OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho‘lpon. Do‘xtur Muhammaddiyor (hikoya)

Turkistonning qorong‘u bir go‘shasida... nomlik bir uezdni shaharda Hoji Ahmad ismli 60 yashar bir kambag‘algina sartarosh hoji bor edi. Aning xotuni chaxo‘tka (sil) kasaliga mubtalo bo‘lub, to‘quz oy qadar xastalik to‘shagida yotgandan so‘ngra vafot bo‘lg‘on edi. Ul xotundan Muhammadiyor isminda bir o‘g‘il tug‘ilgan edi. Hoji Ahmad o‘z shahrida «Hoji sartarosh» deb mashhur edi. Aning hojilig‘ining bosh sababi 15 yashar ekan vaqtida otasi ila hajga borgan edi. Otasi hajda vafot topkandan so‘ngra «yolg‘uz o‘zi Misr, Istambul, Fas-Marokash, Bulujiston, Bag‘dod, Eron va Afg‘oniston taraflarni va ichki Rusiyani o‘n yil qadar sayohat qilub qayt¬kan edi.  Sayohatdan qilg‘on foydasi forscha, arabcha, ruscha va inglizcha tillarda suylamakg‘a qodir bo‘ldi. Ammo o‘zining nodonligi sabab bo‘lub sayohatda ko‘b mashaqqatlar ko‘rganligidan o‘g‘li Muhammadiyor o‘quv yoshiga yetar-etmas butun kuch va quvvati ila ani o‘quturg‘a harakat qildi. Muhammadiyor o‘n yoshiga  yetkanda ichkari Rusiyadan Ufa madrasai Oliyasini biturgan bir muallim kelub qoldi. Bu shaharda bir-ikki hafta turgach, xalq og‘zidan gazet o‘qiydirgan va «etmish ikki tilni biladirgan» hoji sartaroshning shuhratini eshitub, ko‘rushmoq uchun Hoji Ahmadning sartaroshlik do‘koniga keldi. Muhammadiyor ham shunda o‘turgan edi. Otasining ishorati ila o‘rnidan turub kamoli ta’zim ila ko‘rushdi. Hoji Ahmad ila muallim afandi uzoq so‘ylashub o‘turdilar. So‘z orasida muallim afandiga Hoji Ahmad:
— Menim bisotimda shul birgina o‘g‘lim bor. Buni zamona iqtizosincha* o‘qutmoqni xohlayman. Agar qabul qilsangiz shunda, bizim havlimizda turub shunga yaxshigina milliy tarbiya bersangiz, so‘ngra hukumat maktablarida o‘qutsam, — deydi.
Muallim biroz fikr qilub turgach, o‘qutmakni qabul qildi. Hoji Ahmad do‘konini yopub, muallimni havlisiga olub keldi. Muallimda yosh Muhammadiyor kamoli shavq-zavq ila o‘qumakda edi va bo‘sh vaqtlarini ham — o‘qumagan bolalar kabi choyxona, bazm va fahshxonalarda yurmay — bir rus ofitserining taxti «rayosati»da tarbiyai badani o‘yinlari ijro qilmakda va foydali kitoblar mutolaasi ila o‘tkarmakda edi. Bu tariqada bir yil g‘ayrat ila o‘qudi. Bu muddatda butun ahkomi islom, tarix va jug‘rofiyolarni mukammal bildi. Bir yildan so‘ng Hoji Ahmad sevikli o‘g‘lini hukumat maktablariga bermakchi bo‘ldi. Oh... faqat pul yo‘q edi! Shu pulsizliki juda ezmakda va bechora bolani allaqancha fazl va kamolot, ilm va urfondan quruq va mahrum qo‘ymoqda edi!
Nochor muallim afandisi ila barobar yordam qilmaklarini o‘tunmak uchun shahar mo‘’tabaroni huzurlariga bordilar. Ba’zi boylar muallimning qiyofasini ko‘rgan hamon eshigidan kirg‘uzmasdan haydamakda va ba’zilari qabul qilmakda edi, ba’zi birlari esa, Muhammadiyorning chiroylikligiga qiziqub birmuncha oylik ila o‘ziga mirzalik va mahram¬likg‘a so‘ramakda edi. Faqat bizim Hoji Ahmad bularning qiladirgan kirdikorlaridan xabardor bo‘lgani uchun sevikli o‘g‘lini bermas edi. Bechora Hoji Ahmad boylardan yordam umid qilmakni tashlab, boshqa yo‘llar izlamakda edi. Bu vaqtda shaharda katta to‘ylar bo‘lmakda, qimorbozlar, mastlar bir-birlarin pichoqlashub, inson qonlari «jaholat!! jaholat!!!» deb oqmakda edi!.. Birdan-bir bo‘lgan shogirdlarga yordam jamiyati aqchasizlikdan to‘qtagan edi!
Bu orada muallim afandi ketmoqchi bo‘lub hozirlandi. Kech soat 9 larda Hoji Ahmad o‘g‘li ila birgalashub muallim afandini kuzatmak uchun  vagzalga chiqdilar. Kuzatub qaytub yotkanda bir joyda qimorbozlar pul  talashub mushlashmakda ekan. Hoji Ahmad kelub nasihat qilub ayira boshlagandan so‘ng, birisi kelub Hoji Ahmadni bo‘g‘ub o‘ldurdi va Muhammadiyorni yarador qildi. Hoji Ahmad o‘lur vaqtida Muhammadiyorga qarab:
— O‘g‘lim!.. Meros sen... ga... o‘lturgan... joy... Vasiyatim... o‘qu... o‘... qu... o‘qu... o‘qu... Men... r-r-r... zomen, — deb jon taslim qildi.
Muhammadiyor o‘lduruvchilarning bir-ikkisin tanub, har nima qilub bo‘lsa ham o‘ch olmoqni qasd qilub ko‘rdi. Lekin otasini o‘lduruvchilar bular bo‘lmay, balki jaholat ekanligini o‘ylab tinchgina otasini ko‘mdi. Va o‘zi jaholat ila chindan olishmoqga qaror qildi. Jaholat ila olishmoqning quroli, asbobini esa otasi aytub ketkan edi. Ya’ni, jaholatga qarshu to‘p, miltiq, toponcha, xanjar, o‘q-doru yolg‘uz — o‘quv, o‘quv, o‘quv edi!!!
Bir tarafdan otasining vahshiyona bir suratda o‘ldirilg‘onligini va bir tarafdan ilm va ma’rifat ila dunyoga nom chiqarg‘on vatani Turkistonning jaholat daryosida sevina-sevina suzganini ko‘rgan Muhammadiyor xafachilikdan sil(chaxo‘tka) kasaliga yo‘luqdi. Tamom sil bo‘lub yetmasa ham, sillik asari yuzinda zohir bo‘la boshladi. Bu orada shaharda bir katta o‘t chiqub, musulmon mahallalarindan 6-7 mahalla kuyub, musulmonlar sohiblari ko‘chalarda och-yalang‘och qoldilar. O‘rtada bir armani mag‘azini kuygan bo‘lsa ham, armani mag‘azinini istraxavayt* etdirilganlikdan zarar oz edi. Oh... bizning musulmonlar-chi? Bizning musulmonlar istraxavaytning nimaligin bilmaydurlar edi. Bilganlari harom, deb qildirmagan edilar... Bu hollarni ko‘rganda odam qandog‘ chidab turolsun? Qaysi vijdon bunga tahmil* qilsun? Bechora Muhammadiyor bu hollarni ko‘rub kasali yana ziyodalanmakka boshladi. Shaharning  yangi shahar qismida «Ibrat» nomli teatruda «Ichkulik va aning vahim natijalari» nom ibratli bir kartina* ko‘rsatilur edi. Har qancha holini bilsa ham chiday olmadi. Bu badbaxt ichkulik natijasini ko‘rmak uchun oshiqub kechni kutdi...
Nihoyat, oqshom namozidan so‘ngra piyoda «Ibrat» teatriga qarab yurdi. Teatr ichkarisinda «Ichkilik va aning vahim natijalari»ni ko‘rsatub yarmiga yetkanda, teatru bog‘ida bir toponcha ovozi chiqdi... Kartina to‘qtalib, hamma xalq tashqariga yugurdi. Bechora  holsiz Muhammadiyor ham xalq orasida tashqariga chiqmoqda edi. Chiqdi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsun!.. Shaharning musulmon boylarindan ikkisining o‘g‘li teatru bog‘chasida mast holda qarta o‘ynab o‘lturub ozgina pulni talashub turub birisi toponchasin chiqarub birisiga otub yuborgan. Otuvchini ushlab, majruhni xastaxonaga yuborsalar ham, majruh yo‘lda jon bergan. Otuvchi ham teatru bog‘chasida bu holga hayron bo‘lub o‘z-o‘zin otgan...
Ikki musulmon jaholat sababli yosh-yosh bu dunyoga vido qildilar.
«Ichkilikning vahim natijalari» haqiqat bo‘lub ko‘rildi...
Bu hollarni ko‘rgan Muhammadiyor ham hushsizlikdan yiqildi. Muhammadiyorni politsa shahar xastaxonasiga olub bordi... Muhammadiyorning otasi yo‘q, onasi yo‘q, qavm-qarindoshi yo‘q... kim kelub holidan xabar olar?! Oh, yolg‘uzlik... oh, yetimlik...
Oh, bunlarga sabab bo‘lg‘on jaholat... Ket! Yo‘qol!.. O‘l!..
Bir oy qadar shahar xastaxonasida davolangandan so‘ngra Muhammadiyor yaxshi bo‘lgan erdi. Xastaxonadan chiqqan vaqtda do‘xturlar davolanmoq uchun Qofqoziyag‘acha borarg‘a ham shul taraflarda turub o‘qurg‘a tavsiya qildilar.
Muhammadiyor puli yo‘qligini kuch hol bilan do‘xturlarg‘a bayon qildi... Do‘xturlar biroz mushovaradan* so‘ng Muhammadiyorga bir xat berdilarki, bu xat bilan butun Qofqoziya xastaxonalarinda borub davolanub yotsa ham bir tiyin haq olinmas edi... Muhammadiyor xastaxonadan chiqub havlisiga keldi... Havlisida hech kim yo‘q: na ota bor, na ona bor... ne qo‘rqinch manzara!.. Havlini 6 oyga bir rusga 225 so‘mg‘a ijaraga qo‘yub, kech soat 7 da istansag‘a qarab yuruvdi, kelsa, po‘ezd ketgan...
Erta bilan soat 9 dagi po‘ezdga qoldi... Mahzun holda yana uyg‘a qaytub, o‘z xonasidagi rusda bir kechalik mehmon bo‘ldi...
Erta bilan soat 8 da istansag‘a chiqub, po‘ezdni kutub turdi. Nihoyat, XX asr madaniyati keldi ajdar kabi pishillab, har tarafga suv chochub... Muhammadiyorni vatanidan ayirmoqchi edi. Istansada bir g‘arib manzara ediki, Muhammadiyorning ko‘nglini buzmoqqa boshladi: bir musulmon xurjun yo‘qotgan! Biri boraturg‘on istansasin nomini bilmay, boshqa istansag‘a bilet olub qo‘yg‘on... va shunga o‘xshash dahshatli manzaralar oldida Muhammadiyor qotub qoldi. Nihoyat, ikkinchi zuvano‘k urilganda, chiqub uchinchi klasdan* joy topub o‘lturdi. Haligi qo‘rqinch manzaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonag‘on, bir musulmonni po‘ezd ma’murlari tutub olub uradirlar... Muhammadiyor chidayolmadi. Po‘ezdning tashqarisig‘a chiqub tikka turub istansani tomosha qila boshladi. Bir armani Qofqozning qorong‘u go‘shalarindan kelub, istansada do‘kon ochub, boy bo‘lub ikki o‘g‘lini hukumat maktablarida tarbiya qilmakda... Va yerli musulmonlar esa topkan pullarin to‘yg‘a, janozag‘a sarf qilub faqirlikda, xorlikda qolmoqda edilar. Yana ko‘ngli buzuldi, yana diqqatlik, oh... O‘yg‘a botdi. Bir vaqt uchunchi zuvano‘k ham uruldi. XX asrning otsiz arobasi yuraman deb bir qichqirub, ilgariga qarab harakat qila boshladi... Ya’ni Muhammadiyor muqaddas vatanidan ajrab yot ellarg‘a borub, yot bir maishatg‘a* qarab yurar edi. Uchinchi (klas — red.) po‘ezdning ichiga kirub biroz ul taraf-bul tarafg‘a aylanub yurdi. Boshi tamom Turkiston haqinda fikrlar, o‘ylar ila to‘lgan edi... Birozdan bir ovoz keldi:
— Muxamed’-yar’!
Qaradi. O‘ziga tarbiyai badaniya ta’lim bergan rus ofitseri Pyotr edi. Muhammadiyor borub ko‘rushdi va ofitserga:
— Qayg‘a borasiz? — dedi.
Ofitser:
— Men bir askariy ish bilan ikkinchi istansag‘a tushaman. Siz qayda borasiz? — deb savol qildi. Muhammadiyor biroz o‘ylab turgandan so‘ng:
— G‘urbatga!
— Nima uchun?
— O‘qumak... o‘qumak... o‘qumak uchun, — dedi.
Muhammadiyorga «Otangiz salomatmi?» deb ofitser bir savol berishig‘a qarshu, u ko‘zlaridan yosh oqizub:
— O‘ldi... — deb javob berdi.
Bu so‘zni eshitgach ofitser ham ko‘zlaridan marhamatli yoshlarini oquzdi. Muhammadiyor ofitserdan bir durbin so‘rab olub balqo‘ng‘a* chiqdi. Vatanning tuprog‘i ustina suvlarin chochub, atroflarda o‘turgan yerli musulmonlarning diqqatin jalb qilub yurmakda edi. Muhammadiyor durbin ila uzoqdagi tog‘larga qarab turub, ko‘z  yoshlarini oquzub tog‘larga va o‘zining orqasida qolg‘on vataniga xitob qilub:
— Ey, Chingiz va Temur askarlarini ko‘rgan qop-qora tog‘lar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini ko‘rgan tog‘ bobolar!
Chin ayting!  Bu yigirmanchi asr madaniyatini ham ko‘rub turubsiz! O‘n kunlik yo‘lni o‘n soat qilg‘on bu yigirmanchi asr madaniyatining ayg‘irini ko‘rub vatandoshlarim nimaga og‘izlarin ochub qoladilar? Nimaga bu madaniyatga kirmakka o‘zlari harakat qilmaydilar? Qachongacha ikki g‘ildirakli, ko‘chalarda sig‘maydirgan arobalar?
Ey, vatandoshlarim! Qachong‘acha bu g‘aflat? Nimaga buncha xushyoqmassizlar? Axir sizlar ham odam-ku! Odamlardek harakat qilingizlar! Ko‘z oldingizga kelub turg‘on ilm va ma’rifat  mevasidan foydalanmasdan nimaga og‘izlaringizni ochub qarab turasizlar? Nimaga bu ishlarga kirishmaysizlar? Uyqudan ko‘z ochinglar! Uyqudan ko‘z ochinglar! Urinunglar! Ilm, ma’rifat va hunar izlanglar! Vaqt yetdi, balki o‘tdi! — der edi.
Kech soat 7 da ofitser ila Muhammadiyor vidolashdi va o‘zining joyiga kirub uyquga ketdi.
Bir necha kundan so‘ngra Muhammadiyor o‘zini Bokuning katta istansasida ko‘rdi. Qo‘lida tugun va boshqa narsalari bo‘lmaganligidan tezlik ila po‘ezddan tushub, bir arobag‘a o‘lturub shahar ichiga qarab yurdi. Musulmon milio‘nerlari, musulmon boylari, necha turli jamiyatlari, boylarning xayriyat yo‘liga milio‘nlab ionalari ila mashhur Boku shahri Muhammadiyorg‘a ajib tuyulur edi. Bokuning birinchi gazitalaridan bo‘lg‘on va butun islom shaharlariga ketadirgan kundalik (o‘n sahifa) «Qofqoz» nomli gazita idorasiga kirdi. Mudiri ila ko‘rishdi. Mudirga hamma ahvolni ochiq tushundirdi, u chorasiga kirishurman, deb javob berdi. Muhammadiyor shaharni kezmak uchun idoradan chiqdi. Kech bir milio‘ner tarafidan sharq usuli me’moriysida bino qiling‘on «Bahri Hazar» nomli no‘mirda qo‘ndi. Erta birlan mashhur bir kitobxonadan bir no‘mir «Qofqoz» gazitasin oldi. Bosh tarafida shul e’lonni ko‘rdi:

E’LON

Jamiyati xayriya islomiya tarafidan qo‘shnimiz bo‘lg‘on Turkistondan ilm izlab kelguchi 14 yoshlik Muhammadiyor ismli bir dindoshimizni hukumat maktablariga berib, jamiyati xayriya hisobiga o‘qutmoqchimiz. Shul to‘g‘rida bu kun kech soat yetti yarimda «Jamiyati xayriya»da majlis bo‘ladur. Muhtaram a’zolarning mazkur vaqtda kech qolmasdan hozir bo‘lmaklari kerakdir. Muhammadiyor afandi ham hozir bo‘lsunlar!

Ehtirom ila jamiyat mudiri...
Kech soat yetti yarimda biroz a’zolar maslahat qilg‘onlaridan keyin Muhammadiyorni oliy tahsiligacha jamiyat o‘z hisobiga o‘qutmoqg‘a qaror berdi. O‘qushni tamom qilg‘ondan ke¬yin ikki yilg‘acha Boku va atrof qishloqlarda leksiya o‘qumak shart qilindi. Emdi Muhammadiyor baxtiyor o‘lmish va baxt qushini qo‘liga qo‘ndirmish edi.
Buncha tortkan mashaqqatlarining mevasin bundan keyin yeyajak edi.
Vatan va millatina moli va joni ila xizmat qilajak edi...
O‘z vatanidan va o‘z vatandoshlaridan yordam ko‘rmagan Muhammadiyor Boku yoshlarining himmatlari ila umidiga yetushdi. Ya’ni, shahar maktabiga doxil o‘ldi. Demak, eng muqaddas amaliga yetdi. Endi oz bo‘lsa ham o‘zini xor qilg‘on vatan va vatandoshlarig‘a xizmat qilajak edi. Muhammadiyor qayda bo‘lsa ham o‘z vatanini, o‘z yurtini va o‘z joyini tushunar va yig‘lar edi. Bir kun kech, asr vaqtida shahar bog‘chasiga kirub, iskamiyada o‘lturub gazita ko‘rar edi... bir yeriga ko‘zi tushdi. Ko‘rdiki:

«TURKISTONDA BIRINCHI MARTABA TEATR»

O‘qub bitirdi-da, shodlig‘idan qayda o‘turganini unutub sakrarga boshladi... Shul vaqtda yoniga Boku yosh muharrirlarindan* bir do‘sti kelub o‘ltirdi. Muhammadiyorning sakraganini ko‘rub hayron bo‘ldi, etagindan tortub iskamiyaga o‘lturg‘uzub:
— Muhammadiyor afandi! Nima bor bu qadar sevinch? — dedi.
Muhammadiyor yolg‘uz:
— Turkistonda birinchi m...m...m...m...artaba tia...t...t...t...tr, — dedi-da, fikrg‘a toldi. Bokuli muharrir biroz o‘turub, turub ketdi. Muhammadiyor bir vaqtda turub qarasa, kech soat 12 bo‘lubdur. Bog‘chada hech kim qolmog‘on. Muhammadiyor turub bog‘chadan chiqdi. Imtihon vaqti yaqin bo‘ldig‘idan Muhammadiyor kecha va kunduz harakat bilan chalishmakda edi. Nihoyat, imtihon bo‘lub o‘tdi. Muhammadiyor birinchi bo‘lub o‘tdi. Muhammadiyor birinchi bo‘lub imtihon berub chiqdi. Muhammadiyor kecha-kunduz tinmay harakat qilg‘onlikdan yengil bir xastalik arz bo‘la boshladi. Tabiblar tavsiyasi ila Borjo‘m suvlariga borub bir oy qadar davolanub, tuzalub qaytdi. Yana shul Boku jamiyati xayriyasining yordami ila Muhammadiyor Boku gimnaziyasiga kirdi. Muhammadiyor gimnaziyag‘a kirgandan keyin gimnaziya darslarig‘a shul qadar muhabbat qo‘ydiki, bayram kunlarida ham chiqmas edi. Soat o‘tdi, kun o‘tdi, yil o‘tdi... Muhammadiyorning gimnaziyadan ham chiqar vaqti yetdi. Nihoyat, imtihon ham bo‘lub o‘tdi. Gimnaziya imtihonida ham Muhammadiyor birinchi chiqub oltun medal oldi. Yana  Jamiyati xayriya yordami va Boku boylarining himmatlari ila Petro‘g‘rad dorilfununining tib sho‘’basiga kirdi. Muhammadiyor dorilfunung‘a kirgandan so‘ng ikkinchi yili vatani Turkistonning madrasa shogirdlari hayotindan olub «Umrlik shogirdlar»1  nomli bir ro‘mon yozdi. Ro‘moni 12 juz’* bo‘lub, Turkistonda hanuz mundog‘ milliy maishatdan olingan katta ro‘mon chiqmag‘on edi. Hattoki bu ro‘mon Petro‘g‘radda muntashir* rus jurnallaridan birisida ruscha tarjima etulub bosildi. Bu ro‘mon shunday mohirona yozilg‘on ediki, madrasada qirq-ellik yil turganda ham mundog‘ yaxshi va shogirdlarning madrasada o‘qumay samovarlarda davr surg‘onliklarini yozmoq mumkin emas edi. Dorilfununni tamom qilub chiqishig‘a bir yil qolg‘onda poytaxt, chunonchi, Maskav va Petro‘g‘raddag‘i turkistonli maskavchi boylar hayotidan olub «Poytaxt mehmonlari» nomli bir teatru kitobi yozdi. Bu kitobda ilmsiz boylarning poytaxt no‘mirlarinda til bilmay, ilm bilmay va ajnabiylar tarafindan o‘zlarig‘a qiling‘on haqoratlar g‘oyat mohirona suratda ko‘rsatilmish edi. Bu kitobni ham Muhammadiyor o‘zi ruscha tarjima qilub nashr qildi. Petro‘g‘rad teatrularindan birisida ba’zi bir istudent rafiqlari ila o‘zining maishatini ta’min qilmoq uchun sahnaga qo‘yub, kitobda eng birinchi bo‘lg‘on xo‘jayin ro‘lini Muhammadiyor o‘zi olub, ko‘b olqishlarg‘a muzohir bo‘ldi. Bir teatrdan rasxo‘ddan tashqari o‘z maishatig‘a sof foyda bo‘lub 3000 so‘m qadar qoldi... Nihoyat, imtihon vaqti yetub, Petro‘g‘rad dorilfununining tib shu’basidan birinchi bo‘lub imtihon berub, do‘qturlikka shahodatnoma oldi... Yana vatanig‘a qaytmadi. Bokudagi himmatli boy va o‘zining teatrdan oldig‘i pullari ila bu turkistonli shogird Shveytsariya (Isveychara) dorilfununlarig‘a tajriba uchun yugurdi. Petro‘g‘rad vag‘zalinda kechki po‘ezddan butun maktab orqadoshlari Muhammadiyorni uzatmaqdalar edi. Bir tur¬kistonli kambag‘al bola harakat va g‘ayrat orqasinda Rusiya ulug‘ maktablarin bitirub Ovruponing eng olg‘a ketgan mamlakatlaridan Isveycharag‘a o‘qumoqqa ketadur...
Mana g‘ayrat samarasi, mana g‘ayrat mevasi, mana harakat gullari... ibrat... ibrat... ibrat... Mana «Jamiyati xayriya» foydasi, mana ittifoqlik samarasi, mana birlik mevasi...
Bizning Turkiston bolasi nihoyat «madaniyat yo‘rg‘asi» ila Isveycharaning poytaxtig‘a borub dorilfununning tib sho‘’basina some’ yozildi. Bechora shogird 7 sana Isveycharada ochlik va to‘qlik bilan sabr va sabot ila turdi. Nihoyat, Isveycharadan ham qaytarg‘a yo‘lg‘a chiqub Italiyo — Turkiya — Rumoniyo— Bulg‘oriyo tuproqlari ila aylanub Odesga, Odesdan to‘g‘ri Toshkand va Toshkanddan Bokug‘a keldi. Boku vag‘zalinda butun Boku yosh ziyolilari Muhammadiyorni qarshi olub o‘zining ma’naviy otasinikig‘a olub tushushub, Muhammadiyorning sharafina 50-60 kishilik bir ziyofat berishdilar. Muhammadiyor Bokuda ochilg‘on Islom tib qursinda 3 yil muallimlik qilub, o‘z vatani Turkistonga qaytmoqchi bo‘ldi. U andagi ma’naviy otasindan ruxsat olub, jaholat daryosinda sevina-sevina suzmakda bo‘lgan vatani Turkistonga qaytub, qo‘ldan kelgan qadar xizmat qilmoqqa maslahat so‘radi. Ma’naviy ota ruxsat berub, kechki paraxo‘d iskalasida* Boku yosh ziyolilari uzatmoqdalar edi. Ma’naviy ota ustig‘a «Boku yodgori» yozilg‘on bir oltun soatni Muhammadiyorga berub, andag‘i ziyolilarg‘a qarab bir qisqa nutq o‘qushini Muhammadiyordan tiladi. Muhammadiyor paraxo‘d ustidan turub ziyoli yoshlarg‘a xitob qilub, qisqacha bir nutq o‘qudi. Hozirdan Muhammadiyorni chuchuk ovozlari ila olqishlab, chechaklar irg‘itmoqqa boshladilar. Nihoyat, paraxo‘d hushtak berub, dengiz suvlarini to‘lg‘alandirub Turkistong‘a qarab yurdi...
Muhammadiyorning paraxo‘d ustida ziyolilarg‘a xitoban o‘qugan nutqi:
— Ey, ma’naviy akalarim! Ey, ma’naviy otalarim!..
Men bir faqir shogird edim, keng Turkistonning eng qorong‘u go‘shasindan ilm va ma’rifat istab shahringizg‘a keldim. Siz himmatlularning himmati millatparvaronalaringiz ila tahsilimni Rusiya dorilfununlaridan o‘tub,  Ovrupo dorilfununlarig‘a qadar yetkuzdim. Ishta bu hammasi «Jamiyati xayriya» va «Nashri maorif» jamiyatlarining samarasidur. Men ham vatanimga bordigim ila qo‘llarimni shumorub jaholatda qolgan qardoshlaringizni uyg‘otmoq va turg‘uzmoqqa g‘ayrat qilamen. Ma’naviy shahrim bo‘lgan Boku va ma’naviy aka va otalarim bo‘lgan sizlarg‘a samimiy tashakkurlarimni arz edub, u jaholat daryosining ajdar va baliqlari bo‘lgan biz turkistonlilarning uyg‘onmoqimiz va yo‘l topmoqimizg‘a yordamlashmagingizni hammalaringizdan rijo etaman. — So‘zi shul yerga kelganda, paraxo‘d sekin-sekin qo‘zg‘almoqda edi. — Xayr yashangiz, sog‘ o‘lungiz otalarim, akalarim va suyuklu og‘alarim! — deb nutqini bitirdi.
«Madaniyat balig‘i» suvni o‘rtasindan yorub bir dohiyni va bir xodimni vatanig‘a sudrab olub ketar edi. Nihoyat, latif havoli bahor faslida daraxtlar chiqarg‘on barglar kabi ko‘m-ko‘k, millat dardida yo birorta nozanining ishqida va yo birorta xonimning changalida ezilub yuraklari qizil gul kabi to‘lganlarga eng birinchi tasalli beradirgan va onlarg‘a buyuk ruh va umid beradirgan to‘lqunli dengizdan vahshiy (yovvoyi) odam degan bir narsa yashagan yer yuzig‘a chiqdi. «Madaniyat yo‘rg‘asi»g‘a mindi. Qani haligi yumshoq latif havoli  dengizlar va suvlar? Qani haligi dengiz suvlarin to‘lqunlatub yuradurg‘on shamollar? Qani 3 — 4 yil avval Isveycharada, Fransiyada, Italiyoda, xususan, Alp tog‘larida ko‘rilgan latifliklar? Qani Alp tog‘lari ustida ishlab topgan pulig‘a va dunyosiga to‘y qilmay, uloq chopdirmay, bachcha o‘ynatmay, eshon-mullalarg‘a va qorni yo‘g‘onlarg‘a yaltiragan to‘nlar kiyguzmay suyuklu o‘g‘lini o‘qutgan va tarbiya qilgan Isveychara qishloqilari? Qani 7-8 qabatlik ziynatlik tog‘lar qadar xonalar? Hozir onlar yo‘q! Oni o‘rnig‘a pastgina xashak va loydan yasalgan binolar va onlarda safil bir holda  yashagan musulmonlar! Topganin bachcha, uloq va ichkulukka ham domla-eshon va boylarga shaldiratub to‘n va zarboblar bergan, boylar qo‘linda qul hukmida bo‘lub yurgan o‘zbeklar, qozoqlar, turkmanlar va hammasi musulmonlar...
Oh... Oh!.. Bu razolat va bu safolatni o‘z millatida, o‘z xalqida ko‘rub, taraqqiy va tamaddunlarni ko‘rmak, ko‘bni bilgan, ko‘bni ko‘rgan va hamma narsadan xabardor Muhammadiyorg‘a g‘oyat og‘ir tuyulur edi... Ba’zi vaqtlarda ko‘zindan yoshlar oqar edi. Oning ustiga vag‘o‘n ichinda pish-pish uxlagan va bilet yo‘qotub  kando‘kturlardan tayoq yegan betartib yana musulmonlar edi. Ortuq Muhammadiyor sabr qilub tura olmadi. Po‘ezdning balqo‘nig‘a chiqub uzoqlarda ko‘rungan haybatlik qop-qora va ustlariga ko‘m-ko‘k maysalar o‘sub chiqqon tarixiy tog‘lar, ota-bobolarining davrlarinda onlarga buyuk-buyuk qal’alik hukmini olgan tog‘lar, tepaliklar, balandliklar, suvlar, o‘rmonlar, daraxtzorlar va qumzorlarni yaltiragan ko‘zlari ila tomosha qila boshladi. Chiroylik manzaralari — uzoq-uzoq, buyuk-buyuk, yashil-yashil va baland-baland tog‘lari Isveycharadan kam emas edi. Nahr-nahr oqub turg‘on suvlari va nima eksa shuni olsa bo‘ladurg‘on mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yo‘q edi. Ilmsiz boylari, johil olimlari, yolg‘on eshonlari va isrofning koni bo‘luvi ila hech bir narsag‘a o‘xshamas edi... Xitoylar ham bu daraja yalqov(xushyoqmas) emas edilar!..
«Xalq o‘z foydasin anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovrupo dorilfununlarig‘a bolalarin yuborsa, do‘qtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis (injener)lar chiqsa, bunlarning har biri o‘z vazifalarinda turub ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xal¬qimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar go‘zal bo‘lur edi!» degan xayollar ko‘ngliga kelur edi. Faqat bunlarni bo‘lishig‘a ko‘zi yetmas edi. Chunki borgan sari orqaga qarab ketmakdamiz... taraqqiy asari hech ko‘rulmasdan bir taraqqiyg‘a ming tadanniy* tayyor turadir.
Yo‘q, yo‘q! Faqat Muhammadiyorga o‘xshagan ziyolilardan har shaharda bir-ikki chiqa boshlasa, vujudga chiqar edi, deyarga ham bo‘lur edi... Muhammadiyorning o‘z shahrig‘a kelguncha xo‘b shu fikrlar ila boshi aylandi...
O‘z shahrining istansasi ko‘runa boshladi. Nihoyat, istansag‘a ham kelub tushdi. Yurub-yurub yana o‘z vatani va o‘z joyiga keldi. Muhammadiyor ketgandan beri o‘z shahridan ham 5-10 ziyoli yoshlar yetushgan edilar. Muhammadiyorni onlar kutub oldilar. Arobag‘a o‘lturg‘uzub eski shaharga to‘g‘ri yura boshladilar. Shaharning ruslar turadirgan qisminda ajib darajada o‘zgarishlar: yangi-yangi no‘mirlar, bog‘lar, bog‘chalar, magazinlar, tiatrular, maktablar, «Metro‘po‘l», «Rosi», «Rusiya», «Maskva» no‘mirlari, yo‘llar tosh, ko‘chalar keng, elektrik fonarlar Isveycharaga o‘xshar edi!.. Faqat shaharning musulmonlar turadurgan qismi avval qanday bo‘lsa, yana shunday erdi! Yana xafalik. Muhammadiyor o‘z havlisining oldiga kelub tushdi. Hovlisining imoratlarini Ovrupo usulida solingan ko‘rdi. Ul imoratlarni soluvchi u* 125 so‘mg‘a 4 oyg‘a Muhammadiyordan ijaraga oluvchi rus ekan. Kirub Muhammadiyor rusga o‘zin tanitdi. Rus Muhammadiyorg‘a qarab:
— Sizdan men muni ijaraga 4 oyg‘a oldim. Olti oy o‘tdi — hech kim chiqmadi, bir yil o‘tdi — hech kim chiqmadi. Uchinchi yilda men ushbu imoratni soldim. 5-10 ming so‘m ketdi. Faqat bundan uch yil avval sarf qilgan pulimni imoratingizdan chiqarub oldim. Uch yildan berli uch ming so‘mdan 9 ming so‘m foyda qildum. Joyingizni tezlik ila bo‘shatub beraman, ham qo‘lingizg‘a 5 ming so‘m pul beraman, qolganini afu etasiz, — dedi.
Muhammadiyor:
— Agarda joyingiz bo‘lmasa o‘turub turung. Menga yolg‘uz shul joydan ikki adad xona bersangiz bo‘lur, — desa ham, rus:
— Menim boshqa yaxshi katta joyim bor, shunga ko‘chaman. Men sizga 9 ming so‘m qilgan foydamni bersam ham bo‘lur edi, ammo 4 ming so‘m orada ba’zi islohlariga ketdi, — dedi.
Muhammadiyor suyuna-suyuna rizo bo‘ldi. Ertasi kuni rus hovlisini bo‘shatub, 5 ming so‘m berub ketdi. Muhammadiyor keng joyda rohat-rohat tura boshladi. Ostidagi magazinlarni yana ijaraga qo‘yub, hukumatning ruxsati ila yuqori xonada bir xususiy shifoxona ochdi. Boylardan olub, hech narsasi yo‘q faqirlarni pulsiz davolay boshladi. Har kuni 40-50 so‘m do‘qturlikdan husuli* bor edi.
Qishloqning bir yeridan ikki tanob keladirgan bir bog‘cha olgan edi. Muhammadiyorning g‘ayrati ham xudo bergan baxti ila neft (yoqiladirgan yog‘) koni chiqdi. Hozir Muhammadiyorg‘a milio‘nlar ila ish ko‘rurga to‘g‘ri kelur edi. Bir tarafdan o‘z ishlarini yo‘lg‘a qo‘yub, ikkinchi tarafdan yonig‘a 5 — 10 miqdori ziyolilardan olub ruxsatli «Jamiyati xayriya» ochdi. «Jamiyati xayriya»ga o‘zi ko‘b oqcha berdi. Shaharda bir musulmon qirotxonasi ochildi. Uchinchi yili Muhammadiyor haftalik «Vatan» ismli bir rasmli jurnal ila «Xabar» ism¬li kundalik bir gazita nashr etarga boshladi. Muhammadiyor bir hunar maktabi ocharg‘a tashabbuslar qilsa ham, ko‘b monelar chiqub oni o‘rnig‘a yozlik muallimlar qursi ochilub, yoz vaqtida muallimlarga har xil ta’lim yo‘llari, tarbiya usullari haqinda o‘qutmoqlar va leksiyalar boshlandi. Shundog‘ qilub kichkina bir shaharda maorifxonalari ko‘paymoqda va bosh¬qa shaharlarga o‘rnak bo‘lmakda edi. Butun turk-totor jaridalarinda Muhammadiyorni ismi «do‘qtur xodimi millat Muhammadiyor» atalmakda edi...

1914


Izohlar:
Zamona iqtizosincha — zamona talabicha; istraxavayt(straxovanie) — sug‘urta; tahmil qilmoq — chidamoq ma’nosida; kartina-kinofilm; mushovara — maslahat; maishat — bu yerda hayot, turmush ma’noda; muntashir — nashr qilinayotgan; paraxo‘d iskalasida — bu yerda bandargoh nazarda tutilmoqda. Tadanniy — inqiroz (regress); u — o‘sha; husul — bu yerda tushum, foyda ma’nosida. 

* Ushbu ro‘mon xayoliy va yo‘qdir. Faqat, 12 juz’ bo‘lmasun va olti juz’ bo‘lmasun 3 juz’ qilub bo‘lsa ham shul ismda yuqorida ta’rif qiling‘on ruhda bir ro‘mon yozmaklarini muharrirlardan o‘tinaman. Xudo muharrirlarimizga g‘ayrat bersun!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.