OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulatif Abdullayev. Hamyon (hikoya)

Yaqinda tug‘ishi kutilayotgan bittayu bitta sigirga hovli etagidan o‘tgan ariq ichida o‘t yulayotgan Hikmatni onasi hayajonli ovozda chaqirdi:
—Hikmatjoon! Hiikmaat! Buyoqqa kel o‘g‘lim. Tezroq bo‘l...
 Yulgan o‘tlarini orqalab kelgan Hikmatni onasi shoshirdi:
—O‘tingni qo‘y o‘g‘lim, mana buni o‘qi!...
—N...nnima ekan u?
—O‘zing o‘qiyqol!
Maktubda uning yozda topshirgan imtihoni natijasi chiqqani, Hikmat o‘qishga kirgani yozilgan edi. Kechki payt ularning uyida bayram bo‘lib ketdi. Otasi quvonganidan osh tayyorlatdi. Hikmat do‘stlariga ziyofat berdi.
 Oradan ikki kun o‘tib, maktabdan maoshini olgan otasi uni Toshkentga kuzatib qo‘ydi. Kuzatayotib ancha nasihat qildi. Ayniqsa, qizlarga ko‘pam yaqin bo‘lavermaslikni tayinladi... Avtobus tog‘li qishloqdan shaharga yetguncha uzoq yurdi...

* * *

Hikmat biroz kechroq kelgan bo‘lsa-da, darslarni tez yetkazib oldi.
Otasi aytganiday u qizlarga yaqin bo‘lavermas, to‘g‘rirog‘i, tog‘ning bu qorachadan kelgan, lablari qalin, biroz tutilib gapiradigan, kursdoshlari tili bilan aytganda «duduq» yigitga  qizlar yaqin bo‘lavermasdi...
 Bahorning iliq kunlaridan biri edi. Hikmat birinchi imtihonlardan yaxshi o‘tgan, endi yozgi imtihonlarga tayyorlanardi.
U kutubxonaga borish uchun bekatda avtobus kutar, avtobus esa hadeganda kelavermasdi. Nihoyat, lapanglab kelib to‘xtagan  avtobusga amallab chiqib oldi. Tiqilinchdan ko‘pchilik asabiylashgan, bir kampir o‘zicha norozi to‘ng‘illab o‘tirar, uning tepasida go‘zal bir qiz jimgina borardi. Tiqilinchda surilib qizning yoniga kelib qolgan Hikmatga kampir qaraganida ham gapdan tinmagandi. Uni o‘ziga gapirayapti deb o‘ylagan yigit:
—Bbb...iron nima dedingizmi xxx...olajon—dedi.
—Hech nima, xola emish...—to‘ng‘illadi kampir.
Hijolat tortgan Hikmat atrofiga qaradi. Unga kampirning tepasida turgan qiz sekingina jilmayib qo‘ydi. U go‘yo «E’tibor bermang» deyotganday edi. Hikmat uning ko‘zlariga qarab qoldi. Shu paytgacha hech bir qiz unga bunday samimiy tabassum qilmagandi...
 Qiz ahyon-ahyonda qarab qo‘yar, endi biroz bezovtaroq edi...
Yigit hayajonlanib borar, qiz bilan gaplashish haqida o‘ylar, xuddi fikrini birov bilib qolganday atrofiga olazarak boqardi. U qizga gapirish uchun og‘iz juftladi:
—Kkk..echirasiz Ssiz...
— Nima men, jim bo‘lasanmi yo‘qmi?—kampir tutaqib ketdi.
— Mmm..en sizgamas...
—Nega boshimni qotirasan?..
 Uning «Sizgamas» deyishi bilan qiz tezda qaragan, Hikmat qizarib ketgandi. U kampirning keyingi gaplarini eshitmay qo‘ygan, qizning nigohlarini his etib, boshi egilib borardi.
Odamlar u bilan kampirga indamay qarab qo‘yishdi... Kimdir o‘tirgan o‘rnidan cho‘zilib qarab qo‘ydi...
 Bu orada avtobus keyingi bekatga kelib to‘xtadi. Yana bir qancha odam itarishib o‘zini avtobusga urdi. Hikmat ham surilib ketdi.
 Avtobus bekatdan uzilib, ozgina yurishi bilan — svetofor o‘chib qolgan bo‘lsa kerak — tirband bo‘lib turgan mashinalar qatoriga tiqildi. Hikmat uzalib qizga qaramoqchi bo‘ldi. Qiz joyida yo‘q edi. U shoshib qoldi, ishonolmay surilib avval turgan joyiga keldi. Qiz bekatda tushib qolgandi. Hikmat qimmatbaho narsasini yo‘qotgan odamday alanglar, bezovta qimirlab qo‘yar, bunga ro‘parasidagi kampirning ensasi qotib qarab qo‘yardi...
Hikmat umidsizlanib, mayusgina boshini egarkan, hozirgina qiz turgan joyda, stulning tagrog‘ida yotgan yaltiroq hamyonga ko‘zi tushdi.
«Hamyoni tushib qolibdi!».
 Shu xayol bilan u sekingina engashib hamyonni ikki oyog‘iga qisib, oldi. Yana siqilib qaddini tikladi-yu oldinga intildi.
Avtobus hamon yurmas, odamlar asabiylashardi.
—Ee...shikni oochib yuboring!
—Bekatda tushasan, — haydovchi yigitni jerkidi.
—Tt..ushishim kerak.
Uning duduqligi ta’sir qildi shekilli, haydovchi indamay eshikni ochdi. Eshik ochilishi bilan yigit bekat tomonga yugurdi...
Avtobusning eshigi yopilib, ozgina yurishi bilan ko‘zlari olaygan kampir o‘rnidan turib ketdi:
—Hamyonimni o‘g‘irlashibdiii..Ushlanglar uni...Voy dood!
Odamlar yana bir-bir kampirga qarashdi... Kimdir o‘g‘rini qarg‘adi... Haydovchi avtobusni to‘xtatib, eshikni ochdi-yu tashqariga otildi...

* * *

Hikmat bekatga kelib qizni topolmagan, hansiragancha atrofga qarar, hamyon qo‘lida turardi... Haydovchi yetib kelishi bilan tushirgan musht shundoq ham gangib qolgan boshini chayqatib yubordi. Yigit muvozanatini saqlolmay yiqildi. Hamyon yerga tushdi... Yon-atrofdan o‘tayotgan odamlar yig‘ilgan, ba’zilari oyoq uchida turgancha, cho‘zilib qarashardi... Olomonni yorib militsioner paydo bo‘ldi...

2008 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.