lda yangi tuman tashkil etilgani haqidagi xabarni o‘qib qoldi va kurashib yashash uchun cho‘lga otlandi. Borib ko‘rsaki, cho‘lda ishlashning hech bir romantikasi yo‘q, turgan-bitgani azob, na ovqatning tayini bor, na turar joyning. Biroq Muhammad cho‘lda o‘tkazgan uch yilga yaqin umriga sira achinmaydi. Shu yerda odam tanidi, ko‘zi ochildi, “buyuklik” da’vosidan voz kechdi. Odamlar kun kechirish, rizq topish uchun o‘zlarini ne kuylarga solayotganini ko‘rdi. Qallobni, o‘g‘rini ham, poraxo‘r, laganbardor, buzuqni ham, o‘ziga o‘xshab “kommunizmning muhtasham binosiga bir g‘isht qo‘yish” uchun kelgan “bola”larni ham bu yerda ko‘p uchratdi. Bu dunyoda yashashning o‘zi mashaqqat ekanligini ilk bor his etdi. Lekin u endi buyuk bo‘lolmasligiga ko‘zi yetgan bo‘lsa-da, hayotida qandaydir mo‘‘jiza yuz berishi va turmushi yaxshilanib ketishiga ishonib yashardi. Yillar o‘tsa hamki, u kutgan mo‘‘jiza sodir bo‘lmas, kunlar bir-biridan farq qilmas, o‘zini tumanda adashib qolgan yo‘lovchidek his etar, yaqin atrofda na bir sho‘‘la, na yilt etgan yorug‘ ko‘rinar, hammayoq – oldin ham, orqa ham – to‘rt taraf tuman, faqat tumandan iborat edi. Mana shunda falokat sodir bo‘ldi – u mototsikldan yiqildi. Muhammad bildiki, u kutayotgan mo‘‘jiza o‘lim ko‘rinishida ham kelishi mumkin ekan. Agar u qazo qilganida nima bo‘lardi?! Buni o‘ylasa dahshatga tushib ketadi: “Ey xudo, nima gunohlarim evaziga menga bunday jazo yubording?!”

Gunoh va savob. Muhammad bu haqda ko‘p bor o‘ylaydi. Dunyoning qandaydir bir yashirin qonuniyati borligini, bu yorug‘ olamda hamma narsa hisob-kitobli ekanini sezadi. Kimki biron gunoh qilsa, ertami-kechmi buning uchun jazo olishi tayinligini, ezgu ishga qo‘l ursa, birovga foydasi tegsa, savob bo‘lishini biladi. Kasalxonaga tushgandan buyon bu fikrlar uni ko‘proq bezovta qila boshladi. “Mana, Hamro Murodovni olib qaraylik, deb mushohada yuritadi u. Do‘xtir har kuni qancha dardmandlarni davolaydi, ularga shifo bag‘ishlaydi. Umri davomida qancha-qancha xastalarni o‘lim changalidan asrab qolgan. Demak, u har lahza odamlarga yaxshilik qiladi, butun umri savob bilan o‘tayapti. Sen-chi? O‘ttizga kirib kimga yaxshilik qilding. Sen tufayli kimning og‘iri yengillashdi? Kimning tashvishiga sherik bo‘lding, og‘ir kunida yarading?!” Bu savollar unga azob beradi. Dunyo shul ekan, o‘tgan kun o‘taversin-chi, yaxshi kunlar ham kelib qolar, deb yuraveribdi. Bugun o‘ylab qarasa, na o‘ziga, oilasiga huzur-halovat bag‘ishlabdi, na o‘zgaga nafi tegibdi. Akang olim bo‘lmoqchi, akang hali zo‘r odam bo‘ladi, deb tongni kech, tunni tong qilaveribdi. Mabodo, xudo ko‘rsatmasin, yana o‘ttiz yilni shunday havoyi orzular yo‘lida g‘aflatda o‘tkazib yuborganida nima bo‘lardi. Umr nihoyasida nihoyat buni tushunar va qalbi to‘la armon bilan o‘tardi. Haliyam bu haqda o‘ylab ko‘rmay, gunoh va savobning farqiga bormay tarallabedod qilib yurgan do‘stlari ozmi? Bugun u bundaylarga qarata: “Hoy og‘aynilar, ko‘zlaringizni oching. Umr o‘tib ketyapti! ” degisi keladi. Degisi keladiyu, o‘zining gunohlari esiga tushadi.
 
* * *

...O‘tgan yili yozda institut qabul komissiyasida abiturentlardan hujjat qabul qildi. Kunlardan bir kun shovqin-surondan boshi og‘rib, institut xiyobonida chekib o‘tirgandi. Yengi uzun atlas ko‘ylak, atlas lozim kiygan, nozikkina, ranglari oppoq qiz oldiga kelib iymanibgina salom berdi.

–Siz Muhammad akamisiz? – dedi qiz ko‘zlarini pirpiratib.

–Ha, keling, – taajjublandi Muhammad.

– Men Ko‘kterakdanman. Bugun keluvdim.(Ko‘kterak Qorayontoqqa qo‘shni qishloq).

–Qishloqlar tinchmi? Kimning qizi bo‘lasiz?

–Mirza buvaning.

–Qaysi Mirza buvaning? – Muhammad qizning otasini eslolmadi. – Akalaringiz bormi?

–Akalarim yo‘q. Men kattasiman.

–Bu yerda nima qilib yuribsiz?

–O‘qishga keluvdim. Ikki yildan beri yiqilayapman.

–Qaysi bo‘limga hujjat topshirding?

–O‘zi bugun ertalab poezddan tushdim. O‘tgan yili turgan kvartiramizga borgandim, odam qo‘yibdi. Yana bir-ikki uydan joy so‘rab topolmadim, sizning ishlayotganingizni eshituvdim. So‘rasam, shu yoqni ko‘rsatishdi.

–Endi nima qilmoqchisan? – Muhammad qizga boshdan oyoq yana bir sidra ko‘z yugurtirib chiqdi. Yigitning nigohidan qiz o‘ng‘aysizlana boshladi.

–Bilmadim. – U oyog‘i bilan yer chizdi. – Bu shaharda sizdan boshqa hech kimni tanimayman. Bir kechaga joy topib bersangiz... Ertaga yana kvartira qidirib ko‘rardim.

“Buni qaerga joylashtirsam” o‘yladi Muhammad. “O‘zi turadigan yotoqxonaning eshikboni Zulya (Zulayho) opaga aytsam bir kechaga biron bo‘sh xonaning kalitini berar...”

–Xo‘p, – dedi qizga qarab. – Sen shu yerda kutib tur. Men hozir ishlarimni tamomlayin, kun ham kech bo‘p qoldi. Bir kechaga bo‘lsa, amallarmiz.

Bir pasdan so‘ng Muhammad Muharram (qizning ismi shunday ekan)ni yetaklab yotoqxonaga bordi. Eshikdan kiraverishda kirgan-chiqqanni kuzatib o‘tirgan qora zulfinli, qoshlari gajakdor, yoshi qirqdan oshib qolgan bo‘lsa-da, ko‘zlari o‘ynab turadigan ayol – Zulya opa Muhammadga ajabsinib qaradi.

–Zulya opa, mana bu singlimiz uzoqdan kelgan ekan, ko‘chada qolibdi. Bir kechaga joy topib bering, – iltimos qildi Muhammad.

Zulya opa qizga sinchkovlik bilan tikildi. Oyog‘idan boshiga qadar ko‘z yugurtirib chiqdi. Qizning kun issig‘iga qaramay boshiga ro‘mol o‘rab olganligi, lozimi, oddiy qishloqi chehrasi uni qanoatlantirdi, shekili:

–Bu o‘g‘il bolalar yotog‘i bo‘lsa, qaerga qo‘yaman, – dedi yelka qisib.

–Biron bo‘sh xonaning kalitini bering.

–Bir xona bo‘sh turgandi, hozir dekan kelib ikkita bolani qo‘yib ketdi. O‘g‘il bola bo‘lganida bir ilojini qilardim.

Muhammad o‘ylanib qoldi. Buni ko‘rib eshikbon:

–O‘zingizning xonangizga olib chiqa qoling, – dedi. – Sherigingiz qishlog‘iga ketdi, shekilli.

Muhammad samarqandlik bir o‘qituvchi bilan kichikroq xonada turar, sherigi mehnat ta’tiliga chiqqandi.

– Noqulay opa, – Muhammad ayolga bir ilojini qiling, deganday qaradi.

–Hozir bu qizni xonangizga olib chiqavering. Kechroq tushsangiz, o‘zingizga biron joy toparmiz, – savol-javobga yakun yasadi eshikbon.

Muhammad ikkinchi qavatdagi o‘zi turadigan xona eshigini ochishi bilan dimiqqan havo dimog‘iga urildi. Ichkari ivirsib yotardi. Torgina xonaga ikkita divan-karavot qo‘yilgan bo‘lib, o‘rtada stol, ikkita kursi, deraza raxida atir, tish cho‘tkasi va yana allambalo narsalar ko‘rinadi.

–Endi aybga buyarmaysiz, – dedi Muhammad qizni kursilardan biriga taklif qilarkan, – bo‘ydoqchilik deganlariday...

–Shu yerda turasizmi? – Qiz ajablanganini yashirolmadi. “Axir, kimsan qishloqda hamma og‘zidan bol tomib gapiradigan Turob traktorchining institutdagi domulla o‘g‘li...” – Checham qaerdalar.

–Yangangiz qishloqni yaxshi ko‘radi. Uy-joy olaylik, keyinroq keladi-da. Xo‘sh... –Muhammad bir zum taraddudlanib qoldi. – Siz bemalol o‘tirib turing, men pastga qaray-chi.

Muhammad yotoqxona bufetidan non, kolbasa, qand olib chiqib, choy qo‘ydi. Choygumni ko‘tarib kelayotsa, xizmatchilar xonasida turadigan kutubxonachi qiz unga ma’noli qarab, salom berdi. Keyin:

–Mehmon bormi, deyman Muhammad aka, – deya miyig‘ida kulib qo‘ydi.

–Ha, qishloqdan singlimiz kelgan ekan, – g‘udrandi Muhammad va ichida o‘yladi: “Qiz tushmagurey, hech kim ko‘rmagandi-ku?”

Xonaga kirib, nimadir o‘zgarganini sezdi. Stol ustida qatti-qutti non bo‘laklari bilan turgan dasturxon tozalanib, yozib qo‘yilibdi. Deraza raxidagi narsalar ham ko‘rinmay qolibdi. Muharram oyoq tagidagi rangi unniqib ketgan sholchani supirishga ham ulguribdi.

Choy ichib bo‘lishgach, Muhammad qizga:

–Siz shu xonada yotasiz. Men yana bir ozdan so‘ng bolalarning oldiga chiqaman, – dedi va o‘zining karavotiga cho‘zildi. – Juda charchaganman. – Keyin qo‘shib qo‘ydi. – Bir o‘zingiz qo‘rqmaysizmi?

Qiz yigitni ovora qilgisi kelmadi, chog‘i, sekingina “Siz ham yotavering” dedi.

–Menmi? “Darvoqe yotaversa nima bo‘pti. Singlisi qatori qiz bo‘lsa. Alohida karavot. O‘rtada stol ham bor”. –Qo‘rqmaysizmi? –Lop etib yana og‘zidan shu savol chiqdi.

–Odam odamdan qo‘rqadimi? Nima meni yeb qo‘yarmidingiz? – Muharram kuldi.
 
“E, bu qanaqasi bo‘ldi!” Qizning javobidan ajablandi Muhammad. “Qanday qiz o‘zi bu?” Boshini ko‘tarib unga qaradi. “Go‘dak-ku hali”. Yana boshini yostiqqa qo‘ydi.

Muhammad uzzukun hujjatlar qabul qilib, abiturentlarning g‘ala-g‘ovuri, issiq ta’sirida qattiq charchagan, uni uyqu bosardi. U o‘rnidan turib chiroqni o‘chirdi, kalitni stolning ustiga qo‘ydi.

–Yotishdan oldin eshikni qulflab qo‘yarsiz. Men juda charchaganman. – Yechinib, o‘ringa kirdi.

–Sizga she’r o‘qib beraymi? – dabdurustdan gap qotdi qiz.

“Bu qiz soqqa o‘xshamaydi”. O‘yladi yigit. – Mayli, o‘qing, – dedi esnarkan.

Muharram muhabbat haqida she’r o‘qidi. Uning ovozi yoqimli ekan.

–Birontasini sevib qolibsiz-da? – shunchaki gapirdi Muhammad.

–Sevgan edim, boshqasi bilan ketib qoldi.

–Qayoqqa ketib qoldi?

–O‘qishga.

–Sizning sevishingizni bilarmidi?

–Yo‘q, aytishga ulgurmadim.

–O‘zingiz ham she’rlar yozasizmi?

–Ha, adabiyotga juda qiziqaman. O‘qishga kirolmasam, otam turmushga berib yuboradi. Shuning uchun bu yil nima bo‘lgandayam kirishim kerak.

–Yaxshi tayyorlansang, kirasan. – Muhammad qizni goh senlar, goh sizlardi. Muharram esa bunga sira e’tibor qilmasdi.

–Hamma shunday deydi. Ammo men kirolmayapman-ku?! Maktabda yaxshi o‘qiganman. Adabiyotdan nuqul “besh” olardim.

“E, sodda qiz-a”, o‘yladi Muhammad. “Bu yerdagi g‘avg‘olarni bilsang edi. Men ham ilgari bilmasdim. Biz o‘qigan paytlar ilmli bolalar o‘qishga kirardi, domlalar ham insofliroq, adolatliroq edi, chog‘i. Bo‘lmasa menday oddiy traktorchining o‘g‘li maktabni bitirgan yili o‘qishga kirarmidi? ”

–Muhammad aka, sevib uylanganmisiz?

Muhammadning endi ko‘zi ilingan ekan, cho‘chib “A-a?” dedi.

–Xotiningizni yaxshi ko‘rasizmi, deyapman?

“O‘lay agar, bu qiz jinni-pinni bo‘lgan”. Ensasi qotdi yigitning. – Nima uyqung kelmayaptimi?
...

–Zerikayapsanmi?

–Ha.

–Unda yoningga o‘taymi? – Muhammad ilkis shunday deb yubordi.
 
Qiz jim qoldi. Yigitning butunlay uyqusi qochib ketdi. Sukut rizolikday tuyuldi. Esiga talabalik davrida kursdoshi Sohibaning “Yigitmisiz o‘zi?” degani keldi. “Balkim, bu o‘zi “anaqa” qizlardan bo‘lsa... Ertaga ustidan kulib yurmasin. Hozir sinab ko‘ramiz-da”.

–Nega jimib qolding. Birga yotardik suhbatlashib. Boya ko‘rganimdayoq yoqib qolganding.

–Ana shunaqa-da. Siz ham boshqalardan farq qilmas ekansiz. Birdan noto‘g‘ri tushundingiz. – Qizning tovushida na titroq, na hayajon sezildi.

Muharramning gaplari Muhammadga nozday tuyaldi. “Ko‘pni ko‘rganga o‘xshaydi bu”. Shartta o‘rnidan turdi-yu, qizning yoniga o‘tdi. Uni quchoqlab, bag‘riga bosdi. Labidan, yuzidan, bo‘yinlaridan ehtiros bilan o‘pa boshladi.

Qiz tipirchilar, ammo yigitning baquvvat qo‘llari, issiq quchog‘idan chiqib ketolmasdi.
 
Ter va paxta hidi yigitni sal sovutdi. “Shaharga kelishdan oldin yuvinib kelsa o‘larkanmi? Yana buning gaplarini qarang. Osmondan keladi”. Qizning nozik g‘adir-budir, g‘o‘za shoxlari tilib tashlagan qadoq qo‘llari tobora majolsizlanar, yigitning yumshoq va kuchli barmoqlari goh uning ko‘kraklarini, goh quyi, goh yuqorini siypalar, bunga bardosh berolmagan qiz yigitning quchog‘iga tobora singib borar, butun badani cho‘g‘day qizib, ter quyilardi. Bir payt u: “Muhammad aka, qo‘yvoring, ko‘nglim ayniyapti” dedi shivirlab yalingan va taslim bo‘lgan ovozda. Yigit qulog‘iga gap kiradigan holatda emasdi.

Qiz bo‘shashib, butunlay ixtiyorini yigitga berdi. Muhammad qizning titrab turgan durkun tanasi quchog‘ida bo‘shashganini sezib, uning yuziga qaradi. Ko‘cha chirog‘ining derazadan tushib turgan sho‘‘lasida aniq ko‘rdi: qizning rangi oqarib ketgan, ko‘zlari yumuq edi. “Nima qilyapsan, Muhammad! Bu butunlay pok, bokira qizdir. O‘zingni qo‘lga ol. Bolalaringni, obro‘yingni o‘yla!”.

Kallasiga kelgan fikrdan qo‘rqib ketib, qizni darhol quchog‘idan bo‘shatdi. Muharramning boshi shilq etib yostiqqa tushdi. U hushsiz edi. Muhammad shoshib o‘rnidan turdi, chiroqni yoqib, qizning yuziga suv sepdi.

–Turing, Muharram, sizga nima bo‘ldi?
 
Qiz ko‘zini ochdi. O‘rnidan turib o‘tirdi.

–Nimagadir boshim aylanib ketdi...

Muhammad joyiga o‘tib yotdi. Bir pasdan so‘ng qiz piqillab yig‘lay boshladi. Yig‘i aralash gapirardi:

–Men sizni hamqishlog‘im deb orqa qilib kelgandim, sizga singil bo‘laman devdim. Siz bo‘lsangiz...

Muhammad g‘alati tuyg‘ular og‘ushida qoldi. Vijdoni junbushga keldi. “Bir ma’suma qiz senga ishonib, aka o‘rnida ko‘rib, umid bilan yordamingga muhtoj bo‘lib kelsa-yu, sen nafsingni qondirmoqni o‘ylading, nomardlik qilding. Senga o‘xshagan har bir ziyoli, o‘qimishli odam qishloqdan shaharga ezgu niyat bilan otlangan ma’suma qizlarga ko‘z olaytiraversa, unda bu el qachon kamol topadi, qachon xotin-qizlar o‘rtasidan yaxshi do‘xtirlar, o‘qituvchilar yetishib chiqadi? Axir, butun qorayontoqliklar senga ko‘z tikib o‘tirishibdi-ku! Turob traktorchining o‘g‘li erta bir kun olim bo‘ladi, qishlog‘imizning nomini shon-shuhratga burkaydi deb”.

U allamahalgacha uxlolmay, to‘lg‘onib yotdi. Tongga yaqin ko‘zi ilinibdi. Uyg‘onsa, Muharram yo‘q, stol ustida bir varaq qog‘oz yotibdi. Qog‘ozni olib undagi yozuvni o‘qidi:

“Muhammad aka, ertalab tong yorug‘ida sizning ko‘zlaringizga qarashga uyaldim. Qishlog‘imizning ne-ne yigitlari mening aqalli qo‘limdan ushlashga ham jur’at qilisholmagandi. Siz bo‘lsangiz... Kechagi tunni umr bo‘yi la’nat bilan eslayman. To‘g‘ri, bunda mening ham aybim bor. Bu sizga ortiq darajada ishonganim, siz toifa odamlarni farishta, deb o‘ylaganimdan bo‘lsa kerak. Siz mening odamlarga bo‘lgan ishonchimni, ezgu tuyg‘ularimni qo‘llaringiz bilan xuddi badanimni ezg‘ilagandek ezg‘iladingiz. Endi men odam zotiga ishonmayman. Qorayontoqda siz haqingizga shunday ajoyib gaplar eshitgandimki... Agar sizdek tushungan, zukko kishilar shu qadar iflos (meni kechiring, boshqa so‘z topolmadim) bo‘lsa, o‘qimaganim bo‘lsin. Hayf sizdek olimga!
Muharram”.

Bu so‘zlar Muhammadning ko‘ksiga xanjardek sanchildi. Bir necha kun o‘zidan ko‘ngli qolib yurdi. Hamonki, ahyon-ahyonda Muharramning ma’sum chehrasi yodiga tushsa, qilmishidan uyalib ketadi. O‘ziga o‘zi eng tuban, eng xudbin kimsa bo‘lib ko‘rinadi. Bu gunohim uchun, albatta, jazo yubor, xudoyim, deb bir necha bor ko‘kka iltijo qilgan.

* * *

Muhammad o‘rnidan turib o‘tiradigan, oz-moz yuradigan bo‘lib qoldi. Yuzidagi yaralarining qo‘tirlari tushib, odambashara qiyofaga kirdi. Faqat boshi har zamon qattiq lo‘qillab og‘rirdiki, shunda dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib ketardi. Do‘xtirning aytishicha, og‘riq asta-sekinlik bilan yo‘qolarkan. Uydan kunora kimdir kelib turibdi. Ertalab onasi bilan xotini kelishdi.

–Xudoning o‘zi bir asrabdi-da, bolam, – deydi onaizor ko‘ziga yosh olib, – endi buyog‘iga ehtiyot bo‘lgin.

Muhammadning ham ko‘ngli ezildi:

– Qo‘ying, yig‘lamang ena, mana omonman-ku! Hammasi o‘tib ketadi.

Oysuluv esa har galgidek kamgap. “Jahongir dadam qachon keladi, deb ko‘p so‘rayapti.” deydi. Muhammad tushunadi. “Sog‘inibdi”. Xotini hamisha ko‘nglidagini o‘g‘lining nomidan gapiradi. Uzoqroq vaqt qishloqqa kelmay qo‘ysa, “Jahongir kechalari sizni so‘rab, uxlolmay chiqayapti” derdi. Muhammad uning so‘zlarini eshitib, ichida sevinib qo‘yardi: “Qanday odobli va andishali xotini bor-a!”.

Oysuluv eriga bir-ikki kitob-jurnallar keltiribdi. Oldingi kelganida aytib yuboruvdi. Tushdan keyin xonaga kirgan do‘xtir Hamro Murodovning ko‘zlari shu kitob-jurnallarga tushdi.

–E, mulla Muhammad, – dedi odatdagidek muloyim kulib, – hozir sizga o‘qish mumkin emas.

–O‘qish mumkin bo‘lmasa, o‘ylash mumkin bo‘lmasa, unda yashashning nima keragi bor? – xafa bo‘lib ketdi Muhammad.

–Jahlingiz chiqmasin, uka, – Jiddiy tortdi do‘xtir, – Hali yoshsiz. Bu bosh sizga ko‘p kerar bo‘ladi. Biron asorat qolmasin, deyman-da.

–Hadeb yotaverib zerikib ketdim-da, – Murosa ohangida gapirdi yigit.

–Zerikayotgan bo‘lsangiz, demak tuzalayapsiz. Mayli, tashqariga chiqishingizga ruxsat beraman. Faqat ko‘p emas, bir aylanib toza havo olasizu qaytasiz. O‘zingizni toliqtirib qo‘ymang. Yosh bola emassiz.

–Rahmat, do‘xtir, tuzalib chiqsam siz haqingizda biron narsa yozib beraman gazetaga.

–Nima yozasiz?

–O‘zingiz, ish faoliyatingiz haqida. Sizdek do‘xtirlar kam, deb o‘ylayman.

–Aksincha, yaxshi shifokorlar ko‘p. Siz oldin kasalxonaga tushmaganingiz uchun ularni bilmaysiz.

–Mana shu falokat yuz bermaganda dunyoda sizdak ajoyib odam, bilimdon, eng muhimi, fidoyi do‘xtir borligini bilmasdim.

–Menga qolsa, bilmaganingiz ma’qul edi.

–Hamro aka, sizdan bir narsa so‘rasam maylimi?

–Bemalol so‘rayvering. – Hamro Murodov o‘rnidan turdi.

– Siz hech pora olganmisiz?

– Nima-a? – Hamro Murodov bunaqa savolni kutmagandi. O‘rniga qaytib o‘tirdi. Qiyofasi jiddiylashdi.

– Men tushuntirolmadim, shekilli. Ya’ni birovdan, masalan, kasaldan pul-mul, sovg‘a degandek... – ming‘irladi Muhammad.

–Bu maqola uchun kerakmi? – kulimsiradi do‘xtir.

– Yo‘q, shunchaki, o‘zim... Qaysi kuni nimagadir xayolimga keluvdi.

– Sizga nima desam ekan? – Hamro Murodov chap qo‘lini peshonasiga qo‘ydi. – Olmayman, desam ishonmaysiz. Sababi hovlim, mashinam bor. Bizning davlatda maosh bilan bu narsalarga erishib bo‘lmaydi. Olaman, desam sizning nazaringizda muttahamga o‘xshab ko‘rinishim mumkin. Qisqasi, qiyin savol berdingiz. Men kimdan, qanday olaman? Men pul quturtirib yotgan boyvachchadan olaman. Shunda ham ko‘ngildan chiqarib berishsa... Lekin shu paytga qadar biron bemorimdan ta’ma qilmaganman. Ularning hammasiga birdek munosabatda bo‘laman. Kambag‘almi, boyvachchami tuzalishi uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman. Yaqinda qiziq voqea ro‘y berdi. Cho‘l rayonlarining biridan oyog‘i singan yigitni keltirishdi. Noto‘g‘ri davolashgani tufayli suyaklari joyiga tushmagan va yigitning oyog‘i yiringlab, u o‘rnidan qo‘zg‘alolmasdi. Mening otam Murod buva singan-chiqqanlarni davolaydigan tabib o‘tgan. Men otamdan mana shu hunarni ozmi-ko‘pmi o‘rganganman. Ba’zi kasallarimda qo‘llab turaman. Xullas, yigit bir haftada o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi. Uning bir otasi bor ekan. Kabinetimga kirib, pul uzatayotibdi.

– Buva, nechta bolangiz bor? – deb so‘radim.

–O‘n bitta, – dedi.

–O‘zingiz nima ish qilasiz?

– Paxtaga suv tarayman.

– Qancha oylik olasiz?

– Non-suvga yetib turibdi.

–Unda men sizdan bu pulni olsam, menga, bolalarimga tatiydimi? Siz o‘n bir bolangizning rizqidan qiyib olib kelgan pulingizni ro‘zg‘orimga ishlatsam ko‘r bo‘laman-ku! Bu eskichaga ham, yangichaga ham to‘g‘ri kelmaydi, otaxon.

–Yo‘q, men ko‘ngildan chiqarib berayapman, do‘xtirjon, olmasangiz xafa bo‘laman.

–Men ikki dunyoda ham bunaqa pulni ololmayman. Bozorga tushib, shu pulga meva-cheva oling, bolalaringiz bir xursand bo‘ladi, – dedim. Shunda otaxon ko‘zlariga yosh oldi. “Rahmat uka. Umringizdan baraka toping. Mendan qaytmasa, xudodan qaytsin” deya rayonda qanchadan qancha do‘xtirlarga pul berganini, shunday bo‘lsada o‘g‘li tuzalmaganini gapirib berdi. Endi o‘zingiz o‘ylang. Noinsoflik ham evi bilan-da. Afsuski, hatto o‘layotgan bemordan ham ta’ma qiladigan hamkasblarimiz bor. Shularning kasriga kim yomon – do‘xtirlar yomon. Xalqimizda yaxshi gap bor: “O‘g‘rining pulini olsang ham halollab ol!” Bu egasini rozi qil, oldin xizmatingni ko‘rsat, deganidir.

Hamro Murodov jimib qoldi. Keyin asabiy ovozda davom etdi:

–Agar maosh bilan kun o‘tkazib, tirikchilik qilib bo‘lganida edi, men pora olmagan, qarigan chog‘imda vijdonim qiynalib yurmagan bo‘lardim. Mana, siz domla ekansiz. Insititutga kirish falon pulligini bilsangiz kerak. Lekin siz hamon yotoqxonada yashaysiz. Nima, siz jamiyatga keraksiz yo iqtidorsiz odammisiz. Bizda talantli odamlar, malakali mutaxasislar kun kechirish ilinjida o‘zini ming kuyga solishga majbur, oqibatda uni turmush tashvishlari ezib tashlaydi yoki bizga o‘xshab moslashishga, pora olib, umr bo‘yi vijdon azobida yashashga mahkum.

–Noo‘rin savol berib, dardlaringizni qo‘zg‘ab qo‘ydim, chog‘i, – xijolatomuz gapirdi Muhammad.

–Bular hammamizning dardimiz, uka.

–Hamro aka, siz yaxshi do‘xtirsiz, – Muhammad uning oppoq oqarib ketgan chakka sochlariga, tobora munkayib, cho‘kib borayotgan yelkalariga qarab turib, taskin bergisi keldi. – Men qo‘lingizda davolanayotgan kishilarning minnatdorchiliklarini har daqiqada ularning nigohlarida ko‘raman. Sizga shuning o‘zi yetarli emasmi?! Boshqa gaplarni qo‘ying. Siz baxtli odamsiz. Mening sizga havasim kelayapti!

–Do‘xtirlik havas qiladigan kasb emas. Siz pensiyaga chiqib, qarilik gashtini surib yurgan biron do‘xtirni bilasizmi? Yo‘q, do‘xtirlar pensiyagacha yetmaydi. Hozir viloyat do‘xtirlari ichida tengqurlarim sanoqli qolishgan. Men ham infarkt bo‘lganman. Yuragim tez-tez og‘rib turadi. Qo‘limda jon berayotgan har bir kasal o‘zi bilan meni go‘r tomon yetaklayotganini his qilaman. Axir, tepasida qarab turib qo‘lingdan biron yordam kelmasa, ezilib ketasan. Siz o‘layotgan odamning ko‘zlarini ko‘rganmisiz? Men esa ko‘p ko‘raman. Kishiga shunday umid, iltijo bilan tikiladiki... Bu ko‘zlar kechalari tushlarimga kirib chiqadi, tunu kun xayolimdan ketmaydi. Endi o‘zingiz ayting, mendek har kuni o‘lim bilan yuzma-yuz turgan kishi uchun sizning pora haqidagi so‘zlaringiz mayda gaplar emasmi? Xohlaysizmi, yo‘qmi, bizning rizqimiz el ustiga sochilgan. Qadimda ham hakimlar el oralab, dardmandlarning dardiga shifo bag‘ishlab, rizq-nasibasini terib yurishgan.

Muhammad do‘xtirga savol berganiga ming pushaymon yedi. Buncha gap eshitaman, Hamro Murodovning qalb torlariga tegib ketaman, deb o‘ylamagandi.

–Sizni toliqtirib qo‘ydim, uka. – Hamror Murodov eshikka yo‘naldi. – Omon bo‘lsangiz, hammasini ko‘raverasiz. Hayot shunaqa murakkab. Yaxshi dam oling.

Muhammad uning orqasidan qarab qolarkan, bu fidoyi va xokisor odamning ko‘ngli ezilganini sezdi. Eshikdan chiqayotganda yelkalari oldingidan-da cho‘kkan, gavdasi kichrayib qolganday tuyuldi. “Bechoraning ko‘ngli ozor topdi. Qaerdanam o‘sha savol esimga kelib qoldi. Bunday odamlarni asrash kerak” deb o‘yladi.

Muhammad kasalxonaga tushgandan buyon qiziq holatni boshidan kechirayapti. Bo‘lar-bo‘lmas narsalar haqida o‘ylayveradi, biron voqea bahona uzoq-uzoq xayollar suradi. Bunga balki boshidagi jarohat sababdir. Kecha Moskvadan – do‘sti Ozoddan xat oldi. U maktubida kasalxonaga tushganini eshitib, juda iztirob chekkani, afsuski, nihoyatda bandligi tufayli borolmasligini aytib, uzr so‘ragan, Muhammadga sabr-bardosh, iroda tilagan, tezroq sog‘ayib ketishini niyat qilgandi. Xatning oxirida shunday jumlalar bor edi: “Do‘stim, Muhammad! Tabiat menga sizdek ajoyib, bag‘rikeng, dilbar va samimiy do‘st ato etganligi uchun undan minnatdor yashayman. Tasavvurimdagi bu torgina dunyo sizsiz ancha g‘arib va rangsiz, kemtik bo‘lur edi. Oshnalar baxtiga hamisha omon bo‘ling. Sizni sog‘inib va quchib Ozod”.

Ozodning bu maktubi uning xayolini uzoqlarga olib qochdi. Ozod bilan bir sinfda o‘qishgan. Maktabda Muhammad o‘zini Ozodga nisbatan bilimliroq hamda qobiliyatliroq chog‘lardi. Maktabni bitirishgan yili u institutga kirdi. Ozod esa birinchi sinovdan qaytdi. Keyin kechki bo‘limga hujjat topshirdi. Bir yildan so‘ng o‘qishini Moskvaga o‘tkazdi. Ozod serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan, qiziqqon va tavakkalchi bo‘lsa, Muhammad uning aksi – sermulohaza, ehtiyotkor, og‘ir “karvon” va dangasaroq edi.
 
Muhammad do‘stiga hozir havas qiladi. Ozod dorilfununni tugatib, Moskvada qoldi. Uch yildayoq fan nomzodi bo‘ldi. Moskvadagi ilmiy muhit, ustozlari uni tez ulg‘aytdi. Shu kunlarda uning har bir ilmiy maqolasi shov-shuv bilan kutib olinayapti, bu iqtidorli yosh olimning yorqin kelajagi haqida bashorat qilishayapti. Muhammad esa bir-ikki yil muallimlik, uch-to‘rt yil muxbirlik qildi. Ikki yildan beri esa olimlik ilinjida yuribdi. Do‘stlar uchrashib qolishganda Muhammad Ozodning ilm bobida o‘zidan ancha ilgarilab ketganini his qiladi. Faqat ularning moddiy ahvoli bir-biridan uncha farq qilmaydi. Ozod ishchilar yotog‘ining bir xonasida bolalari bilan turadi, Muhammadning esa oilasi qishloqda, o‘zi Toshkentda. Lekin boshqalar, hamqishloqlari bu ikki do‘stga havas qilishlarini Muhammad sezadi. Ular bir-birlariga nisbatan bolalik chog‘laridagi samimiyligi, sadoqatini saqlab qolishgan. Muhammad necha bor Moskvaga yo‘li tushsa, Ozod kutib olib, kuzatib qo‘yadi. Muhim masalalarda ular, albatta, bir-birining maslahatini oladi. Muhammadning gazetachilikni tashlab, ilmiy ishga qo‘l urishiga ham Ozod sababchi bo‘ldi.

–Birovni maqtab, birovni tanqid qilish yumushi joningizgi tegib ketmadimi, do‘stim, – dedi bir borganida. – Bu dunyo shunday noraso qurilgan, uni muxbir qalami bilan tuzatib bo‘lmaydi. Bir kolxoz raisini tanqid qilish yo ilg‘or muallimni maqtash bilan dunyo o‘zgararmidi? Tarixda qoladigan ishlar bilan shug‘ullaning. Ilmga o‘ting. Bu bebaqo dunyoda faqat ilm-fan, adabiyot va san’at abadiydir. Qolgan hammasi – tirikchilik deb hayot so‘qmoqlarida yelib-yugurishlaru yolg‘on-rost gaplarimiz, ishq otashida kuyib-yonishlar – bari o‘tkinchi.

Muhammad ishidan ko‘ngli to‘lmay, o‘ylanib yurgandi. Do‘stining bu gaplari unga jur’at bag‘ishladi.

* * *

– Muhammad aka, sizni bir chiroyli qiz so‘rayapti, – hamshiraning ovozi yigitning xayollarini tumtaraqay qilib yubordi. Ko‘zini ochsa, tepasida hamshira kulimsirab turibdi. – Tashqarida, skameykada kutayapti.
 
«Kim ekan? Singlisi keldimikan? Nega to‘g‘ri kirib kelavermabdi?» U tashqariga chiqdi. Quyuq daraxtlar soyasidagi o‘rindiqda oppoq ko‘ylak kiygan bir qiz teskari qarab o‘tirardi. Muhammadning yuragi «shig‘-g‘» etib ketdi. «Nahotki, Mehriniso bo‘lsa?» Qaytib ichkariga kirdi. Kasalxona yo‘lagidagi ko‘zguga qaradi. Ko‘zlari kirtaygan, peshonasida, yanog‘ida yara o‘rinlari shundoq ko‘rinib turibdi. Yuqori labining shishi hali qaytmagan. Sal-pal u yoq-bu yog‘ini tartibga keltirgan bo‘ldi.

Yigit o‘rindiqqa yaqinlasharkan, yuragi tez-tez ura boshladi. Qiz yigitni ko‘rib chaqqon o‘rnidan turdi.

– Salom Muhammad aka, tuzuk bo‘p qoldingizmi? – Uning hind qizlarinikiga o‘xshagan qop-qora charos ko‘zlari o‘ynab turardi. Qiz beqiyos darajada go‘zal edi. Sutda chayilgandek oppoq cho‘zinchoq yuz, tim qora soch, burnining ustidagi no‘xatdek qora hol. O‘rta bo‘y, ozg‘in ham, to‘la ham emas.

–Salom, Mehriniso! Yaxshi keldingizmi? – Muhammad qizning yumshoq, nozik barmoqlarini kaftiga olarkan, xuddi ilk bor chimildiqqa kirayotgan kuyovdek hayajonlanardi. Har gal shunday bo‘ladi. Har gal Mehriniso bilan uchrashganida ismsiz tuyg‘ular og‘ushida qoladi. Gapini yo‘qotib qo‘yadi.

Yigit bilan qiz bir daqiqa bir-biriga tikilib qoldilar.

–Voy-bo‘, muncha chiroyli bo‘p ketibsiz, – jilmaydi Mehriniso yigitning yuzidagi yaralarga qararkan.

–Haliyam tuzuk bo‘p qolganim bu. O‘tiring.

–Ishxonangizga telefon qilsam, «Kimi bo‘lasiz?» deyishdi. «Kursdoshiman» dedim. Kasalxonaga tushganingizni eshitib, rosa qo‘rqib ketdim.

–Bir o‘limdan qoldim, Mehriniso. Xudoning o‘zi bir asradi-da. Shuncha yo‘ldan ovora bo‘p kelganingizni qarang.

–Qancha kutganlaringiz, kuzatib qo‘yganlaringizni bir qaytarayin, dedim-da, – Mehriniso kuldi.

Ular uzoq suhbatlashib o‘tirdilar. Muhammad Toshkentdan ataylab uni ko‘rish uchun kelgan bu qizga qanday minnatdorchilik bildirishni bilmas, uning nozik qo‘llarini kaftiga olib, qisib-qisib qo‘yardi. Mehriniso Muhammadning kayfiyatini ko‘tarish uchun atayin faqat quvnoq gaplardan gapirar, kayfiyati juda yaxshi edi.

–Qarshiga borsangiz, xotinim bilan tanishtirib qo‘yaman, degandingiz, – quv qarash qildi qiz.

–Biroz kutsangiz, kechga keladi, – hazilga hazil bilan javob berdi Muhammad.

–Rostdan hozir kep qolsa-ya, – jiddiy tortdi Mehriniso.

–Buncha qo‘rqmasangiz...

–Qo‘rqmay bo‘larkanmi, birovning kishisini kuppa kunduz kuni... – Ikkovi ham kulib yubordi.

Muhammad Mehrinisoni kasalxona hovlisi darvozasigacha kuzatib qo‘ydi. Xayrlasharkan: «Endi tezroq tuzalib ketsam kerak» dedi. Qiz odatiga ko‘ra yana sho‘x kuldi:

–Nima, kasalxonada qizlar yo‘qmikin?

–Ko‘p ekan-u, sizga o‘xshaganlari uchramayapti.

Qiz mamnun jilmaydi.

* * *

Muhammad xonasiga kirdiyu, karavotga o‘zini otdi. «O, Mehriniso, naqadar yaxshi qiz-a?!» Qalbining allaqaerida nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi: «Senga yetar kun ham bormikan?!» Shiftga tikilib o‘ychan yotarkan, yostig‘ining tagidan qalingina yon daftarini oldi. Ovoz chiqarib, o‘qiy boshladi:

«Mehriniso! Siz kirib kelganingizda guyo xonam yorishib ketganday bo‘ladi. Har gal men sizni qanchalik intiq bo‘lib kutishimni bilsangiz edi...

Bilasizmi, men sizning timsolingizda musaffolik va bokiralikning bir namunasini ko‘rganday bo‘laman. Bir qiz bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da, deyman. Va har gal sizning toza lablaringizga ko‘zim tusharkan, bu lablardan hech kim o‘pmagan, deb o‘ylayman. (Menga shunday tuyuladi).

Mehriniso! Men o‘zimni yengil toifa yigitlar qatoriga qo‘shmayman. Va, aksincha, o‘zimga gunohsiz deyish fikridan ham yiroqman. Lekin sizni ko‘rganim zahoti bor dunyoni unutaman. Sizning suhbatlaringiz menga shunday bir zavq bag‘ishlaydiki... Sizga tikilib o‘tirishning o‘zi bir gashtli... Shunday paytlarda xudodan faqat bir narsani iltijo qilaman: sevib qolmayin! Mabodo, sevib qolsam-chi? Bu mening yoshim va holatimda ko‘rgilik-ku! Shunday ham umrimning eng bebaho damlarini behuda hoyu havaslar yo‘lida sarf qildim.
 
Siz esa bir yoniq muhabbatga mushtoqsizki, men buni nigohlaringizdan sezaman. Sezamanu qo‘limdan hech bir ko‘mak kelmasligini bilib, kichrayib ketaman, insonning ko‘p narsaga ojiz ekanligini anglayman.

Mehriniso! Hayotimda u yoki bu ma’noda qizlar bilan do‘st, tanish bo‘lganman. Biroq siz mening qalbimni sekinlik bilan bo‘lsa-da zabt etayapsiz, hademay bu qo‘rg‘onda raqibning o‘zi qolmaydi. Siz mening tashqi qiyofamdagi xotirjamlik, osoyishtalikka, tundlikka ishonmang. Odatda, sokin daryolarning tubidagi to‘lqinlar xavfli bo‘ladi. Xuddi shunday men ham ichki holatim va o‘ylarimni ko‘pincha yashirishga, niqoblashga, sezdirib qo‘ymaslikka harakat qilaman.

Sevish, yoqtirib qolish hech bir zamonda gunoh hisoblanmagan.

Mehriniso! Dunyoda shunday bir qizlar, ayollar borki, ularni hech kim sevmagan, ular hech kimning nazariga tushmagan, siz esa bu jihatdan omadlisiz. Men sizga havas bilan boqqanlarini ko‘p bor ko‘rganman.

Bu gaplar bilan sizning ko‘nglingizni ko‘tarmoqchi emasman. Siz chiroylisiz va boshqa chiroyli qizlardan ustun tomoningiz (va men qadrlaydigani) siz poksiz. Bu poklik, bokiralik chehrangizdan shundoq bilinib turadi. Men ba’zida sizning timsolingizdagi mana shu soflik, samimiylik va ma’naviy go‘zallik qarshisida tiz cho‘kkim keladi. «E, xudo, meni kechir, ojiz bandangni kechir» desamu sizga o‘zimni tashlasam... Keyinchi? Xonamga har kuni o‘z oyog‘i bilan kirib turadigan go‘zallik va poklikdan benasib bo‘lamanmi? Sizning zavqli suhbatlaringiz-chi? Yo‘q. Aslo. Bunga jur’atim yetmasov, deb o‘ylayman.

Mehriniso! Men sizni keyingi paytlar bot-bot o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Yo‘q, ataylab o‘ylamayman, esimga tushib ketaverasiz. Ko‘chada, uyda... Ajablanmang, uyda ham ko‘p bor esimga tushasiz. Hozir Oysuluvning o‘rnida Mehriniso bo‘lganda qanday yo‘l tutardi, nima derdi, deb o‘ylayman. (Noshukur banda-ya).

Inson dunyosi murakkab ekan. Sevimli xotining, bolalaring, zavqli ishing bo‘laturib, ko‘ngil yana nimalarnidir tusaydi. Yo‘q, men ko‘ngil ko‘chasiga kirib hayotini izdan chiqargan odamlarni doimo qoralab kelganman. Lekin butun dunyoni, atrofdagi bor hamma narsani unutib, sevib qolish ham mumkin-ku! Bunday muhabbat har qancha zavqli va shirin bo‘lmasin, albatta, fojia bilan tugaydi.

Mehriniso! Men sizdan faqat bir narsani – har kuni xonamga kirib turishingizni va ruxsoringizga termulib zavq olishimga imkon berishingizni istayman, xolos. Faqir odamlarga mana shu iltifotning o‘zi ham kifoya.

Bu satrlarni o‘qib kulmang. Aytadilarki, dardmandning holini boshidan o‘tgan biladi, deb.

Qolgani keyin... Omon bo‘lsak ko‘raveramizda...
199... yil 16 mart “.

«Mehriniso! Siz yozgan «maktub» necha kundirki, menga tinchlik bermaydi. Yolg‘on, bu bir hazil-da deymanu, yana ishongim keladi. Axir, har qanday hazilning zamirida zili, ozgina rosti ham bo‘ladi-ku! Uni dugonangizgaki ko‘rsatishga uyalibsizmi, demak rost. Agar shunday bo‘lsa, men sizni boshimga ko‘tarardim.

O‘ttiz yoshimda, bir necha farzandga ota bo‘lganimda aqldan ozaman, sevib qolaman, deb sira o‘ylamagandim. Rostdan ham sevib qoldim-mi? Bilmadim. Nima bo‘layotganini o‘zim ham idrok qilolmayapman. Qalbim aqlimga bo‘ysunmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Bo‘lmasa, menday aqlli, og‘ir-vazmin, odobli yigit sizga qo‘shilib, bola-chaqani ham unutib, tog‘larda tentirarmidi. Har kech ishdan so‘ng soatlab kutganlarim-chi? Bu yurishlar odobga to‘g‘ri kelmasligini bilaman. Lekin ko‘nglim menga, o‘z egasiga bo‘ysunmayotgan bo‘lsa, ne qilay? Ba’zan o‘zimni tanimay qolyapman. Nahotki, shu ishqida sadoqatli, yoriga vafodor menman?
 
Siz mening osoyishta, tinch hayotimni buzib yubordingiz, bir maromda oqayotgan qalb dengizimga to‘lqin bo‘lib kirdingiz. Anchadan buyon xayollarim joyida emas. Tongga yaqin uyqum qochib ketadi. O‘ylayman, nima bo‘layapti o‘zi? Bu ishlar menga bir dunyo tashvish olib kelishini, oxiri baxayr bo‘lmasligini ham bilaman. Ammo baribir siz menga zavq bag‘ishlaysiz. Eng gullagan yoshlik yillarimni, birinchi muhabbatimni esga solasiz. Siz hayotimga, xayolimga kirib kelganingizdan buyon kayfiyatim juda yaxshi. Faqat qo‘lim ishga bormaydi. Ishlayman, deb qattiq ahd qilamanu, xayolimga yana siz kelaverasiz. Bu ne ko‘rgilik?!
 
Keyingi paytlarda do‘stlarim, o‘rtoqlarim ham menga ajablanib qarashayapti, o‘zgarayotganimni aytishayapti.

Siz bilan mening o‘y-fikrlarimiz, dunyoqarashlarimizda katta tafovutlar bo‘lsa-da, keyingi paytlarda suhbatlarimiz uzoq-uzoq cho‘zilayotganini, sizni intiqlik bilan kutayotganimni sezayapsizmi? Biz bir-birimizga o‘rganib qolayapmiz, chog‘i. Endi tanishgan paytlarimizda esa gap topolmay qolardim, gurungimiz qovushmasdi. Shuning uchun ham dugonangiz buncha gaplaring ado bo‘lmaydi, nimalarni gaplashasizlar-a, deganida ming karra haq edi.

Mehriniso! Bu o‘tkinchi dunyoda hamma mehrga zor. Qancha obro‘, pul topib, mehr topmagan, aqalli bir kishining mehrini qozona olmagan odamlarni bilaman. Bunaqa umr azob-g‘urbatku! Nima bo‘lgandayam men sizdan minnatdorman. Sizni ko‘rsam quvonaman, kayfiyatim ko‘tariladi. Bilasizmi, aytishga ham uyaladi, kishi. Keyingi paytlarda sizni rashk qila boshlayapman. Garchi bunga haqqim bo‘lmasa-da. Axir, o‘zingiz aytdingizku, sizga nima, men sizga kimman, deb. Lekin tog‘da bir narsadan xursand bo‘lgandim: men sizga qancha qattiq gapirmayin, tanbeh bermayin, kulib qo‘yaqolgan, hech narsa demagansiz. Vaholangki, siz o‘ta mag‘rur, birovning bir og‘iz gapini ko‘tarmaydigan qizlardan hisoblanasiz. (O‘ziyam, tog‘da rosa kuydirgansiz-da).

Bilasizmi, sizning aqlliligingiz, quvligingiz, sho‘x-shaddodligingiz uchun yaxshi ko‘raman. Balki hamma gaplaringiz munosabatingiz yolg‘ondir, makkorlikdir. Mayli, shu makkorlik qurboni bo‘lishni istayman.
199... 15 may “.

«Mehriniso! Tovuq katalagidek tor xonamda yolg‘iz har kun sizni o‘ylayman. Ba’zan ovozimni chiqarib siz bilan g‘oyibona suhbatlashaman. Sizni suyib-suyib erkalayman, «jonim» deyman. Ne qilay, kuchim shunga yetadi, xolos.

Mehriniso! Siz mening tashqi qiyofamdagi xotirjamlikka ishonmang. Ich-ichimdan tutab, kuyib ketayapman. Sabr-bardoshimning so‘nggi kuchlari bilan o‘zimni zo‘rg‘a saqlab turibman. Xayolimda yaqin orada chidolmasdan yonib ketadiganga o‘xshayman.

 Sizning qop-qora, tiyron ko‘zlaringizga tikilganimdagina dardim biroz yengillashadi. Men sizning ko‘zlaringizda xayrixohlikni, qandaydir, hali ma’nosiga yetib ulgurmaganim talpinishni, mehrni ko‘raman. Siz meni yaxshi ko‘rishingizni mana shu ko‘zlaringiz fosh etib qo‘yadi ba’zan. To‘g‘ri, unda biroz quvlik ham bo‘ladi. Lekin baribir goho men sizning ko‘zlaringizda eng samimiy, til bilan aytib bo‘lmaydigan rozlaringizni anglaganday bo‘laman. Mana shu narsa menga ozgina bo‘lsada orom beradi, qalbim qanoat hosil qiladi.

Mehriniso! O‘zingizni ham, meni ham qiynab nima qilasiz. Men sizni shunaqa otashin muhabbat bilan sevamanki, siz bunday muhabbatni ko‘rmagansiz, ko‘rmaysiz ham. Siz mening muhabbatimning to‘liq haroratini hali tatib ko‘rganingiz yo‘q. Agar siz mening ishqimga ishq bilan javob bersangiz, men sizni shunday mehr bilan ardoqlayinki, mening muhabbatim, sof tuyg‘ularim oldida Farhod va Majnun sevgisi oddiy oshiqlik xolos.

Sizga dugonalaringiz biroz havas, biroz hasad bilan qarashlarini sezasizmi? Chunki siz ularning fikricha, duppa-durust bir odobli yigitni o‘tir desa o‘tirtirib, tur desa turdirib, gapingizga kirdirib yuribsiz-da. Ilgari ularning bu gaplarini eshitsam, o‘zimni biroz noqulay sezardim. Endi esa bunday gaplar menga ta’sir qilmay qo‘ydi. Men siz uchun hamma narsaga tayyorman.

 Endi tanishgan paytlarimizda, to‘g‘risi, sizga ko‘pam ishonmasdim. Hazil-hazil bilan sizga bu qadar o‘rganib qolaman, sizsiz turolmaydigan holga kelaman deb sira o‘ylamagandim. Bugun ham safardan keyin to‘g‘ri uyga qaytsam bo‘lardi, lekin bugunning hisobidan sizni bir bor ko‘rmasdan ko‘nglim tinchimasligi, tunim azob bilan o‘tishini bilib, kech bo‘lsada institutga bordim. Siz ham mening ko‘nglimni tushundingiz va oldimga kirdingiz. Sizga bir bor to‘yib tikildimu ko‘nglim joyiga tushdi. Hazil gap qildimku: “Sizga bir bor to‘yib tikilsam, ikki kun ko‘nglim to‘q yuradi”» deb.

Men sizning sofligingizga ishonaman, Mehriniso! Sizning ishqingiz meni to‘g‘rilikka, soflikka undaydi. Sanatoriyadagi yigirma to‘rt kun o‘zimga qoyil qoldim. Ko‘z oldimdan institut yo‘lagidagi kulib turgan chehrangiz sira ketmadi. Mehriniso! Men sizga hech kimga aytmagan gaplarni aytganman. Bu gaplarni hech bir qiz mening og‘zimdan eshitmagan. O‘ylaymanki, hech kim sizga men kabi kuyib-yonib ko‘ngil izhor etmagan. Yodingizdadir, tiz cho‘kib yolvorganim...

Bilaman, mabodo bu yozuvlarga ko‘zingiz tushib qolsa, siz kulasiz va o‘zingizni mendan olib qocha boshlaysiz. Atayin kuydirish uchun. Doim shunaqa. Men sizga talpinganim sayin siz qochasiz. Axir, besh kunlik o‘tar dunyoda nima qilasiz meni buncha qiynab. Keling, mening eng aziz kishim, hayotimda yo‘ldoshim, sirdoshim bo‘lib qoling. Mening sizdan yagona o‘tinchim shu!
199...yil 7 avgust. “

“Mehriniso! Kecha men uchun og‘ir kun bo‘ldi. O‘zing yaxshi ko‘rgan odamni birovga tavsiya etish azobi kun bo‘yi meni qiynadi. Mehriniso, men sizni nimagadir hech kimga ravo ko‘rmayman. Siz shu holingizcha go‘zalsiz. Bu go‘zallikni kimningdir qo‘li payhon qilishini tasavvur etish azob. Lekin yana tabiat qonunida, baribir, kimgadir turmushga chiqishi kerak-ku, deb o‘zimga taskin beraman.

Mehriniso! Kecha uzzukun xayolimdan sizning qiyofangiz ketmadi. Xuddi birov sizni mendan tortib olib ketadigandek tuyulaverdi. Bilasiz, men sizning dugonalaringiz bilan ham yaxshi munosabatdaman. Lekin ulardan ko‘ra siz menga ma’naviy jihatdan yaqinroqsiz. Sizni do‘stlarim qatorida qadrlayman.
 
Inson ruhiyati qiziq. Gohida sizni olib uzoq-uzoqlarga ketgim keladi. (Qarang, qanchalik xudbinman-a). Eh, buncha chigal bo‘lmasa bu dunyoning ishlari?! Yaxshi ko‘rgan odaming qarshingda o‘tirsa, jur’at qilib aqalli qo‘lini ushlolmasang. Chunki jamiyatning hamma axloq qonunlari bunga qarshi. Ko‘ngil-chi? E, ko‘ngil qursin.

Hayotimdan nolimayman. Inshoollo, bundan keyin ham yomon bo‘lmas. Biroq har bir kishining ma’naviy jihatdan bir yaqini, sirdoshi bo‘lgani ma’qul. Siz mening ko‘z qarashimdanoq nima demoqchi ekanligimni darrov tushunasiz. Ko‘nglingdagini, nimani istayotganingni aytmasingdan tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi. Ba’zan eng yaqin deb bilgan do‘stlaring, oilang ham seni tushunmaganda siqilib ketasan, kishi. Afsuski, sizga yetishishning hamma yo‘llari men uchun berk. Gohida o‘zimning xayollarimdan dahshatga tushib ketaman.

Oldin qo‘lingizga bir hazil she’r tutqazganimda “Hozir bu usul urfdan qolgan” degandingiz kulib. Ne qilay, ushbu gaplarni ko‘zingizga tik qarab aytishga jur’atim yetmasa.

Faqat kulmang, o‘z ko‘ngliga qarshi borolmayotgan menday ojiz odamning ustidan kulmasligingizni iltimos qilaman.
199...yil 8 yanvar “.


“Meni kechagi qilmishim uchun kechiring. Nahot, butun umr izlab topganim – sizni bir onda yo‘qotib qo‘ysam. Siz chiqib ketgach, karaxt ahvolda o‘tirib qoldim. Miyam ishlamas, chakka tomirlarim lo‘qillab urar, yuragim o‘z qafasidan chiqib ketguday tipirchilardi. Yillar davomida sizda uyg‘otgan ishonchimdan nahot bir daqiqada mahrum bo‘ldim?

Sizning telefondagi “xayr” degan so‘zingizni eshitib yuragim orqaga tortib ketdi. Nega endi “xayr”. Nahot, endi hammasi tugadi?!
 
Mana o‘shandan buyon ikki kun o‘tdi. Sizning beozor jilmayib turishlaringiz sira ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Ma’nili-ma’nisiz gaplarimga zukkolik bilan topib aytgan javoblaringiz menga zavq bag‘ishlardi: – “Siz meni adoi tamom qildingiz?” “– Hech balo qilgani yo‘q, mana duppa-durust o‘tiribsiz-ku!”

Sizning hurkak nigohlaringiz xayolimga muhrlanib qolgan. Xuddi ohu misol cho‘chib qochishlaringiz qonlarimni gupirtirib yubordi. O‘zimni tutolmay qoldim.

 Meni kechira olasizmi? Nima qilay, ko‘nglim sizni istasa. Ayting, men nima qilay? Ikki o‘t orasida qoldim... Bundan buyog‘iga nima bo‘lishini xudo biladi...
199...yil 29 mart “.

* * *

Muhammad yon daftariga turli vaqtlarda yozib qo‘ygan bu satrlarni yolg‘iz qolgan paytlari o‘qib, o‘zi bilan o‘zi ovunadi, yuragi orom topadi. Mehriniso... U bu qiz haqida o‘ylaganida, nafaqat o‘ylaganida, balki ismini eshitgan zahotiyoq yuragi orziqib ketadi. Uning oldida xuddi o‘n sakkiz yashar yigitdek o‘zini bosolmay, hayajonlanadi. O‘zidagi bu holatga yigit hayron. “Nima bo‘layapti o‘zi?” To‘g‘ri, bir paytlar u Oysuluvni kitoblar ta’sirida bolalik qiziqishi bilan kuyib-yonib yaxshi ko‘rgan, biroq yillar o‘tib oq-qorani taniganida, bir necha farzandga ota bo‘lganida yana sevib qolaman, deb sira o‘ylamagandi. U muxbirlik qilib yurgan yillarida xotini, bola-chaqasini tashlab, yosh qizga uylanib ketgan erkaklar, obro‘li odamlar haqida odob-ahloq mavzuida qator maqolalar yozgan, ularni bevafolikda, xudbinlikda, mehr-oqibatsizlikda ayblagan. Endi esa o‘zining boshida bu tashvish. Hozir gazeta va jurnallarda chiqayotgan odob-axloq mavzuidagi maqolalarni o‘qib qolsa, ensasi qotadi. Yosh-yosh qizlar, turmush nimaligini bilmagan yigitchalar otasi tengi odamlarga aql o‘rgatib, safsata sotadilar. Turmush shunday murakkabki, boshingga tushmaguncha bilmas ekansan.

Institut laboratoriyasida ishlaydigan bu qizni Muhammad har kuni ko‘rar, ish yuzasidan oz-moz gaplashib turishardi. Qiz nihoyatda odobli, o‘zini juda yaxshi tutar va doimo hammaga yaxshi muomila qilardi. Bir kuni u bilan ko‘proq suhbatlashib qoldi. Qiz ochiqqina ekan. Uning ko‘ngliga kelgan fikrni hech tortinmasdan erkin aytishi va to‘g‘riso‘zligi Muhammadga yoqdi.
 
Shunday ko‘hlik va ko‘zga yaqin, aqlli qizning shu yoshga qadar (u Muhammaddan uch yosh kichik edi) turmushga chiqmayotganligi ajablantirardi. Eshitishicha, unga juda ko‘p yigitlar sovchi qo‘yishgan va hozir ham eshiklaridan sovchilarning qadami uzilmasmish. “Ajabo, – deb o‘yladi Muhammad, – yigitlarning bozori chaqqon bizning kunlarimizda noz-firoqqa balo bor ekanmi?”

Bir gal ishdan qaytishayotganda sekingina so‘radi:

–Nega turmushga chiqmayapsiz, Mehriniso?

Qiz kuldi: – Siz ham minglab odamlar bergan savolni berayapsiz?

Muhammad noqulay vaziyatda qoldi. Qizning javobi unga “Siz ham boshqalardan farq qilmas ekansiz” deganday eshitildi.

–Kechirasiz...

–Mehriniso ma’yus tortdi. Keyin sekin gapira boshladi:

–Bilmadim, g‘alati fe’lim bor mening. Mana, hozir siz bilan suhbatlashib boryapmiz. Istagan mavzungizda, hohlagancha gaplashishim mumkin. Biroq siz mabodo “Sizga uylanmoqchiman” desangiz, birdan yomon ko‘rib qolaman. Ko‘p yigitlar bilan tanishib ko‘rdim. Hech qaysi yoqmadi.

–Aybsiz do‘st qidirgan do‘stsiz qoladi, degan gap ham bor.

–Bilaman, dunyoda yaxshi yigitlar ko‘p. Ammo yaxshi ko‘rmagan odam bilan bir kun yashashni ham tasavvur qilolmayman. Undan ko‘ra shunday yuraverganim ma’qul emasmi? O‘zing xon – ko‘lankang maydon. Birovga og‘irligim tushmasa. Yolg‘izlikka o‘rganib qoldim, shekilli.

Qizning birdan suhbatga kirishib ketishi, erkin gapirishi Muhammadni dadillantirdi.

–Dunyoda ko‘ngildan tashqari mas’uliyat degan narsalar ham bor. Axir, har bir qiz ona bo‘lishni istaydi-ku. Hatto qushlar ham juftiga talpinadi. Hayot shunisi bilan go‘zal, shirin-da.

–Gaplaringiz to‘g‘ri. Yoshim o‘tib bormoqda. Men tengilar allaqachon bir necha farzandli bo‘lishdi. Endi meni bo‘ydoq yigit olmasligini ham bilaman...

–Sevganmisiz?

–Ha, talabaligimda bir yigitni yoqtirib qolganman. Bilmadim, sevgimidi u?

–U-chi?

–Yigitmi? U mutlaqo meni tanimasdi. Hozir ham tanimaydi.

–Qiziq-ku?!

–Siz yigitlarga oson. Birovni yoqtirsangiz, ko‘ngil izhor qilish imkoniyati bor.

–Agar, xo‘p desangiz, bir do‘stim bor, tanishtirib qo‘yaman.

–Nima bo‘lgan unga? – Qiz ajablandi.

–Turmushi buzilgan.

–Birovning tavsiyasi bilan tanishishni yoqtirmayman. Sun’iyga o‘xshaydi. Tasodifan uchrashib qolsang boshqa gap.

–Unda tasodifan uchrashtirib qo‘yaman, – kuldi Muhammad.

–Yaqinda bir dugonamning tavsiyasiga ko‘ra bittasi bilan tanishdim. Yaxshi yigit. Ko‘rinishlari ham, oilasi ham, kasbi ham durust. Ammo tegmadim.

–Nega? – Muhammad taajjubini yashirolmadi.

–O‘zimni ko‘zim qiymadi. – Kuldi Mehriniso. – Axir yigirma yetti yildan buyon o‘zimni gard yuqtirmay asrab yursam-u, u kishi birdan egalik qilib olsalar.

–Unda sizni majburlab erga berish kerak ekan. Men sizning otangiz bo‘lganimda qo‘l-oyog‘ingizni bog‘lardim-u qopga solib, dashtgami, toqqami, birontasiga berib yuborardim, – hazillashdi yigit.

– Onam ham shunday deydi. O‘zing topsang top, bo‘lmasa shartta birontasiga “xo‘p” devoraman, shuncha yil ko‘nglingga qaraganimiz yetar, deydilar. O‘zi yana bir kun ko‘rinmasam, hovliga sig‘may qoladilar. Menga o‘rganib qolgan, bechora.

– Kuzatib qo‘ysam maylimi? – Muhammad jur’atsizlik bilan qizga qaradi.

–Katta yo‘ldan muyulishgacha mayli. Naryog‘iga mumkin emas. – Mehriniso ma’noli jilmaydi. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Qo‘shnilar ko‘rib qolsa, gap ko‘payadi.

–Muyulishga yetgach, qiz sekinladi.

–Xo‘p, sizga rahmat. Yaxshi dam oling.

– Suhbat uchun sizga-da rahmat. Yaxshi tushlar ko‘rib chiqing.

O‘sha kuni Muhammadning allamahalgacha uyqusi kelmay yotdi. Mehriniso haqida o‘yladi. “Qanday aqlli, chiroyli qiz-a? Gaplarini aytmaysiz-mi? Har bir gapi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Bir qiz bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da”.

Ertasiga ish tugashi oldidan laboratoriyaga kirdi. Mehriniso yolg‘iz o‘tirgan ekan.

– Shuncha ishlaganimiz yetar endi. Yuring, ketdik.

Mehriniso yigitga qarab jilmayib qo‘ydi.

–Mayli, siz tushavering, men hozir.

Mehriniso bir pasda chiqib keldi. Undan xushbo‘y atir hidi anqir, sal-pal bo‘yanishga ham ulguribdi. Kinoteatrning oldidan o‘tayotganda Muhammad qizning e’tiborini afishalarga tortdi.

–Kinoga tushmaymizmi?

–Yigitning tomdan tarasha tushganday dabdurustdan bergan bu savoliga qiz ajablanib, unga yalt etib qaradi.
 
–Yo‘q, uyda xavotir olishadi.

Muhammad o‘zining noto‘g‘ri gap qilganligini sezdi:

–Ish ko‘pligidan kino-pinoga tushishga ham qo‘l tegmaydi. Shunday qilib umr o‘taverarkanda-a?!

Yigit yo‘lni xiyobon ichidan boshladi. Quyuq daraxtlar tagiga qo‘yilgan o‘rindiqlarda oshiq-ma’shuqlar bir-birining pinjiga tiqilib o‘tirishardi.

–Shularni ko‘rsam negadir g‘ashim keladi, – dedi Mehriniso. – Muhabbat – muqaddas tuyg‘u. Uni ko‘chada namoyish qilish menga g‘alati tuyuladi.

Suhbat asnosida ular katta ko‘cha muyulishiga borib qolishganini sezishmadi.

Shu tariqa har kun ishdan birga qaytishadigan bo‘lishdi. Biron haftadan so‘ng Muhammad yana kinoga taklif qildi. Qiz bu gal yigitning ra’yini qaytargisi kelmadi.

Muhammad yotoqxonada yolg‘iz zerikadi. Shu sabab har hafta biron narsa o‘ylab topadi. Goh muzeyga borishadi, goh teatrga, hech bo‘lmaganda rassomlar ko‘rgazmasiga taklif qiladi. Kunlar o‘tgan sayin Muhammad qizga o‘rganib qolayotganini, biron kun ko‘rmasa qo‘msayotganini sezdi. Uzoq kechalar uni o‘ylar, qiziq-qiziq gaplarini eslab, kulib qo‘yardi. Mehriniso ham negadir Muhammadning ko‘ngliga qarar, yigitni ranjitgisi kelmasdi.

Kasalxonaga tushishdan sal oldin xiyobonda sayr qilib yurishganida yigitning toqati toq bo‘lib, qizning qo‘llaridan ushlab o‘ziga tortdi. Mehriniso tok urgandek seskanib, cho‘chib tushdi. Qizning hurkakligi yigitni jo‘shtirdi. Uni mahkam bag‘riga bosib, nam, haroratli lablaridan o‘pdi. Qiz mayus tortib qoldi. Yigitning quchog‘idan sirg‘anib chiqarkan “Bo‘ldi, keting, endi menga gapirmang” dedi.

–Meni sizni sevib qoldim, Mehriniso!

–Qo‘ying, sizning maqsadingiz shul ekan. Bu yolg‘on gaplaringizni boshqa qizlarga ayting. Siz hali meni mutlaqo bilmaysiz-ku. Bizning alg‘ov-dalg‘ov, bevafo zamonda oddiy, to‘g‘ri, halol odam bo‘lib yashashning o‘zi katta baxt. Men shunday o‘ylayman.

–Siz uchun hamma narsaga tayyorman. Mayli, meni nima, kim deb atasangiz, o‘zingiz bilasiz. Sizni ko‘rib, aqlli gaplaringizni eshitib tursam bo‘ldi.

–Yo‘q, endi meni kutmang ham, bormang ham, xayr. – Qiz tez yurib undan uzoqlashdi.

Muhammad tun bo‘yi o‘zi bilan o‘zi olishib chiqdi. Oradan o‘tgan bir haftada u endi Mehrinisosiz yashay olmasligini aniq his qildi. Qizni so‘roqlab bordi. Qiz xomush “keling” dedi, xolos.

–Mehriniso, men sizsiz o‘tgan yetti kunda juda ko‘p narsalarni o‘yladim. Eng avvalo, qo‘polligim uchun meni kechiring.

–Sizdan xafa emasman. O‘zimdan o‘tdi. Men sizga imkon yaratib berdim.

Muhammad bu javobni kutmagan edi. Sevinib ketdi.

– Mehriniso, men sizga sovchi yuboraman.

– Jinni-pinni bo‘lganmisiz? Bolalaringizning uvoliga qolayin-mi?
– Sizning ishqingiz meni jinni qildi. Bolalar ham ulg‘ayishgach, oshiq otasini tushunar.

–Esingizni yeb qo‘yibsiz. Bir yaxshi gapga, bir yomon gapga farishtalar omin derkan. Gapingizni qaytarib oling.

–Qarorim qat’iy. Ertaga onangizga ayting, uyda bo‘p tursin.

–Bekorlarni aytibsiz, men sizga tegmayman.

–Qani tegmaganingizni ko‘rayin-chi?

Muhammad eshikni qattiq yopib chiqib ketdi.

* * *

Dam olish kuni Muhammad kuyovlardey yasandi. O‘zi yaxshi ko‘radigan oq ko‘ylagini, yo‘l-yo‘l qora kamzul-shimini kiydi. Taksiga o‘tirib, eski shaharga jo‘nadi.

Mehriniso onasi bilan turadigan pastqam, eski tipdagi paxsa hovli darvozasini qoqqanida quyosh tikkaga kelgandi. Muhammadning yuragi “duk”illab ura boshladi.

–Hozir, – ichkaridan ayol kishining ovozi va “ship”illagan qadam tovushi eshtildi.

Muhammad Mehrinisoni ko‘p bor kuzatib kelgan bo‘lsa-da, har safar muyulishdan qaytardi. Darvozaning eshigi ochilib, qorachadan kelgan ozg‘in kampirning yuzi ko‘rindi.

– Salomalaykum...

– Vaalaykum, keling o‘g‘lim...

– Mehrinisolarning uyi shumi?

– Shu, o‘g‘lim, – Kampir taraddudlandi, – keling.

Muhammad hovliga kirdi. “Kelavering” deya kampir zipillab uyga kirib ketdi. Muhammad hovliga ko‘z yugurtirdi. Torgina hovli. Uy oldida bir tup o‘rik. Hovli chinniday qilib supirib-sidirilgan.

–Mehriniso bozorga chiquvdi. Hozir kep qoladi. Qani, uyga kiringchi, o‘g‘lim. – Kampir ichkaridan chiqib taklif qildi.

Tor dahliz va ikki xonadan iborat uyning poygakdagisiga o‘tirishdi. Uy ichlaringiz tinchmi?

–O‘zingiz yaxshimisiz? Qarichilik bilan eson-omon o‘tiribsizmi?

–Xudoga shukur, bolam.

Uy ichi qadimgi imoratlarga o‘xshatib qurilgan. Devorda ko‘rpa-yostiq yig‘adigan taxmon, tokcha o‘rni qoldirilgan. O‘rtada xontaxta. Shohi, beqasam ko‘rpachalar. Nimagadir Muhammadning esiga “O‘tgan kunlar” filmidagi Kumushbibining uyi tushdi. “Kumushbibidan qaeri kam” deya o‘yladi. Devorda Mehrinisoning onasi bilan tushgan katta surati osig‘liq. Suratda qizning yoshroq payti, shekilli, nigohlari olovday. “Hozir esa o‘ychanroq”.

Kampir dasturxon yozib, non, qand-qurs, mayiz qo‘ydi. Choy damlab keldi.

–Olib o‘tiring, o‘g‘lim.

Choy quyib, yigitga uzatarkan “Sizni tanimayroq turibman” dedi.

– Men Mehriniso bilan birga ishlayman. Otim Muhammad.

–Ha-a, shunday deng... – Kampir ma’noli qaradi.

–Endi, momo, aybga buyurmaysiz, bir yumush bilan keluvdim. – Muhammad duv qizarib gap boshladi.

Kampir qulog‘ini ding qildi: “Ishqilib yaxshilikka bo‘lsin-da”.

–Qizingizga sovchi bo‘lib keldim... – Shunday dedi-yu, dasturxon popugini o‘ynay boshladi.

– Kimdan, aylanay?

–Nima desam ekan, – kalovlandi Muhammad. – Mehriniso bilan birga ishlaymiz. U dabdurustdan xayoliga kelgan fikrdan xursand bo‘lib ketdi.

– Bir do‘stim bor...

Kampir yelka uchirdi. – Nima uylanmaganmi?

–Uylanga-a-n-n, – tutilib duduqlandi yigit.

–Ajrashganmi?

–Yo‘-o‘-q, oilasi qishloqda turadi.

–Bolalari bormi?

–Bor.

–Nechta?

–To‘rtta, ikki o‘g‘il, ikki qiz.

–E-e, bolam, unda nega?...

–Qizingizni yaxshi ko‘rarmish...

Kampir bir zum jim bo‘lib qoldi. Keyin asta boshini ko‘tardi.

–Begunoh bolalarning uvoliga qolamiz. Ha, qiz o‘lgir, hali shunaqa deng. Unga ayttim-a, teg, teg, birontasiga teg deb. Bu ne sharmandalik. Oilali odam uylanaman, deb o‘tirsa-ya. – Kampir javray ketdi.

–Momajon, qizingiz ko‘nmayapti. Unga tushuntiring, shahardan uy olamiz... – Yigit beixtiyor labini tishlab qoldi.

–Ovozingizni yel uchirsin, o‘g‘lim. Ko‘rinishingizdan esli-hushli yigitga o‘xshaysiz. Qizim ko‘nganda ham men rozimasman. To‘rt bolaning uvolidan qo‘rqing-a!

–Unda nima qilamiz momojon. Menga yordam bering. Sizni boshimga ko‘taray, momojon!

–E, bechora yigit, bu mushkul savdo. Hali kelsin, mendan ko‘radi, juvonmarg. Qancha-qancha bo‘ydoq, ne-ne suqsurday yigitlardan sovchi kelganida ko‘nmay, endi to‘rt bolali odamning boshini aylantirib yuribdimi, o‘lgir.

–Momojon, iltimos, o‘tinib so‘rayman, qizingizni ko‘ndiring. Bo‘lmasa do‘stim adoi tamom bo‘ladi. – Yigit astoydil yalvora boshladi.

–Ha, o‘g‘lim-a, – Kampir “uf” tortdi, – koshki mening qurbim yetsa-ya. Yetmish yilki, bu dunyoning ishlariga tushunmayman.

Yigit suvga tushgan mushukdek shalvirab-sudralib tashqariga chiqdi.

* * *

Kasalxonadagi har bir kun azob bilan o‘tardi. Muhammad ancha sog‘ayib qolgan bo‘lsada, siqilar, vaqt o‘tishi qiyin edi. U tong saharda, hali bemorlar uyqudan turmasdan toza havoda shifoxonaning keng hovlisini bir aylanib chiqar, biron chekkaroqdagi o‘rindiqda o‘tirib do‘xtirlar va hamshiralarning ishga kelishini kuzatardi. So‘ng kun bo‘yi uzala tushib, shiftga tikilib yotardi. Kechki ovqatdan keyin salqinda yana bir hovlini kezar, shu bilan tongga qadar xonadan chiqmasdi. U deyarli hech kim bilan gaplashmas, hech kimga qo‘shilmasdi. Boshqa bemorlar ko‘rinishi ziyolinoma, rangida qon yo‘q bu yigitga yotsirab qarashar, u do‘xtirlar va hamshiralarning alohida e’tiborida turganini sezishardi. Muhammad ularning yonidan o‘tayotganda o‘zi haqidagi shivir-shivir gaplarni eshitardi. Biri “olimmish”, “katta domulla emish” desa, boshqa biri “yozuvchi ekan, kitoblari chiqqanmish” derdi. Uchinchisi esa boshini sarak-sarak qilib hammasidan oshib tushardi:

–Ishqilib, oddiy odammas, rangini qara, umrida quyosh ko‘rganga o‘xshamaydi. Ko‘p o‘qisa kerak-da.

Muhammad bu gaplarni eshitib miyig‘ida kulib qo‘yardi. “Olimmish, yozuvchimish. Ora yo‘lda qolgan odam, desalar to‘g‘riroq bo‘larmidi? Bir hisobdan shularga maza: qorni to‘ysa g‘am yo‘q. Qaysidir bir kitobda o‘qigandi. Aslida hayotning ta’mini, zavqini oddiy odamlar ko‘proq totarkan”. Kasalxonaga tushgandan buyon bu fikr uning miyasidan ketmaydi. Inson uchun sog‘lom bo‘lishning o‘zi eng oliy baxt ekan. Shunday tunlarni o‘tkazdiki, miriqib, qonib uxlash orzusi edi. Qo‘liga qoshiq tutolmagan, hojat uchun o‘rnidan turolmagan paytlari ko‘ziga yosh oldi: “Ey, xudo, bu ne ko‘rgilik?!” Holbuki, yer yuzida minglab mayib-majruhlar, o‘rnidan qo‘zg‘alolmaydigan xastalar bor. Har kuni turli falokat va kasalliklardan qancha odam o‘lib ketyapti. Shunday ekan, ota-onang, do‘stu dushmanlaring, bola-chaqang oldida sog‘-salomat yurishning o‘zi katta davlat, xudoning senga inoyati. Shon-shuhrat izidan quvish, mansab, mol-dunyo, obro‘ talashishlar bu dunyoning o‘tkinchi hoyu-havaslaridir, deb o‘ylaydi. Muhammad muxbir sifatida shikoyat xatlar sabab viloyatning shahar, qishloqlarini kezganida bir qarich yer uchun bir-biriga qo‘l ko‘targan og‘a-inilarni, oshnasining jufti haloliga, hatto o‘z singlisiga ko‘z olaytirgan bedavolarni, pul uchun har qanday iflos ishga qo‘l uradigan qabih kimsalarni, tanfurushlarni, “o‘z qo‘rg‘onim obod bo‘lsa bo‘ldi, dunyoga o‘t ketmaydimi” qabilida ish tutadigan manfaatparast, xudbinlarni ko‘rdi. Shuncha yomon odamlarni ko‘tarib aylanayotgan yerning o‘z o‘qidan chiqib ketmaganligiga shukur qilasan ba’zan. Ollohning toqatiga, sabr-bardoshiga balli-e!

Muhammad kechki salqinda aylanib yurib, kasalxona hovlisidan tashqariga chiqdi. Shifoxona shahar chekkasida joylashgan bo‘lib, shundoq biqinida lo‘lilar mahallasi boshlanib ketardi. Pastqam uylar, tor ko‘chalar... Kasalxona devoriga tutash uy oldida bir yigit bilan juvon tappi qo‘yishayapti ekan. Muhammad beixtiyor ularni kuzatib qoldi. Yigit qo‘lida belkurak, gung uyumiga suv sepib ivitadi-da, katta tunuka tog‘oraga soladi. Keyin jun bosgan, baquvvat yirik oyoqlari bilan tog‘ora ustiga chiqib, gung shiltasini tepa boshlaydi. U lipasini tizzasigacha tirib olgan. Ko‘ylagining old tugmalari yechilib ketgan. Quyosh tig‘ida uning yolli, cho‘yanday qop-qora ko‘kraklari, bilaklari yaltiraydi. Lo‘li yigit tog‘oradagi gungni obdon qotirgach, yonidagi 10-11 yoshlardagi yalangoyoq, yalangbosh bolaga imlaydi. Bola tog‘ora qulog‘iga ilmak simni ildiradi-da “taq”illatib sudrab ketadi. Sal narida tekis joyda turgan tolxivichday ozg‘in, qotma juvon bola olib borgan tog‘orani yerga ag‘darayapti. Juvon uzun ko‘ylak kiyib, peshonabog‘ tang‘igan, oyog‘ida kalish. Ular ishga shunchalik berilib ketganlaridan atrofga qiyo boqishmasdi.

Muhammad lo‘lilarni ancha kuzatib turdi. “Bizda bunaqasini lagan tappi deyishadi” deya xayolidan o‘tkazdi. Uning negadir botayotgan quyosh nurida jiqqa terga botib ishlayotgan yarim yalang‘och mana bu yigitga, uning xotiniga havasi keldi. O‘zini va Mehrinisoni bu baxtiyor juft o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. Mehrinisoni tappi qo‘yayotgan holda tasavvur qildiyu, miyig‘ida jilmaydi. “Non yopishni bilmaydi-yu, tappi qo‘yarmidi?”. U o‘qishni bitirib, maktabda ish boshlagan yili Oysuluv bilan kichikroq bir oshxona solish uchun g‘isht qo‘yishgan. Muhammad kechqurun loy tayyorlab, ustini shibbalab qo‘yardi. Saharmardonda turib ishlashardi. Oysuluv loyni dumaloqlab, g‘o‘langir tayyorlar, Muhammad g‘o‘langirlarni qolipga solib, mushtlardi. To darsga borguncha yuz-yuz yigirmata g‘isht quyishardi. Keyin yuvinib, taranib ishga ketar, kun bo‘yi o‘zini qushdek yengil his qilib yurardi. O‘shanda u haqiqiy jismoniy mehnat zavqini tuygan. Ayniqsa, ko‘proq ishlab toliqqan kunlari oyoqlari, butun badani channab, to‘shakda yotolmas, uning olov quchog‘idan Oysuluv zo‘rg‘a qochib qutilardi. Nahotki, o‘sha kunlar qaytmas bo‘lib ketgan bo‘lsa... U besh-olti yildirki, o‘shanaqa mehnat zavqini tuymaydi. Ertayu kech qog‘ozga tikilgani tikilgan.

Muhammad lo‘lilarga yana bir qarab oldiyu, orqasiga qaytdi.
 
 * * *

Xonasiga kirib, o‘rniga cho‘zilgan edi hamki, yo‘lakda bir necha qadam tovushi eshtildi. Eshik zarb bilan ochilib, hamshira ko‘rindi. Muhammad boshini ko‘tardi.

–Yoningizga odam qo‘ymoqchimiz, – dedi hamshira tashvishli qiyofada. Keyin qo‘shib qo‘ydi. – Boshqa hamma xonalar band ekan.

Muhammad yotgan torgina xonaga ikki karavot qo‘yilgan bo‘lib, biri u kasalxonaga tushgandan buyon bo‘sh edi. Bir yigitni ko‘tarib olib kelishib, ehtiyotlik bilan karavotga o‘tkazishdi. Yigitning ust-boshini almashtirishga ham ulgurishmagan, u nuqul ingrardi. Muhammad yigitga qaradiyu, qotib qoldi. Saldan keyin o‘ziga kelib:

–Xolbozormi? – dedi zo‘rg‘a.

Hamshira unga o‘girildi.

–Tanishingizmi?

–Unga nima bo‘libdi? – Savolga savol bilan javob berdi Muhammad.

–Avariya. Mashinasini urib olibdi.

–Ahvoli qanday?

–Bilmadim. Hozir vrachlar kelishsin-chi...

Yigit o‘qchiy boshladi. Hamshira tog‘ora keltirib, uning boshini ushlab turdi. U suv qusdi. Suv qip-qizil edi.

–Ichim kuyib ketyapti, suv... – U hansirab zo‘rg‘a gapirdi.

–Hamshira unga suv tutdi. Yigit ho‘pladi-da, Muhammad tomonga bir qarab qo‘ydi, keyin boshini yostiqqa tashlab, yana ingray boshladi.

Hamro Murodov va yana ikki oq xalatli kishi kirdi. Ular bemorni ko‘rishgach, Hamro Murodov hamshiraga tayinladi:

–Tezda barcha analizlarini oldirib, operatsiyaga tayyorlang.

Hamshira xuddi boshlig‘ining buyrug‘ini tinglayotgan askarday tik qotib:
–Xo‘p bo‘ladi! – dedi.

Sal fursat o‘tmay Xolbozorni olib ketishdi.

Muhammad bu yigit bilan cho‘lda birga ishlagandi. Xolbozor tuman komsomol qo‘mitasida kotib edi. Yaqinda Muhammad uning tuman ijroiy qo‘mitasiga bo‘lim mudiri vazifasiga o‘tganligini eshitgandi. Xolbozor keng fe’l, tashkilotchi, eng muhimi, odamlar ko‘ngliga yo‘l topa oladigan xushmuomala, o‘sadigan kadrlardan edi. Muhammad u bilan juda qalin do‘st bo‘lmasa-da, har holda bir-birlarining izzat-hurmatini joyiga qo‘yishardi.

Muhammadni erta tongda ayol kishining ovozi uyg‘otdi. Kimdir aytib yig‘lardi.

–Voy-y, bechora bolam-m-m, meni kimlarga tashlab ketding-a, bolam-m...
Muhammad yotgan bo‘limning yonidagi ko‘rimsizgina uycha – o‘likxona edi. Bu yerda ahyon-ahyonda mana shunday yig‘i ovozi eshitilib qolar, lekin bu gal ayol chinqirib, astoydil dodlardiki, yuragi ezilib ketdi. “Kim bo‘ldiykin, bechora?” U darhol kiyinib, tashqariga chiqdi. O‘likxona tomon yurarkan hamshiraga duch kep qoldi.

Hamshira Muhammadning nigohidagi savolni uqdi.

–Kechagi yigit..., – iztirob bilan dedi u.

–Nima-a? Nega endi?!

–Operatsiyadan chiqmadi.

Bu xabarni eshitib, yigitning rangi oqarib ketdi, yuragida jimirlagan og‘riq sezdi. “Nega endi?! Nega u o‘lishi kerak? Kimlar yashamayapti bu dunyoda? Juda ajoyib yigit edi-ku! Hali u katta odam, eliga fidoiy inson bo‘larmi-di? Nima gunohi bor edi bechoraning. Ey, xudo, nega so‘ramay-netmay olasan-a?”

Muhammad daraxt soyasidagi o‘rindiqqa behol cho‘kdi. Xolbozor otasining yolg‘iz o‘g‘li edi. Muhammad ularning uyida ikki-uch bor bo‘lgan, bir-biridan shirin uch farzandi borligini bilar, qorachadan kelgan xushro‘ygina, istarasi issiq xotinini, shofyor otasini tanirdi. Og‘ir-bosiq, doimo e’tibor bilan kiyinib yuradigan, yumshoq tabiatli bu yigit unda juda yaxshi taassurot qoldirgandi.

U kun bo‘yi kasalxona hovlisida aylanib yurdi. Ichkariga kirgisi kelmas, biron joyda o‘tira olmasdi. Kechagina bor odam bugun yo‘q, o‘ylardi u, xayot esa guyo hech narsa bo‘lmaganday o‘z izmida davom etayapti. Demak, hamma, jumladan, men ham kutilmagan paytda o‘lib ketishim mumkin ekan-da. Bu qanaqa adolatsizlik?

Kechga yaqin xonasiga kirdi. Uzzukun oyoqda yurib, toliqqan bo‘lishiga qaramasdan uxlolmasdi. Ko‘zini yumdi deguncha Xolbozor ko‘rinar, yonidagi karavot g‘ijirlaganday tuyulib, shoshib o‘rnidan turib chiroqni yoqar, karavot esa bo‘m-bo‘sh bo‘lar, poloponini yo‘qotgan qushday tipirchilayotgan onaning qiyofasi sira xayolidan ketmasdi.
 
Bir payt ko‘zi ilinibdi, shekilli, xonaga qandaydir sharpa kirganini sezib, dast o‘rnidan turdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisidagi o‘rindiqda oppoq uzun ko‘ylak, oq qalpoq kiygan kimsa o‘tirardi. Muhammad qo‘rquvdan butun vujudi dag‘illab:

– K-i-i-m-s-i-i-z-z? – deyoldi zo‘rg‘a.

Kimsa boshini ko‘tardi. Muhammadni dahshat qopladi. Derazadan tushib turgan ko‘cha chirog‘ining g‘ira-shira yorug‘ida ko‘rdi: o‘tirgan Xolbozor edi...
U juda sekin gapirdi. Ovozi olis-olislardan kelganday tuyuldi:

– Kecha men sizni tanigan edim. Biroq siz bilan gaplashgani majolim bo‘lmadi.

Muhammad qilt etmas, hatto nafas olmas, baqrayib qotib qolgandi.

–Qo‘rqmang, – dedi u, – men hozir ketaman. – So‘ng o‘ziga o‘zi so‘zlayotganday gapira boshladi:

– Sizlar meni suvday toza, vijdonli odam deb o‘ylaysizlar. Ammo men bir do‘stimga xiyonat qilganman. Bu gunohni umr bo‘yi yelkamda ko‘tarib keldim va sir saqladim. U (do‘stining ismini aytdi) mendan hech ham shubhalanmagan. Shuning jazosini oldim...

U ovozsiz sekin yurib, tashqariga chiqib ketdi. Muhammad hatto eshikning ochilib-yopilganini ham ko‘rdi.

Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmaydi. Muhammad baribir uxlolmasligini sezib, tashqariga chiqdi. Eshikning oldidagi o‘rindiqda hamshira yolg‘iz o‘tirardi. U yigitni ko‘rib:

–Ha, Muhammad aka, nega uxlamay yuribsiz? – dedi.

–Uyqum kelmayapti. Ko‘zimni yumdim, kechagi yigit ko‘rinadi.

–Unda mening xonamga kirib yotaqoling.

–O‘zingiz-chi?

–Men baribir uxlolmayman. Uxlagani qo‘yishmaydi.

–Yo‘g‘e, hechqisi yo‘q, o‘zimning xonamda yotaveraman.
 
U qizning yoniga borib o‘tirdi. Xayolini chalg‘itish uchun hamshira bilan gurunglashgisi keldi.

– Oyjamol, sizdan bir narsa so‘rasam, maylimi?

– Mayli, agar qo‘limdan kelsa...

– Siz nega hamisha xomush, o‘ychan yurasiz?

Qiz sho‘x kuldi. – O‘zingizchi? Kun bo‘yi nimalarnidir o‘ylab yotasiz. Xonangizga shuncha kiraman, bir og‘iz gap otmaysizam...

–Menmi? – Muhammad biroz qizarib davom etdi. – Hayotni, odamlarni, sizni o‘ylayman,– dedi qizning ko‘nglini ko‘targisi kelib.

–Meni? Hecham-da. Qaysi kuni kelgan chiroyli qizni o‘ylasangiz kerak-da,– sharaqlab kuldi u.

–Ha, mayli, mening savolimga javob beringchi?

–O‘ychanligim boisimi? – jiddiylashdi Oyjamol. – Yosh bo‘lsam-da, ko‘p azoblarni boshimdan o‘tkazdim. Mayli, sizga aytib bersam aytib bera qolay... – U bir muddat jim bo‘lib qoldi. Keyin sekin, past ovozda so‘zlay boshladi.

–Hamshira bo‘lish yetti uxlab tushimga ham kirmagan. O‘ninchini bitirgach, otam erga berib yubordi. Turmush o‘rtog‘im onam tomondan uzoq qarindosh bo‘lib, avvaliga yaxshi yashadik. Ikki farzand ko‘rdik. U kishi yaxshigina pul topardi. Shahardan kooperativ uy olib, ko‘chib keldik. Qishloqda ham uy-joyimiz, mol-holimiz bor edi. Biroq erim qishloqda yashashni istamadi.

Bir bayramda bolalarim bilan qishloqqa borib, ota-onamni ko‘rib, qaytib kelsam, erim uyda begona ayol bilan o‘tiribdi. Indamadim. Ikki bolamni o‘ylab, dardim ichimda yuraverdim. Xayolim joyida emasligi sabab bo‘ldimi, bir kuni to‘satdan zinadan yiqilib tushdim. To‘rt oy to‘shakka mixlanib, qimirlamay yotdim. Erim meni tashlab, o‘sha ayol bilan ketib qoldi. Biron marta kasalxonaga kelib, holimdan xabar olmadi. Do‘xtir Hamro Murodov bo‘lmaganida men hayot bilan vidolashardim. O‘zim ham o‘limimga rozi bo‘lgandim. Ammo mana shu odam (unga minnatdorchiligimni qanday izhor etishni bilmayman) meni hayotga qaytardi. Bor mahoratini ishga solib, meni omon saqlab qoldi. Asta-sekin tuzala boshladim. Kasalxonadan chiqayotganimda Hamro aka menga “Endi qizim, bizda ishlaysiz” dedilar. Bu odamning gapini qaytarolmadim. Qishloqqa qaytib borishga yuzim chidamadi. Avval xonalarni yuvib, supirib yurdim. Keyin tibbiyot bilim yurtining kechki bo‘limiga o‘qishga kirdim. Mana ikki yildirki, hamshiraman. Hamro akaning menga qilgan yaxshiligini boshqa odamlarga – kasallarimga qaytarolsam, o‘zimni baxtiyor his qilardim. Farzandlarim ulg‘ayishayapti. Endi ularni o‘ylash ham kerak.

– Bir kam dunyo, deydilar, – Oyjamolga taskin berdi Muhammad. – Har kimning boshida bir tashvish, bir armon. Eng muhimi, sog‘-salomatsiz, bolalaringiz yoningizda. Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘.

–Hay, mayli, o‘tgan kun o‘taversin-chi. – Oyjamol o‘rnidan turdi. –Kech bo‘p qoldi. Endi kirib dam oling. Men bir kasallarimdan xabar olay.

 Muhammadning allamahalga qadar uyqusi kelmay yotdi. Tongga yaqin ko‘zi ilinibdi.

* * *

U tushida momosini ko‘ribdi. Momosi oppoq kiyimda, oq ro‘mol o‘rab olganmish. Uning boshini silab “Ha, o‘g‘lim, nega ko‘p bezovta bo‘layapsan?” dermish.

Muhammad rahmatli momosini yaxshi ko‘rardi. U to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun momosi va buvasining qo‘lida o‘sgan. Momosi boshqalardan yashirib, shirin-shirin qandlar, novvotlar berardi. Rahmatli juda pokiza, saranjom-sarishtali, uquvli ayol edi. Uy ichining butun ro‘zg‘or yumushlarini batartib yuritardi. Muhammadni, ukalarini chaqaloqligidan keliniga ishonmasdan o‘zi parvarish qilardi.

Muhammad o‘qishga kirgan yili ta’tilga kelganida momosi unga yuragini ochib qoldi.

–Enang yetim qiz. Hech kimi yo‘q bechoraning. Birovlarning qo‘lida o‘sgani uchunmi ro‘zg‘or ishlariga uquvsizroq. Bilmadim, men o‘lsam hollaring nima kechadi. Shuning uchun senga tagli-tugli oiladan kelin qilsam, deb orzu qilardim. Sen bo‘lsang so‘ramay-netmay bir qiz bilan xat yozishib yurganmishsan.

–Kimdan eshitdingiz?

–Qishloqda gap yotarmidi? Hamma gapirayapti. Qaysi kuni bir bahona bilan uylariga borib, qizni ko‘rib keldim. Sal ozg‘inroq demasa, yomon qizga o‘xshamaydi. Ko‘zim ochiqligida seni uylantirib, ro‘zg‘oringni ko‘rsam degandim.

–E-e, men hali uylanmayman, – sapchib tushdi Muhammad.

–Nega uylanmaysan?

–Hech bo‘lmasa o‘qishim bitsin.

– Sening o‘qishing bitgunicha bo‘y qiz qarab o‘tiradimi? Birontasiga berib yuboradi-da.

–E, bersa berib yuborar, – jahli chiqdi Muhammadning.

– Nima, bir bechoraning qizini yomonotliq qilib tashlab ketaverasanmi?! Uylanmaganingni ko‘ray-chi?

Muhammad Toshkentga qaytgach, biron haftadan so‘ng hamqishloq bolalardan eshitdi: Muhammad bilan Oysuluvni non ushatib, unashtirib qo‘yishibdi. (Momosi aytganini qilibdi). Uydagilarga jahl qilib olti oy qishloqqa bormagandi o‘shanda. Endi esa o‘sha kunlarni eslarkan, “Mabodo momom shu ishni qilmaganida taqdirim butunlay boshqacha bo‘lib ketishi mumkin edi” deb o‘ylaydi. Chunki kursdosh qizlar ichida chiroyliyu aqllilari ko‘p edi. “O, Oysuluv, to‘rt farzandimiz, baxtiyor kechgan kunlarimiz haqqi-hurmati biz mushfiq momojonimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak!”

Momosi so‘nggi marta kasalxonaga tushganida Muhammad cho‘lda ishlardi. Dam olish kuni momosini ko‘rgani bordi. Momosi ko‘ziga yosh olib:

–Do‘xtirlar “Nabirangizga ayting, sizni yaxshi kurortlarga olib borsin, tuzalib ketasiz”, deyishayapti, – dedi.
 
 Muhammadning ham negadir ko‘ngli to‘liqdi. Ovozi zo‘rg‘a chiqdi.

–Mayli, momo, albatta, olib boraman. Hozir qish, sovqotib qolasiz. Bahor kelsin.

Bu hafta telefon simlari shum xabar eltdi: “Momongiz...”

Muhammad mashinadan tushib uylari oldida to‘planib turgan olomonni ko‘rdiyu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:

–Momojon!!! Mo-o-mo-jo-o-n-n!

U o‘sha kuni to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Ulg‘ayib, yigit bo‘lganidan buyon hech mahal bunday yig‘lamagandi. O‘zini bosishga qancha urinmasin, ko‘ngli to‘lib, ko‘zidan yosh oqib kela boshladi.
 
Mana oradan yillar o‘tib ketdi. “Ey, o‘g‘il, sen biron marta momongning qabrini ziyorat qildingmi?” Ko‘ngliga kelgan bu savoldan Muhammad cho‘chib tushdi. Osmonga qo‘llarini cho‘zib, ko‘zida yosh bilan iltijo qila boshladi.

–Ey, parvardigori olam, meni kechir, gunohkor bandangning uzrini qabul qil. Kasalxonadan chiqqach, birinchi qiladigan ishim ziyorat bo‘lsin. Momojon, meni, bebosh o‘g‘lingizni kechiring. Men sizni ham, buvamni ham hamon yaxshi ko‘raman. Sizlar mening qalbimdasiz.

Momojon! Sizdan keyin buvam uzoq yashamadilar. Kasallanib, ko‘p azob chekdi. Bir yildan so‘ng – o‘sha siz qazo qilgan kun – qutlug‘ ramazonning (men buni aniq eslayman) uchinchi juma oqshomida hayot bilan vidolashdilar. Ko‘hna dunyoning sir-sinoatiga hamon aqlim yetmaydi, momojon! O‘sha kun, o‘sha soat... Nahot bir-biringizni shuncha yaxshi ko‘rardingizlar...

Shu payt eshik ochilib, xonaga Hamro Murodov va hamshira kirdi. Do‘xtir Muhammadning rang-ro‘yiga va holatiga qarab, tez yurib uning oldiga bordi. Peshonasiga qo‘lini qo‘ydi.

–Nima bo‘ldi sizga?!

–Hech narsa, o‘zim...

Do‘xtir uning qon bosimini, yurak urishini tekshirib ko‘rgach, dedi:

–Siz qattiq qo‘rqibsiz. Kechagi voqea ta’sir qilibdi, chog‘i. Sizga muddatidan oldin javob beraman. Ruhiy holatingiz shuni taqozo etayapti. – U hamshiraga burildi. – Bu kishining barcha hujjatlarini ertagacha tayyorlang. Xonalarni qarab chiqing, imkon bo‘lsa bugun boshqa joyda tunasin. – Keyin zo‘rma-zo‘raki iljayib “E, sizni qarang-u, juda ta’sirchan odam ekansiz-ku?! Mayli, yaxshi dam oling. Qolgan gaplarni ertaga gaplashamiz” dedi va xonadan jadal chiqib ketdi.

* * *

Muhammad barvaqt o‘rnidan turib, yaxshilab yuvindi, soqolini oldi. Uyga ketayotganligi uchunmi kayfiyati xush, o‘zini qushday yengil his qilardi. O‘rnini tartibga keltirgach, har kungi odatini bugun ham kanda qilgisi kelmadi. Hovlini bir aylanib chiqdi. Kecha yomg‘ir yoqqanmi yo shudring tushganmi yo‘laklar nam edi. Yo‘laklar chetidagi ariqchalarda xazonlar yoqimli shitirlaydi. Muhammad kuzni yaxshi ko‘radi. O‘ychan va to‘kin-sochin fasl bu! Kishini mahzun xayollarga toldiradi. Lekin bu tong uning mahzun o‘ylar surishga tobu toqati yo‘q edi. U qishloqdagi mo‘‘jazgina uyini, bolalarini, ota-onasini, do‘stlarini, ishini sog‘indi. Hazilmi, o‘ttiz kun bir joyda qamalib yotish. Qo‘yingki, hammani, hayotni sog‘indi. Bugun uning ko‘ziga hamma narsa – xiyobondagi mana bu gullaru daraxtlardan tortib, darvoza yonidagi kursida o‘tirgan anavu qorovul cholgacha boshqacha ko‘rinar, o‘zini dunyoga qayta kelgandek, uzoq yillik uyqudan uyg‘ongandek his etar, atrofga, odamlarga mehr bilan boqardi. “Hayot shirin, – deb o‘yladi u, – yashash baribir yaxshi!”.

Xonasiga qaytsa, hamshira kiyimlarini keltirib qo‘yibdi. U ust-boshini almashtirdi. “Qizi tushmagur, dazmollashga ham ulguribdi, – xayolidan o‘tkazdi u. – Ajoyib qiz ekan. Xuddi o‘z akasiga qaraganday parvarish qildi, bechora. Biror marta malol kelganini sezdirmadi. To‘g‘risi, goho xotining atrofingda shunchalik parvona bo‘lmaydi-yov. Shularning olgani halol-e!”
Shu payt eshikda Oyjamol ko‘rindi.

–Men sizni xayr-xushni nasiya qilib ketib qoldingiz, deb o‘ylabman, – kuldi qiz.

Muhammadning unga mehri iyib ketdi.

–Sizga qanday minnatdorchilik bildirsam ekan...

–Nima uchun?

–Hamma-hammasi uchun Oyjamol. Axir, sizning mana bu shifobaxsh qo‘llaringiz bo‘lmaganda edi,– Yigit yaqinlashib qizning qo‘llaridan ushladi, – men bunchalik tez tuzalmasdim. – U egilib qizning dori hidi anqib turgan qo‘llaridan o‘pdi. Oyjamol qip-qizarib ketdi.

–Nima qilyapsiz, Muhammad aka? – U qo‘llarini sekin tortdi.

–Sizning qadringizga yetmagan yigit ko‘r bo‘ladi. – Muhammad qizning sha’niga ikki og‘iz iliq so‘z aytgisi, uning ko‘nglini ko‘targisi keldi. – Siz muloyim, mehribon, oqila, chiroyli ayolsiz. Sizga juda katta rahmat, singlim!

Bu maqtovlardan Oyjamolning ikki beti lovillab, yerga qaradi.

–Qo‘ying, Muhammad aka, oshirib yubordingiz. Siz o‘zingiz juda boshqachasiz...

U boshini ko‘tardi. Yuziga tabassum yoyildi. – Xo‘p, mayli, yaxshi boring, yangamlarga salom ayting, – dediyu zipillab chiqib ketdi.

U Oyjamolning orqasidan mahzun tikilib qoldi. “Yaxshi qiz. Bir yigitning baxti”. Keyin narsalarini yig‘ishtirdi. Ketish oldidan Hamro Murodovning xonasiga kirdi.

Hamro Murodov nimalarnidir yozib o‘tirardi. Eshik ochilganini sezib, boshini ko‘tardi.

–E, keling Muhammadjon, – uning chehrasi ochildi. – Mana hujjatlaringiz ham taxt bo‘ldi. Toshkentga borgach, poliklinikaga bir ko‘rinib qo‘yarsiz. – U qog‘ozlarni yigitga uzatdi. – Qani keling, bunday o‘tiring-chi, ahvolingiz tuzukmi endi?

–Juda yaxshiman. Rahmat sizga, Hamro aka!

–Qaysidir kitobda o‘qigandim, o‘ttiz yoshlar atrofida yigit kishining boshiga bir mushkulot tusharkan, falokatmi, yo bir g‘am-tashvish... Agar u mana shu “sinov”dan eson-omon o‘tsa, keyin ishi yurishib ketarkan, uzoq yasharkan. Mana, siz ham bir sinovdan o‘tdingiz. Endi ko‘zingizga qarab yuring, uka. Inson dunyoga bir marta keladi. Shunday ekan, hayotning ma’nosiga yetib, yaxshi-yomonni farqlab, turmushdan zavq olib yashash kerak.

– Sizdan behad minnatdorman, Hamro aka. Iloyim, mendek dardmandlar baxtiga hamisha omon bo‘ling.

Hamro Murodovning ko‘zlari yiltilladi. O‘rnidan turib, Muhammadga qo‘lini uzatdi.

– Qarshiga tushganingizda kelib turing. Sog‘liqda ko‘rishaylik.

Yigit do‘xtirning qo‘lini qisib:

–Albatta, Hamro aka, sizni unutib bo‘larkanmi? – dedi.

Muhammad kasalxona hovlisidan tashqariga chiqarkan, negadir ko‘ngli huvillab qolganini sezdi. Orqasiga bir qarab oldi. Sal o‘tmay u sershovqin shahar ko‘chalarida shoshib borayotgan odamlar oqimiga qo‘shilib ketdi.

* * *

Turob traktorchi o‘g‘lim eson-omon sog‘ayib chiqsa, jonlig‘ so‘yib qon chiqaraman, degan niyatda Muhammad kasalxonaga tushgan kuni bir etliroq to‘qlini suruvdan ajratib yem bera boshlagandi. O‘g‘lining o‘z oyog‘i bilan uyga kirib kelganini ko‘rib, suyunib ketdi, xotiniga boqib yotgan to‘qlini ushlashni buyurdi. Qo‘yni so‘yib, to‘la-to‘kis qozonga soldirgach, kichik o‘g‘liga qo‘ni-qo‘shnilarni, qarindosh-urug‘larni ayttirdi. Uyi uzoqrog‘ini traktoriga minib o‘zi aytib keldi. Hatmi Qur’on o‘qish uchun qo‘shni qishloqdan mulla Xushvaqtni, Muhammadning iltimosiga ko‘ra dala shiyponi qorovuli Hasan buvani olib kelishdi.

Hatmi Qur’on o‘qilib, dasturxondagi taomlar yeyilgach, mulla buva duoga qo‘l ochdi. Birpas eshitilar-eshitilmas pichirlab turdida, ovozini chiqarib dedi:

–Omin, xayr-sadaqalarini o‘zi dargohida qabul qilsin! Shu yigitni, hammamizni parvardigor panohida asrasin!

Hamma mulla Xushvaqtga qo‘shilib, qo‘llarini yuziga tortdi. Muhammad o‘rnidan turib, mullaning oldiga pul qo‘ydi. Hasan buvaning yelkasiga onasi bo‘g‘chadan olib bergan ko‘k to‘nni yopdi.

Odamlar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishgach, Muhammad Hasan buvani kuzatib tashqariga chiqdi.

–Rahmat, buva, – dedi yigit cholning quriqshigan, ozg‘in qo‘llarini kaftiga olarkan, – o‘sha tun siz bo‘lmaganingizda...

–E, bolam, mening qo‘limdan nima kelardi. Xudoning o‘zi rahm qilgan-da.

–Baribir, o‘la-o‘lgunimcha sizdan minnatdorman.

–Meni izzat qilsang, seni xudo izzatlasin. Umringdan baraka top, bolam.

Cholni eshagiga mindirib jo‘natgach, Muhammad otasiga “Endi momom va buvamning mozorlarini bir ziyorat qilsak, rahmatlilarning ruhlari shod bo‘lardi-da” dedi. Ota o‘g‘liga ajabsinib qaradi, keyin cho‘ntak soatiga ko‘z yugurtirgach, “hali borsak bo‘larkan” dedi.

 Ota-bola traktorning tor kabinasiga siqilishib, qishloqdan besh-olti chaqirim naridagi tepalikda joylashgan qabriston tomon jo‘nadilar.

Traktorni soylikda qoldirib, tepalikka yayov chiqib borishdi. Mozorlarni oralab o‘tisharkan, Muhammad bildiki, otasi kelmaganida, momo-buvasining go‘rlarini topolmaskan. “E xudo, bu ne ko‘rgilikki, o‘g‘il o‘z momosi, bobosi qabrini bilmasa? Axir, otangni ham bu dunyoga bog‘lab qo‘ygan emas-ku! Bolalaring erta bir kun so‘rab qolsa nima derding?! ”

Yoz oxirlab, kuz fasli boshlanayotgan bo‘lsada, mozorlar usti yupqa ko‘k o‘tlar bilan qoplangan, maysalar mayin shabadada ohista silkinib turardi. Qo‘yindida dabdabali qabrlar yo‘q. Hafsala qilgan kishilargina qarindoshlari, yaqin kishilari mozorini panjara yo sim to‘r bilan o‘rab, oq marmarga otlarini yozdirib qo‘yishgan. Aksariyat qabrlarda esa hech bir yozuv yo panjara yo‘q edi. Do‘ppayib turgan go‘rlarni oralab, ehtiyotlik bilan qadam tashlab borarkan, Muhammad o‘ylardi: “Mana shu do‘ngliklar tagida odamlar bor. Bir vaqtlar ular ham sendek tirik bo‘lishgan. Bugun esa dunyo g‘avg‘olariga befarq, balki ustlarimizdan kulib, yayrab, ozod yotishibdi. Biz esa qullarmiz. Nafs quli, ishq quli, shuhrat quli...” U o‘liklarga-da hasad, ham havas qilayotganini sezib, yuzlarini chimchiladi. “Jinni bo‘lyapman, shekilli”.

Ota qabristonning kun chiqish tarafidagi ko‘rimsizgina ikki go‘r yonida to‘xtadi.

–Mana, belgi qo‘yganman, – U go‘r tepasidagi yalpoq-yassi toshlarga ishora qildi.

 Mug‘ammad yog‘ingarchiliklar tufayli sal cho‘kkan mozorlarga qararkan beixtiyor cho‘kkaladi. Otasi ham o‘g‘lining yonidan tizzasi bilan o‘tirib, fotiha surasini o‘qidi. Muhammad otasiga qo‘shilib, panjalarini yuziga sirparkan, ichidan, qalbining tubidan bir hayqiriq otilib kelardi: “Momojon, buvajon! Gunohkor o‘g‘lingizni kechiring. Men o‘tkinchi dunyo hoyu-havaslari bilan ovora bo‘lib sizlarning holingizdan xabar ololmabman...” U o‘rnidan turib mozor ustidagi o‘tlarni yula boshladi.

Ota o‘g‘lining kayfiyatini tushundi, shekilli, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
–Qo‘yaver, bugun yulganing bilan ertaga yana o‘sib chiqadi. Ustaga panjara “zakaz” qilganman. Shuni birgalashib o‘rnatishimiz kerak.

–Men shahardan marmartoshga yozdirib kelaman.

Muhammad qaddini rostlab atrofga qaradi. Qabrlarning yonida to‘qqiz-o‘n qadamcha joy bo‘sh edi. “Shu yerni band qilib qo‘yish kerak ekan”. U kallasiga kelgan bu fikrni otasiga aytmoqchi bo‘lib burildi va birdan bu gapning zamiridagi ma’noni anglab, yana yuzini chimchilay boshladi. “Menga nima bo‘layapti, o‘zi? Odamzod qanchalik xudbin-a?!”

–Yur, qaytamiz endi, kun ham kech bo‘p qoldi.

Muhammad og‘ir qadamlar tashlab otasining izidan ergashdi...

1991 yil, Qarshi.
1992 yili Qarshidagi “Nasaf” nashriyotida kitob holida chop etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.